“Kelajak soati” 11-mavzu
“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashgʻulot ssenariysi:
11-mavzu: “Bagʻrikenglik”
Dars maqsadi: Bagʻrikenglik haqida oʻquvchilarning tushunchalarini rivojlantirish. Kichik yoshdagi oʻquvchilar qalbida boshqa millat va elat vakillariga hurmat bilan munosabatda boʻlish, boshqalarni hurmat qilish va tushunish tuygʻusini shakllantirish.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
Oʻquvchi Yer yuzida yashaydigan millat va elat vakillari, ularning urf-odatlari qadriyatlaridan qatʼiy nazar barcha teng haq va huquqqa ega ekanligi, mamlakatimizda yashovchi turli millat vakillarini ham birdek koʻrish, ularga bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlish kerakligini anglaydi.
Metapredmet: Oʻquvchilar insonga xos ijobiy fazilatlar sabr, bagʻrikenglik, atrofidagilarga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlish tuygʻularini anglaydilar. Oʻzbekistonda yashaydigan millatlar, elatlar ularning tili va madaniyati bilan tanishadilar, barchaga bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrganadilar.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: Izohli suhbat metodi, audio-video materiallar, imitatsion oʻyin elementlari va qoʻshimcha koʻrsatmali materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar toʻplami:
– dars ssenariysi;
– nazariy maʼlumotlar;
– video materiallar;
– interfaol topshiriqlar;
– taqdimot.
DARS SSENARIYSI
KIRISH. Motivatsion qism. (5 DAQIQA)
(Oʻqituvchi sinfga tabassum bilan kirib keladi. Qoʻlida qogʻoz quticha. Oʻquvchilarga sirli boqib jilmayadi)
Oʻqituvchi:
Assalomu alaykum, aziz oʻquvchilarim! Bugun siz bilan yana bir qiziq mavzuda gaplashamiz. Kelinglar, darsimizni bir oʻyin bilan boshlaymiz. Qani, birma-bir oldimga kelib mana bu qutichadagi qogʻozlarni olinglar-chi.
Oʻquvchilarning hammasi kelib qutichadan qogʻoz olishi shart emas, oʻqituvchi 5-6 nafar oʻquvchining ismini aytib chaqirsa yetadi. Bolalar qutichadan turli rang va shakldagi qogʻozchalarni oladilar va ularga yozilgan soʻzni oʻqiydilar. Hamma qogʻozchaga bir xilda “bagʻrikenglik” soʻzi yozilgan boʻladi. Bolalar hayron. Oʻqituvchi tushuntiradi.
Oʻqituvchi:
Koʻrdingizmi, bolalar. Qogʻozlarimizning rangi va shakli qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, ularda bir xil mazmundagi soʻz yozilgan. Atrofimizdagi odamlar ham shunday – ularning tanasi rangi, yoshi, jinsi, mavqei, millati qanday boʻlishidan qatʼiy nazar yuragi bir xil, ular barchasi ich-ichidan bir-biriga oʻxshash insonlardir.
Demak, bugun sizlar bilan “Bagʻrikenglik” degan mavzuda suhbatlashamiz.
Oʻqituvchi doskaga katta qilib mavzuni yozadi – “BAGʻRIKENGLIK”
ASOSIY QISM (25 daqiqa)
Oʻqituvchi:
Bagʻrikenglik degani nima oʻzi? Bagʻir qayerda joylashgan? Bagʻrikeng odamning bagʻri qanday boʻladi?
Oʻqituvchi quchogʻini keng ochib bolalarga yuzlanadi.
Oʻqituvchi:
Mana bundaymi? Mana men bagʻrimni keng ochyapman. Men sizlarning barchangizga bilganlarimni teng oʻrgatyapman. Senga oʻrgatib, unga oʻrgatmayman demayapman. Chunki sizlar hammangiz mening oʻquvchilarimsiz.
Ana endi savolimga javob bering-chi, bagʻrikeng odamlar qanday kishilar boʻladi?
Oʻquvchilar: Yaxshi, mehribon, qizgʻanchiqlik qilmaydigan va hokazo.
Oʻqituvchi: Toʻgʻri,
Bagʻrikenglik nimani anglatadi?
(Oʻqituvchi doskaga quyidagi 5 ta tushunchani yozadi va ogʻzaki izohlab beradi)
⮚ Hurmat – boshqalarni hurmat qilish;
⮚ Toqatlilik – turli millat, din yoki boshqa joydan kelib yashab-oʻqiyotganlarni yomon koʻrmaslik, ularning oʻz urf-odatlari, madaniyati borligini tushunish.
