“Kelajak soati” 11-mavzu

“Kelajak soati” darsining oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mashg‘ulot ssenariysi

____________________________________________________________

 

11-mavzu: “Bag‘rikenglik”

Dars maqsadi

Umumiy maqsad:

Talabalarda bag‘rikenglik, insonparvarlik, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirish. Ularni turli fikr, millat, din va madaniyatlarga nisbatan ochiq va toqatli munosabatda bo‘lishga o‘rgatish.

Annotatsiya:

Mazkur mashg‘ulotda talabalarga bag‘rikenglikning hayotdagi o‘rni, insonlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida tushuncha beriladi. Hayotiy misollar, hikmatli so‘zlar, videoroliklar, sahna ko‘rinishlari va guruhli ishlash orqali o‘quvchilarda bag‘rikenglik madaniyati shakllantiriladi.

Aniq maqsadlar:

1. Bag‘rikenglik tushunchasining mazmuni va ahamiyatini talabalarga yetkazish.

2. O‘zaro hurmat, sabr, kechirimlilik, tinchlikparvarlik kabi fazilatlarni rivojlantirish.

3. Hayotiy misollar orqali bag‘rikenglikning jamiyatdagi o‘rnini tahlil qilishga o‘rgatish.

4. O‘quvchilarda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va insoniy birlikka nisbatan ongli munosabatni tarbiyalash.

Asosiy g‘oyalar:

Bag‘rikenglik – bu boshqalarning fikrini, e’tiqodini, millatini, urf-odatlarini hurmat qilishdir. Bag‘rikeng jamiyatda tinchlik, do‘stlik va totuvlik hukm suradi. O‘zini hurmat qilgan inson boshqalarni ham hurmat qiladi. Har kim o‘z fikriga ega, ammo bag‘rikeng inson boshqalarning fikriga ham quloq tuta oladi.

Darsdan kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy jihatdan:

                 Talabalar bag‘rikenglikning mohiyatini anglaydi.

                 Turli qarashlarga nisbatan hurmatli va toqatli bo‘lishning ijtimoiy ahamiyatini tushunadi.

                 Jamiyatdagi tinchlik, totuvlik va birlikning bag‘rikenglikka bog‘liqligini anglab yetadi.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

                 Insonparvarlik, sabr, hurmat, kechirimlilik kabi fazilatlarni qadrlaydi.

                 Millatlararo va diniy bag‘rikenglik tuyg‘ulari mustahkamlanadi.

                 Boshqalarni tushunish, fikr xilma-xilligiga ijobiy qarash ko‘nikmasi shakllanadi.

3. Amaliy ko‘nikmalarda:

                 Hayotiy vaziyatlarda bag‘rikenglikni qo‘llashni o‘rganadi.

                 Konfliktlarni tinch yo‘l bilan hal qilish usullarini biladi.

                 Muloqotda murosali bo‘lishni amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘zlashtiradi.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

                 Tinchlik, totuvlik, do‘stlikni qadrlaydigan ijtimoiy fikr shakllanadi.

                 Jamoada o‘zaro hurmat, hamjihatlik va madaniy muloqot rivojlanadi.

                 Bag‘rikenglik madaniyati yoshlarning ma’naviy yetukligiga zamin yaratadi.

Metapredmet yondashuv:

Dars davomida o‘quvchilar:

                 Huquq fani orqali bag‘rikenglik tamoyiliga oid qonunlarning tegishli moddalarini  tahlil qiladi;

                 Tarix orqali millatlararo totuvlikka oid tarixiy misollarni eslaydi;

                 San’at va madaniyat orqali bag‘rikenglikni ifodalovchi videoroliklarni tahlil qiladi;

                 Muloqot va psixologiya orqali o‘z fikrini erkin ifoda etadi, boshqalarni tinglashni o‘rganadi.

         Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.

Dars davomiyligi: 45 daqiqa

Mashg‘ulot shakli:

Suhbat, video-tahlil, rolli o‘yin, guruhli ish, interaktiv savol-javob.

DARS SSENARIYSI

KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, hurmatli talabalar! Bugungi darsimiz insoniyat taraqqiyotining asosi bo‘lgan muhim ijtimoiy-axloqiy qadriyatlardan biri – bag‘rikenglik mavzusiga bag‘ishlanadi.

