“Kelajak soati” 10-mavzu
OLIY TA’LIM MUASSASALARI TALABALARI UCHUN “KELAJAK SOATI” DARSLARINING 10-MAVZUSI SSENARIYSI
Mavzu: “Xavfsiz hayot”
Dars oʻtiladigan sana: 2025-yil 3-noyabr
Annotatsiya.
Ushbu mashgʻulot talabalarda shaxsiy xavfsizlik tushunchasini toʻgʻri anglash va himoya qilish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Mashgʻulot jarayonida xavflarning turlari, ular sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar hamda xavfsizlikni mustahkamlash yoʻllari muhokama qilinadi. Real hayotiy vaziyatlar, keys-topshiriqlar va rolli oʻyinlar orqali talabalar turli ijtimoiy, oʻqish va shaxsiy munosabatlarda oʻz huquqlari va his-tuygʻularini himoya qilishga oʻrganadilar. Mashgʻulot interaktiv usullarda tashkil etilib, mustaqil fikrlash, mantiqiy tahlil, empatiya va sogʻlom muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Darsning maqsadi:umumiy maqsad.
Talabalarda xavfsizlik va sogʻlom ijtimoiy munosabatlar uchun shaxsiy chegaralarning ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish. Oʻzlari va boshqalar uchun hurmatga asoslangan muhit yaratish koʻnikmalarini shakllantirish.
Aniq maqsadlar:
1. Talabalarda shaxsiy xavfsizlik tushunchasini toʻgʻri anglash va uning ahamiyatini tushuntirish.
2. Oʻz chegaralarini aniqlash, himoya qilish va boshqalarning chegaralariga hurmat bilan yondashish koʻnikmasini shakllantirish.
3. Xavf paydo bo‘lganida, toʻgʻri harakat qilish usullarini oʻrgatish.
4. Turli hayotiy vaziyatlarda oʻz huquqlari va his-tuygʻularini himoya qilishga tayyor boʻlishni rivojlantirish.
5. Sogʻlom muloqot va oʻzaro hurmat tamoyillarini mustahkamlash.
Asosiy g‘oyalar: Shaxsiy xavfsizlik – bu insonning jismoniy, hissiy va psixologik sog‘ligini va hayot sifatini belgilovchi koʻrinmas chiziqlar boʻlib, ular shaxsning hayotini, erkinligini va ichki osoyishtaligini saqlashga xizmat qiladi. Shaxsiy xavfsizlik haqida qayg‘urish sogʻlom fikr, oʻzaro ishonch va hurmatni taʼminlaydi. Oʻz xavfsizligi haqida qayg‘urish – bu oʻzini qadrlash, oʻz huquqlarini bilish va boshqalarning ham huquqlariga hurmat bilan yondashishning ajralmas qismidir.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
· Talaba shaxsiy xavfsizlik tushunchasini izohlab bera oladi.
· Shaxsiy xavfsizlik turlari (jismoniy, hissiy, psixologik, ijtimoiy, raqamli) va ularning ahamiyatini biladi.
· Xavf tug‘ilganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni tushuntira oladi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
· Oʻzini va boshqalarni hurmat qilish hissi kuchayadi.
· Oʻz huquqlari va erkinliklariga ijobiy munosabat shakllanadi.
· Empatiya, yaʼni boshqalarning his-tuygʻularini tushunish va inobatga olish koʻnikmasi rivojlanadi.
3. Amaliy koʻnikmalarda:
· Turli vaziyatlarda o‘z xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha muloqot olib boradi.
· Chegaralar buzilganda madaniyatli tarzda “yo‘q” deyishni amaliy qo‘llaydi.
· Konflikt vaziyatlarni sog‘lom muloqot orqali hal qilish usullarini qo‘llaydi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
· Guruhda oʻzaro hurmat va ishonch muhitini yaratishga hissa qoʻshadi.
· Oʻzining va boshqalarning shaxsiy xavfsizligi haqida qayg‘urish tamoyillarini mustahkamlaydi.
· Sogʻlom munosabatlar va muloqot madaniyatini rivojlantirishga faol ishtirok etadi.
Metapredmet: ushbu mashgʻulot talabalarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:
· Ona tili va adabiyot: shaxsiy xavfsizlik mavzusidagi matnlar, hikoyalar va hayotiy voqealarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.
