“Kelajak soati” 16-mavzu

“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi.

16-mavzu: “JADID BOBOLARIMIZ”.

 

 

Dars maqsadi. Umumiy maqsad:

Annotatsiya: Yuqori sinf o‘quvchilariga “jadidchilik” tushunchasi, “jadidchilik” harakati haqidagi aniq ma’lumotlarni taqdim etish, ularda bu harakat namoyandalarining ma’naviy qahramonliklariga nisbatan faol munosabatni paydo qilish, ma’rifatparvar, millatparvar, vatanparvar bobolari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar va amalga oshirilgan ishlarning ahamiyatini anglash hamda Yangi O‘zbekistonda jadidchilik harakati, u qoldirgan boy merosni chuqur idrok etish, keng targ‘ib etish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar sababini chuqur idrok etishlariga erishish mashg‘ulotning asosiy maqsadi hisoblanadi.

 

 

Aniq maqsadlar:  

1.          O‘quvchilarga bir joyda qotib qolmaslik uchun doimiy yangilanish, izlanish va harakat qilish lozimligi xususida hayotiy misollar orqali ta’sirli tushunchalar berish.

2.          XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yurtimizda jadidchilik harakati paydo bo‘lishining ahamiyatini o‘quvchilarga tarix, adabiyot fanlaridan o‘zlashtirgan bilimlarini o‘zaro uyg‘un idrok ettirish asnosida chuqurroq anglatish.

3.          O‘quvchilarga jadid bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish bugungi kun uchun qanday ahamiyat kasb etishi, zamonaviy ma’rifatparvarlik harakatining qayta yo‘lga qo‘yilishi xalqimiz va vatanimiz taraqqiyoti uchun qanchalar muhimligini ta’sirli tarzda sezdirish.

 

 

Asosiy g‘oyalar: Har doim yangilikka intilish – inson bolasining eng muhim vazifasi. Jadid bobolarimiz da’vatlari, o‘gitlariga doimo amal qilamiz, ularning armonlarini ro‘yobga chiqaramiz! Jadidlar merosi – o‘tmishni yorituvchi, bugunga quvvat beruvchi, kelajakka ishonch uyg‘otuvchi yorug‘ mash’ala! Yangi O‘zbekistonni bugungi kun jadidlari bunyod etmoqda!   

 

 Darsdan keyin kutiladigan natijalar.

1.    Aqliy va tushunchaviy darajada:

-   O‘quvchilar “jadidchilik harakati”, “ma’rifatparvarlik” singari termin-tushunchalar anglatadigan ma’nolarni chuqur o‘zlashtiradilar, ularning millat va mamlakat taqdiridagi ahamiyatini keng idrok etadilar.

-   Yangilikka intilish, inson o‘zini va yashayotgan muhitini doimo yangilab, rivojlantirib borishining qanchalar muhim ekanini tushunadilar, shaxsiy hayotiga shu nuqtayi nazardan qaray boshlaydilar.

-   O‘quvchilar yurtimizda jadid bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning merosini targ‘ib etishga qaratilayotgan e’tiborning asl sabablarini anglashga da’vat etiladi.

  

2.          Hissiy va qadriy yondashuvda:

-   El-yurt uchun yashash, xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yish inson uchun qanchalar muhim fazilat ekani haqida jiddiy o‘ylay boshlaydilar.

-   Har kuni yangi narsani o‘rganish, o‘zlashtirish, shu asnoda zamonga mos inson bo‘lib yetishish zarurligi to‘g‘risidagi real tushuncha va hislarni chuqurroq o‘zlashtiradilar.

-   O‘quvchilar jadid bobolaridek fidoyi insonlar amalga oshirgan ishlardan chuqur xabardor bo‘lib, ko‘ngillarida ular izidan borish istagi tug‘iladi.

 

3.    Amaliy ko‘nikmalarda:

-   O‘quvchilar jadid namoyandalarining ijodiy va hayotiy namunalari misolida o‘zlari ham har kuni bir yangi bilim, ko‘nikmani o‘rganish, dunyoda tan olingan mumtoz asarlarni o‘qish, odob-axloqini yanada yaxshilashga ko‘maklashadigan odatlarni o‘zlashtirishga kirishadilar.

-   Yurtimizni dunyoga tanitishga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlar, fidoyi insonlar bugungi kunning jadidlari ekanini chuqur anglab, ulardek bo‘la olishga o‘zining ham imkoni borligini his qiladilar.

