“Kelajak soati” 15-mavzu
OLIY O‘QUV YURTI TALABALARI UCHUN “KELAJAK SOATI” DARSINING SSENARIYSI
15-mavzu: “Millat qo‘shig‘i”.
Annotatsiya.
Ushbu mashg‘ulot talabalarga “Madhiya”, “Millat qo‘shig‘i” va “O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi” atamalarining mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirish, ularda madhiyamizning davlat ramzi va umummilliy qo‘shiq sifatidagi ahamiyatini chuqur anglash va qadrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Mashg‘ulot jarayonida:
Umuman “Madhiya” va “Davlat madhiyasi” tushunchalari, uning tarixiy kelib chiqishi va har bir davlat uchun zarurligi, muayyan mamlakat aholisi va davlat fuqarolari uchun qadri va ahamiyati;
“O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi” atamasining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz madhiyasining davlatimiz ramzi sifatidagi o‘rni va roli, uning ahamiyatini anglash, madhiyamizni ardoqlash va qadrlash;
Davlatimiz madhiyasining mamlakat va xalq timsoli ekanligi, uning so‘zlari nimalarni anglatishi, undan foydalanish tartib-qoidalari va madhiyaga ehtirom ko‘rsatish tamoyillari;
Davlat madhiyasidan foydalanish va unga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalari.
Dars davomida talabalar hayotiy misollar va dalillar, audio va video materiallar orqali umuman “madhiya” tushunchasi, uning har bir davlat uchun zarurligi va qadr-qimmati, O‘zbekiston madhiyasining davlatimiz ramzi sifatidagi o‘rni va roli, uni ardoqlash va qadrlash, madhiyani ijro etish va unga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalariga doir bilimlarni o‘zlashtiradilar va bu haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.
Mashg‘ulot interaktiv usullarda tashkil etiladi, talabalarda mustaqil fikrlash, mantiqiy tahlil, empatiya va sog‘lom muloqot, ezgu g‘oyalarga sadoqat, davlatimiz ramzlari, xususan, Davlat madhiyasini qadrlash va ardoqlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umumiy maqsad:
Talabalarda O‘zbekiston Respublikasi madhiyasining har bir fuqaro uchun qadr-qimmati va ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish. O‘zi va boshqalar uchun madhiyamizga nisbatan hurmat va ehtiromga asoslangan muhit yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish.
Aniq maqsadlar:
1. yoshlarga “madhiya” tushunchasining tarixi, har bir davlat uchun zarurligi, uning fuqarolar uchun qadr-qimmatini anglatish;
2. talabalarga O‘zbekiston madhiyasining davlat ramzi sifatidagi ahamiyatini tushuntirish;
3. mamlakatimiz madhiyasining davlatimiz ramzi sifatidagi o‘rni va ahamiyatini talabalarga anglatish, ularda madhiyamizni ardoqlash va qadrlash tuyg‘usini shakllantirish;
4. davlatimiz madhiyasini ijro etish tartib-qoidalari va unga ehtirom ko‘rsatish tamoyillarini talabalarga o‘rgatish;
5. talabalarda Davlat madhiyasidan foydalanish va unga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalarini tushuntirish.
Asosiy g‘oyalar:
Dunyodagi barcha davlatlarning milliy madhiyasi bor. O‘zbekiston Respublikasining ham o‘z madhiyasi mavjud. U davlatimizning ramzlaridan biri. 1992-yil 10-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan.
Maktab davridan buyon O‘zbekiston madhiyasi haqida yaxshi ma’lumotga egamiz. Uning ma’nolari haqida har yili televideniye va radio, Internet tarmoqlarida eshitib, o‘qib boramiz. Bugungi darsda mamlakatimiz madhiyasining tarixi va ahamiyati, uni qadrlash va ardoqlash zarurligi haqida so‘z yuritamiz.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
· Talaba “O‘zbekiston madhiyasi” tushunchasining mazmun-mohiyatini va o‘ziga xos belgilarini izohlab bera oladi.
· O‘zbekiston madhiyasining davlat ramzi, xalqimiz va mamlakatimizning o‘ziga xos timsoli ekanini yaxshi biladi.
· Davlat madhiyasidan foydalanish va unga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalari buzilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tushuntira oladi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
· Davlat madhiyasini va uning ramzlarini hurmat qilish hissi kuchayadi.
