“Kelajak soati” 16-mavzu

“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

 16-mavzu: “Jadid bobolarimiz”

 

Dars maqsadi:

Annotatsiya: “Jadid bobolarimiz” mavzusi orqali o‘quvchilarga “Jadidlar kimlar?”, “Jadid bobolarimiz qanday ishlarni amalga oshirganlar” “Jadid bobolarimiz bizlar uchun qanday meros qoldirgan?” kabi savollarga javob beriladi, ularning hayotiy va ijodiy faoliyati, amalga oshirgan ishlari haqida ma’lumotlar taqdim etiladi. Ularning tarbiyaga oid fikrlarini, hikmatlarini, ibratli hikoyalarini o‘quvchilarga yetkazish orqali o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy ko‘nikmalari  rivojlantiriladi. Dars davomida jadidlarning tarbiyaviy so‘zlari, g‘oyalari, ijod namunalari, videokontentlarini tomosha qiladilar. Fikrlashini rivojlantirishga yo‘naltirilgan topshiriqlar bajaradilar. Dars natijasida bolalar jadid bobolarimiz haqida yaqindan bilib oladilar hamda ulardan faxrlanish hissi shakllanadi.  

Aniq maqsadlar: 

1.    Jadid bobolar haqida ma’lumot berish. Ular amalga oshirgan ishlarning ahamiyatini tushuntirish.

2.    Jadid bobolarimiz tomonida yaratilgan asarlarning mazmunini ochib berish.

3.    Tarbiya, axloq, bilim, fikrlash inson yuksalishida muhim ekanligini asoslash.   

4.    Jadid bobolarning hikmatlarini kundalik hayotimizga tatbiq etishga yo‘naltirish.

5.    Yaxshi xulqi, bilimi va kelajakda tanlagan kasbi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘zining  munosib hissasini qo‘shishiga motivatsiya beriladi.

Asosiy g‘oyalar: Jadid bobolarimiz o‘zbek bolajonlari o‘qishi, bilim olishi, til o‘rganishi uchun, teng huquqli, erkin inson bo‘lishi uchun kurashganlar. Maktablar tashkil etib, darsliklar, badiiy va ilmiy asarlar yaratganlar. Millat yoshlarini go‘zal xulqli, bilimli, o‘zini namoyon eta oladigan qilib tarbiyalash yo‘lida xizmat qilganlar. Shuning uchun ham Jadid bobolarimiz milliy qahramonlarimizdir!

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1.    Aqliy va tushunchaviy darajada:

·      Jadid bobolarimiz kimlar ekanligini va amalga oshirgan ishlarini so‘zlab bera oladilar.

·      Jadid bobolarimizning hikmatlari ma’nosini tushunadilar va shu asosda o‘z harakatlarini tahlil qiladilar.

·      Jadid bobolarimiz orzu qilgan “Ozod, bilimli, kuchli va axloqli avlod”  bo‘lishga intiladilar va ushbu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan “O‘zimni yuksaltiraman” individual-aqliy-axloqiy rivojlanish xaritasini yarata oladilar. 

2.    Hissiy va qadriy yondashuvda:

·      Jadid maʼrifatparvarlarining so‘zlaridan, g‘oyalaridan, hikmatlaridan ibrat olib, axloqiy, ma’naviy dunyoqarashi rivojlanadi.

·      Yaxshi inson bo‘lish uchun qanday fazilatlar egasi bo‘lishi lozimligi haqida tasavvurga ega bo‘ladi. 

3.    Amaliy ko‘nikmalarda:

·      Jadidlar kim va qanday ishlarni amalga oshirganlar degan savolga javob bera oladi.

·      Maktabda, sinfda va oilada go‘zal xulq-atvor ko‘nikmalarini egallashga va o‘z qobiliyatidan toʻgʻri foydalanishga o‘rganadi.

·      Jadid bobolari bergan ko‘rsatmalardan kundalik va kelajak faoliyatini tashkil etishda foydalanadi. 

4.    Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

·      Jadid bobolarimiz va ular qoldirgan ma’naviy merosning yurtimiz taraqqiyotidagi ahamiyatini anglaydi.

·      Mas’uliyatli bo‘lish, suhbatdoshini hurmat qilish, berilgan vazifalarni vaqtida bajarish, qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik qilishga intiladi.

