“Kelajak soati” 13-mavzu
“KELAJAK SOATI” DARSINING 1–4 SINFLAR UCHUN MASHGʻULOT SSENARIYSI:
13-mavzu: “Biz bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshimiz!”
Dars maqsadi
Umumiy maqsad.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlari (jismoniy, og‘zaki, ruhiy, kiber, kattalar tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan zo‘ravonlik) haqida sodda tasavvurlarni shakllantirish; o‘zini himoya qilish, yordam so‘rash va do‘stona munosabatni rivojlantirish ko‘nikmalarini hosil qilish.
Aniq maqsadlar:
1. O‘quvchilarga zo‘ravonlik nima ekanini bolalarga mos sodda misollar orqali tushuntirish.
2. Zo‘ravonlikning oqibatlarini anglash va uni do‘stlik, mehr, yaxshi so‘z bilan yengish mumkinligini ko‘rsatish.
3. Bolalarda o‘zini himoya qilish, ishonchli kattalarga murojaat qilish va yordam so‘rash odatini shakllantirish.
4. Mehribonlik, do‘stlik va hamkorlik qadriyatlarini mustahkamlash.
Darsdan keyin kutilayotgan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
● O‘quvchilar zo‘ravonlik nima ekanini o‘z so‘zlari bilan izohlay oladi.
● Turli hayotiy vaziyatlarda zo‘ravonlikni tanib oladi va unga baho bera oladi.
2. Hissiy va qadriyatli yondashuvda:
● Bolalar “Zo‘ravonlik – yomon, mehribonlik – yaxshi” degan g‘oyani qalbida anglaydi.
● O‘zida do‘stlik, mehr, hamjihatlik qadriyatlarini shakllantiradi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
● O‘quvchilar zo‘ravonlik holatlarida to‘g‘ri yo‘l tutishni mashq qilib ko‘radi (o‘qituvchiga aytish, yaxshi so‘z bilan javob berish, yordam so‘rash).
● Rolli o‘yinlar orqali o‘zini himoya qilish usullarini o‘rganadi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
● O‘quvchilar sinf va maktab muhitida do‘stona, hamkorlikda, bir-biriga yordam berib yashashni qadrlaydi.
● Kattalarga ishonch bildirishi, muammolarda yordam so‘rashi odatga aylanadi.
Metapredmet:
● Shaxsiy: oʻquvchilarda tinchlik, mehr, oʻzaro hurmat, birdamlik qadriyatlari shakllanadi.
● Fanga oid: ogʻzaki nutq, tinglash, tushunish, misol keltirish, kichik sahnalashtirish koʻnikmalari rivojlanadi.
● Metakognitiv natijalar: oʻquvchi muammo (zoʻravonlik holati)ni tanib oladi, toʻgʻri yechim (doʻstona muomala, yordam soʻrash, kattaga murojaat qilish)ni taklif eta oladi.
Dars hamkori: Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, oʻyin elementlari va qoʻshimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar toʻplami: ssenariy, uslubiy tavsiyalar, videomateriallar, interaktiv topshiriqlar, taqdimot.
1-qism. Motivatsion (5 daqiqa)
Darsning birinchi qismida o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otish, ularni suhbatga jalb qilish va mavzuga tayyorlash maqsad qilinadi. Bolalarga sodda savollar beriladi, hayotiy misollar orqali “zo‘ravonlik” tushunchasi ochib beriladi. Zo‘ravonlikning bolalar o‘rtasidagi (bulling) va kattalar tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘rinishlari haqida qisqa tushuncha beriladi.
2-qism. Asosiy (30 daqiqa)
Asosiy qismda o‘quvchilar mavzuning mohiyatini chuqurroq anglab olishlari uchun interaktiv usullar qo‘llaniladi. Video lavhalar namoyishi, rasm va plakatlar orqali misollar muhokama qilinadi. Rolli o‘yinlar orqali zo‘ravonlik vaziyatlariga to‘g‘ri javob berish mashq qilinadi. O‘quvchilar o‘zini himoya qilish, yordam so‘rash va mehribonlik bilan muammoni hal qilish yo‘llarini amaliy mashq qilib ko‘radilar.
