“Kelajak soati” 16-mavzu

“Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

16-mavzu: “Jadid bobolarimiz”

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: Ushbu dars ishlanmasi 5-8-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda Jadidchilik harakati va uning tarixiy ahamiyati, jadid bobolarimizning milliy uyg‘onish, ma'rifatparvarlik va taraqqiyotga qo‘shgan hissasi ilmiy asosda yoritib berilgan. Dars ishlanmasi orqali o‘quvchilarga jadidchilik harakati vujudga kelishining sabablari, ular tomonida ilgari surilgan asosiy g‘oyalar, jadid namoyandalari (Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon va boshqalar) va ularning ma’naviy-ma’rifiy merosi haqida tushuncha beriladi.

 Aniq maqsadlar:

1. O‘quvchilarga jadidchilik harakatining vujudga kelishi va uning tarixiy ahamiyati haqida aniq hamda ilmiy asoslangan holda tushuncha berish.

2. O‘quvchilarga jadidlarning ma’rifiy, insonparvarlik g‘oyalari hamda ularning xalq savodxonligini oshirish, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishdagi o‘rni haqida bilim berish.

3. O‘quvchilarda vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya, o‘z tarixiga hamda milliy qadriyatlariga hurmat tuyg‘usini shakllantirish.

4. O‘quvchilarga jadid bobolarimizning jasorati, xalqparvarligi, zamonaviy dunyoqarashi kabi fazilatlarni ibrat sifatida ko‘rsatish.

 

Asosiy g‘oyalar: Jadidchilik harakati – bu o‘z xalqini zulmatdan nurga, jaholatdan ma’rifatga olib chiqishga bel bog‘lagan fidoyi ziyolilar harakatidir. Jadidlar harakatining namoyandalari pedagog yoki yozuvchi bo‘lib qolmasdan, balki millatning ko‘zini ochgan, uni uyg‘otgan, milliy o‘zligini anglashga undagan ma’rifatparvarlardandir. Ularning faoliyati orqali xalq orasida savodxonlik kuchaydi, milliy uyg‘onish boshlandi. Jadidlar xalqni faqat kuch bilan emas, bilim bilan ozod qilish mumkin deb hisoblaganlar. Bu harakat nafaqat o‘tmishda, balki bugungi kunda ham yosh avlod uchun ibrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. 

“Bizga jadid bobolarimiz kabi yetuk kadrlar zarur”.

Sh.M.Mirziyoyev

 

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy:

·         O‘quvchilar jadidchilik harakatining mohiyatini anglaydi, uning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini tushunadi.

·         Jadid bobolarimizning ma’rifiy faoliyati va insonparvarlik g‘oyalarini fikran tahlil qilgan holda, bu merosdan ibrat olish zarurligini chuqur idrok etadilar.

·         O‘quvchilarning milliy o‘zlik, ma’naviyat va vatanparvarlik haqidagi tushunchalari boyiydi.

2. Hissiy va qadriy:

·         Jadid ziyolilarining jaholatga qarshi kurashi o‘quvchilarda maqsad sari intilish va ongli yashash istagini uyg‘otadi.

·         Jadid bobolarimizning faoliyati orqali o‘quvchilar qalbida axloqiy tarbiya, mas’uliyat, o‘zlikni anglash va xalq xizmatida bo‘lish kabi g‘oyalar mustahkamlanadi.

3. Amaliy ko‘nikmalar:

·         O‘quvchilar ma’rifat, vatanparvarlik, jasorat kabi qadriyatlarga nisbatan ongli yondasha boshlaydi.

·         O‘quvchilar jadidchilik harakatining faoliyati, uning yuzaga kelish sabablarini mustaqil tahlil qila oladi.

4. Ijtimoiy-pedagogik:

·         O‘quvchilar jadid bobolarimiz misolida ijtimoiy adolat, ma’rifat va xalq xizmatida bo‘lish g‘oyalarini anglaydi hamda jamiyat oldidagi mas’uliyatini tushunadi.

·         Dars davomida olingan tarixiy saboqlar orqali o‘quvchi o‘z maktabi, oilasi yoki jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar qilishga intiladi.

