“Kelajak soati” 13-mavzu
“Kelajak soati” darsining Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mashg‘ulot ssenariysi
13-mavzu: “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz”.
Annotatsiya
Ushbu mashg‘ulot zo‘ravonlik tushunchasi, uning turlari va oqibatlarini anglash hamda ularning oldini olish yo‘llarini ko‘rsatishga qaratilgan. Dars interaktiv usullarda – videorolik, guruhli muhokama, savol-javob tarzida olib boriladi.
Dars maqsadlari
Umumiy maqsad:
Talabalarni zo‘ravonlik tushunchasi, shakllari va uning oldini olish usullari bilan tanishtirish, shuningdek, ongli fuqarolik va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish, ularni bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, madaniyatli muomala va tinchlikparvarlik kabi insoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash.
Aniq maqsadlar:
● Talabalarda zo‘ravonlik tushunchasi, turlari va uning jamiyatga ta’siri haqida aniq tasavvurni shakllantirish.
● Zo‘ravonlikka oid milliy huquqiy normalar, qonunlar to‘g‘risida ma’lumot berish.
● Talabalarni zo‘ravonlik holatlarini tan olish, ularga qarshi kurashish va yordamga muhtojlarga befarq bo‘lmaslikni o‘rgatish.
● Talabalarda o‘z huquqlari va boshqalarning huquqlarini hurmat qilish, zo‘ravonlikka qarshi qonuniy yo‘l bilan murojaat qilish madaniyatini shakllantirish.
Asosiy g‘oyalar
● Zo‘ravonlik – bu inson huquqlarining buzilishidir.
● Zo‘ravonlikning asosida jinslar o‘rtasidagi tengsizlik va ijtimoiy stereotiplar yotadi.
● Zo‘ravonlikni sukut bilan qabul qilish uning yanada kuchayishiga olib keladi.
● Huquqiy savodxonlik – zo‘ravonlikka qarshi kurashda muhim quroldir.
Darsdan kutiladigan natijalar
1. Bilim va tushunchalar darajasida:
● Talabalar zo‘ravonlik tushunchasi, uning turlari va namoyon bo‘lish shakllari haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladilar.
● Zo‘ravonlikning ijtimoiy, psixologik va huquqiy oqibatlarini tushunadilar.
● Zo‘ravonlikka qarshi qo‘llaniladigan milliy va xalqaro qonunchilik asoslarini bilib oladilar.
2. Shaxsiy pozitsiya va qadriyatlar darajasida:
● Har qanday zo‘ravonlik holatini inkor qilish va unga qarshi turish zarurligini anglaydilar.
● Gender tengligini qo‘llab-quvvatlovchi, adolat va hurmatga asoslangan shaxsiy pozitsiyaga ega bo‘ladilar.
3. Amaliy ko‘nikmalar darajasida:
● Zo‘ravonlik holatini taniy olish, kerakli organlarga murojaat qilish yoki jabrlanuvchiga yordam berish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
● Nizoli vaziyatlarda konstruktiv yondashuvni qo‘llash ko‘nikmasi rivojlanadi.
4. Faol fuqarolik va ijtimoiy mas’uliyat darajasida:
● Talabalar jamiyatda zo‘ravonlikka qarshi profilaktika ishlarida faol ishtirok etishga intiladilar.
● Yordam so‘rayotganlarga nisbatan befarq bo‘lmaslik, xabardorlik va faollik pozitsiyasi shakllanadi.
● Huquqbuzarliklarga nisbatan murojaat etish madaniyatini o‘rganadilar.
Dars hamkori: O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazi.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa
Tavsiya etilgan shakl: interaktiv (suhbat, guruhli muhokama, videorolik namoyishi).
Materiallar to‘plami: ssenariy matni, ijtimoiy videorolik, vaziyat kartochkalari, flomasterlar, markerlar, varaqlar.
Darsning borishi.
1. Kirish. Motivasion qism (5 daqiqa)
O‘qituvchi:
Assalomu alaykum, hurmatli talabalar!
Bugungi mashg‘ulotimiz juda muhim va hayotiy mavzuga – zo‘ravonlik masalasiga bag‘ishlanadi.
“Zo‘ravonlik” deganda birinchi esingizga nima keladi? (bir so‘z bilan ayting)
Talabalarning javoblari tinglanadi.
