“Kelajak soati” 14-mavzu
“Kelajak soati” darsining 1-4 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
14-mavzu: “Mening huquqlarim”
Dars maqsadi: Umumiy maqsad:
Annotatsiya: Ushbu mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga huquq va majburiyatlarning oddiy va tushunarli izohi beriladi. Misollar, ertaklar, rolli o‘yinlar va savol-javoblar orqali ularning hayotidagi huquq va majburiyatlarni ajrata olish ko‘nikmasi shakllantiriladi. Shuningdek, o‘quvchilarga Konstitutsiya va “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” mazmunidan sodda misollar keltiriladi. Mashg‘ulot davomida kichik guruhlarda ishlash, muloqot, rasm chizish va o‘yinli topshiriqlar orqali mavzu mustahkamlanadi.
Aniq maqsadlar:
1. O‘quvchilarda huquq va majburiyat tushunchalari haqida boshlang‘ich bilimlarni shakllantirish.
2. Huquq va majburiyatlarning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini tushuntirish.
3. Konstitutsiya va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadan oddiy misollar asosida huquqlarni anglatish.
4. O‘quvchilarda qonunlarga rioya qilish va huquqlarni hurmat qilish odatini tarbiyalash.
Asosiy g‘oyalar: Har bir bolaning o‘qish, o‘yin, dam olish va himoya qilinish huquqi bor. Har bir bolaning o‘z majburiyatlari ham mavjud: darsga tayyorlanish, tartib-intizomga rioya qilish, ota-ona va ustozlarga hurmat ko‘rsatish. Huquq va majburiyatlar bir-birini to‘ldiradi, faqat huquq bo‘lsa, majburiyatsiz bo‘lmaydi. Qonunga hurmat – jamiyatda tinchlik va adolat garovi.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
- O‘quvchilar huquq va majburiyat tushunchalarini farqlay oladi.
- Huquqiy normalar jamiyatda tartib va adolatni ta’minlashini anglaydi.
- Huquqlarni himoya qilish va qonunga rioya qilishning ijtimoiy ahamiyatini tushunib yetadi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
· Adolat, tenglik va mas’uliyat kabi qadriyatlarni qadrlaydi.
· Huquqlarini qadrlash va boshqalarning huquqlariga hurmat bilan qarash hissi shakllanadi.
· Huquqbuzarlikning salbiy oqibatlariga nisbatan mas’uliyatli munosabat paydo bo‘ladi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
· Oddiy hayotiy vaziyatlarda huquq va majburiyatlar haqida ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi.
· O‘z huquqlarini himoya qilishning to‘g‘ri yo‘llarini amaliy misollar orqali anglaydi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
· Jamiyatda qonunlarga rioya qilish orqali tinchlik va barqarorlikni saqlash mumkinligini tushunadi.
· Jamoada hamkorlik, o‘zaro hurmat va mas’uliyatli fuqarolik munosabatlari shakllanadi.
· O‘quvchilarda qonunlarga hurmat va ularga amal qilish madaniyati rivojlanadi.
Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “Huquq va majburiyatlarni bilishning ahamiyati” darsida: Dars davomida o‘quvchilarning turli fanlardan olgan bilimlarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish ko‘nikmalari shakllantiriladi.
· Bolalar bilimni turli kasb egalari bilan bog‘laydi (texnologiya fan)
· Bola ilm haqida ertak tinglaydi va maqollar yod oladi (adabiyot)
· Video va multfilmlarni ko‘radi va undan xulosa chiqaradi (san’at va media savodxonligi).
· hayotiy misollarni tahlil qiladi (muloqot), bu esa metapredmet yondashuvining namunasidir.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti xodimlari
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga tasviriy materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.
3-qism. Yakuniy
Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.
KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
O‘qituvchi :
– Bolajonlar, sizlarga bir savol. Tasavvur qiling: ertalab nonushta payti kimdir sizning shakar choyingizni sizdan so‘ramasdan ichib qo‘ydi, shunda Siz nimani his qilasiz?
