“Kelajak soati” 12-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9–11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
12-mavzu: “O‘zbekiston bayrog‘i”
Darsning maqsadi
Umumiy maqsad:
O‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i, uning tarixiy ildizlari, ramzlari va ma’nosi haqida chuqur bilim berish; milliy o‘zlik, vatanparvarlik, tarixiy xotira va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlash; bayroqning turkiy dunyo va zamonaviy davlatchilikdagi o‘rnini anglash orqali yoshlarning ma’naviy ongini yuksaltirish.
Aniq maqsadlar:
● bayroqning qabul qilingan sanasi, yaratilish tarixi va asosiy ko‘rsatkichlarini tushuntirish;
● ranglar va ramzlarning ma’nosini sharhlash, ularning turkiy dunyo bilan bog‘liqligini izohlash;
● qadimgi turkiy davlatlar bayroqlari bilan hozirgi O‘zbekiston bayrog‘i o‘rtasidagi tarixiy uzviylikni aniqlay olish;
● bayroqdan foydalanish qoidalarini, tegishli qonunchilikdagi yangiliklarni tushunish;
● jahon miqyosidagi g‘alabalarda bayroqning ramziy ahamiyatini tahlil qilish;
● guruhda ishlash, taqdimot qilish, Venn diagrammasi va suhbat orqali o‘z fikrini asoslab ayta olish ko‘nikmasini rivojlantirish;
● o‘quvchilarda milliy iftixor, mas’uliyat, birlik va Vatan sha’nini ulug‘lash tuyg‘usini kuchaytirish.
Asosiy g‘oya
Bayroq – milliy g‘urur, mustaqillik va g‘alaba timsoli.
“Bir bayroq, bir Vatan, bir yurak – mangu bir millat!”
Darsda kutiladigan natijalar
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
● O‘zbekiston davlat bayrog‘ining qabul qilingan sanasi va tarixiy asoslarini biladi;
● ranglar – ko‘k, oq, yashil, qizil, oy va 12 yulduz ramzining ma’nosini tushuntira oladi;
● qadimgi turkiy saltanatlar bayroqlaridan O‘zbekiston bayrog‘iga o‘tgan ramziy merosni aniqlay oladi;
● hozirgi turkiy davlatlar bayroqlari bilan o‘xshashliklarni (ranglar, ramzlar) tahlil qiladi;
● bayroqdan foydalanish qoidalariga oid qonunchilik normalarni izohlab bera oladi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
● milliy bayroqni ko‘rganda faxr, birlik va Vatan sha’nini ulug‘lash hissi kuchayadi;
● tarixiy merosga hurmat, davlat ramzlariga mehr, mas’uliyat va sadoqat tuyg‘usi rivojlanadi;
● yutuq va g‘alabalarni bayroq bilan bog‘lash milliy o‘zlik sifatida shakllanadi;
● turkiy olamga mansublik hissi va mushtarak qadriyatlarga hurmat ortadi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
● bayroqlar o‘rtasidagi rang-ramziy uyg‘unlikni grafik vositalar (Venn diagrammasi, klaster) orqali ko‘rsatadi;
● guruhlarda taqdimot tayyorlaydi, dalillar bilan fikrini asoslaydi;
● bayroqdan foydalanish bo‘yicha to‘g‘ri/noto‘g‘ri misollarni baholaydi;
● videorolik, tarixiy tasvir va amaliy mashg‘ulotlar asosida mustaqil xulosalar chiqaradi;
● milliy bayroqning xalqaro maydondagi ahamiyatini (sport, fan, san’at) real misollar orqali tushuntiradi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
● jamoadagi vazifalarni mas’uliyat bilan bajaradi, fikrini madaniyatli tarzda ifodalaydi;
● bahs-munozarada o‘z pozitsiyasini asoslay oladi va raqib fikriga hurmat bilan yondashadi;
● davlat ramzlariga ehtiyotkor munosabat fuqarolik madaniyatining bir qismi ekanini anglaydi;
● jamiyatdagi har bir shaxsning Vatan sha’ni va bayrog‘ini ulug‘lashdagi hissasini tushunadi.
Metapredmet bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “Vatan bayrog‘i” mavzusi quyidagi fan bilimlarini uyg‘unlashtiradi:
● Tarix: turkiy saltanatlar, milliy davlatchilik, mustaqillik tarixidan xabardorligi oshadi;
● Huquq: “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun mazmuni va qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni bilib oladi;
● Ma’naviyat: vatanparvarlik, milliy birlik, tarixiy merosni anglaydi;
● Madaniyatshunoslik: ranglar, ramzlar, timsollar tizimi haqida bilimlari boyiydi;
● Ijtimoiy fanlar: fuqarolik pozitsiyasi, milliy identitet shakllanadi;
● Tasviriy san’at: bayroq va ramzlarning vizual tahlilini qila oladi.
