“Kelajak soati” 12-mavzu

OLIY OʻQUV YURTI TALABALARI UCHUN “KELAJAK SOATI” DARSLARINING SSENARIYSI

 

12 - mavzu: “Oʻzbekiston bayrogʻi”.

Dars oʻtiladigan sana: 2026-yil .................

 

Annotatsiya.

Ushbu mashgʻulot talabalarda “Oʻzbekiston bayrogʻi” atamasining mazmun-mohiyatini atroflicha tushunish, uning davlatimiz ramzi sifatidagi ahamiyatini anglash hamda mamlakatimiz bayrogʻini ardoqlash va qadrlash koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Mashgʻulot jarayonida:

 umuman “bayroq” tushunchasi, uning tarixiy kelib chiqishi va har bir davlat uchun zarurligi, muayyan mamlakat aholisi va davlat fuqarolari uchun qadri va ahamiyati;

“Oʻzbekiston bayrogʻi” atamasining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz bayrogʻining davlatimiz ramzi sifatidagi oʻrni va roli, uning ahamiyatini anglash, bayrogʻimizni ardoqlash va qadrlash;

davlatimiz bayrogʻining mamlakat va xalq timsoli ekanligi, uning ranglari nimalarni anglatishi, undan foydalanish tartib-qoidalari va bayroqqa ehtirom koʻrsatish tamoyillari;

 davlat bayrogʻidan foydalanish va unga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalari buzilganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar hamda ularning oldini olish, bunday hollarga barham berish yoʻllari bilan bogʻliq masalalar bayon etiladi va muhokama qilinadi.

 Dars davomida talabalar hayotiy misollar va dalillar, audio va video materiallar, keys-topshiriqlar va rolli oʻyinlar orqali umuman “bayroq” tushunchasi, uning har bir davlat uchun zarurligi va qadr-qimmati, Oʻzbekiston bayrogʻining davlatimiz ramzi sifatidagi oʻrni va roli, uni ardoqlash va qadrlash, bayroqdan foydalanish va unga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalariga doir bilimlarni oʻzlashtiradilar va bu haqdagi maʼlumotlarga ega boʻladilar.

 Mashgʻulot interaktiv usullarda tashkil etiladi, talabalarda mustaqil fikrlash, mantiqiy tahlil, empatiya va sogʻlom muloqot, ezgu gʻoyalarga sadoqat, davlatimiz ramzlari va ayniqsa Oʻzbekiston bayrogʻini qadrlash va ardoqlash koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Umumiy maqsad:

 

Talabalarda Oʻzbekiston bayrogʻining har bir fuqaro uchun qadr-qimmati va ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish. Oʻzlari va boshqalar uchun bayrogʻimizga nisbatan hurmat va ehtiromga asoslangan muhit yaratish koʻnikmalarini shakllantirish.

 

Aniq maqsadlar

1. Yoshlarga “bayroq” tushunchasining tarixi, har bir davlat uchun zarurligi, uning fuqarolar uchun qadr-qimmatini anglatish.

2. Talabalarga Oʻzbekiston bayrogʻining davlat ramzi sifatidagi ahamiyatini tushuntirish.

3. Mamlakatimiz bayrogʻining davlatimiz ramzi sifatidagi oʻrni va ahamiyatini talabalarga anglatish, ularda bayrogʻimizni ardoqlash va qadrlash tuygʻusini shakllantirish.

4. Davlatimiz bayrogʻidan foydalanish tartib-qoidalari va bayroqqa ehtirom koʻrsatish tamoyillarini talabalarga oʻrgatish.

5. Talabalarda Davlat bayrogʻidan foydalanish va unga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalari buzilgan hollarga barham berish, unga toʻgʻri va madaniyatli tarzda munosabat bildirish koʻnikmalarini hosil qilish.

 

Asosiy gʻoyalar

“Bayroq” – maʼlum rangda tayyorlanib, maxsus ramziy belgilar tushirilgan mato maʼnosini anglatadi. Dunyodagi barcha davlatlarning milliy bayrogʻi bor. Oʻzbekiston Respublikasining ham oʻz bayrogʻi mavjud.