(Bolalar shovqin bo‘lib javob beradi: “oyimga aytaman”, “bermayman”, “o‘zimniki-ku!” …)
O‘qituvchi:
– Yaxshi. Agar kimdir siz o‘ynayotgan to‘pni tortib olsa-chi? Yoki sinfda joyingizga o‘tirib olsa-chi?
(Bolalar yana fikr bildiradi.)
– Ko‘ryapsizmi, hammangiz bir xil gapni aytyapsiz: “Bu meniki”, “Mening haqqim bor.” Ha, sizda haq-HUQUQ bor. Lekin shu payt oʻylab ko‘ring-chi, siz ham boshqalarning huquqlariga rioya qilyapsizmi?
O‘qituvchi pauza qiladi va eng muhim jumlani aytadi:
Siz bir haqiqatni eslab qoling: har kuni ertalab uyg‘onganimizda huquqlarimiz ham uyg‘onadi, majburiyatlarimiz ham uyg‘onadi.
O‘qituvchi savol beradi:
Bolajonlar, bilasizmi, nima uchun sizni hech kim kamsitolmaydi? Nima uchun siz majburiy mehnat qilmasligingiz kerak? Nima uchun siz o‘qishga haqlisiz?
(Bolalar: “Nima uchun?”, “Nima uchun?”, deb qiziqishadi.)
O‘qituvchi (ovozini pasaytirib, sirli ohangda):
Chunki sizni himoya qiladigan eng katta, eng kuchli, eng adolatli hujjat bor. Unga hatto eng kuchli odamlar ham bo‘ysunadi. U – Konstitutsiya.
Tasavvur qiling: Konstitutsiya sizning atrofingizda ko‘rinmaydigan qalqon bo‘lib turibdi. Kimdir sizni xafa qilsa – himoya qiladi. Kimdir sizning buyumingizni tortib olmoqchi bo‘lsa – himoya qiladi. Kimdir sizga adolatsiz munosabatda bo‘lsa – yoningizni oladi.
Lekin… bu qalqon faqat bir shart bilan ishlaydi: siz ham boshqalarning huquqlariga hurmat bilan qarasangiz. Bu sizning MAJBURIYATINGIZ.
Shuning uchun bugungi darsda biz sizni himoya qiladigan huquqlarni va sizni yetuk inson qiladigan majburiyatlarni birgalikda o‘rganamiz. Tayyor bo‘lsangiz, bugundan boshlab siz o‘zingizni himoya qila oladigan kichik fuqaroga aylanasiz.
Boshlaymizmi?
Bolalar: Haaa!
O‘qituvchi:
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sizlar yaxshi bilim olishingiz uchun taʼlimga katta e’tibor qaratmoqdalar. Yangi maktablar qurilyapti, qiziqarli kitoblar chop etilyapti va o‘qituvchilarning mehnati qadrlanmoqda.
Demak, sizlarda o‘qish huquqi bor, lekin bu huquq bilan birga o‘qib, tartibli bo‘lish majburiyati ham bor.
Bu esa shundan dalolat beradiki, Kelajagimiz poydevori – yetuk bilimli o‘quvchilar qo‘lidadir!
Kelinglar endi qonun nima, u qachon va qanday paydo bo‘lgan degan savolga javob beruvchi video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Qonunlar qanday paydo boʻldi?
Aziz bolajonlar, demak, qonunlar – bizning huquqlarimiz va majburiyatlarimiz yozilgan hujjat ekan. Bugun biz shu hujjatlarning eng ulug‘i haqida gaplashamiz.
ASOSIY QISM. (30 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bolajonlar sizning va bizning huquqlarimiz yozilgan asosiy kitobimiz bor. U – Konstitutsiya. Yana bir haftadan so‘ng 8-dekabr kuni Konstitutsiyamiz 33 yoshga to‘ladi. Eslab qoling, 1992-yil 8-dekabr kuni mustaqil O‘zbekistonning konstitutsiyasi qabul qilingan. Keling uni birga o‘rganamiz.
Bosh kitobimizda barchamizning huquqlarimiz, majburiyat va burchlarimiz yozib belgilab berilgan. Konstitutsiya – bu bizning eng katta qonunimiz. Unda kattalar ham, bolalar ham qanday huquqlarga ega ekanligi yozilgan.
