“Kelajak soati” 14-mavzu

“Kelajak soati” darsining 5-8 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

14-mavzu: “Mening huquqlarim

 

 

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: 5–8-sinflar o‘quvchilarida “Huquq va majburiyatlarni bilishning ahamiyati. Huquqlarimizni himoya qilish va qonunga rioya qilish” mavzusi doirasida huquq va majburiyat tushunchalari, ularning o‘zaro bog‘liqligi bilan tanishadilar. Konstitutsiyamizda belgilangan fuqarolarning asosiy huquq va majburiyatlari misollar orqali tahlil qilinadi. Guruhli ishlash, muammoli vaziyatlar yechimi, rolli o‘yinlar,  savol-javoblar orqali o‘quvchilarda huquqiy ong, mustaqil fikrlash va o‘z fikrini asoslab berish ko‘nikmalari rivojlantiriladi. Mavzu o‘quvchilarda qonunlarga hurmat, adolatparvarlik va fuqarolik burchini his qilishni shakllantirishga xizmat qiladi.

Aniq maqsadlar:

1.    O‘quvchilarga huquq va majburiyat tushunchalarini tushuntirish va ularning o‘zaro bog‘liqligini izohlash.

2.    Konstitutsiyamizda belgilangan asosiy huquq va majburiyatlarni sodda misollar orqali tahlil qilish.

3.    O‘quvchilarda o‘z huquqlarini himoya qilish va majburiyatlarini bajarishning amaliy ahamiyatini anglash ko‘nikmasini shakllantirish.

4.    O‘quvchilarda qonunlarga hurmat, adolatparvarlik va fuqarolik burchini his etish fazilatlarini tarbiyalash.


 Asosiy g‘oyalar: Huquq va majburiyatlarni bilish – insonning o‘zini anglash, jamiyatda munosib o‘rin egallash va Vatan oldidagi burchini ado etishning eng muhim shartidir. Huquqlarimizni bilsak, o‘zimizni himoya qila olamiz; majburiyatlarimizni bajarsak, atrofimizda tartib va osoyishtalikni ta’minlaymiz. Maktabda darsga puxta tayyorlanish, darslarda muntazam ishtirok etish, sababsiz dars qoldirmaslik, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, oilada kattalarga yordam berish, mahallada tozalikka rioya qilish – qonunlarga hurmat va majburiyatlarni bajarishning amaliy ko‘rinishidir.

Konstitutsiya bizning hayot yo‘limizni yorituvchi asosiy qonun bo‘lib, undagi huquq va majburiyatlar har birimizning yo‘l-yo‘rig‘imizdir. Qonunlarga itoat etish – adolatli jamiyatning kafolati, huquqlarimizni himoya qilish esa mustaqil va ozod hayotimizning garovidir.

“Bugun qonunlarga hurmat bilan qarasam va burchimni bajarsam, ertaga O‘zbekiston yanada adolatli va baxtli bo‘ladi.”


Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

 

1. Aqliy va tushunchaviy:

·      O‘quvchilar huquq va majburiyat nima ekanini bilib oladilar.

·      Konstitutsiyamiz va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan insonlar, shu jumladan bolalar uchun belgilangan huquq va majburiyatlarni sanay oladilar.

·      Huquq va majburiyatning bir-biriga bog‘liq ekanini tushunadilar.

 

2. Hissiy va qadriy:

·      Huquqlarini bilish orqali o‘ziga ishonch, majburiyatlarini bajarish orqali esa mas’uliyat hissi ortadi.

·      Qonunlarga rioya qilish va adolatni qadrlashni o‘rganadilar.

·      O‘zlarini jamiyat va Vatan oldida mas’ul shaxs deb his qiladilar.

 

3. Amaliy ko‘nikmalar:

·      Kundalik hayotda: darsga tayyorlanish, maktab darslarini sababsiz qoldirmaslik, atrof-muhitni asrash, intizomli bo‘lish, yo‘l harakati qoidalariga amal qilish orqali majburiyatlarni bajarishni amalda qo‘llaydilar.

·      Kerak bo‘lsa, o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘llarini ayta oladilar.

