“Kelajak soati” 11-mavzu
“Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
Mavzu: “Bag‘rikenglik”
Dars maqsadi: O‘quvchilarni millatlararo bag‘rikenglik haqida tushunchalarini rivojlantirish. O‘quvchilar qalbida boshqa millat va elat vakillariga hurmat bilan qarash tuyg‘usini shakllantirish. Turli millat, din, madaniyat va qarashdagi insonlarga nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirish.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
O‘quvchi Yer yuzida yashaydigan millat va elat vakillari, ularning urf-odati qadriyatidan qat’iy nazar barcha teng haq va huquqqa ega ekanligi, mamlakatimizda yashovchi turli millat vakillarini ham birdek ko‘rish, ularga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish kerakligini anglaydi.
Metapredmet: O‘quvchilar O‘zbekistonda yashaydigan millatlar, ularning tili va madaniyati bilan tanishadilar, barchaga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rganadilar..
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: izohli suhbat metodi, audio-video vizual, imitatsion o‘yin elementlari va qo‘shimcha ko‘rsatmali materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar to‘plami:
– dars ssenariysi;
– nazariy ma’lumotlar;
– video materiallar;
– interfaol topshiriqlar;
– taqdimot.
DARS SSENARIYSI
KIRISH. Motivatsion qism (5 daqiqa)
(Doskaga katta harflar bilan “BAG‘RIKENGLIK” so‘zi yozilgan. O‘qituvchi sinfga bir qo‘lida turli mamlakatlarning bayroqlari, ikkinchisida uchta qizil yurakcha shaklidagi kartochka bilan kirib keladi)
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilarim!
Siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz… agar butun dunyodagi odamlar bir xil rangda, bir xil tilda, bir xil fikrda yashasa, hayot qanday bo‘lardi?
(Jimlik. O‘qituvchi to‘xtab, sinfni kuzatadi.)
– Hamma bir xil kiyinsa, bir xil so‘zlasa, bir xil kulsa… shunaqa bir xil rangdagi dunyo sizga yoqarmidi?
Albatta, yoqmaydi, chunki bu juda zerikarli dunyo bo‘lar edi. Biz yashab turgan olam ranglardan, farqlardan, turli insonlarning tanasida turlicha urayotgan yuraklardan yaratilgan mo‘jiza.
(O‘qituvchi o‘quvchilarga qaraydi, so‘ng stol ustidan yurakcha shaklidagi kichik qizil kartochkalarni oladi. Har bir qatorga bittadan kartochkani beradi.)
O‘qituvchi:
Mana bu – yurak. Men uni sizga beraman. Siz uni yoningizdagi sinfdoshingizga uzatasiz. Faqat shunday uzatib qo‘ymay, bir chiroyli, samimiy so‘z ham aytasiz. Masalan: “Men seni hurmat qilaman”, “Men seni tushunaman”, “Senga ishonaman” va hokazo. Qani, boshladik...
(“Yurak” kartochkasi o‘quvchidan o‘quvchiga o‘tadi. Har biri mehrli, samimiy so‘z aytadi.)
O‘qituvchi:
Qaranglar, bir dona yurak butun sinfni iliqlikka to‘ldirdi. Shunday yuraklar birlashsa, dunyo tinch bo‘ladi. Bugun biz tana rangimiz, tug‘ilgan joyimiz, so‘zlayotgan shevamiz, kiygan kiyimimiz va hokazo farqlardan qat’iy nazar inson ekanimizni his qilamiz. Bugun biz bir-birimizni boshqacharoq ko‘z bilan ko‘ramiz.
Xo‘sh, tayyormisiz? Unda boshladik. Hammamiz qo‘llarimizni ikki yonga keng ochamiz va bag‘rikenglik haqidagi suhbatimizni boshlaymiz!
O‘qituvchi qo‘llarini ikki yonga ochadi. O‘quvchilar ham unga ergashib shunday qilishadi.