· Tasviriy sanʼat: shaxsiy xavfsizlik va chegaralarni ifodalovchi ramziy rasmlar yaratish, ularni mantiqiy tahlil qilish.
· Psixologiya asoslari: shaxsiy xavfsizlik aniqlash, ularning oldini olish va sogʻlom muloqot qoidalarini oʻrganish.
· Huquqshunoslik: inson huquqlari, shaxsiy erkinlik va daxlsizlik haqidagi qonuniy meʼyorlarni bilish va amalda qoʻllash.
· Tanqidiy fikrlash: turli vaziyatlarda chegaralar buzilishi ehtimolini baholash, oqibatlarini oldindan koʻra bilish va oqilona yechim ishlab chiqish.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Talabalarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va mantiqiy tahlil qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qoʻllaniladi. Mashgʻulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhiy muhokama, real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar, rolli oʻyinlar va savol-javob usullaridan foydalaniladi. Bu yondashuv talabalarga shaxsiy xavfsizlik mavzusini chuqur oʻzlashtirish, oʻz fikrini asoslab berish va amaliy koʻnikmalarni shakllantirish imkonini yaratadi.
Materiallar to‘plami: Mashgʻulotni samarali tashkil etish uchun mashgʻulot ssenariysi, shaxsiy xavfsizlik mavzusiga oid rasm va slaydlar toʻplami, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan videomateriallar, keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli oʻyinlar uchun vaziyat kartochkalari tayyorlanadi. Shuningdek, “aqliy hujum” uchun savollar roʻyxati va talabalar ishtirokini faollashtiruvchi flomasterlar, markerlar, varaqlar va doska kabi koʻrgazmali vositalardan foydalaniladi.
Dars tuzilishi
Kirish qismi (5 daqiqa).
Talabalar bilan salomlashish, mavzu va maqsadni eʼlon qilish. Shaxsiy xavfsizlik haqida qisqa kirish suhbati va mavzuga oid motivatsion savol-javob.
Asosiy qism (30 daqiqa).
· Shaxsiy xavfsizlik turlari (jismoniy, hissiy, psixologik, ijtimoiy, raqamli) haqida tushuntirish va muhokama.
· Real vaziyatlar asosida keys-topshiriqlarni tahlil qilish.
· Rolli oʻyinlar orqali amaliy mashqlar.
· Guruhiy “aqliy hujum” usulida xavfsizlikni taʼminlash yoʻllarini ishlab chiqish.
Yakuniy qism (10 daqiqa). Talabalar bilan darsdan olingan xulosalarni muhokama qilish. Shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha asosiy qoidalarni belgilash.
Dars ssenariysi
KIRISH (10 daqiqa): “Hayot – bu to‘g‘ri tanlov demak” (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Assalomu alaykum, hurmatli talabalar.
Bir o‘ylab ko‘ring-chi: bugun tongda uyg‘onganingizdan beri nechta xavf bilan to‘qnash keldingiz? Balki, yo‘lni kesib o‘tayotganda quloqqa naushnik taqqandirsiz? Balki, yo‘lni svetoforga qaramay kesib o‘tgandirsiz? Yoki nonushta payti qo‘lingizda telefon, bir qo‘lda issiq choy bo‘lmaganmidi?
Ehtimol, siz bu narsalarni xavf deb o‘ylamassiz, lekin har kuni yuzlab yoshlar aynan “oddiy beparvolik” sababli hayoti tubdan o‘zgarib ketayotgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Hozir sizlar bilan hayotimizda bizga doim hamroh xavf nuqtalari haqidagi videoni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Xavf nuqtalari. 2-qism
O‘qituvchi:
Ko‘rib turganingizdek, xavf hamma joyda bor. Undan qo‘rqish emas, hushyor bo‘lish kerak. Endi esa mana bu suratga e’tibor bering.

O‘qituvchi:
Mana shu fotoni va aynan bu voqea aks etgan videoni hammangiz ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Voqea sanoqli soniyalarda sodir bo‘ldi, hatto bir daqiqaga ham bormadi.
