“Kelajak soati” 11-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9–11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi
___________________________________________________________
11-mavzu: “Bag‘rikenglik”
Dars maqsadi
Umumiy maqsad:
O‘quvchilarda bag‘rikenglik, insonparvarlik, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirish. Ularni turli fikr, millat, din va madaniyatlarga nisbatan ochiq va toqatli munosabatda bo‘lishga o‘rgatish.
Annotatsiya:
Mazkur mashg‘ulotda o‘quvchilarga bag‘rikenglikning hayotdagi o‘rni, insonlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida tushuncha beriladi. Hayotiy misollar, hikmatli so‘zlar, videoroliklar, sahna ko‘rinishlari va guruhli ishlash orqali o‘quvchilarda bag‘rikenglik madaniyati shakllantiriladi.
Aniq maqsadlar:
1. Bag‘rikenglik tushunchasining mazmuni va ahamiyatini o‘quvchilarga yetkazish.
2. O‘zaro hurmat, sabr, kechirimlilik, tinchlikparvarlik kabi fazilatlarni rivojlantirish.
3. Hayoti misollar orqali bag‘rikenglikning jamiyatdagi o‘rnini tahlil qildirish.
4. O‘quvchilarda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va insoniy birlikka nisbatan ongli munosabatni tarbiyalash.
Asosiy g‘oyalar:
Bag‘rikenglik – bu boshqalarning fikrini, e’tiqodini, millatini, urf-odatlarini hurmat qilishdir. Bag‘rikeng jamiyatda tinchlik, do‘stlik va totuvlik hukm suradi. O‘zini hurmat qilgan inson boshqalarni ham hurmat qiladi. Har kim o‘z fikriga ega, ammo bag‘rikeng inson boshqalarning fikriga ham quloq tuta oladi.
Darsdan kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy jihatdan:
● O‘quvchilar bag‘rikenglikning mohiyatini anglaydi.
● Turli qarashlarga nisbatan hurmatli va toqatli bo‘lishning ijtimoiy ahamiyatini tushunadi.
● Jamiyatdagi tinchlik, totuvlik va birlikning bag‘rikenglikka bog‘liqligini anglab yetadi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
● Insonparvarlik, sabr, hurmat, kechirimlilik kabi fazilatlarni qadrlaydi.
● Millatlararo va diniy bag‘rikenglik tuyg‘ulari mustahkamlanadi.
● Boshqalarni tushunish, fikr xilma-xilligiga ijobiy qarash ko‘nikmasi shakllanadi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
● Hayotiy vaziyatlarda bag‘rikenglikni qo‘llashni o‘rganadi.
● Konfliktlarni tinch yo‘l bilan hal qilish usullarini biladi.
● Muloqotda murosali bo‘lishni amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘zlashtiradi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
● Tinchlik, totuvlik, do‘stlikni qadrlaydigan ijtimoiy fikr shakllanadi.
● Jamoada o‘zaro hurmat, hamjihatlik va madaniy muloqot rivojlanadi.
● Bag‘rikenglik madaniyati yoshlarning ma’naviy yetukligiga zamin yaratadi.
Metapredmet yondashuv:
Dars davomida o‘quvchilar:
● Adabiyot orqali bag‘rikenglik mavzusidagi hikmatli so‘zlar, maqollarni tahlil qiladi;
● Tarix orqali millatlararo totuvlikka oid tarixiy misollarni eslaydi;
● San’at va madaniyat orqali bag‘rikenglikni ifodalovchi videoroliklarni tahlil qiladi;
● Muloqot va psixologiya orqali o‘z fikrini erkin ifoda etadi, boshqalarni tinglashni o‘rganadi.
Dars hamkori:
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa
Mashg‘ulot shakli:
Suhbat, video-tahlil, rolli o‘yin, guruhli ish, interaktiv savol-javob.
DARS SSENARIYSI
KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Salom bolajonlar. Bugungi darsimiz mavzusini aytishdan oldin, kelinglar, biroz tasavvurni ishga solamiz.
Tasavvur qiling: sinfingizga yangi o‘quvchi keldi. U boshqa millatga mansub, shu sababli boshqacha gapiradi, boshqacha libos kiyadi yoki boshqacha nomga ega. Siz uni birinchi ko‘rganingizda nimani his qilasiz?
(O‘quvchilar javob berishadi: hayron, qiziq, sal noqulay...)