O‘qituvchi:
O‘z atrofingizda zo‘ravonlikka guvoh bo‘lganmisiz? (Ha/Yo‘q)
Talabalarning javoblari tinglanadi.
O‘qituvchi:
Zo‘ravonlikning qaysi turi eng ko‘p uchraydi deb o‘ylaysiz? (Jismoniy/Ruhiy/Iqtisodiy/Jinsiy/Kiber)
Talabalarning javoblari tinglanadi.
Hurmatli talabalar!
BMT Bosh Assambleyasining 1999-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasiga ko‘ra 25-noyabr Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.
Shu munosabat bilan har yili dunyo miqyosida 25-noyabrdan 10-dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” faol harakatlar doirasida turli tadbirlar o‘tkaziladi.
Ehtimol, sizlardan ko‘pchilik “gender” degan so‘zni eshitgan bo‘lsangiz kerak. “Gender” atamasi ingliz tilidan olingan bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri jins deb tarjima qilinadi. Lekin u faqat biologik xususiyatlarni emas, balki jamiyatda ayollar va erkaklarga nisbatan shakllangan ijtimoiy kutuvlar, rollar va majburiyatlarni ifodalaydi. Shu ma’noda gender – insonning tabiiy xususiyatlaridan ko‘ra ko‘proq madaniy an’analar va ijtimoiy qoidalar bilan bog‘liq tushuncha hisoblanadi. Gender – bu faqat ayol va erkak bo‘lish emas, balki jamiyatda ularning roli, o‘rni, huquq va imkoniyatlari haqidagi umumiy tushunchadir.
Lekin afsuski, bu rollarga bo‘lgan noto‘g‘ri qarashlar, stereotiplar ba’zan zo‘ravonlikka, adolatsizlikka olib keladi. Jamiyatda “Ayol jim turishi kerak”, “Erkak yig‘lamaydi”, “Qizlar turmushga tayyor bo‘lishishi lozim” kabi qarashlar hali ham uchrab turibdi.
Gender zo‘ravonlik – bu faqat shikast yetkazish emas, balki inson qadrini, huquqini, erkinligini tahqirlashdir. Bu faqat ayollarga emas, ba’zi hollarda erkaklarga nisbatan ham sodir bo‘ladi.
Hurmatli talabalar! Siz bunday holatlarni kuzatganmisiz?
Talabalarning javoblari eshitiladi.
Oilaviy zo‘ravonlik (abyuz) – bu hozirgi yoki sobiq turmush o‘rtoqlar o‘rtasida sodir bo‘ladigan jismoniy, psixologik, jinsiy yoki iqtisodiy xarakterdagi harakatlar, shuningdek, qarindosh bo‘lgan, ularning huquqlari, erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini buzadigan va ularga jismoniy va (yoki) ruhiy azob-uqubatlarni keltirib chiqaradigan odamlar o‘rtasida sodir bo‘lishi mumkin.
Bugun biz ushbu muammoni:
tan olamiz,
aniqlaymiz,
tushunamiz,
va eng asosiysi – u bilan qanday kurashish mumkinligini muhokama qilamiz.
Hurmatli talabalar!
Sizga savol bermoqchiman: oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning sababi nima?
Talabalarning javoblari eshitiladi.
O‘qituvchi:
Xavfli oqibatlarga olib keladigan asosiy stereotip shundaki, odamlar ba’zan zo‘ravonlik sababini jabrlanuvchining xatti-harakatlaridan izlaydilar. Bu esa “Nima uchun u bunday qildi?” degan savolni keltirib chiqaradi va tajovuzkorni ongsiz ravishda oqlashga olib kelishi mumkin. Aslida esa, zo‘ravonlikni oqlashga urinish uchun hech qanday asos yo‘q. Zo‘ravonlikning yagona sababi – tajovuzkorning o‘zida, uning xulq-atvori va nazoratsiz munosabatidadir.
Agressor, tajovuzkor – bu boshqa insonga tajovuz ko‘rsatadigan odam.
Xatarli, buzg‘unchi tajovuz – bu ongli xulq-atvor modeli bo‘lib, bunga ong ostidagi “men buni qilishga haqqim bor” degan tushuncha undaydi.
Agressorni nima undaydi?