-   Ma’rifatli inson bo‘lish, buning uchun esa ko‘proq kitob o‘qish, o‘zini rivojlantirib borish qanchalar muhimligini idrok etish ko‘nikmasi mustahkamlanadi.

 

Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

Xususan, “Jadid bobolarimiz” darsida o‘quvchi:

-   Mavzuga oid tarixiy faktlar, hayotiy misollar bilan tanishadi (tarixiy idrok),

-   Kontent, videorolik tomosha qiladi (san’at),

-   So‘ng mavzuda ko‘rgani va eshitganlari xususida shaxsiy mulohazalarini bayon qiladi (muloqot) – bu esa metapredmet yondashuv sifatida o‘z samarasini beradi.

 

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim va taassurot beruvchi suhbat, taqdimot sharhi, video materiallar, savol-javob va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

-    ssenariy;

-    uslubiy tavsiyalar;

-    videomateriallar;

-    interaktiv topshiriqlar;

-    taqdimot. 

Dars ssenariysi

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

Jadid ma’rifatparvarlarining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy merosi, unga bugungi O‘zbekistonda ko‘rsatilayotgan e’tiborning tub sabablari.

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!

Siz hozirga qadar Tarix, Adabiyot singari fanlardan jadidlar, jadidchilik harakati va uning namoyandalari haqida bir qancha ma’lumotlarga ega bo‘ldingiz. Ular yaratgan asarlar, kitoblar, darsliklar xususida, ular tashkil etgan gazeta va jurnallar, teatrlar, kutubxona va boshqa ma’rifiy maskanlar faoliyati haqida ham bilimlarni o‘rgandingiz. Endi sizlarga savol: aslida arabcha so‘z bo‘lib, bizning tilimizda “yangi”, “yangilik” degan ma’nolarni anglatadigan “jadid”likni nima uchun siz-u bizning ota-bobolarimiz o‘zlariga maslak, harakat dasturi, hayotlarining mazmuni qilib olishgan? Nega eskilik, qadimchilik, hamma o‘rgangan, ko‘nikkan narsalarga bular ko‘nishmagan, ularga qarshi yaxshi ma’noda isyon ko‘tarishgan, nafaqat o‘zlarining, balki butun millat va mamlakatning hayotini yangilashga harakat qilishgan, bu yo‘lda aksariyati qurbon ham bo‘lishgan?

(O‘quvchilarning bu savollar xususidagi fikr-mulohazalari diqqat bilan, qiziqish bilan eshitiladi va ularni qo‘llab-quvvatlagan holda ustoz davom etadi.)

O‘qituvchi:  Savollarga javob bergan, mavzuga befarq bo‘lmagan barcha o‘quvchilarga rahmat aytgan holda, ular fikrini quyidagicha davom ettirmoqchiman.

Hayotingizda ko‘lmakka ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Bir joyda uzoq turib qolgan, oqishdan to‘xtagan suvni ko‘lmak deymiz. Vaqt o‘tishi bilan uning ustini chang-g‘uborlar, xas-xashaklar qoplaydi, sekin-asta u loyga, keyin esa badbo‘y balchiqqa aylanadi. Biron narsaga foydasi tegmagani yetmaganidek, o‘tgan-ketgan odamning poyabzali bulg‘anishiga, inson bolasining hatto yiqilib, mayib bo‘lishiga ham shu – bor-yo‘g‘i uch-to‘rt hovuch keladigan ko‘lmak yetarli sabab bo‘ladi.

Tabiatda bo‘lgani singari jamiyatlar, davlatlar hayotida ham agar oldinga harakat, taraqqiyot va rivojlanish bo‘lmasa, ular bir joyda depsinishga, sekin-asta tanazzulga, boshqa xalqlardan ortda qolishga, oxir-oqibat, tarix chiqindixonasidan o‘rin olishga mahkum bo‘ladi. Bu holning ijtimoiy fanlar tilidagi nomi – turg‘unlik, qoloqlik va jaholat deb ataladi.