Fanlararo yondashuv bayroqni faqat ramz emas, balki tarix, huquq, madaniyat va jamiyatni birlashtiruvchi qadriyat sifatida anglashga yordam beradi.
ASOSIY DARS MASHGʻULOTI
KIRISH. O‘zbekiston bayrog‘i – g‘alabalar hamrohi! (5 daqiqa)
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, o‘quvchilar! Bugun biz sizlar bilan “Kelajak soati” darsining yana bir qiziqarli mavzusini gaplashamiz!
Shu payt sinfxonaga ikki o‘quvchi O‘zbekiston bayrog‘ini tantanavor ko‘tarib kirib keladi. Hamma hayron bo‘ladi, nima qilishini bilmay ikkilanib qoladi.

O‘qituvchi (o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qaddini g‘oz tutadi): Mana, sinfxonamizga muqaddas ramzimiz – O‘zbekiston bayrog‘i kirib keldi. Qani, hammamiz o‘rnimizdan turib, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, bayrog‘imizga hurmat bildiramiz.
Barcha o‘quvchilar o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi.
O‘qituvchi: Bayroq bu – oddiy mato emas. Bizning mustaqilligimiz, tariximiz va kelajagimiz timsoli. Uni asrab-avaylashimiz, hurmat qilishimiz kerak. Zero, bayroqni qadrlash – Vatanni qadrlash demakdir.
Endi Sizlar bilan tasavvur kuchimizni sinaymiz. Hamma o‘zini xalqaro miqyosda g‘alaba qozongan sportchi, olim, san’atkor yoki ixtirochi roliga qo‘yib ko‘rsin. Parij, Nyu-York, Istanbul, Pekin yoki Doha shahridasiz. Jahon arenasi yoki yuksak minbarda g‘olib turibsiz! Sizning yutug‘ingiz tufayli O‘zbekiston madhiyasi yangrayapti, boshingiz uzra O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilyapti. Barcha davlatlarning ramzlaridan balandda qadrdon bayrog‘imiz hilpirayapti. Shu ondagi his-tuyg‘ularingizni tasavvur qiling…
Hozir shu haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
“Bayroq doim yonimizda boʻlsin” – Bahodir Jalolov
O‘qituvchi: Videoni ko‘rgach ko‘nglingizdan nimalar kechmoqda? Tuyg‘ularingizni so‘z bilan ifoda eting.
O‘quvchilar chiqishida qaysi sohada yutuqqa erishganini aytib, bayroq baland ko‘tarilayotgan lahzada nimalarni his qilganini tasvirlaydi, kelajak orzusini “Vatan nomini dunyoga tanitish” g‘oyasi bilan bog‘laydi.
O‘quvchi: Men kelajakda xalqaro robototexnika musobaqasida g‘olib bo‘laman. Bayrog‘imiz hilpiraganda yuragimda g‘urur, ko‘zlarimda faxr barq uradi. O‘sha daqiqada chuqur his qilib turaman, bu mening emas, butun O‘zbekistonning g‘alabasi!
Boshqa o‘quvchilar qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlab turadi. O‘qituvchi chiqishlarini tahlil qiladi: Qaysi chiqishlar eng ta’sirli bo‘ldi? Qanday his-tuyg‘ular eng ko‘p takrorlandi? Nega “bayroqni baland tutish” deganda faxr hissi uyg‘onadi?
O‘qituvchi: Bayroq siz uchun nimalarni anglatadi?
O‘quvchilar: faxr, birlik, erkinlik, Vatan, g‘alaba...
Javoblar doskaga ilingan daraxt shaklidagi plakatga yoziladi.
O‘qituvchi: Ko‘ryapsizmi, bayrog‘imiz har birimiz uchun faxr, muhabbat va mas’uliyat timsoli ekan. O‘zbekiston bayrog‘i – g‘alabalar hamrohi! Biz katta-kichik yutuqlarimizni chiroyli bayrog‘imiz bilan birga nishonlaymiz. Bu bizning mustaqil davlatimiz borligini dunyoga namoyish qiladi!
