“Kelajak soati” 10-mavzu

“Kelajak soati” darsining 1-4 sinflar uchun mashgʻulot ssenariysi: 

Mavzu: “Bizning xavfsizlik qoidalarimiz”

Dars oʻtiladigan sana: 2025-yil 3-noyabr.

 

Annotatsiya:
Ushbu mashgʻulot boshlangʻich sinf oʻquvchilarida koʻcha va avtomobil yoʻllarida harakatlanish qoidalari, yoʻl belgilari va
yoʻlchiroq (svetofor) signallari (ishoralari) haqidagi tasavvurlarini mustahkamlashga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha ongli va masʼuliyatli munosabatni shakllantirishga qaratilgan. Dars davomida oʻquvchilar piyodalar va haydovchilar uchun moʻljallangan asosiy belgilar bilan tanishadilar, yoʻlda oʻzini madaniyatli tutish odatlarini oʻrganadilar hamda amaliy oʻyinlar orqali bilimlarini mustahkamlaydilar. Maqsad – bolalarda “Oʻz xavfsizligim – oʻz qoʻlimda” tushunchasini shakllantirish.

Dars maqsadi: umumiy maqsad: Boshlangʻich sinf oʻquvchilarida koʻcha va avtomobil yoʻllarida harakatlanishda yoʻl harakati xavfsizligi haqidagi tasavvurlarini shakllantirish.
Bolalarda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida koʻcha va avtomobil yoʻllarida oʻzini tutish boʻyicha asosiy qoidalarni bajarish koʻnikmalarini tarbiyalash.

Aniq maqsadlar:

1.               Oʻquvchilarda koʻcha va avtomobil yoʻllarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishning ahamiyatini ongli ravishda tushuntirish.

2.               Yoʻlchiroq (svetofor) signallari va asosiy yoʻl belgilari (piyodalar oʻtish joyi, “Diqqat, bolalar!” belgisi va boshqalar) mazmunini bilishga ragʻbatlantirish.

3.               Piyodalar va haydovchilar uchun moʻljallangan qoidalarni farqlash va toʻgʻri tatbiq etish koʻnikmasini shakllantirish.

4.               Oʻzining va atrofdagilarning xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ijobiy xatti-harakatlarni bajarishga yoʻnaltirish.

5.               Bolalarda “Oʻz xavfsizligim – oʻz qoʻlimda” degan masʼuliyat hissini kuchaytirish.

Asosiy g‘oyalar:

Oʻquvchi oʻzining va boshqalarning xavfsizligini taʼminlash uchun oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya qilishni bilishi va ularga amal qilish odatini hosil qilishi kerak. Yoʻlchiroq signallari, yoʻl belgilarini toʻgʻri tushunish va ularga amal qilish – har bir insonning, ayniqsa, piyodalarning hayotini asrashga xizmat qiladi. “Oʻz xavfsizligim – oʻz qoʻlimda” degan tushuncha oʻquvchilarga kundalik hayotda hushyorlik, ehtiyotkorlik, masʼuliyat va madaniyatli xulq-atvorni tarbiyalaydi.

 

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy darajada:

·                 Oʻquvchi “piyoda”, “yoʻlchiroq (svetofor)”, “yoʻl belgisi” tushunchalarini farqlab ayta oladi.

·                 Asosiy yoʻl belgilari va ularning mazmunini tushuntirib bera oladi.

·                 Yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarining ahamiyati haqida soʻzlay oladi.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

·                 Oʻzining va boshqalarning xavfsizligi uchun masʼuliyat hissi kuchayadi.

·                 Yoʻlda tartib va madaniyatga amal qilishga nisbatan ijobiy munosabat shakllanadi.

·                 Ehtiyotkorlik va hushyorlik fazilatlarini qadrlash boshlanadi.

3. Amaliy koʻnikmalarda:

·                 Yoʻlchiroq (svetofor) ranglari boʻyicha toʻgʻri harakat qilishni amalda qoʻllay oladi.

·                 Piyodalar yoʻlagidan foydalanish va yoʻlni kesib oʻtishda xavfsiz usullarni qoʻllaydi.

·                 Yoʻlda va transportda oʻzini madaniyatli tutish odatlarini namoyon qiladi.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

·                 Sinfda va guruhda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga oid ijobiy muhit shakllanadi.