U davlatimizning ramzlaridan biri boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi sessiyasida tasdiqlangan. Shundan boshlab bu sana yurtimizda “bayroq kuni” sifatida nishonlanadi.

Maktab davridan buyon Oʻzbekiston bayrogʻi haqida yaxshi maʼlumotga egamiz. Uning ranglari va maʼnolari haqida har yili televideniye va radio, internet tarmoqlarida eshitib, oʻqib boramiz. Bugungi darsda mamlakatimiz bayrogʻining tarixi va ahamiyati, uni qadrlash va ardoqlash zarurligi haqida soʻz yuritamiz. 

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy darajada:

                    Talaba “Oʻzbekiston bayrogʻi” tushunchasining mazmun-mohiyatini va oʻziga xos belgilarini izohlab bera oladi.

                     Oʻzbekiston bayrogʻining davlat ramzi, xalqimiz va mamlakatimizning oʻziga xos timsoli ekanini yaxshi biladi.

                    Davlat bayrogʻidan foydalanish va unga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalari buzilganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni tushuntira oladi.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

                    Davlat bayrogʻini va uning ramzlarini hurmat qilish hissi kuchayadi.

          Davlat ramzlari va bayrogʻini qadrlash va uni ardoqlash borasida ijobiy munosabat shakllanadi.

                    Empatiya, yaʼni boshqalarning bu boradagi his-tuygʻularini tushunish, inobatga olish va hurmat qilish koʻnikmasi rivojlanadi.

3. Amaliy koʻnikmalarda:

                    Turli vaziyatlarda davlat bayrogʻini va uning ramzlarini hurmat qilish va buni ifoda etish boʻyicha muloqot olib boradi.

                    Davlat bayrogʻidan foydalanish va unga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini namoyon qiladi.

                    Bayroq bilan bogʻliq turli salbiy holat va vaziyatlarni maʼnaviy-maʼrifiy va sogʻlom muloqot orqali hal qilish usullarini qoʻllaydi.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

                    Oʻz guruhi va yoshlar orasida davlat bayrogʻiga hurmat va qadrlash muhitini yaratishga hissa qoʻshadi.

                    Oʻzining va boshqalarning bayroq bilan bogʻliq tartib-qoidalarga rioya qilish tamoyillarini mustahkamlaydi.

                    Yetuk maʼnaviy faoliyat, oʻzaro munosabatlar va muloqot madaniyatini rivojlantirishga faol harakat qiladi.

 

Metapredmet: Ushbu mashgʻulot talabalarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:

                    Tarix va falsafiy fanlar: ushbu mavzuning tarixi va tadriji, unga doir voqea va hodisalar, xilma-xil vaziyatlar, turli matnlar, hikoyalar va hayotiy jarayonlarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.

                     Kasbiy pedagogika va psixologiya asoslari: talabaning shaxsiy maʼnaviy qiyofasini aniqlash, oʻz pozitsiyasini himoya qilish va sogʻlom muloqot qoidalarini oʻrganish.

                    Huquqshunoslik va inson huquqlari: bayroq bilan bogʻliq tartib-qoidalarni toʻgʻri tahlil va talqin qilish, shaxsiy burch va masʼuliyat haqidagi qonuniy meʼyorlarni bilish va amalda qoʻllash.

                    Tanqidiy fikrlash: turli vaziyatlarda bayroqni ardoqlash va hurmat qilish chegaralari buzilishi ehtimolini baholash, ularning oqibatlarini oldindan koʻra bilish va oqilona yechim ishlab chiqish.

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: Talabalarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va mantiqiy tahlil qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qoʻllaniladi. Mashgʻulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhlarga boʻlinib muhokama, Real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar, rolli oʻyinlar va savol-javob usullaridan foydalaniladi. Bu yondashuv talabalarga mavzuni chuqur oʻzlashtirish, oʻz fikrini asoslab berish va amaliy faoliyat koʻnikmalarni shakllantirish imkonini yaratadi.