3-qism. Yakuniy (10 daqiqa)
Darsning so‘nggi qismida bolalar umumiy xulosa chiqaradilar: “Zo‘ravonlik hech qachon yaxshi emas, uni do‘stlik va mehr bilan yengish mumkin”. Maqol va hikmatlar orqali mustahkamlash, “Hafta hikmati”ni yod olish, birgalikda shior aytish (“Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!”). Faol qatnashgan bolalar rag‘batlantiriladi.
Darsning ssenariysi
1. KIRISH. Motivatsion qism(5 daqiqa)
O‘qituvchi (sinfga qo‘lida matodan tikilgan ichi ko‘rinmaydigan sumka bilan kirib keladi):
Assalomu alaykum, mening mehribon bolajonlarim!
Bugun darsimizni boshqacharoq boshlamoqchiman. Mening qo‘limda sehrli sumka bor. Bu oddiy sumka emas – uning ichida ikki xil hislar yashaydi. Kelinglar, ularni birgalikda topib ko‘ramiz!
(O‘qituvchi stol ustiga sumkani qo‘yadi.)
O‘qituvchi:
– Sumkadan bir buyumni chiqaraman, siz esa aytasiz: “Bu qanday hisni bildiradi?”
1-buyum: yumshoq o‘yinchoq
– Mana, bu nima?
(Bolalar: “Yurak, mehr, do‘stlik!”)
– To‘g‘ri! Bu – mehribonlik, do‘stlik, yaxshi so‘zlar va yordam degani. Bu his bizning sinfimizda ko‘p bo‘lishi kerak.
2-buyum: g‘adir-budir, qattiq toshcha
– Endi qaranglar… bu qanday hisni bildiradi deb o‘ylaysiz?
(Bolalar: “Yomonlik, xafa qilish, urishish, masxara qilish…”)
– Juda to‘g‘ri! Bu – yomon niyat, xafa qilish, itarish, haqorat, qo‘rqitish.
Mana shu qattiq hislar zo‘ravonlikning boshlanishidir.
O‘qituvchi sumkani yopib shunday deydi:
– Demak, bugungi darsimiz mana shu ikki his – mehr va zo‘ravonlik haqida bo‘ladi.
Mini-jumboq (1 daqiqa)
– Kelinglar, bir kichkina jumboq:
“Nima tanamizni og‘ritmasdan ham yuragimizni juda xafa qiladi?”
(Bolalar: “Yomon so‘z!”, “Masxara!”, “Urishish!”, “Do‘stlar o‘ynamasa!”)
Ajoyib! Bu sizlarni mavzuga juda yaxshi tayyorlab qo‘ydi.
Bolajonlar, sizlarning har biringiz bizning sinfning quyoshi, yorug‘ligi va eng aziz bolasisiz. Bugun biz birga “Zo‘ravonlik nima, u qayerdan keladi va uni qanday yengish mumkin?” degan savollarga javob izlaymiz.
Tasavvur qilingki, biz bir aqlli avtobusdamiz. U bizni zo‘ravonlik va bolalalar huquqlari haqidagi bilimlar bilan tanishtirish uchun turli bekatlarda to‘xtab o‘tadi. Ketdik!
2. ASOSIY QISM(30 DAQIQA)
1-bekat: Shaxsiy hudud
Aziz bolajonlar!
Ba’zan yomon odamlar ham bo‘lishi mumkin. Ular sizlarni aldab o‘ziga yaqinlashtirishga, sizga tegishga yoki sizni biror joyga chaqirishga urinishi mumkin. Bu zo‘ravonlik hisoblanadi.
Bunday odamlar:
● Sizni o‘yinchoq, shirinlik yoki telefon bilan aldashi mumkin.
● Sizni uydan tashqariga, notanish joyga olib ketmoqchi bo‘lishi mumkin.
