“Kelajak soati” 13-mavzu

UMUMTA’LIM MAKTABLARI 9-11-SINFLARI UCHUN

“KELAJAK SOATI” DARS SSENARIYSI

 

13-mavzu: “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz! Biz bag‘rikeng va madaniyatli jamiyat tarafdorimiz!”

 

 

Annotatsiya

Ushbu dars maktab o‘quvchilarida bulling (jismoniy, ruhiy va kiber zo‘ravonlik) tushunchasi haqida bilimlarni shakllantirish, uning oqibatlari va oldini olish yo‘llari haqida bilim va ko‘nikmalarni hosil qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, bag‘rikenglik, madaniyatli muomala va inson huquqlariga hurmat kabi ijobiy xulq-atvorni rivojlantirish maqsad qilinadi. Dars interaktiv usullar asosida tashkil etilib, o‘quvchilarning ijtimoiy faolligi va shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Dars maqsadlari

Umumiy maqsad:

O‘quvchilarda zo‘ravonlikka qarshi ongli munosabatni shakllantirish, bag‘rikenglik, madaniyatli muomala va insonparvar munosabatlar orqali jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhit yaratishga hissa qo‘sha oladigan faol, mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini tarbiyalash.

Aniq maqsadlar:

1.           O‘quvchilarda zo‘ravonlikka qarshi dunyoqarashni shakllantirish, uning turlari (jismoniy, ruhiy, ijtimoiy, kiber) va salbiy oqibatlari haqida bilim berish;

2.           Jamiyatda bag‘rikenglik, madaniyatli muomala va o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarni shakllantirish hamda ularni hayotda qo‘llashga undash;

3.           Bulling holatlarini anglash, baholash va ularga qarshi to‘g‘ri munosabat bildirish, zarur holatda yordam so‘rash va ko‘mak berish ko‘nikmalarini rivojlantirish;

4.           Faol fuqarolik pozisiyasi va javobgarlik hissini shakllantirish – o‘quvchilarni o‘z huquqlari va boshqalar huquqlarini hurmat qilishga o‘rgatish;

5.           Maktabda sog‘lom psixologik muhit yaratishga hissa qo‘shish, o‘zaro yordam va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan guruh munosabatlarini rivojlantirish.

6.           Ijtimoiy himoya milliy agentligining bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish dasturi haqida ma’lumot berish.

7.           Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish .

Asosiy g‘oyalar

            Bulling – jamiyat uchun xavfli illat

            Har bir inson hurmat va qadr-qimmatga loyiq

            Bag‘rikenglik – tinch va barqaror jamiyat asosi

            Zo‘ravonlikka qarshi kurash – har bir fuqaroning mas’uliyati

            Ijtimoiy yordam - Ijtimoiy himoya milliy agentligining tarmoq dasturi

 

Darsdan kutilayotgan natijalar

1. Aqliy darajada (bilim va fikriy faollik):

            O‘quvchi “zo‘ravonlik” tushunchasini va uning turlarini (jismoniy, ruhiy, ijtimoiy, kiber) tushunadi;

            Zo‘ravonlikning oqibatlarini tanqidiy tahlil qiladi;

            Bag‘rikenglik, madaniyatli munosabat va inson huquqlari haqida asosiy bilimlarni egallaydi;

            Turli vaziyatlarda bulling va hazilni farqlay oladi;

            Yordam so‘rash va ko‘mak berishning to‘g‘ri yo‘llarini anglaydi.

2. Hissiy darajada:

            Zo‘ravonlikka duch kelgan insonlarning holatiga hamdardlik hissi paydo bo‘ladi;

            Odamlarni tahqirlash, masxara qilish, yakkalashtirish emotsional zarar yetkazishini chuqur his etadi;

            O‘zining va boshqalarning his-tuyg‘ularini anglay olish qobiliyati rivojlanadi (emotsional intellekt);

            Zo‘ravonlik holatlarida adolat, insonparvarlik va himoya qilish istagi paydo bo‘ladi;

            Madaniyatli muomala, bag‘rikenglik va hurmatga asoslangan munosabatlarga nisbatan ijobiy hissiy munosabat shakllanadi;

            O‘zining xatti-harakatlarini qayta baholab, ijobiy o‘zgarish qilishga hissiy tayyorlik hosil qiliadi;

3.     Amaliy ko‘nikmalarda:

            Zo‘ravonlik holatlarida o‘zini to‘g‘ri tuta oladi;

            O‘zini yoki do‘stini himoya qilish uchun to‘g‘ri qaror qabul qiladi;

            Maktabda va jamoada bag‘rikeng, do‘stona muhit yaratishga amaliy hissa qo‘shadi;

            O‘z huquqlarini bilib, ularni himoya qilishni o‘rganadi;

            Zo‘ravonlikka qarshi tashabbuslarda faol ishtirok etish qobiliyatini namoyon qiladi.

