“Kelajak soati” 12-mavzu
“Kelajak soati” darsining 5–8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
12-mavzu: “O‘zbekiston bayrog‘i”
Dars maqsadi
Umumiy maqsad:
O‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining tarixiy ildizlari, ramzlari, maʼnosi va qonunchilikdagi o‘rni haqida tushuncha berish; milliy ramzlarga hurmat, vatanparvarlik, tarixiy xotira va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘usini mustahkamlash; tarixiy xotira, madaniy meros va milliy o‘zlikni anglashga ko‘maklashish; tahliliy fikrlash va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish.
Aniq maqsadlar:
● davlat bayrog‘ining qabul qilingan sanasi va tarixiy asoslarini tushuntirish;
● bayroqdagi ranglar va ramzlarning ma’nosini izohlash;
● qadimgi turkiy davlatlar bayroqlari va O‘zbekiston bayrog‘i orasidagi tarixiy bog‘liqlikni aniqlash;
● bayroqdan foydalanish qoidalari va qonunchilikdagi yangiliklarni tushuntirish;
● guruhda ishlash, klaster, taqdimot va debat orqali o‘z fikrini asoslash ko‘nikmasini rivojlantirish;
● o‘quvchilarda milliy ramzlarga hurmat, Vatan sha’niga mas’uliyat va vatanparvarlik hissini kuchaytirish.
Asosiy g‘oya
Bayroq – millat g‘ururi, mustaqillik va birlik timsoli.
“Bir bayroq, bir Vatan, bir yurak – mangu bir millat!”
Darsda kutiladigan natijalar
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
● davlat bayrog‘ining tarixiy ildizlari va qabul qilingan sanasini biladi;
● ranglar va ramzlarning ma’nosini izohlay oladi;
● turkiy va islomiy madaniyatdagi ramzlar bilan bog‘liqlikni tahlil qiladi;
● bayroqdan foydalanish qoidalari bo‘yicha qonuniy me’yorlarni tushunadi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
● milliy bayroq va ramzlarga nisbatan hurmat, faxr va mas’uliyat hissi kuchayadi;
● vatanparvarlik, sadoqat va tarixiy xotiraga e’tibor shakllanadi;
● O‘zbekistonning davlat ramzlariga mehr uyg‘onadi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
● klaster diagrammasi, taqdimot va jadal savol-javoblarni bajaradi;
● bayroqdan foydalanishda to‘g‘ri va noto‘g‘ri misollarni farqlaydi;
● tarixiy misollar asosida bayroqning mohiyatini tahlil qiladi;
● guruhda ishlash, fikr almashish va dalil keltirish ko‘nikmasini rivojlantiradi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
● jamoadagi vazifani mas’uliyat bilan bajaradi;
● o‘z fikrini xotirjam va asosli tarzda ifodalay oladi;
● milliy ramzlarni asrash va hurmat qilishning ahamiyatini anglaydi;
● Vatan sha’ni va davlat timsollariga nisbatan fuqaro sifatidagi burchini his qiladi.
Metapredmet bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “Vatan bayrog‘i” mavzusida:
● qadimgi turkiy saltanatlar, O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi haqida bilib oladi (tarix),
● davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilik me’yorlarini o‘rganadi (huquq),
● ranglar, ramz va timsollar haqida ma’lumotga ega bo‘ladi (madaniyatshunoslik),
● vatanparvarlik, faol fuqarolik pozitsiyasi shakllanib, egallagan bilimlarini hayotiy vaziyatlarga tatbiq qiladi.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti. www.milliytarbiya.uz
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: videomateriallar, doska, interfaol topshiriqlar, taqdimot va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
ASOSIY DARS MASHGʻULOTI
KIRISH. Motivatsion qism. (5 daqiqa)
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, o‘quvchilar! Bugun biz sizlar bilan “Kelajak soati” darsining yana bir qiziqarli mavzusini gaplashamiz!
Shu payt sinfxonaga ikki o‘quvchi O‘zbekiston bayrog‘ini tantanavor ko‘tarib kirib keladi. Hamma hayron bo‘ladi, nima qilishini bilmay ikkilanib qoladi.

O‘qituvchi (o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qaddini g‘oz tutadi): Bolajonlar! Mana, sinfxonamizga muqaddas ramzimiz – O‘zbekiston bayrog‘i kirib keldi. Qani, hammamiz o‘rnimizdan turib, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, bayrog‘imizga hurmat bildiramiz.
Barcha o‘quvchilar o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi.
O‘qituvchi: Bayroq bu oddiy mato emas. Bizning mustaqilligimiz, tariximiz va kelajagimiz timsoli. Uni asrab-avaylashimiz, hurmat qilishimiz kerak. Zero, bayroqni qadrlash – Vatanimizni qadrlash demakdir. Endi, bolajonlar, hammamiz bir ovozdan shunday deymiz: “Yashasin O‘zbekiston bayrog‘i!”
