“Kelajak soati” 15-mavzu

“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

15-mavzu: “Millat qo‘shig‘i”

Dars maqsadi:

·      O‘quvchilarni Davlat ramzi – madhiya haqidagi bilimlarini mustahkamlash madhiya mualliflari bilan tanishtirish.

·      O‘quvchilar qalbida Davlat ramzlariga muhabbat, sadoqat, faxr tuyg‘usini uyg‘otish.

·      Madhiyani to‘g‘ri kuylashga o‘rgatish.

Rivojlantiruvchi maqsad:

O‘quvchilarda tinglash, yod olish, ifodali kuy ijro etish ko‘nikmalarini shakllantirish.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

O‘quvchi Davlat madhiyasi haqidagi to‘liq ma’lumotga ega bo‘ladi. Madhiya matnini yod oladi. Uning mualliflarini biladi. Davlat ramzlarining ahamiyatini anglaydi.

Metapredmet: O‘quvchilar Davlat madhiyasi haqida bilimga ega bo‘ladilar. Madhiya mualliflari bilan tanishadilar.

 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.

 Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

 Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: izohli suhbat metodi, audio-video vizual, imitatsion o‘yin elementlari va qo‘shimcha ko‘rgazmali materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

      dars ssenariysi;

      nazariy ma’lumotlar;

      video va audio materiallar;

      interfaol topshiriqlar;

      taqdimot.

 

 

ASOSIY DARS MASHGʻULOTI

 

KIRISH (5 daqiqa)

O‘qituvchi: darsni odatdagidek boshlamaydi. Bolalarga qaraydi, lekin gapirmaydi. 5-6 soniya sukut. Keyin sekin ovozda deydi:

Bolalar… hozir hammangiz bir daqiqa davomida bir narsani eshitishingizni istayman.

O‘qituvchi qo‘lini qulog‘iga olib borib “tinglang” degandek imo qiladi. Sinf jim. Hech qanday ovoz yo‘q.

O‘qituvchi: Eshitdinglarmi?

Bolalar hayron. O‘qituvchi jilmayib davom etadi:

– Hech narsa eshitmadinglar, to‘g‘rimi? Lekin aslida… biz hozir eng kuchli ovozni eshitdik – jimlikning ovozini.

Pauza

O‘qituvchi: Aslida bu mutlaq jimlik emas. Bu jimlikning ichida sizning yurak urishingiz, nafas olishingiz, sinfga kirgan quyosh nuri, Vatan hidi bor. Mana shunday jimlik ichida odam o‘zini eshitadi. Biz bugun shunaqa bir ulug‘ qo‘shiq haqida gaplashamiz. Uni eshitish uchun quloqning o‘zi kamlik qiladi. Uni tinglash uchun qalb kerak.

Bugun biz millatning yurakdagi ovoziga – madhiyamizga boshqacha quloq tutamiz. Uni qalbimiz bilan eshitish va anglashni o‘rganamiz.

O‘qituvchi o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi va sekin shunday deydi:

Madhiyamizning o‘rni mana shu joyda – yuragimizda. Madhiyani kuylaganda qo‘limizni shu yerga qo‘yishimizning sababi ham – aynan shu.

Keling, bugun shu joyni topamiz.

Interaktiv mashg‘ulot

O‘qituvchi uch turdagi ovozni tasvirlaydi:

1.    Shamol ovozi

O‘qituvchi qo‘lini havoda silkitadi va “shshsh” deydi.

O‘qituvchi: Bu qanday ovoz bo‘lishi mumkin?

O‘quvchilar: Shamol!

2.    Daryo (suv) ovozi

O‘qituvchi qo‘li bilan to‘lqin harakati qiladi va “shaldir-shaldir” deydi.

O‘quvchilar: Daryo!

3.    Qaldirg‘ochning chirqillashi

O‘qituvchi qo‘llari vositasida qushning qanot qoqishini yengil, mayda harakat bilan ko‘rsatadi va “chirq-chirq!” deydi.