·      Jadid bobolar o‘gitlarini o‘zlashtirib, ota-onasi, ustozlari, do‘stlariga yordamlashadi. Vazifalarni, muammolarni birgalikda yechishga harakat qiladi. Shu Vatanda o‘zining ham o‘rni bor ekanligini his qiladi.

Metapredmet: O‘quvchilar jadid bobolari haqida bilimga ega bo‘ladilar. Jadid bobolarning axloq, xulq, muomala, madaniyatga oid qarashlarini o‘zlashtirish (Tarbiya fani) imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Jadidlarning ijod namunalari bilan tanishib borish va ma’naviy ozuqa olish (musiqa, tasviriy san’at, ona tili, o‘qish savodxonligi darslari orqali).

Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: izohli suhbat metodi, audio-video vizual, imitatsion o‘yin elementlari va qo‘shimcha ko‘rsatmali materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

 Materiallar to‘plami:

      dars ssenariysi;

      nazariy ma’lumotlar;

      videomateriallar;

      interfaol topshiriqlar;

      taqdimot.

 

Dars ssenariysi

 KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, zukko bolajonlar! Bugungi “Kelajak soati” darsimiz juda jiddiy va muhim mavzuga bag‘ishlangan.

Doskadagi ikki suratga yaxshilab qaranglar-chi.

Doskaga quyidagi ikki suratni yopishtirib qo‘yadi.

1-surat. Buxorodagi eski maktab

 

2-surat. Buxorodagi jadid maktabi

 

O‘qituvchi:

– Bolajonlar, hozir sizlar ikki xil maktabning suratini ko‘ryapsiz. Har ikkisi ham bizning tariximizda bo‘lgan maktablar. 1-suratdagi maktab 150 yil oldingi, 2-suratdagi esa 120 yil oldingi maktab. Juda sinchiklab qarang. Farqini topa olasizmi?

(Bolalar farqlarni ayta boshlaydi)

– Yorug‘/qorong‘i, partalar bor/yo‘q, kitob bor/yo‘q, bolalar quvnoq/qiyinchilikda o‘tiribdi...

O‘qituvchi:

– Juda yaxshi! Endi ayting-chi, qaysi maktabda o‘qish osonroq? Qaysi birida bilim tezroq o‘zlashtiriladi? Nima uchun?

3-4 o‘quvchi qisqa fikr bildiradi.

 O‘qituvchi

– Aziz bolalar, siz topgan mana shu farq – bizning bugungi mavzuyimizning asosi bo‘ladi! Bu chap tomondagi – eski maktab. Unda bolalar savod chiqarish uchun, oddiy alifbeni o‘rganish uchun ikki-uch yillab vaqt yo‘qotishgan, qiynalishgan. O‘ng tomondagi esa – yangi usul maktabi, ya’ni usuli jadid! Bunday maktablarda bolalarning savodi tez chiqqan, masalan, Namangandagi Ishoqxon To‘ra Ibratning yangi usul maktabida bolalar 2 oyda Alifbeni o‘rganib, matnlarni o‘qiy boshlashgan. Shundan so‘ng ularning boshqa yangi bilimlar, masalan, matematika, astronomiya, geografiya kabi fanlarni o‘rganishga ko‘proq vaqti bo‘lgan va ular ko‘proq bilim olishgan.

Demak, jadidchilik aslida maktabdan – o‘qitish usulidan boshlangan!

 

O‘qituvchi:

– Jadid bobolarimiz nimadan boshlash kerakligini juda yaxshi tushungan:

“Agar o‘qish o‘zgarsa – bolalar o‘zgaradi. Bolalar o‘zgarsa – jamiyat o‘zgaradi.”  Shuning uchun ular birinchi navbatda:

yangi maktab qurdi,

yangi darsliklar yozdi,

yangi o‘qitish metodini yaratdi,

bolalarning savodi tez chiqishi uchun qulay sharoit yaratdi.

Shundan keyingina jadidchilik adabiyotga, teatrga, matbuotga, siyosatga ham kirib keldi. Ammo bu harakatning boshida MAKTAB TURARDI.

 

Mini-interaktiv savol-javob: “Agar siz jadid bo‘lsangiz…” (2 daqiqa)

O‘qituvchi:

Tasavvur qiling, siz jadid bobolarning o‘rnidasiz. Qaysi maktabda bolalar ko‘proq bilim oladi deb o‘ylaysiz?

