“Kelajak soati” 10-mavzu

9-11-SINFLARI UCHUN  “KELAJAK SOATI”  DARSLARINING 10-MAVZUSI SSENARIYSI

Mavzu: “Xavfsiz hayot

Dars oʻtiladigan sana: 2025- yil 3-noyabr

Annotatsiya.

Ushbu mashgʻulot oʻquvchilarda shaxsiy xavfsizlik tushunchasini toʻgʻri anglash va himoya qilish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Mashgʻulot jarayonida xavflarning turlari, ular sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar hamda xavfsizlikni mustahkamlash yoʻllari muhokama qilinadi. Real hayotiy vaziyatlar, keys-topshiriqlar va rolli oʻyinlar orqali oʻquvchilar turli ijtimoiy, oʻqish va shaxsiy munosabatlarda oʻz huquqlari va his-tuygʻularini himoya qilishga oʻrganadilar. Mashgʻulot interaktiv usullarda tashkil etilib, mustaqil fikrlash, mantiqiy tahlil, empatiya va sogʻlom muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Darsning maqsadi:umumiy maqsad.

Oʻquvchilarda xavfsizlik va sogʻlom ijtimoiy munosabatlar uchun shaxsiy chegaralarning ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish. Oʻzlari va boshqalar uchun hurmatga asoslangan muhit yaratish koʻnikmalarini shakllantirish.

Aniq maqsadlar:

1. Oʻquvchilarda shaxsiy xavfsizlik tushunchasini toʻgʻri anglash va uning ahamiyatini tushuntirish.

2. Oʻz chegaralarini aniqlash, himoya qilish va boshqalarning chegaralariga hurmat bilan yondashish koʻnikmasini shakllantirish.

3. Xavf paydo bo‘lganida, toʻgʻri harakat qilish usullarini oʻrgatish.

4. Turli hayotiy vaziyatlarda oʻz huquqlari va his-tuygʻularini himoya qilishga tayyor boʻlishni rivojlantirish.

5. Sogʻlom muloqot va oʻzaro hurmat tamoyillarini mustahkamlash.

 

Asosiy g‘oyalar: Shaxsiy xavfsizlik – bu insonning jismoniy, hissiy va psixologik sog‘ligini va hayot sifatini belgilovchi koʻrinmas chiziqlar boʻlib, ular shaxsning hayotini, erkinligini va ichki osoyishtaligini saqlashga xizmat qiladi. Shaxsiy xavfsizlik haqida qayg‘urish sogʻlom fikr, oʻzaro ishonch va hurmatni taʼminlaydi. Oʻz xavfsizligi haqida qayg‘urish – bu oʻzini qadrlash, oʻz huquqlarini bilish va boshqalarning ham huquqlariga hurmat bilan yondashishning ajralmas qismidir.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy darajada:

· Oʻquvchi shaxsiy xavfsizlik tushunchasini izohlab bera oladi.

· Shaxsiy xavfsizlik turlari (jismoniy, hissiy, psixologik, ijtimoiy, raqamli) va ularning ahamiyatini biladi.

· Xavf tug‘ilganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni tushuntira oladi.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

· Oʻzini va boshqalarni hurmat qilish hissi kuchayadi.

· Oʻz huquqlari va erkinliklariga ijobiy munosabat shakllanadi.

· Empatiya, yaʼni boshqalarning his-tuygʻularini tushunish va inobatga olish koʻnikmasi rivojlanadi.

3. Amaliy koʻnikmalarda:

· Turli vaziyatlarda oz xavfsizligini himoya qilish boyicha muloqot olib boradi.

· Chegaralar buzilganda madaniyatli tarzda “yo‘q” deyishni amaliy qo‘llaydi.

· Konflikt vaziyatlarni sog‘lom muloqot orqali hal qilish usullarini qo‘llaydi.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

· Guruhda oʻzaro hurmat va ishonch muhitini yaratishga hissa qoʻshadi.

· Oʻzining va boshqalarning shaxsiy xavfsizligi haqida qayg‘urish tamoyillarini mustahkamlaydi.

