“Kelajak soati” 13-mavzu
UMUMTAʼLIM MAKTABLARI 5-8-SINFLARI UCHUN
“KELAJAK SOATI” DARS SSENARIYSI
13-mavzu: “Biz bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshimiz!”
Annotatsiya
Ushbu mashgʻulot zoʻravonlik tushunchasi, uning turlari va oqibatlarini anglash hamda ularning oldini olish yoʻllarini koʻrsatishga qaratilgan. Dars interaktiv usullarda – videorolik, guruhli muhokama, kartochkalar, case-study va milliy maqollar orqali olib boriladi.
Dars maqsadlari
Maqsad:
Bolalarda zoʻravonlikka nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish, ularni bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, ahillik, madaniyatli muomala va tinchlikparvarlik kabi insoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash.
Aniq maqsadlar:
● Zoʻravonlik va bulling tushunchasi, ularning turlari bilan tanishtirish;
● Bagʻrikenglik va madaniyatli munosabat nima ekanini tushuntirish;
● Hayotiy misollar keltirgan holda zoʻravonlikning salbiy oqibatlarini muhokama qilish;
● Oʻquvchilar oʻrtasida oʻzaro hurmat va doʻstona munosabatni mustahkamlash;
● Yordam soʻrash, muammoni tinch yoʻl bilan hal qilish usullarini oʻrgatish;
● Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi haqida tushuncha berish. Agentlikning missiyasi – professional ijtimoiy xizmat va ijtimoiy yordam koʻrsatish ekanligini tushuntirish.
● Qonunchilik asosida bolalarning huquqlari himoya qilinishi haqida maʼlumot berish.
Vazifalar
● Zoʻravonlik – bola shaʼniga va huquqlariga tajovuz.
● Zoʻravonlik – muammolarni hal qilish usuli emas.
● Har bir bola himoya va hurmatga loyiq.
● Bagʻrikenglik – tinch va sogʻlom jamiyatning asosidir.
● Madaniyatli muomala – oʻquvchining chiroyli axloqini koʻrsatadi.
Darsdan kutiladigan natijalar
1. Aqliy darajada:
● “Zoʻravonlik”va “bulling” tushunchasini izohlay oladi.
2. Hissiy darajada:
● Zoʻravonlik qurboni hissiyotlarini anglaydi.
3. Amaliy koʻnikmalar:
● Zoʻravonlikka duch kelgan vaziyatda kimdan yordam soʻrash va qanday murojaat qilish yoʻllarini kamida 2 ta misol bilan ayta oladi.
4. Ijtimoiy jihatdan:
● Zoʻravonlikka qarshi qonunchilikda koʻzda tutilgan choralardan xabardor boʻladi.
● Yaxshilik, ahillik va odamiylik gʻoyalarini anglaydi.
Metapredmet
● Ona tili va adabiyoti: zoʻravonlikka qarshi maqol va hikmatlarni muhokama qilish.
● Huquqiy bilimlar: inson huquqlarini himoya qiluvchi qonunlar haqida tushuncha.
● Ijtimoiy fanlar: jamiyatda tinch-totuv yashash ehtiyojini shakllantirish.
● Tarbiya: oʻziga ishonchni shakllantirish, yordam soʻrash koʻnikmalarini oʻrgatish.
Dars hamkori: Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazi.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa
Tavsiya etilgan shakl: interaktiv (suhbat, guruhda muhokama, kartochkalar, videorolik namoyishi).
Materiallar toʻplami: ssenariy matni, ijtimoiy videorolik, vaziyat kartochkalari, flomaster, marker, varaqlar.
Darsning borishi.
KIRISH. Maʼlumot berish va motivatsion qism (5 daqiqa)
Oʻqituvchi:
Assalomu alaykum, aziz oʻquvchilar! Bugun darsni kichkina bir tasavvur oʻyinini bilan boshlasak.
Koʻzlaringizni yuming…
Bir lahza tasavvur qiling: maktabga kelyapsiz. Quyosh charaqlayapti, havo yoqimli. Siz xursand boʻlib sinfga kirdingiz. Ammo... kimdir sizni shu onda masxara qildi. Yoki yoningizdan oʻtib ketayotib turtib yubordi. Yoki telefoningizga yuragingizni siqib yuboradigan qoʻrqituvchi xabar keldi.