O‘quvchilar: Qush (qaldirg‘och, chumchuq va hk)

O‘qituvchi (jilmayib):

Mana, bu ovozlarni eshitmasak ham tasavvur qildik. Endi jiddiyroq savol…

O‘qituvchi stolga to‘rtta kartochkalarni yozuvli tomonini pastga qilib qo‘yadi. (kartochkalar rasmsiz, faqat so‘zlar yozilgan). Bitta-bitta kartochkalarni ochib baland ovozda o‘qiydi:

 Shamol

 Daryo

Qaldirg‘och

O‘qituvchi sinfga umumiy savol beradi:

Sizlarningcha, qaysi ovoz bizning Vatanimizga eng yaqin?

O‘quvchilar o‘z fikrini aytadi, uch variantdan birini tanlaydi. Ularning tanlovi turlicha bo‘lishi mumkin. Har bir tanlov hurmat bilan eshitiladi.

O‘qituvchi TO‘RTINCHI kartochkani ochadi – kutilmaganda undan quyidagi so‘zlar chiqadi:

 “YURAK OVOZI”

Sinf “vau” deb qoladi – chunki bu variant avval aytilmagan.

O‘qituvchi:

Mana shu – madhiya ovoziga eng yaqin tovush. Chunki madhiya eng avval yurakda boshlanadi. Bu – eng halol, eng samimiy, Vatanga eng daxldor tovush.

O‘qituvchi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi vа bolalar ham shunday qiladi.

Biz bugun aynan shu ovozni tinglashni o‘rganamiz boshlaymiz.

 

ASOSIY QISM (30 daqiqa)

O‘quvchi: Bolajonlar, 10-dekabr mamlakatimiz tarixida muhim sanalardan biri – madhiyamiz tug‘ilgan kun. 1992-yil 10-dekabr kuni Davlat madhiyasi qabul qilingan.

Buni barchamiz yaxshi bilamiz-a? Keling, madhiyamizni birgalikda ijro etamizmi?

O‘quvchilar baralla: Ha! Albatta ustoz!

 

MADHIYANI KUYLASH.

 

 

O‘qituvchi: Unda barchamiz o‘rnimizdan turib, qaddimizni tik tutamiz. O‘ng qo‘limizni yuragimiz urib turgan tomonga, chap ko‘ksimizga qo‘yamiz.

Hozir men madhiyaning surdo versiyasini qo‘yib beraman, ya’ni bunda eshitishda nuqsoni borlar uchun madhiyaning mazmuni maxsus surdo tilida ochib berilgan. Sizlar esa ekrandagi tengdoshlaringizning ovoziga aylanasiz, ya’ni madhiyamizni ovoz chiqarib birgalikda kuylaymiz.

O‘quvchilar ekrandagi kontent jo‘rligida bir ovozda madhiyani kuylashadi.

Vizual kontent

Madhiyani shovqinsiz ham kuylash mumkin

 

O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, bolalar, madhiyamizni har qanday holatda ham kuylash mumkin, chunki bu qalbdan chiqadigan qo‘shiq, uni ovoz chiqarib, ovozsiz, ichdan yoki baralla kuylash mumkin. Asosiysi, uni hammamiz bir xilda g‘urur va to‘lqinlanish bilan kuylaymiz va tinglaymiz.

Oʻqituvchi:

Bolajonlar! Madhiyamizning so‘zlarini O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov yozganlar. Musiqasini esa bastakor Mutal Burxonovniki. Bu ikki ismni hech qachon unutmanglar, xo‘pmi?

O‘quvchilar: Xo‘p! 