·         O‘quvchilar o‘z xalqining ma’naviy merosi, qadriyatlari, tarixi haqida tushunchaga ega bo‘ladi. Milliy iftixor tuyg‘usi mustahkamlanadi. 

 

Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

- Tahliliy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmasi shakllanadi: O‘quvchilar tarixiy voqealar va shaxslar faoliyatiga mustaqil baho bera oladi, ularni zamonaviy hayot bilan bog‘laydi.

- Fuqarolik qadriyatlariga asoslangan dunyoqarash shakllanadi: O‘quvchilar jadidlar faoliyatidan ibrat olib, o‘z shaxsiy hayotiga ijtimoiy foydali xatti-harakatlarni tadqiq qilishga intiladi.

- Jamoada ishlash va ijtimoiy muloqot ko‘nikmalari shakllanadi: Guruhli topshiriqlar, fikr almashish orqali hamkorlikda ishlash ko‘nikmalari rivojlanadi.

- Axborotni qidirish va uni baholash: Ma’lumotlarni mustaqil izlab topish, tahlil qilish va tegishli joyda qo‘llash ko‘nikmalari rivojlanadi.

 

 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti. www.milliytarbiya.uz

 

 Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

- ssenariy;

- uslubiy tavsiyalar;

- videomateriallar;

- interaktiv topshiriqlar;

- taqdimot.

 

Dars ssenariysi

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi o‘quvchilarga quyidagi suratni ko‘rsatadi:

 


 

O‘qituvchi:

– Aziz o‘quvchilar, bir zum tasavvur qiling: mana shu suratdagi odam – butun mahallaning “axborot manbasi”, “interneti”. Hamma faqat undan yangiliklarni eshitadi. Chunki u – savodli. Atrofidagi odamlar esa gazetada nima deb yozilganini o‘zlari o‘qiy olmaydi. O‘ylab ko‘ring, nega bitta gazeta atrofida bunchalik odam to‘plangan? Nega ular bir qog‘ozni o‘zlari varaqlab, o‘qiy olishmayapti?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi:

– Endi o‘zingizning bugungi hayotingizga bir qarab ko‘ring. Siz har kuni Telegramda yozishasiz, guruhlarda fikr bildirasiz, ota-onangizga xabar yuborasiz. Biror mavzuda savol tug‘ilsa, ChatGPT’dan so‘raysiz. Kimdir sizga “xabar yubordim” desa, matnni ochib o‘qiy olasiz. Lekin savodingiz bo‘lmaganida-chi? Hatto telefoningizni ishlata olmay qolardingiz, shundaymi? Hattoki, sevgan qo‘shig‘ingizning nomini qidirib topa olmas edingiz. Shunda hayotingiz qanday bo‘lar edi?

Kichik pauza.

O‘qituvchi:

– Bundan 100-150 yil oldin sizlarning tengdoshlaringiz aynan shunday hayot kechirgan. Savod – bugungi kundagidek odatiy hol emas, balki faqat baxti kulgan, imkon topgan, yillar davomida domlaga pul to‘lab o‘qishga qurbi yetgan oz sonli odamlargagina nasib etadigan ulkan boylik edi. Oddiy bir harf tanish uchun ham odamlar yillarni sarflashgan. Ayniqsa, qiz bolalarning o‘qishi deyarli imkonsiz edi. Yangi kitob sotib olish – qimmat. Gazeta – boylarning qo‘lida. Ilm izlash – ba’zan xavfli.

O‘qituvchi ovozini biroz ko‘taradi:

– Shunday og‘ir sharoitda bir guruh jasoratli, qo‘rqmas, maqsadiga sodiq insonlar maydonga chiqdi. Ular shunday dedilar:

“Bu xalq uyg‘onishi kerak. Bu xalq savodli bo‘lishi shart. Ilm – taraqqiyot uchun eng kuchli qurol.”

Ular – jadid bobolarimiz edi.

Ular xalqning ko‘zini ochish, savodsizlik zulmatini yorish, bolalarga qisqa muddatda o‘qish-yozishni o‘rgatish, gazetalar orqali yangilik yetkazish, sahna orqali fikr uyg‘otish, adabiyot orqali qalblarga kirish uchun kurashdilar.