Zamonaviy globallashuv davrida dunyo xalqlari o‘zaro yaqinlashib, turli millatlar, dinlar, madaniyatlar va fikrlar o‘rtasida bevosita muloqot kuchaymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, insonlardan bir-birini tushunish, hurmat qilish va tinch-totuvlikda yashash madaniyatini talab qiladi. Shu nuqtayi nazardan, bag‘rikenglik – zamonaviy jamiyatda nafaqat axloqiy tamoyil, balki, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning zarur sharti sifatida qaralmoqda. 

Lekin boshqa tomondan ijtimoiy tarmoqlar asrida odamlar ko‘proq va faolroq muloqot qila boshlar ekanlar,  toqatsizlik kuchaygandek ko‘rinyapti, shunday emasmi?

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqda kiyimi, tashqi ko‘rinishi tufayli tanqid va hatto haqoratga duchor bo‘lgan insonlar va ularning sud ishlari haqida bir qancha shov-shuvli ishlar bo‘ldi. Teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyeva qizi bilan plyajda raqs tushgani videosi ostiga haqoratli sharh yozgan odamni sudga berdi va yutib chiqdi. Aktyor Bobur Yo‘ldoshev esa o‘smir qizining kiyimini negativ baholab izoh yozganlarga qarata shov-shuvli chiqish qildi. Bu holatlarning barchasi zamonaviy o‘zbek jamiyatida toqatlilik, bag‘rikenglik borasida muammolar borligini ko‘rsatdi.

.

Shunday ekan, sizlarga bir nechta savol bilan yuzlanmoqchiman.

Siz uchun bag‘rikenglik so‘zi nimani anglatadi?

Talabalar: Javob berishadi.

O‘qituvchi: Bag‘rikeng bo‘lish – bu kuchsizlikmi yoki kuchlilikmi? Nega?

Talabalar: Javob berishadi.

O‘qituvchi: Siz bugungi jamiyatda bag‘rikenglikning yo‘qligi qanday muammolarni keltirib chiqaradi, deb o‘ylaysiz?

Talabalar: Javob berishadi.

O‘qituvchi: Ajoyib fikrlar uchun rahmat, talabalar! Sizlarning javobingizdan ko‘rishimiz mumkinki, bag‘rikenglik nafaqat insoniylik va e’tiqod, balki, haqiqiy kuch hamda jasoratdan dalolatdir. Chunki boshqalarni tushunish, ularga hurmat bilan qarash va fikrlarini qabul qilish uchun ichki kuch, mardlik va ochiqkoʻngililik kerak bo‘ladi.

Asli O‘zbekistonda bag‘rikenglik, tinchliksevarlik va do‘stlik azaliy qadriyat. Bizda milliy toqatsizlik tufayli katta nizolar kelib chiqqaniga yangi tariximizda misollar yo‘q. Albatta, uzoq tariximizda misollar yetarli va bunga alohida to‘xtalamiz.

Keling hozir mamlakatimizga Yaponiyadan kelib o‘zbek tili, san’ati va madaniyatini o‘rganayotgan tadqiqotchi haqida video tomosha qilamiz.

Vizual kontent

“Oʻzbeklar menga rahmat aytishadi” – Mashu Komazaki

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar, ko‘rib turganingizdek, vatanimiz turli millat va din vakillarini o‘zida qamrab olgan bag‘rikeng yurt ekanligiga guvoh bo‘ldingiz. Shunday ekan, mamlakatimizda yashayotgan har bir insonga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishimiz zarur, to‘g‘rimi?

Talabalar: Albatta.

ASOSIY QISM. BAG‘RIKENGLIK – TINCHLIK VA DO‘STLIK POYDEVORI

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar, sizlar bilan bag‘rikenglik haqida qisqacha suhbatlashib o‘tdik. Endi esa, bag‘rikenglik o‘zi nima, insoniyat hayotida bag‘rikenglikning ahamiyati hamda dunyo miqyosida mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun fikr almashamiz.

Bag‘rikenglik (tolerantlik) – tushunchasining kelib chiqishi lotin tilidagi “tolerantia” so‘zidan bo‘lib, u “chidam, sabr-toqat” degan ma’noni bildiradi. Bu boshqa odamlarning fikri, e’tiqodi, turmush tarzi yoki qarashlariga, ular biznikidan farq qilsa ham, hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni tan olish va birovning haqiqatini inkor etmaslik prinsipidir.