– Ketdik!
ASOSIY QISM (25 DAQIQA)
O‘qituvchi: Barakalla, mehribon va bag‘rikeng o‘quvchilarim. Ko‘rdingizmi, bir-biringizga mehr berish, chiroyli so‘zlar bilan tilak bildirish sizning do‘stligingizni va sinfimizning tinchligini yanada mustahkamlaydi. Sizni bag‘rikeng inson ekanligingizni ko‘rsatadi.
O‘qituvchi: Sizningcha, bag‘rikenglik nima?
O‘quvchilar: Javoblar tinglanadi.
O‘qituvchi: Bag‘rikeng bo‘lmagan odamni qanday tasavvur qilasiz?
O‘quvchilar: Javoblar tinglanadi.
O‘qituvchi: Barakalla, javoblaringiz juda to‘g‘ri. Bag‘rikenglik – bu boshqalarning fikri, e’tiqodi, madaniyatiga hurmat bilan qarash, ularni tushunish va tinch-totuv yashash fazilatidir. U – mehr, sabr, hurmat va tushunish kabi fazilatlarni o‘zida mujassam etgan eng go‘zal insoniy xislatlardan biridir.
Bag‘rikeng odam boshqalar bilan bahslashmaydi, ularning fikrini rad etmaydi, aksincha, tushunishga harakat qiladi. Chunki har bir inson o‘ziga xos, har kimning hayoti, tili, dini, urf-odati boshqacha bo‘lishi tabiiydir.
Bag‘rikenglik nimani anglatadi?
Hurmat – boshqalarga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish;
Sabr – o‘zgacha fikr yoki xatti-harakatlarni tinchlik yo‘li bilan qabul qilish;
Mehr – atrofdagilarga samimiyat bilan munosabatda bo‘lish;
Tinchlik – o‘zaro tushunish va do‘stona muhit yaratish.
Masalan, sinfimizda ham turli fikrli, turli odatli o‘quvchilar bo‘lishi mumkin. Kimdir boshqa tilda gapiradi, kimdir boshqa hududdan kelgan. Agar biz bir-birimizni tushunib, birgalikda o‘ynab, o‘qisak – mana bu bag‘rikenglik bo‘ladi.
Bilasizmi, dunyoda xalqlar ko‘p, shunga yarasha urf-odatlar, tillar, e’tiqod va dinlar ham turlicha. Ilgari tarixda shunday zamonlar bo‘lganki, odamlar mana shu farqlar tufayli boshqa xalqlarni qabul qilishni istashmagan, ularni yomon ko‘rishgan, natijada urushlar ko‘p bo‘lgan, qon ko‘p to‘kilgan. Keyin insoniyat shuni tushundiki, bu farqlar bir-biri bilan urishish uchun emas, aksincha, bir-biriga qiziqib, o‘zaro madaniyatlar, tillar va urf-odatlarni o‘rganish va do‘stlashish uchun yaratilgan. Shunday qilib bag‘rikenglik degan tushuncha ilgari surildi. Natijada urushlar Keskin kamaydi, insoniyat taraqqiyoti tezlashdi.
Keling, hozir Yaponiyadan O‘zbekistonga kelib o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganayotgan, ya’ni bag‘rikenglik qilayotgan xorijlik mehmon haqidagi video bilan darsimizni davom ettiramiz.
Vizual kontent
“Oʻzbeklar menga rahmat aytishadi” – Mashu Komazaki
Video muhokama qilinadi (2 daqiqa)
O‘qituvchi:
Endi esa sizlarga bir surat ko‘rsataman. Ekranga e’tibor qaratamiz.