Bugun jahonda taxminan 6000–7000 atrofida xalq (etnolingvistik guruh) borligi aytiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar soni esa 200 ga yaqin. Shundan ham bilish mumkinki, har 30-35 ta xalqdan biri suveren davlat qurishga muyassar bo‘lgan. Vatanimiz ozodligini asrash, mustaqilligimizni mustahkamlash naqadar muhimligini angladingizmi? Boshi uzra milliy bayrog‘ini hilpiratish baxti ham har kimga nasib etmaydi bu dunyoda!
ASOSIY QISM. Teran tomirlar va mushtarak kelajak (25 daqiqa)
O‘qituvchi: Milliy bayrog‘imiz biz uchun naqadar aziz va muhimligini yaxshi anglaymiz-a? Endi uning tug‘ilish makoniga sayohat uyushtiramiz. Ekranga e’tibor qaratamiz.
Vizual kontent.
Bayroq ishlab chiqarish korxonasiga borganmisiz?
Oʻqituvchi: Amir Temurning shunday so‘zi bor: “Lashkardan bir askar tirik qolsa, u bayroqni tutib tursin!” Jahongir bobomiz nima uchun bunday buyruq bergan, nima deb o‘ylaysiz?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Barchangizning mulohazangizda jon bor. Ha, bu harbiy ruh va sadoqat haqida aytilgan chuqur ma’noli hikmatdir. Bayroq azal-azaldan davlat va lashkar qudratini bildirgan. G‘urur va g‘alaba ramzi bo‘lgan. Jang maydonida bayroqni tik tutish yengilmaslik belgisi hisoblangan. Uning qulashi qo‘shin mag‘lub etilganini anglatgan. Shu bois bayroqni jon evaziga bo‘lsa-da qo‘riqlaganlar. Bu shior Amir Temur qo‘shinining intizomi, vatanparvarligi va sadoqatini ifodalagan. Buyuk g‘alabalarga yo‘l ochgan.
Sohibqiron bobomizning buyrug‘iga hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan. Ona yurt sha’nini himoya qilish fidoyilikni talab etadi. Har bir kishi, qanchalik kichik bo‘lmasin, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor turishi kerak. Bugun Vatan bayrog‘i jang maydonida emas, boya aytganimizdek, ilm-fan va sport arenalarida g‘alabalaringiz hamrohi bo‘lsin!
Endi e’tiboringizni ekranga qarating! Qanday suratni ko‘ryapsiz?
.jpg)
O‘quvchilar: O‘zbekiston bayrog‘i!
Oʻqituvchi: Yaxshilab qarang! Bu yerda bir nechta tarixiy bayroqlarimiz birlashtirilgan. Hozir qiziqarli rolik tomosha qilamiz! Keyin suhbatimizni davom ettiramiz.
Vizual kontent
Milliy bayrogʻimizning tarixiy ildizlari
Oʻqituvchi: Videorolikda milliy davlatchiligimiz tarixidagi mashhur bayroqlar ko‘rsatildi. Hozirgi bayrog‘imiz bilan qanday o‘xshashliklari bor ekan?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Tarixchilarning tasnifiga ko‘ra, turkiylar kamida 16 ta yirik imperiya qurgan. Mana, hozirgina ularning asosiy ramzlari bilan tanishib chiqdik. Shuni ham unutmangki, qadimda bir davlat yoki sulola turli xil bayroqlardan foydalangan hollar ham kuzatilgan. Taqdimotda ularning asosiylari ko‘rsatilgan.
Turkiy saltanatlar Sharqdan G‘arbga qadar ulkan madaniyat, boy til va chuqur ma’noli ramzlar qoldirgan. Bizning Vatanimiz O‘zbekiston mana shu tarixiy merosning vorisi hisoblanadi. Shunday ekan, bugungi bayrog‘imizda buyuk bobolarimiz tuzgan davlatlarning ramzlari aks etishi tabiiy.
Qani, ayting-chi, hozirgi jahon siyosiy xaritasida nechta mustaqil turkiy davlat bor? Birma-bir sanab bering!
O‘quvchilar: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya...
Oʻqituvchi: “Turkiy davlatlar” deganda bir-birining tilini tushunadigan, tarixda umumiy ildizdan kelib chiqqan xalqlar (o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, turk va boshqalar) yashaydigan mamlakatlar nazarda tutiladi. Ular bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkilotiga birikkan.
.jpg)
Rasmda Turkiy davlatlar tashkiloti bayrog‘i fonida tuzilmaga a’zo davlatlar (Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston) va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar (Vengriya, Turkmaniston, Shimoliy Kipr) bayroqlarini ko‘rib turibsiz.