Endi tarixga nazar tashlaymiz.

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida “Qipchoqqa qirg‘in” degan bob bor, unda Qo‘qon xonligi hududida, jumladan, Toshkentda ham qipchoq qavmiga mansub har kim, hatto yosh bolalar ham o‘ldirilgani haqida hikoya qilinadi. Bu tarixda bo‘lgan voqea, ya’ni 1843-yilda Xudoyorxon o‘z qaynotasi, qipchoq urug‘idan bo‘lgan Musulmonqulni qatl ettiradi. Shundan so‘ng xon 1845-yilda davlat tizimida Musulmonqulga sodiq bo‘lganlarni quritish qasdiga tushadi. Bu ishini u aynan milliy ayirmachilik orqali hal qilmoqchi bo‘ladi. Xudoyorxonning Toshkent beklariga yuborgan xati shunday boshlanadi: “Biz Turkiston mamlakatining xoni o‘z qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik”. Ya’ni Xudoyorxon “saltanatim uchun qipchoq urug‘i zararli” deydi, butun bir qavmni, o‘n minglab oddiy odamlarni ham ichiga olgan urug‘ni zararli deyapti. Shundan so‘ng qanday qirg‘in bo‘lganini romanni o‘qiganlar yaxshi biladi. O‘shanda Otabekning o‘z otasi Yusufbek hoji bilan suhbatini kim eslaydi?

Otabek: Yirtqichlarning bu qirg‘indan qanday muddaolari hosil bo‘larkin?

Yusufbek hoji: Maqsadlari juda ochiq, — dedi hoji, — bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi Normuhammad o‘rnig‘a minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulg‘a bo‘lg‘an adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi. Menga qolsa o‘rtada shundan boshqa hech gap yo‘q, o‘g‘lim

Ko‘rib turganingizdek, oddiy mansabparastlik va bir shaxsga bo‘lgan adovat tufayli butun boshli urug‘ga qirg‘in keldi. Afsuski, milliy va diniy tuyg‘ular insonni o‘ta ta’sirchan tuyg‘ularidir, ularni qo‘zg‘atish va ulardan foydalanish oson. Shu sababli bu juda nozik masaladir.

Xo‘sh, “qipchoqqa qirg‘in” oqibati nima bo‘ldi? Xonlik zaiflashdi va oradan ko‘p o‘tmay Chor Rossiyasi bosqiniga dosh bera olmay taslim bo‘ldi.

Ya’ni millatchilik, ayirmachilik, toqatsizlik davlatlarni zaiflashtirib yemiradi, jamiyatlarni tanazzulga yuz tutib qul bo‘lishiga olib keladi.

Bu faqat bir davlat misolida ko‘rilgan zarar bo‘lsa, butun dunyo millatchilikdan, fashizmdan qanday zarar ko‘rganini esa II Jahon urushi misolida hammangiz yaxshi bilasiz.

Demak, ko‘rinib turganidek, bir shaxsgami yo butun boshli guruhgami nisbatan qilingan toqatsizlikning oqibati juda katta va mudhish bo‘lishi mumkin. Ayniqsa bugungi axborot ko‘p oqimli bo‘lgan internet va ijtimoiy tarmoqlar asrida nafrat va toqatsizlikning qanday tez yoyilishi va yuqumli bo‘lishini o‘ylasangiz, bag‘rikenglik tushunchasining ahamiyati va qadriyatini yanada yaxshiroq anglaysiz.

Darhaqiqat, bizning zamonamizda tolerantlik har qachongidan ham muhim. Ijtimoiy munosabatlarda tolerantlik iborasining chin insoniy ma’nosi hamfikrlik, hamjihatlik, shaxslararo amaliy muloqotga to‘g‘ri keladi. Tolerantlik atamasini nazariy va amaliy qo‘llashda 1995-yilgi “Tolerantlik tamoyillari deklaratsiyasi”da berilgan ta’rifga tayanilmoqda.

Mazkur hujjatda bunday deyilgan:

Bag‘rikenglik – bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni o‘zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hur fikr, vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi. Bag‘rikenglik – turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat ma’naviy burchgina emas, balki, siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bag‘rikenglik – urush madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchi yo‘ldir.