Materiallar toʻplami: Mashgʻulotni samarali tashkil etish uchun uning ssenariysi, mavzuga oid rasm va slaydlar, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan videomateriallar, keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli oʻyinlar uchun vaziyat timsollari tayyorlanadi. Shuningdek, “aqliy hujum” uchun savollar roʻyxati va talabalar ishtirokini faollashtiruvchi flomasterlar, markerlar, varaqlar, kompyuter, uyali telefon, kino ekranlari kabi vositalardan foydalaniladi. 

Darsning borishi

Kirish (10 daqiqa)

Talabalar bilan salomlashish, mavzu va maqsadni eʼlon qilish. Oʻzbekiston bayrogʻi haqida qisqa kirish suhbati va mavzuga oid motivatsion savol-javob.

Asosiy qism (25 daqiqa).

                    Bayroqlar va ularning turlari haqida tushuntirish va muhokama.

                    Real vaziyatlar asosida vazifa va topshiriqlarni tahlil qilish.

                    Rolli oʻyinlar orqali davlat bayrogʻini hurmat qilish boʻyicha amaliy mashqlar.

                    Guruh oʻrtasida “aqliy hujum” usulida davlat bayrogʻini himoyalash, qadrlash va ardoqlash yoʻllarini ishlab chiqish.

Yakuniy qism (10 daqiqa). Talabalar bilan darsdan olingan xulosalarni muhokama qilish. Mavzu boʻyicha “3 asosiy qoidani” belgilash. Refleksiya savollari va uyga topshiriq berish.

 

 

Dars ssenariysi

Butun dars davomida doskada yoki monitorda Oʻzbekiston bayrogʻi surati porlab turishi shart!

Kirish.

Pedagog: Assalomu alaykum, aziz talabalar!

Maʼlumki, jonajon Vatanimiz Oʻzbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishdi. Xalqimiz oʻzining milliy davlatchiligini tiklash va mustahkamlash, taraqqiyot yoʻlini mustaqil belgilash, davlat ramzlariga ega boʻlish, xalqaro tashkilotlarga aʼzolik kabi huquqlarni qoʻlga kiritdi. Oʻsha yili gerb, madhiya va bayroq kabi barcha davlat ramzlari tasdiqlandi va amaliyotga joriy etildi. Jumladan, davlatimiz bayrogʻi 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan. Oʻshandan buyon u barchamiz uchun eng qadrli va ardoqli davlat ramzlaridan biri boʻlib kelmoqda.

Davlat bayrogʻi mamlakatimiz gerbi va madhiyasi singari davlat ramzi boʻlib, suverenitetimizning asosiy belgilaridan biridir. Oʻzbekiston bayrogʻi xalqimiz uchun milliy davlatchiligimizning eng qadrli va moʻtabar timsollaridan biri boʻlib hisoblanadi.

Endi Sizlar bilan tasavvur kuchimizni sinaymiz. Hamma oʻzini xalqaro miqyosda gʻalaba va eʼtirof qozongan sportchi, olim, sanʼatkor yoki ixtirochi roliga qoʻyib koʻrsin. Parij, Nyu-York, Istanbul, Pekin yoki Doha shahridasiz. Jahon arenasi yoki yuksak minbarda gʻolib turibsiz! Sizning yutugʻingiz tufayli Oʻzbekiston madhiyasi yangrayapti, boshingiz uzra Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarilyapti. Barcha davlatlarning ramzlaridan balandda qadrdon bayrogʻimiz hilpirayapti. Shu ondagi his-tuygʻularingizni tasavvur qiling…

Hozir shu haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

“Bayroq doim yonimizda boʻlsin” – Bahodir Jalolov

 

Pedagog: Videoni koʻrgach koʻnglingizdan nimalar kechmoqda? Tuygʻularingizni soʻz bilan ifoda eting.

Talabalar fikri tinglanadi (3 daqiqa)

Pedagog: Aziz talabalar!