Endi koʻzlarni oching.
Savol: Oʻzingizni qanday sezgan boʻlardingiz?
(Javoblar eshitiladi.)
Aynan mana shu “yoqimsiz his”, koʻngildagi gʻashlik zoʻravonlikning birinchi belgisidir. Zoʻravonlik koʻpincha shunday sekin, mayda holatlardan boshlanadi. Lekin uning oqibatlari ogʻriqli boʻlishi mumkin.
Bugun biz aynan shu koʻrinmaydigan, ammo odamning dunyosini oʻzgartirib yuboradigan holat haqida gaplashamiz.
Baʼzan zarba qoʻl yo oyoq bilan emas, balki soʻz, kulgi-masxara, ijtimoiy tarmoqdagi izoh, sukut, eʼtiborsizlik bilan berilishi mumkin.
Bugun biz shu mavzu doirasida quyidagi savollarga javob beramiz:
● Zoʻravonlikning nechta koʻrinishi bor?
● Zoʻravonlik siz tengi bolalarga qanday taʼsir qiladi?
● Siz qanday qilib oʻzingizni himoya qilishingiz va boshqalarga yordam berishingiz mumkin?
Bolalar, bilasizlarmi, mamlakatimizda har bir bolaning huquqlari, xavfsizligi va himoyasi qonun bilan kaolatlangan. Shu yili bolalar huquqlarini yanada kuchli himoya qiluvchi yangi qonun ham kuchga kirdi. Keling, shu qonun haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevadan eshitamiz.
Vizual kontent
Shahnoza Mirziyoyeva Bolalarni himoya qiluvchi yangi qonun haqida gapirdi
Videorolik muhokama qilinadi (2 daqiqa)
ASOSIY QISM (30 daqiqa)
Oʻquvchilar:
Aziz oʻquvchilar! Ayting-chi, zoʻravonlik nima?
Oʻquvchilarning taxminiy javoblari: biror kishini urish, itarish, sochdan tortish, tepish yoki shapaloq tushirish, tahdid qilish, majburlash, masxara qilish, qoralash, kamsitish, soʻkinish, telefon yoki ijtimoiy tarmoqlarda qoʻpol yozishmalar, masxara qilish, birov tomonidan uzoq vaqt davomida qilinadigan tazyiq, koʻpchilik boʻlib bir kishiga bosim oʻtkazish.
Oʻqituvchi:
Siz yoki doʻstlaringiz bilan shu kabi holatlar sodir boʻlganmi? Kim aytib bera oladi?
Oʻquvchilarning taxminan bir, ikkita keltirgan misollari eshitiladi va ularga qoʻshimcha savol beriladi:
Bu vaziyatga tushgan odamlarning holatini aytib bera olasizmi?(oʻquvchilarning javoblari tinglanadi)
Oʻqituvchi:
Ko‘pincha odamlar “zo‘ravonlik” deganda aynan bullingni nazarda tutishadi. Siz bulling haqida eshitganmisiz?
(O‘quvchilarning javoblari: Ha, yo‘q, bilmayman …)
O‘qituvchi davom etadi:
Bulling nima?
Bulling – bu takroriy, ataylab qilinadigan zo‘ravonlik bo‘lib, kimnidir xo‘rlash, haqoratlash, kamsitish, turtki berish, ustidan kulish, internetda obro‘siga putur yetkazish kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Bullingning 4 asosiy turi bor:
1. Jismoniy bulling – turtish, mushtlashish, oyoq qo‘yish.
2. Og‘zaki bulling – haqorat, masxara, laqab qo‘yish.
3. Ijtimoiy bulling – guruhdan chiqarish, yolg‘izlantirish, gapga qo‘shmaslik.
4. Kiberbulling – telefon, internet orqali xo‘rlash, rasm-video tarqatish.
Quyidagi 4 ta qoidani yodlab oling va amal qiling.