· Davlat ramzlari va madhiyasini qadrlash va uni ardoqlash borasida ijobiy munosabat shakllanadi.
· Empatiya, ya’ni boshqalarning bu boradagi his-tuyg‘ularini tushunish, inobatga olish va hurmat qilish ko‘nikmasi rivojlanadi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
· Turli vaziyatlarda davlat madhiyasini va uning ramzlarini hurmat qilish va buni ifoda etish bo‘yicha muloqot olib boradi.
· Davlat madhiyasidan foydalanish va unga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalarini namoyon qiladi.
· Madhiya bilan bog‘liq turli salbiy holat va vaziyatlarni ma’naviy-ma’rifiy va sog‘lom muloqot orqali hal qilish usullarini qo‘llaydi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
· O‘z guruhi va yoshlar orasida davlat madhiyasiga hurmat va qadrlash muhitini yaratishga hissa qo‘shadi.
· O‘zining va boshqalarning madhiya bilan bog‘liq tartib-qoidalarga rioya qilish tamoyillarini mustahkamlaydi.
· Yetuk ma’naviy faoliyat, o‘zaro munosabatlar va muloqot madaniyatini rivojlantirishga faol harakat qiladi.
Metapredmet: Ushbu mashg‘ulot talabalarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:
· Tarix va falsafiy fanlar: ushbu mavzuning tarixi va tadriji, unga doir voqea va hodisalar, xilma-xil vaziyatlar, turli matnlar, hikoyalar va hayotiy jarayonlarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.
· Kasbiy pedagogika va psixologiya asoslari: talabaning shaxsiy ma’naviy qiyofasini aniqlash, o‘z pozitsiyasini himoya qilish va sog‘lom muloqot qoidalarini o‘rganish.
· Huquqshunoslik va inson huquqlari: madhiya bilan bog‘liq tartib-qoidalarni to‘g‘ri tahlil va talqin qilish, shaxsiy burch va mas’uliyat haqidagi qonuniy me’yorlarni bilish va amalda qo‘llash.
· Tanqidiy fikrlash: turli vaziyatlarda madhiyani ardoqlash va hurmat qilish chegaralari buzilishi ehtimolini baholash, ularning oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish va oqilona yechim ishlab chiqish.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Talabalarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi hamda mantiqiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qo‘llaniladi. Mashg‘ulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhiy muhokama, real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar, rolli o‘yinlar va savol-javob usullaridan foydalaniladi. Bu yondashuv talabalarga mavzuni chuqur o‘zlashtirish, o‘z fikrini asoslab berish va amaliy faoliyat ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini yaratadi.
Materiallar to‘plami: Mashg‘ulotni samarali tashkil etish uchun uning ssenariysi, mavzuga oid rasm va slaydlar, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan videomateriallar, keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli o‘yinlar uchun vaziyat timsollari tayyorlanadi. Shuningdek, talabalar ishtirokini faollashtiruvchi flomasterlar, markerlar, varaqlar, kompyuter, uyali telefon, kino ekranlari kabi vositalardan foydalaniladi.
Dars tuzilishi
Kirish qismi (5 daqiqa)
Talabalar bilan salomlashish, mavzu va maqsadni e’lon qilish. O‘zbekiston madhiyasi haqida qisqa kirish suhbati va mavzuga oid motivatsion savol-javob.
Asosiy qism (30 daqiqa)
· Madhiyalar va ularning turlari haqida tushuntirish va muhokama.
· Real vaziyatlar asosida vazifa va topshiriqlarni tahlil qilish.
· Rolli o‘yinlar orqali davlat madhiyasini hurmat qilish bo‘yicha amaliy mashqlar.
· Guruhli “aqliy hujum” usulida davlat madhiyasini qadrlash va ardoqlash yo‘llarini ishlab chiqish.
Yakuniy qism (10 daqiqa). Talabalar bilan darsdan olingan xulosalarni muhokama qilish.
Dars ssenariysi
1. KIRISH.
Pedagog: Assalomu alaykum, aziz talabalar!
Ma’lumki, jonajon Vatanimiz O‘zbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishdi. Xalqimiz o‘zining milliy davlatchiligini tiklash va mustahkamlash, taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash, davlat ramzlariga ega bo‘lish, xalqaro tashkilotlarga a’zolik kabi huquqlarni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng gerb, bayroq va madhiya kabi barcha davlat ramzlari tasdiqlandi va amaliyotga joriy etildi.