O‘quvchilar: Yashasin O‘zbekiston bayrog‘i!
O‘qituvchi: Birgalikda aytamiz! Hech kim ortda qolib ketmasin!
O‘quvchilar: Yashasin O‘zbekiston bayrog‘i!
O‘qituvchi: Yanada jonliroq!
O‘quvchilar: Yashasin O‘zbekiston bayrog‘i!
O‘qituvchi: Barakalla!
Endi menga davlatimiz ramzlarini kim sanab beradi?
O‘quvchilar: Bayroq, gerb, madhiya, so‘m...
Javoblar ragʻbatlantirib boriladi.
O‘qituvchi: Bularning orasida to‘ng‘ichi – eng birinchisi qaysi?
O‘quvchilar: Bayroq!
O‘qituvchi: Ha, bayroq! Nima uchun?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin eng birinchi bo‘lib bayrog‘imiz qabul qilingan. Kim aytadi, bu tarixiy sanani?
Ha, 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilingan bo‘lsa, xuddi shu yili 18-noyabrda davlat bayrog‘imiz tasdiqlangan. Boshqa milliy ramzlarimiz qabul qilingan sanalarni ham tezda eslab o‘taylik-chi? Qani, faollashamiz!
O‘quvchilar (agar ular ayta olmasa, o‘qituvchi o‘zi aytadi): O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi 1992-yil 2-iyulda, Konstitutsiya 1992-yil 8-dekabrda, davlat madhiyasi 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan. Milliy valyuta – so‘m esa 1994-yil 4-iyulda muomalaga kiritilgan.
Oʻqituvchi: Yashang! Hamma javobingiz to‘g‘ri! Men bunday vatanparvar o‘quvchilarni birinchi marta ko‘rishim!
Bugun Sizlar bilan bayroq bayramini nishonlaymiz! Kim aytadi, milliy bayrog‘imiz necha yoshda? Ha, 34 yoshda. Sizdan necha yosh katta?.. Vatanimiz bayrog‘i qabul qilingan vaqtda, ehtimol, ota-onangiz sizning yoshingizda bo‘lgandir. Uyga borganda buni albatta so‘rab biling!
Bolajonlar, O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, qalbimiz g‘ururga to‘lgan lahzalarni ayta olasizlarmi? Masalan, qachon va qayerda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rib g‘ururlangansizlar? Sportchilarimiz katta g‘alabalarga erishganda bayrog‘imizni boshlari uzra baland ko‘tarib chopishadi-a, ko‘rganmisizlar?
O‘quvchilar: Haa!
O‘qituvchi: Kelinglar, hozir ular haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Sport yulduzlari davlatimiz bayrogʻi haqida
O‘qituvchi: Vatanimiz bayrog‘i boshimizda mangu hilpirab tursin, deb niyat qilamiz. Siz ota-onangiz yoshidan o‘tganda ham, Siz bobo-buvingiz yoshiga yetganda ham!
Asosiy qism. (25 daqiqa)
Oʻqituvchi: Amir Temurning shunday so‘zi bor: “Lashkardan bir askar tirik qolsa, u bayroqni tutib tursin!” Jahongir bobomiz nima uchun bunday buyruq bergan, nima deb o‘ylaysiz?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Barchangizning mulohazangizda jon bor. Ha, bu harbiy ruh va sadoqat haqida aytilgan chuqur ma’noli hikmatdir. Bayroq azal-azaldan davlat va lashkar qudratini bildirgan. G‘urur va g‘alaba ramzi bo‘lgan. Jang maydonida bayroqni tik tutish yengilmaslik belgisi hisoblangan. Uning qulashi qo‘shin mag‘lub etilganini anglatgan. Shu bois bayroqni jon evaziga bo‘lsa-da qo‘riqlaganlar. Bu shior Amir Temur qo‘shinining intizomi, vatanparvarligi va sadoqatini ifodalagan. Buyuk g‘alabalarga yo‘l ochgan.
Sohibqiron bobomizning buyrug‘i hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan. Ona yurt sha’nini himoya qilish fidoyilikni talab etadi. Har bir kishi, qanchalik kichik bo‘lmasin, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor turishi kerak. Bugun Vatan bayrog‘i jang maydonida emas, ilm-fan va sport arenalarida g‘alabalaringiz hamrohi bo‘lsin!
Ajdodlarimiz qanday bayroqlardan foydalanganini bilasizmi? Ulardagi asosiy rang va ramzlar haqida bilganlaringizni biz bilan o‘rtoqlashing!