Qulay, yorug‘ maktabda o‘qisa, nima o‘zgaradi?

Bola javoblari taxminan:

– Tezroq o‘rganadi

– Ko‘proq kitob o‘qiydi

– Qiziqadi

– Yaxshi inson bo‘ladi…

O‘qituvchi xulosalaydi:

– Ha! Jadid bobolar aynan shuni istaganlar: sizlarning bugungi chiroyli maktablarda bilim olishingiz uchun kurashgan!

Bolajonlar, bugungi darsda biz:

– katta ishlarni aynan maktabdan boshlagan jadid bobolar bilan tanishamiz;

– ular nima uchun kitob yozgan, nima uchun yangi usul yaratgan – shularni bilib olamiz;

“Men qanday qilib yangi avlod jadidi bo‘lishim mumkin?” degan savolga javob topamiz.

Tayyormisiz?

Bolalar:

– Haa-aa!

 

ASOSIY QISM (25 daqiqa)

O‘qituvchi:

– Bolajonlar, jadid bobolarimiz hayotini yaxshi o‘rgangani uchun Germaniyaga sayohat yo‘llanmasini yutib olgan maktab o‘quvchisi haqida eshitganmisiz? Ha, shunday o‘quvchi bor. Hozir u sizga o‘z yutuqlari va Germaniya sayohati haqida aytib beradi.

 

Vizual kontent

7-sinfda Germaniyaga sayohat qilgan oʻquvchi – Diyora Musulmonova

 

O‘qituvchi:

– Ko‘rdingizmi, bolalar, jadid bobolarimizga hurmat, ularning bizga qoldirgan merosini o‘rganish sizlarni ham ana shunday aqlli qiladi. Demak, jadid bobolarimiz faoliyatini o‘rganishni boshlaymiz.

 

Behbudiy – Yangi maktabning me’mori”

 

Doskaga Behbudiy boboning surati qo‘yiladi.

 

Bolajonlar, tasavvur qiling, siz yangi maktab ochmoqchisiz, lekin qo‘lingizda darslik yo‘q. Darslik bo‘lmasa, qanday o‘qitamiz?

O‘quvchilarning javoblaridan so‘ng:

– Mana shu jarayonda sahnaga birinchi bo‘lib Mahmudxo‘ja Behbudiy chiqadi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919)

Bolajonga nasihat: 

“Ikki emas, to‘rt til lozim”, ya’ni xorijiy  tillarni o‘rganmoq bilimlarni ko‘proq egallashga ko‘maklashadi. 

– Behbudiy bobo sizning qo‘lingizdagi bugungi darsliklarning ajdodi bo‘lgan “usuli jadid” darsliklari muallifidir. U bolalar uchun quyidagi kitoblarni yaratgan:

• “Kitob ul-atfol”

• “Bolalar uchun kitob”

• “Husnixat”

 

– Endi ayting-chi, darslik bo‘lmasa nima bo‘ladi? 

Agar darsliklar bo‘lmasa, o‘quvchilar darsni tushunishmaydi, mashqlar ishlab bilimni mustahkamlay olishmaydi, o‘zlashtirish qiyin bo‘ladi. Behbudiy darslik yozish  maktabning yuragi ekanini birinchi bo‘lib anglagan jadid bobolarimizdan.

 

Mini-interaktiv: “Mening orzuyimdagi darslik”

– Agar siz ham Behbudiy bobodek darslik muallifi bo‘lsangiz, qaysi fan bo‘yicha kitob yozgan bo‘lardingiz?

Bolalarning javoblari tinglanadi va olqishlanadi.

 

Munavvar Qori – “Yangi maktablar muhandisi”

O‘qituvchi:

– Endi tasavvur qiling: kitoblar bor, lekin maktab yo‘q. Qayerda o‘qiymiz?

– Mana shu paytda Turkistonning buyuk jadidi Munavvar qori Abdurashidxonov yangi maktablar ochishni boshlaydi.

Doskaga Munavvar Qorining surati chiqariladi.

 

Munavvar Qori Abdurashidxonov (1878-1931)

 Bolajonga nasihat: 

Yoving kimdir, bilasanmi? Nodonlikdir, yalqovlikdir,

Yovga qarshi kurashmaslik – qo‘rqoqlikdir, anqovlikdir! 