·                 Oʻquvchilar bir-birini ogohlantirish va yordam berishga oʻrganadi.

·                 Oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasida “xavfsizlik – umumiy masʼuliyat” tamoyiliga asoslangan muloqot yuzaga keladi.

 Metapredmet: Bu taʼlim yondashuvi oʻquvchilarning faqat bir fan doirasida emas, balki turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qoʻllay oladigan umumiy koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

·                 Oʻquvchi yoʻl harakati qoidalariga oid sheʼr yoki qoʻshiq aytadi (adabiyot va musiqa).

·                 Yoʻl belgilari boʻyicha rasmlarni tahlil qiladi, ularning mazmunini izohlaydi va mantiqiy bogʻliqlikni topadi (tasviriy sanʼat, mantiqiy fikrlash).

·                 Yoʻlda xavfsizlik boʻyicha amaliy harakatlar bajaradi (jismoniy tarbiya).

·                 Xavfsizlikka oid voqeani muhokama qiladi, sabab-oqibat aloqalarini tahlil qiladi va xulosalar chiqaradi (nutq oʻstirish, muloqot madaniyati, tanqidiy fikrlash).

Dars hamkori: Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi.

 

 Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Bilim beruvchi suhbat, videoparchalar, oʻyin elementlari, interaktiv topshiriqlar va qoʻshimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

 

Materiallar to‘plami:

·                 Dars ssenariysi.

·                 Yoʻl harakati qoidalariga oid metodik tavsiyalar.

·                 Yoʻl belgilari va yoʻlchiroq (svetofor) boʻyicha videomateriallar.

·                 Taqdimot (yoʻlchiroq (svetofor), yoʻl belgilari, xavfsizlik qoidalari rasmlari bilan).

 

 Dars tuzilishi

1-qism. Motivatsion (10 daqiqa).

Darsning birinchi qismida o‘quvchilarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni suhbatga jalb etish va xavfsizlik mavzusining dolzarbligini tushuntirish ko‘zda tutiladi. Oʻqituvchi hayot va sogʻliqning inson uchun eng katta boylik ekanligini izohlaydi, oddiy qoidalarga amal qilish orqali oʻzimizni himoya qilish mumkinligini hayotiy misollar bilan tushuntiradi. Oʻquvchilarga “Qoidalarga amal qilmasak nima boʻladi?” savoli berilib, turli vaziyatlar misolida muhokama qilinadi.

 

2-qism. Asosiy (25 daqiqa).

Asosiy qismda oʻquvchilarga yoʻlchiroq (svetofor) ranglari va ularning maʼnolari tushuntiriladi. Piyodalar va haydovchilar uchun moʻljallangan asosiy yoʻl belgilari, jumladan, “Piyodalar oʻtish joyi” va “Diqqat, bolalar!” belgilarining mazmuni tahlil qilinadi. Oʻquvchilar bilan “Yoʻlchiroq oʻyini” hamda “Mumkin – mumkin emas” interaktiv mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Shu bilan birga, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha qisqa videorolik namoyish etilib, undagi vaziyatlar tahlil qilinadi.

 

3-qism. Yakuniy (10 daqiqa).

Yakuniy qismda dars davomida o‘rganilgan bilimlar umumlashtiriladi va “O‘z xavfsizligim – o‘z qo‘limda” g‘oyasi mustahkamlanadi. Oʻquvchilar bilan xavfsizlikka oid maqollar oʻqiladi, ularning maʼnosi izohlanadi. Dars “Hafta hikmati” orqali yakunlanadi va oʻquvchilar hayotda har doim ehtiyotkor boʻlishga undaladi.

 

 

 

DARS SSENARIYSI

🟦 1. KIRISH. Xavf nima? (10 daqiqa)

Dars boshlanishidan avval o‘quvchilarga qizil, sariq va yashil kartondan yasalgan doirachalar to‘plamlari tarqatiladi.

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bugun biz juda muhim mavzuda suhbatlashamiz.

(O‘qituvchi biroz tin oladi. Keyin sirli ohangda gap boshlaydi.)