· Sogʻlom munosabatlar va muloqot madaniyatini rivojlantirishga faol ishtirok etadi.

 

Metapredmet: ushbu mashgʻulot oʻquvchilarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:

· Ona tili va adabiyot: shaxsiy xavfsizlik mavzusidagi matnlar, hikoyalar va hayotiy voqealarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.

· Tasviriy sanʼat: shaxsiy xavfsizlik va chegaralarni ifodalovchi ramziy rasmlar yaratish, ularni mantiqiy tahlil qilish.

· Psixologiya asoslari: shaxsiy xavfsizlik aniqlash, ularning oldini olish va sogʻlom muloqot qoidalarini oʻrganish.

· Huquqshunoslik: inson huquqlari, shaxsiy erkinlik va daxlsizlik haqidagi qonuniy meʼyorlarni bilish va amalda qoʻllash.

· Tanqidiy fikrlash: turli vaziyatlarda chegaralar buzilishi ehtimolini baholash, oqibatlarini oldindan koʻra bilish va oqilona yechim ishlab chiqish.

 

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Oʻquvchilarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va mantiqiy tahlil qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qoʻllaniladi. Mashgʻulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhiy muhokama, real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar, rolli oʻyinlar va savol-javob usullaridan foydalaniladi. Bu yondashuv oʻquvchilarga shaxsiy xavfsizlik mavzusini chuqur oʻzlashtirish, oʻz fikrini asoslab berish va amaliy koʻnikmalarni shakllantirish imkonini yaratadi.

 

Materiallar to‘plami: Mashgʻulotni samarali tashkil etish uchun mashgʻulot ssenariysi, shaxsiy xavfsizlik mavzusiga oid rasm va slaydlar toʻplami, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan videomateriallar, keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli oʻyinlar uchun vaziyat kartochkalari tayyorlanadi. Shuningdek, “aqliy hujum” uchun savollar roʻyxati va oʻquvchilar ishtirokini faollashtiruvchi flomasterlar, markerlar, varaqlar va doska kabi koʻrgazmali vositalardan foydalaniladi.

 

Dars tuzilishi

Kirish qismi (5 daqiqa).
Oʻquvchilar bilan salomlashish, mavzu va maqsadni eʼlon qilish. Shaxsiy xavfsizlik haqida qisqa kirish suhbati va mavzuga oid motivatsion savol-javob.

Asosiy qism (30 daqiqa).

· Shaxsiy xavfsizlik turlari (jismoniy, hissiy, psixologik, ijtimoiy, raqamli) haqida tushuntirish va muhokama.

· Real vaziyatlar asosida keys-topshiriqlarni tahlil qilish.

· Rolli oʻyinlar orqali amaliy mashqlar.

· Guruhiy “aqliy hujum” usulida xavfsizlikni taʼminlash yoʻllarini ishlab chiqish.

Yakuniy qism (10 daqiqa). Oʻquvchilar bilan darsdan olingan xulosalarni muhokama qilish. Shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha asosiy qoidalarni belgilash.

 

 

Dars ssenariysi

KIRISH. BIR DAQIQA VA BUTUN HAYOT (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz oʻquvchilar! Bugun biz juda muhim mavzuda suhbatlashamiz. Darsimizning mavzusini tanishtirishdan oldin sizlar bilan bir vaziyatni tasavvur qilib ko‘ramiz.

Keling, bir daqiqaga xayol qilib ko‘raylik. Hozir siz ko‘chada harakat gavjum yo‘l bo‘ylab elektrosamokatda ketyapsiz. Telefoningiz “ting!” etadi – xabar keldi. Qo‘lingizda rul, lekin siz “faqat bir qarayman”, deb ekranga qaraysiz… Bu orada oldindagi chorrahani yoki yugurib chiqqan yosh bolani ko‘rmay qolasiz…

(O‘qituvchi bir soniya to‘xtaydi, sinf jim.)

Yoki boshqa holat. Hovlidagi hovuzda (basseynda) do‘stlaringiz bilan choʻmilyapsiz. Hamma kulyapti, selfiga tushishyapti. Bir do‘stingiz “men chuqurroqqa kirib ko‘raman”, deydi. Bir necha soniyadan keyin – faqat suvdagi halqalar qoladi...