1. Insonning ustidan hukmronlik o‘rnatish, uni boshqarish istagi.
2. Boshqalarning fikri. Tajovuzkor boshqalarning nazarida o‘zini kuchi, xotinidan past bo‘lmagan qilib ko‘rsatishni istaydi. Aks holda o‘zining jamoadagi obro‘si va mavqeiga putur yetadi deb hisoblaydi.
3. Qo‘rquv. Masalan, boshqalar uni “ko‘ylak dazmollashni bilmaydigan yomon xotin tanlagan” deb o‘ylashidan qo‘rqadi. Yoki xotini uni aldashidan qo‘rqadi. Odatda, bu qo‘rquvlar o‘ta mantiqsiz bo‘lib, real asosga ega bo‘lmaydi.
Zo‘ravonlik turlari
1. Jismoniy – jismoniy salomatlikka zarar etkazishga qaratilgan harakatlar. Tan jarohati yetkazish, kaltaklash, urish.
2. Psixologik – psixologik salomatlikka zarar etkazish. Xo‘rlash, tahdidlar, aldash, shantaj, nazorat.
3. Jinsiy – aldash, shantaj yoki kuch bilan jinsiy harakatga majburlash.
4. Iqtisodiy – ishlash, o‘qish, o‘zingiz uchun zarur narsalarni sotib olish, xarajatlar va daromadlarni nazorat qilishni taqiqlash shaklida namoyon bo‘ladi.
5. Kiberbulling (kiberhujum) – Internet texnologiyalaridan foydalangan holda ta’qib qilishning bir shakli. Uning namoyon bo‘lish shakllari har xil – haqorat, shantaj, tahdid, tuhmat, ta’qib va hokazo.
Bizning jamiyatimizda zo‘ravonlik va shafqatsizlikka murosasizlik so‘nggi yillarda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deydi: “Madaniyatimizga xos bo‘lmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart!”
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” deb belgilab qo‘yilgan. Demak, hech kim boshqani haqorat qilishga, kamsitishga yoki zo‘ravonlik qilishga haqli emas.
Mamlakatimizda oilaviy zo‘ravonlikka chek qo‘yish hamda jamiyatda ayollar va erkaklar teng huquqliligini ta’minlash masalasida so‘nggi yillarda jiddiy qadamlar tashlandi, katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi, bu borada qator Qonunchilik hujjatlari va huquqiy mexanizmlar joriy etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentyabrdagi O‘RQ-562-son “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni va shu sanadagi O‘RQ-561-son “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, 2024-yil 14-noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-996-son Qonuni shular jumlasidandir.
O‘zbekiston oilaviy-maishiy zo‘ravonlikni “kriminallashtirgan” Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Ya’ni Jinoyat kodeksiga “oilaviy zo‘ravonlik” alohida modda sifatida kiritildi va bu jinoyat ekani belgilab qo‘yildi. Ilgari oilaviy zo‘ravonlik shunchaki ma’muriy javobgarlikka tortilar edi. Endi esa jismoniy zo‘ravonlik – jarima yoki ozodlikni cheklash; ruhiy zo‘ravonlik – ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik; nikohga majburlash – jinoyat deb belgilangan.
Zo‘ravonlik – nafaqat qonun oldida, balki insoniyat oldida ham jinoyatdir. Biz jamiyatimizda tinchlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash uchun avvalo o‘zimizni yaxshi tomonga o‘zgartirishimiz kerak.
Aziz talabalar!
Madaniyatli inson hech qachon zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaydi.
ASOSIY QISM. (30 daqiqa)
Agar zo‘ravonlik uzoq vaqt davom etsa, muntazam xarakterga ega bo‘lsa, bu shaxsga nisbatan zulmga aylanadi. Natijada, u shaxs ushbu zulm doirasidan bir umrga chiqib keta olmasligi mumkin. Keyin esa bu uning farzandlari hayotiga ko‘chib o‘tadi. Ya’ni zo‘ravonlik ko‘rgan inson yoki o‘z farzandlariga zo‘ravonlik qilishi, yo bo‘lmasa, farzandlarini ham zo‘ravonlikka mum tishlab sabr qilishga o‘rgatishi mumkin. Har ikkala holat ham sog‘lom munosabat emas.
