“Kelajak soati” 15-mavzu

“Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

15-mаvzu: Millat qo‘shig‘i

 Umumiy maqsad:

O‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi mazmun-mohiyati, uning milliy g‘oya va qadriyatlarni ifodalashdagi o‘rni haqida tushuncha berish. Madhiyaga hurmat, uni to‘g‘ri ijro etish va ulug‘lash hissini shakllantirish.

Annotatsiya:

Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga Davlat madhiyasi yaratilish tarixi, undagi g‘oyalar va satrlarda ifodalangan ma’nolar tushuntiriladi. Madhiyaning milliy qadriyat, vatanparvarlik, g‘urur va iftixor ramzi sifatidagi ahamiyati misollar, sahna ko‘rinishlari, musiqiy parchalar va interaktiv o‘yinlar orqali o‘quvchilar ongiga singdiriladi.

 

Aniq maqsadlar:

1.    O‘quvchilarda Davlat madhiyasi mazmunini anglash va uni to‘g‘ri ijro etish madaniyatini shakllantirish.

2.    Madhiyaning milliy ramz sifatida o‘rni va ahamiyatini tushuntirish.

3.    Madhiyadagi satrlar orqali vatanparvarlik, yurtga sadoqat, milliy birlik kabi qadriyatlarni tarbiyalash.

4.    O‘quvchilarda madhiyaga hurmat, uni ijro etishda intizom va mas’uliyat hissini kuchaytirish.

Asosiy g‘oya:

Davlat madhiyasi – O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi va suverenitetining muqaddas ramzidir. Madhiyani tinglash va kuylash – bu Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy birlik va iftixorning yorqin ko‘rinishidir.

 

Kutiladigan natijalar:

1.    Aqliy va tushunchaviy darajada

o   O‘quvchilar madhiyaning yaratilish tarixi va mazmunini tushunadi.

o   Madhiyaga hurmat bilan qarash fuqarolik burchi ekanini anglaydi.

2.    Hissiy va qadriy yondashuvda

o   O‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor hissi kuchayadi.

o   Madhiyaga hurmatsizlikning salbiy oqibatlarini tushunadi.

3.    Amaliy ko‘nikmalarda

o   O‘quvchilar madhiyani to‘g‘ri, tartibli va uyg‘unlikda ijro etishni o‘rganadi.

o   Madhiyani kuylashda jiddiylik va intizomiy odatni shakllantiradi.

4.    Ijtimoiy-pedagogik jihatdan

o   Jamiyatda milliy ramzlarga hurmat madaniyati shakllanadi.

o   O‘quvchilarda Vatanni sevish va uni ulug‘lash odati paydo bo‘ladi.

 

Metapredmet yondashuv:

  • Adabiyot: Madhiyadagi so‘zlarning ma’nosini sharhlash, undagi badiiy ifodalarni tahlil qilish.
  • Musiqa: Madhiyani kuylash, kuy ohangining ruhiy ta’sirini his qilish.
  • Tarix: Madhiyaning yaratilish tarixi va mualliflari haqida ma’lumot olish.
  • Media savodxonlik: Madhiyani sahna ko‘rinishi, videolavhalar orqali ko‘rib tahlil qilish.

 

 Dars davomiyligi: 45 daqiqa

Tavsiya etilgan shakl: bilim beruvchi suhbat, musiqiy namoyish, video lavha, interaktiv o‘yin.

 

 

 

Dars tuzilishi

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi sinfga kiradi va sokin, lekin kuchli ovozda boshlaydi:

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar! Siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz: odamning ovozi bor, qushning ovozi bor, hatto shamolning ham o‘z ovozi bor. Lekin bir ovoz atrofimizdagi hamma ovozlardan kuchli – bu xalqning ovozi va shu ovoz bilan kuylangan millat qo‘shig‘i.

Pauza.

O‘qituvchi:

Bugun biz mana shu ovozga yaqinlashamiz. U qayerda yashaydi? Qachon paydo bo‘lgan? Nega uni tinglaganda yurak boshqacha uradi?

Madhiya – bu shunchaki qo‘shiq emas, bu xalqning nafasi. Bir xalqning kimligi, bosib o‘tgan yo‘li, orzu va umidlari, faxri va dardi aks etgan hodisa.