Ko‘rgan bo‘lsangiz, haydovchining avvalo yo‘l harakati qoidasini buzishi, ikkinchidan esa qaltis daqiqalarda noto‘g‘ri qaror qabul qilgani (gaz pedalini qattiq bosgani) mana shunday holatga olib keldi. Endi o‘ylab ko‘ring, shu voqeadan bir necha daqiqa oldin svetoforning qizil chirog‘ida turganida “Chery” haydovchisi hademay dahshatli daqiqani boshidan kechirishini bilganmidi? “Malibu” haydovchisi-chi? Ular ertalab uyidan chiqib ketayotganda qanday rejalar qilishgan edi-a?
Bir soniyalik noto‘g‘ri qaror hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Yaxshiki, hech kimning joniga zarar yetmadi. Ammo biz xulosa chiqarishimiz uchun jiddiy signal bo‘ldi, to‘g‘rimi? Axir, bekorga aytishmaydi-ku, yo‘l harakati qoidalari inson qoni bilan yozilgan deb. Qoidalar juda muhim, ular eng muqaddas qadriyat – inson hayoti va salomatligini asrash uchun o‘ylab topilgan.
Kelinglar, shu o‘rinda mashhur insonlarning yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilishga qaratilgan chellenjini ko‘ramiz.
Vizual kontent
Chellenj: Yo‘l qoidalariga amal qiling
O‘qituvchi:
Demak, bugun biz sizlar bilan xavflar va ularga olib boruvchi qaltis qarorlar haqida gaplashamiz. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash haqida ham.
Xavf – bu faqat jarohat, yong‘in yoki toshqin emas. U ba’zan sizga “shunchaki qiziq video”, “o‘yin”, “layk yig‘ish imkoniyati” ortidan kelishi mumkin bo‘lgan katta zarar, ba’zan tuzatilmas mudhish xato bo‘lishi mumkin. Notoʻgʻri qarorlar, qoidalarni mensimaslik, ularga bepisand qarash sizni asta-sekin xavfga yaqinlashtiradi.
Demak, bugungi darsda biz xavfni qanday tanish, unga qarshi qanday ehtiyot choralarini ko‘rish va eng muhimi, o‘z hayotingiz uchun mas’uliyatni qanday his qilishni o‘rganamiz.
ASOSIY QISM (30 daqiqa)
I. Ko‘zga ko‘rinadigan xavflar
Interaktiv mashq: “Xavf manbalari atrofimizda”
Talabalar 3 ta guruhga bo‘linadi:
· 1-guruh: Uy va yotoqxonadagi xavflar
· 2-guruh: Ko‘chadagi va transportdagi xavflar
· 3-guruh: Tabiat va sayohatdagi xavflar
Har bir guruhga 5 daqiqa vaqt beriladi. Ular quyidagi topshiriqlarni bajaradi:
1. Hayotdagi real xavfli holatni tanlash (masalan, skuterga ikki kishi minish, rulda Telegram orqali yozishish, tezlikni oshirish, garov o‘ynab baland qoyadan suvga kalla tashlash).
2. Shu holat qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytish.
3. Uchta amaliy xavfsizlik tavsiyasi ishlab chiqish.
Talabalar topshiriqni bajarishadi, o‘qituvchi bir nechta talabadan javobni eshitadi, qisqa muhokama bo‘ladi.
O‘qituvchi:
Hurmatli talabalar, yaqinda tengdoshingiz ishtirokida bo‘lgan qahramonlik voqeasini hammangiz eshitdingiz. Ya’ni Toshkentda talaba 4-qavat balkonidan tushib ketay deyayotgan yosh bolalarni qutqarish uchun o‘zining jonini xatarga qo‘yib 5-qavatdan 4-qavat balkoniga tushdi va bolalarni asrab qoldi. Yaxshiki, voqea baxtli yakun topdi.