Va aksincha, sharqirab oqib turgan suv necha-necha kishilarning ko‘zini yashnatishi barobarida qanchalab odamlar, dalalar, daraxt va butalar, gul-u gulzorlar tashnaligini bosadi, ularning taniga quvvat bag‘ishlaydi. Uning yo‘llarida gullar unadi, mevalar bitadi, hosillar yuksaladi! Shu singari yangi, progressiv g‘oyalar, millatlar va xalqlarni oldinga undaydigan da’vatlar jamiyat hamda mamlakatlar hayotida misli ko‘rilmagan taraqqiyotni, takomilni boshlab berishi mumkin.

Tarix fanidan o‘qigansiz – temuriylar saltanati tarqalib ketgach, uning o‘rnida paydo bo‘lgan uch xonlik boshqaruvida qolgan o‘lkalar hayotida har jihatdan turg‘unlik, hatto ortga ketish holatlari vujudga keldi. Natijada, o‘lka xalqlari ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham harbiy-texnikaviy, ham ma’naviy-ma’rifiy jihatdan tez rivojlanib borayotgan Yevropa, Amerika xalqlaridan keskin ortda qola boshladi. Bir paytlar 70 dan ortiq diniy va dunyoviy fanlar o‘qitilgan madrasalar, ular qoshidagi boshlang‘ich maktablar zamonga mos tarzda rivojlanish – o‘qitish va tarbiya berishning yangi usullarini joriy etish o‘rniga talaba va o‘quvchilarga quruqdan-quruq yodlatish, mute va tanqidiy-ijodiy fikrlamaydigan shogirdlarni tayyorlash maskanlariga aylana bordi. Agar Sadriddin Ayniyning “Eski maktab” qissasi va “Qullar” romani, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” singari romanlarini sinchiklab mutolaa qilsangiz, bu achinarli ahvolni yaqindan his qilasiz.

Bu holdan bosqinchi kuchlar va davlatlar qanday foydalangani, o‘lkamiz, oxir-oqibat, 130 yillik mustamlaka holiga tushganini ham siz endi yaxshi bilasiz.

Jadid bobolarimiz esa bu ayanchli vaziyatni kitoblardan, suratlardan emas, ichidan bilishar, shu holatga solingan o‘lkada yashashar, chuqur iztirob chekar  edilar. Va ulardan biri – Abdulla Avloniy millatining ayni holini mana bunday ta’riflagandi:

Marizing bir taraf, bir tarafdan xorsan – millat,

Badandin doimo qon oldirar bemorsan – millat.

Turkiston jadidlari ahvolni o‘zgartirishning yagona to‘g‘ri, qonuniy yo‘li – ommani ommaviy savodxon qilish, uning aql-u shuurini ma’rifat bilan uyg‘otish ekanini chuqur anglagan edilar. Zero, inson ongida inqilob qilmay turib, jamiyatda o‘zgarish qilish mumkin emas ekanini, uning oqibatlari nihoyatda qonli bo‘lishini tarixning o‘zi ko‘rsatdi. Abdulla Avloniy yuqorida eslaganimiz she’rida bu haqiqatni shunday da’vat bilan ifoda qilgandi:

   Ko‘zing och, yotma, g‘aflatdan o‘son, millat, o‘son millat!

Topar san birla avloding omon, millat, omon millat!

O‘sonmoq – bezmoq, zerikmoq, pushaymon bo‘lmoq degani. Ya’ni Avloniy bobomiz g‘aflatdan bez, undan pushaymon bo‘l, g‘aflatni rad et ey millat demoqda. Agar san o‘zgarsang, avlodingni, ya’ni kelajagingni qutqarasan demoqda.

Keling, shu o‘rinda Abdulla Avloniyning evarasi, taniqli aktrisa, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirovadan jadidlar, xususan, bobosining maorif, matbaa va teatr sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida fikrlarini eshitamiz.

 

Vizual kontent

Buvim bobomning qoʻlyozmalarini 35 yil saqlaganlar – Gavhar Zokirova

 

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, bugungi O‘zbekistonda, uning rahbari – Prezidentimiz tashabbusi bilan jadid bobolarimizning siyosiy, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va idrok qilish ishiga bunchalar katta, jiddiy e’tibor berilayotganini endi anglagandirsiz? Darhaqiqat, men bilan sizdek avlodlarning dunyoning eng ilg‘or xalqlaridan ortda qolmay, ularga har jihatdan tenglashishning asosiy omili, muhim sharti – yurtimizda ilm va fanning, ma’rifat va ma’naviyatning tinimsiz yuksalib borishi hisoblanadi.

