“Kelajak soati” 15-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
15-mavzu: “Millat qo‘shig‘i”
Dars maqsadi: Umumiy maqsad:
Annotatsiya: Ushbu mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi – millatning faxr, g‘urur va birlik ramzi sifatida tanishtiriladi. Madhiyaning so‘zlari, g‘oyalari va musiqasi orqali Vatanga muhabbat, sadoqat, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘ulari shakllantiriladi. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilar interaktiv o‘yinlar, suhbat, tahlil va musiqiy faoliyat orqali mavzuni chuqurroq anglaydilar. Bundan tashqari madhiyalar tarixi haqida ham qisqa va qiziqarli ma’lumotlar olishadi.
Umumiy maqsad: O‘quvchilarda milliy madhiyaning ma’nosi, ruhiy kuchi va yurtga sadoqatni ifoda etuvchi ramziy ahamiyatini chuqur anglashni shakllantirish.
Aniq maqsadlar:
• Davlat madhiyasining mazmuni, mualliflari va qabul qilingan sanasi haqida bilimlarni takrorlash.
• Madhiyadagi asosiy g‘oyalarni tahlil qilish va ularni hayotiy qadriyatlar bilan bog‘lash.
• O‘quvchilarda milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, birlik va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish.
• Madhiyani to‘g‘ri, ifodali va jamoaviy tarzda kuylash.
Asosiy g‘oya: “Millat qo‘shig‘i – yurakdagi g‘urur ohangi.” Davlat madhiyasi – bu millatning tarixini, orzularini va g‘ururini ifodalovchi qo‘shiqdir. U millatni birlashtiradi, har bir fuqaro qalbida yurtga sadoqat tuyg‘usini uyg‘otadi.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy darajada: O‘quvchilar madhiyaning ma’nosini, tarixini va g‘oyasini haqidagi tushunchalarini takomillashtiradilar, mustahkamlaydilar.
2. Hissiy darajada: Milliy g‘urur, birlik va Vatanga sadoqat tuyg‘ulari kuchayadi.
3. Amaliy darajada: Madhiyani kuylash, tahlil qilish va g‘oyalarini hayotga tatbiq etish ko‘nikmasi shakllanadi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan: O‘quvchilarda Vatanga muhabbat, millatga sadoqat va jamoaviy hamjihatlik madaniyati rivojlanadi.
Metapredmet: Metapredmet yondashuv dars davomida o‘quvchilarning turli fanlardan olgan bilimlarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Masalan, ushbu darsda o‘quvchilar adabiyot orqali madhiyaning badiiy ifodasini tahlil qiladi, tarix fanida davlat ramzlari haqida olgan bilimlarini eslaydi, musiqa fanida kuyni his qilish va madhiyani to‘g‘ri talaffuz bilan kuylashni o‘rganadi, san’at va texnologiya orqali madhiyadagi g‘oyani rasmda aks ettiradi.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti xodimlari
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi motivatsion suhbat, kreativ yozma topshiriq, ovozli kuylash mashgʻulotidan foydalanish.
Dars tuzilishi:
1-qism: Kirish (motivatsion) qism (10 daqiqa)
2-qism: Asosiy qism (25 daqiqa)
3-qism: Yakuniy qism (10 daqiqa)
Dars ssenariysi
KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilarim. Bugun sizlar bilan muhim bir mavzu haqida gaplashamiz.
Sizlar hozir hayotingizning eng murakkab, shu bilan birga eng qiziq bosqichidasiz. Har kuni qarshingizda talay tanlovlar, qarorlar, savollar, bosimlar, rejalar turadi. “Kim bo‘lsam ekan? Qayerga o‘qishga kiraman? Qaysi yo‘lni tanlayman?” – bu savollar sizni tinch qo‘ymaydi, to‘g‘rimi?
Sinfning munosabati tinglanadi.
O‘qituvchi: Har biringizning orzularingiz bor. Ba’zilar chet elni ko‘rmoqchi, ba’zilar tezroq mustaqil bo‘lgisi keladi, yana ba’zilar hali o‘zini topmagan. Bu – mutlaqo tabiiy hol.
Lekin qayerga borishingizdan qat’i nazar, doim sizning orqangizda bitta narsa turadi – Vatan. Bu balandparvoz gap emas – shunchaki haqiqat. Siz qayerda bo‘lmang, ismingizdan oldin hamisha “O‘zbekiston fuqarosi” degan ta’rif turadi.
Bugun biz madhiya haqida gaplashamiz. Lekin madhiya – faqat rasmiy tadbirlarning boshida aytiladigan qo‘shiq emas. Madhiya “Men kimman? Qayerdanman? Qaysi xalqning bir bo‘lagiman?” degan savollarga javob beradigan ramz, qadriyatdir.