Sizlarning bugungi imkoniyatlaringiz – bu jadid bobolarimizning orzusi edi. Endi esa savol: agar siz o‘sha davrda yashaganingizda, savodsizlik zulmatiga qarshi kurashgan jadid bobolarimizning yonida bo‘larmidingiz yoki chetda jim kuzatib turarmidingiz?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

– Bugungi darsimizda biz shu savolga javob izlaymiz. Tadrijiy ravishda ko‘ramiz: savod qanday qilib odamni dunyoni anglashga olib chiqadi, jadidlar qanday inqilob yaratdi va ular bugungi hayotimizga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda. Sizlarni hayotiy misollar, videolar, sahnalar va interaktiv o‘yinlar kutmoqda.

 

ASOSIY QISM. (30 daqiqa)

O‘qituvchi ekranga 1900-yillar Turkistoni fotosuratlarini chiqaradi.

 

 


 


O‘qituvchi:

– Aziz o‘quvchilar, suratlarda o‘tmishdagi ta’lim qanday bo‘lganini ko‘rishingiz mumkin. O‘sha davrda kitob noyob boylik, gazeta faqat ayrim kishilarning qo‘lida edi. Xalqning aksariyati dunyodagi voqealardan bexabar yashagan.

Aynan shunday zulmat ichida jadid bobolarimiz sahnaga chiqdi – xalqni ilmsizlikdan qutqarish uchun.

Jadidlarning faoliyati tasodif emas, tarixiy ehtiyoj mahsuli edi. Ular jamiyatning orqada qolayotganini ko‘rib, “Bu xalq uyg‘onishi kerak!” degan xulosaga keldi.

“Jadid” – “yangi” degani. Ular ta’lim, matbuot, ma’naviyat, adabiyot, teatr – barchasiga yangilanish olib kirishga kirishdilar.

 

O‘qituvchi doskaga yozadi.

Jadidlarning asosiy maqsadlari:

• xalqni jaholatdan chiqarish;

• maktablarni yangilash;

• matematika, geografiya, tarix kabi fanlarni joriy qilish;

• ona tilida dars berishni yo‘lga qo‘yish;

• ayollarni o‘qitish, jamiyatga qo‘shish;

• xalqni gazeta-jurnallar orqali bo‘layotgan voqealardan ogoh qilish.

 

 “Usuli jadid” – ta’limdagi buyuk inqilob edi!

Eski maktablarda bola harf tanish uchun yillar sarflar edi. Jadidlar esa ta’limni tezkor, tushunarli, zamonaviy qildilar. “Usuli jadid” – bir necha oyda savod chiqaradigan usul edi. Bu o‘sha davr uchun haqiqiy inqilob bo‘lgan!

 

Usuli jadid maktablarining o‘ziga xosligi:

• faollik, interaktivlik, tushunarlilik;

• darsliklar ona tilida yozildi;

• bolalar yodlash emas, fikrlashga o‘rgatildi;

• o‘quv jarayoni tezlashdi.

 

Kelinglar, endi sizlar bilan bir o‘yin o‘ynaymiz.

 

Interaktiv o‘yin: “Gazeta kimga tegadi?”

Maqsad: savodning ahamiyatini his qildirish, o‘zaro raqobat orqali darsga jalb qilish.

O‘tkazilishi:

O‘qituvchi 6-7 ta kartochkaga mini-xabarlar (gazeta yangiliklari) yozadi. Masalan: “Bugun Toshkentda yomg‘ir yog‘adi”, “Yevropada yangi ilmiy kashfiyot qilindi”, “Buxoroda yangi bank ochildi” va hokazo.

Kartochkalar partalarga tasodifiy tarqatiladi. Har bir o‘quvchi kartochkasidagi xabarni 10 soniya ichida ovoz chiqarmay o‘qishi kerak.

