“Kelajak soati” 14-mavzu

“Kelajak soati” darsining 9–11 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

14-mavzu: “Mening huquqlarim

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: 9-11-sinf o‘quvchilarida inson huquqlari va erkinliklarini anglash, ularning shaxsiy hayot hamda jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini tushunish ko‘nikmalarini shakllantirishdir. O‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan huquqiy normalarni hayotiy misollar orqali o‘rganadilar hamda o‘z huquq va burchlarining uyg‘unligini anglaydilar. Shu orqali ularda qonunlarga hurmat, mas’uliyatli fuqaro sifatida yashash madaniyati mustahkamlanadi. Dars jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” islohotlarida inson huquqlariga berilayotgan e’tibor ham yoritilib, o‘quvchilarda uni kundalik hayotda qo‘llashga intilish shakllantiriladi.

Aniq maqsadlar:

  Inson huquqlari va erkinliklarining mohiyatini o‘quvchilarga sodda va hayotiy misollar asosida tushuntirish, ularning shaxsiy hayot va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini anglatish.

Huquq va majburiyat uyg‘unligini tushuntirish orqali o‘quvchilarda o‘z huquqlaridan oqilona foydalanish, mas’uliyatli va ongli fuqaro sifatida shakllanish ko‘nikmalarini rivojlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonunlar hamda “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan chora–tadbirlar bilan o‘quvchilarni tanishtirish.

O‘quvchilarda qonunga hurmat ruhida yashash, huquqiy madaniyatni rivojlantirish, Vatanga sadoqatli va faol fuqaro bo‘lish motivatsiyasini kuchaytirish.

Asosiy g‘oyalar:

Huquq – bu inson sha’ni, erkinligi va adolatli hayotining kafolati. Har bir fuqaro o‘z huquqini bilishi va unga rioya qilishi, shu bilan birga o‘z majburiyatlarini vijdonan bajarishi jamiyat barqarorligining asosi hisoblanadi. O‘z huquqini bilgan, mas’uliyatli fuqaro – taraqqiy etgan davlat va adolatli jamiyatning eng mustahkam tayanchi. Vatan – faqat davlat rahbarlari yoki hokimiyatniki emas, balki har bir fuqaroning umumiy qadriyati. Har bir inson o‘z huquqlaridan to‘g‘ri foydalanib, majburiyatini ado etsa, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, adolat va farovonlik jamiyati barpo etiladi.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

Aqliy va tushunchaviy natijalar:

O‘quvchilar “huquq”, “erkinlik” va “majburiyat” tushunchalarini farqlay oladi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini tahlil qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bolalar va o‘smirlar huquqlariga oid moddalarni sanab bera oladi. Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining asosiy belgilarini anglab, ularni hayotiy misollar bilan izohlaydi.

Hissiy va qadriy natijalar:

Huquqiy bilim olishga va qonunlarga rioya etishga ijobiy munosabat shakllanadi. O‘z huquqini bilgan va burchini ado etayotgan shaxs sifatida faxr va mas’uliyat hissi mustahkamlanadi. Adolat, tenglik va inson sha’nini ulug‘lashga yo‘naltirilgan qadriyatlar ongida mustahkamlanadi.

Amaliy ko‘nikmalar:

Kundalik hayotda (maktab intizomi, oilaviy mas’uliyat, tengdoshlar o‘rtasidagi muammolar) huquqiy yondashuvni qo‘llay oladi. O‘z huquqlari buzilganda kimga va qanday murojaat qilishni bilib oladi. O‘z huquq va majburiyatlari mavzusida og‘zaki chiqish, taqdimot yoki nutq tayyorlash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.

Ijtimoiy-pedagogik natijalar:

Sinf va maktab muhitida huquqiy madaniyat, o‘zaro hurmat, adolat va tenglik qadriyatlarini mustahkamlaydi. Guruhli ishlarda huquqiy masalalarni muhokama qilib, jamoaviy yechim topishga intiladi. O‘qituvchi va ota–onalar bilan huquqiy mavzularda ochiq muloqot qilish ko‘nikmasi rivojlanadi.

