“Kelajak soati” 10-mavzu
UMUMTAʼLIM MAKTABLARI 5-8-SINFLARI UCHUN
“KELAJAK SOATI” DARSLARINING 10-MAVZUSI SSENARIYSI
Mavzu: “Xavfsiz hayot”
Dars oʻtiladigan sana: 2025-yil 3-noyabr.
Annotatsiya
Ushbu mashgʻulot oʻquvchilarda turli hayotiy vaziyatlarda shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash, xavf-xatarlarni oldindan sezish va ularning oldini olish boʻyicha ongli munosabatni shakllantirishga qaratilgan. Dars davomida oʻquvchilar real hayotdan olingan misollar asosida xavfli vaziyatlarni tahlil qiladilar, ularning sabab va oqibatlarini aniqlaydilar hamda toʻgʻri qaror qabul qilish yoʻllarini oʻrganadilar. Mashgʻulot jarayonida interaktiv metodlar, guruhiy muhokamalar, rolli oʻyinlar va amaliy topshiriqlar orqali “Mening shaxsiy xavfsizligim” tushunchasi chuqurlashtiriladi.
Dars maqsadi: umumiy maqsad:
Oʻquvchilarda “Xavfsizlik – bu mening shaxsiy masʼuliyatim” degan tushunchani mustahkamlash va kundalik hayotda hushyorlik, ehtiyotkorlik hamda masʼuliyatli xatti-harakatlarni shakllantirishdir.
Aniq maqsadlar:
1. Oʻquvchilarda shaxsiy xavfsizlikning ahamiyatini anglash va unga masʼuliyat bilan yondashish koʻnikmasini shakllantirish.
2. Turli hayotiy vaziyatlarda xavfni aniqlash, uning sabab va oqibatlarini tushunish hamda oldini olish yoʻllarini bilishga oʻrgatish.
3. Hushyorlik, ehtiyotkorlik va toʻgʻri qaror qabul qilish odatini rivojlantirish.
4. Oʻzini va boshqalarni himoya qilishga qaratilgan ijobiy xulq-atvorni mustahkamlash.
5. “Xavfsizlik – bu mening shaxsiy masʼuliyatim” gʻoyasini kundalik hayotga tatbiq etish koʻnikmasini hosil qilish.
Asosiy g‘oyalar: Har bir inson oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun kundalik hayotda hushyor va ehtiyotkor boʻlishi, xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni oldindan sezishi va ularga toʻgʻri munosabat bildira olishi kerak. Shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, xavf-xatar manbalarini tanish va ulardan chetlab oʻtish – hayot sifatini va salomatlikni saqlashning muhim garovidir. “Xavfsizlik – bu mening shaxsiy masʼuliyatim” gʻoyasi oʻquvchilarga oʻz xatti-harakatlariga ongli yondashish, muammoli vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish va boshqalarga yordam berish zarurligini anglatadi.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
· Oʻquvchi shaxsiy xavfsizlik tushunchasini izohlab bera oladi.
· Xavfli vaziyatlar va ularning manbalarini aniqlashni biladi.
· Turli vaziyatlarda xavfsiz xatti-harakat modelini tushuntira oladi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
· Oʻz hayoti va sogʻligini qadrlash hissi kuchayadi.
· Hushyorlik, ehtiyotkorlik va masʼuliyatlilik sifatlariga nisbatan ijobiy munosabat shakllanadi.
· Oʻzini va boshqalarni himoya qilish istagi ortadi.
3. Amaliy koʻnikmalarda:
· Xavfli vaziyatni baholash va toʻgʻri qaror qabul qilish boʻyicha amaliy qadamlar qoʻya oladi.
· Xavfsizlik qoidalarini kundalik hayotda qoʻllaydi.
· Guruh va jamoada xavfsizlikni taʼminlashga oid faol harakatlar bajaradi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
· Sinfda xavfsizlik madaniyatini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
· Doʻstlari va atrofdagilarni xavfsizlikka rioya qilishga undaydi.
· “Xavfsizlik – umumiy masʼuliyat” tamoyiliga amal qilishga odatlanadi.
Metapredmet: ushbu mashgʻulot oʻquvchilarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:
· Ona tili va adabiyoti: xavfsizlikka oid hikoyalar, maqollar va real voqealarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.