 

 

Oʻqituvchi: Keling endi ushbu ikki buyuk ijodkorlar haqida videorolik tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Madhiya mualliflari bilan tanishamiz

 

Oʻqituvchi: Madhiya faqat qo‘shiq emasligini bilamiz – u xalqning ovozi, yuragining quvonchi va g‘ururi. Lekin siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz: bu qo‘shiq qachon paydo bo‘lgan? Kim birinchi bo‘lib uni yaratgan? Madhiyalarning ham o‘z tarixi bor – shunday voqealar borki, uni eshitsangiz, madhiyani boshqacha tinglay boshlaysiz. Keling, madhiyalar qachondan va qanday yaratilganini birgalikda bilib olamiz.”

 

Vizual kontent

Madhiya qoʻshigʻining tarixi haqida bilasizmi?

 

O‘qituvchi:

Bolajonlar, hozir men sizlarga madhiyamiz matnini izohlab beraman (o‘qituvchi madhiya mazmunini o‘quvchiga sodda va tushunarli tilda izohlab beradi)

O‘zbekiston quyoshli o‘lka – chunki ba’zi sovuq mamlakatlarda yil bo‘yi quyosh kam ko‘rinadi. Bizning yurtimizda esa quyosh ko‘p chiqqani uchun “serquyosh o‘lka” deyiladi.

Hur o‘lka – bu mustaqil, ya’ni o‘z yo‘lini o‘zi tanlaydigan Vatan degani. O‘lka xalqiga baxt va najot beradi, chunki davlat odamlar tinch yashashi, o‘qishi, ishlashi uchun sharoit yaratadi.

“Do‘stlarga yo‘ldosh” – bu O‘zbekiston boshqa mamlakatlar bilan do‘stona yashaydi, tinchlikni yaxshi ko‘radi, qo‘shni davlatlarga mehr bilan munosabat qiladi, degani.

“Ajdodlar mardona ruhi senga yor” – demak, bizning bobolarimiz jasur bo‘lgan, biz ham ular kabi kuchli, aqlli, vatanparvar bo‘lishimiz kerak.

“Olamni mahliyo aylagan diyor” – bu O‘zbekiston ilm–fan, san’at va iste’dodli odamlari bilan dunyoga tanilgan, boshqa xalqlarni ham hayratga solgan yurt degani.

 

Endi esa men sizlarga madhiya haqida she’r o‘qib beraman.

Ro‘zimurod BOLQIYEV

MADHIYAM

Tongda jaranglar,

Qo‘shiq madhiyam.

Kuylaymiz biz ham,

Jo‘shib madhiyam.

 

Aytilgan har so‘z,

Bizga bo‘lgan yod.

Madhiyamizda

Jo‘sh urar hayot.

 

Jonajon yurtim,

Qo‘shig‘idir bu.

Xalqimiz bir-la,

Yashaydi mangu.

 

Oʻqituvchi:

Bolalar, siz ham bilasiz – madhiyani har kuni biz aytamiz. Lekin ba’zan madhiyani eshitganda yuragi boshqacha uradigan odamlar bo‘ladi. Bu – Vatan uchun mehnat qilayotgan, g‘alaba qozonayotgan, yurt nomini dunyoga tanitayotgan insonlar.

Bugun biz ana shunday insonning fikrini eshitamiz. U – O‘zbekiston nomini dunyo sahnasiga olib chiqqan yosh chempion, jahon kubogi sohibi Javohir Sindorov.

U madhiyani qanday his qiladi? G‘alaba chog‘ida aytilgan madhiya unga nimani anglatadi? Keling, o‘z og‘zidan eshitamiz.

 

Vizual kontent

15 yildan beri shaxmat bilan shugʻullanaman – Javohir Sindorov

 

Oʻqituvchi:Mana bolajonlar madhiya haqidagi bilimlarimizni mustahkamlab oldik-a? Endi qisqa savol-javoblarga o‘tamiz. Davlat ramzlariga nimalar kiradi?

O‘quvchilar: Bayroq, gerb, madhiya – Davlat ramzlari.

Oʻqituvchi: Barakalla! Madhiyani qanday ijro etamiz?

Tik turgan holatda. O‘ng qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib-a?