Millatlararo totuvlik g‘oyasini amalga oshirishga g‘ov boʻladigan eng xatarli to‘siq - tajovuzkor millatchilik va shovinizmdir. Bunday illat, zararli g‘oya tuzog‘iga tushib qolgan jamiyat tabiiy ravishda halokatga yuz tutadi.

Bag‘rikenglikning muhim yo‘nalishlaridan biri “diniy bag‘rikenglik”dir. Turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud farqlardan qat’iy nazar, ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashi hamda har bir diniy ta’limotga hurmat bilan qarashni anglatadigan mazkur tushuncha, har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda, bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini e’tirof etishini nazarda tutadi.

Kelinglar, shu haqida bir video tomosha qilamiz:

 

 

Vizual kontent

Diniy bag’rikenglik yurti

 

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar, bag‘rikenglik deganda, boshqa millat hamda din vakillarini hurmat qilish bilan birga, balki, inson sifatida bir-birini tushunish, kechira olish, o‘zaro tinch yashashni tushunishimiz kerak ekan.

Shunday ekan, hurmatli talabalar, bag‘rikenglikni hayotimizda, oila davrasida, oliy ta’lim muassasasida, do‘stlar orasida va jamiyatda amalda namoyon etish – bu faqat madaniyat yoki odob-axloq belgisi emas, balki, har bir ongli fuqaroning muqaddas burchi sanaladi. Chunki, bugungi globallashuv davrida turli millat, irq, til va din vakillari bilan bir jamiyatda yashab, ishlash, o‘qish –  oddiy holga aylanmoqda. Shuning uchun har qanday kamsitish, hurmatsizlik, adolatsizlikka qarshi murosasizlik bilan kurashishimiz zarur.

Shu o‘rinda sizlarga bir nechta savol bilan murojaat qilmoqchiman:

1. Siz atrofingizdagi insonlar tomonidan boshqa millat yoki din vakillariga nisbatan noo‘rin, hurmatsiz muomala qilganining guvohi bo‘lganmisiz?

2. Bunday holatlar ko‘proq qayerlarda – Oliy ta’lim muassasasida, mahallada, ijtimoiy tarmoqlarda yoki boshqa joylarda duch kelgansiz?

3. Bunday vaziyatlarga qanday munosabat bildirgansiz?

(Bu savollar talabalarni o‘z xatti-harakatlariga nazar solishga va bag‘rikenglik madaniyatini yanada chuqurroq anglashga undaydi)

Talabalar: Javob berishadi.

O‘qituvchi: Bugungi kunda yurtimizda bag‘rikenglik siyosatiga doir bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an’analari muhim rol o‘ynamoqda. 

Millatlararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida O‘zbekiston o‘ziga xos tajriba orttirdi. Bunda faqat milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini tarbiyalash, millatlarning tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash bilan cheklanmaslik, balki, mamlakatdagi barcha millatlarning umumiy birdamligiga erishish tamoyiliga amal qilindi va quyidagi siyosat yo‘lga qo‘yildi:

 – ko‘p millatlilikni yaratuvchilik qudratiga ega bo‘lgan omil sifatida tan olish;

  fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, shaxsi, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeidan qat’iy nazar, tengligini ta’minlash;

– milliy mansubligidan qat’iy nazar, fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi teng huquqli ishtirokini kafolatlash;

– milliy til, urf-odat va an’analarning hurmat qilinishini ta’minlash va ularning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish;

 – ijtimoiy hayot, siyosiy institutlar, mafkura va fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlanishini ta’minlash;

  fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi qaratilgan irqiy, diniy adovat va nizoni targ‘ib qiluvchi faoliyatga yo‘l qo‘ymaslik;

– millatlar va elatlar huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga doir xalqaro qoidalar ustuvorligini tan olish kabi tamoyillarga tayangan holda izchil amalga oshirilmoqda.

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar, xalqimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglikning ko‘rinishlaridan misollar keltira olasizlarmi?

Talabalar: O‘z nuqtayi nazarlaridan kelib chiqqan holda javob berishadi.