Jumladan, davlatimiz madhiyasi 1992-yilning 10-dekabrida O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi sessiyasida qabul qilindi.
O‘shandan buyon u barchamiz uchun eng qadrli va ardoqli davlat ramzlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Davlat madhiyasi gerb va bayroq singari davlat ramzi, suverenitetimizning asosiy belgilaridan biridir. O‘zbekiston madhiyasi xalqimiz uchun milliy davlatchiligimizning eng qadrli va mo‘tabar timsollaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
2. ASOSIY QISM.
Aqliy hujum
Pedagog: Darsimiz boshlanishida sizlarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman.
O‘zbekiston madhiyasi davlat ramzlaridan biri ekan, mamlakatimizning davlat ramzlari, ayniqsa, “madhiya” atamasi to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
(Talabalarning javoblari tinglanadi).
Pedagog: Javoblar uchun rahmat. Kelinglar madhiya mavzusi bilan kengroq tanishaylik:
“Madhiya” so‘zi bizga arabchada maqtov, ta’rif kabi ma’nolarni anglatadi. U biror shaxs, voqea yoki narsaning maqtoviga bag‘ishlangan badiiy asar bo‘lishi ham mumkin. Ayni paytda madhiya muayyan xalq, millat, davlat va jamiyatning orzu-intilishlari, ma’naviyati, tarixi, buguni va istiqbolini o‘ziga xos tarzda ifoda etadigan tushuncha hamdir.
Ba’zan asarning bir qismi ham madhiyadan iborat bo‘lishi mumkin. Arab, fors va o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analariga ko‘ra, har bir yirik epik asarning bosh qismida (asosan, she’riy) madhiyalar o‘rin olgan. Odatda bu madhiyalar avvalo Xudoga, payg‘ambar, hukmdor va boshqalarga bag‘ishlangan.
Shuningdek, shoirlar orasida o‘zlaridan avval yashab ijod etgan buyuk shaxslarga madhiyalar bag‘ishlash ham urf bo‘lgan. Masalan, Navoiyning “Xamsa”sidagi dostonlar muqaddimasida Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Jomiy kabi allomalarga madhiyalar bitilgan.
Hazrat Alisher Navoiyning “Xamsa” asari boshlanishidagi quyidagi misralar esingizdami?
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq,
Kerak sher ollida ham sher jangi
Agar sher o‘lmasa bori palangi
Ana shu misralar insoniyat tarixida birinchi bo‘lib “Xamsa”, ya’ni besh dostonchilik an’anasini boshlab bergan ozar shoiri Nizomiy Ganjaviyga bag‘ishlangan madhiya baytlarining boshlanishidir.
Madhiya xarakteridagi asar turli janrlarda (masnaviy, g‘azal, muxammas va boshqa) yozilishi mumkin. Muayyan davlatga bag‘ishlangan va uning ramzlaridan biri sifatida e’tirof etiladigan she’riy-musiqiy asar ham madhiya hisoblanadi.
Kelinglar, hozir insoniyat tarixida madhiyalar qachondan boshlab yaratila boshlagani va bu janrning tarixiy tadriji haqida bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Madhiya qo‘shig‘ining tarixi haqida bilasizmi?
Pedagog: O‘zbekiston madhiyasi davlat ramzlaridan biri ekan, mamlakatimizning davlat ramzlari to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
(Talabalarning javoblari tinglanadi).
Pedagog: Javoblar uchun rahmat. Kelinglar, shu mavzuda kengroq ma’lumotlar bilan tanishaylik.
1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligiga 33 yil to‘ldi.
Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasida shunday deyilgan:
“O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari davlat himoyasidadir”.
Demak, madhiyamiz davlatimizning uchta asosiy ramzlaridan biri bo‘lib, u davlat himoyasidadir. Ya’ni madhiyamizga ham xuddi bayrog‘imiz va gerbimizdek hurmat ko‘rsatilishi, uni qonunda belgilangan o‘rinlarda va qonun talab qilgan tartibda ijro etishimiz shart.