· Mantiqiy fikrlash: xavfli vaziyatlarni aks ettiruvchi vaziyatlarni tahlil qilish, mantiqiy bogʻliqliklarni aniqlash va muqobil yechimlar taklif etish.
· Ijtimoiy fanlar: guruhda ishlash, muammoli vaziyatlarda hamkorlikda qaror qabul qilish, oʻzaro yordam berish madaniyatini rivojlantirish.
· Tanqidiy fikrlash: turli xavf manbalarini baholash, sabab-oqibat munosabatlarini aniqlash, oqilona yechimlar ishlab chiqish.
Dars hamkori: Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Oʻquvchilarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va mantiqiy tahlil qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qoʻllaniladi. Mashgʻulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhiy muhokama, savol-javob, real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar va rolli oʻyinlardan foydalaniladi.
Materiallar to‘plami:
– mashgʻulot ssenariysi,
– xavfli vaziyatlarni aks ettiruvchi real hayotiy vaziyatlarga oid videomateriallar,
– keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli oʻyinlar uchun vaziyat kartochkalari,
– “aqliy hujum” uchun savollar roʻyxati,
– flomasterlar,
– markerlar,
– varaqlar
Dars ssenariysi
Dars boshlanishidan avval o‘quvchilarga qizil, sariq, yashil rangli kartochkalar to‘plami va “Keys-stadi” uchun tarqatma materiallar tarqatiladi.
KIRISH. (5 daqiqa)
Oʻqituvchi: Assalomu alaykum, aziz oʻquvchilar. Bugungi darsimiz mavzusini aytib o‘tishdan avval, keling, bir savol beray.
Ko‘pchiligingizda telefon bor-a?
Bolalar: Haa!
Selfi nimaligini bilasiz va selfi qilib turasizlar-a?
Bolalar: Haa!
Oʻqituvchi: Mana bu ruminiyalik bloger Anna Ursu. U 2025-yilning 15 may kuni hammani lol qoldiradigan selfi tushirib Instagramga joylash maqsadida elektropoyezd tomiga chiqadi va elektr simiga tegib ketib yonib ketadi. Afsus!
Internetda selfi tufayli sodir bo‘lgan fojialar haqida ko‘plab xabarlar bor. Dunyo bo‘yicha selfi qilish paytida halok bo‘lgan insonlar soni akula hujumidan halok bo‘lganlardan bir necha barobar ko‘p ekan. Nahotki? Biz oddiy holat deb o‘ylagan odatimiz ortida shunday xavf bor? Afsuski, shunday. Agar xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasa, oddiy selfi payti ham jiddiy fojialar bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda (Tik-tok yoki Instagramda) har kuni turli “trendlar” chiqadi: “1000 ta layk uchun tomdan sakra”, “Videoga olish uchun xavfli joyga chiq”. Lekin shu 1000 ta laykning qaysi biri o‘sha odamlarga hayotini qaytarib beradi?
(O‘quvchilar jim, o‘qituvchi davom etadi.)
Oʻqituvchi: Bugun biz shunday savollarga javob izlaymiz: nima bizni xavfga olib kiradi, nima esa himoya qiladi? Hayotimizdagi eng oddiy, lekin eng muhim so‘z – xavfsizlik haqida suhbatlashamiz.
Biz xavfsizlik haqida gapirganimizda, ko‘pincha o‘zimiz xavfsizlikni ta’minlashda qanchalik ko‘p ishlar qilishimiz mumkinligini bilmaymiz. Oddiy ekologik madaniyat orqali sayyoramiz xavfsizligini va sog‘lig‘imizni ta’minlashimizni bilasizlarmi? Kelinglar, mashhur ekofaol va bloger Moʻtabar Xushvaqtova (O‘rik Guli) dan ekologik xavfsizlik haqida tavsiyalarni eshitamiz.
Vizual kontent
“Yashil bogʻ uchun kurashganmiz” – Moʻtabar Xushvaqtova
Oʻqituvchi: Hurmatli oʻquvchilar, bugun biz sizlar bilan “xavf” va “xavfsizlik” haqida gaplashamiz. Hozir sizdan xavf va xavfsizlik soʻzlarini eshitganingizda xayolingizga eng birinchi nima kelishi haqida aytishingizni soʻrayman.