O‘qituvchi: Bolajonlar, tasavvur qiling, kechqurun uyda hammamiz oilaviy suhbatlashib o‘tiribmiz. Shu payt birdan qattiq shamol turdi. Tashqarida nimadir qarsilladi, quladi va… chiroq o‘chdi… Qo‘rqinchlimi biroz?

(Bolalar javob berishadi.)

– Mana shu “qo‘rquv” degan narsa bizni ogohlantiradi:  xavf bor! degan belgi, ishora bu. Ammo bilasizmi, xavf – har doim ham qorong‘ilikda yashiringan yirtqichga o‘xshayvermaydi. U ba’zida kichkina gugurt qutisida, elektr simida yoki telefonda ham yashiringan bo‘lishi mumkin.

(O‘qituvchi stol ustiga kichik quti qo‘yadi. Unda gugurt, telefon, pichoq, o‘yinchoq mashina, elektr simi, kitob, notanish tabletkalar bor.)

– Mana, bu narsalarga qaranglar. Sizningcha, qaysilari xavfli? Qaysilari xavfsiz? (Bolalar fikr bildiradilar, o‘qituvchi ularning javoblarini tinglaydi.)

Interaktiv daqiqa

O‘qituvchi bolalarning xavfli buyumni xavfsizdan farqlay olishini tekshirish uchun kichik o‘yin o‘tkazadi. O‘qituvchi qutichadan predmetlarni birma-bir olib ko‘rsatadi, bolalar xavfli predmetlar ko‘rsatilganida qizil doirachani, xavfsiz predmetlar ko‘rsatilganida yashil doirachani ko‘tarishlari kerak.

O‘qituvchi:

 Demak, xavf – bu bizga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlardir. Ammo eng aqlli odam – xavfni tanib oladigan odam. Chunki xavfni bilgan bola o‘zini va boshqalarni himoya qila oladi.

Bugun biz sizlar bilan xavfsizlik haqida gaplashamiz! Uyda, ko‘chada, internetda va tabiatda qanday xavflar borligini bilamiz. Va, eng muhimi, ulardan qanday himoyalanishni o‘rganamiz.

(O‘qituvchi doskaga “Bizning xavfsizlik qoidalarimiz” deb yozadi.)

O‘qituvchi (quvnoq ohangda):

Demak, bolajonlar, tayyormisiz? Bugun biz “Xavf nuqtalari”ni tanib, ularga qarshi bilimlar bilan qurollanamiz. Qo‘rquvlarni yengamiz va xavflarning oldini olamiz!

(Bolalar birgalikda javob berishadi: “Tayyormiz!”)

O‘qituvchi:

Kelinglar, avvalo mavzuyimizga doir bir video ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

“Xavf nuqtalari” 1-qism

 

Video muhokama qilinadi (2 daqiqa)

 

ASOSIY QISM (25 DAQIQA)

 

1. UYDA XAVFSIZLIK – “Ehtiyot bo‘l, o‘yinchoq emas!” (8 daqiqa)

 

O‘qituvchi: Bolalar, hozir sizlarga tengdoshingiz Azizbek bilan bo‘lgan holatni aytib beraman.

Uyda yolg‘iz qolgan Azizbek onasiga: “Onajon, men bir oz gugurt yoqib ko‘rsam bo‘ladimi?” dedi. Onasi: “Yo‘q, bolam! Gugurt, gaz, elektr – o‘yinchoq emas. Ular bilan o‘ynash xavfli!” – dedi. Ammo birozdan so‘ng onasi singlisini bog‘chadan olgani ketganida, Azizbek gugurtni yoqadi.

O‘qituvchi ovoz bilan “Pishsh!” degan tovush chiqaradi, xonada “o‘t” effekti paydo bo‘ladi.

O‘qituvchi: Bolalar, Azizbek to‘g‘ri ish qildimi?

Bolalar: Yo‘q!

O‘qituvchi: Gugurt o‘ynasa nima bo‘lishi mumkin?

Bolalar: “Uy yonadi!”, “Gaz portlaydi!”

O‘qituvchi: Demak, qoidani yodda saqlaymiz: Uyda yolg‘iz qolganimda, gazni yoqmayman, elektrga tegmayman, gugurt o‘ynamayman!

Bolalar (birgalikda aytishadi):

Uyda yolg‘iz qolsam, gazni yoqmayman, elektrga tegmayman, gugurt o‘ynamayman!