Tashkilotning maqsadi turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. Shiori: “Bir millat – ko‘p davlat!” Bu degani: bizning ildizimiz bitta, faqat davlatlarimiz alohida. Turkiy davlatlar tashkiloti ajdodlarimiz orzusi bo‘lgan turkiy birlikni zamonaviy davrda amalga oshirmoqda. Biz yoshlar esa bu birlikni ilm, do‘stlik va faxr bilan davom ettiramiz!
Qardosh xalqlarning bayroqlariga e’tibor qiling: qaysi ranglar va ramzlar bizning bayroq bilan uyg‘un?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Endi darsimizni Venn diagrammasi usulida davom ettiramiz. Avval besh guruhga bo‘linib olaylik. Guruhlarimizni bayroqdagi ramz va ranglar bilan “Ko‘k”, “Qizil”, “Oq”, “Yashil” hamda “Oy va yulduzlar” deb nomlaymiz. Har bir guruh o‘z nomidagi rang yoki ramzni qardosh davlatlarning bayroqlaridan topib, Venn diagrammasiga joylashtiradi. 3 daqiqa vaqt beriladi. Qani, boshladik!
O‘quvchilar avval guruhda muhokama qilib, to‘g‘ri javoblarni qog‘ozga yozib oladi, keyin doskadagi Venn diagrammasini to‘ldiradi. Masalan, “Ko‘k” guruhi bayrog‘ida shu rangdan foydalangan davlatlarni “Qozog‘iston”, “Ozarbayjon” aylana ichiga deb yozadi. Har bir guruh shu tartibda davom etadi. Oxirida o‘rtasiga “O‘zbekiston bayrog‘i” deb yozilgan, atrofini qardosh davlatlar qurshagan diagramma hosil bo‘ladi. O‘qituvchi chizmani tahlil qilib beradi.
Oʻqituvchi: Avval, ranglardan boshlaymiz. Ko‘k rang Turkiy davlatlar tashkiloti bayrog‘i hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon bayroqlarida mavjud. Oq rang O‘zbekiston, Vengriya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bayroqlarida; qizil rang O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iz Respublikasi, Ozarbayjon, Vengriya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Turkmaniston bayroqlarida; yashil rang esa O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya bayroqlarida bor. Oy va yulduz ramzi Turkiy davlatlar tashkiloti, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bayroqlarini bezab turibdi.
.png)
Endi diagrammaga qarab qisqa savollarga tezkor javob bering.
1. Qaysi rang Turkiy davlatlar tashkiloti bayrog‘ida ham, O‘zbekiston bayrog‘ida ham bor? (Ko‘k)
2. Ko‘k rang qaysi davlatlarning bayroqlarida uchraydi? (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bayrog‘ida ham.)
3. Oq rang nechta davlat bayrog‘ida mavjud? (3 ta: O‘zbekiston, Vengriya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi).
4. Qizil rang ko‘p uchraydigan bayroqlarni sanab bering. (Turkiya, Qirg‘iz Respublikasi, Ozarbayjon, Vengriya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi.)
5. Qaysi bayroqlarda sariq rang ishlatilgan? (Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi.)
6. Yashil rang qaysi davlatlarning bayroqlarida uchraydi? (O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya.)
7. Oy va yulduz nechta turkiy davlat bayrog‘ida bor? (5 ta: O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bayrog‘ida ham bor.)
8. O‘zbekiston va Turkiya bayroqlaridan qaysi qardosh davlat bayrog‘ini hosil qilish mumkin? (Ozarbayjon)
9. O‘zbekiston bayrog‘ida nechta rang bor va ular nimani anglatadi?
10. Nega O‘zbekiston bayrog‘ini “Turkiy olamni bog‘lovchi ko‘prik” deb atash mumkin?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi va to‘ldirib boriladi.
Oʻqituvchi: Ko‘rib turganimizdek, turkiy xalqlar bayroqlaridagi rang va ramzlar bir ildizdan – qadimiy turkiy dunyoqarashdan kelib chiqqan. Bu ajdodlarimizdan meros bo‘lgan ma’naviy uyg‘unlik va do‘stlik belgisidir. Bizning milliy bayrog‘imiz ham shu qadriyatlar asosida yaratilgan. Demak, O‘zbekiston bayrog‘i – nafaqat davlatimiz ramzi, balki butun turkiy olamni birlashtiruvchi timsoldir. Qardosh xalqlar bilan tarixiy ildizlarimiz umumiy bo‘lganidek, kelajagimiz ham chambarchas bog‘liq.