O‘quvchilar: Haa!

Oʻqituvchi: Madhiya qayerda ijro etiladi?

Davlat tadbirlari, siyosiy ahamiyatga ega tadbirlar, sport musobaqalari oldidan, shundaymi?

O‘quvchilar: Haa!

 

Interfaol mashg‘ulot:

Oʻqituvchi: Mana bilimlarimizni ham mustahkamlab oldik.

Hozir barchangiz daftaringizga madhiyada tasvirlangan serquyosh o‘lkani chizamiz. Rasmda Vatan deganda nimani tushunsangiz, shuni ifodalang. Quyosh, dala, daraxt, bog‘, tog‘, qir, tekisliklar, bug‘doy rasmini chizishingiz mumkin.

Sizga 5 daqiqa vaqt beraman. Rasmning qolgan qismini uyda chizib. Yakunlaysiz.


O‘qituvchi: Bolajonlar, bilasizmi, madhiyani oddiy kuylash boshqa, uni katta orkestr ijrosida tinglash esa tamoman boshqacha hissiyot. Hammamizga yaxshi tanish tengdoshingiz Sirojiddin katta tadbirlarda xor va orkestr ijrosida aytiladigan tantanali madhiya qayerda va qanday yaratilishini o‘rganibdi. Kelinglar, hozir Sirojiddinning izidan boramiz va konservatoriyadan arxivgacha sayohat qilamiz.

 

Vizual kontent

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidan Oʻzbekiston Milliy arxiviga

 

O‘qituvchi:

Mana, bolajonlar, Sirojiddinning sayohati orqali biz ham madhiyamiz haqida qiziq malumotlarni bilib oldik. Endi bilamizki, bu shunchaki qo‘shiq emas – uning orqasida mehnat, ijod, Vatanga bo‘lgan katta muhabbat turadi.

 

YAKUNLOVCHI QISM (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Bugun biz madhiyamizni boshqacha his qildik, tarixini o‘rgandik, uning qadrini angladik. Endi kelinglar, bir o‘yin o‘ynaymiz.

O‘yin qoidasi:

O‘qituvchi madhiya haqida turli fikrlarni aytadi, ularning hammasi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.  O‘quvchilar to‘g‘ri fikr bo‘lsa, o‘ng qo‘lini ko‘taradi, noto‘g‘ri bo‘lsa, ikkala qo‘lini ko‘taradi.

FIKRLAR

1.    Madhiyani tinglaganda tik turish kerak. To‘g‘rimi yoki noto‘g‘ri?

2.    Madhiya vaqtida qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yamiz. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

3.    Madhiya vaqtida yugurib o‘ynasak bo‘ladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

4.    Madhiya sport musobaqalarining boshida ijro etiladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

5.    Madhiya tug‘ilgan kunlarda aytiladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

6.    Madhiya – Vatan qo‘shig‘i. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

7.    Madhiya vaqtida kulib, do‘stimiz bilan gaplashsak bo‘ladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

8.    Bayroq ko‘tarilganda madhiya yangraydi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

9.    Madhiya odamlarga Vatanini sevishni eslatadi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

10.  Madhiya tinglanganda yonboshlab yotsak bo‘ladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

 

 O‘yin yakunida o‘qituvchining qisqa xulosasi:

Mana ko‘rdingizmi, bolajonlar, ba’zan noto‘g‘ri holatlar juda kulgili eshitiladi. Madhiya – bu hurmat, Vatan oldidagi mas’uliyat. Siz bugun juda zo‘r javob berdingiz!

Endi esa sizlarga uyga vazifa beraman. Uyda madhiyani musiqaga jo‘r bo‘lib ijro etishni o‘rganamiz. Chizgan rasmimizni tugatib, mehr bilan rang beramiz. Madhiya haqida o‘zingizga yoqqan she’rni yod olib kelasiz.

Keyingi darslarda ko‘rishguncha omon bo‘ling, aziz bolajonlar!