·      Turli vaziyatlarda to‘g‘ri va qonuniy qaror qabul qilishni o‘rganadilar.

 

4. Ijtimoiy-pedagogik:

·      Sinfda tartib-intizomga rioya qilish va huquqiy madaniyatni kuchaytiradilar.

·      O‘z bilimlarini tengdoshlari bilan baham ko‘rish orqali bir-biridan o‘rganadilar

 Metapredmet: Bu yondashuv o‘quvchilarning huquqiy bilimlarni nafaqat huquqiy fan doirasida, balki turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay olishlarini ta’minlashga qaratilgan.

Masalan, “Huquq va majburiyat nima uchun kerak?” darsida quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:

• Adabiyot: o‘quvchilar “Qonun – adolatning qo‘riqchisi” mazmunidagi maqollarni topib, 1–2 jumlada sharhlaydilar.

• Tarix: O‘zbekiston tarixidan huquq va adolatga oid islohotlar haqida misollar keltiradilar

• Muloqot: juftliklarda 60 soniyalik “Mening huquqlarim va majburiyatlarim hayotimda qayerda namoyon bo‘ladi?” mavzusida qisqa nutq tayyorlaydilar

Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti xodimlari

 www.milliytarbiya.uz

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, muammoli vaziyatlar tahlili, rolli o‘yin elementlari va taqdimotlardan foydalanish.

Materiallar to‘plami:

-       ssenariy;

-       uslubiy tavsiyalar;

-       videomateriallar (huquqiy ong va qonunlarga rioya qilish haqida);

-       interaktiv topshiriqlar (guruhli ishlar, testlar, savol-javoblar);

-       taqdimot.

 

Dars tuzilishi 1-qism. Motivatsion

Darsning birinchi qismining maqsadi o‘quvchilarning huquq va majburiyat mavzusiga qiziqishini uyg‘otish va ularni muhokamaga faol jalb etishdir.

2-qism. Asosiy

Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. O‘quvchilarga Konstitutsiyamiz va boshqa aloqador muhim qonun hujjatlaridagi fuqarolarning asosiy huquq va majburiyatlariga oid moddalar mazmuni sodda shaklda tushuntiriladi (taqdimot shaklida namoyish etish ham mumkin), tasviriy materiallar tahlil qilinadi, rolli o‘yinlar orqali o‘quvchilarda huquq va majburiyat tushunchalari haqidagi bilimlar mustahkamlanadi. Shuningdek, muammoli vaziyatlar asosida savol-javoblar tashkil etiladi.

 

3-qism. Yakuniy

Dars g‘oyalarini umumlashtirish va mashg‘ulotga yakun yasash amalga oshiriladi. O‘quvchilar “Bugun men nimalarni bildim?” metodida qisqa xulosalarini aytadilar. O‘qituvchi yakuniy g‘oya sifatida: “Huquqlarimizni bilsak – o‘zimizni himoya qilamiz, majburiyatlarni bajarsak – jamiyatni obod qilamiz” deya xulosa qiladi.

 

Dars ssenariysi

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi darsni boshlashdan avval stolga bir kitob qo‘yadi. U Konstitutsiya kitobi bo‘ladi. Ammo boshlanishda kitobning muqovasini yashirib qo‘yadi, qanday kitobligini aytmaydi.

O‘qituvchi:
“Bolalar, sizlar “Harry Potter”dagi Hogwarts Libraryni eslaysizmi? Yoki Narniya tarixidagi eski shkaf ichidan topilgan sirli kitoblarni-chi?

(O‘quvchilar bosh qimirlatadi.)

O‘qituvchi davom etadi:

Ularni ochgan odam birdan yangi dunyoga kirib qoladi. Bu sehrli olamda qoida, erkinlik va imkoniyatlar ko‘p, ammo hammasining o‘z qonuni bo‘ladi, to‘g‘rimi?

Pauza.