Metapredmet:

“Mening huquqlarim” mavzusidagi dars o‘quvchilarda nafaqat huquqiy bilimni, balki boshqa fanlar hamda kundalik hayotiy vaziyatlarda qo‘llaniladigan umumiy o‘quv ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Adabiyot fanidan integratsiya:

Darsda Abdurahmon Jomiy asarlaridan namunalar keltirilib, shoir obrazlari orqali huquq va burchning ma’naviy-axloqiy mohiyati yoritiladi. O‘quvchilar adolat, tenglik, erkinlik mavzularidagi xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va badiiy misollarni eslab, ularni huquqiy mazmun bilan bog‘laydilar.

Tarix fanidan integratsiya:

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948-yil), O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mustaqillikdan keyingi huquqiy islohotlar haqida suhbat o‘tkaziladi. O‘quvchilar konstitutsiyaning tarixiy ahamiyatini anglab, hayotdagi o‘zgarishlarni faktlar orqali solishtiradilar (masalan: “Oldin majburiy mehnat bo‘lgan, hozir esa qonun bilan taqiqlangan”).

Huquq fani bilan bog‘liqlik:

O‘quvchilar huquq va imkoniyatning uzviy bog‘liqligini real hayotiy misollar orqali tushunadilar: ta’lim kreditlari, bepul o‘quv kurslari, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy imtiyozlar tizimi kabi.

Ushbu metapredmet yondashuv orqali o‘quvchilar, huquqiy bilimni amaliy hayot bilan bog‘laydi, fikrni aniq, dalil asosida ifodalash, tarixiy faktlarni eslab, mulohaza yuritish, badiiy ifoda va huquqiy mazmun o‘rtasida aloqani ko‘ra olish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.

 Dars hamkori:  Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti

www.milliytarbiya.uz

 

 

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi:

Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!

Tasavvur qiling, qo‘lingizda ko‘rinmas kalit bor. U sizga eshiklar ochadi – o‘qish eshigini, kasb tanlash eshigini, fikringizni aytish eshigini, ertangi kuningizga oid imkoniyatlar eshigini. Ammo bu kalit bitta shart bilan ishlaydi: siz uning nomini va qiymatini bilishingiz hamda yo‘qotib qo‘ymasligingiz kerak.

Bu kalitning nomi – HUQUQ.

Bir qarang: siz ertaga pasport olasiz, saylovga borasiz, dunyo bilan bahsga kirishasiz, kimlargadir rahbar, kimlargadir hamkor bo‘lasiz. Ammo agar o‘z huquqingizni bilmasangiz – bu eshiklar oldingizda ochilmaydi.

Huquqni bilgan – yo‘l topadi.

Bilmagan esa – imkoniyat eshigi oldida qolib ketadi.

Demak, anglaganingizdek, bugungi darsimiz jamiyatimizda, har bir inson hayotida eng muhim o‘rin tutadigan mavzuga bag‘ishlanadi –  “Mening huquqlarim”.

Bu huquqlar qayerda yozilgan? – Konstitutsiyada va qonunlarda.

Bugun bayram arafasidamiz. Yurtimizda 8-dekabr Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana shunchaki kalendardagi qizil kun emas – aynan shu hujjat tufayli siz maktabga bepul o‘qishga kelasiz, o‘qiganingiz uchun jazolanmaysiz, aksincha rag‘bat topasiz, kelajak haqida bemalol orzu qilasiz. Konstitutsiya bo‘lmaganida bularning barchasi kafolatlanmagan bo‘lar edi.

Interfaol daqiqa

O‘qituvchi:

Keling, tezlikda bilimlaringizni tekshirib ko‘ramiz. Men sizga to‘rtta gap aytaman, to‘g‘ri deb o‘ylasangiz, qo‘lingizni ko‘taring, noto‘g‘ri deb bilsangiz, ko‘tarmang.