O‘qituvchi:
Shu his – “bag‘rikenglik sinovi”. U har kuni hayotimizda bor.
Endi yana tasavvurda davom etamiz: bu o‘quvchi biror boshqa dinga mansub. Siz bunga qanday munosabat bildirar edingiz?
(yana javoblar)
O‘qituvchi:
Bilasizmi, O‘zbekistonimizda 130 dan ortiq millat va 16 ta diniy konfessiya vakillari birga yashaydi. Bu – juda katta boylik. Qonunlarimiz bu boylikni himoya qiladi. Yaʼni O‘zbekistonda har bir millat va din vakillarining o‘z milliy va diniy urf-odatlari bo‘yicha qonun chegarasidan chiqmagan holda yashashi kafolatlangan. Lekin bu boylikni himoya qilish faqat qonunlar bilan emas, qalblardagi hurmat bilan ham ta’minlanadi. Ya’ni mening, sizning – hammamizning boshqacha, o‘zimizdan farq qiluvchi odamlarga munosabatimiz O‘zbekistonimizda milliy, diniy, etnik xilma-xillikni himoya qiladi va tinchlikni taʼminlaydi.
Bugun biz shu hurmat haqida gaplashamiz, yaʼni bagʻrikenglik haqida.
Bu rasmga qarang, nima bu?

Bolalar: Bo‘g‘irsoq
O‘qituvchi: bunisi-chi?

Bolalar (bilganlari javob beradi): Kulich, Pasxa bayramida pishiriladi.
O‘qituvchi: To‘ppa-to‘g‘ri, bolalar. Bo‘g‘irsoqni onalarimiz hayit bayramida pishirishadi va osh bilan birga qo‘shnilarga tarqatishadi. Xuddi shu kabi nasroniylarning Pasxa bayramida kulich pishiriladi, tuxumlar turli ranglarga bo‘yaladi va qo‘shnilarga tarqatiladi. Agar shu dinga mansub qo‘shningiz bo‘lsa, sizga ham shunday bayram tortig‘i chiqqan bo‘lsa kerak. Ko‘rdingizmi, bolalar, odamlar turli millat va dinga mansub bo‘lsalar ham, o‘z milliy va diniy urf-odatlari bo‘yicha bir-birlarini hurmat qilib yashashmoqda, bir-birlarining diniy bayramlarida o‘zaro tabriklashmoqda. Mana shu O‘zbekistonimizga xos bag‘rikenglikning yorqin namunasidir. Bu yerda taomlar farqli bo‘lsa ham, qadriyatlar umumiy – do‘stona munosabatlar, bir-birining o‘ziga xosligini hurmat qilish, toqatlilik va o‘zaro samimiy aloqalar o‘zbekistonliklar uchun umumiy qadriyatdir.
Kelinglar, shu haqida bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Diniy bag’rikenglik yurti
O‘qituvchi:
Demak, bugungi darsimiz bag‘rikenglik haqida bo‘ladi.
ASOSIY QISM (25 daqiqa)
O‘qituvchi (sekin, hikoya uslubida):
Endi esa men sizlarga qisqa hikoya aytaman. Bir qishloqda ikki qo‘shni bor ekan: biri musulmon, ikkinchisi esa nasroniy. Bir kuni ular farzandlari o‘rtasidagi janjalga aralashib o‘zaro urishib qolishibdi. Bir-birlariga yomon so‘zlar aytishibdi, hatto milliy va diniy farqlarni ham yuzga solishibdi. Keyin esa qishloqqa katta sel kelibdi va ikkisining ham uyini oqizib ketibdi. Shunda davlat ularga uylarini qurib olishi uchun tovon puli beribdi, butun qishloq birlashib hashar qilib ikkisining uyini qurib berishibdi. Davlat ham, hamqishloqlari ham ularni “bu – musulmon”, “bu – nasroniy” deb ajratmabdi. Shunda ular anglashibdiki, kiyim, til, eʼtiqod muhim emas, muhimi, boshingga musibat kelganida odamlar senga yordam qo‘lini cho‘zishi, ya’ni insoniylik, bag‘rikenglik ekan.
