“Kelajak soati” 15-mavzu
MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI: “MADHIYAM-FAXRIM”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarga O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi haqida tushuncha berish.
– Madhiyaning mualliflari bilan tanishtirish.
– Madhiya matni va musiqasi bilan tanishtirish.
– Ona Vatani haqida erkin fikr bildirishga undash.
Kutilayotgan natija:
– Bolalarda Vatanga sadoqat, g‘urur, milliy faxr tuyg‘ularini shakllanadi.
– Bolalarda eshitish, eslab qolish, tinglab tushunish qobiliyati rivojlanadi.
– Madhiyaga nisbatan hurmat, ehtirom ko‘rsatishs shakllanadi.
Kerakli jihozlar:
– Madhiya yozilgan plakat.
– Madhiya tinglash uchun karnay (kolonka) va/yoki monitor.
– Gerb, bayroq aks ettirilgan rasmlar.
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa.
Kirish qismi:
Tarbiyachi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bugun sizlar bilan Davlatimiz madhiyasi haqida gaplashamiz. Hozir men sizlarga O‘zbekiston Respublikasining madhiyasini qo‘yib beraman, birgalikda hammamiz tinglaymiz va kuylaymiz.
Qat’iy izoh
“Madhiya”yangraganda har doim tik turgan holatda kuylanishi yoki tinglanishi kerakligini aytib o‘tiladi. “Madhiya”yangraganida o‘ng qo‘llarimizni yuragimiz ustiga qo‘l qo‘yib, jiddiy va samimiy turish kerakligi uqtiriladi.

Tarbiyachi savollar bilan bolalarga murojaat qiladi:
-Bolajonlar biz hozir nima tingladik?
-Madhiyamizdagi qaysi so‘zlar yodingizda qoldi?
-Bolajonlar, sizlar bilasizki, davlatimiz o‘z ramzlariga ega. Qani, esga olinglar-chi ular qaysilar?
Bolalarning javobi tinglanadi va tarbiyachi tomonidan to‘ldiriladi.
Tarbiyachi: Bular– Bayrog‘imiz, Gerbimiz. Madhiyamiz ham davlat ramzi hisoblanadi. Marhamat, ularni rasmlarini ko‘rishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi ramzlari

Tarbiyachi: Bolajonlar, qachon odamlar madhiya kuylashni boshlaganlar? Bu savolning javobi qiziqmi? Kelinglar, shu haqida bir video qo‘yib beraman sizlarga.
Vizual kontent
Madhiya qoʻshigʻining tarixi haqida bilasizmi?
Bolajonlar, madhiyamiz – bizning faxrimiz! Madhiya – Vatanimizning bosh qo‘shig‘i hisoblanadi. Madhiyamiz Vatanimizni madh etadigan kuy va so‘zlardan iborat.
Madhiya tadbirlarda, bayramlarda, turli sport bellashuvlarida kuylanadi.
Bolajonlar, madhiyamizning she’rini O‘zbekiston xalq qahramoni, shoir Abdulla Oripov yozganlar. Musiqasini esa, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov bastalaganlar.
Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonch ifodalangan. Mana bu suratlar madhiyamiz mualliflarining suratlari.
O‘zbekiston Respublikasi madhiyasining mualliflari
O‘zbekiston qahramoni,
shoir Abdulla Oripov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
artist, bastakor Mutal Burhonov
Eslab qolish uchun samarali o‘yin:
“Xatosini tuzat”
Tarbiyachi: Kelinglar, sizlar bilan mashq bajarsak. 2-3 bola madhiya eshitilganda to‘g‘ri turishni ko‘rsatadi. Noto‘g‘ri holatda turgan bolani boshqa bolalar
to‘g‘rilaydi.
Savollar beriladi.
1.Madhiya nima?
2.Uni qachon eshitamiz?
3.Madhiya eshitganimizda qanday holatda turishimiz kerak ekan?
Bolalar javobi tinglanadi.
Yod olish uchun she’r
Ro‘zimurod BOLQIYEV
MADHIYAM
Tongda jaranglar,
Qo‘shiq madhiyam.
Kuylaymiz biz ham,
Jo‘shib madhiyam.
Aytilgan har so‘z,
Bizga bo‘lgan yod.
Madhiyamizda
Jo‘sh urar hayot.
Jonajon yurtim,
Qo‘shig‘idir bu.
Xalqimiz bir-la,
Yashaydi mangu.
Mening madhiyam
Onam allasidek totli sadosan,
Har qalbga kirguvchi kuysan, navosan.
Oltin vodiylar-u serquyosh o‘lkam
Madh eta olgandir mening madhiyam.
Ozodlik nishoni, hurlik kuyisan
Har o‘zbek jonidan suygan kuyisan.
Shuhrati porlagan, dunyo tanigan
Jonlarga oromdir mening madhiyam.
XULOSA
Biz madhiyani hurmat qilamiz, chunki u bizning xalqimiz va Vatanning timsolidir.