Bolajonlar, qonunlar va Konstitutsiyamiz qanday yozilgan, bilasizlarmi? Qonunlar huquqshunoslar va deputatlar tomonidan yoziladi, keyin hammalari Oliy Majlis degan joyga yig‘ilib yozilgan qonun loyihasini muhokama qilishadi, bahslashishadi. Oxiri odamlarga foydali va adolatli qonunlarni yaratib, keyin Prezidentga imzolashga kiritishadi. Prezident qonunni imzolaydi va u kuchga kiradi.
Kelinglar, hozir shu qonunlar yoziladigan joyga sayohat qilamiz.
Vizual kontent
Qonun uylari – Qonunchilik palatasi va Senat bilan tanishamiz!
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Sizlar Konstitutsiyadan tashqari yana qanday qonunchilik hujjatlarini bilasizlar? Masalan, qonun, farmon...
O‘quvchilar: Prezident qarori, vazir buyrug‘i...
O‘qituvchi: To‘g‘ri, Konstitutsiyadan tashqari yana ko‘plab qonunlar, qarorlar bor. Ularning qaysi biri ustun turadi, qaysi biri unga bo‘ysunadi? Keling shu haqida bir videorolik tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Qonunlar iyerarxiyasi
O‘qituvchi:
Mana, qonunlar qanday yozilishini va bir-biriga bog‘liqligini bilib oldik. Endi esa, Bosh qomusimiz – Konstitutsiyamizda bolalarga tegishli ba’zi moddalar bilan tanishsak (har bir huquqni qisqacha tarzda doskaga yozadi):
Har bir bola yashash huquqiga ega. Ya’ni, bolalar sog‘lom, tinch va baxtli hayot kechirishi kerak.
Har bir bola ism va familiyaga ega bo‘lishi kerak. Bola tug‘ilganda unga ism qo‘yiladi va bu ism huquqiy hujjatlarda yozib qo‘yiladi.
Bolalarni ota-ona parvarish qilishi kerak. Ota-onalar bolani boqish, tarbiyalash, unga mehr berish va bilim olishiga yordam berishga majbur.
Bola o‘qish huquqiga ega. Ya’ni, har bir bola bepul maktabda o‘qishi va bilim olishi mumkin.
Bola dam olish va o‘ynash huquqiga ega. Hech kim bolani faqat ishlatib, o‘ynashiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
Hech kim bolani kamsitmasligi kerak. Barcha bolalar teng huquqlidir – qaysi millat, qaysi til yoki qanday oilada tug‘ilishidan qat’i nazar.
“Konstitutsiya besh barmoq kabi” yodlatish usuli
O‘quvchilar qo‘llarini ko‘taradi. Har barmoq bir moddani bildiradi:
- Bosh barmoq — Yashash huquqi
- Ko‘rsatkich — Bilim olish huquqi
- O‘rta barmoq — Himoya huquqi
- Nomsiz — O‘yin va dam olish huquqi
- Kichik barmoq — Kamsitilmaslik huquqi
O‘qituvchi:
Demak, Konstitutsiyamiz bolalarni juda ham qadrlaydi. Ularning o‘qishi, o‘ynashi, baxtli bo‘lib yashashi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun qonuniy kafolat beradi.
Bizning huquqimiz – bilim olish, o‘qish. Bizning majburiyatimiz – ko‘proq o‘qib, yangi bilimlarni o‘zlashtirish. Chunki inson bilim olmasa, avtomobil, poyezd yoki samolyot yasay olmagan bo‘lardi, va biz manzilimizga yetolmasdik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, har bir insonning – shu jumladan har bir bolaning – bilim olish huquqi bor. Bu degani, har bir bola o‘qish, o‘yin o‘ynash, o‘z fikrini erkin aytish huquqiga ega. Lekin bu huquqlardan to‘liq foydalanishimiz uchun, ular bilan bir qatorda bizning majburiyatlarimiz – yaxshi o‘qish, darslarga tayyorlanish – ham juda muhimdir.
