“Kelajak soati” 12-mavzu

MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI: “VATANIMNING BAYROG‘I”

 

Davra suhbatining maqsadi:

- Bolalarda yurtga muhabbat, g‘urur va faxr tuyg‘ularini shakllantirish.

- Davlat ramzlariga hurmat bilan qarash.

- Bayroq haqida tushuncha berish.

- Bayroqdagi ranglar va ularning ma’nosi bilan tanishtirish.

 

Kutilayotgan natija:

- Bolalar davlat bayrog‘i haqida tushunchaga ega bo‘ladilar.

- Bayroqdagi ranglar, ramzlar va ularning ma’nosini bilib oladilar.

- Bayroqni ko‘rganida ehtirom bilan qarash, faxrlanish tuyg‘usi shakllanadi.

 

Kerakli jihozlar:

- Davlat bayrog‘i rasmi.

- Bayroq ranglari: moviy, oq, yashil rangli qog‘ozlar.

- Yelim, qaychi, bo‘yoqlar – bayroq yasash uchun.

- Bayroq haqida she’r va qo‘shiqlar.

- Slayd yoki plakat: bayroqdagi ramzlar va ularning ma’nosi.

 

Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa.

 

Kirish qism

Tarbiyachi: Bolajonlar, sizlar ko‘k, oq va yashil rangli bayroqni ko‘rganmisiz?

Bolalar: Ha!

Tarbiyachi: Bu bizning davlatimizning bayrog‘i. Unda quyosh, yulduz va oy ham bor. Bayroq – bu bizning g‘ururimiz, faxrimiz, Vatanning timsoli. Uni hurmat qilishimiz kerak. Bugun biz bayroq haqida ko‘proq bilib olamiz, uni yasaymiz, she’r aytamiz. Endi diqqat qilib O’zbekistonimizning bayrog’i haqida video tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Bolajonlar, bayroq ranglari qanday ma’no anglatishini bilasizmi?

   

    

 

    

Tarbiyachi: Bolajonlar, endi men sizlarga bayroqni sevgan bola haqida ertak aytib bermoqchiman.

                                   “Bayroqni sevgan bola” nomli ertak

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Anvar ismli bir bola bor ekan. U bog‘chada har kuni bayroq haqida ko‘p narsalarni o‘rganar ekan. Bayroq hilpirab turganida unga qarab: “Bu mening Vatanim bayrog‘i!” der ekan. Bir kuni bog‘chada “Bayroq kuni” nishonlandi. Anvar yod olgan she’rini aytibdi, hatto, bayroq haqida rasmlar chizibdi. Tarbiyachilar uni eng “Vatanparvar bola” deb e’lon qilishibdi. Anvar juda xursand bo‘libdi. Chunki u bayrog‘ini chin dildan sevardi.

 

                                               Yod olishi uchun she’r

                                           

                                                  Qo‘limda bayroq

            Moviy, yashil, oq,                                                Ona tabiat

            Va jo‘shqin hayot,                                               Qo’limda bayroq

            Musaffo osmon,                                                  Yuguraman shod

            Tomirimda qon.                                                   Vatanda ozod!

 

            Shamolda g‘ir-g‘ir,                                              Pok orzularim,

            Jam bo‘lgan bari.                                                 Hilpiraydi hur.

            Boshla mayog‘im                                                Dilim shoshadi

            Vatan bayrog’i                                                     Zavqim toshadi.                   

           

                                                         Xulosa

Tarbiyachi: Bayroq – Vatanning timsoli. Biz bayrog‘imizni sevmog‘imiz, hurmat qilishimiz kerak. Bayroqni baland tutgan xalq doimo g‘ururlidir.