“Kelajak soati” 10-mavzu
MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR
UCHUN DAVRA SUHBATI:
“YO‘L HARAKATI QOIDALARI”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarda yo‘l harakati qoidalari haqida boshlang‘ich tushunchalar hosil qilish;
– Yo‘lda o‘zini to‘g‘ri tutish, xavfsizlikni saqlash ko‘nikmalarini shakllantirish;
– Belgilar, svetofor va piyodalar yo‘lakchasining ahamiyatini tushuntirish.
Kutilayotgan natija:
– Bolalar asosiy yo‘l harakati belgilari va svetofor ranglarini tanib oladi;
– Yo‘ldan o‘tish qoidalarini eslab qoladi va hayotda qo‘llay oladi;
– Piyoda yo‘lakchasida yurish, svetoforga qarab harakatlanish odatini shakllantiradi.
Kerakli jihozlar:
– Svetofor rasmi yoki modeli;
– Zebra rasmi;
– Musiqa eshittirish moslamasi (kolonka)
– Oq va qora kartonlardan tayyorlangan “zebra” yo‘lakcha
Bolalar svetoforning uch xil rangi (qizil, sariq, yashil) rangli kiyimlarda bo‘lishi (yoki rangli qog‘ozlardan uch xil rangli shapkachalar yasab bolalarga kiydirish)
Davra suhbatining davomiyligi: 15-20 daqiqa
I.KIRISH QISMI: “Sirli mehmonlar” (2 daqiqa)
Tarbiyachi:
– Bolajonlar, bugun mehmonlar kelishdi! Ular kim deb o‘ylaysizlar? (javoblar: komissiya, oyim, buvim, militsiya va hokazo)
– Bugun bog‘chamizga bizning yo‘llarda tartibni saqlaydigan, xavfsizlikni ta’minlaydigan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari kelishgan!
Shundan so‘ng formadagi xodim kirib keladi.
Xodim:
– Assalomu alaykum, bolajonlar! Biz sizlarga bugun katta ko‘chalarda, mashinalar va boshqa transport ko‘p harakatlanadigan joylarda xavfsizlik qoidalarini o‘rgatamiz. Qani, boshladikmi?
(Bolalar: “Haa!” deb javob berishadi.)
Xodim:
Bolalar, ko‘pchiligingiz ko‘rgansizlar: katta yo‘llarda yo‘l chiroqlar bo‘ladi. Biz ularga qarab harakatlanishimiz kerak! Svetofor bizning yo‘ldagi eng birinchi yordamchimiz va xavfsizligimizni ta’minlovchi vosita. Uning tilini tushunib olib, aytganlarini hamma bajarsa, yo‘llarimiz ancha xavfsiz bo‘ladi.
Kelinglar, svetofor tilini o‘rganamiz!
Mini sahna: “Svetofor” bilan tanishuv
Xodim svetofor maketini yoki suratini ko‘rsatib:
– Qaranglar, bu “Svetofor” (yoki “Yo‘lchiroq”)! Unda uchta chiroq bor. Chiroqlar rangi xuddi sizlarning kiyimlaringizga o‘xshab uch xil rangda. Kim aytadi, ular nimani bildiradi?
(Bolalarning javoblari: qizil – to‘xta, sariq – tayyorlan, yashil – yur. Agar bolalar ayta olishmasa, xodimning o‘zi aytadi)
Xodim:
– Juda zo‘r! Kelinglar, endi sizlar bilan bir o‘yin o‘ynaymiz.
2. Interaktiv o‘yin: “Ranglarga qarab yur!”
O‘yin qoidasi:
Bolalar zaldа harakat qilishadi. Xodim svetoforning biror rangini ko‘rsatadi va og‘zaki shu rangni aytadi, bolalar shu rangga mos harakat qiladi:
• Qizil – bolalar qotib turadi;
• Sariq – “tayyor turish” holatida bir oyog‘ini sal tepaga ko‘tarib qadam bosishga tayyor turadi;
• Yashil – bolalar sekin yuguradi yoki yuradi.