● Sizga yoqmagan tarzda qo‘l tekkizishga harakat qilishi mumkin.
Agar shunday holat bo‘lsa: “Yo‘q!”, “To‘xta!”, “Menga tegmang!” deb baland ovozda ayting. Qochib, eng yaqin xavfsiz joyga boring va ishonchli katta odamga – ota-ona, o‘qituvchi, qo‘shni yoki militsiya xodimiga ayting.
Yodingizda bo‘lsin: Sizning tanangiz sizniki! Hech kim sizni xohlamagan ishga majburlashga haqqi yo‘q.
Interaktiv mashqlar
(sharoitga ko‘ra bitta yoki ikkitasini o‘tkazish tavsiya etiladi)
1. “Qizil chiziq” mashqi
O‘qituvchi doskaga katta doira chizadi va deydi:
– “Bu doira – shaxsiy hududingiz. Qaysi holatlar bu doiraga kirishi mumkin, qaysilari yo‘q?”
Bolalar navbatma-navbat misol aytadilar:
● “Onam quchoqlasa – mumkin.”
● “Notanish odam qo‘limdan tortsa – mumkin emas.”
● “Do‘stim bilan qo‘l berib ko‘rishish – mumkin.”
● “Kimdir telefonimni ko‘rib beray deb mendan uzoqqa olib ketsa – mumkin emas.”
O‘qituvchi har bir javobni izohlab boradi.
2. “Ha – Yo‘q” o‘yini
O‘qituvchi turli vaziyatlarni aytadi. Bolalar bir vaqtning o‘zida qo‘llarini ko‘tarib “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishadi.
Masalan:
● “Do‘stingiz sizga hazillashib yengil turtki berdi.”
● “Notanish odam: ‘Telefoningni ko‘ray’, dedi.”
● “Poliklinika shifokori tekshiruv o‘tkazyapti.”
● “Ko‘chadagi kimdir sizni ‘uyingga olib borib qo‘yaman’ dedi.”
● “Amakingiz sizni juda qattiq quchoqlab, sizga yoqmayotganini sezmayapti.”
O‘qituvchi har bir holatda nimaga “ha” yoki “yo‘q” deyilishi kerakligini tushuntiradi.
3. “Himoyaning 3 ta qoidasi”ni yodlatish
Bolalar uch qoida bo‘yicha guruhda takrorlashadi:
1) “YO‘Q!” deb aytaman.
2) Zudlik bilan uzoqlashaman.
3) Ishonchli kattaga aytaman.
Guruhlarga bo‘linib, qisqa sahnalashtirish ham qilinadi:
Masalan, bir bola – notanish odam, biri – bola, ikkinchisi – yordamchi katta odam sifatida.
4. “Yordam so‘rashning xavfsiz yo‘llari”
O‘qituvchi savol beradi:
– “Agar biror vaziyatdan qo‘rqsangiz yoki noqulaylik sezsangiz, qaysi kattalarga ishonib murojaat qilishingiz mumkin?”
Bolalar:
“Onam”, “O‘qituvchim”, “Qo‘shnim”, “Militsiya xodimi”, “Bog‘cha tarbiyachisi” va hokazo.
O‘qituvchi oxirida umumlashtiradi:
“Yolg‘iz qolmang, yordam chaqirish – bu jasurlik.”
5. Mini-test
O‘qituvchi 3 ta savolni tez-tez beradi:
1. “Shaxsiy hudud” deganda nima tushuniladi?
2. Agar kimdir sizga yoqmaydigan tarzda tegsa, nima qilasiz?
3. Siz kimlarga ishonib yordam so‘rashingiz mumkin?
Bolalarning javoblari baholanmaydi, faqat mustahkamlash uchun.