Madhiyani tinglayotganda va kuylayotganda o‘ng qo‘limizni chap ko‘ksimiz – ya’ni yuragimiz ustiga qo‘yib eshitishimiz kerak. Bu shunchaki odat emas, qonunda belgilangan talab.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida shunday deb yozib qo‘yilgan:
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi”.
Quyidagi suratlarda buni yanada yaqqol ko‘rishingiz mumkin. Demak, madhiyani qonunda belgilangan holatda turib aytish va eshitish lozim. 

Pedagog: Madhiya – qalbida o‘z Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bor har qanday kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uyg‘otadi. Bu milliy timsolda xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi, shuningdek, ziynati, orzu-o‘yi, maslak-maqsadi mujassam.
O‘zbekiston davlat madhiyasi yangraganda, “Serquyosh” so‘zi jaranglashi bilan butun vujudimizda ajib entikish, dilimizda cheksiz iftixor tuyg‘usini his etamiz. Chunki unda yurtimiz tarovati, buyuk kelajak barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan xalqimizning orzu-intilishlari, O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, hech kimdan kam bo‘lmay, kelajakka qat’iy ishonch bilan intilayotgan yoshlarimizning azm-u shijoati aks etgan.
Madhiyamiz O‘zbekiston Oliy Kengashining (hozirgi Oliy Majlis) 11-sessiyasida ma’qullanguniga qadar ko‘plab bosqichlardan o‘tgan. Xo‘sh, madhiyamiz bilan bog‘liq qanday qiziqarli voqealar sodir bo‘lgan?
Yaratilish tarixi
Avvalo, madhiyamiz musiqasining yaratilishi tarixiga nazar solsak. Bu jarayon mustaqil O‘zbekiston tarixidan avvalroqqa borib taqaladi.
1946-yilda SSSRning ilk madhiyasi paydo bo‘lganidan so‘ng O‘zbekiston ham o‘z madhiyasini yaratishga kirishadi. Madhiya musiqasi bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Unda o‘sha vaqtlar endi ijodini boshlagan bastakor Mutal Burhonov musiqasi g‘olib chiqadi.
“Boshqa yumushlarni chetga surib, butun vujudim bilan ishga kirishdim. O‘zbek xalq musiqasining rangin ohanglarini izladim, chunki unda shashmaqomimizning gardun yo‘li bor... Nihoyat, madhiyani tugatdim. Notalarini tayyorlab, konvertga soldim-da ustiga “poema” deb shartli nom qo‘yib, hay’atga jo‘natdim», – deya yozgan bastakor o‘zining “Ko‘ngil xazinasi” kitobida. 1967-yilga kelib O‘zbekiston SSR madhiyasi matniga Turob To‘la tomonidan ayrim o‘zgartirishlar kiritiladi, ammo musiqa o‘zgartirilmaydi.
Mustaqil O‘zbekiston madhiyasi
1990-yilning 24-martida O‘zbekiston Oliy Sovetining birinchi sessiyasi o‘z ishini boshlaydi. Oliy Sovet qarori bilan Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi yangi madhiyasining matni va musiqasini ishlab chiqish vazifasi yuklatiladi.
1991-yil 5-aprel kuni qo‘mitaning Pirimqul Qodirov raislik qilgan yig‘ilishida faqat bitta – “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi uchun taqdim etilgan she’rlarni saralash” masalasi ko‘riladi. Yig‘ilishda 90 ga yaqin taxalluslar bilan qatnashgan shoirlarning 12 ta she’ri keyingi bosqich uchun tanlab olinadi.
Yangi madhiya asosi
Oradan ikki oy o‘tgach, davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar tanlovi ham o‘tkaziladi. Tanlovda 30 ga yaqin musiqiy asarlardan birontasi ham komissiya a’zolariga to‘la ma’noda ma’qul kelmaydi. 2 ta musiqiy asar esa qayta ishlash sharti bilan ikkinchi turga o‘tkazildi. Yig‘ilish yakunida taniqli musiqashunoslar fikriga tayanilib, hozirgacha jaranglayotgan Mutal Burhonov asarini yangi madhiyaga asos qilib olish fikri ma’qullandi. Shunday qilib, 40 yildan beri ijro etib kelinayotgan madhiya musiqasi o‘zgarishsiz qoladi.