1.    Konstitutsiya faqat huquqshunoslar o‘qiydigan kitob.

2.    Mening maktabga bepul borishim huquqi Konstitutsiyada belgilangan.

3.    Huquqimni bilsam ham, bilmasam ham – natija bir xil, bu hech narsani hal qilmaydi.

4.    Fikr aytish huquqi bor, ammo boshqani haqorat qilish mumkin emas.

(O‘quvchilarning reaksiyalari ko‘rinadi — kimdir qo‘lini ko‘taradi, kimdir yo‘q.)

O‘qituvchi sharhlaydi:

  • 1-gap noto‘g‘ri – Konstitutsiya hammamiz uchun yozilgan.
  • 2-gap haqiqat – sizning bu o‘tirishingizning o‘zi huquqingiz natijasi.
  • 3-gap noto‘g‘ri – huquqni bilmasangiz, eshik ochilmaydi.
  • 4-gap to‘g‘ri – huquq bor, ammo u mas’uliyat bilan yuradi.

Demak, Konstitutsiya – quruq matn emas. U sizning qo‘lingizdagi imkoniyat. Savol: Uni bilib foydalanganda kuchliroq bo‘lasizmi?

O‘quvchilar: – Ha!

O‘qituvchi:

Konstitutsiyadan tashqari yana ko‘plab qonunlar, qarorlar bor. Ularning qaysi biri ustun turadi, qaysi biri unga bo‘ysunadi? Keling shu haqida bir videorolik tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunlar iyerarxiyasi

 

O‘qituvchi:

Mana, qonunlar va boshqa hujjatlarning bir-biriga qanday bog‘liqligini bilib oldik. Bugun biz ana shu qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquqlarimiz haqida gaplashamiz.

 

2. ASOSIY QISM (25 daqiqa)

O‘qituvchi:

 Sizningcha, huquq nima?

(O‘quvchilar o‘z fikrlarini bildiradilar: “qonun”, “erkinlik”, “burch”, “imkoniyat” kabi javoblar.)

O‘qituvchi:

Juda yaxshi! Sizlarning fikrlaringiz to‘g‘ri. Ammo huquq faqat “qonun” emas –  huquq bu inson sha’ni, erkinligi va adolatli hayotining kafolati. Kim o‘z huquqini bilmasa, u jamiyatda o‘z o‘rnini topolmaydi, boshqalarning fikriga tobe bo‘lib qoladi, hayotda faol bo‘la olmaydi.

Huquqini bilgan inson esa kuchli insondir. Masalan, huquqini bilgan fuqaro o‘qish imkonini topadi, fikrini erkin bildiradi, jamiyatdagi o‘zgarishlarga faol hissa qo‘shadi, eng muhimi, kelajagini o‘zi quradi.

 Tarixiy izoh: 1948–yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganini eslang. Bu hujjat urushlardan charchagan dunyo xalqlariga shuni anglatdi: agar inson huquqi kafolatlanmasa –  tinchlik ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi.

Shundan so‘ng, ko‘plab davlatlar Konstitutsiyalarida inson huquqlari alohida bob sifatida mustahkamlandi. Bizning mamlakatimizda ham, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida aniq yozilgan: “Inson huquqi va erkinliklari –  oliy qadriyatdir.”

Demak, tarix ham shuni ko‘rsatadiki: Huquqini bilmagan jamiyat zaif bo‘ladi. Huquqini bilgan, uni himoya qilgan va unga amal qilgan jamiyat esa kuchli davlat quradi.

Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston” islohotlarining markazida ham inson qadri, huquqi va erkinligi turadi. Prezident shunday degan edi:  “Yangi O‘zbekistonning eng muhim ustuni bu bilim, ta’lim va tarbiya. Inson qadri –  eng oliy mezon.”  Demak, sizning o‘z huquqlaringizni bilishingiz, ularni hayotingizda to‘g‘ri qo‘llashingiz –  nafaqat sizning shaxsiy yutug‘ingiz, balki butun jamiyatimiz, Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissangizdir.