Ammo shu o‘rinda farzandlarini qarovsiz qoldirgan, shuningdek, balkonning xavfsizligini ta’minlamagan ota-ona qayerda edi degan savol tug‘iladi. Ko‘pchiligingiz oilalisiz yoki hademay oila qurasiz. Unutmangki, yosh bolali oilalarda hushyorlik karrasiga ortishi, sizlar bolalarning xavf nuqtalarini oldindan topishingiz va xavfsizlantirishingiz kerak. Eng asosiy vazifalaringizdan biri shu. Masalan, bola cho‘miltirilayotgan paytda eshik qo‘ng‘irog‘i chalinadimi, telefon jiringlaydimi, ko‘chada nimadir bo‘ladimi – sizning e’tiboringiz faqat bolada bo‘lishi kerak. Yoki “Bolalarni qarovsiz qoldirmang!” degan chaqiriq oddiy so‘zlar emas. Chindan ham, bolalarga ko‘z uzmay qarab yurish lozim. Bolalarni qutqargan tengdoshingizga esa hurmatim cheksiz! Faqat qaniydi shunday qahramonliklarga ehtiyoj bo‘lmasa. Chunki o‘sha yigit hayotini katta xavfga qo‘ydi.
O‘qituvchi (xulosalaydi):
Har bir xavf, aslida, bilim va hushyorlik yetishmasligidan kelib chiqadi.
Biz har kuni xavf bilan yashaymiz, lekin uni tan olsak va unga qarshi oddiy ehtiyot choralarini bilsak, u bizni yengolmaydi.
Xavfsizlik – bu nafaqat bilim, balki madaniyat hamdir. Bu sizning hayotingiz, tanlovingiz va mas’uliyatingizdir.
II. Ko‘zga ko‘rinmaydigan xavflar
O‘qituvchi:
Endi, aziz talabalar, biroz boshqacharoq xavf haqida gaplashamiz – ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin ta’siri ko‘p hollarda jismoniy xavfdan ham kuchli bo‘lgan xavflar haqida.
Bu xavflar sizni urmaydi, yiqitmaydi, lekin ichingizga kiradi – fikringizga, odatlaringizga, hatto orzularingizga ta’sir qiladi.
Bugungi dunyoda bu xavflar juda ko‘p:
· firibgarliklar (jumladan internetdagi),
· soxta tanlovlar va “challenge”lar,
· dori va tabletka orqali zavq olish targ‘ibotlari,
· virtual o‘yinlarga qaramlik,
· “trend” ortidan ko‘r-ko‘rona ergashish
· onlayn qimor.
1. Internet xavfi – “layk” ortidan quvish
O‘qituvchi:
Ko‘p kuzatyapsizlar: TikTokda, Instagramda yoki Telegramda turli “challenge”lar chiqadi. Kimdir achchiq qalampir yeydi, kimdir har xil dorilarni aralashtirib ichadi, yana kimdir tomdan sakrab “jasorat” ko‘rsatadi.
Ammo, shu “trend”lar ortidan sog‘lig‘ini, hatto hayotini yo‘qotgan yoshlar haqida ham eshitganmisizlar?
Masalan, TikTokda talabalar o‘rtasida “The blackout challenge” degan xavfli odat tarqaldi. Ya’ni kimdir sherigini bo‘g‘adi yoki uning o‘zi nafas olmay turadi, toki behush yiqilmaguncha. Bunda miyaga havo yetib bormasligi natijasida kislorodga ochlik paydo bo‘ladi va miya bir necha daqiqaga “o‘chadi”. Lekin fiziologiyani yaxshi bilmaydigan yoshlar bu juda xavfli o‘yin ekani, miya bilan o‘ynashish yaxshi emasligini tushunishmaydi. Mana shu chellenj TikTokka chiqqanidan beri uning oqibatida shu paytgacha 20 ta bola o‘lganini bilasizlarmi? (https://en.wikipedia.org/wiki/Blackout_challenge) Bu ko‘ra-bila turib o‘zini xavfga qo‘yishdir.
Savol-javob:
– Siz hech qachon “trend”ga ergashib, xavfli narsa qilganmisiz?
– Internetda ko‘rgan narsangizni baholashdan oldin, sizda “bu menga zarar keltirmaydimi?” degan fikr paydo bo‘ladimi hech?
Xulosa shuki, Internet sizning imkoniyatingiz ham, xavfingiz ham. Faqat axborotni saralash, tanlash va tahlil qilishni bilgan odamgina xavfsiz.
Mavzuga doir video ko‘ramiz.
Vizual kontent
Salom! Mening ismim kiberxavf
2. Tabletkalar, “energetiklar” va “modalar” xavfi
O‘qituvchi:
Bugun yoshlar orasida yana bir xavfli tendensiya bor – “energiya beradi”, “stressni kamaytiradi”, “tez ozdiradi” deb ishonib tabletkalarni, sirli kapsulalarni yoki aralashmalarni iste’mol qiladilar. Bularning ko‘pi internet orqali sotiladi, tarkibi noma’lum.