O‘qituvchi: Endi esa sizga uyda xavfsiz bo‘lishingiz uchun 10 ta qoidani aytaman. Eslab qoling. Bu qoidalarni sinf Telegram guruhiga ham tashlab qo‘yaman.

1. Nosoz elektr asboblaridan foydalanma. Elektr uskunalarini bekorga yoqiq qoldirma.

2. Elektr uskunalariga ho‘l qo‘l bilan tegma.

3. Rozetkani o‘ynama, uning teshiklariga turli predmetlarni tiqma.

4. Ko‘chada nomaʼlum sim o‘tkazgichlar va uskunalarga yaqin borma. Elektr transformatorlarga tegma.

5. Uydan chiqishda chiroqni va elektr uskunalarini o‘chirib ket.

6. Olov va o‘t chiqaradigan buyumlarni (gugurt, sham, olov yoqqich) o‘ynama.

7. Kattalar nazoratisiz tez yonuvchan suyuqliklarga (atseton, benzin, kerosin, eritkich) tegma.

8. Gaz plitasini yoqiq qoldirma. Ehtiyoj bo‘lmasa, plitaga yaqinlashma.

9. Paqildoqlar, bengal olovlari va salyutlarni sotib olma va o‘ynama.

10. Yong‘in chiqqanda, iloji boricha tezroq tashqariga chiqib olishga harakat qil va kattalarga xabar ber.

 

O‘qituvchi:

Unutmang, bolajonlar.  Qoidalarga amal qilish bizni xavfdan saqlaydi. Shunday ekan, hamisha hushyor boʻlish kerak.

O‘qituvchi: Bolajonlar, yong‘in chiqqanida o‘t o‘chiruvchilar qanchalik jonbozlik ko‘rsatib, hatto o‘z jonlarini xatarga qo‘yib odamlarni qutqarishga harakat qilishlarini bilasizmi? Kelinglar, shu haqida bir video ko‘raylik.

Vizual kontent

Favqulodda vaziyatlar guvohiga aylaning!

 

 

2. KO‘CHADAGI XAVFSIZLIK – “Yo‘l – mening do‘stim, qoidalar bilan!” (8 daqiqa)

 

O‘qituvchi: Ko‘chada qoidalarga rioya qilib yurish qanchalik muhimligini bilasizmi?

Bolalarning javobi.

O‘qituvchi: Bolalar, ko‘chalarda biz yo‘l harakati qoidalariga amal qilib yurishimiz kerak. Chunki bu qoidalar uzoq yillar odamlarning ko‘plab xatolari va hatto jonlari qurbon bo‘lishi evaziga yozilgan. Agar yo‘llarda qoidalar bo‘lmasa, ko‘chaga chiqish xuddi urush paytidagidek xavfli bo‘lar edi. Odamlar bir kuni tushundilarki, yo‘lda ma’lum qoidalarga rioya etib yurilmasa, ko‘plab qurbonlar bo‘ladi. Shundan keyin hamma yo‘l harakati ishtirokchilari kelishib, yo‘l harakati qoidalarini o‘ylab topdilar.

Ko‘chada mashina haydab ketayotgan haydovchi ham, avtobusdagi yo‘lovchi ham, piyoda maktabga kelayotgan siz ham – yo‘l harakati ishtirokchilari hisoblanasiz. Demak,qoidalar hammaga tegishli.

Endi kim ayta oladi, svetofor nega kerak?

Bolalar: “Yo‘lda to‘xtash yoki yurish uchun!”

O‘qituvchi: Svetofor yo‘l harakatini tartibga solish uchun kerak. Yo‘l harakati faqat yurish degani emas. Yo‘l harakati bu yurish to‘xtab turish yurishga tayyorlanish va yana yurishdan iborat harakatning o‘zaro o‘rin almashinib turishidir. Svetofor esa shu harakatlarning o‘zaro to‘g‘ri va adolatli almashinib turishini ta’minlaydi. Natijada yo‘llarda avariyalarning oldi olinadi.

Svetoforning qizil chirog‘i “to‘xta”, sariq chirog‘i “hushyor bo‘l”, yashil chirog‘i esa “harakatlan” deydi. Buni yaxshi bilasizlar a, bolalar?

UNUTMANG!