Yakuniy bosqich
1992-yilning oktabr oyida she’r tanlash bo‘yicha ikkinchi bosqich yig‘ilishida g‘olib shoirlar ism-familiyasi aniq bo‘ladi. Qo‘mita qaroriga binoan Abdulla Oripov Mutal Burhonov musiqasiga moslab yangi she’r yozib beradi. Natijada navbatdagi sessiyaga Abdulla Oripov she’ri va Mutal Burhonov musiqasi, Mirpo‘lat Mirzo she’ri va Rustam Abdullayev musiqasi, Abdulla Oripov she’ri va Baxtiyor Aliyev musiqasi taqdim etiladigan bo‘ladi. 1992-yil 8-dekabrda boshlangan O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Kengashi o‘n birinchi sessiyasining dastlabki kunida O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi qabul qilinadi. Sessiyaning uchinchi kuni – 10-dekabrda esa mustaqil O‘zbekistonning Davlat madhiyasi variantlari deputatlar hukmiga havola etiladi. Ovozga qo‘yish jarayonida A.Oripov va M.Burhonov varianti deputatlar tomonidan to‘la ma’qullanadi. Bu haqida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Izzatulla Norquvvatov hikoya qiladi.
Endi esa madhiyamiz professional va tantanali kuylanadigan Konservatoriyaga va uning yaratilish tarixini hujjatlarda saqlayotgan O‘zbekiston milliy arxiviga tanishtiruv videosini tomosha qilamiz.
Vizual kontent
O‘zbekiston davlat konservatoriyasidan O‘zbekiston Milliy arxiviga
Pedagog: Bizning davlatimiz madhiyasidan qanday foydalanish mumkin?
Bu haqida nimalarni bilasiz?
(Talabalarning javoblari tinglanadi)
Aziz talabalar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida” qonunda bunga aniq javoblar bor. Kelinglar shu qonun asosida tayyorlangan videokontentni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Davlat madhiyasi qayerlarda ijro etiladi?
Pedagog: Aziz talabalar! Bugungi kunda O‘zbekiston davlati madhiyasining ahamiyati nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Qani siz javob bering-chi? Siz bu borada nimalarni ayta olasiz?
(Talabalarning javoblari tinglanadi).
Pedagog: Har bir mamlakatning o‘z madhiyasi bor. Bu madhiyalar o‘sha davlatning tarixi, bosib o‘tgan yo‘li, o‘ziga xos urf-odatlari natijasida yaralgan.
Masalan:
1. Ispaniya madhiyasida SO‘Z YO‘Q, shunchaki kuy yangraydi. Chunki Ispaniya madhiyasini so‘zlari tarixda juda ko‘p almashgan, har safar hokimiyat tepasiga yangi qirol kelganida madhiya so‘zi o‘zgargan. Oxirgi madhiya so‘zlari diktator Franko davrida bo‘lgan. Shundan keyin madhiyaga so‘z qo‘ymaydigan bo‘lishgan. Hozir kuy yangraganda shunchaki «la-la-la-laaa» deb turiladi. Buni, masalan, futbol o‘yinlari payti stadionda Ispaniya madhiyasi qo‘yilganida ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.
2. Yaponiya madhiyasi – dunyodagi eng QISQA madhiyalardan biri. Uning matni dunyodagi eng qadimiy madhiya matni bo‘lib, 1000 yillik tarixga ega. Matn atigi 31 bo‘g‘indan iborat. Bu bitta TikTok videosidan ham qisqa degani.
3. Gretsiya madhiyasi esa dunyodagi eng UZUN madhiya – u 158 banddan iborat katta doston. Albatta, odatda bu so‘zlarning hammasi aytilmaydi – 8-12 qatori kuylanadi. Lekin rasmiy matn 158 band!
4. Janubiy Afrika madhiyasi 5 TILDA aytilgan yagona madhiyadir. U Zulu, Xosa, Sesoto, Afrikaans, Ingliz tillarida kuylanadi. Bu JAR mamlakatining tarixi va etnik tarkibi bilan bog‘liq o‘ziga xos madhiyadir. JAR shuncha rang-barang qabilalar bir mamlakatda tinch yashaydigan yurt ekanini ko‘rsatadi, ya’ni millatlar va tillar turfaligi birlashishga xalaqit bermaydi degan g‘oyani ilgari suradi. Tasavvur qiling, bir darsda 5 ta tilda gaplashish kerak bo‘lsa.