– Xavf nima?
– Xavfsizlik-chi?
– Qanday xavfli holatlarni bilasiz?
– Odatda xavfli holat yuzaga kelganda, odamlar oʻzini qanday tutadi?
(oʻquvchilarning javoblari doskada qayd qilib boriladi)
ASOSIY QISM. (30 daqiqa)
Oʻqituvchi: Barakalla! Hamma fikrlar toʻgʻri. Agar xulosa qiladigan boʻlsak, xavf – insonga yoki uning atrofidagi narsalarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan holatdir. Yaʼni xavf – bu tahdid, xatar. Masalan, svetoforning qizil chirogʻi yonayotganda yoki piyodalar oʻtish joyi boʻlmagan joyda yoʻlni kesib oʻtish xavfli hisoblanishini hammamiz bilamiz. Elektr vilkasini nam qoʻl bilan ulashga harakat qilish, telefondan foydalanish, gaz plitasini yoqib, uni nazoratsiz qoldirish ham jiddiy xavf tugʻdiradi. Baʼzan internetda notanish odamlar bilan shaxsiy maʼlumotlarni boʻlishish ham koʻrinmas, lekin jiddiy xavfli holat hisoblanadi. Bunday holatlar tanamizga, sogʻligʻimizga, hatto hayotimizga zarar yetkazishi mumkin.
Xavfsizlik esa – bu hech qanday xavf, xatar yoʻq holat. Bunda inson xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda oʻz ishini bajaradi. Masalan, yoʻl harakati qoidalariga amal qilish, maishiy texnikalaridan foydalanayotganda texnika xavfsizligiga rioya qilsa – xavfsizlikka erishilgan boʻladi.
Bugungi hayotimizda xavf-xatarlar juda koʻp. Ilgarigi zamonlarda yirtqich hayvonlarga yem boʻlish, ilon chaqishi kabi xavflar koʻp boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda odamlarga avtomobil gʻildiragi ostida qolish, toʻgʻri saqlanmagan doridan zaharlanish kabi holatlar xavfli holatga olib keladi.
Yurtimizda aholi xavfsizligini taʼminlash uchun bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz taʼlim muassasasi” kabi muhim dasturlar yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu loyihalar asosida shahar va tumanlarda videokuzatuv kameralari oʻrnatilmoqda, favqulodda holatlar yuz berganda tezkor axborot almashish va javob berish tizimlari tashkil etilgan. Bu ishlar orqali jinoyatlarning oldini olish, yoʻllarda xavfsiz harakat qilish, maktab va bogʻchalarda bolalar hayotini himoyalash boʻyicha katta natijalarga erishilyapti.
Bu islohotlarning asosiy maqsadi – xalqimizning tinch, erkin va xavfsiz hayot kechirishiga zamin yaratishdir. Bu nafaqat jinoyatlarga qarshi kurash, balki har bir fuqaroning hayoti, sogʻligʻi va erkinligini himoya qilishni taʼminlashga xizmat qiladi.
Har birimiz xavfsizlik haqida bilishimiz va buni hayotda amalga oshirishni oʻrganishimiz kerak. Bu biz tugʻilishimiz bilanoq bilib qoladigan narsa emas. Xavfsizlik madaniyati butun hayot davomida oʻrganiladi. Inson – aqlli mavjudot. U xavf-xatarni his qiladi, vaziyat qanday rivojlanishini oldindan taxmin qilib, toʻgʻri qaror qabul qila oladi.
Xavfsiz hayot tarzi – bu xavfni oldindan koʻrib, uning oldini olish, zararni kamaytirish va oqibatlarini bartaraf etish demakdir.
Xavfsizlik madaniyatiga ega inson:
· oʻzini ehtiyot qiladi;
· boshqalarga xavf tugʻdirmaydi va xavfga duchor boʻlmaydi;
· tabiatga ham ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻladi.
Xavf ogohlantirib kelmaydi, uning qayerdan kelishi mumkinligini inson aql-farosati orqali biladi yo his qiladi. Xavf ko‘p keladigan nuqtalarni bilib olishingiz va o‘sha yerlarda ehtiyotkor bo‘lishingiz kerak. Kelinglar, shu haqida bir video ko‘ramiz.