Shuning uchun ham madhiya yangragan vaqtda odamning ko‘zlari yonadi, yuragi qalqiydi, ovozi titraydi. Bu – hayajon emas, bu qalbingizda g‘ururning uyg‘onishidir. Har bir o‘zbekistonlik jahonning qaysi yerida bo‘lmasin, madhiyamizni eshitganda deyarli bir xil g‘urur va entikish hislarini tuyadi. Demak, madhiyamiz bizning birligimiz, birlashtiruvchi nuqtamizdir.

O‘qituvchi bolalardan so‘raydi:

Madhiya kuylaganda sizning ichingizda qanday his uyg‘onadi? Faxrmi? G‘ururmi? “Bu – mening yurtim!” degan ichki quvonchmi?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi:

Bugun siz bilan madhiya haqidagi savollarga eng to‘g‘ri javoblarni topamiz. Faqat musiqa emas – uning ichidagi tarixni, mohiyatni va mazmunni ochamiz.

Kelinglar, avvaliga madhiyamizni kuylaymiz, tayyormisiz?

O‘quvchilar: haa-a-a-a!

O‘qituvchi:

Hozir men madhiyaning surdo versiyasini qo‘yib beraman, ya’ni bunda eshitishda nuqsoni borlar uchun madhiyaning mazmuni maxsus surdo tilida ochib berilgan. Sizlar esa ekrandagi tengdoshlaringizning ovoziga aylanasiz, ya’ni madhiyamizni ovoz chiqarib birgalikda kuylaymiz.

O‘quvchilar ekrandagi kontent jo‘rligida bir ovozda madhiyani kuylashadi.

Vizual kontent

Madhiyani shovqinsiz ham kuylash mumkin

O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, bolalar, madhiyamizni har qanday holatda ham kuylash mumkin, chunki bu qalbdan chiqadigan qo‘shiq, uni ovoz chiqarib, ovozsiz, ichdan yoki baralla kuylash mumkin. Asosiysi, uni hammamiz bir xilda g‘urur va to‘lqinlanish bilan kuylaymiz va tinglaymiz.

 

ASOSIY QISM (30 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Yodingizda bo‘lsa biz o‘tgan darsda Konstitutsiyamiz bizning asosiy kitobimiz, bosh kitobimiz deya ta’kidlagan edik. Davlatimiz madhiyasi ham bizning bosh qo‘shig‘imiz.

Dunyoda qo‘shiqlar juda ko‘p. Har xil musiqalar bor. Odamlarning musiqiy didi ham turlicha. Yana  bir insonga turli vaziyatlarda kayfiyatiga qarab turlicha qo‘shiqlar yoqishi ham bor gap. Biroq har bir inson uchun eng aziz, har qanday kayfiyatda tinglasa ham birdek oyoqqa turg‘izadigan qo‘shiq bo‘ladi. Bu – uning Vatani haqidagi qo‘shiq. Bu qo‘shiq hammaga birdek aziz va qadrli bo‘ladi, bu qo‘shiq hammani birlashtiradi, yaqinlashtiradi. Bu qo‘shiq yurt madhiyasidir.

Har bir mamlakatning o‘z madhiyasi bor. Bu madhiyalar o‘sha davlatning tarixi, bosib o‘tgan yo‘li, o‘ziga xos urf-odatlari natijasida yaralgan.

Masalan:

1. Ispaniya madhiyasida SO‘Z YO‘Q, shunchaki kuy yangraydi. Chunki Ispaniya madhiyasini so‘zlari tarixda juda ko‘p almashgan, har safar hokimiyat tepasiga yangi qirol kelganida madhiya so‘zi o‘zgargan. Oxirgi madhiya so‘zlari diktator Franko davrida bo‘lgan. Shundan keyin madhiyaga so‘z qo‘ymaydigan bo‘lishgan. Hozir kuy yangraganda shunchaki “la-la-la-laaa” deb turiladi. Buni, masalan, futbol o‘yinlari payti stadionda Ispaniya madhiyasi qo‘yilganida ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.

2. Yaponiya madhiyasi – dunyodagi eng QISQA madhiyalardan biri. Uning matni dunyodagi eng qadimiy madhiya matni bo‘lib, 1000 yillik tarixga ega. Matn atigi 31 bo‘g‘indan iborat. Bu bitta TikTok videosidan ham qisqa degani.

3. Gretsiya madhiyasi esa dunyodagi eng UZUN madhiya – u 158 banddan iborat katta doston. Albatta, odatda bu so‘zlarning hammasi aytilmaydi – 8–12 qatori kuylanadi. Lekin rasmiy matn 158 band!