Keling hozir birgalikda madhiyamizni kuylaymiz. Men ekranda qo‘yib beradigan madhiya ijrosi sal boshqacharoq, ya’ni uning ijrochilari tovushsiz kuylashadi, Sizlar esa ularga ovoz bo‘lasiz.
O‘quvchilar ekrandagi kontent jo‘rligida bir ovozda madhiyani kuylashadi.
Vizual kontent
Madhiyani shovqinsiz ham kuylash mumkin
O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, madhiyamizni har qanday holatda ham kuylash mumkin, chunki bu qalbdan chiqadigan qo‘shiq, uni ovoz chiqarib, ovozsiz, ichdan yoki baralla kuylash mumkin. Asosiysi, uni hammamiz bir xilda g‘urur va to‘lqinlanish bilan kuylaymiz va tinglaymiz.
Har kimning hayoti, rejalari, xarakteri turlicha. Sinfda ham jimgina yuradiganlar bor, faol bolalar bor, tortinchoq, hazilkash, lider – hammasi aralash. Lekin tasavvur qiling: madhiya yangragan payt shu xilma-xillikning barchasi yo‘qoladi. Sizlar bitta ritmga, bitta ovozga, bitta tuyg‘uga aylanib qolasiz. Bu – tasodif emas, bu – bir millat bo‘lishning eng kuchli belgisi.
Madhiya odamlarni bir xil qilish uchun emas – bir maqsadga yaqinlashtirish uchun xizmat qiladi. Shu bois bugun biz faqat qo‘shiqni emas, balki uni aytganda nega yurak boshqacha urishini ham birga tushunib olamiz.
ASOSIY QISM (25 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilarim. Ekrandagi suratlardagi shaxslarga e’tiborimizni qaratamiz. Biz bu kishilarni taniymiz-a? Kim edi bular? 

O‘quvchi: Javoblar tinglanadi
O‘qituvchi: Barakalla, javoblaringiz to‘g‘ri.
Biz ko‘rib turgan bu kishilarning biri Abdulla Oripov – Oʻzbekiston xalq shoiri, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni sohibi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sheʼriyatining taniqli vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi matni muallifi.
Keyingi qahramonimiz Mutal (Mutavakkil) Burhonov – bastakor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan.
Bu ikki qahramondan biz uchun qimmatli ma’naviy meros qolgan. Bu – millatimiz qo‘shig‘i, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi madhiyasidir.
O‘qituvchi: Qani, o‘quvchilar, millat deganda o‘zi nimani tushunasiz?
O‘quvchi: Javoblar tinglanadi
O‘qituvchi: Millat – bu yagona tilda soʻzlashuvchi, umumiy bo‘lgan madaniyat va hududda yashovchi insonlar guruhidir. Masalan, men, siz va boshqa o‘zbeklar o‘zbek tilida so‘zlashamiz. O‘zbekiston hududida yashab, umumiy urf-odatlarga va madaniyatga amal qilamiz. Oʻzbek millati shunday birlikni tashkil etadi.
Millat qo‘shig‘i deganda-chi?
“Millat qo‘shig‘i” deganda xalqning birligi, g‘ururi va vatanparvarlik tuyg‘ularini ifodalovchi qo‘shiq tushuniladi. Davlat miqyosida bunday qo‘shiq MADHIYADIR.
Davlatimiz madhiyasi haqida nimalarni bilasiz?
O‘quvchilar: Javoblar tinglanadi
O‘qituvchi: Barakalla, javoblaringiz to‘g‘ri. Madhiya arabcha maqtov qoʻshigʻi, qasida degan ma’noni bildirib, biror shaxs, voqea yoki narsaning maqtoviga bagʻishlangan badiiy asardir.
Har safar madhiyani kuylaganimizda biz Vatanga bo‘lgan sadoqat, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini qalbimizda his qilamiz. Madhiyasiz davlatni tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki u millatni birlashtiradi va xalqning orzu-intilishlarini ifodalaydi. Shuning uchun madhiyamiz milliy birlik va vatanparvarlikning beqiyos ramzi hisoblanadi.
Keling, quyidagi video orqali madhiyamizda nimalar haqida so‘z borishini bilib olamiz.
Vizual kontent
Madhiyamiz matniga sharh
O‘qituvchi: Mana, aziz o‘quvchilar, madhiyamizda nimalar haqida kuylanishini bilib oldik. Albatta, biz madhiyamizni to‘g‘ri tushunib kuylaganmiz shu paytgacha. Biroq uning so‘zlarini yanada teranroq va bir xilda anglashimiz uchun ushbu sharh foydali bo‘ldi.
Endi esa madhiyalar tarixiga qisqa sayohat qilamiz.