Vizual kontent
Xavf nuqtalari 2-qism
Oʻqituvchi: Lekin shuni ham aytib oʻtish kerakki, xavflar ham ikki xil boʻladi:
1. Insonga bogʻliq boʻlmagan ravishda yuzaga keladigan xavflar.
2. Insonlarning notoʻgʻri xatti-harakatlari natijasida yuzaga keladigan xavflar.
Hozir insonga bogʻliq boʻlmagan ravishda yuzaga keladigan xavflarni aytib oʻtamiz.
Insonga bogʻliq boʻlmagan ravishda yuzaga keladigan xavflar. Bular tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini), kutilmagan kasalliklar yoki boshqa insonlarning bizga bogʻliq boʻlmagan xatti-harakatlari boʻlishi mumkin.
1. Insonlarning notoʻgʻri xatti-harakatlari natijasida yuzaga keladigan xavflar. Bular bizning yoki boshqa insonlarning eʼtiborsizligi, masʼuliyatsizligi, bilimsizligi yoki notoʻgʻri qarorlari tufayli kelib chiqadi. Masalan, yoʻl harakati qoidalarini buzish natijasidagi baxtsiz hodisa yoki elektr anjomlarini qarovsiz qoldirish natijasida kelib chiqadigan yongʻin.
– Tadqiqotlar oʻsmirlar oladigan jiddiy jarohatlarning qariyb yarmi ularning oʻz xatolari (xavflari) yoki uyda, maktabda va transportda qabul qilingan qoidalarni buzishlari bilan bogʻliq ekanligini maʼlum qiladi.
– Masalan, dunyo boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar orasida oʻlimning asosiy sabablari jarohatlar (shu jumladan, yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq) hisoblanadi.
Xuddi shu kabi, ko‘chadagi notanish insonlar ham xavf manbai bo‘lishi mumkin, ayniqsa, ular tekinga yegulik yoki buyum tarqatayotgan bo‘lsalar. Hech qachon ko‘chada begona inson beminnat bergan narsani olmang. Balki avvallari xavflar umuman boshqacha bo‘lgan paytlari bollar ko‘chada begona otaxon yoki onaxon uzatgan konfetni olib yeyishlari mumkin bo‘lgandir. Ammo hozir notanish mahsulot tarkibida turli zararli va o‘ziga o‘rgatib oluvchi mahsulotlar borligi va bu orqali bolalarni turli sintetik narkotiklarga o‘rgatish kabi salbiy holatlar kuzatilgani uchun yangi xavfsizlik qoidasi paydo bo‘ldi:
BEGONA ODAMDAN HECH NARSA OLMANG!
Endi esa sizlar bilan bir ijtimoiy tadqiqotni tomosha qilamiz. Bu video ogohlik va hushyorlik naqadar muhimligini tushunishingizga yordam beradi.
Vizual kontent
Eksperiment: qay darajada hushyorsiz?
Video muhokama qilinadi (2 daqiqa)
Keys-stadi. Guruhlarda ishlash
Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar! Siz hayotingiz uchun xavfli vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligini bilasizmi? Keling, birgalikda keyslarni yechamiz.
Oʻquvchilar qatorlari boʻyicha guruhlarga bo‘linib, vaziyatlarini tahlil qiladilar. Buning uchun oʻqituvchi guruhlarga tayyor keyslar va ularga savollar yozilgan kartochkalarni tarqatadi. Javob, xavf va toʻgʻri xulosa joyini oʻquvchilar o‘zlari toʻldiradilar. Soʻngra o‘qituvchiga beradilar. (Ilovaga qaralsin)
O‘qituvchi:
Endi esa sizlar bilan bir qiziq o‘yin o‘ynaymiz.
“Iroda – aql – qiziqish” rolli oʻyini
Oʻqituvchi uch nafar koʻngilli oʻquvchini Iroda, Aql va Qiziquvchanlik rollariga taklif etadi.
Oʻqituvchi: Murakkab qaror qabul qilishimiz kerak boʻlganda, ichimizda ikki kuch kurashadi – Qiziquvchanlik va Iroda.
Qiziqish: “Sinab koʻr”, deydi.