 

“Yalqovlik yovimiz” she’ridan.

  

Munavvar qorining xizmati

• yangi usul maktablari ochgan,

• matematika, tarix, geografiya bo‘yicha darsliklar yozgan,

• bolalar uchun she’r va hikoyalar yaratgan,

• o‘qitish metodikasini zamonaviylashtirgan.

 

 

Mini sahna: “Eskidan yangiga”

Ikki bola ishtirokida kichik ko‘rinish: biri eski maktab o‘quvchisi, biri yangi maktab o‘quvchisi. Eski maktab o‘quvchisi rolidagi bola yerga solingan gilamcha ustida kitob ustiga muk tushib o‘tiradi. Yangi maktab o‘quvchisi partada qaddini tik tutib kitob o‘qiydi.

O‘qituvchi savol beradi:

– Qaysi bola tezroq savod chiqaradi? Nega?

Bolalarning javoblari.

Xulosa:

– Yangicha maktab, tartib, partalar va darsliklar tufayli o‘quvchilar tezroq o‘qishni o‘rgangan.

 

Abdulla Avloniy – “Birinchi muallim”

Doskaga Avloniyning surati qo‘yiladi.

 

 

Abdulla Avloniy

 (1878-1934)

Bolajonga nasihat: 

Har kim nima eksa, albatta, shuni o‘radur,
Ekmaganlar oʻzgalarga muhtoj boʻladur.

(Bahor she’ridan)

O‘qituvchi:

– Aziz bolalar, siz bilgan “Alifbe” va “O‘qish savodxonligi” darsliklarining ilk muallifi kim, bilasizlarmi? Bu darsliklar muallifi Abdulla Avloniydir!

Avloniyning jadid maktabi rivojiga qo‘shgan hissasi:

• O‘z hovlisida yangi usul maktab qurgan

• Parta, doska va jihozlarni o‘zi yasagan

• “Birinchi muallim” – ilk zamonaviy alifbe kitobini yozgan

• “Ikkinchi muallim” – o‘qish savodxonligi kitobi asoschisi bo‘lgan.

• “Turkiy Guliston yoxud axloq” degan tarbiya haqida darslik risola yozgan.

O‘qituvchi:

– Avloniyning yangi usuli tufayli bolalar bir necha hafta ichida savod chiqarishni boshlagan.

 

Mini-interaktiv:

O‘qituvchi savol beradi;

      Tez savod chiqish siri nimada?

Bolalar faraz qiladi:

– Yaxshi darslikda, parta va doska bo‘lishida, qulay o‘tirish uchun sharoit borligida, o‘qituvchi qiziqarli va tushunarli dars o‘tishida...

 

Fitrat – “Zamonaviy tilshunoslik va adabiyotshunoslik asoschisi”

Fitratning surati ko‘rsatiladi.

Abdurauf FITRAT

(1886-1938)

 

Bolajonga nasihat: 

Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal!

(“O‘gut” she’ridan)

 

O‘qituvchi:

– Maktab bor, darslik bor. Endi muhim savol: biz qanday til bilan, qanday qoida asosida o‘qiymiz?

Mana shu savolga Fitrat boboning o‘zi javob bergan.

Fitratning xizmatlari

• “Ona tili”, “Til grammatikasi” kabi ilk grammatik darsliklarni yaratgan;

• “O‘zbek musiqa tarixchasi” nomli musiqa ta’limiga asos bo‘lgan darslik yozgan;

• “Oila” nomli tarbiya va qadriyatlar haqidagi kitobni yozgan;

• Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi.

 

Interaktiv: “Til – bilimning kaliti”

O‘qituvchi so‘raydi:

1.    Nima uchun tilni bilish muhim?

2.    Tilni yaxshi bilgan odam nimalarga erishadi?

3.    Fitratning ishlari bo‘lmaganda nimalar o‘zgarib ketgan bo‘lardi?

Bolalar javob beradi.

O‘qituvchi xulosa qiladi:

– Jadidlar uchun bilimning eng kuchli quroli – bu til.

 

Qodiriy va Cho‘lpon – yangi adabiyot asoschilari

O‘qituvchi:

– Agar maktab yaxshi bo‘lsa, savod tez chiqsa, nima bo‘ladi?

Bolalar:

– Shoirlar chiqadi!

– Yozuvchilar ko‘payadi!

– Kitoblar yoziladi!

