“Kelajak soati” 16-mavzu

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILARI UCHUN DAVRA SUHBATI:

“KIYINISH ODOBI”

 

Davra suhbatining maqsadi:

– Bolalarga kiyinish odobini o‘rgatish;

– Toʻgʻri va ozoda kiyinishga, kiyimlarni ehtiyot qilishga, kir qilmaslikka, saranjom saqlashga oʻrgatib borish. 

Kutilayotgan natija:

– Kiyimlarni to‘g‘ri kiyish ko‘nikmasi shakllanadi;

– Kiyimlarni ozoda saqlash kerak ekanligini anglaydi;

– Kiyimlarni tartiblashni o‘rganadi.

 

Bolalarda ozoda va tartibli bo‘lishga odatlanish shakllanadi. Kiyimdagi betartiblikka (tugmachaning noto‘g‘ri qadalgani yoki yechilib ketgani, yoqaning qayrilib qolgani, oyoq kiyimining loy yoki changligi) e’tibor berish rivojlanadi. Ko‘zguga qarab, kiyimini tartibga keltirishi, ularni mustaqil to‘g‘rilash yoki yordam so‘rab kattalarga murojaat qilish ko‘nikmasi shakllanadi.

 

Kerakli jihozlar:

Kiyinish odobi mavzusiga oid rasmlar.

 

Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa.

 

KIRISH QISMI:

Tarbiyachi: Bolajonlar, bugun sizlar bilan kiyinish odobi haqida suhbatlashamiz.

Har kuni ertalab oyingiz sizni bog‘chamizga toza va ozoda kiyintirib olib keladi. Siz bu kiyimlarni kir qilmay, tugmalarini oʻynab uzmay, ovqatlanayotganingizda ovqatlarni toʻkmay, choʻntaklarini yirtmay kiyishingiz kerak. Bolajonlar, mana bu rasmlarga qaranglar. Bular nimasi bilan bir-biridan farq qiladi?

 

                      

 

Tarbiyachi: Bolajonlar, rasmda ko‘rsatilgan bolalar qanday kiyingan? Ularning kiyinishida  qanday farqlar bor?

Bolalar: Biri ozoda va chiroyli. Ikkinchisi kir, xunuk kiyingan.

Tarbiyachi: Yaxshi bolalar doimo kiyinish odobiga rioya qiladilar. Siz ham hamisha kiyinish odobiga rioya qiling. Endi esa mana bu rasmlarga qarang.

Tarbiyachi: Bolajonlar, biz koʻrayotgan rasmlarda ozoda, saranjom kiyingan bolalar koʻrsatilgan. Rasmlarga qarang, odobli bolalar qanday kiyinyaptilar? Kiyimlarini qanday saqlayaptilar? Mana bu qizcha qoʻgʻirchogʻini  tartibli kiyintiryapti. Tartibli kiyinish qanday boʻladi? Avval nimani egnimizga kiyishimiz  kerak? Ko‘ylaknimi,  oyoq kiyimnimi, bosh kiyimimiznimi?

Bolalar javobi tinglanadi.

 

                                  “Kiyimlarni taxlab qoʻy”

Tarbiyachi: Bolajonlar, uxlash oldidan kiyimlarni yechib, pijamalarni kiyib olasiz. Yechinganda kiyimlaringizni yechib, chiroyli qilib o‘rindig‘ingizga taxlashingiz kerak.

Tarbiyachi kiyimlarni taxlab qoʻyishni koʻrsatadi.

Uyqudan turganingizdan soʻng yana tartib bilan kiyimlaringizni kiyib olasiz. Tarbiyachi kiyimlarni qanday kiyish kerakligini koʻrsatadi.

 

INTERFAOL O‘YIN: “To‘g‘ri kiyindi noto‘g‘ri kiyindi”

Maqsad:

Bolalarda kiyimlarni to‘g‘ri kiyish, noto‘g‘ri kiyinishni ajratish, ozodalikka e’tibor berish ko‘nikmasini kuchaytirish.

O‘yin uchun kerakli jihozlar:

– Ikki xil rasm:

1.    Toza, tartibli kiyingan bola

2.    Tugmasi yechilgan, yoqasi qayrilgan, paypog‘i noto‘g‘ri kiyilgan yoki kir kiyimdagi bola

 

O‘yin jarayoni:

1. Tarbiyachi ikki rasmni ko‘rsatadi va aytadi:

“Bolajonlar, hozir biz birgalikda kichik o‘yin o‘ynaymiz. Mana bu ikki bola turibdi. Qaysi biri to‘g‘ri kiyingan, qaysi biri noto‘g‘ri?”

Bolalar javob beradi.

2. Tarbiyachi savollar bilan faollikni oshiradi:

  • “Nega bu bola tartibli deb o‘ylayapsiz?”
  • “Bu rasmdagi bolaning kiyimida qanday kamchilik bor?”
  • “Agar tugmangiz yechilib qolsa, nima qilasiz?”
  • “Agar paypoqni noto‘g‘ri kiyib qo‘ysangiz, o‘zingiz to‘g‘rilay olasizmi?”

Bu savollar bolalarning fikrlashini faollashtiradi.

 

3. Mini-vazifa: “Kiyimni to‘g‘rilab ber”

Tarbiyachi bir kichik qo‘g‘irchoqning kiyimlarini noto‘g‘ri kiydirib ko‘rsatadi:

– yoqasi qayrilgan

– tugmalari noto‘g‘ri qadalgan

– paypoq noto‘g‘ri kiyilgan

“Bolajonlar, kim bu bolaga yordam beradi? Kiyimlarini qanday to‘g‘rilash kerak — birgalikda ko‘rsatamiz!”

Bir-ikki bola chiqib, qo‘g‘irchoqdagi kiyimni to‘g‘rilaydi.

 

Tarbiyachi: Bolajonlar, kelinglar endi kiyinish odobi haqida bir video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Kiyinish odobiga oid 7 eslatma

 

SAVOLLAR:

 

1.Bolajonlar, bugungi suhbatimiz qanday mavzuda boʻldi?

2.Qanday kiyinish kerak ekan?

3.Kiyimlarni taxlab qoʻyish qanday odat?

4.Odobli bolalar qanday kiyinadilar, kiyimlarini qanday saqlaydilar?

Bolalar javobi

 

Yod olish uchun she’r

                                                                                        

D.Nasrullayeva

Kiyimlarim asrayman,

Sira ham kir qilmayman. 

Javonimga bittalab,

Hammasini taxlayman.   

Tugmam turar joyida,

Paypoq poyi – poyida

Ko‘ylak menga yarashar,

Havas bilan qarashar.

Kiyinish odobini

Juda yaxshi bilaman.

Mendan o‘rnak olishar,

Men ozoda bolaman.