Sizlar katta hayotga qadam qo‘yish arafasida turgan shaxssizlar. Shuni yaxshi anglashingiz kerakki, zulmga sabr qilinmaydi. Sukut zo‘ravonlikning yanada avj olishi va boshqalarga ham tatbiq qilinishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun zo‘ravonlikka vaqtida qat’iy “yo‘q” deyish kerak. Hozir shu haqida bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Farangizning qismati
Muhokama uchun savollar:
– Ushbu videoni tomosha qilayotganda oilaviy zo‘ravonlikning qanday turlarini payqadingiz?
– Bolalar va boshqa oila a’zolari uchun zo‘ravonlikning oqibatlari qanday?
– Boshqalar zo‘ravonlik qurboniga qanday yordam berishi mumkin?
– Sizningcha, bu vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun jamiyatimizda qanday choralar ko‘rilishi kerak?
Aziz talabalar! Yana bir videorolikka e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Vizual kontent
Zo‘ravonlik mavzusiga oid muhim savol-javob – Kamola Alieva
Aziz talabalar!
Bu rolikdan qanday xulosa chiqarish mumkin? (talabalarning javoblari tinglanadi)
Zo‘ravonlikka toqat qilishni to‘xtating!!!!!!!
Aksariyat qurbonlar (ayollar, bolalar, keksalar) mavjud muammo haqida aytishmaydi, ayrimlargina yordam so‘raydi. Nima deb o‘ylaysiz, zo‘ravonlik qurbonlarining jim turishi sabablari nimada? (talabalarning javoblari).
Sabablar quyidagilardan iborat:
1) Uyat hissi. Ko‘pincha ayollar eridan ko‘rgan zo‘ravonlikni boshqalarga aytishdan uyaladi. Chunki bu ideal oila degan illyuziyani yo‘qqa chiqaradi, ayolni atrofdagilarga noqis, kamchiligi bordek ko‘rsatadi. Shuning uchun ko‘pincha ular jim turishni afzal ko‘radilar.
2) Qo‘llab-quvvatlanmaslik. Ota-onasi yoki tanishlar tomonidan yordam olish o‘rniga, aksincha, jabrlanuvchining o‘ziga ayblovlar qo‘yish xavfi borligi bois zo‘ravonlik qurbonlari zolimga bo‘ysunishga majbur bo‘ladi.
3) Jamoatchilik bosimi. Ba’zan qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar, oilani saqlab qolish kerak, degan fikr ustun turadi.
4) Qo‘rquv. Jabrlanuvchi zolimning tahdidlaridan, ayblovlaridan qo‘rqadi, shuningdek, uning obro‘siga putur yetkazish qo‘rquvi ham mavjud.
5) O‘ziga shubha. Yillar davomida tahqir va nazorat ostida yashagan ayol o‘ziga nisbatan ishonchini yo‘qotadi.
6) Odatlanish. Doimiy stressda yashab, “zo‘ravon o‘zgaradi” degan xayolga ko‘nikib qoladi. Ammo zolim o‘zgarmaydi, u qurbonining qo‘rquvi va emotsiyalaridan kuch oladi.
7) “Stokgolm sindromi”. Ayrim hollarda jabrlanuvchi zo‘ravonni hurmat qiladi, uni sevishda davom etadi, hatto uning qilgan zo‘ravonligini oqlab qo‘yadi.
Zo‘ravonlikka duch kelganda, nima qilish kerak?
Siz o‘zingiz zo‘ravonlikka duch kelsangiz yoki yon-atrofingizda zo‘ravonlikning guvohi bo‘lsangiz, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy xodimlar va tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishingiz mumkin.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi – bu O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida faoliyat yurituvchi tashkilot bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va oilalarga mahalla, tuman va hudud darajasida yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Qanday murojaat qilish mumkin?
Mahallangizdagi ijtimoiy xodim orqali.
Hududingizdagi “Inson” markaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish orqali.
Agar zo‘ravonlik holatini ko‘rsangiz yoki guvohi bo‘lsangiz – bunday markaz juda muhim manba bo‘lishi mumkin.
Ushbu infografikada Agentlikning zo‘ravonlikka uchraganlarga yordam berish tizimi yanada aniq ko‘rsatilgan.