2-bekat: Majburiy mehnat
O‘qituvchi: Bolajonlar, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning yana bir turi bor. Bu – majburiy mehnat. Ya’ni bolalarni ta’lim olish, o‘ynash, dam olish yoki uxlash kabi zarur huquqlaridan mahrum qilib, buning o‘rniga og‘ir mehnat qilishga majburlash ham zo‘ravonlikning bir turi hisoblanadi. Bir paytlar, siz tengi bolalar ayniqsa qishloq sharoitida maktabdagi darslarga yuborilmay, hammasi ommaviy ravishda paxta dalalariga va boshqa dala ishlariga jalb qilingan. Issiq suv va yaxshi sharoit bo‘lmagan binolarda bir necha oylab yashab, dala ishlari bilan shug‘ullanishga majbur qilingan. Ammo so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli siz va siz kabi millionlab bolalar bunday majburiy mehnatdan qutuldi.
Lekin bilib qo‘ying, har qanday mehnat ham majburiy mehnat hisoblanmaydi. Keling hozir majburiy mehnat va insonni tarbiyalaydigan foydali mashg‘ulot o‘rtasidagi farqni ko‘rsatuvchi video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Majburiy mehnat yoki foydali mashgʻulot?
O‘qituvchi: Ko‘ringizmi, bolalar, majburiy mehnat insonni insoniylikdan chiqaradi, foydali mashg‘ulot esa, aksincha, sizning yetuk inson bo‘lib tarbiyalanishingizga xizmat qiladi. Agar siz umuman jismoniy mehnat qilmasangiz, uyda oyingizga uy ishlarida qarashmasangiz, o‘z dars qiladigan xonangiz yoki burchagingizni, maktabda sinf xonangizni yig‘ishtirib tozalamasangiz, bu yaxshilik emas, yomonlikka aylanib ketishi mumkin. Ya’ni endi siz boshqalarga, xususan, uyda ota-onangiz, opa-akalaringizga, maktabda esa farroshlar va o‘qituvchingizga nisbatan yomonlik qilgan bo‘lib qolishingiz mumkin. Shuning uchun, mehnat qilish kerak, ammo avvalo, bu sizning yoshingizga mos, ya’ni og‘ir bo‘lmagan mehnat bo‘lishi lozim. Qolaversa, bunda sizning ta’lim olish, kuniga 8 soat uxlash, kitob o‘qish kabi zarur huquqlaringiz buzilmasligi kerak.
O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Siz bugungi kunda majburiy mehnat va bolalar mehnatini ekspluatatsiya qilish nimaligini bilmaysizlar va bu yaxshi. Ammo ota-onalaringiz buni yaxshi bilishadi. Hozir bir videorolik tomosha qilamiz, unda ota-onangiz va sizning davringizda bolalar huquqlarini ta’minlashda qanday katta o‘zgarishlar bo‘lgani yaqqol ko‘ringan.
Vizual kontent
“Bir qadam tashlang” – insta-trend
3-bekat: Maktabda bulling
O‘qituvchi: Bolajonlar, bugun biz siz bilan BULLING haqida gaplashamiz. Ba’zan sinfda yoki o‘yin vaqtida kimnidir xafa qiladigan ishlar bo‘lishi mumkin. Masalan:
● itarib o‘tish yoki urish,
● ustidan kulish, masxara qilish,
● o‘yinlarga qo‘shmay chetga surib qo‘yish,
● narsasini tortib olish yoki yashirish,
● doimiy tanqid qilish, “sen qila olmaysan” deyish.
Bunday xatti-harakatlar bolaning kayfiyatini buzadi, o‘zini yolg‘iz his qiladi. Biz esa sinfimizda hech kimni xafa qilmasligimiz kerak. Agar sizni kimdir xafa qilsa yoki boshqa bolaga nojo‘ya munosabat qilayotganini ko‘rsangiz, albatta o‘qituvchiga yoki kattalarga aytish lozim.
Tengdoshlarini bulling qiluvchi bolalar bir kuni bu ishlaridan albatta uyalib qolishadi. Keling, shu haqida rolik tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Siz bulling haqida eshitganmisiz?