1. Birovga kulgu bo‘lish hech qachon mardlik emas.
2. Har bir insonning ko‘nglini og‘ritish – million bo‘lakka ajralgan oynani sindirish bilan barobar: uni qayta tiklab bo‘lmaydi.
3. Sizning hazilingiz kimningdir uyiga yig‘lab qaytishiga sabab bo‘lishi mumkin.
4. Sukut – bullingni davom ettiradigan kuchdir.
Tengdoshlarini bulling qiluvchi bolalar bir kuni bu ishlaridan albatta uyalib qolishadi. Keling, shu haqida rolik tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Siz bulling haqida eshitganmisiz?
O‘qituvchi:
Nega odamlar boshqalarni kamsitadi?
O‘quvchilar (taxminiy javob): “O‘zini kuchli ko‘rsatmoqchi”, “Uyida muammo bor”, “Atrofdagilarning e’tiborini qidiradi”, “O‘zi ham bulling qurboni bo‘lgan”.
O‘qituvchi:
Ba’zan bullerlar o‘zlarining ichki qo‘rquvini, zaifligini yashirish uchun boshqaga hujum qiladi.
Unutmang:
● Har bir inson hurmatga loyiq.
● Biz boshqa o‘quvchilarni kamsitmasak, maktab xavfsiz joyga aylanadi. Agar odamlar boshqa odamlarni kamsitmasalar, dunyo xavfsiz bo‘ladi.
● Kamsitmaslik – bu kuchlilik belgisi.
● Bullingga qarshi turgan bola – haqiqiy yetuk va jasur o‘quvchi.
O‘qituvchi: Bolajonlar, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning yana bir turi bor. Bu – majburiy mehnat. Ya’ni bolalarni ta’lim olish, o‘ynash, dam olish yoki uxlash kabi zarur huquqlaridan mahrum qilib, buning o‘rniga og‘ir mehnat qilishga majburlash ham zo‘ravonlikning bir turi hisoblanadi. Bir paytlar, siz tengi bolalar ayniqsa qishloq sharoitida maktabdagi darslarga yuborilmay, hammasi ommaviy ravishda paxta dalalariga va boshqa dala ishlariga jalb qilingan. Issiq suv va yaxshi sharoit bo‘lmagan binolarda bir necha oylab yashab, dala ishlari bilan shug‘ullanishga majbur qilingan. Ammo so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli siz va siz kabi millionlab bolalar bunday majburiy mehnatdan qutuldi.
Lekin bilib qo‘ying, har qanday mehnat ham majburiy mehnat hisoblanmaydi. Keling hozir majburiy mehnat va insonni tarbiyalaydigan foydali mashg‘ulot o‘rtasidagi farqni ko‘rsatuchi video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Majburiy mehnat yoki foydali mashgʻulot?
O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, bolalar, majburiy mehnat insonni insoniylikdan chiqaradi, foydali mashg‘ulot esa, aksincha, sizning yetuk inson bo‘lib tarbiyalanishingizga xizmat qiladi. Agar siz umuman jismoniy mehnat qilmasangiz, uyda oyingizga uy ishlarida qarashmasangiz, o‘z dars qiladigan xonangiz yoki burchagingizni, maktabda sinf xonangizni yig‘ishtirib tozalamasangiz, bu yaxshilik emas, yomonlikka aylanib ketishi mumkin. Ya’ni endi siz boshqalarga, xususan, uyda ota-onangiz, opa-akalaringizga, maktabda esa farroshlar va o‘qituvchingizga nisbatan yomonlik qilgan bo‘lib qolishingiz mumkin. Shuning uchun, mehnat qilish kerak, ammo avvalo, bu sizning yoshingizga mos, ya’ni og‘ir bo‘lmagan mehnat bo‘lishi lozim. Qolaversa, bunda sizning ta’lim olish, kuniga 8 soat uxlash, kitob o‘qish kabi zarur huquqlaringiz buzilmasligi kerak.