⮚ Mehr – atrofingizdagi kishilarga yordam berish, yaxshilik qilish;
⮚ Tinchlik – urishmasdan, talashmasdan, tortishmasdan, inoq boʻlish.
⮚ Sabr – atrofdagilar bilan munosabatda sabrli boʻlish.
Oʻqituvchi:
Masalan, sinfimizda ham turli fikrli, turli odatli oʻquvchilar boʻlishi mumkin. Kimdir boshqa tilda gapiradi, kimdir boshqa hududdan kelgan. Agar biz bir-birimizni tushunib, birgalikda oʻynab, oʻqisak – mana bu bagʻrikenglik boʻladi.
Oʻzbekistonda turli millat vakillari bir-biri bilan inoq, doʻst boʻlib yashaydi. Rus, qozoq, tojik, qirgʻiz, turkman, koreys, hind, ingliz – tili va yashash tarzidan qatʼiy nazar, biz insonlarmiz va bir-birimiz bilan ahil yashashga intilamiz. Bir-birimizga yordam beramiz. Gʻamxoʻrlik qilamiz.
Keling, hozir shu haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Oʻzbekiston – bizning uyimiz!
Oʻqituvchi:
Aziz bolajonlar, koʻrdingizmi, ahillikda, bir-birini qoʻllashda gap koʻp. Agar yer yuzidagi odamlar bir-biri bilan janjallashsa, bundan butun odamzod va Yer sayyoramiz jabr koʻradi. Yaʼni oʻzimizga qiyin boʻladi. Bu haqida darsimiz davomida yana gaplashamiz.
Tasavvur daqiqasi
Oʻqituvchi:
Endi esa, bolajonlar, bir oz jim boʻlamiz. Koʻzlaringizni yuming va tasavvur qiling: siz katta shahardasiz. U yerda turli-tuman odamlar – kimdir oʻzbek, kimdir rus, kimdir qozoq, boshqasi koreys. Hammaning tili boshqacha, ammo hamma bir narsani aytyapti – “Salom, doʻstim!”
(Oʻqituvchi ozgina pauza qiladi, soʻng bolalarga qarab gapiradi.)
Oʻqituvchi:
Eshitdingizmi? Bu soʻz – doʻstlik soʻzi. U qayerdan kelganini bilasizmi? U har bir insonning yuragidan chiqadi. Chunki insonning yuragi – dunyodagi eng keng joy. U yerga ham mehr, ham sabr, ham hurmat sigʻib joylashib ketaveradi.
Oʻqituvchi: Bagʻrikenglik degani – barcha bilan ahil-inoq boʻlib yashash ekan. Sizlarga bir savolim bor. Yon-atrofingizda, siz yashaydigan mahallada boshqa millat vakillari bormi? Doʻstlaringiz ichida-chi?
Oʻquvchilar: Bor.
Oʻqituvchi: Siz doʻstlaringiz bilan inoqmisiz? Bir biringizga yordam berasizmi?
Oʻquvchilar: Albatta!
Oʻqituvchi: Doʻstlik shunday buyuk yaratuvchi kuch. Shu sababli yurtimizda bir qancha joylarga “Doʻstlik” nomi berilgan. Keling, siz bilan mamlakatimiz poytaxtidagi “Doʻstlik” nomi bilan atalgan joylar haqida rolik tomosha qilamiz!
Vizual kontent
Toshkentdagi doʻstlik va bagʻrikenglik manzillari
O‘qituvchi:
Qani, video oxirida berilgan savolga javoblaringiz bormi? Xalqlar do‘stligi va bag‘rikenglikka bag‘ishlangan qanday manzillarni, monumentlarni, yodgorliklarni bilasiz?
O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.
Oʻqituvchi: Oʻzbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bagʻrikenglikni oʻzida mujassam etgan davlat sifatida namuna boʻlmoqda. Oʻzbekistonning bu koʻp asrlik tajribasi – oʻziga xos bagʻrikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza boʻlib xizmat qiladi, deb ayta olamiz.
Interaktiv oʻyin. “Bagʻrim keng – doʻstim koʻp!”
Oʻyin tartibi:
Oʻqituvchi sinfga qarata aytadi:
“Men bagʻrikengman, chunki...”
Jumlani davom ettiring, bolalar.
Bolalar navbat bilan gapni davom ettirishadi. Masalan:
• “... men boshqalarni eshitaman.”
• “... men yordam soʻraganga yordam beraman.”
• “... men sinfdoshimni mazax qilmayman.”