Siz bu hikoyadan nimani o‘rganasiz? (2-3 o‘quvchi javob beradi)
O‘qituvchi (jiddiy):
Mana, sizlar ijtimoiy tarmoqda ko‘p vaqt o‘tkazasizlar, Instagram, Tik-tokda o‘tirasizlar. U yerda tasmada chiqqan bir videoni 15-20 soniya ichida baholaysiz, “layk” bosasiz yoki shunday o‘tkazib yuborasiz, to‘g‘rimi? Bitta postni yaxshi yoki yomon deb qaror berishingiz uchun 15 soniya kifoya qilyapti.
Lekin hayot ijtimoiy tarmoq emas. Siz qarshingizdan chiqqan notanish insonning tashqi ko‘rinishi yoki bir nechta so‘zini eshitib uni baholashga shoshilmang. Hayotda insonlarga baho berish va qaror qabul qilish uchun o‘zingizga vaqt bering, toqatli va sabrli bo‘ling. Mana shu bag‘rikenglikdir.
O‘qituvchi doskaga yozadi:
“Bag‘rikenglik – bu boshqani tushunish uchun bir fursat jim bo‘lish qobiliyatidir.”
O‘qituvchi:
Endi kichik test: agar sinfdoshlaringizdan biri boshqacha kiyinsa yoki boshqa dinda bo‘lsa, siz birinchi bo‘lib nima qilasiz?
A) ustidan kulasiz
B) uning aslida qanday insonligini bilish uchun savol berasiz
C) o‘ylab o‘tirmay darrov do‘stlashasiz.
O‘qituvchi bolalarning javoblarini eshitadi, bunday javob berishining sabablarini so‘raydi va muhokama qiladi (2 daqiqa)
O‘qituvchi:
Qadrli o‘quvchilar. Boya aytganimdek, Oʻzbekistondan juda ko‘plab millat va elatlar yashaydi. Boshqa mamlakatlardan tadqiqotchilar kelib bizning milliy madaniyatimiz, san’atimiz va tariximizni o‘rganishadi. Hozir sizlar bilan shunday xorijlik tadqiqotchilardan biri haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
“Oʻzbeklar menga rahmat aytishadi” – Mashu Komazaki
O‘qituvchi:
Bolalar, Mashuning o‘zbek tilida qanday gapirishini ko‘rdingizmi? Bizning san’atimizga muhabbatini-chi? Ayting-chi, bu bag‘rikenglik emasmi? Biz ham shunday bo‘la olamizmi?
O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.
O‘qituvchi:
Ayting-chi, aziz o‘quvchilar, sizlar hayotingizda shunday holatlarga duch kelganmisiz: kimdir sizning fikringizga qo‘shilmaydi, ammo siz u bilan bahslashmasdan, tinchlik va hurmatni saqlagan holda munosabatda bo‘lganmisiz? Balki do‘stingiz, sinfdoshingiz yoki hatto yaqin insoningiz sizdan boshqacha fikrlagandir, lekin siz u insonning nuqtayi nazarini tushunishga harakat qilgandirsiz. Ana shunday paytlarda siz o‘zingizni qanday tutgansiz? Fikrlar xilma-xilligiga toqatli bo‘lish, hurmat bilan muomala qilish – bu insoniy yetuklikning belgisi, to‘g‘rimi?(o‘quvchilar fikri eshitiladi).
O‘qituvchi: Ajoyib! Demak, siz bag‘rikeng inson bo‘lish yo‘lidasiz. Bag‘rikenglik – bu nafaqat boshqalar fikrini eshitish, balki uni tushunishga, qabul qilishga harakat qilishdir. Bu insoniy fazilat odamlar o‘rtasida totuvlik, do‘stlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlaydi. Har bir insonning dunyoqarashi, hayotga yondashuvi turlicha bo‘lishi tabiiy, ammo bag‘rikenglik orqali biz o‘sha farqlarni urush emas, boylik deb bilamiz.
Demak, bag‘rikenglik bu nafaqat boshqa millat, din, til egalariga, balki o‘zingizdan boshqacha fikrlarga ham toqatli bo‘lishdir.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik bahslashadi, urishib ham ketadi. Afsuski, ba’zida bu tarmoq bahslarini insonlar real hayotga ham ko‘chirishadi. Kimdir Instagramda bahslashib, bir-birining manzili yo telefonini so‘raydi va real hayotda keyin rosmana urishib ketadi. Bu toqatsizlik bo‘lishidan tashqari, aqlsizlik, oqibatni o‘ylamaslik hamdir. Shu sababli hech qachon bunday yo‘l tutmang. Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarda toqatli bo‘ling.