 4. Ijtimoiy jihatdan:

            O‘zining va boshqalarning shaxsiy qadrini hurmat qilish hissini shakllantiradi;

            Zo‘ravonlikni qat’iy rad etish va fuqarolik mas’uliyatini anglaydi;

            Hamdardlik, adolat, bag‘rikenglik, insoniylik kabi fazilatlarni hayotga tatbiq etadi;

            Boshqalarga yordam berish, jamoada hurmatli munosabatda bo‘lishga intiladi.

 

Dars hamkori: O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazi.

Dars davomiyligi: 45 daqiqa

Tavsiya etilgan shakl: interaktiv (suhbat, guruhda muhokama, kartochkalar, videorolik namoyishi).

Materiallar to‘plami: ssenariy matni, ijtimoiy videorolik, vaziyat kartochkalari, flomaster, marker, varaqlar.

 

 

Darsning ssenariysi

 1. Kirish. Motivatsion qism (5 daqiqa)

O‘qituvchi:

Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!

Bugun biz juda dolzarb mavzu zo‘ravonlik va bulling haqida gaplashamiz. Sizning orangizda bu so‘zlarni eshitmaganlar kam bo‘lsa kerak. Lekin har birimiz hayotimizda shunday holatlarga duch kelgan bo‘lishimiz mumkin. Kimdir masxara qiladi, kimdir haqorat qiladi, kimdir internetda sizni yomonlaydi... Bu shunchaki hazil emas. Ruhiy zo‘ravonlik va bullingni jiddiy qabul qilmaslik jamiyat uchun katta xatardir.

Bugungi darsimizda biz:

             Bulling nimaligini,

             U qanday namoyon bo‘lishini,

             Unga qarshi qanday kurashishni muhokama qilamiz.

Bolalar, bilasizlarmi, mamlakatimizda har bir bolaning huquqlari, xavfsizligi va himoyasi qonun bilan kafolatlangan. Shu yili bolalar huquqlarini yanada kuchli himoya qiluvchi yangi qonun ham kuchga kirdi. Keling, shu qonun haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevadan eshitamiz.

 

Vizul kontent

Shahnoza Mirziyoyeva Bolalarni himoya qiluvchi yangi qonun haqida gapirdi

Videorolik muhokama qilinadi (2 daqiqa)

 

ASOSIY QISM. (30 daqiqa)

 

Didaktik o‘yin texnikasi. O‘qituvchi har bir ishtirokchiga vertikal ravishda “Bulling” so‘zi tushirilgan blankalarni tarqatadi.

O‘qituvchi:

Bulling – bu bir shaxs yoki guruhning boshqasiga nisbatan takroriy ravishda haqorat, tahqir yoki jismoniy zo‘ravonlik orqali bosim o‘tkazishi. U og‘zaki, jismoniy yoki Internet orqali (kiberbulling) bo‘lishi mumkin.

“Bulling” tushunchasini anglaymiz. Qo‘lingizda “Bulling” so‘zi yozilgan varaqlar bor. Sizning vazifangiz – har bir harf uchun ushbu tushuncha bilan bog‘liq iloji boricha ko‘proq assotsiatsiya yozib chiqishdir.

B – Bosim, Befarqlik, Buzg‘unchilik, Bezovtalik

U – Uyaltirish, ustidan kulish, umidsizlik, urushqoqlik

L – Laqab qo‘yish

L – Loqaydlik

I – Intizomsizlik, Ishonchsizlik

N – Norozilik, Nazoratsizlik, Nafrat

G – Gap-so‘z, gina, g‘iybat

Savollar:

1.           “Bulling”so‘zi qanday ma’no kasb etar ekan?
– Bulling – bu bir inson yoki guruhning boshqasiga ruhiy, jismoniy yoki ijtimoiy bosim o‘tkazishi yoki tahqirlashi holatidir.

2.           Nima uchun siz taklif qilgan assotsiatsiyalar salbiy?
– Chunki bulling hodisasi – yaxshi tuyg‘ularni yo‘qotadi, odamning o‘z-o‘ziga ishonchini kamaytiradi, do‘stlik va hurmatni buzadi. Bu holatda ham jabrlanuvchi, ham tajovuzkor zarar ko‘radi.