(Fon musiqa bilan jonlantiriladi, bolalarning diqqatini tekshirish uchun svetofor ranglari tez-tez almashtiriladi.)
3. “Zebra yo‘lagida kim birinchi?”
Xodim:
– Bolajonlar, sizlar multfilmlarda zebrani ko‘rgansizlar-a? Uning rangi qanday bo‘ladi?
Zebra rasmi ko‘rsatiladi.

Bolalar javob beradi: Oq, qora!
Albatta, oq va qoradan iborat, a? Yo‘llarimizda ham shunday “zebra”lar bor, ya’ni oq va qora chiziqlardan iborat o‘tish yo‘laklarini biz “zebra” deymiz. Mabodo ko‘chada ketayotganingizda yo‘lning narigi betiga o‘tishingiz kerak bo‘lsa, albatta shu yo‘l-yo‘l chiziqli yo‘lakdan o‘ting, duch kelgan joydan yo‘lni kesib o‘tish mumkin emas, bu juda-juda xavfli.
Demak, yo‘lni kesib o‘tish uchun qayerdan o‘tish kerak?
(Bolalar: “Zebradan!”)
Xodim:
– Ajoyib! Endi, bolalar, chap qo‘limizni ko‘taramiz.
Bolalar chap qo‘llarini ko‘tarishadi.
– Endi tushiramiz va o‘ng qo‘limizni ko‘taramiz.
Bolalar o‘ng qo‘llarini ko‘tarishadi.
– Juda soz! Bolalar, bilasizlarmi, nimaga men birinchi bo‘lib chap qo‘lni so‘radim? Chunki, yo‘ldan kesib o‘tayotganda avval chap tomonga qaraymiz. Sababi, chap tomonimizdan kelayotgan mashina bizga eng yaqin bo‘ladi. Mashina yo‘q bo‘lsa, darrov chopib o‘tmaymiz. Keyin o‘ng tomonimizga qaraymiz. U tomonda ham mashina bo‘lmasa, chopmasdan, yugurmasdan, oddiy yurib yo‘lni kesib o‘tamiz. Tushunarlimi?
Bolalar: Haaa!
Xodim:
Endi kelinglar, haqiqiy zebra chizig‘idan o‘tamiz. Kim chapga, kim o‘ngga qaraydi?
Bolalar yasama “zebra” yo‘lagidan ketma-ket o‘tishadi, har biri o‘tish jarayonida baland ovozda aytadi:
“Avval chapga, so‘ng o‘ngga qarayman. Mashina yo‘q – endi o‘taman!”
Xodimlar to‘g‘ri va noto‘g‘ri harakatni ko‘rsatib, to‘g‘risini olqishlashadi.
XULOSA:
Tarbiyachi: Yo‘l harakati qoidalari bizning hayotimizni saqlashini, Svetofor ranglarini bilish va ularga rioya qilish zarurligini bildingiz. Yo‘ldan o‘tayotganda har doim diqqatli bo‘lishga harakat qilishimiz kerak!
Bolajonlar, bilasizlarmi, hayotda turli xavflar bor. Ulardan qo‘rqmaslik kerak. Shunchaki, ularni bilib olsak, hushyor bo‘lamiz va bu xavflar bizga kelmaydi. Kelinglar, bir video ko‘ramiz. Unda hozir siz o‘rgangan svetofor, “zebra” chizig‘i, bekat, yuk va yengil mashinalar sizlarga o‘zi haqida hikoya qiladi. O‘rganganlarimizni yanada mustahkamlaymiz.
Vizual kontent:
 
 
Tarbiyachi: Bolajonlar, kelinglar, bugungi mehmonimizga birgalikda rahmat deymiz.
Bolalar: Rahmaaat!
Tarbiyachi: Yana kelsinlarmi?
Bolalar: Haa!
Xodimga xayrlashuv so‘zi beriladi.
Mashg‘ulot yakunlanadi