Bu xavf – jismoniy emas, balki axborot va ishonch xavfi sanaladi. Yoshlar “inflyuyenserlar”ga ishonib yoki “reklamada aytildi” deb ergashadi, ammo har bir dorining ortida kimningdir manfaati, kimningdir foydasi bor, tabiiy. Buni ko‘ra olish lozim.
Unutmanglar, tanangiz – bu sizning eng katta mas’uliyatingiz. Uni har turli “sinovlardan o‘tkazish” hayotni xavfga qo‘yishdir.
3. O‘yin va qimor – “virtual dunyo”da yo‘qolish xavfi
O‘qituvchi:
Ba’zi talabalar vaqt o‘tkazish uchun mobil o‘yinlar o‘ynaydi. Buning yomon joyi yo‘q. Ammo muammo – chegarani bilmaslikda. Birinchi marta biror soat, keyin kuni bo‘yi, keyin haftalab degan odat paydo bo‘ladi. So‘ngra esa “skinning sotib olish”, “pul tikish”, “onlayn kazinoga o‘tish” – u yog‘i ma’lum.
2022-yilda O‘zbekistonda onlayn qimor tufayli 6 oyda 6 kishi o‘z joniga qasd qilgani haqida saytlar yozgan edi. (https://xabar.uz/mahalliy/6-oyda-onlayn-qimorda-yutqazgan-6-kishi-oz-joniga-qasd-qilgan) Bu dahshat-ku, har oyda bittadan inson shu o‘yinga qurbon bo‘lyapti!
Har qanday o‘yinda g‘olib bo‘lish mumkin, lekin qimorda emas! Bir-ikki marta omad kelgani aslida baxtsizlikdir, chunki aynan shu hol odamni o‘yinga bog‘lab qo‘yadi, “bu safar albatta yutaman, axir yutganman-ku” degan fikr uni to‘xtamaslikka undaydi, oxirgi fojiali qarorgacha olib borishi mumkin.
Xulosa shuki, raqamli olamni sen boshqarsang – xavfsiz; u seni boshqarsa – xavfli.
4. Yot g‘oyalar va manipulyatsiya
O‘qituvchi:
Hozir internetda har kim “ekspert”. Telegramda, YouTubeda, Instagramda turli kouchlar, motivatorlar, so‘z orqali o‘ziga rom qilib odamlarni ortidan ergashtiradigan so‘zamollar ko‘p. Lekin shunday toifa borki, ular “nafrat uyg‘otish” orqali yoshlarning ongini egallamoqchi bo‘lishadi.
Bu odamlar bir qarashda haqiqatni aytayotgandek tuyulishadi, siz ularni kuzata boshlaysiz, doim tanqid qilishlari sizga yoqadi. Lekin hech sezasizmi, tobora agressivlashib, bahsga o‘ch bo‘lib, bahslashganda esa oxiri janjal bo‘lmagunicha tinchlanolmaydigan bo‘lib qolyapsiz. Boshqalar fikriga toqatsizlik, keskinlik, “faqat men haqman” degan illyuziya paydo bo‘ladi. Bu nafratdir.
Nafratga berilgan odamning aqli va mulohazakorligi “o‘chadi”, u tahlil qila olmaydi, natijada uni boshqarish oson bo‘lib qoladi. Unutmang, haqiqiy jurnalist yoki inflyuyenser voqealarni yoritadi, mulohazalarini aytadi, tanqid ham qiladi, lekin vaqti kelsa pozitiv yangiliklar, yaxshi o‘zgarishlarni ham e’tirof etadi, xolislik uchun. Agar siz kuzatayotgan shaxs hech qachon muvozanatni ushlamasa, faqat tanqid qilsa yoki faqat maqtasa, bir o‘ylab ko‘ring: nimaga shunday?