O‘qituvchi stoldagi  Konstitutsiya kitobini baland ko‘tarib ko‘rsatadi:

Mana bu kitob ham shunday. Lekin farqi bor: bu yerda sehr-jodular emas, haqiqiy hayotingiz uchun kerak bo‘ladigan boblar bor. Bu — sizning “Huquqlar kitobingiz”. Agar siz uni ochsangiz, dunyoyingiz o‘zgaradi.

O‘qituvchi kitobning ilk betini sekin ochadi:

Narniyaga eshikni ochib kirilganda qanday yangi olam boshlangan edi? Esingizdami? Xuddi shunday, siz ham bugun o‘zingizni himoya qiladigan, sizga erkin fikrlashni, ta’lim olishni, rivojlanish va xavfsizlikni kafolatlaydigan yangi bobga kirib borasiz.”

Savol:“Ertaklarda sehrli kitobni ochish uchun nima kerak bo‘ladi?”

(O‘quvchilar: jasorat, qiziqish, aql, e’tibor…)

O‘qituvchi:

Ha, siz aytgandek, ertaklarda ham qahramon avval o‘ziga ishongan, keyin kitobni ochgan. Bugun esa siz shunday dadil qadamni qo‘yasiz.

Mini-faoliyat (30 soniya)

O‘qituvchi:

Endi barchangiz ko‘zingizni yumib tasavvur qiling: qo‘lingizda sehrli kitob bor. U sizga faqat bitta savol beradi: Sen o‘z huquqlaringni bilasanmi?Ko‘zingizni oching… Bugun o‘sha savolga birga javob topamiz.

Demak, Narniya eshigidan kirgan qahramonlar kabi bugun siz ham yangi olamga qadam qo‘yasiz. Bu olamning nomi: “Mening huquqlarim.”

Endi esa bir video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Men oʻz huquqlarimni bilaman

 

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilarim. Vatanimiz sizlarni naqadar sevishini, asrab-avaylashini, ardoqlashini bilasiz-a?

O‘quvchilar: Haaa!

O‘qituvchi: Ishonamanki, sizlar ham Vatanimizni sevasiz va kelajakda yurtimizga sodiq farzand bo‘lib ulg‘ayasiz.

O‘qituvchi:

Konstitutsiya bizga nima uchun kerak?

Bu kitobda nimalar yozilgan? Bilasizmi?

O‘quvchilar javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Konstitutsiya – bu eng asosiy bosh qonunimiz. Unda bizning huquq va burchlarimiz yozilgan va siz bolalarning huquqlari ham himoya qilingan.

Huquq deganda nimani tushunasiz?

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Huquq - bu haq, imtiyoz. Sizga berilgan huquq bu sizning haqqingiz. Siz amalga oshirishga haqli bo‘lgan amallardir.

 

 

ASOSIY QISM. (25 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Sizlar qonunlar so‘ziga yana qaysi fanda duch kelgansizlar?

O‘quvchilar: O‘zbek tili darsida “til qonunlari”, Fizikada “Arximed qonuni”, “Nyuton qonuni”...

O‘qituvchi: Juda to‘g‘ri aytdingiz, til, tabiat, fazo, butun olamning o‘z qonunlari bor. Ularni inson o‘ylab topmagan, ular o‘zi olam yaralganidan beri bor qonunlar, odamlar ularni bilib yashasalar hayoti xavfsiz bo‘ladi, ilm-fan rivojlanadi. Lekin shu bilan birga jamiyatda odamlar o‘zlari uchun ham qonunlar o‘ylab topishgan. Chunki odamlar bir jamoa bo‘lib yashay boshlaganlaridan keyin bildilarki, agar ma’lum tartiblar, qonunlar belgilab olmasalar, kuchlilar kuchsizlarning haqini yeyapti, adolat bo‘lmayapti va buning ortidan ko‘p nizolar, urushlar kelib chiqyapti. Demak, tinch-totuv yashash va rivojlanish uchun odamlar o‘zaro kelishib qonunlar o‘ylab topa boshlashdi.

Hozir aynan shu qonunlar tarixi haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunlar tarixiga sayohat qilamiz!

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Sizlar Konstitutsiyadan tashqari yana qanday qonunchilik hujjatlarini bilasizlar? Masalan, qonun, farmon...