O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Siz bugungi kunda majburiy mehnat va bolalar mehnatini ekspluatatsiya qilish nimaligini bilmaysizlar va bu yaxshi. Ammo ota-onalaringiz buni yaxshi bilishadi. Hozir bir videorolik tomosha qilamiz, unda ota-onangiz va sizning davringizda bolalar huquqlarini ta’minlashda qanday katta o‘zgarishlar bo‘lgani yaqqol ko‘ringan.
Vizual kontent
“Bir qadam tashlang” – insta-trend
Oʻqituvchi:
Bolalar! Hayotda zo‘ravonlikning turlari ko‘p. Siz ularning zo‘ravonlik ekanini bilmasligingiz ham mumkin. Men hozir sizga uning turlarini sanab, ta’riflab beraman.
BMTning “Bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasi” va Oʻzbekistondagi “Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish konsepsiyasi”da bolalarga nisbatan zoʻravonlikning 6 turi quyidagicha belgilangan:
1. Jismoniy zoʻravonlik
Bolaning tanasiga ogʻriq yoki jarohat etkazish bilan bogʻliq harakatlar.
Misollar: urish, turtkilash, shapaloq urish, qattiq jazolash, oziq-ovqat yoki uyqudan mahrum qilish.
2. Ruhiy (psixologik) zoʻravonlik
Bolaning hissiy holatiga zarar etkazish, uni tahqirlash yoki qoʻrqitish.
Misollar: haqorat qilish, qoʻrqitish, doimiy tanqid, boshqalar bilan solishtirish, muhabbatni rad etish.
3. Jinsiy zoʻravonlik
Bolani jinsiy harakatlarga jalb etish yoki jinsiy ahamiyatga ega harakatlar orqali suiisteʼmol qilish.
Misollar: tegish, jinsiy soʻzlar aytish, rasm yoki video orqali suiisteʼmol qilish, majburiy jinsiy aloqa.
4. Iqtisodiy zoʻravonlik
Bolaning moddiy ehtiyojlarini qasddan taʼminlamaslik yoki uni mehnat qilishga majburlash.
Misollar: bolani ishga majburlash, pul yoki oziq-ovqatni cheklash, taʼlim yoki kiyim-kechakni taʼminlamaslik.
5. Beparvolik (eʼtiborsizlik, parvarishdan voz kechish)
Bolaning asosiy ehtiyojlarini qondirmaslik – bu ham zoʻravonlik turidir.
Misollar: ovqat bermaslik, tibbiy yordam koʻrsatmaslik, taʼlimdan chetlatish, xatarli muhitda qoldirish.
6.Kiberzoʻravonlik (Internet orqali)
Internetda bolani tahqirlash, shantaj qilish yoki aldov yoʻli bilan zarar etkazish.
Misollar: ijtimoiy tarmoqlarda haqoratli izohlar, yolgʻon maʼlumot tarqatish, shaxsiy maʼlumotlarni yoyish.
Oʻqituvchi:
Endi birgalikda oʻylab koʻraylik: zoʻravonlikka yoki bezorlikka (bullingga) uchragan odam oʻzini qanday his qiladi?
Guruhlarda ishlash – 1-qism
Sinf 4 guruhga boʻlinadi. Har bir guruhga 1 ta vaziyat beriladi. Ularning vazifasi – bu holatni oʻzaro muhokama qilish (2-3 daqiqa), keyin esa yechimni ham topish.
Sizlarning stolingizda turli soʻzlar yozilgan kartochkalar bor. Shu soʻzlardan zoʻravonlikka uchragan oʻsmir his qiladigan holatlarni tanlang. Shuningdek, boʻsh kartochkalarga siz qoʻshimcha ravishda zoʻravonlikka uchragan inson oʻzidan oʻtkazishi mumkin boʻlgan boshqa his-tuygʻularni ham yozib qoʻyishingiz mumkin.
(Kartochkalardagi soʻzlar namunasi: nafrat, qaygʻu, qoʻrquv, xotirjamlik, befarqlik, yomonlik, xafalik, oʻch olish, xavotir, asabiylik, uyalish, yolgʻizlik, qadrsizlanish, umidsizlik, charchoq, himoyasizlik, adolatsizlik, qahr, ishonchsizlik va boshqalar).