O‘qituvchi ekranga quyidagi suratni chiqaradi (yoki darsga bu suratni qogʻozga chiqarib olib keladi va ko‘rsatadi)

O‘qituvchi:

– Aziz o‘quvchilar, endi e’tiboringizni ekrandagi eski tarixiy rasmga qarating.

Unda quyidagi tasvirlarni ko‘ryapsiz:

Qirol: “Men hammani boshqaraman”, deydi.

Din peshvosi: “Men hamma uchun duo qilaman”, deydi.

Askar: “Men hamma uchun kurashaman”, deydi.

Dehqon esa hamyonini chiqargancha, qiynalib: “Men hamma uchun to‘layman”, –  deydi.

Bu rasm bizga tarixdan bir haqiqatni eslatadi: Avvalgi davrlarda huquqlar teng taqsimlanmagan, kuchlilar boshqalar ustidan hukmron bo‘lgan. Ammo bugungi demokratik jamiyatda har bir insonning huquqi teng, u Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Shunday ekan, o‘quvchilar, huquqni bilish – ozodlikni bilishdir, adolatni his qilish – insonlikni his qilishdir.

  Aziz o‘quvchilar, bu rasmda juda katta ma’no bor. Chunki tarixning uzoq davrlarida oddiy insonning o‘z ovozi, o‘z huquqi bo‘lmagan. Uning taqdiri mana shu to‘rt guruh – qirol, din peshvosi, askar va dehqon timsolidagi qatlamlar qo‘lida bo‘lgan.

Kimdir hukmronlik qilgan, kimdir diniy hokimiyatni boshqargan, kimdir urushlarda jang qilgan, lekin har doim bir inson – mehnatkash, oddiy xalq – barcha xarajatni, mashaqqatni ko‘tarib kelgan. O‘sha davrlarda oddiy insonning huquqi, fikri, orzulari, hattoki erki ham boshqalarning irodasiga bo‘ysungan. Insonlar “shunday bo‘lishi kerak” degan fikr bilan yashashgan. Ammo bu adolat emas edi. Chunki insonning eng buyuk boyligi – bu uning huquqi, sha’ni va qadr-qimmati.

Kelinglar, hozir qonunlar tarixi haqida bir video ko‘ramiz, keyin darsimizni davom ettiramiz.

Tarixda ko‘plab xalqlar aynan shu huquq va erkinlik uchun kurashgan. Mustaqillikka, o‘z ovoziga, o‘z taqdirini belgilash huquqiga erishgan. 

Hozir aynan shu haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunlar tarixiga sayohat qilamiz!

 

O‘qituvchi:

Bugun biz shunday davrda yashayapmizki – har bir fuqaroning huquqi Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan. Bu – endi faqat qirol yoki hokim irodasiga qarab yashash emas, balki xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi demakdir.

O‘qituvchi savol beradi, o‘quvchilar javob qaytaradi:

Interfaol suhbat: “Bugungi kunda huquqlar qanday amalga oshadi?”

O‘qituvchi: – Aziz o‘quvchilar, endi biz o‘tgan tarixiy rasmda ko‘rgan to‘rtta obrazni eslaylik: qirol, din peshvosi, askar va dehqon. Har biri “men hamma uchun” degan edi. Endi keling, o‘sha holatni bugungi zamon bilan taqqoslab ko‘raylik.

Qirol boshqaradi.

O‘qituvchi savoli:

– O‘sha paytda qirol yagona hokim bo‘lgan, hamma qarorni u chiqargan. Bugun-chi, O‘zbekistonda fuqarolar qanday yo‘l bilan boshqaruvda ishtirok etadi?