.png)
Ushbu infografikada siz Ijtimoiy himoya milliy agentligi qanday holatlarda qay tarzda yordam berishini ko‘rib turibsiz. Keling, endi ushbu tizim real hayotda qanday ishlashini ko‘rsatuvchi rolikni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Ijtimoiy himoya manzillari bo‘ylab sayohat
Har bir insonning hayoti sevimli ishi, ijodi, o‘zini o‘zi anglashi, qarindoshlari, do‘stlari, sog‘lom oilaviy munosabatlari tufayli to‘la va quvonchli bo‘lishi kerak.
Hurmatli talabalar, biz birovning tashqi ko‘rinishi yoki jismoniy kamchiligi ustidan kulish yomonligini bilamiz. Ammo hayotda ko‘pincha aynan tashqi nuqsoni uchun birovning ustidan jamoaviy kulish, masxaralash va kamsitish holatlari uchraydi. Bu ham zo‘ravonlikning bir turi bo‘lib, ruhiy bosim orqali zo‘ravonlik deyiladi.
Hozir sizlarga irodali sportchi qiz, paraolimpiya chempioni Nurxon Qurbonovaning hikoyasini taqdim etamiz. Ekranga qaraymiz.
Vizual konent
“Imkoniyatlaringizni cheklab qo‘ymang” – Nurxon Qurbonova
O‘qituvchi:
Ko‘rib turganingizdek, har bir kuchli insonni kuchli bo‘lishga majbur qilgan o‘z hikoyasi bor. Imkoniyati cheklangan degani aslida juda shartli tushuncha bo‘lib, bunday insonlar jamiyatning teng huquqli a’zosi. Biz rivojlangan jamiyat qurish haqida o‘ylar ekanmiz, inklyuzivlik bizning qadriyatimizga aylanishi kerak. Zo‘ravonlikka nisbatan esa katta toqatsizlikni o‘zimizda tarbiyalashimiz, ojizlarni himoya qilish ma’naviy yetuklik va ziyolilik belgisi ekanini anglashimiz lozim.
Rolli o‘yin – “3 ta hayotiy vaziyat”
Talabalar 3 guruhga bo‘linadi, har biriga Real hayotda uchraydigan zo‘ravonlik vaziyati berilgan.
Masalan:
1-guruh: Yigit qizini har kuni nazorat qiladi, telefonidagi hamma narsani tekshiradi.
2-guruh: Oilada onaga farzandlar har kun “mayda-chuyda masalalar” yuzasidan tanbeh berishadi, lekin u jim yuradi.
3-guruh: Talaba qizni montajlangan suratlar bilan Telegram orqali qo‘rqitishmoqda.
Topshiriq (5 daqiqa):
● Bu qanday zo‘ravonlik turi?
● Qurbon o‘zini qanday his qilishi mumkin?
● Vaziyatni qanday hal qilish yo‘llari bor?
● Qurbon yordam uchun qayerga murojaat qilishi mumkin?
3. Yakuniy qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi tomonidan mavzuga oid umumiy xulosa beriladi.
O‘qituvchi:
Aziz talabalar!
Bugun biz siz bilan har qanday jamiyat uchun juda muhim bo‘lgan zo‘ravonlik mavzusini muhokama qildik.
Haqiqat shundaki, zo‘ravonlik – bu faqat musht yoki qo‘pol so‘z emas. Bu – inson qadrini, erkinligini, tanlovini inkor qilishdir. Uning har qanday ko‘rinishiga jamiyat sifatida befarq qolmasligimiz kerak.
Bu darsdan Sizning olib ketishingizni istagan eng asosiy saboq:
● Hech qanday zo‘ravonlik oqlanmaydi.
● Hech kim bunday munosabatga loyiq emas.
● Har bir inson – jinsidan, yoshidan, ijtimoiy holatidan qat’i nazar – himoyaga haqli.
O‘zingizni, yaqinlaringizni, atrofingizdagi insonlarni himoya qilishni o‘rganing. Befarqlik – zo‘ravonlikni yashirin qo‘llab-quvvatlashdir. Har birimiz – talabamizmi, o‘qituvchimi, fuqaromizmi – bu muammoga befarq bo‘lmasligimiz, faol va ongli munosabat bildirishimiz lozim.
Kelgusida Sizlar shunday muammolarga befarq bo‘lmagan, bilimli va hurmatga asoslangan jamiyat qurishga hissa qo‘sha oladigan fuqarolar bo‘lib yetishasiz, albatta.
E’tiboringiz uchun rahmat!