Interaktiv o‘yin
Tarozu
Ikki o‘quvchi “tirik tarozi” rolida
Ikki bola yonma-yon turadi, qo‘llari yon tomonga ochilgan. Bolalardan biri tarozining “huquq” pallasi, ikkinchisi “majburiyat” pallasi bo‘ladi.
Kartochkalarda turli huquq va majburiyatlar yozilgan. O‘qituvchi ularni birma-bir olib o‘qiydi. Har bir kartochka mos ravishda huquq yoki majburiyat pallasi rolidagi bolaning qo‘liga qo‘yiladi. O‘sha bola biroz “egiladi”.
Masalan:
“O‘ynash” → huquq bolasiga, uning qo‘li bir pog‘ona pastga egiladi.
“Uy vazifasi” → majburiyat bolasiga, uning qo‘li bir pog‘ona pastga egiladi.
Bu eng jonli va eng kulgili o‘yin. Bolalar “Tarozi og‘ib ketdi!” deb o‘zlari aytib turishadi.
O‘qituvchi bolalarga murojaat qiladi:
Bolajonlar, ko‘rdingizmi? Bir bola haddan ko‘p egilsa, tarozi og‘ib ketadi. Hayotimiz ham shunday: huquqlar juda ko‘payib, majburiyatlar kamayib ketsa, adolat buziladi. Majburiyatlar ko‘payib, huquqlar kamayib ketsa, hayot qiyinlashadi.
Demak, haqiqiy muvozanat shunday: har bir huquqning yonida unga mos majburiyat turadi. Shunda jamiyatda ham, maktabda ham, uyda ham tartib bo‘ladi.
Huquq bizni erkin qiladi.
Majburiyat bizni mas’uliyatli qiladi.
Ikkalasi birga bo‘lsa, inson baxtli yashaydi.
Vizual kontent
Men oʻz huquqlarimni bilaman
O‘qituvchi:
Bolalar – dunyodagi eng qadrli ne’matdir. Barcha bolalar baxtli yashash, o‘qish va o‘ynash huquqiga ega.
Shuning uchun, bolalar bilib qo‘yishingiz kerak: siz har doim qadrli, mehrga loyiq va huquqlari himoya qilinadigan insonlarsiz.
Bilasizlarmi bolalar, sizlar dunyoning eng qimmatbaho boyligisiz. Shuning uchun sizlarni himoya qilish, ovqat, kiyim, bilim va davolanish bilan ta’minlash juda muhimdir.
Bolalar siz o‘z huquqlaringizni bilsangiz, o‘zingizni qadrlaysiz, boshqalarni hurmat qilasiz va kelajakda mehribon, adolatli jamiyat qurishda ishtirok etasiz. Chunki har biringiz – Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlarisiz.
Aziz bоlаjоnlаr! Bugungi darsimizda Huquq va majburiyat nima dеgаni? Huquq va majburiyat qаyеrdа ishlaydi? Huquq va majburiyat nimа uchun kеrаk? dеgаn sаvоllаrgа jаvоb tоpishgа hаrаkаt qildik. Keling endi bilimlaringizni sinab ko‘rsak. Tayyormisiz?
Oʻquvchilar: Hаааа.
Interaktiv o‘yin-testlar
(vaziyat va vaqtga qarab bittasi yoki hammasi oʻtkazilishi mumkin)
“Ha yoki Yo‘q?” – Qiziqarli savol-javob (Tezkor o‘yin)
O‘qituvchi aytadi, bolalar “Ha!” yoki “Yo‘q!” deb baqiradi.
1. Bola o‘qishga haqlimi? – Ha!
2. Bola xohlagan paytda darsga bormasa bo‘ladimi? – Yo‘q!
3. O‘yin o‘ynash bola huquqi bo‘ladimi? – Ha!
4. Uy vazifasini qilish bola majburiyatimi? – Ha!
5. Boshqaning oʻyinchogʻini ruxsatsiz olish mumkinmi? – Yo‘q!
6. Kitobni vaqtida qaytarish majburiyatmi? – Ha!
7. Har bir bola kamsitilmaslik huquqiga egami? – Ha!
8. Faqat huquqlar bo‘lsa, majburiyatlar bo‘lmasa yaxshi bo‘ladimi? – Yo‘q!
9. Konstitutsiyada bola huquqlari yozilganmi? – Ha!
10.Ota-ona bolaning o‘qimasligiga ruxsat berishi mumkinmi? – Yo‘q!