O‘qituvchi:

– Ha, maktablarda savod chiqargan, bilim egallagan yoshlarga yaxshi kitoblar kerak, adabiyot kerak. Jadid bobolarimiz ana shunday yangicha, yuksak, saviyali adabiyot yaratdilar. U zamonaviy o‘zbek adabiyoti deyiladi. Zamonaviy o‘zbek adabiyotining ikkita buyuk yaratuvchisi, yozuvchi Abdulla Qodiriy va shoir Abdulhamid Cho‘lpon bo‘ldi.

Aynan jadid maktablaridan chiqqan avlod keyinchalik Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon kabi buyuk adiblarning asarlarini o‘qib fikri o‘zgardi, rivojlanish haqida, yangi yorug‘ zamon qurishga harakat boshladi.

 

• Qodiriy – o‘zbek romanining asoschisi

• Cho‘lpon – yangi she’riyat maktabini yaratgan.

 

ABDULLA QODIRIY

       (1894-1938)

Bolajonga nasihat:

O‘qushsun millat avlodi bizni doim duo aylab,

Qilib tahsil ulumlarni fununa yaxshi yor o‘lsun.

(ulum – ilm, bilim; fununa – tartibsizlik, buzg‘unchilik)

                                  “Millatimga bir qaror” she’ridan

Cho‘lpon

(1897-1938)

 

Bolajonga nasihat:

Har mone’ni hatlab o‘tmak –         

Turmushda eng to‘g‘ri bir yo‘l! 

(mone’ – qarshilik, qiyinchilik, to‘siq)

       (“Vijdon erki”) she’ridan

 

Mana, bolajonlar, jadid bobolarimizning qilgan ishlari bilan tanishib oldik. Lekin ularning hammasi ham bir paytlar yosh bola bo‘lishgan. Ular bolaligida, masalan, siz tengi bo‘lishganida qanday bola bo‘lishgan? Kelinglar, shu haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Jadid bobolarimizning bolaligi

Demak, jadid maktablari faqat o‘qish uchun emas, balki keyinchalik teatr, adabiyot, matbuot va davlat boshqaruvi rivoji uchun ham poydevor bo‘lib xizmat qilgan.

 

– Aziz o‘quvchilar, bugun bilib oldikki, jadidchilikning barcha buyuk islohotlari maktabdan boshlangan.

• Maktab o‘zgardi

• Darsliklar paydo bo‘ldi

• O‘qitish metodlari yangilandi

• Avlodning savodi tez chiqdi

• Jamiyat o‘zgarishni boshladi

Maktab o‘zgarsa – avlod o‘zgaradi.

Avlod o‘zgarsa – kelajak o‘zgaradi.

 

Interfaol o‘yin:

Keling endi bolajonlar sizlar bilar “Javobini bilaman” ta’limiy o‘yinini o‘ynaymiz. Sizlarga yuqorida aytgan ma’lumotlarimga tayanib,  jadidlar faoliyati va ijodiga doir savollar beraman. Sizlar esa shu savollarga eslab qolganlaringiz asosida to‘g‘ri javob berishga harakat qiling!

O‘qituvchi: 1. “Birinchi muallim” kitobini kim yozgan?

O‘quvchilar: Avloniy bobo.

O‘qituvchi: 2. “Husnixat” kitobini kim yaratgan?

O‘quvchilar: Behbudiy bobo.

O‘qituvchi: 3. “Devpechak” hikoyasini kim yozgan?

O‘quvchilar: Munavvar qori bobo.

O‘qituvchi: 4. Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal! Ushbu o‘gitlarni kim aytgan?

O‘quvchilar: Fitrat bobo.

       O‘qituvchi: 5. Har mone’ni hatlab o‘tmak

                             Turmushda eng to‘g‘ri bir yo‘l!

       O‘quvchilar:  Cho‘lpon bobo.

       O‘qituvchi: Bolalik xotiralari haqidagi “Uloqda” asari kim yozgan?

       O‘quvchilar: Qodiriy bobo.

O‘qituvchi: Millat, Vatan, xalq uchun xizmat qilmoq, o‘qimoq, yuksalmoq Jadid bobolarimizning asosiy maqsadlari edi. Demak, aziz o‘quvchilar jadid bobolarimiz kimlar, qanday ishlar qilishgan, ularning orzulari nima edi degan savollarga javob topdik.