Iroda: “Kerak emas!” deb shivirlaydi.
Biroq, qarorni Aql qabul qiladi.
Endi tasavvur qiling, siz uchovingiz – bu bir odam, toʻgʻri qaror qabul qilishga urinayotgan oʻsmirsiz. Hammasi kimning koʻproq ishontiradigan dalillar keltira olishiga bogʻliq boʻladi – QIZIQUVCHANLIKMI, IRODAMI yoki AQL. Qani, vaziyatni tinglang... (oʻqituvchi vaziyatni oʻqib eshittiradi):
Sinfdoshlaringiz TikTok uchun “chellenj” tayyorlashmoqda. Ular jamoat joyida xatarli ish qilishni rejalashtirishgan – masalan, maktabning yongʻin signalini bosib, videoga olish. Ular Sizni ham chaqirishdi: “Bu shunchaki hazil! Agar qilmasang, sen bilan oʻrtoq boʻlmaymiz!”
Marhamat, Qiziquvchanlik o‘zining ishini qilib maslahatini shivirlasin.
Qiziquvchanlik rolidagi bola qiziqtiruvchi gaplarni aytadi.
Endi esa Iroda o‘z gapini aytsin.
Iroda bu ishdan qaytarishga harakat qiladi.
Aql nima deydi oxirida?
Aql xulosa qiladi.
Oʻqituvchi:
Endi esa ekranga e’tibor qaratamiz va mashhurlardan xavfsizlik tavsiyalarini eshitamiz.
Vizual kontent
Chellenj: Yo‘l qoidalariga amal qiling
Xatarli xatti-harakat
Oʻquvchilarga “Xavf bor”, “Xavf yoʻq”, “50:50” tayyor javob variantlari yozilgan kartochkalar yoki qizil (Xavfli), sariq(50:50) va yashil (Xavf yoʻq) kartochkalari tarqatiladi. Oʻquvchilarga vaziyatlar oʻqib eshittiriladi. Ishtirokchilar xavf darajasini baholashlari va kartochkalarni koʻtarish orqali “ovoz berishlari”, yaʼni oʻz fikrlarini bildirishlari kerak.
Oʻqituvchi: Hozir men sizlarga bir nechta muammoli vaziyatlarni oʻqib eshittiraman. Har bir vaziyatdan soʻng, siz oʻzingizning fikringizga koʻra kartochka koʻtarish orqali “ovoz berasiz”:
· Agar bu vaziyatni xavfli deb hisoblasangiz – qizil kartochkani koʻtaring.
· Agar bu vaziyatni xavfsiz deb hisoblasangiz – yashil kartochkani koʻtaring.
· Agar ikki holat ham mumkin, deb oʻylasangiz – sariq kartochkani koʻtaring.
Har bir vaziyatga men 3 gacha sanagunimcha javob berishingiz kerak. Tayyormisizlar? Unda boshlaymiz!
Vaziyatlar:
1. Pirotexnik vositalarni portlatish;
2. Parashyutdan sakrash;
3. Elektron sigaret chekish;
4. Kech tushganda koʻchada (bogʻda) yolgʻiz yurish;
5. Notanish insonning mashinasiga oʻtirish;
6. Ketayotgan avtobus ortidan yugurish;
7. Notanish inson iltimosiga koʻra oʻz mobil telefonini shoshilinch qoʻngʻiroq uchun berish;
8. Tomda selfi qilish;
Har bir vaziyat oʻqib eshittirilgandan soʻng, ishtirokchilar mos javob variantini tanlab, kartochkalarni koʻtarishadi. Shundan soʻng, quyidagi savollar beriladi:
– Nega bu vaziyat xavfli/xavfli emas?
– Nima bu vaziyatni xavfli qiladi?
– Nima bu vaziyatni xavfsiz qiladi?
– Vaziyatda xavfni kamaytirish uchun nimalarni bilish kerak?
– Vaziyatda xavfni kamaytirish uchun nima qilish kerak?
– Nima uchun baʼzi insonlar tavakkal qilishga tayyor boʻladilar?
– Har qanday vaziyatni xavfli deb hisoblash mumkinmi?
Savollar oʻquvchilarning “xavf” tushunchasi ishtirok etayotgan insonlarning xatti-harakati bilan qanday bogʻliq ekanini tushunib yetgunlaricha beriladi.