Yo‘lni faqat svetoforning yashil chirog‘i yonganda kesib o‘tish mumkin. Shunda ham piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘lakdan (“zebra”dan).

Yashil chiroq yongandan keyin ham hamma mashinalar to‘xtaganiga va xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yo‘ldan o‘ting.

Kelinglar endi, bir o‘yin o‘ynaymiz.

O‘yin: “Svetofor ranglari”

O‘qituvchi rangli kartochkalarni ko‘rsatadi. Qizil – bolalar jim turadi. Sariq – qarsak chalishadi. Yashil – oyoqlarini to‘pillatishadi. O‘qituvchi ularni chalkashtirib, tez aytadi. Bolalar hushyorlik bilan amal qiladilar.

O‘qituvchi: Endi esa, bolajonlar, mashhur insonlardan yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha sizlar uchun maxsus tavsiyalarini eshitamiz.

 

Vizual kontent

Chellenj: Yo‘l qoidalariga amal qiling

O‘qituvchi: Bolajonlar, sizlar svetoforning o‘zini ham, ranglarini ham yaxshi bilar ekansiz. Endi siz bilmaydigan bir odam haqida gaplashamiz.

NOTANISH INSON

O‘qituvchi: Bolajonlar, sizlar uni umuman tanimaysiz. Ammo u bir kuni sizning hayotingizda paydo bo‘lishi mumkin. Shunda o‘zingizni yo‘qotmasdan, qo‘rqmasdan, u bilan to‘g‘ri muloqot qilishni o‘rgataman.

Notanish inson kim?

Bolajonlar, notanish inson – bu siz tanimagan, yaxshi bilmaydigan har qanday odam. Notanish inson sizni ismingizni aytib chaqirishi mumkin. Meni oying (yoki dadang) yubordi deyishi, ular betob bo‘lib qolishdi (kasalxonaga tushib qolishdi) deyishi va sizni ularning oldiga olib borishga vaʼda berishi mumkin

Ularga ishonmang!

Nima demasinlar, faqat “yo‘q” deb javob qaytaring

Chunki ota-onangiz biror muammoga duch kelgan taqdirda, avvalo, kattalarga murojaat qiladilar, sizning yoningizga ham o‘zingizga tanish bo‘lgan insonlarni yuboradilar. Agar notanish inson baribir sizni tinch qo‘ymasa, bor ovozingiz bilan “Men sizni tanimayman!” deb baqiring. Odamlar gavjum joyga qoching yoki imkon bo‘lsa, ota-onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Beshta “yo‘q” qoidasi

O‘qituvchi:

Bolajonlar, bu juda muhim qoida. Uni ham albatta yodlab oling.

1.    Begonalar bilan gaplashmang, ularga eshik ochmang va ularni uyga kiritmang.

2.               Notanish insonlar bilan uy yo‘lagiga (podyezdga) kirmang va liftga chiqmang.

3.               Begonalarning mashinasiga chiqmang.

4.               Darslar tugagach maktabda qolib ketmang, ayniqsa, qorong‘i tushganda.

5.               Begonalar bilan hech qayerga bormang, qanchalik qiziqarli narsa taklif qilsalar ham, ular bilan birga ketmang.

O‘qituvchi: Endi esa, bolalar, ko‘chadagi notanish odam ishtirokida bir tajriba o‘tkazishibdi. Shu haqidagi videoni tomosha qilamiz.


  Vizual kontent

Eksperiment: qay darajada hushyorsiz?

 

3. INTERNETDA XAVFSIZLIK – “Telefon orqasidagi tuzoq” (7 daqiqa)

O‘qituvchi: Internet – bilim, o‘yin, do‘stlik joyi, lekin u yerda ham xavf yashiringan. Misol: “Kimdir sizga internetda yozib, suratingizni so‘rasa, nima qilasiz?”

(Bolalar javobi turlicha bo‘lishi mumkin: “Yuboraman”,  “Yubormayman!”, “Yuborib keyin o‘chirib tashlayman” va hokazo)

O‘qituvchi: Bolalar, bir oltin qoidani eslab qoling. Hech qachon telefonda notanish odam bilan gaplashmang, ayniqsa yozishmang. Olaylik, Telegramdan sizga notanish odam yozdi, hatto ismingizni aytib murojaat qilishi mumkin. Unday odamlar bilan yozishmang.

