“Kelajak soati” 11-mavzu

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILARI DAVRA SUHBATI:

“EHTIYOTKOR PIYODA”

Davra suhbatining maqsadi:

- Bolalarda yo‘l harakati qoidalari haqida boshlang‘ich tushuncha hosil qilish.

- Svetofor ranglarini ajratishni o‘rgatish va ularning ma’nosini eslab qolishga yordam berish.

- Piyodalar uchun xavfsiz yurish qoidalari haqida bilim berish.

- Ko‘chada o‘zini tutish madaniyatini shakllantirish, diqqat va ehtiyotkorlikni tarbiyalash.

 

Kutilayotgan natija:

- Bolalar yo‘l harakati qoidalarini eslab qoladilar.

- Svetofor ranglarini ajrata oladilar.

- Yo‘lni qanday kesib o‘tish kerakligini biladilar.

- Piyodalar va transport vositalarining harakati farqlanishini tushunadilar.

 

Kerakli jihozlar:

- Svetofor maketi (uch rangli chiroq bilan).

-  Yo‘l chiziqlari (zebra yo‘lak – oq chiziqlar karton yoki matodan).

-  Avtomobil maketi yoki o‘yinchoq mashina.

- Piyoda belgisi – yo‘l belgisi karton yoki plastmassadan.

- Yo‘l harakati belgilarining rasmli to‘plami.

- Rol o‘ynash uchun liboslar:

Svetofor kostyumi (yashil, sariq, qizil rangli)

Haydovchi uchun shapka, rul maketi. Bola va ona obrazlari uchun kiyimlar

- Rasmlar yoki kartochkalar – yo‘lni to‘g‘ri va noto‘g‘ri kesib o‘tish holatlari.

I.KIRISH QISMI.

Tarbiyachi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bugun sizlar bilan qiziq “Sehrli ko‘cha” degan sayohatga chiqamiz, ya’ni tasavvurimiz orqali. Ammo bu ko‘chada yurish uchun sizlardan eng muhim narsa talab qilinadi – ehtiyotkorlik!

Bolalarga savol-javob:

Agar yo‘lni xohlagan joydan kesib o‘tsak, nima bo‘ladi?

Svetofor nima vazifani bajaradi?

Siz hech “zebra yo‘lak”ni ko‘rganmisiz?

(Bolalar javob beradi. Tarbiyachi har bir to‘g‘ri javobni “Ajoyib! Sen haqiqiy hushyor piyodasan!” deb quvvatlab turadi.)

Interfaol suhbat:

Savol-javob usulida boshlanadi. Bolalar fikr bildiradilar.

 

Kichik sahna ko‘rinishi:

“Shoshqaloq bola”.

Rollar: Bola, onasi, haydovchi, svetofor, piyoda belgisi.

Mazmuni: Bola ko‘chaga yugurib chiqadi. Haydovchi to‘xtaydi. Onasi kelib, unga to‘g‘ri yo‘l kesib o‘tish qoidalarini tushuntiradi. Svetofor ham gapiradi.

 

 Svetofor monologi (bolalar yod olgan bo‘lishi mumkin)

                                   Uchta chaqmoq ko‘zim bor,

                                   Nomim mening Svetofor.

                                   Qizil, sariq, yam-yashil,

                                   Nomim sizga xo‘p tanish.

                                   Qilsangiz yo‘lda xato,

                                   Olasiz qattiq jazo!

 

Jismoniy faollik o‘yini:

“Svetofor ranglari”.

Tarbiyachi ranglarni aytadi yoki ko‘rsatadi.

Qizil – bolalar to‘xtaydi,

Sariq – joyida sakraydi,

Yashil – yurishni davom ettiradi.

Musiqa ostida qiziqarli tarzda o‘ynaladi.

 

IJODIY TOPSHIRIQ – “Men piyodaman”

 

Tarbiyachi:

– Endi sizlarning barchangiz yo‘l harakati bo‘yicha kichik rassomlarsiz!

Mana bu varaqlarda yo‘l, svetofor va piyoda belgisi chizilgan. Siz ularni to‘g‘ri ranglar bilan bo‘yaysiz.

 

(Tarbiyachi qizil, sariq, yashil rangli qalamlar beradi. Bola cho‘tka yoki qalam bilan bo‘yaydi. Keyin har bir bola chizgan rasmini qisqacha tushuntiradi.)

 

Savol:

– Senga eng yoqqan rang qaysi? Nima uchun?

(Bolalar javob beradi.)

 

Bolajonlar, mavzuni qanchalik tushunganingizni tekshirib oldik. Endi esa video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Yoʻl harakati va bolalar

Aziz bolalar, ko‘rdingizmi, yo‘ldan o‘tyotganda Sevinch kabi qoidalarga amal qilib yuring.

 

Xulosa:

Tarbiyachi: Ajoyib ishtirok etdingiz, bolajonlar. Endi yo‘lda qanday yurish kerakligini bilib oldinglar. Har doim ehtiyotkor, diqqatli va to‘g‘ri harakat qiluvchi piyoda bo‘linglar.