 

O‘qituvchi:

– Endi sizlar bir lahzaga o‘zingizni 1910-yildagi Turkistondamiz deb tasavvur qiling. Xabarni kim o‘qigan bo‘lsa, u kuchliroq, ustunroq. Chunki unda boshqalarda yo‘q narsa bor – yangilik, bilim. U Toshkentda yashasa ertaga soyabon bilan ko‘chaga chiqadi va ishini yomg‘irga qaramay bitirib keladi. Soyabonsiz kishi esa tezda ivib uyiga qaytishiga to‘g‘ri keladi. Kim Buxoroda bo‘lsa, yangi ochilgan bankka boradi va odatda yangi banklar mijozlarni jalb qilish uchun berayotgan bonuslardan birinchi bo‘lib foydalanadi va hokazo.

O‘qituvchi xabarni o‘qimagan o‘quvchidan xabarni o‘qigan o‘quvchiga murojaat qilishini so‘raydi.

Xabarni o‘qimagan o‘quvchi:

  Gazetada nima yangilik ekan, nima deb yozibdi?

Xabarni o‘qigan o‘quvchi istasa yangilikni aytadi, istamasa, ishim bor deb bahona qilib ketib qoladi.

O‘qituvchi:

– Ko‘rdingizmi, bolalar? Endi bu xabarlarni o‘qiy olmaganlar nima qiladi? Albatta, xabardor insonlarning og‘zini poylaydi, ularga ergashadi, tobe bo‘ladi. Agar ular xabarlarni ovoz chiqarib o‘qisagina yangiliklar hammaga yetib boradi. Savodli odamlar axborotni tez eshitadi va tez undan foydalanadi.

Mana shunday oddiy xabarlar o‘sha davrda faqat gazeta o‘qiy oladiganlarga nasib etardi. Savod hamma zamonlarda ham kuch, tezlik va ustunlik deganidir.

– Keling endi, jadid bobolarimiz bolalikdan qanday orzular bilan ulg‘ayganini ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

Jadid bobolarimizning bolaligi

 

O‘qituvchi:

– Bu videoni ko‘rgach, jadidlar jamiyatni rivojlantirish uchun butun umrini bag‘ishlaganini bildingiz-a?

Bolalar, jadidchilik harakatining taraqqiyoti birdaniga paydo bo‘lgan emas. Bu yo‘lni bir avlod boshlab bergan, keyingi avlod davom ettirgan. Behbudiy, Avloniy, Munavvar Qori va Fitrat – birinchi to‘lqinning asoschilari sifatida ta’limni, teatrni, ilmni va matbuotni rivojlantirgan bo‘lsa, Cho‘lpon va Qodiriy – o‘sha ma’rifat olovini adabiyot va san’at orqali yanada kuchaytirgan, ta’sirini oshirgan va yangi bosqichga olib chiqqan.

Keling, ularning asosiy qilgan ishlari va g‘oyalarini qisqa aytib o‘tamiz. Avvalo Turkiston jadidchiligining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiydan boshlasak.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919)

 

Bolajonlar, tasavvur qiling, siz yangi maktab ochmoqchisiz, lekin qo‘lingizda darslik yo‘q. Darslik bo‘lmasa, qanday o‘qitamiz?

O‘quvchilarning javoblaridan so‘ng:

– Mana shu jarayonda sahnaga birinchi bo‘lib Mahmudxo‘ja Behbudiy chiqadi.

Bolajonga nasihat:

“Ikki emas, to‘rt til lozim”, ya’ni xorijiy  tillarni o‘rganmoq bilimlarni ko‘proq egallashga ko‘maklashadi. 

– Behbudiy bobo sizning qo‘lingizdagi bugungi darsliklarning ajdodi bo‘lgan “usuli jadid” darsliklari muallifidir. U bolalar uchun quyidagi kitoblarni yaratgan:

 

• “Kitob ul-atfol”

• “Bolalar uchun kitob”

• “Husnixat”

 

– Endi ayting-chi, darslik bo‘lmasa nima bo‘ladi?

Agar darsliklar bo‘lmasa, o‘quvchilar darsni tushunishmaydi, mashqlar ishlab bilimni mustahkamlay olishmaydi, o‘zlashtirish qiyin bo‘ladi. Behbudiy darslik yozish  maktabning yuragi ekanini birinchi bo‘lib anglagan jadid bobolarimizdan.