1- guruh. Sinfdagi masxara
Vaziyat: Jahongir har kuni yangi oʻquvchi Kamolni familiyasi bilan masxara qiladi. Boshqalar kulib, unga qoʻshiladi. Kamol jim turadi.
Savollar:
Bu zoʻravonlikning qanday turi?
Buning oqibatlari qanday boʻlishi mumkin?
Yaxshi yechimni taklif eting.
2- Guruh. Telefon orqali tahdid
Vaziyat: Madinaga nomaʼlum raqamdan tahdidli xabarlar kelmoqda. U qoʻrqib, hech kimga aytmayapti.
Savollar:
Bu qanday zoʻravonlik turi?
Bu zoʻravonlikning oqibatlari qanday boʻlishi mumkin?
3-guruh. Oʻyin vaqtida tajovuz.
Vaziyat: futbol oʻyinida Nurbek jahl bilan boshqalarni uradi, haqorat qiladi. Jamoadoshlari undan qoʻrqadi.
Savollar:
Bu qanday zoʻravonlik turi?
Bu zoʻravonlikning oqibatlari qanday boʻlishi mumkin?
3- guruh. Ijtimoiy yakkalash
Vaziyat: Umida soʻnggi paytlarda hech kim bilan soʻzlashmayapti. Qizlar guruhi uni guruhlariga qoʻshmayapti, gaplashishmaydi. U juda yolgʻiz.
4-vaziyat. Gulmira maktabga har kuni xafa boʻlib kelyapti. Oʻgay akasi Sobit unga kun bermayapti. Har ishidan kamchilik topib, Gulmirani xoʻrlaydi. Gulmiraga qanday yordam bersa boʻladi? Maktab, oila, mahalla nima qilishi mumkin?
Savollar:
Bu qanday zoʻravonlik turi?
Bu zoʻravonlikning oqibatlari qanday boʻlishi mumkin?
Oʻqituvchi:
Koʻrib turibmizki, zoʻravonlikka uchragan inson hech qachon xursand yo xotirjam boʻlmaydi. U koʻproq qoʻrquv, xafachilik va yolgʻizlikni his qiladi. Shuning uchun biz hamisha bir-birimizga hurmat bilan munosabatda boʻlishimiz va hech kimni bunday holatga qoʻymasligimiz zarur.
Guruhlarda ishlash – 2-qism
Har bir guruhga zoʻravonlikka qarshi oʻzbek xalq maqollari beriladi va muhokama oʻtkaziladi, oʻquvchilarning fikrlari eshitiladi.
Oʻqituvchi:
– Siz nima deb oʻylaysiz, har bir maqol va matalda nimalar haqida soʻz yuritilgan?
1- guruh.
Qoʻli kalta musht koʻtarar.
Xulosa: aqlli, madaniyatli odam zoʻravonlik qilmaydi, ojiz inson zoʻravonlikka murojaat qiladi.
2- Guruh.
Hurmat qilsang, hurmat koʻrasan.
Xulosa: har bir inson hurmatga loyiq. Zoʻravonlik hurmatsizlik belgisidir.
3-guruh.
Aql bor yerda urush yoʻq.
Xulosa: aqlli odam zoʻravonlikka emas, tinchlikka intiladi.
4-guruh.
Janjalni aql toʻxtatadi.
Jahl bilan turgan – zarar bilan oʻtiradi
Xulosa: kechirish, bagʻrikenglik va aql janjalning oldini oladi.