Agar yozishib kimligini so‘rasangiz va gap boshlanib ketsa ham, unga o‘zingiz haqingizda ma’lumot bermang, kechqurun uyda oyim yoki dadam bilan birga yozaman deng va albatta uydagilarga bu haqida ma’lum qiling.

Hech qachon Telegramdan kelgan havolalarni ochmang. Albatta kattalarga ko‘rsating. Chunki notanish havolalar juda xavfli narsa. Ularga bossangiz, sizning Telegram akkauntingizni olib qo‘yishlari, shaxsiy ma’lumotlaringiz, suratlaringizga ega bo‘lib olishlari va ulardan foydalanishlari mumkin.

Hozir sun’iy intellekt yordamida birovning ovozi, qiyofasini olib, turli yomon maqsadlarda foydalanishlari yoki qiyofangizni yomon kontentlarga montaj qilishlari mumkin.

Demak, telefonda notanishlar bilan yozishmaymiz, surat jo‘natmaymiz, ma’lumot bermaymiz va havolalarni bosmaymiz!

4. TABIIY OFATLAR – “Zilzila vaqtida nima qilamiz?” (7 daqiqa)

O‘qituvchi: Bolalar, sizlar zilzila haqida eshitganmisiz?

Bolalar: “Ha!”

O‘qituvchi: Bolajonlar, har bir hududning o‘ziga xos tabiiy ofatlari bo‘ladi. Masalan, Amerika qit’asida to‘fonlar (tornado) ko‘p bo‘ladi. Dengiz bo‘yidagi mamlakatlarga suv toshqinlari xavf soladi. Okean yaqinidagi mamlakatlar aholisi sunamidan ehtiyot bo‘ladi.

O‘zbekiston esa seysmik aktiv hududda joylashgan, bizda zilzilalar tez-tez bo‘lib turadi.

Afsuski, hozirgi kunda zilzilalarni oldindan bashorat qilib, qachon bo‘lishini aytishga ilm-fan ojiz. Lekin zilzila boshlangan payt o‘zini himoya qilish usullari bor. Masalan, xonadagi xavfsiz joyni topib turib olish.

Agar ko‘p qavatli uyda tursangiz, ayniqsa, yuqori qavatlarida tursangiz, zilzila boshlanganida zinaga yoki liftga qarab yugurmang. Chunki ko‘p qavatli uylarda zinalar zilzila payti qulab tushishi mumkin. Lift ham ishlamay to‘xtab qolishi mumkin.

Zilzila boshlanganini sezsangiz, stol tagiga yoki eshik romi tagiga kirib oling.

Qoidani yodda saqlaymiz: Zilzila vaqtida vahima qilmasdan, xavfsiz joyda panoh topamiz!

YAKUNIY QISM (10 DAQIQA)

Oʻqituvchi:  Aziz bolalar, bugun biz xavfsizlik haqida koʻp gaplashdik. Hayotimizda ehtiyotkor boʻlish juda muhim ekan-a, shundaymi?

Oʻquvchilar: Ha!

O‘qituvchi: Kelinglar, darsimiz so‘ngida yana bir o‘yin o‘ynaymiz.

O‘yin: “To‘g‘ri – noto‘g‘ri”

O‘yin qoidasi: O‘qituvchi biror gapni aytadi. Bolalar “to‘g‘ri” deb bilsalar, yashil doirachani, “noto‘g‘ri” desalar, qizil doirachani ko‘taradilar.

1. Svetoforda qizil yonsa – yugurib o‘taman. (Noto‘g‘ri)

2. Gazni yoqishdan oldin kattalardan so‘rayman. (To‘g‘ri)

3. Internetdagi odamga ishonaman. (Noto‘g‘ri)

4. Zilzila paytida derazaga yaqin turaman. (Noto‘g‘ri)

5. Notanish odam chaqirsa, ota-onamga aytaman. (To‘g‘ri)

 

O‘qituvchi: Barakalla, bolajonlar. Bugun sizlar haqiqiy xavfsizlik qahramonlariga aylandingiz. Har kuni shuni yodingizda tuting: “Men o‘z xavfsizligim uchun javobgarman!”

Bolalarga “Xavfsizlik posboni” nomli sertifikatlar tarqatiladi.