4. Janubiy Afrika madhiyasi 5 TILDA aytilgan yagona madhiyadir. U Zulu, Xosa, Sesoto, Afrikaans, Ingliz tillarida kuylanadi. Bu JAR mamlakatining tarixi va etnik tarkibi bilan bog‘liq o‘ziga xos madhiyadir. JAR shuncha rang-barang qabilalar bir mamlakatda tinch yashaydigan yurt ekanini ko‘rsatadi, ya’ni millatlar va tillar turfaligi birlashishga xalaqit bermaydi degan g‘oyani ilgari suradi. Tasavvur qiling, bir darsda 5 ta tilda gaplashish kerak bo‘lsa.

5. AQSh madhiyasi aytishga JUDA QIYIN madhiyadir. Hatto Professional xonandalar ham undagi baland notalarni ololmay qolishadi ko‘pincha. Oddiy odamlar uchun bu madhiyani kuylash juda murakkab vazifa. So‘zlari ham qiyin. Shuning uchun sportchilar orasida xalqaro xato qilish ko‘p uchrab turadi. Sizlar AQSh madhiyasi kuylanganida xatolar qilinishining sabablarini to‘g‘ri tushunishingiz kerak.

Bizning jonajon O‘zbekistonimiz madhiyasi esa kuyi jarangdor, uzunligi eng maqbul va so‘zlari talaffuzga oson yurt qo‘shig‘idir. Biz shunday qo‘shiqni yaratib bergan mualliflarga minnatdor bo‘lishimiz lozim.

O‘qituvchi doskaga yoki ekranga quyidagi ikki suratni chiqaradi:

 

O‘qituvchi: Azizlarim, ayting-chi bu insonlarni taniysizmi?

O‘quvchilar: Haa-a-a… (taxminiy javoblari Abdulla Oripov va Mutal Burhonov.)

O‘qituvchi: Qani aytinglar-chi, madhiyamiz so‘zini kim yozgan?

O‘quvchilar: Abdulla Oripov.

O‘qituvchi: Musiqasini-chi?

O‘quvchilar: Mutal Burhonov.

O‘qituvchi: Barakalla, o‘quvchilar. Kelinglar endi madhiyamiz mualliflari haqida kengroq ma’lumot beradigan videoni ko‘ramiz.

Vizual kontent

Madhiya mualliflari bilan tanishamiz

 

O‘qituvchi: O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi 1992-yil 10-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan tasdiqlangan.

Mazkur qonunning 2-moddasida shunday so‘zlar bitilgan: O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash – har bir fuqaroning vatanparvarlik burchidir.

Bolajonlar, bilasizmi, madhiyani oddiy kuylash boshqa, uni katta orkestr ijrosida tinglash esa tamoman boshqacha hissiyot. Hammamizga yaxshi tanish Sirojiddin katta tadbirlarda xor va orkestr ijrosida aytiladigan tantanali madhiya qayerda va qanday yaratilishini o‘rganibdi. Kelinglar, hozir Sirojiddinning izidan boramiz va konservatoriyadan arxivgacha sayohat qilamiz .

 

Vizual kontent

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidan Oʻzbekiston Milliy arxiviga

 

 

O‘qituvchi:  Aziz o‘quvchilar! Siz va biz madhiyani har gal kuylaganda, uni shunchaki qo‘shiq emas, balki Vatanimizga sadoqat qasamyodi sifatida his etishimiz kerak. Chunki bu qo‘shiqda ona yurtimizning nafaslari, ajdodlarimizning ruhiyati va kelajakka bo‘lgan ishonch mujassam. Shuning uchun har safar madhiyani kuylaganda yurakdan, g‘urur bilan kuylashimiz lozim. Bu bizning Vatan oldidagi eng katta burchimiz va eng ulug‘ sharafimizdir.

O‘qituvchi: Ayting-chi aziz o‘quvchilar davlatimiz madhiyasi qayerlarda ijro etilganini ko‘rgansiz?

O‘quvchilar: davlat tadbirlarida, musobaqalarda, maktabda saflanishda, televizorda…

O‘qituvchi: Barakalla, javoblaringiz juda to‘g‘ri va bir-biridan ajoyib. Bizning madhiyamiz nafaqat davlat tadbirlarida, musobaqalarda g‘olib bo‘lganda, balki har tong radio va televideniye orqali ham yangraydi. Kelinglar, madhiyamiz qayerlarda ijro etilishi haqida qisqa video ko‘ramiz.