O‘qituvchi:
Bu amerikalik model, uning ismi Vinni Xarlou. U 4 yoshligida psoriaz kasalligiga chalingan, ya’ni tanasini oq dog‘lar qoplay boshlagan. Maktabga chiqqanida, ayniqsa sizlar tengi o‘smir bo‘lganida uni tengdoshlari ko‘p masxara qilishgan, ko‘ngliga ozor berishgan. Natijada qiz maktabga borgisi kelmagan, ko‘p darslar qoldirgan. Lekin baribir irodasini qo‘lga olgan va maktabni tugatgan.
Keyin uni bir fotograf ko‘rib qolgan va suratga olgan, “Sen model bo‘lishing mumkin!” deb ishontirgan. Vinni AQSH televideniyesidagi top-modellar uchun uyushtiriladigan shouda ishtirok etgan va uni mashhur reklama agentliklari ko‘rib qolishgan. Hozir 30 yoshlik Vinni moda olamida juda mashhur, ko‘p pul ishlab topadi va o‘ziga o‘xshagan dardga chalingan odamlar uchun ochilgan fondga katta xayriyalar qiladi. Uni masxara qilgan tengdoshlari esa endi Vinniga havas qilishyapti.
Ko‘rdinglarmi, bolalar, hech qachon birovni tashqi ko‘rinishi uchun kamsitib, masxaralash kerak emas. Aksincha, har bir insonning ichki dunyosi va qilmishlariga qarab baho berish kerak. Hammaning yuragi bir xil, qoni rangi bir xil, har bir insonga teginsangiz – sezadi, barmog‘iga zirapcha kirsa, hammaning joni bir xil og‘riydi.
Farqlarni esa yaxshilikka yo‘yish lozim. Kimdir tanasida dog‘ bormi, nutqida kamchilik bormi yo boshqa sizga o‘xshamagan jihati bormi – bunday farqlardan qo‘rqmang, masxaralamang, aksincha, buni ularning o‘ziga xosligi deb qabul qiling. Kelajakda aynan shu tengdoshingiz insonlarning eng yaxshisi, eng muvaffaqiyatlisi, eng chiroylisi bo‘lishi mumkin.
Xuddi shu kabi, farqlar faqat tashqi ko‘rinishda emas, urf-odatlarda, dinda, tilida, millatida va hokazo bo‘lishi mumkin. Buni ham to‘g‘ri qabul qilish, bu ularning madaniyati, odati deb tushunish kerak. Birovning farqi, o‘ziga xosligi, sizga o‘xshamagan jihati uchun yomon ko‘rish, g‘iybat qilish, masxaralash MUMKIN EMAS!
Endi esa sizlar bilan turli xalqlarning rang-baranglogi, o‘ziga xosligi haqidagi bir jumboqni yechamiz. Ekranga e’tibor qarataylik.
Vizual kontent
Dunyo millatlarini bir qarashda taniy olasizmi? (Jumboq)
Dunyo millatlari. Javoblaringizni tekshiring.
O‘qituvchi:
Azizlarim, bilasizmi, bizning yurtimiz qadimdan bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va totuvligi bilan ajralib turgan mamlakatdir. O‘zbekistonda 16 xil diniy konfessiya va 130 xil millat va elatlar tinch-totuv yashab kelmoqda. O‘zbekiston haqiqiy bag‘rikeng o‘lka.
Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda o‘qiyotgan o‘quvchilar davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.
Bizning mamlakatimizda har bir millatning tili, urf-odati, madaniyati e’zozlanadi. Aynan mana shu bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stona munosabat tufayli yurtimizda tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda. Shuning uchun ham biz shu qadriyatlarni qadrlab, kelajakda ham ularni asrab-avaylashimiz, millatlararo do‘stlikni mustahkamlashimiz lozim. Chunki bag‘rikenglik – bu inson qalbidagi eng yuksak fazilatlardan biridir. Bag‘rikenglikni hayotimizda, oila davrasida, maktabda, do‘stlar orasida va jamiyatda amalda namoyon etish – bu faqat madaniyat yoki odob-axloq belgisi emas, balki, har bir ongli fuqaroning muqaddas burchi sanaladi.