Davlat madhiyalari o‘ziga xos tarixga ega. Ammo ular dastlab asosan hukmdorlarni sharaflashga qaratilgan. Dunyodagi eng qadimgi gimn Yaponiya davlat madhiyasi bo‘lib, uning matni Yaponiya tarixining Xeyan davrida (794–1185) yaratilgan. Faqat 1880-yilga kelib, unga kuy bastalangan.
Yevropada davlat madhiyalari asosan XVIII asr o‘rtalarida, milliy davlatlar tuzila boshlagan paytda yuzaga kelgan. Biroq Niderlandiyada 1570-yillarda “Vilgelm” deb nomlangan davlat madhiyasi paydo bo‘lgan. Buyuk Britaniya davlat madhiyasi esa 1619-yilda yaratilgan edi. Fransiyaning ilk davlat madhiyasi – “Marselyeza” 1792-yilda yozilgan. Ispaniya gimni – “Marcha Real” esa 1770-yilda qabul qilingan.
Bugungi kunda Yer yuzida rasman tan olingan davlatlar o‘z madhiyalariga ega. Har bir davlat madhiyasi o‘sha yurtning davlat tilida yoki eng ko‘p qo‘llaniladigan tillarning birida ijro etiladi. Masalan, Shveysariyada davlat madhiyasining har toʻrttala (fransuz, italyan, nemis va flamand) tildagi varianti yaratilgan.
Singapurda to‘rtta davlat tili bo‘lgani holda, madhiya faqat malay tilida ijro etiladi. Ispaniyada davlat madhiyasining matni yo‘q, faqat musiqaning o‘zi ijro etiladi. Hindiston madhiyasi (“Janaganamana”) qadimgi sanskrit va bengal tillarida jaranglaydi. Finlyandiya davlat madhiyasi (“Maamme”) esa fin va shved tillarida ijro etiladi. Afg‘oniston madhiyasi matni faqat pushtun tilida bitilgan.
O‘zbek davlatchiligi tarixida milliy madhiyalar ham alohida o‘rin tutib kelgan. Qadimgi Turk xoqonligi, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davrida qo‘shinlarning alohida saf qo‘shiqlari, harbiy marshlari bo‘lgan. Jang paytida maxsus musiqachilar tabla, burg‘u, nog‘ora va boshqa maxsus asboblarda jangovar musiqalarni ijro etishgan, bu askarlarga o‘ziga xos jo‘shqinlik baxsh etgan.
Zamonaviy ko‘rinishdagi davlat madhiyasi ilk bor yurtimizda Turkiston Muxtoriyati davrida yaratilgan. Garchi Turkistonda turli xalqlar va millatlar yashasa-da, madhiya matni aynan o‘zbek tilida, buyuk shoirimiz Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan bitilgan va 1917-yil 29-noyabrda qabul qilingan. Unda quyidagi misralar bor edi:
Ko‘z oching, boqing har yon,
Qardoshlar, qanday zamon!
Shodlikka to‘ldi jahon,
Fido, bu kunlarga jon!
Afsuski, bu davlat dunyo sahnasida 72 kun yashadi, xolos. U mahv etilgach, tabiiy, madhiya ham yo‘qoldi.
Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston gimni 1947-yilda qabul qilingan. Uning matnini Turob To‘la va Temur Fattoh yozgan. Mutal Burhonov musiqa bastalagan edi. 1956-yilda gimn matniga juzʼiy o‘zgartirishlar kiritilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi esa 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan.
Endi esa madhiyamiz professional va tantanali kuylanadigan Konservatoriya va uning yaratilish tarixini hujjatlarda saqlayotgan O‘zbekiston milliy arxivi tanishtiruv videosini tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidan Oʻzbekiston Milliy arxiviga
O‘qituvchi: Ayting-chi aziz o‘quvchilar davlatimiz madhiyasi qayerlarda ijro etilganini ko‘rgansiz?
O‘quvchilar: davlat tadbirlarida, musobaqalarda, maktabda saflanishda, televizorda…
O‘qituvchi: Barakalla, javoblaringiz juda to‘g‘ri va bir-biridan ajoyib. Bizning madhiyamiz nafaqat davlat tadbirlarida, musobaqalarda g‘olib bo‘lganda, balki har tong radio va televideniye orqali ham yangraydi. Kelinglar, madhiyamiz qayerlarda ijro etilishi haqida qisqa video ko‘ramiz.
Vizual kontent
Davlat madhiyasi qayerlarda ijro etiladi?
O‘qituvchi: Madhiyani eshitganda ta’sirlanish – bu insonning qalbida uyg‘onadigan tabiiy tuyg‘u. Chunki madhiyada xalqimizning orzusi, tarixiy xotirasi va mustaqillik ruhi mujassam.
Odatda madhiyani eshitganda:
· G‘urur va iftixor tuyg‘usi paydo bo‘ladi.