O‘qituvchi: Unutmang: sinfimizda har kim hurmat va mehrga loyiq. Do‘stona bo‘lish, bir-birimizga yordam berish – bizning eng muhim qoida.
Aziz bolalar! Sizlarning qalbingiz nozik, mehrga tashna. Shuning uchun hech kim sizga zo‘ravonlik qilishga haqli emas! Agar shunday vaziyat bo‘lsa, albatta:
● o‘qituvchingizga,
● maktab psixologiga,
● ota-onangizga yoki ishonchli kattalarga aytishingiz kerak.
Prezidentimiz ham yosh avlod tarbiyasi haqida gapirar ekan, bolalar bir-biriga mehribon, doʻstona va hamjihat boʻlishi kerakligini taʼkidlaganlar. Chunki kelajak sizning qoʻlingizda, mehribon va doʻstona bolalar esa kelajakda adolatli va baxtli jamiyat quradilar.
– Demak, aziz bolajonlar, zoʻravonlik nima? U qanday oqibatlarga olib keladi? Biz uni qanday yengishimiz mumkin?
(O‘quvchilar javob berishadi.)
Mashq: “To‘g‘ri yo‘lni tanlaymiz
Oʻqituvchi:
Bolajonlar, endi biz “To‘g‘ri yo‘lni tanlaymiz” degan mashq o‘ynaymiz. Men sizlarga turli vaziyatlarni aytaman. Sizlar esa o‘sha paytda qanday to‘g‘ri yo‘l tutish kerakligini aytib berasizlar. Kim yaxshi javob bersa, hammamiz “Barakalla!” deb olqishlaymiz.
1-vaziyat. Agar o‘yin vaqtida do‘stingiz sizni itarib yuborsa yoki qo‘lingizdan o‘yinchoqni tortib olsa, nima qilasiz?
O‘quvchilar (taxminiy javob): “Urishmayman, yaxshi gap bilan qaytarib so‘rayman, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilaman.”
.png)
2-vaziyat. Agar ko‘chada yoki maktabda kimdir sizni yomon gaplar bilan haqorat qilsa, nima qilasiz?
O‘quvchilar (taxminiy javob): “Urishmayman, muloyim so‘z bilan javob beraman yoki o‘qituvchiga aytaman.”
.png)
3-vaziyat. Bolajonlar, tasavvur qiling: sinfingizda bir o‘rtoqlaringiz bor. U ozgina to‘lachadan kelgan, lekin juda mehribon. Bir kuni boshqa bolalar uni eshikdan kiritmay, ustidan kulib, masxara qilishdi. Sizningcha, bu to‘g‘rimi? Agar shunday holatga duch kelsangiz, nima qilishingiz kerak?
O‘quvchilar(taxminiy javob): “Urishmaymiz. Do‘stimizni himoya qilamiz, yaxshi gap aytamiz, o‘qituvchiga aytamiz. Hech kimning ustidan kulmaymiz.”
.png)
4-vaziyat. Agar sinfdagi qizlar guruhi bir qizni o‘yinga qo‘shmay, uni ajratib qo‘ysa, nima qilasiz?
O‘quvchilar (taxminiy javob): “Urishmaymiz. Do‘stimizni yonimizga chaqiramiz, hamma bilan birga o‘ynaymiz, hech kimni chetda qoldirmaymiz.”
.png)
5-vaziyat: Tasavvur qiling, siz partada o‘tiribsiz. Yon do‘stingiz sizning ruchkangizni yoki o‘yinchog‘ingizni so‘ramasdan olib qo‘ydi. Siz biroz xafa bo‘ldingiz. Bunday vaziyatda nima qilasiz?
.png)
O‘quvchilar (taxminiy javob): “Urishmayman. Muloyim gap bilan: ‘Bu mening narsam, iltimos qaytarib ber’ deb aytaman. Agar qaytarmasa, o‘qituvchiga xabar beraman.”