3.           Haqiqiy hayotda bu hodisaga duch kelganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, u qanday namoyon bo‘lgan?
– Kimdir kimning kiyimi, tashqi ko‘rinishi yoki fikri ustidan kulganida, masxara qilganida yoki guruhdan chetlatganida (bu ham bulling hisoblanadi).
Agar siz yoki sizning do‘stingiz shunday holatga duch kelgan bo‘lsa, befarq bo‘lmang! Suhbat qiling, yordam so‘rang, psixolog yoki ishonch telefoniga murojaat qiling.

O‘qituvchi:

Hurmatli o‘quvchilar, biz birovning tashqi ko‘rinishi yoki jismoniy kamchiligi ustidan kulish yomonligini bilamiz. Ammo hayotda ko‘pincha o‘smirlar orasida aynan tashqi nuqsoni uchun birovning ustidan jamoaviy kulish, masxaralash va kamsitish holatlari uchraydi. Bu ham zo‘ravonlikning bir turi bo‘lib, ruhiy bosim orqali zo‘ravonlik deyiladi. Bugungi darsimizdan so‘ng imkoniyati cheklangan insonlarga nisbatan munosabatingiz yanada yaxshi tomonga o‘zgaradi va tashqi nuqsoni bor insonlarni masxaralash nima uchun yomonligini teranroq anglaysiz deb ishonaman. 

Hozir sizlarga shunday insonlardan biri, irodali sportchi qiz, paraolimpiya chempioni Nurxon Qurbonovaning hikoyasini taqdim etamiz. Ekranga qaraymiz.

Vizual konent

“Imkoniyatlaringizni cheklab qoʻymang” – Nurxon Qurbonova

 

O‘qituvchi:

Zo‘ravonlik harakatlari, namoyon bo‘lish turlari va shakllaridan qat’i nazar, bitta yoki muntazam ravishda bir kishiga nisbatan takrorlanishi mumkin. “Bulling” (“Ta’qib”, “Bezorilik”) atamasi muntazam ravishda amalga oshiriladigan zo‘ravonlikni ifodalash uchun ishlatiladi. Bu bir yoki bir nechta odamning boshqa bir, o‘zini himoya qila olmaydigan shaxsga qarshi qayta-qayta zo‘ravonlik qilishidir. U faqat mushtumzo‘rlik bilan emas, balki haqorat qilish, uyaltirish, chetlatish, ustidan kulish yoki turli yo‘llar bilan kamsitish orqali ham namoyon bo‘ladi. Bullingning asosiy maqsadi – jabrlanuvchini o‘zini o‘zi qadrsizlashiga hamda boshqalar ko‘z o‘ngida tahqirlanishiga olib kelishdir. Bulling qilayotganlar shu orqali o‘zini kuchli ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

Bulling – bu kichkina sho‘xlik emas, balki jiddiy muammo. Har birimiz bu hodisaga qarshi turishimiz mumkin.
Agar siz atrofingizda kimnidir tahqirlanayotganini ko‘rsangiz:

himoya qiling,

tinglang,

hurmat qiling.

 

O‘qituvchi uchun qo‘shimcha ma’lumot:

Bullingning ikki turi mavjud: bevosita va yashirin. Yashirin bezorilik – sinfdagi (jamoadagi) bir o‘quvchiga e’tibor bermaslik, boykot e’lon qilish, munosabatlardan chetlashtirish, qasddan salbiy mish-mish tarqatish va hokazolarni o‘z ichiga oladi.

Bevosita bezorilik – to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik va kiberbullingni o‘z ichiga oladi.

Jismoniy zo‘ravonlik – ataylab kaltaklash va jarohatlar berishni o‘z ichiga oladi (odatda kuchliroq odam tomonidan kuchsizroq odamga nisbatan amalga oshiriladi).

Ruhiy zo‘ravonlik – turli xil og‘zaki tahqirlash, xulq-atvor xususiyatlariga, tashqi ko‘rinishga, jismoniy nuqsonlarga va boshqa omillarga asoslangan masxara qilishni o‘z ichiga oladi.

So‘nggi yillarda bezorilikning yangi turi paydo bo‘ldi: kiberbulling. Bunda bezorilik onlayn tarzda sodir bo‘ladi – insonni haqoratomuz xabarlar bilan bombardimon qilinadi yoki provokasion, kamsituvchi mazmundagi videolar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiriladi.