O‘qituvchi: Sizlarning javoblaringiz umumlashtirgan holda, darsimizni davom ettiraman. Bag‘rikenglik bizning xalqimiz uchun yangi tushuncha emas.  Buning tarixi juda uzoq tarixga borib taqaladi. O‘zbekiston azal-azaldan ko‘plab millat va elatlar uchun yagona oila bo‘lib kelgan. Xalqimizda “Bolaning begonasi bo‘lmaydi”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan maqollarning mavjudligi yurtimizda doimo turli millat vakillaridan iborat oilalar ahil-inoq yashaganligi, bir-birlariga ko‘mak berib kelganligi, bag‘rikenglik ularga doimo xos bo‘lganligidan dalolat beradi. Ikkinchi jahon urushi davrida har xil millatga mansub 14 nafar bolani boqib olgan Shoahmad Shomahmudov va Bahri Akramovalar oilasi aynan O‘zbekiston yuksak axloqiy tamoyillar va oilaviy qadriyatlar tizimi mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Toshkentlik temirchi Shoahmad ota va uning rafiqasi Bahri aya rus, ukrain, tatar, moldavan, chuvash, yahudiy, qozoq millatiga mansub 14 oʻgʻil-qizni koʻz qarogʻida avaylab, ulgʻaytirishdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak mehr-muruvvat va oqibat koʻrsatgan ana shu oilaning jasoratini alohida qayd etib oʻtar ekan, “Yer yuzida juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan gʻururlanishi mumkin. Vaqt oʻtgan sari Shomahmudovlar oilasi koʻrsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda”, – deya alohida taʼkidladi.

O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda  ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda. Bundan tashqari, koʻplab tillarda gazeta va jurnallar chop etilmoqda, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar olib borilayotgani ham bu boradagi samarali faoliyatning yaqqol dalilidir. Bag‘rikenglik tamoyili Oʻzbekistonning barcha sohadagi islohotlarida ham oʻz aksini topgan. Jumladan, 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida” millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, Taraqqiyot strategiyasining 74-maqsadi jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash masalasiga bagʻishlangani mamlakat Prezidenti va hukumatining turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yoʻlida olib borilayotgan oqilona islohotlarga, qolaversa, xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy vazifalarga qaratayotgan yuksak eʼtiborining namunasidir.

BAG‘RIKENGLIK TAMOYILLARINING MILLIY QONUNCHILIGIMIZDA AKS ETISHI

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar, O‘zbekiston Respublikasi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat sifatida bag‘rikenglik tamoyiliga alohida e’tibor qaratib, uni huquqiy jihatdan mustahkamlab kelmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyasi 19-moddasida, “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar, qonun oldida tengdirlar”, deya belgilab qo‘yilgan.   Konstitutsiyaning 35-moddasida esa, Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”, deb mustahkamlangan.

Bundan tashqari, qonunchiligimizda bag‘rikenglikning yuridik jihatdan mustahkamlab qo‘yilishidan tashqari, unga qarshi qilingan jinoyatlar jazolanishi ham mustahkamlab qo‘yilgan. Jinoyat kodeksining 156-moddasi “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish” deb nomlangan bo‘lib, mazkur jinoyatni sodir etganlarga jazo muqarrarligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuningdek, bag‘rikenglik tamoyili O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda “Vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi qonunlarida ham o‘z aksini topgan.

XALQARO MIQYOSDA BAG‘RIKENGLIKNI TA’MINLASH MAQSADIDAGI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING FAOLIYATI

BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabrdagi yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”  maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Rezolyutsiya loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, hujjat BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan edi. O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi – barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik”ka ham chaqirilgan edi. O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi xabarida ta’kidlanganidek, rezolyutsiya BMTning barcha a’zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Rezolyutsiyada ta’lim, tinchlik, inson huquqlari, bag‘rikenglik va do‘stlikning olg‘a surilishi muhim rol o‘ynashi ta’kidlanadi, shuningdek, dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bag‘rikenglik va o‘zaro tushunishning muhimligi tan olinadi.

Shu bilan birga, qabul qilingan rezolyutsiyada BMTga a’zo davlatlar milliy va xalqaro OAV hamda Internetda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, bag‘rikenglik, din va e’tiqod erkinligiga raxna solmaslik to‘g‘risidagi ma’rifiy axborotlarni tarqatish kabi kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilingan. Shuningdek, 2023-yil 25-iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining yalpi majlisida “Nafrat so‘zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlash” rezolyutsiyasi konsensus asosida qabul qilindi. Rezolyutsiya 49 ta davlat tomonidan tayyorlandi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Rezolyutsiyani tayyorlashda Turkiya, Ozarboyjon, Xitoy, Pokiston, Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Misr, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni, Qatar va Quvayt, ayrim Afrika davlatlari, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hammuallif sifatida qatnashdi. Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi va chorlovi – diniy ramzlar, muqaddas kitoblar, uy-joy, korxonalar, mulk, maktablar, madaniyat markazlari yoki ibodat joylariga qarshi qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarini, shuningdek, xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda diniy obidalar, diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga hujumlarni qoralashdan iborat.