4-bekat: “Shaxsiy xavfsizlik”
Keyingi bekat – hayotimizdagi yana bir muhim jihat – shaxsiy xavfsizlik haqida gaplashamiz. O‘quvchilarga qatorlar bo‘ylab vaziyatlar o‘qib eshittiradilar. Qator jamoa savollarga javob beradi. Noto‘g‘ri javob yoki noto‘liq javoblar boshqa jamoalar tomonidan to‘ldirilishi va o‘situvchi tomonidan umumlashtirilishi mumkin.
1-vaziyat. Sabina maktabdan uyiga ketayotganda, unga bir ayol yaqinlashdi. U Sabinadan yo‘lni so‘raganday bo‘ldi-da, keyin unga juda chiroyli bir o‘yinchoq taklif qilib: “Qara, bu senga, kel, biroz gaplashamiz,” dedi.
Savol. Sabina bu vaziyatda qanday yo‘l tutishi kerak? Nima uchun?
1-qoida. Ko‘chada notanish va tasodifiy odamlar bilan suhbatga kirishmang.
3-vaziyat. Jasur do‘kondan chiqayotganda, mast holatdagi bir kishi unga yaqinlashdi. U Jasurdan qandaydir pul so‘rab, baqirib, gapga solmoqchi bo‘ldi.
Savol. Jasur bunday vaziyatda qanday harakat qilishi kerak? Nega bunday odam bilan gaplashmaslik muhim?
3-qoida. Mast odam bilan suhbatga kirishmang.
4-vaziyat. Munira uyiga qaytganida, podyezd eshigi oldida notanish bir kishini ko‘rdi. Munira podyezdga kirish uchun eshikni ochganda, u ham tezda orqasidan kirib, liftgacha Munira bilan birga bordi.
Savol: Munira bu holatda nima qilishi kerak edi? Notanishlar bilan liftga kirishning qanday xavfi bor?
4-qoida. Uyga kirayotganda ehtiyot bo‘ling. Notanish odam bilan podyezd va liftga kirmang.
5-vaziyat. Kech bo‘lgan bo‘lsa ham, Gʻayratning do‘stlari unga qo‘ng‘iroq qilib, yaqin atrofdagi eski, tashlandiq omborxonada “bekinmachoq” o‘ynashni taklif qilishdi. Ular: “U yerda hech kim yo‘q, juda qiziq bo‘ladi!” deyishdi.
Savol. Gʻayrat bu taklifga rozi bo‘ladimi? Nima uchun? Bunday joylarda o‘ynashning qanday xavflari bor?
5-qoida. Qorong‘i tushganda, shuningdek, qorong‘i joylarda, bo‘sh yerlarda, axlatxonalarda, temir yo‘l yaqinida, bo‘sh va vayron bo‘lgan binolarda o‘ynamang.
6-vaziyat. Shahzoda maktabdan qaytayotganda, onasi kechikishini aytgandi. Shu payt bir notanish mashina uning yoniga kelib to‘xtadi va haydovchi: “Qizim, onang meni senga yubordi, tezda uyingga olib borib qo‘yaman”, dedi.
Savol: Shahzoda nima qilishi kerak? Bunday vaziyatda do‘stlaringizga qanday harakat qilish kerakligini tushuntirib bering.
6-qoida. Hech qachon notanish odamning mashinasiga o‘tirmang.