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Endi esa tariximizda ajdodlarimiz qurgan ulkan saltanatlarning bayroqlari haqidagi videoni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Milliy bayrogʻimizning tarixiy ildizlari
Oʻqituvchi: Tarixchilarning tasnifiga ko‘ra, turkiylar kamida 16 ta yirik imperiya qurgan. Mana, hozirgina ularning asosiy ramzlari bilan tanishib chiqdik. Shuni ham unutmangki, qadimda bir davlat yoki sulola turli xil bayroqlardan foydalangan hollar ham kuzatilgan. Taqdimotda ularning asosiylari ko‘rsatildi.
Turkiy saltanatlar Sharqdan G‘arbga qadar ulkan madaniyat, boy til va chuqur ma’noli ramzlar qoldirgan. Bizning Vatanimiz O‘zbekiston mana shu tarixiy merosning vorisi hisoblanadi. Shunday ekan, bugungi bayrog‘imizda buyuk bobolarimiz tuzgan davlatlarning ramzlari aks etishi tabiiy.
Endi Sizlar bilan “Bayroqlar mozaikasi” o‘yinini o‘ynaymiz. Avval besh guruhga bo‘linib olaylik. Guruhlarimizni bayroqdagi ramz va ranglar bilan “Ko‘k”, “Qizil”, “Oq”, “Yashil” hamda “Oy va yulduzlar” deb nomlaymiz. Har bir guruh o‘z nomidagi rang yoki ramzni qadimiy bayroqlarimizdan topib, klaster diagrammasiga joylashtiradi. 5 daqiqa vaqt beriladi. Qani, boshladik!
O‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, klaster diagrammasini yaratadi (1-rasm). Masalan, “Ko‘k” guruhi bayrog‘ida shu rangdan foydalangan davlatlarni aylanalar ichiga “Ko‘k turk xoqonligi”, “Xazar xoqonligi”, “Saljuqiylar imperiyasi”, “Temuriylar imperiyasi”, “Turkiston Muxtoriyati” deb yozadi. Har bir guruh shu tartibda klaster diagrammasi chizib to‘ldiradi va doskaga chiqib, taqdimot qiladi. Oxirida o‘qituvchi barcha chizmalarni birlashtirib, “O‘zbekiston bayrog‘i” klasterini yaratadi.
Oʻqituvchi: Mana, ko‘rdingizmi, Vatanimiz bayrog‘ining tarixiy ildizlari qanchalik chuqur va davlatchiligimiz bilan qanchalik chambarchas bog‘liq. Vatanimiz bayrog‘i shunchaki ranglar uyg‘unligidan iborat emas, balki ko‘k, oq, qizil, yashil va oy-yulduzlarning teran ma’nolari bor.
“O‘zbekiston bayrog‘i” klasteriga qarab qisqa savollarga tezkor javob bering.
1. Ko‘k rang qaysi davlatlarning bayroqlarida bor?
2. Yashil rang qaysi davrdan bayroqlarda ko‘p ishlatila boshlagan?
3. Qizil rang qaysi davrdan ko‘p qo‘llana boshlagan?
4. Qadimiy bayroqlarimizda oy va yulduz ramzi qachondan ko‘paygan?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
.png)
1-rasm. Klaster diagrammasi
Oʻqituvchi: “O‘zbekiston bayrog‘i” klasteriga sinchiklab qarab, qiziq xulosalarga kelish mumkin. O‘zbek xalqining milliy o‘zligini bir daraxtga o‘xshatsak, uning ikki yirik tomiri bor: turkiy va islomiy madaniyat. Biri ko‘k rang bilan ifodalansa, yashil rang hamda oy va yulduz ikkinchining ramzi hisoblanadi. Ushbu ikki baquvvat ildiz bizning milliy o‘zligimizni oziqlantirib, kuch va hayot baxsh etib kelmoqda.
Turkiy madaniyatdan bizga til, folklor, urf-odat, jasorat, adolat va davlatchilik ruhi meros qolgan. Islomiy madaniyat asosan ma’naviyat, ilm-fan va insonparvarlik qadriyatlarini singdirgan. Bayrog‘imizdagi oq rang esa tinchlik, poklik ramzi bo‘lib, umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligimiz belgisi hamdir.
Mana, baquvvat ildizlarimizni tanib oldik, “O‘zbekiston Respublikasi” degan suveren davlatimiz va milliy ramzlarimiz ko‘kka bo‘y cho‘zgan shoxlarga o‘xshaydi. Biz har birimiz esa mana shu “Vatan” degan ulkan daraxtning yaproqlarimiz. Agar ildizlarga ulanmasak, qurib-qovjiraymiz. Daraxtning tanasi qanchalik yashnasa, biz ham yaxshi yashaymiz.