Siz “toqatlilik”, bag‘rikenglik” so‘zlariga sinonim sifatida “tolerantlik” so‘zini ham eshitishingiz mumkin.
Tolerantlik nima?
Bag‘rikenglik (tolerantlik) tushunchasining kelib chiqishi lotin tilidagi “tolerantia” so‘zidan bo‘lib, u “chidam, sabr-toqat” degan ma’noni bildiradi. Bu boshqa odamlarning fikri, e’tiqodi, turmush tarzi yoki qarashlariga, ular biznikidan farq qilsa ham, hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni tan olish va birovning haqiqatini inkor etmaslik prinsipidir.
Bizning mamlakatimizda har bir millatning tili, urf-odati, madaniyati e’zozlanadi. Aynan mana shu bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stona munosabat tufayli yurtimizda tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda.
Bag‘rikenglik sizlar uchun nimaga kerak?
Har biringiz maktabni bitirgach, ishga yoki o‘qishga kirasizlar, boshqa shahar, mamlakatlarga borishingiz ham mumkin. Shunda siz albatta boshqa muhitga, boshqacha odamlar orasiga tushasiz. U yerda hamma odamlar ham, urf-odatlar ham, til ham, dunyoqarashlar ham sizniki bilan o‘xshash bo‘lmaydi, tabiiy. Shunday sharoitda tez xulosa chiqarmaslik, notanish udumlar va fikrlarni hurmat qilish, toqatli bo‘lish sizni jamoada obro‘ qozonishingiz va o‘z o‘rningizni topishingizga, ziddiyatlarga duch kelmay, inoq yashab ishlashingizga sabab bo‘ladi. Demak, bag‘rikenglik juda zarur tushunchadir.
Bugungi globallashuv davrida turli millat, irq, til va din vakillari bilan bir jamiyatda yashab, ishlash, o‘qish – oddiy holga aylanmoqda. Shuning uchun har qanday kamsitish, hurmatsizlik, adolatsizlikka qarshi murosasizlik bilan kurashishimiz zarur.
Siz o‘zingizga notanish bo‘lgan har qanday odat, an’ana, qiyofa, libos va hokazolarga toqatli bo‘lishga harakat qiling, chunki buning barchasi ortida ma’lum bir xalqning donishmandligi va o‘ziga xos tarixiy yo‘li yotgan bo‘ladi.
Keling endi shu mavzuda bir jumboqni yechib ko‘ramiz.
Vizual kontent
Dunyo millatlarini bir qarashda taniy olasizmi? (Jumboq)
Dunyo millatlari. Javoblaringizni tekshiring.
O‘qituvchi:
Ko‘rdingizmi hurmatli o‘quvchilar, dunyo naqadar keng va rang-barang. Biz ham zamonaviy inson sifatida dunyoni kengligini his qilishimiz va uning rang-barangligiga toqatli bo‘lishimiz lozim. Chunki boshqalar uchun biz ham g‘ayrioddiy tuyulishimiz mumkin. Shunda atrofdagilardan o‘zimizga nisbatan tushunish va toqatlilikni kutishga ma’naviy haqqimiz bo‘ladi.
Faoliyat: “Tushuncha xaritasi”
O‘qituvchi:
Azizlarim, keling sizlar bilan kichik bir o‘yin o‘ynaymiz. Har bir qator bitta guruh bo‘ladi. Har bir guruh “Bag‘rikenglik” so‘zini markazga yozadi va atrofga unga yaqin so‘zlarni qo‘shadi: sabr, kechirimlilik, hurmat, murosa, tinchlik, mehr, adolat, do‘stlik.
Qani boshladik, sizlarga topshiriqni tugatishingiz uchun 2 daqiqa vaqt beraman.
Ushbu vazifani doskani 3 ga bo‘lgan holda bo‘r bilan yoki har bir jamoaga vatman va markerlar tarqatgan holda qog‘ozda bajarish mumkin. 2 daqiqadan so‘ng topshiriq bajarilganligi tekshiriladi. Vazifani to‘g‘ri va batafsil bajargan jamoaga “bag‘rikenglik nishoni” (kartondan yasalgan katta yurak shakli) topshiriladi.