Kelinglar, endi sizlar bilan bir interaktiv o‘yin o‘ynaymiz.

 

1-interaktiv: “Savodsiz hayot qanday bo‘ladi?”

O‘qituvchi:

Bolalar, bir daqiqa tasavvur mashqi qilamiz. Ertalab uyg‘ondingiz va birdaniga o‘qish va yozishni bilmaydigan odamga aylandingiz. Umuman harflarni tanimayapsiz, tasavvur qildingizmi?

Endi quyidagi ishlarni savodsiz odam sifatida bajarib ko‘ring:

1.   Telegramda o‘qituvchingiz yozgan xabarni tushunishingiz kerak.

2.   Dadangiz yo oyingizga “Tushlik uchun kartamga pul tashlab bering” deb yozishingiz kerak.

3.   ChatGPT yoki Google’da biror ma’lumot qidirishingiz judayam zarur.

4.   Maktabga kelish uchun ko‘chadagi yo‘l belgilarni o‘qishingiz kerak.

Siz esa harf tanimaysiz.

Savol:

Bu ishlarning qaysi birini bajara olar edingiz? Qaysi birida qiynalasiz? Nima uchun?

O‘quvchilar fikrlaydi, qisqa javob beradi.

 

O‘qituvchi:

— Mana shu kichik mashqning o‘ziyoq savodning qanchalik zarurligini ko‘rsatadi. 100-150 yil avval esa sizning yoshlaringiz uchun savod faqat boylarga nasib qiladigan ne’mat edi. Chunki eskicha o‘qitish uslubida savod chiqarish uzoq davom etadigan jarayon bo‘lgan.

Sizlar birinchi sinfda, eslang-chi, necha oyda “Alifbe” kitobini o‘rganib, “Alifbe bayrami” qilgansiz? 6 oyda-a? Eski maktablarda esa shu harflarni o‘rganib, matnlarni o‘qiy olish uchun bolalar 2-3 yillab maktabga qatnashgan va domlalarga ko‘p pul berishgan. Kambag‘allarning esa bunga qurbi yetmagan. Jadidlar ana shu adolatsizlikni yo‘qotish uchun kurashgan.

Eski maktab

 

“Usuli jadid” – yangi maktab

 

ASOSIY QISM. Jadidchilik harakatining tub maqsad va mohiyatini, ular amalga oshirgan asosiy sa’y-harakatlarni o‘quvchilarga tushuntirish. (30 daqiqa)

Dars davomida doskada quyidagi surat turishi tavsiya qilinadi.

 

 O‘qituvchi: - Hurmatli o‘quvchilar, har qanday g‘oya va maqsadlar, agar ular omma orasida keng tarqamasa ommani harakatlantiruvchi kuchga aylanmasa, bilasizki, quruq gap, qog‘ozdagi yozuv yoxud og‘izdan chiqqan tovush bo‘lib qolaveradi. Buni chuqur idrok etgan jadid bobolarimiz – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Is’hoqxon Ibrat, Siddiqiy Ajziy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon singari oydinlar millatni uyg‘otish, uni ilm va ma’rifat bilan qurollantirish, shu asosda o‘lkani ozod qilish, xalqning qonuniy huquqlarini qo‘lga olishga qaratilgan g‘oyalarini ta’sirli targ‘ib etishning mumkin bo‘lgan barcha yo‘llarini qo‘llashga urindilar.

Ular bu ishni, avvalo, maktabni, ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilishdan boshladilar. Ishni yangi avlodga zamonaviy bilimlarni o‘rgatishdan boshladilar, chunki butun turmushni yangi bilimlar yordamidagina o‘zgartirish mumkin bo‘lar edi. Adabiyot va tarix darslaridan bilasizki, jadid bobolarimizning aksariyati o‘zi yashayotgan, hatto o‘zidan uzoqroq shahar va qishloqlarda ham yangi – usuli jadid maktablarini ochgan, ularda o‘qitiladigan yangi darsliklar, o‘qish kitoblarini yozishgan va o‘zlarining yonidan ularni chop etib tarqatishgan.