Munavvar Qori Abdurashidxonov (1878-1931)

 

Bolajonga nasihat:

Yoving kimdir, bilasanmi? Nodonlikdir, yalqovlikdir,

Yovga qarshi kurashmaslik – qo‘rqoqlikdir, anqovlikdir!

 

“Yalqovlik yovimiz” she’ridan.

 

O‘qituvchi:

– Endi tasavvur qiling: kitoblar bor, lekin maktab yo‘q. Qayerda o‘qiymiz?

Mana shu paytda Turkistonning buyuk jadidi Munavvar Qori Abdurashidxonov yangi maktablar ochishni boshlaydi.

 

Munavvar Qorining xizmatlari

• yangi usul maktablari ochgan,

• matematika, tarix, geografiya bo‘yicha darsliklar yozgan,

• bolalar uchun she’r va hikoyalar yaratgan,

• o‘qitish metodikasini zamonaviylashtirgan.

Xulosa:

– Yangicha maktab, tartib, partalar va darsliklar tufayli o‘quvchilar tezroq o‘qishni o‘rgangan.

  

 

Abdulla Avloniy

(1878-1934)

 

Bolajonga nasihat: 

Har kim nima eksa, albatta, shuni o‘radur,

Ekmaganlar o‘zgalarg‘a muhtoj bo‘ladur.

(Bahor she’ridan)

  

O‘qituvchi:

– Aziz bolalar, siz bilgan “Alifbe” va “O‘qish savodxonligi” darsliklarining ilk muallifi kim, bilasizlarmi? Bu darsliklar muallifi Abdulla Avloniydir!

 

Avloniyning jadid maktabi rivojiga qo‘shgan hissasi

• O‘z hovlisida yangi usul maktab qurgan

• Parta, doska va jihozlarni o‘zi yasagan

• “Birinchi muallim” – ilk zamonaviy alifbe kitobini yozgan

• “Ikkinchi muallim” – o‘qish savodxonligi kitobi asoschisi bo‘lgan.

• “Turkiy Guliston yoxud axloq” degan tarbiya haqida darslik risola yozgan.

 

O‘qituvchi:

– Avloniyning yangi usuli tufayli bolalar bir necha hafta ichida savod chiqarishni boshlagan.

O‘qituvchi:

– Jadid bobolarimiz avlodlari orasida mashhur insonlar ham bor. Ular bugun biz bilan zamondosh. Masalan, siz yaxshi bilgan aktrisa Gavhar Zokirova – Abdulla Avloniyning evaralaridan biri.

Keling, uning jadidlar, ularning maktab, matbuot va teatr sohasiga qo‘shgan hissalari hamda bobosi Abdulla Avloniy haqidagi fikrlariga birgalikda quloq tutamiz.

 

Vizual kontent:

Buvim bobomning qoʻlyozmalarini 35 yil saqlaganlar – Gavhar Zokirova

 

O‘qituvchi:

  Gavhar opa aytganidek, Avloniy – faqat shoir yoki pedagog emas, balki butun bir avlodning ma’naviy me’mori. Endi shu ma’rifat yo‘lini davom ettirgan Fitrat domlaga o‘tamiz.

Abdurauf FITRAT

(1886-1938)

 

Bolajonga nasihat:

Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal!

(“O‘gut” she’ridan)

 

O‘qituvchi:

– Maktab bor, darslik bor. Endi muhim savol: biz qanday til bilan, qanday qoida asosida o‘qiymiz?

Mana shu savolga Fitrat boboning o‘zi javob bergan.

Fitratning xizmatlari

• “Ona tili”, “Til grammatikasi” kabi ilk grammatik darsliklarni yaratgan;

• “O‘zbek musiqa tarixchasi” nomli musiqa ta’limiga asos bo‘lgan darslik yozgan;

• “Oila” nomli tarbiya va qadriyatlar haqidagi kitobni yozgan;

• Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi.

 

Qodiriy va Cho‘lpon – yangi adabiyot asoschilari”

O‘qituvchi:

– Agar maktab yaxshi bo‘lsa, savod tez chiqsa, nima bo‘ladi?

Bolalar:

– Shoirlar chiqadi!