(Sinf jim bo‘lib qoladi – bu “kinematografik” usuldagi storytelling ta’siri.)

O‘qituvchi:

Bu voqealarni televizorda, internetda har kuni ko‘ramiz. Hammasi bitta fikrdan boshlanadi:

“MENGA HECH NARSA BO‘LMAYDI!

Ammo hayotda xato qilsangiz, “boshqatdan boshlash” tugmasi yo‘q.

(O‘qituvchi sukut saqlaydi, keyin yengilroq kayfiyatda davom etadi.)

Bugungi dunyoda xavf deganda faqat elektr toki yoki gaz emas, balki smartfon, internet, ortiqcha tezlik, do‘stlar bosimi, tabletkalar, onlayn qimor o‘yinlari – hammasi tishuniladi.

Demak hayotning har bir lahzasida xavfsizlik qoidasi ham bo‘lishi kerak.

O‘qituvchi sinfni jonlantirish uchun savol beradi:

Qo‘lingizni ko‘taring-chi: kim skuterda, elektrosamokatda yoki velosipedda uchishni yaxshi ko‘radi?

Kim cho‘milishni yaxshi ko‘radi?

Internetda har kuni 2 soatdan ko‘p vaqt o‘tkazadiganlar, qanchamiz?

(Hamma kuladi, atmosfera yengillashdi.)

O‘qituvchi:

Mana, ko‘rdingizmi, biz barchamiz faol hayot tarzi bilan yashaymiz. Lekin faollik avvalo xavfsizlik bilan boshlanishi kerak. Shuning uchun bugungi darsimizning nomi: “Mening xavfsizligim”.

Bugun biz uyda, ko‘chada, tabiatda, internetda va jamiyatda qanday xavflar bor va ulardan qanday himoyalanish mumkinligini birgalikda muhokama qilamiz.

Vizual kontent

Xavf nuqtalari. 2-qism

 

O‘qituvchi:

Bu dars sizni qo‘rqitish uchun emas, balki hayotingizni asrashni o‘rgatish uchun o‘tilmoqda. Xavfsizlik bu qo‘rqish emas, bu aql bilan yashash ilmi degani.

Savol:  Xavf nima?

(Oʻquvchilarning javoblari tinglanadi).

Xavf – bu hayotingizga, joningizga, salomatligingizga, huquqlaringizga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar, ya’ni xatarlardir.

Xavfsizlik nima?

(Oʻquvchilarning javoblari tinglanadi).

Xavfsizlik – bu xavf-xatarlarga qarshi hushyorlik, ulardan ogohlik va xavf-xatarlarga qarshi qo‘llanadigan choralar majmuidir. Ya’ni psixologik jihatdan hushyor va mas’uliyatli bo‘lish va jismoniy tomondan xavfning oldini oladigan amaliy choralarni ko‘rish hamda xavfga olib boruvchi xatti-harakatlarni qilmaslik xavfsizlik deganidir.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston”ni qurish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri – har bir fuqaro oʻzini xavfsiz, erkin va qadrli his qiladigan jamiyatni qurishdir. Buning uchun qonunlar ishlayapti, lekin eng muhimi – har birimizning bu masaladagi mas’uliyatimiz va jonkuyarligimizdir.

Keling, shu o‘rinda biz hayotimizni xavfsiz qilish uchun qanday yashashimiz kerak degan mavzuda jamoatchilik faoli, ekobloger “O‘rik Guli”ning fikrlarini tinglaymiz.

 

Vizual kontent

“Yashil bogʻ uchun kurashganmiz” – Moʻtabar Xushvaqtova

  

(Video muhokama qilinadi. Bunda ekologik xavfsizlik va uni ta’minlashda har bir insonning roliga alohida e’tibor qaratish lozim).

 

O‘qituvchi:

Endi savol: biz xavf tug‘ilgan payti qaysi xizmatlarga murojaat qilamiz? Ya’ni qaysi tezkor raqamlarni teramiz?