Oʻqituvchi:
Bizning jamiyatimizda zoʻravonlik va shafqatsizlikka murosasizlik bilan yondashish tobora ortib boryapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ayni muammoga doir fikrini sizlarga aytib oʻtmoqchiman. Prezidentimiz Parlament saylovidan keyin Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish masalasini shaxsan nazoratga olishlarini eʼlon qildilar. “Madaniyatimizga xos boʻlmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda boʻlishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart”, – dedi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizda davlat bolalarni zoʻravonlikdan qatʼiy himoya qiladi. Avvalo, qonunlar orqali bolalarning xavfsizligi va huquqlari himoya qilingan. Bundan tashqari, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan tizimlar ham ishlaydi. Shular orasida bugun eng samarali ishlayotgan tashkilotlardan biri Ijtimoiy himoya milliy agentligidir.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) – 2023-yil 1-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora‑tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF‑82‑sonli farmoni bilan tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi – bu davlat tashkiloti boʻlib, aholining, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, bolalar, yoshlar, nogironligi bor shaxslar va kam taʼminlangan oilalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan shugʻullanadi. Agentlikning asosiy vazifalardan biri bolalar huquqlarini himoya qilish va zoʻravonlikka duch kelgan bolalar uchun xizmatlar tashkil etishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida “Insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” deb belgilab qoʻyilgan. Demak, hech kim boshqani haqorat qilishga, kamsitishga yoki zoʻravonlik qilishga haqli emas.
Zoʻravonlik – nafaqat qonun oldida, balki odamiylik oldida ham jinoyat. Biz jamiyatimizda tinchlik, bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash uchun avvalo oʻzimizni yaxshi tomonga oʻzgartirishimiz kerak. Madaniyatli odam hech qachon, hech kimga zoʻravonlik qilmaydi.
Yodingizda bo‘lsin: zo‘ravonlikni yengish uchun eng katta kuch – bu mehribonlik va yordam so‘rashdir. Bunday vaziyatlarda mehribonlik ko’rsatadigan tashkilot bu – Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Shuningdek, agar siz zo‘ravonlikka uchrasangiz yoki kimdir zo‘ravonlikka uchrayotganiga guvoh bo‘lsangiz, quyidagi joylarga murojaat qilishingiz mumkin:
1. Ishonch telefonlari
Oʻzbekistonda bolalar va yoshlar uchun maxsus ishonch telefonlari bor:
1146 –“Bolalarni himoya qilish” ishonch telefoni
Bu telefon raqami orqali bolalar, yoshlar, ota-onalar va pedagoglar bepul murojaat qilishi mumkin.
Ish faoliyati davomida mutaxassislar (psixologlar, yuristlar va ijtimoiy xodimlar) tomonidan yordam koʻrsatiladi.
Murojaatlar anonim ravishda qabul qilinadi – yaʼni shaxsiy maʼlumotlar soʻralmaydi.
2. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha Inson markazlariga
Bolalar, oʻquvchilar yoki yoshlar zoʻravonlikka duch kelganda yoki guvoh boʻlganda, markaz orqali bu haqida xabar berish mumkin.
Inson markazdagi mutaxassislar (psixolog, yurist, ijtimoiy xodim) jabrlanuvchi bilan suhbat oʻtkazib, kerakli yordamni tashkil qiladi.
3. Mahalladagi ijtimoiy xodimga – bu mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat yurituvchi ijtimoiy himoya milliy agentligining mutaxassisidir
Ijtimoiy xodim bu maʼlumotni sir saqlaydi va bolaning xavfsizligini taʼminlaydi.
Agar oʻquvchi qoʻrqqan yoki oʻzi murojaat qilishga ikkilansa, ijtimoiy xodim uning nomidan tegishli idoralarga xabar berishi mumkin.
4. Ota-onalar, qarindoshlar, yaqin insonlarga
Ota-ona yoki yaqin insonlar bolani tinchlantirish, himoya qilish va tegishli tashkilotlarga murojaat etishda yordam beradi.
5. Ishonchli doʻst yoki sinfdoshlar orqali kattalarga xabar berish
Doʻst yoki sinfdosh bu maʼlumotni sir saqlagan holda, kattalarga (sinf rahbari, maktab psixologi yoki ijtimoiy xodimga) etkazishi mumkin.
6. Ishonchli oʻqituvchiga, sinf rahbariga, maktab rahbariyatiga aytish.
Oʻqituvchi bu holatni jiddiy qabul qilib, bolani himoya qilish uchun maktab rahbariyati, mahalla yoki “Inson” markazi bilan bogʻlanadi.
7. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga
Bu organlar jinoyat holatlarini tekshirish, zoʻravonni javobgarlikka tortish va jabrlanuvchini himoya qilish bilan shugʻullanadi.