Tariximizda bayroqqa ehtirom va uni qadrlashga doir ibratli misollar koʻp. Shunday misollardan biri Kubroviya tariqatining asoschisi, xalqimiz dunyoqarashi va milliy tafakkuriga ulkan taʼsir koʻrsatgan zabardast donishmandlardan biri, alloma bobomiz Najmiddin Kubro (1154-1226) koʻrsatgan jasoratdir. Allomani Tomatul Kubro (buyuk balo va qazolarning oldini oluvchi, xaloskor), Abul-Jannob (dunyoviy ikir-chikirlardan uzoq turadigan kishi) kabi ismlar bilan ham atashgan. Oʻn ikki shogirdini tarbiyalab, Shayx darajasiga yetkazganlari uchun mutafakkirni “Valiytarosh” (valiylarni parvarishlab yetishtiruvchi) deb ulugʻlaganlar. Bu shogirdlar orasida keyinchalik Alisher Navoiy kamolotida ulkan iz qoldirgan Farididdin Attorning otasi Majididdin Bagʻdodiy va butun dunyoga mashhur Jaloliddin Rumiydek buyuk mutafakkirning otasi Bahovuddin Valad kabi allomalarning borligi ham Najmiddin Kubroning qanday ulugʻ salohiyat sohibi boʻlganini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Maʼlumki, Kubro Vatanimizni Chingizxon qoʻshinidan himoya qilish chogʻida jasorat koʻrsatgan va shahid boʻlgan. Rivoyat qilishlaricha, ul zot qartayib qolganiga qaramay, jangchilarga faol koʻmak bergan. Buni koʻrgan shogirdlaridan biri “Ustoz, anchadan beri bayroq koʻtarib charchadingiz, uni menga bering”, deganida, u “Agar kuchim boʻlganida qilich yoki kamon olar edim. Bayroqni bizga qoʻying-da, siz qilich yoki nayza bilan yogʻiyga qarshi kurashing”,– degan ekan. U bayroqni shunchalik mahkam ushlagan ekanki, halok boʻlganidan keyin qoʻlidan bayroqni olishning iloji boʻlmaganidan, bir moʻgʻul Kubroning qoʻlini kesib olgan ekan.

Holbuki, Kubro hazratlari yogʻiyning hujum qilish oldidan chopar yuborib, uni hurmat qilishi va oʻzi tomoniga oʻtishini soʻraganida, bu taklifga rozi boʻlishi va omon qolishi ham mumkin edi. Ammo alloma bunga javoban yetmish yil umrini oʻz xalqi bilan birga oʻtkazgani, turmushning achchiq-chuchugini birga tortgani, ular boshiga balo-qazolar yogʻilayotgan paytda qochsa, muruvvatdan boʻlmasligini aytib, rad javobini bergan. Alal oqibat, yov qilichidan halok boʻlgan. Rashididdin Fazlillohning “Jomeat ul-tavorix” (“Tarixlar toʻplami”), Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarlaridan tashqari “Ravzat ul-safo”, “Habib us-siyar” kabi boshqa mashhur tarixiy kitoblarda ham bu voqea maʼnaviy jasorat namunasi sifatida qayd etilgan. Hijriy 618-(1221)-yilda roʻy bergan bu yuksak maʼnaviy jasorat xalqimiz qalbida abadiy muhrlanib qolgan, keyingi avlodlarga ulkan taʼsir koʻrsatgan.

2. ASOSIY QISM.

Aqliy hujum.

Pedagog: Sizlarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman.

 Bayroq nima?

 Bu mavzuda qanday maʼlumotlarga egasiz?

 Bayroqlar tarixi haqida nimalarni bilasiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

Pedagog: Keling, “Bayroq” tushunchasi haqidagi yanada toʻliqroq maʼlumotlar bilan tanishaylik.

Qadimgi turklar uzun tayoqlar uchiga xoqonlik belgilarini oʻrnatib, uni yerga sanchib qoʻyishgan. Shu odat boʻyicha, bayroqlar shakllanib, davlat ramziga aylangan. 