 

Bolajonlar, kelinglar hozir men sizga Abdulla Avloniyning “Yaxshilik yerda qolmas” hikoyasini o‘qib beraman. Hikoya “G‘uncha” jurnali 2023-yil, 7-sonida berilgan.

 

YAKUNIY QISM (10 daqiqa)

O‘qituvchi:

Aziz bolajonlar, bugun biz jadid bobolarimiz qanday buyuk orzular qilganini bilib oldik. Ular avvalo ta’limni, maktabni o‘zgartirishdi, chunki taraqqiyotning boshlanishi  ilm deb hisoblashdi.

Bugungi O‘zbekiston jadal rivojlanyapti, bu jadid bobolarimiz orzu qilgan ilm, ma’rifat yo‘li davom etayotgani tufaylidir.

Bolajonlar, endi sizlarni juda qiziqarli joy – Abdulla Qodiriy nomidagi uy-muzey bilan tanishtirmoqchiman. Bu uy-muzey bizning buyuk yozuvchimiz yashagan, ijod qilgan, o‘zining mashhur asarlarini yozgan muqaddas maskandir.

 

Vizual kontent

Biz tarixga tushib qoldik

 

O‘qituvchi:

– Ko‘ryapsizmi bolajonlar, bugun O‘zbekistonda jadid bobolarimizning xotirasi yuksak hurmat bilan e’zozlanadi.

Shaharlarda jadidlar nomidagi bog‘lar, ko‘chalar bor.  Bu ularning yurtga qilgan xizmatiga hurmat belgisidir.

 Jadidlar nomidagi ijod maktablari ochilgan. Bu maktablarda sizga o‘xshagan iqtidorli bolalar o‘qiydi, ijod qiladi, o‘rganadi. Bu jadidlarning “zamonaviy bilimli avlod bo‘lsin” degan orzusining davomidir.

 Ularning uy-muzeylari bor. Bu muzeylar sizga: “Mana bu insonlar siz uchun jonini ham ayamagan, sizning o‘qishingiz, baxtli bo‘lishingiz uchun kurashgan”, deb turadi.

 Jadidlar haqida hujjatli filmlar olishmoqda. Bu filmlar orqali katta-kichik barcha ularning hayoti, jasorati va g‘oyalarini bilib olishmoqda.

 Ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Yurtimizdagi olimlar jadidchilik tarixini chuqur o‘rganishyapti. Ularning fikrlari bugungi ta’lim islohotlariga ilhom bermoqda.

Jadid bobolar: “Najot – ilmda” degan edilar. Bugungi davlatimiz rahbariyati ham aynan shuni davom ettiryapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deydilar:

“Farzandlarimizni har tomonlama barkamol, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq insonlar etib tarbiyalashda taraqqiyparvar ajdodlarimizning aql-zakovati, iroda va matonati barchamiz uchun ibrat maktabidir.”

Bu degani: jadidlar boshlab bergan ish – bugun davom etmoqda. Yangi maktablar qurilmoqda, bolalar uchun ijod maktablari ochilmoqda, darsliklar yangilanmoqda, eng muhimi – ilmga juda katta e’tibor berilmoqda.

Jadidlarning: “Maktab o‘zgarsa – avlod o‘zgaradi” degan so‘zi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

O‘qituvchi bolalarni tik turishga chaqiradi:

– Endi tasavvur qiling: sizning yoningizda Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvarqori bobolaringiz turibdi. Ular sizga ishonch bilan qarab turishibdi. Ularning eng katta orzusi – sizning bilimli, mehribon, vatanparvar bo‘lishingiz edi.

 

Bolalar o‘qituvchi ortidan takrorlaydi:

– Men o‘qiyman.

– Men o‘rganaman.

– Men yaxshilik qilaman.

– Men jadidlar orzusidagi avlod bo‘laman.

– Men Yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagiman!

 

O‘qituvchi:

– Ajoyib! Endi siz ham o‘zingizni yuksaltirish orqali Vatanimizni yuksaltirasiz. Shunda jadid bobolarimiz orzulari ro‘yobga chiqadi.

Kelinglar endi darsimiz so‘ngida bir ajoyib qo‘shiq kuylaymiz.

 

Vizual kontent

“Obod Vatanim” – Karaoke

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/253 

 

Shu bilan darsimiz tugadi. Ko‘rishguncha!