Vaziyatlar yechimi:
|
Vaziyat |
Nima qilish kerak |
Murojaat qilish |
|
Notanish odam o‘yinchoq taklif qildi |
Yo‘q deyish, yaqin kattaga borish |
Telefon orqali yoki ota-onalar orqali xabar berish 1146 – “Bolalarni himoya qilish” ishonch telefoniga |
|
Mast odam pul so‘rab, baqirmoqda |
Uzoqlashish, boshqa yo‘ldan ketish |
Ota-ona yoki Inson markaziga xabar berish |
|
Podyezd yoki liftga notanish bilan kirish |
Notanish bilan kirmaslik |
Ota-onalar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligiga vaziyatni tushuntirish va xabar berish |
|
Qorong‘i joylarda o‘ynashga chaqirish |
Rad etish, xavfsiz joyda o‘ynash |
Ota-onalar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligiga vaziyatni tushuntirish va xabar berish |
|
Notanish mashina chaqirdi |
Mashinaga o‘tirmaslik |
Darhol ota-ona va ijtimoiy himoya milliy agentligiga xabar berish |
|
Suratga olishni taklif qildi |
Yo‘q deyish, yolg‘iz qolmaslik |
Ota-ona yoki ijtimoiy himoya milliy agentligiga murojaat qilish |
5-bekat: “Najot”
O‘qituvchi:
Barakalla, bolajonlar! Sizlarning javoblaringiz shuni ko‘rsatmoqdaki, sizlar har qanday vaziyatda zo‘ravonliksiz, to‘g‘ri yo‘lni tanlay olasizlar. Yodingizda bo‘lsin: zo‘ravonlikni yengish uchun eng katta kuch – bu mehribonlik va yordam so‘rashdir. Bunday vaziyatlarda mehribonlik ko’rsatadigan tashkilot bu – Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi. U 2023-yil 1-iyun kuni tashkil etilgan.
Bu agentlik odamlarni, ayniqsa yordamga muhtoj bolalar, yoshlar, nogironligi bor odamlar va kam ta’minlangan oilalarni himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentlikning asosiy vazifasi:
1. Bolalarning huquqlarini himoya qilish;
2. Zo‘ravonlikka uchragan yoki qo‘rqqan bolalar uchun yordam ko‘rsatish;
3. Agar bola xavfli vaziyatga tushsa yoki kimdir unga yomonlik qilsa, agentlik ularni himoya qiladi va yordam beradi.
4. Ular qanday yordam beradi:
o Ovqat, kiyim yoki dorilar olib kelish;
o Nafaqa olishda yordam berish (davlatdan pul olish);
o Ijtimoiy ishchilarni yuborish – bu odamlar uyga kelib yordam beradi: tozalaydi, ovqat olib keladi, suhbatlashadi;
o Ota-onalarga ish topishda yordam berish, agar ular ishini yo‘qotgan bo‘lsa.
Bu esa Ijtimoiy himoya milliy agentligining qanday ishlashi haqida diagramma.
.png)
Oddiy qilib aytganda, Ijtimoiy himoya milliy agentligi – bu katta yordamchi, agar sizni kimdir qo‘rqitsa, zarar yetkazsa yoki yolg‘iz qolib xavf sezsangiz, shu yerga murojaat qilasiz va sizga yordam berishadi.
Kelinglar, hozir shu agentlik va uning tizimlari qayerda joylashgani va qanday ish qilishi haqida video tomosha qilamiz:
Vizual kontent
Ijtimoiy himoya manzillari boʻylab sayohat
O‘qituvchi:
Qadrli bolalar! Ijtimoiy himoya milliy agentligi bugungi kunda ko‘plab bolalarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiruvchi loyihalarni amalga oshiryapti. Masalan, nogironligi bo‘lgan yoki alohida e’tibor va parvarishga muhtoj bolalar orasida ham iste’dodli tengdoshlaringiz ko‘p. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ularning iste’dodi ro‘yobga chiqishi uchun ko‘p ishlarni qilyapti. Hozir shunday iste’dodli bolalardan biri Zafina Salomova degan tengdoshingizning yutuqlari haqida videorolikni tomosha qilamiz. Rolik orqali Agentlikning bolalarga berayotgan real yordamini ko‘rishingiz mumkin.
Vizual kontent
“Men maktabimni juda ham yaxshi koʻraman" – Zafina Salomova
Demak, bolajonlar, ko‘rib turganingizdek, hayotda qiyin vaziyatga tushib qolgan bolalar Ijtimoiy himoya tizimidan yordam olishi mumkin. Buning uchun mahalladagi ijtimoiy xizmat xodimiga yoki tuman (shahar)dagi “Inson” ijtimoiy himoya markazlariga murojaat qilish lozim. Shuningdek, 1146 raqamiga qo‘ng‘iroq qilsa ham bo‘ladi.