O‘quvchilar: Prezident qarori, vazir buyrug‘i...

O‘qituvchi: To‘g‘ri, Konstitutsiyadan tashqari yana ko‘plab qonunlar, qarorlar bor. Ularning qaysi biri ustun turadi, qaysi biri unga bo‘ysunadi? Keling shu haqida bir videorolik tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunlar iyerarxiyasi

 

O‘qituvchi: Qani, bolalar, orangizda huquqshunos bo‘laman deganlar bormi?

Bolalar orasida shunday istagi borlar qo‘lini ko‘taradi.

O‘qituvchi: Nima uchun aynan huquqshunos bo‘lmoqchisan?

O‘quvchilar javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Judayam yaxshi, bolajonlar, siz qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar o‘zingizni haq-huquqingizni bilishingiz, siz uchun foydali bo‘ladi.

Masalan, o‘qituvchi kasbini olaylik. O‘qituvchini ham o‘z haq-huquqlari bor. Shu bilan birga o‘quvchining ham haq-huquqlari bor. Masalan, telefon ishlatishga sizning haqqingiz bor, lekin, uni dars paytida ishlatmaslik, bu sizga qo‘yilgan majburiyat. Chunki, shu sinfda o‘qib, ta’lim olyapsizmi, shu sinfning ichki tartib-qoidasiga amal qilishga majbursiz.

Demak, Konstitutsiyamizda mening, sizning, jamiyatda yashayotgan insonlarning huquqlari, imtiyozlari bilan birga, biz qilishimiz shart bo‘lgan burchlarimiz, majburiyatlarimiz ham jamlangan.

Har birimizning huquqlarimizni himoya qilish uchun davlatimiz yetarli shart-sharoitlarni yaratgan. Masalan, xavfsizlik huquqimizni ta’minlash uchun ichki ishlar xodimlari, ta’lim huquqimizni ta’minlash uchun maktablar, sog‘lom hayot huquqimizni ta’minlash uchun poliklinika va shifoxonalar qurgan, to‘g‘rimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi”.[1]

Ya’ni, Prezidentimiz davlatimiz uchun sizlarning haq-huquqlaringizni ta’minlash eng birinchi o‘rinda turishini aytyaptilar.

Bilasizlarki, 2023-yil 1-maydan boshlab yangilangan konstitutsiyamiz kuchga kirdi. Bu Konstitutsiyamizni yangilashda millionlab insonlarning takliflari va fikr-mulohazalari e’tiborga olindi. Ya’ni Konstitutsiyamiz butun xalqning hammuallifligida yozildi desa ham bo‘ladi. Demak, u barchamizniki! Shu sababli ham kirib kelayotgan 8-dekabr – Konstitutsiya bayrami ham umumxalq bayramidek keng nishonlanmoqda.

Kelinglar, endi Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarimiz muhokama qilinadigan va qabul qilinadigan joyga sayohat qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonun uylari – Qonunchilik palatasi va Senat bilan tanishamiz!

 

O‘qituvchi:

Mana, bolalar, qonunlar yaratiladigan manzillarni ham ichkaridan ko‘rib chiqdik. Endi esa huquqlarimiz haqida bir savol-javob qilaylik.

Siz qanday shaxsiy huquqlaringizni bilasiz?

O‘quvchilar: O‘quvchilar javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi aytilgan javoblarni umumlashtirgan holda, sinf doskasida klaster usulida yozadi.

 

Hozirda sizga berilgan eng katta imkoniyatlardan biri bu – bilim olish. Bolalar, siz bu imkoniyatdan qanday foydalanyapsiz?

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Konstitutsiyamizning 50-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi yozilgan. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Siz uchun davlatimiz tomonidan 11 yillik bepul ta’lim tizimi joriy qilingan. Bundan tashqari, maktabdagi darslardan keyin, kutubxonada yoki onlayn platformalardan ham bilim olib, rivojlanishingiz mumkin. Siz bu imkoniyatlardan oqilona, tartibi va qoidalariga amal qilgan holda foydalanishingiz kerak. Masalan, maktabga tavsiya qilingan formada va darslarga kech qolmasdan kelishingiz, mashg‘ulotlarda faol qatnashishingiz hamda hammaga hurmatda bo‘lishingiz zarur.