O‘quvchilarning kutilgan javoblari:

Saylovlarda qatnashish orqali;

O‘z fikrini erkin bildirish orqali;

Siyosiy partiyalarga qo‘shilish orqali;

Jamoat ishlarida va mahalla hayotida faol bo‘lish orqali.

O‘qituvchi xulosasi:

– Demak, bugungi jamiyatda hokimiyat xalqniki, qarorlar esa fuqarolarning ishtiroki bilan qabul qilinadi.

Din peshvosi duo qiladi.

O‘qituvchi savoli:

– O‘tmishda odamlarning diniy hayoti ko‘pincha hokimiyat tomonidan boshqarilgan. Bugun esa odamlar o‘z diniy e’tiqodini qanday amalga oshirish huquqiga ega?

O‘quvchilarning javoblari:

Har kim o‘z e’tiqodiga ko‘ra ibodat qilish huquqiga ega;

Masjid, cherkov yoki boshqa ibodatxonalarga erkin borish mumkin;

Dinda majburlash yo‘q, har kimning vijdon erkinligi bor.

Din hokimiyatdan ajratilgan, O‘zbekiston – dunyoviy davlat.

O‘qituvchi xulosasi:

– To‘g‘ri, bugungi kunda har bir insonning vijdon erkinligi Konstitutsiya bilan kafolatlangan.

 3. Askar kurashadi.

O‘qituvchi savoli:

– O‘tmishda askarlar qirol buyruqlarini bajargan, ko‘pincha adolat uchun emas, hokim uchun kurashgan. Bugun biz adolatga qanday yo‘llar bilan yetib boramiz?

O‘quvchilarning javoblari:

Qonun oldida tenglikni ta’minlash orqali;

Sud va adliya tizimiga murojaat qilish orqali;

Vatan himoyasida xizmat qilish orqali;

O‘z huquqini qonuniy yo‘l bilan talab qilish orqali.

O‘qituvchi:

– Endi kurash – bu qurol bilan emas, huquq, qonun va bilim bilan olib boriladigan adolatli kurashdir.

4. Dehqon to‘laydi.

O‘qituvchi savoli:

– O‘tmishda dehqon hamma uchun ishlagan, lekin o‘zi deyarli hech narsaga ega bo‘lmagan. Bugun biz soliqlar to‘laymiz. Sizningcha, davlat bizga buning evaziga nimalarni ta’minlab beradi?

O‘quvchilarning javoblari:

Bepul ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi;

Ijtimoiy himoya va pensiya tizimi;

Yo‘llar, transport, xavfsizlik, infratuzilma;

Madaniyat, sport va yoshlar dasturlari.

O‘qituvchi: Demak, bugungi kunda fuqarolar soliqlar orqali nafaqat majburiyatni ado etadi, balki davlat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

O‘qituvchi: Barakalla, o‘quvchilar! Siz juda to‘g‘ri aytdingiz. Shuni yodda tuting: Huquq faqat himoya vositasi emas, u rivojlanish imkoniyatidir. Huquq sizga o‘qish, ishlash, orzu qilgan kasbingizni tanlash, jamiyatda faol bo‘lish imkonini beradi.

Kim o‘z huquqini bilsa –  u imkoniyatni hech qachon qo‘ldan boy bermaydi. Huquqini bilgan fuqaro –  bu kuchli shaxs, adolatli jamiyat va taraqqiy etgan davlat poydevoridir.

HUQUQ – BU IMKONIYAT.

O‘qituvchi:

Bilasizlarki, 2023-yil 1-maydan boshlab yangilangan Konstitutsiyamiz kuchga kirdi. Bu Konstitutsiyamizni yangilashda millionlab insonlarning takliflari va fikr-mulohazalari e’tiborga olindi. Ya’ni Konstitutsiyamiz butun xalqning hammuallifligida yozildi desa ham bo‘ladi. Demak, u barchamizniki! Shu sababli ham kirib kelayotgan 8-dekabr – Konstitutsiya bayrami ham umumxalq bayramidek keng nishonlanmoqda.