Bizning jamiyatimizda zo‘ravonlik va shafqatsizlikka keskin murosasizlik hukm surmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ayni muammoga doir fikrini sizlarga aytib o‘tmoqchiman. Oliy Majlis Senatining parlament saylovidan keyingi birinchi majlisida Prezidentimiz bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasini shaxsan nazoratga olishini e’lon qildi. “Madaniyatimizga xos bo‘lmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart”, – dedi davlatimiz rahbari. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida "Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” deb belgilab qo‘yilgan. Demak, hech kim boshqani haqorat qilishga, kamsitishga yoki zo‘ravonlik qilishga haqli emas.

Muhtaram Prezidentimiz shunday deganlar:

“Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.”. Sh.M.Mirziyoyev.

Demak, insonlarning qadrini yerga urmaslik, bir shaxsning boshqa bir shaxs ustidan zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘ymaslik hatto Davlatimiz rahbari tomonidan ham alohida ta’kidlanmoqda.

Aziz o‘quvchilar, mamlakatimizda davlat insonlarni zoʻravonlikdan himoya qiladi. Avvalo, qonunlar orqali shaxsning xavfsizligi va huquqlari himoya qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida “Insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” deb belgilab qoʻyilgan. Demak, hech kim boshqani haqorat qilishga, kamsitishga yoki zoʻravonlik qilishga haqli emas.

Bundan tashqari, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan tizimlar ham ishlaydi. Shular orasida bugun eng samarali ishlayotgan tashkilotlardan biri Ijtimoiy himoya milliy agentligidir.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) – 2023-yil 1-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora‑tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF‑82‑sonli farmoni bilan tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi – bu davlat tashkiloti boʻlib, aholining, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, bolalar, yoshlar, nogironligi bor shaxslar va kam taʼminlangan oilalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan shugʻullanadi. Agentlikning asosiy vazifalardan biri bolalar huquqlarini himoya qilish va zoʻravonlikka duch kelgan bolalar uchun xizmatlar tashkil etishdan iborat.

Ushbu suratda Ijtimoiy himoya milliy agentliigining vazifalari ko‘rsatilgan.


Hozir esa sizlarga ushbu Agentlik va unung tizimi amalda qanday ishlashini ko‘rsatuvchi videorolik taqdim etamiz.

 

Vizual kontent

Ijtimoiy himoya manzillari boʻylab sayohat

 

O‘qituvchi:

Endi esa bulling holati nima ekanini chuqurroq tahlil qilamiz.

Bezorilik (bulling) holatida asosan 5 ta toifadagi ishtirokchi bo‘ladi. Bular:

1. Tajovuzkor

2. Jabrlanuvchi

3. Himoyachilar

4. Qo‘llab-quvvatlovchilar

5. Kuzatuvchilar

 


 

 “Ta’rif bering”

Doskaga plakat joylashtiriladi. Plakatga tajovuzkor, jabrlanuvchi, himoyachilar, qo‘llab-quvvatlovchilar, kuzatuvchilar so‘zlari ketma-ketlikda yoziladi.

 

O‘qituvchi:

O‘quvchilar siz mana shu tushunchalarga ta’rif bering. Siz qanday tushunchaga ega bo‘ldingiz?

O‘quvchilar javoblari tinglanadi va tahlil qilinadi.

 

Albatta, mojarolar, nizolar, tortishuvlar, hatto janjallar – har doim o‘smirlar guruhlarida bo‘lgan va ehtimol bo‘ladi. Ammo bu holatlar odatda bir martalik bo‘lib, to‘g‘ri va tezda hal qilinsa, bezorilikdan farqli o‘laroq, jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi. Shuning uchun nizo va zo‘ravonlik o‘rtasidagi aniq farqni bilish muhimdir.

Hozir shu haqida huquqshunos mutaxassisning fikrlariga quloq tutamiz.

 

Vizual kontent

Zo'ravZo‘ravonlik mavzusiga oid muhim savol-javob – Kamola Aliyeva

 

O‘qituvchi:

Agar zo‘ravonlik uzoq vaqt davom etsa, muntazam xarakterga ega bo‘lsa, bu shaxsga nisbatan zulmga aylanadi. Natijada, u shaxs ushbu zulm doirasidan bir umrga chiqib keta olmasligi mumkin. Keyin esa bu uning farzandlari hayotiga ko‘chib o‘tadi. Ya’ni zo‘ravonlik ko‘rgan inson yoki o‘z farzandlariga zo‘ravonlik qilishi, yo bo‘lmasa, farzandlarini ham zo‘ravonlikka mum tishlab sabr qilishga o‘rgatishi mumkin. Har ikkala holat ham sog‘lom munosabat emas.