3. YAKUNIY QISM (10 DAQIQA)
Oʻqituvchi:
– Aziz bolajonlar! Endi biz birgalikda xalqimizning dono soʻzlariga, hikmatlariga murojaat qilamiz. Chunki xalqimiz azaldan zoʻravonlikni yomon koʻrgan, doʻstlikni esa ulugʻlagan. Maqollarda hamisha mehr, ahillik va bir-biriga yordam berish targʻib qilingan.
Men sizlarga baʼzi maqollarni aytib beraman, siz esa ularning maʼnosini tushuntirib berishga harakat qilasiz.
1. Yomonning oshnasi bo‘lmas.
Oʻqituvchi:
– Bu maqolda nima deyilyapti, bolajonlar?
Oʻquvchilar: “Zoʻravonlik qiladigan odam hayotda yolg‘iz qoladi, hech kim u bilan do‘stlashmaydi”
1. “Doʻstlik – hayotning bezagi”
Oʻqituvchi:
– Qani, kim tushuntirib bera oladi?
Oʻquvchilar: “Doʻstlik boʻlsa, hayot chiroyli boʻladi, hamma quvonadi)
2. “Yaxshiga yondash, yomondan qoch”
Oʻqituvchi:
– Bu qanday hikmat?
Oʻquvchilar: “Yaxshi odamlar bilan do‘st bo‘lsang yomonlik va zo‘ravonlik ko‘rmaysan”
3. “Yomonlik qilgan – oʻziga qaytar”
Oʻqituvchi:
Bu maqol qanday saboq beradi?
Oʻquvchilar: “Agar kimdir yomonlik qilsa, oxirida oʻzi zarar koʻradi”
Xulosa va umumlashtirish
Yakuniy mashq: “Mehrli qo‘llar”
O‘qituvchi:
Aziz bolajonlar! Bugungi darsimizda biz birga zo‘ravonlik haqida gaplashdik, uni qanday yengish mumkinligini o‘rgandik. Endi darsimizni juda qiziqarli mashq bilan yakunlaymiz. Bu mashq bizning sinfimizni yanada mehrli va do‘stona qiladi.
Mashq tartibi: Har bir o‘quvchiga oq qog‘oz tarqatiladi. Bolalar o‘z qo‘llarini qog‘ozga qo‘yib, atrofini chizib olishadi. Chizilgan qo‘llar turfa ranglarda bo‘yaladi. Keyin qo‘llar qirqib olinadi. Har bir bola o‘z qo‘lini doskaga yoki katta plakatga yopishtiradi. Qo‘llar birlashib, katta “Mehrli qo‘llar gulchambari” hosil qiladi.
Shior yozish: O‘qituvchi o‘quvchilar bilan birgalikda plakatning yuqori qismiga quyidagi shiorlardan birini yozadi:
“Zo‘ravonlikka qarshi – biz birgamiz!”
O‘qituvchi:
Mana ko‘rdingizmi, bolajonlar, hammamizning qo‘llarimiz birlashib, juda chiroyli tasvir hosil qildi. Bu shuni anglatadiki, biz birgalikda bo‘lsak, mehribon bo‘lsak, hech qanday zo‘ravonlik bizni yenga olmaydi.
Endi hammamiz baland ovozda shiorimizni birga aytamiz!
Dars yakunida faol qatnashgan oʻquvchilar alohida ragʻbatlantirish tavsiya etiladi (olqishlash, kichik sovgʻa yoki yulduzcha shaklidagi stiker berish). Barcha oʻquvchilarga esa oʻqituvchi quyidagi soʻzlarni aytadi:
– Barakalla, mening mehribon va aqlli oʻquvchilarim! Sizlar bugun zoʻravonlikka qarshi ekaningizni isbotladingiz. Endi har doim mehrli boʻlaylik, doʻstona yashaylik va zoʻravonlikdan uzoq boʻlaylik!