Endi esa, bolajonlar, xavflarning eng jiddiylaridan bo‘lgan yong‘in va uni o‘chirishga doir mashg‘ulot haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Favqulodda vaziyatlar guvohiga aylaning!
3. YAKUNIY QISM. ( 5 daqiqa)
Bugun biz sizlar bilan hayotimizda uchrashi mumkin boʻlgan turli xavfli holatlar, ularning sabablari va oqibatlari haqida gaplashdik. Shuni unutmangki, xavf – bu faqat tashqi omil emas. Koʻp hollarda xavf insonning oʻzi tomonidan keltirib chiqariladi – bilimsizlik, eʼtiborsizlik, yoki “hamma shunday qilyapti” deb oʻylashi natijasida.
Shuni esda tutishimiz kerak: xavfsizlik – bu tanlov. Har bir qarorda – “qilsammi yo yoʻqmi?” degan paytda – aql bilan oʻylab, oʻz hayotimizni asrashni tanlashimiz kerak.
Shaxsiy xavfsizlik – har bir insonning hayotidagi eng katta masʼuliyatlardan biridir. Bu faqat oʻzingizni emas, atrofingizdagilarni ham himoya qilish demak.
Ilova
1-keys. “Tomdagi selfi”
Vaziyat. Behzod va Sherzod kechqurun 16 qavatli uyning tomiga chiqishga qaror qilishdi. Ular Nodirni ham koʻndirishga harakat qilishdi: “Telefonni tayyorla, shunday selfi qilamizki, TikTokda portlaydi!” – dedilar.
Tomga chiqish taqiqlangan, lekin eshik ochiq edi. Nodir ikkilanyapti: chiqsammi, chiqmasammi...
Savol. Nodir qanday qaror qabul qilishi kerak?
Javob. ___________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Xavf _____________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Toʻgʻri xulosa______________________________________________________
__________________________________________________________________
______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
2-keys. 2-keys: “Poyezd orqasida sayr”
Mahalladagi bolalar qishloqning oxiridan oʻtadigan temir yoʻlga borib, poyezdlarga tashqaridan osilib uchishni rejalashtira boshlashdi. Imron: “Sen ham osilasanmi?” degan savol bilan Jasurga murojaat qildi. “Men internetda koʻrdim, maza qilamiz va videoga olamiz!” – deydi.
Savol. Jasur qanday xavfsiz qaror qabul qilishi mumkin?
Javob.__________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Xavf _____________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Toʻgʻri xulosa______________________________________________________
__________________________________________________________________
___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
3-keys. “Onlayn “sovgʻa”, keltirar gʻavgʻo”
Vaziyat. Munira telefoniga bepul video-oʻyin yuklab oldi. Biroz vaqtdan soʻng ilova orqali “yangi tanish” kimsalar undan shaxsiy maʼlumotlarini soʻrab, oʻyinda gʻoliblik va “sovgʻa” taklif qilishdi.
Savol. Muniraning xato xulqi nimada?
Javob. ___________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Xavf _____________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Toʻgʻri xulosa______________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
4-keys. “Sherjon va zararli taklif”
Vaziyat. Sherjon doʻstlari bilan davrada oʻtirardi. Ulardan biri elektron sigaret yoki yengil alkogolli ichimlik taklif qilib, Sherjonga: “Kel, bir tatib koʻr, hech narsa qilmaydi, shunchaki zavqlanasan!” deb qistay boshladi.
Savol. Bu vaziyatda Sherjonning xavfsiz xulqi qanday boʻladi?
Javob. ___________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Xavf _____________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________
Toʻgʻri xulosa______________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
Keys-stadi javoblari
1-keys. Tomdagi selfi
Vaziyat. Behzod va Sherzod kechqurun 16 qavatli uyning tomiga chiqishga qaror qilishdi. Ular Nodirni ham koʻndirishga harakat qilishdi: “Telefonni tayyorla, shunday selfi qilamizki, TikTokda portlaydi!” – dedilar.
Tomga chiqish taqiqlangan, lekin eshik ochiq edi. Nodir ikkilanyapti: chiqsammi, chiqmasammi...