Yana bir muhim huquqingiz bu malakali tibbiy xizmatdan foydalanishdir. Maktabimizdagi hamshira sizning sog‘ligingizga g‘amxo‘rlik qiladi. Bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish, turli kasalliklardan himoya qilish uchun emlanish va kasal bo‘lgan vaqtimiz shifokor ko‘rigida bo‘lishingiz mumkin.

Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Hozirda ota-onalaringiz sizning yeb-ichishingiz, kiyinishingiz va tarbiyangizga mas’uldir. Shu bilan birga, sizning sog‘ligingizga ham g‘amxo‘rlik qiladilar. Sizni aqlli, tarbiyali va sog‘lom holda voyaga yetkazish ularning majburiyati hisoblanadi. Lekin vaqti kelib, bu majburiyat sizning zimmangizga tushadi. Voyaga yetganingizdan keyin, siz o‘z ota-onalaringiz haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbursizlar.

Qani, bolalar, o‘ylab koʻring-chi, siz voyaga yetganingizdan keyin, ota-onangizga qanday g‘amxo‘rlik qilmoqchisiz?

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Barakalla, javoblaringizni eshitib juda xursand bo‘ldim. Bu orzu va istaklaringizni amalga oshirish uchun, avval o‘z oldingizga maqsad qo‘ying. Yaxshi o‘qing, bilim oling, izlaning va harakat qiling. Qiyinchiliklardan cho‘chimang. Mehnat qiling. Albatta erishasiz!

Hozirda jamiyatimiz zamonaviylashib ketgani sababli, yangiliklar tezda tarqalib ketmoqda. Bolalar, siz atrofingizdagi yangiliklarni qayerda kuzatib borasiz? Do‘stlaringiz bilan darsdan keyin ham xabarlashib turasizmi? Axborotlarni qanday almashasiz?

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Juda yaxshi, sizlar ham zamonaviy o‘quvchi ekanligingizga ishondim. Konstitutsiyamizda har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega ekanligi, shuningdek, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega ekanligi yozib qo‘yilgan. Lekin, bu jarayonida ham biz bilmagan, yoshimizga mos bo‘lmagan ma’lumotlarni olish va ularni tarqatishda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Tushunarlimi?

Ahamiyat beryapsizmi, har bir haq-huquqimizning biz amal qilishimiz kerak bo‘lgan qoidalari, majburiyatlarimiz ham bor ekan.

O‘qituvchi: Demak, bolalar, biz o‘z huquqlarimizdan foydalanishimiz kerak. Shu bilan birga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Huquqlarimizdan foydalanish uchun ularni yaxshi bilishimiz lozim. Hech bo‘lmasa Konstitutsiyamizni yaxshilab o‘rganib olsak va undagi huquq-majburiyatlarimizni to‘g‘ri tushunsak, hayotimizda bizga ko‘plab imkoniyat eshiklari ochiladi. Keling, shu haqida mashhur huquqshunosning fikrlariga quloq tutamiz.

 

Vizual kontent

Konstitutsiyani soʻzma-soʻz yodlamang – Xushnudbek Xudoyberdiyev

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, sizlar maktabga nima uchun kelasizlar? Qaysi huquqlaringiz uchun?

Oʻquvchilar: Bilim olish uchun, o‘qish uchun…

O‘qituvchi: Javoblaringiz to‘g‘ri, lekin, bilim olish paytida ham biz rioya qilishimiz kerak bo‘lgan qoidalar bor. Bu qanday qoidalar edi? Bir eslaylik.

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Demak, biz maktabda o‘qir ekanmiz, sababsiz darslarni qoldirmasligimiz, kechikmasdan kelishimiz va mashg‘ulotlarda faol qatnashishimiz kerak bo‘ladi. Kutubxonada kitoblardan foydalanishda ham ehtiyot bo‘lishimiz va o‘z vaqtida qaytarib berishimiz zarur. Chunki, bu kitoblardan boshqalar ham foydalanadi.