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan shiorimiz bor.

Yurtimizda xalqlar va shaxslar o‘rtasidagi do‘stlik – yuksak qadriyat. Shu sababli do‘stlik g‘oyasi ustiga qurilgan manzillar ham ko‘p. Kelinglar, mamlakatimiz poytaxtidagi do‘stlik manzillari haqida lavha tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Toshkentdagi do’stlik va bagʻrikenglik manzillari
O‘qituvchi:
Qani, video oxirida berilgan savolga javoblaringiz bormi? Xalqlar do‘stligi va bag‘rikenglikka bag‘ishlangan qanday manzillarni, monumentlarni, yodgorliklarni bilasiz?
O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.
O‘qituvchi:
Bugungi kunda davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan xalqlar do‘stligi va bag‘rikenglik borasida ko‘plab islohotlar qilinmoqda. Masalan, yurtimizda 30-iyun – Xalqlar do‘stligi kuni sifatida bayram qilinadi.
Bugungi kunda xalqlar va dinlar orasidagi bag‘rikenglik, tolerantlik g‘oyasi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda eng dolzarb masalalardan biridir. Bu umuminsoniy qadriyat. Shu sababli YUNESKO tomonidan 1995-yil Parijda “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” qabul qilingan. Birlashgan millatlar tashkiloti esa 16-noyabr “Bag‘rikenglik kuni” deb e’lon qilgan.
Biz shunday tinch-totuv, bag‘rikeng va barqaror o‘lka bo‘lganimiz uchun bugun yurtimizga hatto YUNESKO mehmonga keldi. Xabaringiz bor, shu kunlarda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sammiti bo‘lyapti. YUNESKO tarixida 40 yildan beri har yili bu sammit Parijda bo‘lib o‘tar edi, chunki tashkilotning Bosh qarorgohi o‘sha yerda joylashgan. Ammo bu safar YUNESKO Samarqandda o‘z tadbirini o‘tkazmoqda. U yerga butun dunyodan turli millat va elatlar vakillari kelib, madaniyat, ilm-fan orqali o‘zaro birlashish va totuv bo‘lishni targ‘ib qilishmoqda. Kelinglar, hozir Samarqanddagi YUNESKO tadbirlari haqida video tomosha qilamiz. Shuningdek, videoda AQSh bilan O‘zbekiston hamkorligining yangi bosqichga chiqqani sharhlangan.
Vizual kontent
Oktabr-noyabr taqvimi: ikki muhim voqea
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/163
O‘qituvchi:
Hurmatli o‘quvchilar! Mana, siz bir sinfda yillar davomida birga o‘qib kelyapsiz. Har biringizni o‘z fikringiz, qarashingiz va xarakteringiz bor. Hammamiz har xilmiz. Lekin bizni nimadir birlashtirib turadi. Keling, hozir buning nima ekanligini bilish uchun bitta topshiriqni bajaramiz. Sizlarga savollar beraman. Qo‘lingizni ko‘tarib birma-bir javob berasiz.
1. Kim mendek kitob o‘qishni yoqtiradi?
2. Kim mendek sport bilan shug‘ullanadi?
3. Kim mendek hayvonlarni yaxshi ko‘radi?
4. Kim mendek meva yeyishni yoqtiradi?
5. Kim mendek do‘stlariga yordam beradi?
6. Kim mendek birovni ranjitmaslikka harakat qiladi?
7. Kim mendek kechirimli?
8. Kim mendek boshqalarning fikrini tinglay oladi?
9. Kim mendek turli millat vakillari bilan do‘st bo‘lishni istaydi?
10. Kim mendek bahslashganda tinch yo‘l bilan yechim topadi?
O‘qituvchi: Juda yaxshi, bolalar. Ko‘rdingizmi, biz turlicha bo‘lsak ham, bizni bog‘lovchi o‘xshashliklar juda ko‘p. Sinfdoshingizning ko‘rinishi, xarakteri, sog‘ligi yoki odatlari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, ularga yordam berishingiz, tushunishingiz va hurmat qilishingiz, sizning bag‘rikeng ekanligingizni ko‘rsatadi.