O‘quvchilar odatda 101, 102, 103, 104 raqamlarini aytishadi, 1050 ni ham tilga olishlari mumkin. O‘qituvchi ularning har biriga ta’rif berib o‘tadi.

O‘qituvchi:

Juda to‘g‘ri. 101 – yong‘in xavfsizligi, 102 – ichki ishlar, 103 – tez yordam, 104 – gaz avariya xizmati, 1050 – har qanday favqulodda xatarda qutqaruv xizmati.

Kelinglar endi favqulodda holatlarda bizga yordamga shoshadigan o‘t o‘chirish xizmatining ishini ichkaridan ko‘rsatib beruvchi rolikni ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

Favqulodda vaziyatlar guvohiga aylaning!

 

O‘qituvchi:

Demak, bugungi darsimiz nafaqat shaxsiy hayotingiz, balki biz yashayotgan jamiyatning kelajagi uchun ham katta ahamiyatga ega. Biz bugun oʻzimiz uchun qanday “xavfsiz hudud” yaratishni va bu hududni boshqalarning hududi bilan qanday uygʻunlashtirishni oʻrganamiz.

 

ASOSIY QISM. OSHKOR VA YASHIRIN XAVFLAR (25 daqiqa)

O‘qituvchi:

Bolalar, xavflar turlicha bo‘ladi, baʼzan ular ko‘zga ko‘rinadi, ba’zan esa yo‘q. Hamma xavflarni ham oldindan bilish mumkin emas, lekin tafakkur qilib, mantiqni ishlatish orqali taxmin qilish mumkin.

Avvalo ko‘zga ko‘rinadigan xavflar haqida gaplashaylik. Ya’ni biz har kuni ko‘radigan, his qiladigan, ammo ba’zan e’tibor bermaydigan xavflar.

Buni o‘yin orqali o‘rganamiz. Hozir sinfni uch guruhga bo‘lamiz.

Har bir guruhga bir vaziyat beriladi. Sizlar uni uch daqiqa o‘ylab ko‘rasiz va keyin bu xavfni bartaraf etish, ya’ni oldini olish bo‘yicha uchta amaliy tavsiya aytib berasiz:

1-guruh: “Uydagi xavf”

Predmet: gaz plitasi, elektr rozetka, pichoq, issiq suv, zaryadkadagi telefon.

O‘qituvchi :

Uy – eng xavfsiz joy deb o‘ylaymiz, to‘g‘rimi? Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez turli baxtsiz hodisalar haqida xabarlar chiqadi: elektr toki qisqa tutashuvi natijasida yong‘in chiqdi, odamlar is gazidan zaharlandi va hokazo degan. Bularning bari uyda sodir bo‘ladi. Ammo boshqalarning uyida. Siz esa bu hech qachon mening hayotimda ro‘y bermaydi deb o‘ylaysiz. Lekin yuqorida aytilganidek: “Men bilan bu sodir bo‘lmaydi” degan fikr sizni g‘aflatda qoldiradi. Chunki uydagi xavf  “odatdagi” “tanish” narsalar va holatlardan kelib chiqadi.

Birinchi guruh hushyorlikni maksimal darajada ishga solib, yuqorida men sanagan predmetlardan qanday xavflar borligini aytadi va uni bartaraf etish uchun 3 ta tavsiya beradi.

 

Masalan, o‘quvchilar quyidagi  tavsiyalarni berishlari mumkin.

– Zaryadkadagi telefonni yostiq yoniga qo‘ymaslik.

– Gaz plita ishlatganda, hech qachon telefonda gaplashmaslik. 

– Issiq suvni ochganda, avval haroratni qo‘l yoki tirsakni tutib tekshirish.

 

2-guruh: “Ko‘chadagi xavf”

Predmet: yo‘l, elektrosamokat, velosiped, transport.