Vizual kontent

Davlat madhiyasi qayerlarda ijro etiladi?

 

O‘qituvchi: Aziz bolalar, madhiyamiz yangraganda, biz uni chin dildan, jo‘shqinlik bilan kuylashimiz kerak. Chunki u bizning Vatanimizga bo‘lgan sadoqatimizni, xalqimizga bo‘lgan hurmatimizni ifodalaydi. Har bir satrida: “Men O‘zbekiston farzandiman, men o‘z yurtim bilan faxrlanaman!” degan g‘oya yotibdi.

Xabaringiz bor yaqinda hamyurtimiz shaxmatchi Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha jahon kubogini yutdi. Bu juda nufuzli g‘alaba. Butun dunyodagi ommaviy axborot vositalari Javohirning g‘alabasini yozdi va bu xabarlarda albatta vatanimiz nomi – O‘zbekiston ishtirok etdi. Juda faxrli-a? Javohir Sindorov xalqaro musobaqalarda ko‘p ishtirok etgan va g‘alabalarimiz sharafiga madhiyamiz kuylanishiga guvoh bo‘lgan. Kelinglar, uning sizlar uchun maxsus aytgan fikrlariga quloq solamiz.

Vizual kontent

15 yildan beri shaxmat bilan shugʻullanaman – Javohir Sindorov

 

O‘qituvchi: Madhiyamiz yangraganda qalbimiz g‘ururga to‘ladigan yana bir holat bor: bu mamlakatimiz Prezidenti va uning delegatsiyasi boshqa davlatlarda hurmat bilan qabul qilinganida, uning sharafiga tantanali qabul marosimlari o‘tkazilganida, harbiy musiqachilar tomonidan madhiyamiz chalinishidir. Shuningdek, mamlakatimizga xorijlik oliymaqom rahbarlar kelganida o‘tkaziladigan qabul marosimlarida ham madhiyamiz tantanali yangraydi. Bunday hollarda hamma – prezidentlardan tortib oddiy qorovulgacha bir xilda to‘lqinlanish bilan madhiyamizni tinglaydi. Ya’ni butun mamlakat xalqi bir ovozga aylanadi. Juda faxrli-a?!

O‘quvchilar: Haa!

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Madhiyamizni bilish va sevib ijro etish uchun uning mazmunini hammamiz birdek aniq va to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Masalan, “Ajdodlar mardona ruhi senga yor” degan matn nimani anglatadi?

O‘quvchilar o‘zlari tushungan ma’nolarni aytadilar

O‘qituvchi: Mana, ko‘rdingizmi, madhiyamiz so‘zlarini hammamiz yetarlicha tushunishimiz nima uchun muhim. Kelinglar, madhiyamiz so‘zlari sodda qilib tushuntirib berilgan videokontentni tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Madhiyamiz matniga sharh

 

O‘qituvchi: Aziz bolalar, eslab qoling: madhiyamiz – bu milliy timsol. Unda xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagi mujassam. Shuning uchun uni doim hurmat bilan, baland ko‘tarinki ruhda kuylashimiz kerak.

Madhiyani tinglayotganda va kuylayotganda oʻng qo‘limizni chap ko‘ksimiz – ya’ni yuragimiz ustiga qo‘yib eshitishimiz kerak. Bu shunchaki odat emas, qonunda belgilangan talab.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida shunday deb yozib qo‘yilgan:

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi”.

Quyidagi suratlarda buni yanada yaqqol ko‘rishingiz mumkin. Demak, madhiyani qonunda belgilangan holatda turib aytish va eshitish lozim, unutmaymiz a, bolalar?

 

      

 

 

 

O‘qituvchi: Endi esa madhiyamizning o‘zini ham madh etib, ya’ni maqtab aytilgan she’rdan 4 qator o‘qib beraman:

Sarhad bilmas nomus o‘zing, or o‘zing,

Kuylar bo‘lsam, qo‘limdagi tor o‘zing.

Har damimda bo‘lgan menga yor o‘zing,

O‘zbek elga milliy g‘urur - Madhiyam!

O‘qituvchi: Qani bolalar, she’rdan nimani tushundingiz?

She’r tahlili (2 daqiqa)

O‘qituvchi: Kelinglar sizlar bilan birgalikda darsni yana ham mustahkamlash va darsda olgan bilimingizni tekshirish uchun kichik o‘yin o‘ynaymiz. Tayyormisiz?