Savol. Nodir qanday qaror qabul qilishi kerak?
Javob. Nodir tomga chiqmasligi, doʻstlarini ham toʻxtatishi va bu vaziyatni kattalarga xabar qilishi kerak. Layk olish hayotdan muhim emas.
Xavf. Qulab tushish, jarohat olish, hatto oʻlim xavfi bor. Yuqorida selfi olish vaqtda toʻsiqlarning boʻlmasligi ehtimoli, shamol, qorongʻilik va boshqa omillar xavfni oshiradi.
Toʻgʻri xulosa. Layk olish hayotdan muhim emas.
2-keys: “Poyezd orqasida sayr”
Mahalladagi bolalar qishloqning oxiridan oʻtadigan temir yoʻlga borib, poyezdlarga tashqaridan osilib uchishni rejalashtira boshlashdi. Imron: “Do‘stim, sen ham osilasanmi?” degan savol bilan Jasurga murojaat qildi. “Men internetda koʻrdim, maza qilamiz va videoga olamiz!” – deydi.
Savol. Jasur qanday xavfsiz qaror qabul qilishi mumkin?
Javob. Jasur doʻstlari bilan bormasligi, doʻstlarini ham toʻxtatishi va bu vaziyatni kattalarga xabar qilishi kerak. Layk olish hayotdan muhim emas.
Xavf. Qulab tushish, jarohat olish, hatto oʻlim xavfi bor. Harakatlanayotgan transport vositasi xavf darajasini yanada oshiradi.
Toʻgʻri xulosa. Harakatlanayotgan transportga yaqinlashmaslik, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish muhim.
3-keys. “Onlayn “sovgʻa”, keltirar gʻavgʻo”
Vaziyat. Munira telefoniga bepul video-oʻyin yuklab oldi. Biroz vaqtdan soʻng ilova orqali “yangi tanish” kimsalar undan shaxsiy maʼlumotlarini soʻrab, oʻyinda gʻoliblik va “sovgʻa” taklif qilishdi.
Savol. Muniraning xatosi nimada?
Javob. Internet xavflarini yetarlicha bilmaslik, shaxsiy maʼlumotlarni begonalarga berish.
Xavf. Shaxsiy maʼlumotlarning suiisteʼmoli, onlayn firibgarlik, tahdidlar.
Toʻgʻri xulosa. Har qanday ilova, oʻyin, yoki shaxs sizning maʼlumotlaringizni soʻrasa, darhol bu haqda kattalarga xabar berish kerak. Internet xavflaridan himoyalanishda juda hushyor, ehtiyotkor boʻlish kerak.
4-keys. Sherjon va zararli taklif
Vaziyat. Sherjon doʻstlari bilan davrada oʻtirardi. Ulardan biri elektron sigaret yoki yengil alkogolli ichimlik taklif qilib, Sherjonga: “Kel, birmazasini koʻr, hech narsa qilmaydi, shunchaki zavqlanasan!”, deb qistay boshladi.
Savol. Bu vaziyatda Sherjonning xavfsiz xulqi qanday boʻladi?
Javob. Sherjon qatʼiy va ishonchli “Yoʻq!” deyishi kerak. U bunday moddalarning sogʻliqqa zarar ekanligini tushuntirishi yoki shunchaki “Men buni qilmayman”, deb aytishi mumkin. Agar doʻstlari bosim oʻtkazishda davom etsa, Sherjon bu joyni tark etishi va bu haqda kattalarga (masalan, ota-onasiga yoki ishongan boshqa qarindoshiga) xabar berish orqali oʻzini himoya qilishi kerak.
Xavf. Zararli odatlarga oʻrganib qolish, sogʻliqqa jiddiy zarar yetkazish, kelajakda muammolarga duch kelish, oʻziga boʻlgan ishonchni yoʻqotish.
Toʻgʻri xulosa. Shaxsiy chegaralarni belgilash va zararli takliflarni qatʼiyat bilan rad etish sogʻlom turmush tarzining asosidir. Har qanday bosimga qarshi tura olish va oʻzini himoya qila bilish – shaxsiy xavfsizlikning muhim kafolatidir. Haqiqiy doʻstlar Sherjonning qarorlarini hurmat qiladilar va uni zararli yoʻllarga tortmaydilar.