Yuqoridagi barcha tashkilotlar va shaxslar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga bogʻlangan va uning qoʻllab-quvvatlash xizmatlari orqali amalga oshiriladi.
.png)
Ushbu diagrammada siz Ijtimoiy himoya milliy agentligi qanday holatlarda qay tarzda yordam berishini ko‘rib turibsiz. Keling endi ushbu tizim real hayotda qanday ishlashini ko‘rsatuvchi rolikni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Ijtimoiy himoya manzillari boʻylab sayohat
O‘qituvchi:
Qadrli bolalar! Ijtimoiy himoya milliy agentligi bugungi kundan ko‘plab bolalarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiruvchi loyihalarni amalga oshiryapti. Masalan, nogironligi bo‘lgan yoki alohida e’tibor va parvarishga muhtoj bolalar orasida ham iste’dodli tengdoshlaringiz ko‘p. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ularning iste’dodi ro‘yobga chiqishi uchun ko‘p ishlarni qilyapti. Hozir shunday iste’dodli bolalardan biri Zafina Salomova degan tengdoshingizning yutuqlari haqida videorolikni tomosha qilamiz. Rolik orqali Agentlikning bolalarga berayotgan real yordamini ko‘rishingiz mumkin.
Vizual kontent
“Men maktabimni juda ham yaxshi koʻraman” – Zafina Salomova
3. Yakuniy qism (10 daqiqa)
Oʻqituvchi:
Aziz oʻquvchilar!
Bugun biz juda muhim mavzuda – zoʻravonlik va uning oqibatlari haqida gaplashdik. Zoʻravonlik nafaqat jismoniy, balki ruhiy zarar ham yetkazadi. U maktabda, uyda, internetda – hamma joyda yuz berishi mumkin.
Eslab qoling, agar siz yoki tanishingiz zoʻravonlikka duch kelayotgan boʻlsa, sukut saqlash kerak emas. Ishonchli odamlarga murojaat qilish – birinchi va muhim qadamdir.
Hurmat, bagʻrikenglik va muhabbat – biz birga tinch, xavfsiz va doʻstona muhit yaratishimiz uchun asosiy qadriyatlardir.
“Biz zoʻravonlikka qarshimiz” daraxti
Biz sinfimizda, maktabimizda hamma bolalar ahil boʻlishini istaymiz. Shunday ekan, kelinglar, bugungi darsimizda sinfimizning zoʻravonlikka qarshi qaratilgan deklaratsiyasini yaratamiz.
Mana bu qoidalarni oʻqib chiqing. Qani, birgalikda baland ovozda oʻqiymiz:
1. Biz uchun har bir oʻquvchi birdek muhimdir!
2. Maktabda har bir bola hurmat qilinadi.
3. Zoʻravonlikning hech bir koʻrinishiga eʼtiborsiz boʻlmaymiz va unga qarshi turishga tayyormiz!
4. Bizning sinfda hech kim zoʻravonlik qilmaydi.
5. Bizning maktabimizda har bir oʻquvchi oʻzini qulay his qilsin.
6. Biz bullingga qarshi turamiz va ustozlarning yordamiga ishonamiz.
7. Biz ahil boʻlsak, barcha maqsadlarimizga erishamiz!
Rahmat!
Qoʻshilasizmi? Ovozga qoʻyaman. Kim qabul qilamiz desa, qoʻl koʻtarsin. Qarshilar yoʻq. Betaraflar yoʻq. Qabul qilindi. Barakalla!
Hurmatli oʻquvchilar! Bu qoidalarni “Ahil bolalar deklaratsiyasi” deb ataymiz. Ularni sinfimiz devoriga osib qoʻyamiz. Eng muhimi – ularga amal qilamiz. Xoʻpmi?!
Bugungi darsimizni yakunlar ekanmiz, men sizlarga “Axloqning oltin qoidasi”ni eslataman: “Sizga qanday munosabatda boʻlishlarini istasangiz, oʻzingiz ham boshqalarga ham shunday munosabatda boʻling!”
Shu bilan darsimiz tugadi.
Sogʻ boʻlinglar!