O‘qituvchi:
Bugungi kunda butun dunyoda xalqlar va dinlar orasidagi bag‘rikenglik va tolerantlik g‘oyasi eng muhim, dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Chunki insoniyatning tinch va osoyishta hayoti, mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti aynan o‘zaro hurmat, tushunish va totuvlikka bog‘liqdir.
Shu bois 1995-yilda YUNESKO tomonidan Parij shahrida “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” qabul qilingan. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) 16-noyabr sanasini “Xalqaro bag‘rikenglik kuni”, deb e’lon qilgan. Bu sana butun insoniyatni bir-birini hurmat qilish, o‘zaro hamjihatlikda yashashga chorlaydi.
Xabaringiz bor, shu kunlarda Samarqandda YUNESKO bosh kongressining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu tarixiy hodisa, chunki YUNESKOning bunday sessiyasi so‘nggi 40 yilda faqat tashkilotning bosh qarorgohi joylashgan Parijda bo‘lib kelgan. Ilk bor yurtimizda YUNESKOning bu qadar katta tadbiri bo‘lyapti. Bu O‘zbekistonning tinchlik, barqarorlik va bag‘rikenglik g‘oyalariga sodiqligining xalqaro darajada e’tirof etilishi bo‘ldi.
Hozir shu haqida videolavha tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Oktabr-noyabr taqvimi: ikki muhim voqea
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/163
O‘qituvchi:
Shuni unutmaslik kerak-ki, qayerda millatlararo totuvlik g‘oyasining ahamiyati anglab yetilmasa, o‘sha yerda jamiyat hayotida turli ziddiyatlar, muammolar vujudga keladi, ular tinchlik va barqarorlikka xavf soladi. Bugungi kunda jahonning ayrim mintaqalarida sodir bo‘layotgan milliy nizolar shundan dalolat berib turibdi.
“Bag‘rikenglik – bu nafaqat boshqa millat va din vakillarini hurmat qilish, balki inson sifatida bir-birini tushunish, kechira bilish va o‘zaro tinch yashash madaniyatidir.”
Misollar:
● Turli millat vakillari bir maktabda o‘qishsa, ular bir-birining urf-odatini hurmat qiladi.
● Fikrlar farqli bo‘lsa ham, o‘zaro murosa yo‘lini tanlash – bag‘rikenglik belgisidir.
● Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bag‘rikenglik va totuvlik – O‘zbekiston taraqqiyotining tayanchi.”
Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, bag‘rikenglikni o‘z hayotimizda, oilamizda, sinfimizda, jamiyatimizda amalda qo‘llash – bu nafaqat madaniyat, balki, haqiqiy fuqarolik burchidir.
Shu o‘rinda sizlarga savol bilan murojaat qilmoqchiman: siz ham yon atrofingizda boshqa millat va din vakillariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatilganligining guvohi bo‘lganmisiz? Bu holatlarni ko‘proq qayerlarda uchratgansiz?
O‘quvchilar: (o‘quvchilar javoblari tinglanadi)
O‘qituvchi: Javoblaringiz uchun rahmat. (Javoblar muhokama qilinadi va xulosalanadi)
YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar! Bugun biz bag‘rikenglikning inson hayotidagi ahamiyatini angladik. Bag‘rikeng inson – kuchli, dono va yuksak madaniyat sohibidir.
Kelinglar, darsimiz so‘ngida ota-bobolarimizdan qolgan, xalqimiz og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lgan bag‘rikenglik haqidagi maqollardan misollarni keltiraman, sizlar buni daftaringizga ko‘chirib oling:
Oy bilan kunday bo‘l,
Hammaga birday bo‘l.
Tenglik – kenglik.
Yon qo‘shni – jon qo‘shni.
Yaxshi qo‘shni uzoq qarindoshdan yaxshi.
Besh barmoqning birini tishlasang, bari og‘rir.
O‘zingga qarama, olamga qara.
Bir kun urush bo‘lgan uydan
Qirq kun baraka ko‘tarilar.
Olam tinch – xonam tinch.
Bir kishi ming kishi uchun,
Ming kishi bir kishi uchun.
O‘zim degan o‘zaksiz ketar.
Xalq do‘stligi – yurt boyligi.
Torga – tor dunyo,
Kengga – keng dunyo.
Elga el qo‘shilsa – davlat,
Eldan el ketsa – mehnat.
Elga el qo‘shilsa – el boyligi.
Uyga vazifa:
“Bag‘rikenglik – inson qalbining bezagi” mavzusida insho yozish.