O‘qituvchi:

Bugun ko‘chada quyidagi holatdagi ko‘plab insonlarni uchratishimiz mumkin:

- yo‘ldan o‘tayotganda telefonga qarab ketayotgan yoki selfi tushayotgan;

- yo‘lni kesib o‘tishda naushnikda nimadir tinglayotgan;

- elektrosamokatini haddan ortiq tez uchayotgan;

- velosiped minganida yo‘l harakati qoidalariga e’tibor bermaydigan;

- transportga chiqish va tushishda xavflarga bepisand bo‘layotgan. 

Ikkinchi guruh shu holatlarni tahlil qilib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni sanaydi va ularning oldini olish bo‘yicha 3 ta tavsiya beradi.

 

Masalan, o‘quvchilar quyidagi  tavsiyalarni berishlari mumkin.

– Yo‘ldan o‘tayotganda telefonga emas, yo‘lga qarash.

– Naushnikni quloqdan chiqarib qo‘yish.

– Katta yo‘llarda samokat yoki velosiped uchganda shlem taqish .

– Svetofor va yo‘l belgilarini bilish, ularga rioya qilish.

 

3-guruh: “Tabiatdagi xavf”

Predmet: basseynda cho‘milish, o‘tin yorish, cho‘qqiga chiqish, dalada ishlash.

O‘qituvchi:

Yozda har yili cho‘milish mavsumi boshlanadi. Afsuski, har yili “suvda cho‘kib halok bo‘ldi” degan xabarlarni eshitamiz. Ko‘pchilik “men yaxshi suza olaman” deb o‘ylaydi, lekin xavf faqat suvda emas. Ba’zan suzishni yaxshi biladigan odamlar ham noxush holatlarga duchor bo‘lishlari mumkin. Ular sovuq suvga sho‘ng‘ish yoki basseynda cho‘milishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan bo‘lishadi. Tabiatda xavfsizlik qoidasini bilmaslik – bu katta xavf.

Uchinchi guruh tabiatdagi xavflarni tahlil qiladi va oldini olish bo‘yicha uchta tavsiya beradi.

Vaqt ketdi!

 

Masalan, o‘quvchilar quyidagi  tavsiyalarni berishlari mumkin.

  Faqat ruxsat etilgan joyda cho‘milish.

– Yolg‘iz bo‘lganda suvga tushmaslik, do‘stlar bilan birga bo‘lish.

– Hasharda yoki dalada ishlaganda qog‘oz, shisha parchalari, tig‘li buyumlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish.

– Tog‘ga chiqqanda quyoshdan himoyalanish, suv ko‘p ichish.

Guruhlar uch daqiqadan so‘ng o‘z tavsiyalarini aytishadi.

 

O‘qituvchi:

Qaranglar, har bir holatda xavf – bu bilimsizlik va bee’tiborlik oqibati. Bilimsiz odam uchun bu falokat bo‘lishi mumkin, lekin bilimli odam uchun – bu tajriba. Xavfsizlik sizni cheklab qo‘ymaydi, aksincha, hayotingizni asraydi.

 

Vizual kontent

Chellenj: Yo‘l qoidalariga amal qiling

 

O‘qituvchi:

Qadrli o‘quvchilar, biz ko‘zimiz bilan ko‘rib, qo‘limiz bilan tuta oladigan xavflar haqida gaplashdik. Endi esa ko‘rinmas, lekin juda kuchli xavflar haqida gaplashamiz. Bu xavflar ekran orqasida, gap mazmunida, reklamada, do‘stingizning “kettik (go)” degan chaqiruvida yashiringan bo‘lishi mumkin.

(Sinf jim bo‘ladi.)

 

 Internetdagi xavflar

O‘qituvchi:

Hozirgi yoshlar uchun internet – hayotning ajralmas qismi. Afsuski, u yerda barcha narsa ham rost emas.

So‘nggi paytlarda Telegramda turli shubhali havolalar aylanib qoldi. Ular sizning hislaringizga ta’sir qilib, aqlingizni o‘chirib qo‘yuvchi turli so‘zlar bilan tarqatiladi: “bu yerda sening videong chiqibdi”, “bu yerda bonus beriladi”, “pul ishlash oson”  va hokazo. Bir zum hushyorligingiz yo‘qolib havolalarga bossangiz, hisobingiz olib qo‘yildi, ma’lumotlaringiz tarqatildi, shaxsiy videolaringiz yoyiladi, hatto pullaringiz o‘g‘irlanadi.