“To‘g‘ri savatga tashla” – Test (Huquq/Majburiyatni farqlash)
O‘qituvchi ikki tomonga ikki savat qo‘yadi. Har bir huquq yoki majburiyatni aytganida biror o‘quvchiga kartochka beradi. O‘quvchi aytilgan holatning huquq yoki majburiyat ekanini aniqlab mos savatchaga kartochkani solishi kerak.
🔵 HUQUQ – 🟠 MAJBURIYAT
1. O‘qish – Huquq
2. Uy vazifasi qilish – Majburiyat
3. O‘yin o‘ynash – Huquq
4. Maktab mulkini asrash – Majburiyat
5. Dam olish – Huquq
6. Navbatchilik qilish – Majburiyat
7. Tinchlikda yashash – Huquq
8. Tartibga rioya qilish – Majburiyat
“Vaziyatdan chiqish” – Mini-rolli savol-javob
O‘qituvchi vaziyatni o‘qiydi, bolalar qaysi huquq buzilganini va qaysi majburiyat bajarilmaganini aytadi.
1-vaziyat:
Mohira kutubxonadan kitob oldi, ammo qaytarmadi.
Savol: Qaysi huquq va majburiyat buzildi?
Javob: Kitob o‘qish – huquq; qaytarish – majburiyat buzildi.
2-vaziyat:
O‘yin paytida Aziz o‘yinchoqni boshqalarga bermay qo‘ydi.
Javob: O‘yin – hammaning huquqi; bo‘lishish – majburiyat.
3-vaziyat:
Dars paytida Hamidov do‘stlarini gapirmayapti deb masxara qildi.
Javob: Kamsitmaslik huquqi buzildi; hurmat qilish majburiyati bajarilmadi.
4-vaziyat:
Bolalar futbol o‘ynayotganda xavfsizlikka amal qilmadi.
Javob: O‘yin – huquq; ehtiyot bo‘lish – majburiyat.
YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
O‘qituvchi:
Aziz bolalar, sizlarning har biringizning huquqlaringiz bor. O‘qish, o‘ynash, mehr ko‘rish – bularning barchasi sizniki! Lekin huquq bilan birga burch ham bor. Huquq va burchni birga bajarsakkina baxtli inson bo‘lamiz.
Darsimiz so‘nggida hafta shiorini o‘rganamiz va har birimiz shu shiorga amal qilamiz:
“Huquq – erkinlikning kaliti, uni asrash – insoniylik belgisi!”.
Endi uni birgalikda takrorlaymiz va yodimizda saqlaymiz.
Hamma birgalikda:
“Huquq – erkinlikning kaliti, uni asrash – insoniylik belgisi!”.
Balandroq aytamiz!
“Huquq – erkinlikning kaliti, uni asrash – insoniylik belgisi!”.
Yanada balandroq va ishonch bilan aytamiz!
“Huquq – erkinlikning kaliti, uni asrash – insoniylik belgisi!”.
Aziz o‘quvchilar, bugungi darsimizdan o‘zingizga kerakli ma’lumotlar oldingiz degan umiddaman. Zero, huquqlarimizni bilish bizning go‘zal kelajagimiz asosidir. O‘z huquqini bilgan bola, boshqalar huquqlarini ham hurmat qila oladi. Natijada esa jamiyatda bir-birini tushunmaslik va nizolar kamayib, mehr-oqibat, totuvlik va do‘stlik muhitida yashashimiz mumkin bo‘ladi.
Shuni unutmangki, har birimizning huquqlarimiz bor, lekin ularni himoya qilish bilan birga majburiyatlarimizni ham ado etishimiz zarur. Faqat shundagina biz haqiqiy adolatli, farovon va baxtiyor hayot qurishga erishamiz.
Bugungi darsimiz o‘z nihoyasiga yetdi, sog‘-salomat bo‘ling!