O‘qituvchi: Milliy bayrog‘imiz biz uchun naqadar aziz va muhimligini anglab oldik-a? Endi uning tug‘ilish makoniga sayohat uyushtiramiz. Ekranga e’tibor qaratamiz.
Vizual kontent.
Bayroq ishlab chiqarish korxonasiga borganmisiz?
O‘qituvchi: Hayotda qadrli narsalarimizni asrab-avaylashni ham o‘rganishimiz kerak. O‘zbekiston bayrog‘i shunday buyuk qadriyatki, uning ehtiromini joyiga qo‘yish uchun qanday g‘alabalar, qahramonliklar, ijodkorlik va mehnatlar qilinganini unutmasligimiz kerak. Kelinglar, bayrog‘imiz baland ko‘tarilgan nuqtalarni eslaymiz – videoga e’tibor qaratamiz.
Vizual kontent
Davlat bayrogʻi aks etgan 18 nuqta
O‘qituvchi: Endi sinfni ikki guruhga bo‘lamiz va debat (bahs) uyushtiramiz.
Savol: Bayroqdan qanday foydalanish kerak? Guruhlar ikki xil pozitsiyani himoya qiladi.
1-guruh: Bayroqni faqat rasmiy joylarda ishlatish zarur. Muqaddas ramzni ortiqcha suiiste’mol qilib bo‘lmaydi.
2-guruh: Bayroqdan imkon qadar kengroq doirada foydalanish lozim. Chunki faxr va birlik ramzi.
O‘quvchilar o‘z pozitsiyasini himoya qilgan holda dalillar keltirib bahsga kirishadi.
O‘qituvchi: Ikki nuqtayi nazarda ham jon bor. Bu boradagi muvozanatni esa qonun ta’minlaydi. Davlatimiz bayrog‘idan foydalanish qoidalari dastlab 1991-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilab berilgan edi. Keyingi yillarda xalqimizning taklif va talab-istaklarini hisobga olgan holda, qonunchilik normalarini yanada takomillashtirish zarurati yuzaga keldi. Fuqarolarda oʻz vatanparvarlik tuygʻularini ifoda etish, Vatanimiz yutuqlarini qoʻllab-quvvatlash istagi kuchayib bormoqda. Shu bois davlat bayrogʻidan zarur hurmatni taʼminlagan holda foydalanishni kengaytirish maqsadida 2023-yilning 7-iyulda qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan:
✔ Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkin.
✔ Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida rasmiy xalqaro tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanilishi mumkin.
✔ Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.
Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlishga, shu jumladan:
❖ yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oʻchgan holda va boshqa nomaʼqul tarzda foydalanishga;
❖ biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanishga;
❖ stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek, oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshashga yoki bayroq tasvirini tushirishga;
❖ kiyim-bosh, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, shuningdek, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;
❖ poyabzalga, dastroʻmolga, koʻrpa-toʻshakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;
❖ odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, milliy bayrog‘imizni yanada ko‘proq joylarda, hayotimizning har bir sohasida ko‘tarish, faxr bilan namoyish etish uchun qonuniy asos yaratildi. Eng muhimi, bayroqdan endi faqat davlat idoralarida emas, balki uyimizda, ish joyimizda, mashinamizda ham foydalanish mumkin.
Yangi qonun asosida uyiga milliy bayrog‘imizni o‘rnatgan vatanparvarlar oramizda bormi? Bu haqda ota-onangizga, albatta, ayting! Iltimos qiling. Hech bo‘lmasa dars stolingizda bayroqqa joy toping! Kelishdikmi?
O‘quvchilar: Ha!
Yakuniy qism. (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Kelinglar, darsimiz yakunida bayrog‘imiz haqida test yechamiz. Ekranga qaraymiz.
Vizual kontent
Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi haqida test savollari
O‘qituvchi: Barakalla, bolalar, bugungi darsimizni juda yaxshi o‘zlashtiribsizlar.
O‘qituvchi: Bolajonlar, ko‘zingiz tushgan bo‘lsa “Bayroq chorlovi” o‘tkazilyapti. Hozir shu chorlovga bag‘ishlangan bir videoni ko‘ramiz.
Vizual kontent
Bolajonlar, oʻquvchi-yu talabalar! Chorlovga qoʻshiling!
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/180
O‘qituvchi:
Bolajonlar, sizlar ham bu chorlovga qo‘shiling.
20-noyabr Jahon bolalar kuni!
Ushbu sana munosabati bilan tashkil etiladigan darslar uchun maʼlumotlar:











HAR BIR BOLA HUQUQLARGA EGA!


КАЖДЫЙ РЕБЕНОК ИМЕЕТ ПРАВА!