Har qanday fikrni eshitganda: “Bu kimga foyda?” deb so‘rashni odat qiling. Ilmga tayaning, faktlarni tekshiring, hech qachon nafrat yoki qo‘rquv asosida qaror qabul qilmang. Sizlar bo‘lajak oliy ma’lumotli insonsizlar, ziyolisizlar. Sizlarga qarab boshqalar o‘rnak oladi. Demak, ongli qaror qabul qiling, xususan, internetdagi axborotga nisbatan ham.
Mini interaktiv mashq: “Men tanlayman”
O‘qituvchi doskaga yozadi:
· “Do‘stim taklif qilsa ham…”
· “Internetda ko‘rsam ham…”
· “Qiziq tuyulsa ham…”
· “Layk uchun bo‘lsa ham…”
Talabalar har bir jumlani tugallaydi:
“... xavfli bo‘lsa, men yo‘q deyman.”
“... bilmagan narsam bo‘lsa, tekshiraman.”
“... men o‘zim uchun javobgarman.”
O‘qituvchi:
– Eng ko‘rinmas xavf – bu o‘z fikringni yo‘qotish.
– Agar siz mustaqil fikr yuritishni bilsangiz – siz xavfsizsiz.
III. Amaliy xavfsizlik mashg‘ulotlari
Maqsad: Talabalarda kundalik hayotda xavfsizlik refleksini shakllantirish, xavfli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, yordam so‘rash, atrofdagilarga yordam berish ko‘nikmasini mustahkamlash.
Mini-trening: “Xavf refleksi”
O‘qituvchi doskaga yozadi:
“Xavf tug‘ilganda men nima qilaman?”
So‘ng, talabalar bilan “refleks”ni shakllantiruvchi uch bosqichli formula o‘rganiladi:
1. To‘xtang. – Har qanday favqulodda vaziyatda birinchi harakat – to‘xtab, nafas olish. Shoshilinch qaror xavfli.
2. Baholang. – Atrofni baholang: xavf qayerda? Siz xavfsizmisiz? Yordam kerakmi?
3. Harakat qiling. – Yordam so‘rash, tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish, odamlarni evakuatsiya qilish.
Amaliy mashq:
O‘qituvchi 2–3 ta misol aytadi, talabalar tez javob berishadi:
– Kimdir sizga diniy mazmundagi kontent havolasini yubordi va “tarqating” dedi. (To‘xtang, tekshiring.)
– Ijtimoiy tarmoqda kimdir sizga pul yutug‘i taklif qilmoqda. (Baholang, manbani tekshiring, shaxsiy ma’lumot bermang.)
– Yonayotgan simni ko‘rdingiz (Harakat qiling, lekin o‘zingiz xavfga tushmang, qutqaruvga xabar bering.)
YAKUNIY QISM “Sen o‘zingning himoyachingsan” (10 DAQIQA)
O‘qituvchi:
– Xavfsizlik – bu faqat yong‘in o‘chirgich yoki kamera emas.
– Xavfsizlik bu sizning har kuni qilgan tanlovlaringiz.
– Har safar “men bilaman” deyish o‘rinda, o‘zingizdan so‘rang: “Bu xavfli emasmi?”
– Chunki sizning hayotingiz – eng qimmat narsa. Uni himoya qilish – faqat sizning qo‘lingizda.
Endi esa ko‘pchiligingiz yaxshi taniydigan ekobloger va jamoatchilik faoli Moʻtabar Xushvaqtova (O‘rik Guli)dan ekologik xavfsizlik haqidagi muhim tavsiyalarni eshitamiz. Ekranga qaraymiz.
Vizual kontent
“Yashil bogʻ uchun kurashganmiz” – Moʻtabar Xushvaqtova
O‘qituvchi:
Hurmatli talabalar, bugungi darsimiz yakunida sizlarga so‘z bermoqchiman,. Kelinglar, biroz savol-javob qilamiz.
1. Xavf va beparvolik orasidagi farq nima?
2. Internetdagi firibgarlikni qanday aniqlash mumkin?
3. “To‘xtang, baholang, harakat qiling” formulasi nimani anglatadi?
(3–5 daqiqa qisqa savol-javob.)
O‘qituvchi:
Hurmatli talabalar, bugungi darsimiz asosan yo‘riqnoma xarakterida bo‘ldi. O‘ylaymanki, bundan sizlarga foyda bo‘ladi. O‘zingizni ehtiyot qiling. Keyingi darsda ko‘rishguncha xayr!