Kelinglar endi Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarimiz muhokama qilinadigan va qabul qilinadigan joyga sayohat qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunchilik palatasi va Senat bilan tanishamiz!

 

O‘qituvchi:

Hurmatli o‘quvchilar, sizlar qonunlar qayerda qabul qilinishini bilib oldingiz. Ammo qonunlarning qabul qilinishi bilan ish bitmaydi. Ularni ijro etish kerak. Buning uchun qonunlarning ijrosini amalga oshiradigan va nazorat qiladigan tashkilotlar bor. Masalan, prokuratura tizimi qonunlarning so‘zsiz va butkul amal qilinishini nazorat qiluvchi organ hisoblanadi. Adliya vazirligi esa – qonunlarning to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydigan organ.

Kelinglar endi davlatimizning birinchi raqamli yuristi, ya’ni adliya vazirining fikrlarini eshitamiz.

Vizual kontent

Adliya vaziri intervyusi

 

O‘qituvchi: Demak, bolalar, biz o‘z huquqlarimizdan foydalanishimiz kerak. Shu bilan birga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Huquqlarimizdan foydalanish uchun ularni yaxshi bilishimiz lozim. Hech bo‘lmasa Konstitutsiyamizni yaxshilab o‘rganib olsak va undagi huquq-majburiyatlarimizni to‘g‘ri tushunsak, hayotimizda bizga ko‘plab imkoniyat eshiklari ochiladi. Keling, shu haqida mashhur huquqshunosning fikrlariga quloq tutamiz.

 

Vizual kontent

Konstitutsiyani soʻzma-soʻz yodlamang – Xushnudbek Xudoyberdiyev

 

O‘qituvchi:

Bilasizmi, bolalar, huquqlar hamma joyda ham bizdagidek ta’minlanmagan. Bugungi kunda Yer yuzining bir qancha nuqtalarida urush harakatlari bo‘lyapti. O‘sha notinch nuqtalarda bolalar ogʻir ishlarda ishlayapti, darddan aziyat chekayotgan bemorlarga vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti, bolalar maktabga bora olmayapti va hokazo.

Koʻryapsizmi? Bu joylarda insonlar hayotning eng oddiy ne’matlaridan – bilim olish, erkin yashash, tinchlikda ulg‘ayish huquqlaridan mahrum.

Biz uchun tabiiy bo‘lib tuyuladigan narsalar maktabga borish, darsda erkin fikr bildirish, kelajakka ishonch bilan qarash – aslida dunyoning ko‘plab bolalari uchun orzu.

Shu sababli, har bir inson, ayniqsa sizlar – bugungi yosh avlod – o‘z huquqingizning qadriga yetishingiz, bu imkoniyatni asrab-avaylashingiz kerak. Chunki huquq bu faqat so‘z emas, balki insonning hayotini erkin va munosib yashash imkoniyatiga aylantiruvchi kuchdir.

O‘zbekiston Respublikasi bugungi kunda huquqiy va demokratik davlat sifatida inson huquqlari, erkinliklari hamda fuqarolik manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek:

“Adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng muhim va zarur shartidir.”

Mazkur tamoyil asosida fuqarolarning erkin fikrlashi, osoyishtalikda yashashi va kelajakka ishonch bilan qarashi uchun zarur huquqiy-ijtimoiy muhit yaratilmoqda.