· Vatanparvarlik va sadoqat hislari kuchayadi.
· Ajdodlarga hurmat va milliy birlik tuyg‘usi uyg‘onadi.
· Ba’zan inson hayajonlanib, ko‘ziga yosh ham keladi – bu yurakdan chiqqan ta’sirchan tuyg‘udir.
Ayniqsa, xalqaro maydonlarda sportchilarimiz, olimlarimiz yoki san’atkorlarimiz g‘alaba qozonganida, madhiyamiz sadolari yangrasa – butun xalq bir qalbdek jo‘shib ketadi. Ularni o‘sha joyda ko‘rmasak ham, yuragimizda ularga hamnafas bo‘lamiz. Chunki madhiyamiz bizni birlashtirib turadigan ruhiy ko‘prikdir.
Xabaringiz bor yaqinda hamyurtimiz shaxmatchi Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha jahon kubogini yutdi. Bu juda nufuzli g‘alaba. Butun dunyodagi ommaviy axborot vositalari Javohirning g‘alabasini yozdi va bu xabarlarda albatta vatanimiz nomi – O‘zbekiston ishtirok etdi. Juda faxrli-a? Javohir Sindorov xalqaro musobaqalarda ko‘p ishtirok etgan va g‘alabalarimiz sharafiga madhiyamiz kuylanishiga guvoh bo‘lgan. Kelinglar, uning sizlar uchun maxsus aytgan fikrlariga quloq solamiz.
Vizual kontent
15 yildan beri shaxmat bilan shugʻullanaman – Javohir Sindorov
O‘qituvchi: Demak, bizni eng avvalo Vatanga muhabbat va milliy birlik birlashtirib turadi. Shu bois, qayerda bo‘lmaylik, kim bo‘lmaylik – madhiyamiz yangraganda hamma qalbi bilan “men shu xalqning farzandiman” deb faxrlanadi.
Nima uchun biz madhiyani kuylaganda qo‘limizni ko‘ksimizga qoʻyib, tik turgan holda aytamiz?
O‘quvchi: Javoblar tinglanadi
O‘qituvchi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasida shunday deyilgan:
“O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari davlat himoyasidadir”.
Demak, madhiyamiz davlatimizning uchta asosiy ramzlaridan biri bo‘lib, u davlat himoyasidadir. Ya’ni madhiyamizga ham xuddi bayrog‘imiz va gerbimizdek hurmat ko‘rsatilishi, uni qonunda belgilangan o‘rinlarda va qonun talab qilgan tartibda ijro etishimiz shart.
Madhiyani tinglayotganda va kuylayotganda oʻng qo‘limizni chap ko‘ksimiz – ya’ni yuragimiz ustiga qo‘yib eshitishimiz kerak. Bu shunchaki odat emas, qonunda belgilangan talab.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida shunday deb yozib qo‘yilgan:
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi”.
Quyidagi suratlarda buni yanada yaqqol ko‘rishingiz mumkin. Demak, madhiyani qonunda belgilangan holatda turib aytish va eshitish lozim, unutmaymiz-a, bolalar? 

YAKUNIY QISM (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bolalar, dars oxirida sizga uchta muhim savol beraman. Har bir savolga ichingizda javob bering. Ovoza qilish shart emas – bu o‘zingiz bilan suhbatdek gap.
1-savol: “Men kimman?”
O‘qituvchi:
Madhiya aytilganda ko‘zingizni yumib o‘ylang: Siz hozir kimsiz-u, kelajakda kim bo‘lib ketishni xohlaysiz? Bugun Siz shu maqsadingizga mos yo‘ldamisiz?
2-savol: “Men qayerdaman?”
Har kimning orzusi bor. Lekin orzu o‘z-o‘zidan ijobat bo‘lmaydi: ildizingizdan kuch oladi. Sizning ildizingiz qayer? Qayerdan kuch olyapsiz?
3-savol: “Men kimlar bilanman?”
“Atrofingizdagi odamlar turlicha: sizdan aqlliroq, sizdan kuchliroq, sizdan shovqinliroq, sizdan sokinroq… Lekin madhiya aytilganda, siz ulardan qaysi biriga yaqin turasiz? Yoki hammangiz bir tomonda turasizmi?”
Yakuniy xulosa
O‘qituvchi: Mana shu uch savolga bergan ichki javoblaringiz sizning madhiya bilan aloqangizni belgilaydi. Madhiya sizga tayyor javob bermaydi. U aynan shu uchta savolni eslatadi: “Kimman? Qayerdaman? Kimlar bilanman?”. Va shu uch savol birlashgan joyda millat degan kuch paydo bo‘ladi.
Shuning uchun madhiya – birlashtiruvchi kuch. U bizni bir xil qilmaydi. U bizni – bitta maqsad yo‘lida birlashtiradi.