Kimdir shunday holatga duch kelganmi yoki tanishida bo‘lganmi?

(2–3 daqiqa fikr almashuv)

Kelinglar, endi shu haqida tayyorlangan qiziq bir videoni tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Salom! Mening ismim kiberxavf

 

O‘qituvchi:

Internetda xavfsizlik qoidasi – bu faqat “parolni almashtirish” emas. Bu o‘zing haqingdagi ma’lumotni kimga va nega berayotganingni anglash. Hech qachon shaxsiy ma’lumotlaringiz, ID-kartangiz rasmi, maktabingiz va sinfingizni notanish shaxsga bermang. Internet sizga do‘st ham bo‘lishi mumkin, dushman ham. Buni sizning hushyorligingiz belgilaydi.

 

Tabletkalar va “sinab ko‘rish” xavfi

O‘qituvchi:

Tasavvur qiling, sizga bir tanishingiz yoki do‘stingiz notanish tabletka yoki konfetsimon dori berdi va dedi: “Bu seni xursand qiladi”, “Tatib ko‘r, kuni bo‘yi energiyang to‘lib-toshadi, uyqung o‘chadi”, “bu stressni yo‘qotadi, asablaring tinchlanadi” va hokazo. Aslida bu sizning sog‘lig‘ingiz, hatto hayotingizga xavf bo‘lishi mumkin.

So‘nggi paytlarda yoshlar o‘rtasida energetik ichimliklar, dori vositalarini suiiste’mol qilish holatlari ortib ketdi.

Nega ba’zi yoshlar shunday narsalarni “tatib ko‘rish”ga moyil bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

(Javoblar tinglanadi: qiziqish, do‘st bosimi, stress va h.k.)

O‘qituvchi:

Bu yerda “ta’sir o‘tkazish psixologiyasi” ishlaydi. Yosh inson o‘zining ko‘p narsaga qodirligini, supermenligini, qo‘rqmasligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Ammo haqiqiy qo‘rqmaslik notanish narsani tatib ko‘rishda emas, bu taklifga yo‘q deya olishda.

 

Kompyuter o‘yinlar va virtual dunyo

O‘qituvchi:

Bugun onlayn o‘yinlari katta xavf manbayi ham bo‘lib qoldi. Ba’zilar “o‘yinda yutaman”, “o‘zimni ko‘rsataman” deb kecha-yu kunduz monitor oldida o‘tiradi. Bir qadamdan keyin bu odatga aylanadi – vaqtini, pulini, hatto oilaviy xotirjamligini yo‘qotadi.

Oltin qoida: “O‘yin senga xizmat qilsin, sen o‘yinga emas.”

 

Interaktiv daqiqa:

O‘qituvchi bir nechta savol beradi:

*Internetga umuman kirmasdan hech bo‘lmasa bir kun yashay olaman deganlar bormi orangizda? Qo‘l ko‘taring!

*Bir kun telefonsiz qolishni tasavvur qilib ko‘rganmisiz?

Demak, biz uchun eng katta xavf – tobelik, bog‘lanib qolish. Lekin bunga yo‘l qo‘ymaslik mumkin. Shunchaki, Internetdagi xavflarga chap berish va me’yorni bilishni o‘rganish kerak.

 

Yot g‘oyalar va manipulyatsiya

O‘qituvchi:

Internetda bir qarashda ijobiy bo‘lib ko‘ringan kontentlar orqasida ko‘pincha turli noaniq, ba’zan zararli maqsadlar yashiringan bo‘lishi mumkinligini bilasizmi? Ayrim kanallar, blogerlar yoshlarni hissiyot orqali yo‘ldan ozdirishga harakat qiladi. Ular “davlat yomon”, “hukumat adolatsiz”, “din shunday deydi” deb odamni shubhaga soladi. Aslida esa, ularning maqsadi – sizning ongingizni egallash, o‘z ta’siri ostiga olib, nafrat orqali sizni boshqarish.