Sizlar katta hayotga qadam qo‘yish arafasida turgan shaxssizlar. Shuni yaxshi anglashingiz kerakki, zulmga sabr qilinmaydi. Sukut zo‘ravonlikni yanada avj olishi va boshqalarga ham tatbiq qilinishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun zo‘ravonlikka vaqtida qat’iy “yo‘q” deyish kerak. Hozir shu haqida bir video tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Farangizning qismati

 

Bullingsiz maktab

O‘quvchilar qatorlar bo‘ylab uchta guruhga bo‘linadi. Har bir guruhning vazifasi – “Bullingsiz maktab” qanday bo‘lishi kerakligi haqida qoidalar ishlab chiqish va ularni qiziqarli shaklda taqdim etish. Birinchi guruh qoidalarni plakat yoki infografika ko‘rinishida rasm va qisqa iboralar bilan ifodalaydi. Ikkinchi guruh qoidalarni reklama shiori orqali jonli va ta’sirchan tarzda yozadi. Uchinchi guruh esa qoidalarni “maktab qonunlari” uslubida, rasmiy tilda, moddalar tarzida ishlab chiqadi. Barcha guruhlar o‘z ishlarini sinf oldida taqdim etadilar, keyin umumiy muhokama orqali eng yaxshi qoidalar birlashtiriladi va “Bullingsiz maktab kodeksi” tayyorlanadi.

1.           Har bir insonni ismi bilan chaqirish, laqab qo‘ymaslik.

2.           Sinfda va maktabda bir-birining fikriga hurmat bilan qarash.

3.           Agar kimdir qiynalsa, kulmasdan yordam qo‘lini cho‘zish.

4.           Biror o‘quvchiga qarshi guruh tuzmaslik, uni chetlatmaslik.

5.           Internetda ham, sinfda ham haqoratli so‘z ishlatmaslik.

6.           So‘z bilan, harakat bilan birovni uyaltirmaslik va qo‘rqitmaslik.

7.           Har kim o‘z fikrini erkin ayta olishini qo‘llab-quvvatlash.

8.           Murosa va tushunishni birinchi o‘ringa qo‘yish.

9.           Oqilona muloqot qilish: muammolarni zo‘ravonlik bilan emas, gaplashib hal qilish.

10.       Hech kimni tashqi ko‘rinishi, kiyimi yoki oilaviy sharoiti uchun kamsitmaslik.

11.       Har bir o‘quvchi o‘zini xavfsiz his qilishi uchun mas’uliyatni barcha teng olishi.

12.       Agar bulling holati ko‘rilsa, jim turmaslik – o‘qituvchi yoki do‘stga murojaat qilish.

 

Yakuniy qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi:

Hurmatli o‘quvchilar!

Bugun biz juda muhim – jamiyatimizning ma’naviy sog‘lomligi, o‘zaro munosabatlar madaniyati haqida so‘z yuritdik. Sizlar bilan birgalikda zo‘ravonlik va bulling nima ekanini, uning ko‘rinishlari, oqibatlari va unga qarshi qanday kurashish mumkinligini muhokama qildik. Bulling nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki so‘z bilan tahqirlash, tahdid qilish, kamsitish, Internet orqali yo‘llanadigan salbiy munosabatlar orqali ham yuz berishini bilib oldik. Bu holatlarga hech qachon befarq bo‘lmaslik kerak!

Barchamiz birgalikda bullingga qarshi turishimiz kerak. Bu faqat o‘qituvchi yoki maktab ma’muriyatining ishi emas – har biringizning mas’uliyatingiz bor. Agar siz biror kimning haqorat qilinayotganini, kamsitilayotganini ko‘rsangiz, sukut saqlash o‘rniga uni qo‘llab-quvvatlang, katta yoshdagilarga murojaat qiling. Chunki haqiqatdan ham kuch – birdamlikda!

Biz bag‘rikenglikni, o‘zaro hurmat va tinch-totuvlikni tanlaymiz. Madaniyatli jamiyat – bu faqat go‘zal so‘z emas, balki kundalik harakatlarimiz, so‘zlarimiz, munosabatlarimizda ko‘rinadigan hayot tarzidir.

“Insonni inson qilgan – mehr va hurmatdir”. Keling, shu mehr va hurmatni targ‘ib qilaylik.

E’tiboringiz uchun rahmat.