Xabaringiz bor, shu kunlarda Samarqandda YUNESKO bosh kongressining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu tarixiy hodisa, chunki YUNESKOning bunday sessiyasi so‘nggi 40 yilda faqat tashkilotning bosh qarorgohi joylashgan PARIJda bo‘lib kelgan. Ilk bor yurtimizda YUNESKOning bu qadar katta tadbiri bo‘lyapti. Bu O‘zbekistonning tinchlik, bararorlik va bag‘rikenglik g‘oyalariga sodiqligining xalqaro darajada e’tirof etilishi bo‘ldi. Shuningdek, AQSh bilan aloqalar ham yangi bosqichga chiqdi.

Hozir shu haqida videolavha tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Oktabr-noyabr taqvimi: ikki muhim voqea

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/163

Video muhokama qilinadi (2-3 daqiqa)

 

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar. Bugungi kunda, xalqaro miqyosda insoniyat o‘rtasidagi adovatlarning, turli xil kamsitilishlarning oldini olish maqsadida faoliyat olib borilishiga asosiy sabab nima deb o‘ylaysizlar?

Talabalar: Javob berishadi.

O‘qituvchi: Sizlarning fikrlaringizni umumlashtirgan holda, quyidagilarni aytib o‘tmoqchi edim.

Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo mislsiz darajadagi insoniy fojialarga guvoh bo‘ldi:

Xolokost (ma’lum bir millatlarga qarshi genotsid);

– Irqiy kamsitishlar;

– Millatlararo zo‘ravonliklar;

– Mustamlakachilik oqibatlari.

MUSTAHKAMLOVCHI QISM

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar, bag‘rikenglik mavzusiga oid bir jadvalni to‘ldiramiz.

T/r

Bag‘rikenglikka oid tushunchalar

Bag‘rikenglikka zid tushunchalar

1

Do‘stlik

Irqchilik

2

Sabr

Dinlararo adovat

3

Kechirim

Gender diskriminatsiyasi

4

Murosa

Millatlararo ziddiyatlar

5

Tinchlik

Kibernafrat (ijtimoiy tarmoq orqali)

.......

 

 

 

 

 

Talabalar: Javob berishadi.

YAKUNIY QISM (5 daqiqa)

O‘qituvchi:

Hurmatli talabalar, kelinglar endi biroz miyamizning chigilini yozamiz. Hozir sizlarga jumboq video qo‘yib beraman. Qani, kimlarni tanir ekansiz:

Vizual kontent

Dunyo millatlarini bir qarashda taniy olasizmi? (Jumboq)

Dunyo millatlari. Javoblaringizni tekshiring.

O‘qituvchi:

Bag‘rikenglik – bu insoniy munosabatlarning eng muhim asosidir. Bugungi zamonning murakkab va tez o‘zgaruvchan dunyosida har bir insonning dunyoqarashi, qadriyatlari va urf-odatlari boshqacha bo‘lishi tabiiydir. Ana shunday xilma-xillikni tushunish va qabul qilish, boshqalarni o‘zidan farq qilganligi uchun rad etmaslik, balki, ularga hurmat bilan qarash – bag‘rikenglikning haqiqatidir. Bu nafaqat ijtimoiy birdamlik va tinchlikni saqlash, balki, jamiyatimizni yanada boy va rang-barang qilishga xizmat qiladi. Insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda bag‘rikenglik bo‘lmasa, tushunmovchilik va nizolar ko‘payadi, do‘stlik va hamjihatlik yo‘qoladi. Shu sababli, har birimiz o‘z qalbimizda bag‘rikenglikni rivojlantirishimiz, boshqalarni o‘zimizdek qabul qilishga intilishimiz zarur. Faqat shunday qilib, biz haqiqiy totuvlik va birlikka erishamiz, kelajak avlod uchun mustahkam va osoyishta jamiyat qura olamiz.