Bag‘rikenglik – bu tinchlikning, do‘stlikning va totuvlikning asosi. Agar har bir inson bag‘rikeng bo‘lsa, dunyo tinch, hayotimiz esa go‘zal bo‘ladi.
Interfaol o‘yin
Keling, endi siz bilan sinfimizning “Bag‘rikenglik daraxti”ni yasaymiz. Buning uchun sizlarga berilgan barg yoki gul shakldagi stikerlarga bag‘rikenglik siz uchun nima ekanligini bitta so‘z bilan yozishingiz kerak. Masalan, bagʻrikenglik men uchun hurmat. Demak, men o‘z stikerimga “hurmat” so‘zini yozaman. Tushunarli bo‘lsa, unda boshlaymiz.
O‘quvchilarga 1 daqiqa vaqt beriladi. Bu orada o‘qituvchi sinf doskasiga daraxt rasmini chizadi yoki daraxt rasmi yoki maketi yopishtiriladi.
O‘qituvchi: agar tayyor bo‘lsangiz, yozgan so‘zlaringiz bilan daraxtimizni bezaymiz. Navbat bilan 2 tadan o‘quvchi bag‘rikenglikka bergan ta’rif so‘zini aytadi va daraxtga yopishtiradi.
YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
O‘qituvchi: Juda ajoyib. Bu bag‘rikengligingizga ofarin, deymiz. Faqat shuni unutmang-ki, bag‘rikenglik – bu faqat so‘z emas, bu yurakda bo‘lishi kerak bo‘lgan tuyg‘u.
Bag‘rikenglik – bu ota-bobolarimizdan bizga qolgan meros tushuncha. Bu haqida bobolarimiz xalq ogʻzaki ijodida ham ko‘plab maqollar, dostonlar ijod qilishgan.
Masalan, buyuk bobomiz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ham xalqlar do‘stligini olqishlaydi. Dostonda Farhod Chin (Xitoy) hukmdorining o‘g‘li bo‘ladi. Shirin esa Armani millatining malikasi edi. Ular o‘rtasidagi sof muhabbat bir xalqning suvga erishishi va rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Agar Farhod bu mening millatimdan emas ekan deb Shirinni sevmaganida va uni qidirib bormaganida, keyin esa Shirinning o‘lkasiga tog‘ni teshib suv olib kelmaganida, Arman o‘lkasi o‘z mustaqilligini yo‘qotib, Eron shohiga qul bo‘lishi mumkin edi. Toqatlilik, bag‘rikenglik va do‘stlik shunday katta kuchga ega.
Shu o‘rinda ota-bobolarimizdan meros qolgan ayrim xalq maqollarini ham eslab o‘tamiz.
(Maqollarni doskaga yozadi)
Oy bilan kunday bo‘l,
Hammaga birday bo‘l.
Tenglik – kenglik.
Yon qo‘shni – jon qo‘shni.
Besh barmoqning birini tishlasang, bari og‘rir.
O‘zingga qarama, olamga qara.
Bir kun urush bo‘lgan uydan
Qirq kun baraka ko‘tarilar.
Olam tinch – xonam tinch.
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar! Bir-birimizga mehr, hurmat va yordam ko‘rsatsak, sinfimiz tinchligi va do‘stligi mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun bag‘rikenglik har bir harakatlarimizda, ishimizda, kundalik munosabatlarimizda ko‘rsatishimiz zarur. Kelishdikmi, o‘quvchilar?! Keyingi darslarda ko‘rishguncha salomat bo‘ling! Bag‘rikenglik va ijobiy odatlar sizga har kuni hamroh bo‘lsin!