Demak, davlat bayrogʻi uning mavjudligining ramzi hisoblanadi. Bayroq deganda maʼlum bir ijtimoiy-siyosiy guruh va jamoaning maʼnaviy jihatini namoyon qiluvchi belgi, ramzni tushunamiz. Suveren davlat, geografik hudud, shahar, qishloq, tashkilot, armiya boʻlinmalari va hokazolar ham oʻz bayroqlariga ega boʻlishi mumkin. Tarixda oʻtgan davlatlar turli harbiy yurishlarda bayroqdan foydalanishgan. Armiya uchun ham alohida bayroqlar boʻlgan. Undan tashqari, maʼlum bir tillarda gaplashuvchilar jamoasining ham oʻziga xos bayroqlari boʻlgan. Bunday bayroqlarga xalqaro Frankofoniya tashkiloti bayrogʻi, portugal tilli davlatlar uyushmasi bayrogʻi, esperanto davlatlari bayrogʻi kabilarni misol keltirish mumkin. Yaqingacha turkiy kengash deya nomlangan Turk davlatlari tashkilotining ham maxsus bayrogʻi bor. Bundan tashqari Yevropa Ittifoqi ham maxsus bayroqqa ega.

 Shakli va proporsiyasi har xil boʻlsa-da, asosan toʻgʻri toʻrtburchak shaklida boʻlib, balandligi ikki birlik, kengligi esa uch birlik hajmda boʻladi. Bayroqning yoʻq qilinishi u aks ettirib turgan davlat, tashkilot, shaxs va boshqalarning yoʻq qilinishini bildiradi. Jumladan, urushlarda bayroqning dushman qoʻliga tushib qolishi qoʻshin magʻlubiyatini anglatgan. 

 

  Pedagog: Aziz talabalar! Bayroqlar tarixidan xabaringiz bormi?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

  Pedagog: Bayroqlar tarixiga koʻra, ilk bayroqlar miloddan avvalgi 2-mingyillikka toʻgʻri keladi va uni ilk bor xitoyliklar ishlatgan. Shuningdek, bugungidek ipak matolardan bayroq tikishni ham xitoyliklar oʻylab topgan. Buning sababi esa, ipakning Xitoyda paydo boʻlganidir. Ilk bayroqlar asosan harbiy maqsadlarda foydalanilgan. Bunga mashhur Ahamoniylar va Rim imperiyasi standartlarini misol qilib keltirish mumkin. Xitoyda paydo boʻlgan ipak matodan qilingan bayroqlar veksilloidlarga nisbatan yengil va qoʻlda olib yurish qulay boʻlgani sababli butun dunyo boʻylab keng tarqaldi. Moʻgʻuliston, Hindiston, Eron va Rim orqali butun Yevropagacha yetib bordi. 

  Pedagog: Aziz talabalar! Bayroqlardagi ranglar nimani ifodalaydi? Qani siz javob bering-chi? Siz bu borada nimalarni ayta olasiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

  Pedagog: Bayroqlardagi ranglar muayyan maʼnolarni anglatadi. Masalan, 2023-yil eʼlon qilingan bir tadqiqot natijalariga koʻra, dunyo boʻylab bayroqlarda ishlatilgan ranglar orasida qizil rang yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi oʻrinlarda oq, koʻk va yashil ranglar turibdi. Ushbu ranglar esa oʻz navbatida bir qator maʼnolarni anglatadi. Masalan, oq rang 43 foiz holatda poklikni, tozalikni anglatadi. Koʻk rang dengiz (48 foiz), yashil rang tabiat (53 foiz), sariq rang boylik (35 foiz), qora rang qora tanlilar (41 foiz)ni bildiradi. Qizil rang esa asosan asrlar davomida millatning toʻkilgan qoni ramzi sifatida qaraladi. Jumladan, Oʻzbekiston bayrogʻidagi qizil chiziqlar ham ozodlik yoʻlida toʻkilgan qon yoki tomirlarimizda oqayotgan qonni bildiradi. 