Faol bolalarga yurakcha shaklidagi stiker beriladi – “Bagʻrikeng bola” nishoni
Oʻqituvchi:
Aziz oʻquvchilar! Endi esa bagʻrikenglik soʻzining antonimi – zid, teskari maʼnosini tushunib olamiz.
Masalan, Gulnoza aʼlochi. Lekin sinfdoshlaridan hamma narsasini qizgʻanadi: – Ruchkamni ber, siyohi tugab qoladi. Chizgʻichimga tegma sindirib qoʻyasan, – deydi.
Ayting-chi, QIZGʻANCHIQLIK bagʻrikenglikka kiradimi? Doʻstlariga yordam bermaslik-chi? Urushqoqlik-chi?
Bolalar javob berishadi.
Hikoya. Eng qimmat rang
Oʻqituvchi:
Endi esa bir hikoya aytib beraman.
Bir kuni barcha ranglar tortishib qolibdi. Qizil: “Men muhabbat rangiman!”, desa, koʻk: “Men osmon va tinchlik rangiman!” debdi, yashil esa: “Men tabiat rangiman!” deb koʻkrak keribdi. Ular shunday urishishibdi-ki, osmon gʻamga botib, yomgʻir yogʻa boshlabdi.
Shunda kichik bir oq nur chiqib, “Toʻxtanglar! Agar sizlar birlashmasangiz, dunyo rangi soʻnib qoladi”, debdi. Shunda ranglar doʻstlashib, birga “Kamalak” boʻlibdi.
Koʻrdingizmi, bolajonlar. Hamma ranglarning hayotda oʻz oʻrni bor. Ammo ular birlashsa, yanada goʻzal hodisa roʻy beradi – osmonda Kamalak paydo boʻladi. Bolajonlar, agar biz ham kamalakdek doʻst boʻlsak, dunyo yanada goʻzal boʻladi, toʻgʻrimi?
Bolalar: Haa
Oʻqituvchi:
Bolajonlar, sizlar bilarmisiz, dunyoda shunday mamlakat borki, u yerda 130 dan ortiq millat va elatlar tinch yashaydi? Bu qaysi mamlakat deb oʻylaysizlar?
Bolalar oʻz javoblarini aytishadi.
Oʻqituvchi:
Bolajonlar, bu biz yashab turgan Oʻzbekiston. Tasavvur qilyapsizlarmi, shuncha millat va elatlar bir mamlakatda bir bayroq ostida yashaymiz va hech qachon oʻzaro urishmaganmiz. Oʻzbekiston koʻp millatli davlat boʻlsa ham, tinchlik va barqarorlikda yashaydi. Bu bilan faxrlansak arziydi. Chunki bizda azal-azaldan tinchlik, boshqalarga gʻamxoʻrlik – qadriyat.
Bizda hatto “Xalqlar doʻstligi kuni” bayrami ham bor. Butun dunyoda 30 iyun kuni Xalqaro doʻstlik kuni deb qabul qilingan. Aynan shu kuni Oʻzbekistonda Xalqlar doʻstligi kuni ham bayram qilinadi. Yaʼni xalqlar doʻstligi tushunchasi bizda umumxalq qadriyati.
Bolajonlar, boya sizga aytdimki, agar odamlar oʻzaro ahil-inoq yashamasalar, bagʻrikenglik qilmasalar, butun Yer yuzi jabr koʻrishi mumkin deb. Bunga tarixda misollar koʻp.
Tarixda eng dahshatli urushlar aslida boshqalarga toqatsizlikdan kelib chiqqan. Ikkinchi jahon urushi ham bir guruh odamlar tomonidan oʻylab topilgan “fashizm” gʻoyasi sabab kelib chiqqan. Bu urushda 60 million odam oʻlgan. Tasavvur qilyapsizlarmi, agar fashizm gʻoyasi boʻlmaganida, odamlar unga ergashmaganida, bir-biriga toqatli va bagʻrikeng boʻlganida shuncha inson oʻlmas edi. Fashizm millatlararo nizo qoʻzgʻash, bir millatni boshqasidan ustun qoʻyish degani. Agar odamlar oʻzaro bagʻrikeng, toqatli va doʻstona kayfiyatda yashasalar, hech qachon urush boʻlmaydi.