Milliy bayrog‘imiz o‘tmishda hukm surgan turkiy saltanatlarning bayroqlari bilan ham, bugun jahon siyosiy xaritasida mavjud turkiy davlatlar bayroqlari bilan ham uyg‘un ekan, bu bejiz emas. 1991-yil 18-noyabrda yosh suveren respublikamizga xuddi shunday bayroq qabul qilinganida ziyolilarimiz har tomonlama puxta o‘ylab, keyin bir qarorga kelishgan.
Yakuniy qism. Bayroqdan foydalanish qoidalari (10 daqiqa)
O‘qituvchi: Milliy bayrog‘imiz biz uchun naqadar aziz va muhimligini anglab oldik-a? Hayotda qadrli narsalarimizni asrab-avaylashni ham o‘rganishimiz kerak.
Endi sinfni ikki guruhga bo‘lamiz va debat (bahs) uyushtiramiz.
Savol: Bayroqdan qanday foydalanish kerak? Guruhlar ikki xil pozitsiyani himoya qiladi.
1-guruh: Bayroqni faqat rasmiy joylarda ishlatish zarur. Muqaddas ramzni ortiqcha suiiste’mol qilib bo‘lmaydi.
2-guruh: Bayroqdan imkon qadar kengroq doirada foydalanish lozim. Chunki faxr va birlik ramzi.
O‘quvchilar o‘z pozitsiyasini himoya qilgan holda dalillar keltirib bahsga kirishadi.
O‘qituvchi: Ikki nuqtayi nazarda ham jon bor. Bu boradagi muvozanatni esa qonun ta’minlaydi. Davlatimiz bayrog‘idan foydalanish qoidalari dastlab 1991-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilab berilgan edi. Keyingi yillarda xalqimizning taklif va talab-istaklarini hisobga olgan holda, qonunchilik normalarini yanada takomillashtirish zarurati yuzaga keldi. Fuqarolarda oʻz vatanparvarlik tuygʻularini ifoda etish, Vatanimiz yutuqlarini qoʻllab-quvvatlash istagi kuchayib bormoqda. Shu bois davlat bayrogʻidan zarur hurmatni taʼminlagan holda foydalanishni kengaytirish maqsadida 2023-yilning 7-iyulda qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan:
✔ Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkin.
✔ Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida rasmiy xalqaro tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanilishi mumkin.
✔ Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.
Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlishga, shu jumladan:
❖ yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oʻchgan holda va boshqa nomaʼqul tarzda foydalanishga;
❖ biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanishga;
❖ stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek, oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshashga yoki bayroq tasvirini tushirishga;
❖ kiyim-bosh, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, shuningdek, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;
❖ poyabzalga, dastroʻmolga, koʻrpa-toʻshakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;
❖ odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, milliy bayrog‘imizni yanada ko‘proq joylarda, hayotimizning har bir sohasida ko‘tarish, faxr bilan namoyish etish uchun qonuniy asos yaratildi. Eng muhimi, bayroqdan endi faqat davlat idoralarida emas, balki uyimizda, ish joyimizda, mashinamizda ham foydalanish mumkin.
Yangi qonun asosida uyiga milliy bayrog‘imizni o‘rnatgan vatanparvarlar oramizda bormi? Bu haqda ota-onangizga, albatta, ayting! Iltimos qiling. Hech bo‘lmasa dars stolingizda bayroqqa joy toping! Kelishdikmi?
O‘quvchilar: Ha!
O‘qituvchi: Kelinglar, darsimiz yakunida bayrog‘imiz haqida test yechamiz. Ekranga qaraymiz.
Vizual kontent
Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi haqida test savollari
O‘qituvchi: Barakalla, bugungi darsimizni juda yaxshi o‘zlashtiribsizlar.
O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar, ko‘zingiz tushgan bo‘lsa “Bayroq chorlovi” o‘tkazilyapti. Hozir shu chorlovga bag‘ishlangan bir videoni ko‘ramiz.
Vizual kontent
Aziz o‘quvchilar, oʻquvchi-yu talabalar! Chorlovga qoʻshiling!
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/180
O‘qituvchi:
Hurmatli o‘quvchilar, sizlar ham bu chorlovga qo‘shiling.
20-noyabr Jahon bolalar kuni!
Ushbu sana munosabati bilan tashkil etiladigan darslar uchun maʼlumotlar:










HAR BIR BOLA HUQUQLARGA EGA!


КАЖДЫЙ РЕБЕНОК ИМЕЕТ ПРАВА!