Zamonaviy dunyodagi davlatlarning bayroqlaridagi ranglarni quyidagi guruhlarga ham boʻlish mumkin: Panafrika ranglari, panarab ranglar, panslavyan ranglar. Shuningdek, bunday guruhga kirmaydigan ranglar ishtirok etgan bayroqlar ham bor. Masalan, Fransiya davlatining bayrogʻidagi ranglar respublika va monarxiya ranglari qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Yoki boʻlmasa, AQSh bayrogʻidagi har bir rangli chiziqlar davlat tashkil etilgandagi dastlabki shtatlar sonini bildiradi. Yuqorida tilga olingan Panafrika ranglari qaysilar? Bu ranglarga qizil, sariq va yashil ranglar kiradi hamda Afrikada joylashgan koʻplab davlatlarning bayroqlari aynan shu uch rangdan tashkil topgan. Panarab ranglar oq, qora, qizil va yashil boʻlib, bugungi kunda tashkil etilgan arab davlatlarining aksariyatida ushbu toʻrtta rangni uchratish mumkin. Arab ligasiga kiruvchi 22 davlatdan 10 tasida ushbu ranglarni toʻliq koʻrish mumkin, qolganlari esa eng kamida ushbu ranglardan birini bayrogʻida ishlatgan. Bugun biz koʻp Arab davlatlari bayrogʻida uchratadigan uch xil rangdagi chiziq va qizil uchburchak bayroq 1916-1918-yillarda ishlatilgan va u keyinchalik boshqa Arab davlatlari tomonidan oʻzlashtirildi. Panslavyan rangli bayroqlarga esa slavyan xalqlaridan iborat davlatlarning bayroqlari kiradi.

 Pedagog: Siz “bayroq” tushunchasi va bayroqlar tarixiga oid baʼzi maʼlumotlarni bilib oldingiz. Endi ayting-chi, amaldagi Oʻzbekiston bayrogʻidan ilgari yurtimiz tarixida qanday bayroqlar boʻlgan? Bunda xayolingizga qanday maʼlumotlar keladi?

(Talabalarning javoblari)

Hozir shu haqida rolik tomosha qilamiz! Keyin suhbatimizni davom ettiramiz.

Vizual kontent

Milliy bayrogʻimizning tarixiy ildizlari

 

Pedagog:  Videorolikda milliy davlatchiligimiz tarixidagi mashhur bayroqlar koʻrsatildi. Yurtimiz tarixida bayroqlarning oʻziga xos tarixi bor.

Maʼlumki, Oʻzbekiston hududida tarixda koʻplab qudratli davlatlar mavjud boʻlgan. Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Chigʻatoy ulusi, Temuriylar, Shayboniylar, Buxoro, Xorazm, Qoʻqon xonliklari, Buxoro, Xorazm, Turkiston respublikalari shular jumlasidandir. Bu davlatlarning har biri oʻz bayrogʻiga ega boʻlgan. Bayroqlar janglarda koʻtarib yurilgan, uning yerga qulashi esa magʻlubiyat bilan teng boʻlgan. Bayroqni yerga qulatmaslik uchun bayroqdorlar jonlarini ham ayamagan. Shuningdek, bayroqlar davlat idoralariga, hukmdorlar, valiahdlar va amaldorlarning saroylari va chodirlariga, chegara nuqtalariga, zabt etilgan shahar va qalʼalar tepasiga tikilgan. 840–1212-yillarda Qoraxoniylar davlati oʻz bayrogʻiga ega boʻlgan. Unda qadimgi turklarga xos boʻlgan belgilarni koʻrish mumkin. Anushteginiy Xorazmshohlar davlati hukm surgan 1077-1231-yillarda davlat ramzi oʻlaroq qora rangdagi bayroq xizmat qilgan. Oq toʻgʻri toʻrtburchak ichida sariq kvadrat shaklidagi bayroq Oʻzbekiston yerlarida 1224–1340-yillarga hukm surgan Chigʻatoy ulusining bayrogʻidir. Chigʻatoy ulusi oʻzbek davlatchiligi, ayniqsa, oʻzbek tili tarixida oʻziga xos oʻringa ega.

1370–1507-yillarda mavjud boʻlgan Temuriylar davlatining bayrogʻi. Bayroqdagi uch nuqta Temur davlatining dunyoning uch qitʼasiga yoyilganini ifodalaydi.