 

Metodika: “Huquq va majburiyat”

– O‘quvchilar, bilasizlarmi, jamiyatda ko‘p hollarda insonlar faqat “mening huquqlarim bor” degan so‘zni eslatishadi. Ammo har bir fuqaro nafaqat huquqqa ega, balki burchini ado etish majburiyatini ham o‘z zimmasiga oladi. Agar huquq – insonning imkoniyati bo‘lsa, burch – bu uning jamiyat oldidagi mas’uliyatidir. Masalan, Vatan xavf ostida bo‘lsa, uni himoya qilish – burch. Tinchlikda esa qonunlarga rioya qilish, halol mehnat qilish, atrofdagilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish – har bir fuqaroning majburiyatidir. Qonun – bu bizning umumiy boyligimiz. Unga hamma bo‘ysunadi va u oldida hamma tengdir. Agar inson faqat huquqni talab qilsa, lekin burchini bajarmasa, u o‘z huquqini himoya qila olmaydi. Shu bois, yuksak fuqarolik madaniyati – bu o‘z huquqini bilish va majburiyatini mamnuniyat bilan bajarishdir. Haqiqiy vatanparvarlik – bu boshqalarning huquqini hurmat qilish, qonunlarni asrash va o‘z davlatini sevib yashashdir. Agar jamiyatda ana shunday odamlar ko‘paysa, mamlakat barqaror, adolatli va kuchli bo‘ladi.

Interfaol suhbat: “Huquq va unga mos burch”!

O‘qituvchi turli huquqlarni aytadi, o‘quvchilar esa unga mos majburiyatni topadilar.

O‘qituvchi (Huquq)

O‘quvchi (Majburiyat)

O‘qituvchi izohi

Fikr bildirish huquqi

Boshqalarning huquqini hurmat qilish, haqorat qilmaslik.

Fikr erkinligi mas’uliyat bilan birga bo‘lishi kerak.

Saylov huquqi

Vijdonan ovoz berish, jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmaslik.

Ovozini sotmaslik, halol qaror bilan ishtirok etish.

Mulkiy huquq (uy, mol–mulkka egalik)

Mulkni asrab-avaylash, qonuniy yo‘l bilan foydalanish, soliqlarni to‘lash.

Mulk nafaqat huquq, balki javobgarlikdir.

Axborot olish huquqi

Ishonchli manbalarga tayanish, yolg‘on yoki zararli ma’lumot tarqatmaslik.

Axborot madaniyati – huquqiy ongning ko‘rsatkichi.

Tabiatdan foydalanish huquqi

Atrof-muhitni asrash, chiqindilarni to‘g‘ri tashlash, daraxtlarni saqlash.

Tabiatni muhofaza qilish – kelajak avlod oldidagi burch.

O‘qituvchi xulosasi:

 Barakalla, bolalar! Sizning javoblaringizdan ko‘ryapmanki, siz huquq bilan majburiyatning bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalar ekanini anglab yetayapsiz. Huquqini bilib, majburiyatini bajarayotgan inson –  bu haqiqiy fuqaro, huquqiy madaniyatli shaxs.

Mana, bugun siz o‘z huquqlaringizni bilib oldingiz. O‘ylaymanki, o‘z huquqlaringizdan oqilona foydalanasiz. Lekin, majburiyatlarimizni ham bilib qo‘yishimiz va ularga amal qilishimiz kerak.

O‘qituvchi o‘quvchilarga quyidagi savollarni beradi:

Sizningcha, huquq va majburiyatning o‘zaro muvozanatini saqlash nimaga olib keladi?

O‘zingiz kundalik hayotingizda qaysi burchni bajarish orqali huquqiy madaniyatni namoyon etasiz?

Xulosa:

“Huquqini bilgan va majburiyatini bajargan fuqaro – kuchli jamiyatning poydevori.”

“Huquq erkinlikni beradi, burch esa adolatni saqlaydi.”

 

 3. Yakuniy qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi kirish so‘zi: – Aziz o‘quvchilar, bugungi darsimiz davomida sizlar huquq va burchning mohiyatini anglab oldingiz. Inson uchun eng katta qadriyat – bu o‘z huquqini bilish va uni halol mehnat, adolat, burchni bajarish orqali asrab-avaylashdir. Shu fikrni buyuk alloma, ma’naviyat darg‘asi Abdurahmon Jomiy o‘z satrlarida nihoyatda go‘zal ifodalagan:

Ey, eng yaxshi odam kim, deb so‘ragin!