O‘quvchilar: haa-a-a.

Mini o‘yinlar

 “Shoir va bastakorni esla”

·       O‘qituvchi madhiyaga oid qisqa ma’lumotlarni aytadi, o‘quvchilar qo‘l ko‘tarib javob berishadi.

o   Madhiyamizning so‘z muallifi kim?

o   Madhiyamizning musiqiy muallifi kim?

o   Madhiyamiz qachon qabul qilingan?

“Madhiyadan satr top”

·       O‘qituvchi madhiyadan bir jumlani aytadi, o‘quvchilar uning davomini topadilar.
Masalan:

o   “Oltin bu vodiylar – jon O‘zbekiston...”

o   “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon…”

o   “Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni…”

“Qachon yangraydi?”

·       O‘qituvchi turli vaziyatlarni aytadi, o‘quvchilar esa “Madhiyamiz yangraydi” yoki “Madhiyamiz yangramaydi” deb javob beradilar.

o   Mustaqillik bayramida

o   Tug‘ilgan kunda

o   Sport musobaqasida g‘alaba qozonilganda

o   Do‘stlar davrasida

o   Davlat rahbarini kutib olish marosimida

 “Qaysi tuyg‘u?”

·       O‘qituvchi madhiyada ifodalangan tuyg‘ularni sanaydi, o‘quvchilar esa ularni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb aytadilar.

o   Tinchlik

o   Do‘stlik

o   Vatan sevgisi

o   Dangasalik

o   Fidoyilik

O‘qituvchi: Barakalla, aziz o‘quvchilar! Bilasizmi, men sizlar bilan cheksiz faxrlanaman.

Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz siz, aziz yoshlarga ishonib, sizni bejizga “Yangi O‘zbekiston va uchinchi Renessans bunyodkorlari” deb atamayaptilar. Bu so‘zlarda buyuk ishonch va mas’uliyat mujassam. Sizga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar, bilim olish uchun berilayotgan keng yo‘llar – bularning barchasi ertangi kunda sizning yurtga xizmat qilishingiz uchun poydevordir.

Demak aziz o‘quvchilar bugun o‘zimizga so‘z beramizmi, “Men a’lochi bo‘laman, vatanim nomini dunyoga tanitaman, madhiyamizni baralla yangrashida o‘z hissamni qo‘shaman, bayrog‘imizni doimo baland ko‘taraman!” deya?

O‘quvchilar: haa-a-a.

YAKUNIY QISM (5 daqiqa)

O‘qituvchi: Ajoyib! Keling endi darsimiz yakunida oldimizda turgan hafta hikmatini o‘rgansak va birgalikda takrorlasak.

Hafta shiori:

“Davlat madhiyasi – xalqimiz g‘ururi,

uni kuylash – bizning sharafimiz!”

 

Endi birgalikda takrorlaymizmi?

O‘quvchilar: haa-a-a.

O‘qituvchi: Qani unda hammamiz bir ovozda…

“Davlat madhiyasi – xalqimiz g‘ururi,

uni kuylash – bizning sharafimiz!”

Yana ham balandroq…

“Davlat madhiyasi – xalqimiz g‘ururi,

uni kuylash – bizning sharafimiz!”

 

O‘qituvchi: Ofarin, aziz farzandlarim! Bugungi darsimiz nihoyasiga yetdi. Ammo bugun aytilgan fikrlar faqat sinf devorlari ichida qolib ketmasin. Ular sizlarning qalbingizda jaranglasin, tafakkuringizda yod bo‘lib, hayot yo‘lingizga hamroh bo‘lsin.

Unutmang, davlat ramzlari – bu bizning kimligimizni, tariximizni, ota-bobolarimizdan meros qolgan buyuk qadriyatlarni ifodalovchi muqaddas timsollardir. Bayrog‘imizda – xalqimizning orzu-intilishlari, gerbimizda – yurtimizning go‘zal tabiati va barhayotligi, madhiyamizda esa – millatimizning g‘ururi va sadoqati mujassam.

Keyingi darsda bundan-da qiziqarli, bilimli va ruhlantiruvchi mavzular bizni kutmoqda. Shu sababli hamisha o‘qishga chanqoq bo‘ling, qalbingizni ezgulikka oching.

Xayr, salomat bo‘ling, azizlarim! Sizlarga bardavom sog‘liq, o‘qishda zafar, orzularingizda baraka tilayman!