Qanday qilib odam yot g‘oya ta’siriga tushmasligi mumkin?

(Javoblar tinglanadi.)

O‘qituvchi

Haqiqiy ongli inson har bir ma’lumotni tekshiradi. Agar xabarda bir oz bo‘lsa-da yolg‘on aralashgan bo‘lsa, demak u haqiqat emas. Agar u qonunga qarshi chiqishga, tartiblarni hurmat qilmaslikka, oilangiz yoki vataningizga xiyonat qilishga chorlasa – u g‘oya emas, xavfdir.

Demak, internetdagi har qanday ma’lumotga nisbatan tanqidiy dunyoqarashni qo‘llaymiz: ya’ni shoshmaymiz, birdaniga ishonib ergashib ketavermaymiz, tekshiramiz, tahlil qilamiz, o‘z xulosamizni chiqaramiz, imkon qadar ota-onamiz, ustozimiz, kattalar bilan fikr almashamiz.

O‘qituvchi:

 Ko‘zga ko‘rinmas xavflardan yagona himoya ongli fikrlashdir.

“Sening xavfsizliging – sening qaroringda” degan shior bor. Ya’ni har kuni qabul qiladigan qarorlaringiz sizning hayotingizni yo yaxshi, yoki yomon tomonga o‘zgartirishi mumkin. Shu sababli hislarga tayanib emas, aql bilan qaror qabul qilish kerak.

 

3. YAKUNIY QISM. HAYOT – ENG KATTA QADRIYAT (5 daqiqa)

O‘qituvchi:

Hozir men sizlarga hayotiy vaziyatlarni o‘qiyman. Ular har birimizning kundalik turmushimizda sodir bo‘lishi mumkin. Har bir holatda siz “xavfsiz” deb hisoblasangiz bitta qarsak, “xavfli” deb o‘ylasangiz ikkita qarsak chalib vaziyatni baholaysiz. O‘ylashga vaqt bermayman, tez qaror qabul qilishingiz kerak.

Holatlar:

Do‘sting sizga “qiziq video bor” deb noaniq havola yubordi.

Bola elektrosamokatda shlemsiz yurib, storis olyapti.

Kechasi telefonni zaryadkada yostiq ostiga qo‘yib uxladingiz.

Telegramda noaniq manbadan kelgan havola orqali o‘tib “stipendiya uchun anketa” degan so‘rovnomani to‘ldirdingiz.

Cho‘milishda do‘stingiz “men yaxshi suzaman” deb notanish suv havzasiga kalla tashladi.

Yo‘lni quloqda naushnik bilan kesib o‘tyapsiz.

Kimdir diniy mazmundagi postni jo‘natib, “shuni tarqat” dedi.

(Har bir vaziyatdan keyin 30–40 soniya xatolar muhokama qilinadi: nima uchun bunday bo‘ldi?)

O‘qituvchi:

– Ko‘rib turibsizlar, “bir soniyalik qaror” hayotimizda katta ahamiyatga ega. Har safar “faqat bir marta” deb qilingan ish oxirgi marta bo‘lishi mumkin. Xavfsiz hayot – bu nafaqat o‘zingni, balki atrofdagilarni ham himoya qilish degani.

Emotsional yakun

O‘qituvchi (jiddiy, lekin samimiy ohangda):

Har biringizning hayotingiz – katta qiymat. Har biringizni kimdir kutyapti: ota-ona, do‘st, ustoz... Bir soniyalik e’tiborsizlik ularning hayotini ham o‘zgartiradi. Shuning uchun hayotingizga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ling.

(Bir necha soniya sukut.)

Xavfsizlik – bu qo‘rqish emas. Bu ongli yashash, ehtiyot bo‘lish demakdir.

Agar siz bugungi darsda kamida bitta foydali narsa o‘rgandim deb o‘ylasangiz, qo‘lingizni ko‘taring.

(Qo‘llar ko‘tarilgach)

 Demak, biz bugun xavfsiz hayot uchun birinchi qadamni tashladik. Qolgan qadamlar – sizdan.