Aytayin kim bo‘lur eng yaxshi odam:

Eng yaxshi odam shu –  kimdan xalqiga,

Qandaydir naf tegar, har kunu har dam.

Bu baytlar bizga shuni eslatadi: insonning eng ulug‘ fazilati –  uning xalqiga, jamiyatiga foyda keltirishi, burchini ado etishidir.

Endi esa jumboq yechamiz.

 

Vizual kontent

Konstitutsiyamiz moddalarini qay darajada bilasiz? (Jumboq)

 

Endi esa javoblarni tekshiramiz

Konstitutsiyamizdagi sakkiz modda. Javoblaringizni tekshiring.

 

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, bugun sizlar bilan huquq va majburiyatlar haqida gaplashdik. Shu o‘rinda burch haqida ham gapirib o‘tishimiz kerak. Qonunlarda huquqlar va majburiyatlar haqida aytiladi, ammo burch haqida gapirilmagan. Lekin har birimizning burchlarimiz ham bor. Burchlar – bu qonunlarda yozilmagan eng oliy va sharafli majburiyatlarimizdir. Masalan, Vatanni himoya qilish, huquqbuzarlikni ko‘rsak, unga toqatsizlik namoyon qilish, ojizlarning ojizligidan foydalanmaslik, aksincha ularga yordam berish va hokazo.

Endi sizlarga bir tarixiy voqeani aytib bermoqchiman. Qariyb ikki ming yil avval Italiyadagi Vezuviy vulqoni portlab, butun Pompey shahrini kul ostida ko‘mib yuborgan. Yillar o‘tib, arxeologlar qazuv ishlari olib borishganda, hayratlanarli manzaraga duch kelishadi: odamlar portlash vaqtida qayerda bo‘lsalar, o‘sha holatda qotib qolgan ekanlar – kimdir tomda, kimdir podvalda, kimdir ko‘chada yugurayotgan holda.  Ammo eng ta’sirli topilma – bu rimlik soqchi bo‘lgan. U o‘z postida, qilichini qo‘lidan qo‘ymagan holda topilgan. Qochmadi, o‘z burchidan voz kechmadi. Vulqon uni o‘sha joyida, postida sodiq holda topgan.

Bu voqea bizga nimani o‘rgatadi?

Hech kim “men jamiyatga foyda keltira olmayman” demasligi kerak. Chunki insonning eng katta fazilati – o‘z burchini vijdonan bajarishidadir.

O‘qituvchi umumlashtiradi:

– Katta rejalar, balandparvoz so‘zlardan ko‘ra, insonning har kuni halol, fidokorona mehnat qilishi muhimroq. To‘g‘ri joyda, to‘g‘ri vaqtda, o‘z vazifasini sidqidildan bajarish orqali inson butun jamiyat uchun foyda keltiradi. Demak, haqiqiy fuqaro – bu o‘z huquqlarini biladigan, lekin eng avvalo burchini sadoqat bilan bajaradigan insondir.

Shuni unutmang, bolalar: hayotda sizni turli sinovlar kutadi. Lekin kim o‘z burchidan chekinmasa, u insonning hurmati ham, xotirasi ham abadiy yashaydi.

Huquq sizga imkoniyat beradi, burch esa sizni yuksak inson qiladi. Kim o‘z burchiga sodiq bo‘lsa, u nafaqat o‘z hayotini, balki Vatanini ham yuksaltiradi.”

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar oldiga aniq maqsad qo‘yganlar:

“Bizga bilimli, huquqini biladigan, o‘z fikrini erkin ayta oladigan, Vataniga sodiq yoshlar kerak.” Aziz o‘quvchilar, sizlar ana shunday yoshlarsiz – ertangi kunning bunyodkorlari, yangi O‘zbekistonning kelajagisiz.

Diqqatlaringiz uchun rahmat. Xayr, salomat bo‘ling.