– Yozuvchilar ko‘payadi!

– Kitoblar yoziladi!

O‘qituvchi:

– Ha, maktablarda savod chiqargan, bilim egallagan yoshlarga yaxshi kitoblar kerak, adabiyot kerak. Jadid bobolarimiz ana shunday yangicha, yuksak, saviyali adabiyot yaratdilar. Uni zamonaviy o‘zbek adabiyoti deyiladi. Zamonaviy o‘zbek adabiyotining ikkita buyuk yaratuvchisi, yozuvchi Abdulla Qodiriy va shoir Abdulhamid Cho‘lpon bo‘ldi.

Aynan jadid maktablaridan chiqqan avlod keyinchalik Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon kabi buyuk adiblarning asarlarini o‘qib fikri o‘zgardi, rivojlanish haqida, yangi yorug‘ zamon qurishga harakat boshladi.

 

• Qodiriy – o‘zbek romanining asoschisi;

• Cho‘lpon – yangi she’riyat maktabini yaratgan.

 

 

ABDULLA QODIRIY 

       (1894-1938)

 

Bolajonga nasihat:

O‘qushsun millat avlodi bizni doim duo aylab,

Qilib tahsil ulumlarni fununa yaxshi yor o‘lsun.

(ulum – ilm, bilim; fununa – tartibsizlik, buzg‘unchilik)

  “Millatimga bir qaror” she’ridan

Cho‘lpon

(1897-1938)

 

Bolajonga nasihat:

Har mone’ni hatlab o‘tmak –         

Turmushda eng to‘g‘ri bir yo‘l! 

(mone’ – qarshilik, qiyinchilik, to‘siq)

       (“Vijdon erki”) she’ridan

 

O‘qituvchi:

– Aziz o‘quvchilar, bugun biz yana bir ulug‘ jadid bobomiz – Abdulla Qodiriyning uy-muzeyiga “boramiz”. Ya’ni shu uy-muzeyga borgan Sirojiddindan tafsilotlarni eshitamiz. Ekranga qaraymiz.

 

Vizual kontent

Biz tarixga tushib qoldik 

 

O‘qituvchi:

– Aziz o‘quvchilar, bugun mamlakatimizda olib borilayotgan ta’lim islohotlari – maktablar yangilanishi, sifatli darsliklar, raqamli texnologiyalar, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash – bularning barchasi jadid bobolarimiz orzu qilgan yo‘lning mantiqiy davomidir. Demak, ma’rifat bilan boshlangan harakat bugun ham davom etmoqda.

Jadid bobolar: “Najot – ilmda” degan edilar. Bugungi davlatimiz rahbariyati ham aynan shuni davom ettiryapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deydilar:

“Farzandlarimizni har tomonlama barkamol, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq insonlar etib tarbiyalashda taraqqiyparvar ajdodlarimizning aql-zakovati, iroda va matonati barchamiz uchun ibrat maktabidir.”

Bu degani: jadidlar boshlab bergan ish – bugun davom etmoqda.

 

O‘qituvchi:

– Menga ayting-chi, bugungi islohotlarning qaysi biri jadidlar g‘oyalariga mos keladi?

O‘quvchilar javob beradi.

O‘qituvchi:

– Ajoyib fikrlar aytdingiz. Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aynan shu jadidlar yo‘llagan maqsadlar davom ettirilmoqda. Kim menga aynan qaysi islohotlarni misol qilib ayta oladi?

O‘quvchilar javob beradi.

O‘qituvchi: To‘g‘ri aytdingiz. Bugun jadid bobolarimizning yo‘lini davom ettirib quyidagi ishlar qilinmoqda:

-   maktablarda zamonaviy ta’lim standartlari joriy qilinmoqda;

-   “Prezident maktablari” va “Ijod maktablari” ochilib, iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanmoqda;

-   darslarga raqamli texnologiyalar kirib kelmoqda;

-   yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bularning barchasi sizlarning bilimli, keng dunyoqarashli bo‘lib ulg‘ayishingiz uchun xizmat qiladi. Unutmang, ko‘p o‘qigan o‘quvchi – ertangi kunda ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Kitob bilan ulg‘aygan avlod – hech qachon yo‘ldan adashmaydi.