5. AQSh madhiyasi aytishga JUDA QIYIN madhiyadir. Hatto Professional xonandalar ham undagi baland notalarni ololmay qolishadi ko‘pincha. Oddiy odamlar uchun bu madhiyani kuylash juda murakkab vazifa. So‘zlari ham qiyin. Shuning uchun sportchilar orasida xalqaro xato qilish ko‘p uchrab turadi. Sizlar AQSh madhiyasi kuylanganida xatolar qilinishining sabablarini to‘g‘ri tushunishingiz kerak.
Bizning jonajon O‘zbekistonimiz madhiyasi esa kuyi jarangdor, uzunligi eng maqbul va so‘zlari talaffuzga oson yurt qo‘shig‘idir. Biz shunday qo‘shiqni yaratib bergan mualliflarga minnatdor bo‘lishimiz lozim.
Kelinglar, hozir madhiyamiz matniga sharh berilgan videokontentni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Madhiyamiz matniga sharh
Pedagog: O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi mustaqillikka e’tiqodni targ‘ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi.
Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, ahamiyatli mitinglar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga e’tiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
Yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarida mazkur shukuhli tarona jaranglaganda qalblarimiz faxr-u iftixorga to‘ladi.
Xabaringiz bor, yaqinda hamyurtimiz shaxmatchi Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha jahon kubogini yutdi. Bu mamlakatimizda shaxmat, umuman, intellektual sport turlariga qaratilgan yuksak e’tiborning natijasidir. Albatta, juda nufuzli g‘alaba. Butun dunyodagi ommaviy axborot vositalari Javohirning g‘alabasini yozdi va bu xabarlarda albatta vatanimiz nomi – O‘zbekiston ishtirok etdi. Juda faxrli-a? Javohir Sindorov xalqaro musobaqalarda ko‘p ishtirok etgan va g‘alabalarimiz sharafiga madhiyamiz kuylanishiga guvoh bo‘lgan. Kelinglar, uning sizlar uchun maxsus aytgan fikrlariga quloq solamiz.
Vizual kontent
15 yildan beri shaxmat bilan shug‘ullanaman – Javohir Sindorov
Bu ulug‘vor qasidani tinglaganda, kuylaganda beixtiyor eng jo‘shqin, umidbaxsh tuyg‘ular junbushga keladi. Ko‘z oldimizda ezgu niyatlari o‘ziga esh xalqimiz, ona Vatanimizning tarovati, boy tarixi, saodatli buguni va buyuk kelajagi namoyon bo‘ladi.
Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh uradi. Demak istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayveradi.
3. YAKUNIY QISM
Hurmatli talabalar, biz sizlar bilan O‘zbekiston madhiyasi haqida gaplashdik.
Bugun biz madhiyani faqat tarix sifatida o‘rganmadik. Bugun biz o‘zimiz haqimizda ham bir haqiqatni bildik.
Har bir davlatning madhiyasi bo‘lganidek, har bir madhiyaning ham o‘z xalqi bor. O‘zbekiston madhiyasi siz-u biz bilan tirik.
Madhiyani har kuni minglab odamlar kuylaydi. Lekin uning haqiqiy ma’nosini – kelajagini – aynan siz belgilaysiz. Chunki O‘zbekiston kelajagi o‘z-o‘zidan ulug‘ emas. Uni ulug‘ qiladigan – sizning xarakteringiz, mehnatingiz, qarorlaringiz va tanlovlaringizdir.
Siz qanchalik yuksalsangiz, madhiyamiz ham shunchalik yuksak minbarlarda yangraydi.
Bugun siz ko‘rdingizki, dunyoda madhiyalar turlicha – ba’zilarida so‘z yo‘q, ba’zilarida 5 til bor, ba’zilarini kuylash juda qiyin. Lekin hammasi bir ishni qiladi – o‘z xalqini birlashtiradi. O‘zbekiston madhiyasi ham shunday.
U hali sizning g‘alabalaringizni kutyapti. U hali sizning yutuqlaringiz bilan balandroq yangraydi. Va bir kun kelib stadionda, xalqaro sahnada, ilm-fan mukofotlarida yoki siz yaratgan kompaniyaning yutuqqa erishish marosimida aynan shu madhiyani kuylashingizni tasavvur qilyapsizmi?
Unda shu orzu sari olg‘a!