Oʻsha paytlarda urush boʻlayotgan oʻlkalardan siz tengi bolalar poyezdlarga oʻtqazilib tinch oʻlkalarga, jumladan, Oʻzbekistonga olib kelingan. Ular koʻpi ota-onasiz, och va yupun boʻlishgan. Oʻsha bolalarni oʻzbek oilalari bitta qoʻymay oʻz uylariga olib ketishgan, boqishgan, tarbiyalashgan. Oʻzbek xalqining bu bagʻrikengligi Ikkinchi jahon urushida fashizmning yanchib tashlanishiga qoʻshgan katta hissa sifatida tillarda doston boʻlgan, filmlar yaratilgan. Masalan, “Sen yetim emassan” degan film shu haqida. (Film nomini doskaga yozadi). Shu filmning nomini yozib olinglar, uyga borganingizda ota-onangizga aytsangiz, sizga qoʻyib berishadi. Albatta tomosha qiling.
Ushbu film hayotdagi real odamlar – temirchi Shomahmudovlar oilasi haqida olingan. Hozir ularning avlodi haqida bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Shomahmudovlar oilasi haqida hikoya
Oʻqituvchi:
Bolajonlar, sizlar oʻzbekcha bagʻrikenglikning eng yorqin misolini koʻrdingiz. Endi esa dunyoning turli mamlakatlarida bagʻrikenglik haqida qanday yaxshi tajriba va odatlar borligi haqida bir-ikki misollar aytaman.
1. Yaponiyada bolalar har kuni darsdan soʻng sinfxonani birgalikda tozalaydi. Nima uchun deb oʻylaysiz?
Bolalar: “Intizom uchun”, “bir-birini qoʻllash uchun”
Oʻqituvchi: Albatta, bu ham toʻgʻri. Lekin eng avvalo, bu – bir-biriga hurmat belgisi. Yaʼni, “sen mendan past emassan, men sen bilan birdamman” degan maʼno. Bu ham bagʻrikenglik!
2. Hindistonda 424 ta til bor, yaʼni aholisi shunchalik xilma-xil. Shu tillardan 22 tasi rasmiy til sifatida sanaladi. Bir mamlakat ichida shuncha tilda gaplashish – bu katta sabr va hurmat talab qiladi. Shuning uchun hind bolalari maktabda “barcha tillar – qadriyat” deb oʻrganishadi. Bu – bagʻrikenglikning hayotiy namunasi.
3. Finlyandiyada bolalarni bir xil boʻlishga emas, boshqacha (oʻziga xos) boʻlishga oʻrgatishadi. Ular maktabda bolalarga “har kim oʻz yoʻli, oʻz kuchi bilan goʻzal” degan gʻoyani singdiradi. Shuning uchun fin bolalari “men sendan farqliman, lekin bu yomon emas” degan fikrda oʻsadi.
Ayting-chi, bolalar, bizda ham shunday boʻlishi mumkinmi? Biz ham Yaponiya bolalari kabi birgalikda hashar qila olamizmi?
Bolalar: Haa
Oʻqituvchi: Hindistonliklar kabi turli millat va elatlar doʻst boʻlib yashaymizmi?
Bolalar: Haaa
Oʻqituvchi: Finlandiyalik bolalar kabi oʻzimizdan farqli doʻstlarimizni ham yaxshi koʻra olamizmi?
Bolalar: Haa!
Oʻqituvchi: Barakalla, bolajonlar.
Endi esa, bolajonlar, sizlarga doʻstlik, bagʻrikenglik, tenglik va tinchlik haqida oʻzbek xalq maqollaridan bir nechtasini aytaman va doskaga yozaman, sizlar ularni yodlab olinglar.
Tenglik – kenglik.
Oy bilan kunday boʻl,
Hammaga birday boʻl.
Bir kun urush boʻlgan uydan
Qirq kun baraka koʻtarilar.
Burgut kuchi – qanotida,
Odamniki – doʻstlikda.
Torga – tor dunyo,
Kengga – keng dunyo.
Hamjihatlik – davlat, Yolgʻizlik – kulfat.
YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
Oʻqituvchi: Mana, aziz oʻquvchilarim, bagʻrikenglik haqida koʻp maʼlumotlarni bilib oldik. Endi sizlarga uyga vazifa beraman. Bagʻrikenglik mavzusida rasm chizamiz, istagan oʻquvchilar kichik, uch, toʻrt gapdan iborat matn yozishlari mumkin. Ijodiy ishlar ahillik, yaxshilik qilish, boshqalarni hurmat qilish, atrofimizdagi doʻstlarimizga yordamlashish haqida “Men bagʻrikengman, yaxshilik qilishni yaxshi koʻraman” deb nomlanadi. Ishonamanki, biri-biridan sara suratlar va hikoyalar tayyorlab kelasizlar.
Koʻrishguncha mening bilimdon oʻquvchilarim!