Oʻzbek davlatchiligida eng katta oʻringa ega boʻlgan, zamonaviy Oʻzbekistonning eng katta hududlarini oʻz ichiga olgan Buxoro davlati ham oʻziga xos bayroqqa ega boʻlgan. Buxoro 1500–1785-yillarda xonlik, undan keyin 1920-yilgacha amirlik boʻlgan. Bu bayroq Buxoro amirligiga tegishli boʻlib, 1868-yilda Amir Muzaffarxon tomonidan tasdiqlangan. U qolgan bayroqlarga nisbatan belgilarga va yozuvlarga boyligi uchun ularga sharh berib oʻtamiz.


Bayroq och yashil rangda boʻlib, uning chap tomonida amirning ismi, oʻng tomonida tavhid kalimasi yozilgan.Yozuvlarning oʻrtasida yarim oy va besh qirrali yulduz, uning pastida esa panja tasviri tushirilgan. Yarim oy va yulduz turkiy diyorlardagi Islom ramzi boʻlsa, panja tasviri “Fotima qoʻli” deb nomlanadi va oʻziga xos tumor vazifasini oʻtagan. Oq rangli hamda koʻk rangdagi yarim oy shakli tushirilgan bayroq Xorazm xonligining 1917-yilgacha amalda boʻlgan bayrogʻi hisoblangan. Buxoro, Xorazm, Turkiston hududida sovet hokimiyati oʻrnatilgach, bayroqlar ham sovetcha andozada chiqarilgan. Milliy-hududiy chegaralanishgacha Buxoro Respublikasida oltita, Xorazmda beshta, Turkistonda ikkita bayroq almashgan. Oʻzbekiston SSR tashkil topganidan keyin 1925-yildan 1991-yilgacha oltita namunadagi bayroq almashgan.

Endi esa tarixdan bugungi kunlarimizga qaytamiz. Oʻzbekistonda eng baland ilingan bayroq qayerda, bilasizlarmi? Bayroqlarning ishlab chiqarilish texnologiyasi-chi? Sizlarga qiziqmi? Ekranga eʼtibor qaratamiz.

 

Vizual kontent.

Bayroq ishlab chiqarish korxonasiga borganmisiz?

 Pedagog: Hurmatli talabalar siz amaldagi bayrogʻimiz qabul qilinishi tarixi haqida nimalarni bilasiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi)

Pedagog: Amaldagi bayroq 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻri toʻrtburchak shakldagi matoda aks etgan boʻlib, uchta asosiy gorizontal rangdor boʻlakka (yorqin moviy, oq, yorqin yashil) boʻlingan. Bu boʻlaklar orasini ikkita qizil rangdagi gorizontal chiziq ajratib turadi.

Bayroqdagi moviy rang zangori osmon va musaffo suv ramzidir. 

Oq rang – tinchlik va poklik timsoli. Oq rang Oʻzbekiston tanlagan yoʻlning musaffo va charogʻon boʻlishi uchun yaxshi niyat ramzidir.

Qizil yoʻllar – har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, hayot ramzi.

Yashil rang – tabiat timsoli. Yarim oy – Islom ramzi. Shuningdek, u yulduzlar bilan birga musaffo osmon va tinchlikni aks ettiradi.

Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Davlat bayrogʻi va uning ramzi bugungi Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

Davlat bayrogʻini ishlatilish qoidalarini bilasizmi?

Ularga amal qilmaslik nimalarga sabab boʻlishi mumkin?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

Pedagog: Bayroqlarni ishlatilish qoidalari ishlab chiqilgan va bu boʻyicha BMTning bir qancha protokollari, xalqaro eʼtirof etilgan tamoyillar mavjud. Shuningdek, har bir mamlakatning milliy qonunlarida bu haqda tartib-qoidalar aks ettirilishi anʼanaga aylangan. Bayroqni hurmat qilish, undan foydalanish qoidalariga rioya qilish katta ahamiyatga ega. Masalan, rangi oʻchib ketgan, kir boʻlib qolgan, gʻijimlanib ketgan yoki ustuniga oʻralib qolgan bayroqni shundayligicha qoldirish butun dunyoda qoralanadi. Shuningdek, bayroqni hurmat yuzasidan hech qachon yerga tashlab qoʻymaslik kerak.