O‘qituvchi:  Shuningdek, sizlar tibbiy xizmatdan foydalanishingiz mumkin. Siz endi katta bo‘lib ulg‘ayib boryapsiz. O‘z sog‘ligingizga e’tiborli bo‘ling. Zararli oziq-ovqatlarni yeyish sog‘ligingizga yomon ta’sir qilishini unutmang. Shifokor va uyingizdagi katta odamlarning aytganlarini albatta qiling. 

O‘qituvchi: Davlatimiz tomonidan siz fuqarolarga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqlari kafolatlangan. Shu bois sizlar o‘zingiz qiziqqan sohalar rassomchilik, musiqa to‘garaklari kabilar bilan shug‘ullanishingiz mumkin. 

Shu bilan birga, sizlar sevgan mashg‘ulot sport bilan shug‘ullanish uchun ham ko‘p imkoniyatlar bor. Darslardan tashqari vaqtlaringizda o‘zingiz sevgan sport bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Sport sog‘ligimiz garovi. Kelajakda sizlardan  Osiyo, Jahon va Olimpiya chempionlari chiqishini kutib qolamiz.

 

 

O‘qituvchi: rasmga e’tibor bering. Bu rasmni huquqqa qanday bog‘liqligi bor?

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Demak, siz o‘z huquqlaringizdan foydalanish vaqtida, albatta, yo‘lning qatnov qismidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. To‘g‘rimi? Masalan, maktabga kelishingizda, to‘garaklarga borganda, yoki uyga qaytish vaqtida yo‘lning qatnov qismidan o‘tasiz. Bunda siz rioya qilishingiz kerak bo‘lgan qoidalar bor. Qanday qoidalar edi bular?

O‘quvchilar: Javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Juda to‘g‘ri aytdingiz. Ayniqsa, yo‘ldan o‘tish vaqtida, telefon, quloqchin (naushnik) yoki boshqa narsalarga chalg‘imasdan o‘tishga e’tibor bering.

Endi esa jumboq yechamiz.

 

Vizual kontent

Konstitutsiyamiz moddalarini qay darajada bilasiz? (Jumboq)

 

Endi esa javoblarni tekshiramiz

Konstitutsiyamizdagi sakkiz modda. Javoblaringizni tekshiring.

 

YAKUNIY QISM. (10 daqiqa)

 

O‘qituvchi: Mana, bolalar, bugun siz o‘z huquqlaringizni bilib oldingiz. O‘ylaymanki, o‘z huquqlaringizdan  oqilona foydalanasiz. Lekin, majburiyatlarimizni ham bilib qo‘yishimiz va ularga amal qilishimiz kerak.

 

Endi esa daftarlarimizning o‘rtasidan 2 varaq olamiz. Bir tomoniga o‘ng qo‘lingizni, ikkinchi tomoniga chap qo‘lingizni qo‘yib, chizib oling. O‘ng qo‘lingiz tepasiga mening burchlarim deb yozing. Chap qo‘lingizni tepasiga mening huquqlarim deb yozing. Endi “Huquq” deb yozilgan qo‘l barmoqlariga huquqlaringizni, “Burch” deb yozilgan qo‘l barmoqlariga majburiyatlaringizni yozing. Endi bolalar diqqat bilan eshiting!

Siz bir qo‘lingiz bilan qarsak chala olasizmi? Yoki yer chopa olasizmi? Bir qo‘l bilan ish qilish qiyin to‘g‘rimi? Ikki qo‘l birdek ishlasa va bir-biri bilan kelishib ish qilsa, natija bo‘ladi, shundaymi?

Shuni unutmangki, huquq va majburiyatlarimiz, ya’ni burchlarimiz bir-biriga uzviy bog‘liq va yonma-yon. Xuddi qarsak chalganimizda ikki qo‘limizni birlashtirganimizdek.

Qani endi bir qarsak chalamiz!

Sinfda hamma qarsak chaladi.

 

Bugungi darsimiz o‘z nihoyasiga yetdi, sog‘-salomat bo‘ling!

 

(Namuna rasm)