Kelinglar endi mamlakatimizda jadid bobolarimiz nomi bilan atalgan ta’lim muassasalariga virtual sayohat qilamiz.

 

Vizual kontent

Jadidlar nomidagi ta’lim muassasalari

 

O‘qituvchi:

– Aytinglar-chi, kim oxirgi o‘qigan kitobining nomini ayta oladi?

O‘quvchilar javob beradi.

O‘qituvchi:

– Barakalla, bolalar!

Endi yana bir muhim yo‘nalishga to‘xtalamiz. Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali ko‘plab yoshlar xorijda ta’lim olmoqda. 2018-2025-yillarda 2300 nafarga yaqin talaba dunyoning 45 mamlakatiga yuborilgan, ulardan 1400 nafari yurtga qaytib, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida xizmat qilmoqda. Bu – juda katta natija. Sizlar ham yaxshi o‘qib, maktabni a’lo baholarga bitirsangiz, xorijiy tillarni o‘rgansangiz, albatta kelajakda bu imkoniyatdan foydalanib chet elga o‘qishga borishingiz mumkin.

Tarixga qarasak, jadid bobolarimiz ham aynan shu yo‘lni boshlab berganlar: yoshlar chet ellarda o‘qishi kerak, deganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy aytgan edi: “Agar zamonaviy ilmni egallamoqchi bo‘lsak, yoshlarimizni Yevropaga yuborishimiz shart.”

Jadidlar tomonidan chet mamlakatlarga yuborilgan Turkistonlik yoshlar

Shuning uchun 1922-yilda 70 nafar o‘zbek yigit-qizlari Germaniyaga o‘qishga yuborilgan. Fitrat esa ulardan shunday va’da olgan:

“Biz O‘zbekiston ravnaqi uchun mutaxassis bo‘lib qaytamiz.”

– Demak, bugungi islohotlar ham, jadidlar boshlab bergan orzular ham bir yo‘lda birlashadi: ilmli avlod orqali Vatan ravnaq topadi.

O‘qituvchi:

– Sizningcha, bugungi kunda xorijda o‘qish zaruratmi yoki imkoniyatmi? Nega?

O‘quvchilar javob beradi.

O‘qituvchi:

– Demak, bularning barchasini jamlaganda, “bugungi islohotlar – jadidlar yo‘lining davomidir” degan fikrga qo‘shilsa bo‘ladimi? Nima uchun?

O‘quvchilar javob beradi.

O‘qituvchi:

– Juda yaxshi! Endi mavzuni qay darajada o‘zlashtirganingizni bilish uchun kichik savol-javob o‘tkazamiz. Matnga qarab javob berib borasizlar.

 

Interaktiv mashq.  “Kim aytgan?” (Muallifni top)

Quyidagi fikrlarni kim aytganini aniqlang:

1.             “Agar biz zamonaviy fanlarni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, Yevropaga talabalarni yuborishimiz kerak.”

Mahmudxo‘ja Behbudiy

2.             “Ma’rifat – zulmatga qarshi quroldir.”

 Abdulla Avloniy

3.             “Teatr – bu ibratxonadur.”

  Mahmudxo‘ja Behbudiy

 

YAKUNIY QISM. (5 daqiqa)

Hafta hikmati: “Millatning najoti – ilmda, ma’rifatda, tarbiyada”.

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, bugungi darsimizdan xulosa qilib aytish mumkinki, jadid bobolarimiz – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ziyolilar hayoti va faoliyati biz uchun ibrat maktabidir. Ular zulmatda yo‘l ko‘rsatgan mash’aladek, el-yurt uchun ilm, taraqqiyot, ma’rifat yo‘lida kurashganlar.

Endi esa siz-u bizga – ularning orzusidagi yurtni barpo etish, ilmli, vatanparvar, ongli yoshlar bo‘lish sharafi nasib etmoqda. Shunday ekan, Siz ularning bosib o‘tgan yo‘llarini chuqur o‘rganib, nurli kelajak sari intilishingiz kerak. 

 

E’tiboringiz uchun rahmat. Xayr, salomat bo‘ling!