Bayroq koʻtarilganda unga hurmat bajo keltirish ham unga nisbatan oʻrnatilgan protokollardan biri hisoblanadi.

Bayroqni koʻtarish bilan birga, uni tushirib qoʻyish odati ham bor. Bu, asosan, hukumat darajasidagi biror shaxsning, Qirollik oilasi vakilining vafoti munosabati bilan yuz beradi. Bunda vafot etgan kishiga hurmat bajo keltirish maʼnosi bor. Xususan, bir necha yil avval Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II vafoti munosabati bilan, bir qator davlatlarda bayroq tushirilgan edi. 

Baʼzida bayroqlarni tungi vaqtda yoki tashkilot qarori bilan maxsus vaqtlarda ham tushirib qoʻyish mumkin. Shuningdek, bayroqlar boshqa davlat bayrogʻidan baland qilib oʻrnatilmasligi kerak. Faqat biror mamlakat shtatining yoki viloyatining bayrogʻi davlat bayrogʻidan past holatda koʻtarilishi mumkin. Shuningdek, teskari koʻtarilgan bayroq hududning yoki binoning dushman qoʻliga oʻtganini yoki boʻlmasa tushkunlik kayfiyatini koʻrsatadi. Bayroq bilan bogʻliq yana bir holat shuki, vafot etgan mamlakat askari dafn qilinayotganda bayroqqa oʻraladi. 

Pedagog: Bizning davlatimiz bayrogʻidan qanday foydalanish mumkin? Bu haqida nimalarni bilasiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi)

Pedagog: Amaldagi davlatimiz bayrogʻidan foydalanish qoidalari dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi sessiyasida tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan belgilab berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yilning 7-iyunidagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-853-son qarori bilan unga yangilanishlar kiritildi. Ushbu hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 8-iyundan kuchga kirdi.

Qonun bilan bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi holat va vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berildi:

jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida;

sport musobaqalarida, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblarining, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida;

xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda.

 Shuningdek, hujjat bilan bayroqqa nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlish hollari belgilandi:

bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oʻchgan holda va boshqa nomaʼqul tarzda, biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich, kiyim, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, shuningdek, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;

bayroqni stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshash yoki uning tasvirini tushirish va undan qoplama sifatida foydalanish, shuningdek, uni oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshash yoki uning tasvirini tushirish;

bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish.

 

3. YAKUNIY QISM

Pedagog: Hurmatli talabalar, bugun biz sizlar bilan Oʻzbekiston bayrogʻi haqida gaplashdik.

Kelinglar, endi shu maʼlumotlarni mustahkamlash uchun bir test yechamiz.

 

Vizual kontent

Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi haqida test savollari

 

Albatta, bayroqni qadrlash va hurmat qilish, uni ardoqlash – bu oʻz ustida ishlash natijasida shakllanadigan koʻnikma. Lekin har doim maqsadga erishish birinchi qadamdan boshlanadi. Oʻylaymanki, bugungi darsimiz davlatimiz bayrogʻining maqomini baland koʻtarishingiz va va unga ehtirom koʻrsatishingiz yoʻlida yana bir qadam boʻladi.

Koʻzingiz tushgan boʻlsa, bir guruh siz kabi yoshlar “Bayroq chorlovi” boshlashibdi. Hozir shu chorlovga bagʻishlangan videoni koʻramiz.

Vizual kontent

Aziz oʻquvchilar, oʻquvchi-yu talabalar! Chorlovga qoʻshiling!

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/180

 

Pedagog:

Hurmatli talabalar, sizlar ham bu chorlovga qoʻshiling.

Shu bilan darsimiz oʻz nihoyasiga yetdi. Uyda agar imkoningiz boʻlsa davlat bayrogʻi bilan selfi tushib, Davlat bayrogʻimiz qabul qilingan kuni ijtimoiy tarmoqlarga joylang.

Xayr, koʻrishguncha!