Jadidlar o‘z g‘oyalarini iloji boricha kengroq ommaga yetkazishning ikkinchi usuli, ya’ni minbar sifatida gazeta va jurnallar tashkil qildilar. Avval Chor hukumati, keyinchalik Sho‘ro ma’muriyatining keskin qarshiligiga qaramay, ularning soni va tiraji – adadini ko‘paytirib borishga urinishdi. 1906-yilning 27-iyunida “Taraqqiy” gazetasi tashkil etildi. Ayni sana hozirda mustaqil yurtimizda “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. “Taraqqiy”ning ortidan 1906-yilning sentyabrida Toshkentda Munavvar qori muharrirligida “Xurshid”, 1907-yil 1-dekabrida Abdulla Avloniy o‘z uyida “Shuhrat” gazetasini chiqarishgan bo‘lsa, Samarqandda Behbudiy “Samarqand” (1913-yil) gazetasi va “Oyna” (1913-yil) jurnallarini yo‘lga qo‘ydi.

Bulardan tashqari 1-Jahon urushi yillarida, so‘ng esa istiqlolchilik harakati avj olgan yillari Toshkentda “Najot”, “Sho‘royi islom”, “Turon”, “Kengash”, “Ulug‘ Turkiston”, “Turk so‘zi”, “Xalq dorilfununi”, Samarqandda “Hurriyat”, Qo‘qonda “El bayrog‘i”, Namanganda “Farg‘ona nidosi” kabi ko‘plab gazetalar, Qo‘qonda “Yurt”, “Hurriyat”, Toshkentda “Chayon”, “Ishchilar dunyosi” singari o‘nlab jurnallar chop etib tarqatildi.

Jadidlar ommani uyg‘otishning yana bir ta’sirli usuli sifatida teatr san’ati kuchi va imkoniyatlaridan oqilona foydalanishni boshladilar. XX asr 10-yillarida o‘zbek adabiyotida dramachilik jiddiy rivoj topdi. Birinchi dramatik asar bo‘lmish Behbudiyning “Padarkush” (1911-yil) asaridan keyin Abdulla Badriy “Juvonmarg”, “Ahmoq”, Hoji Muin “Eski maktab – yangi maktab”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotin”, “Juvonbozlik qurboni”, “Qozi ila muallim”, Abdulla Avloniy “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, Abdulla Qodiriy “Baxtsiz kuyov”, G‘ulom Zafariy “Baxtsiz shogird”, Hamza “Zaharli hayot”, “Ilm hidoyati”, Fitrat “Begijon”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim” kabi o‘nlab sahna asarlarini yaratdilar.

Ilm-ma’rifat uchun homiylar kerak edi, mablag‘ kerak edi. Turkiston boylari esa topganini bir necha kunlab ziyofat qilish, to‘y qilish, uloq va boshqa ko‘ngilxushliklarga sarflashdan boshqa ishlari yo‘q edi. Behbudiyning “Padarkush”  dramasi faqatgina o‘qimagan kambagʻal xalqqa emas, avvalo ana shu boylarga ta’sir ko‘rsatishni maqsad qilgan edi.

 “Padarkush” dramasida o‘z o‘g‘li va uning johil sheriklari tomonidan o‘ldirilgan boy singari aholining mulkdor, puldor zodagonlarining katta qismi bu tomoshalardan ta’sirlandi, o‘zini qurshab olgan jaholat botqogʻiga boshqacharoq nazar sola boshladi. Avvalo o‘z farzandlarini, keyinchalik esa mahallasi, shahar va qishlog‘idagi bolalarning ta’lim olishiga mablag‘ ehson qila boshladi.

Qadrli oʻquvchilar! Kelinglar, shu oʻrinda mashhur jadid bobolarimiz Oʻzbekistonning qaysi hududlarida tavallud topgani va faoliyat yuritgani haqida video tomosha qilamiz.
Ekranga e'tibor qarating.

 

Vizual kontent

Jadidlar qaysi hududlarda faoliyat yuritgan?

 

Jadid namoyandalari, bundan tashqari, turkistonlik yoshlar dunyoning eng ilg‘or davlatlaridagi ilm-fanni puxta egallab kelishlari, ularni xalq xo‘jaligining barcha sohalarida qo‘llab, o‘lkani ilg‘or davlatlar qatoriga olib chiqishlarini o‘ylab talabalarni xorijga, xususan, Germaniya oliy o‘quv yurtlariga yo‘lladilar. Buning uchun aksariyat holda o‘zlarining mablag‘larini, xayriya tadbirlarida yig‘ilgan pullarni safarbar qildilar. Ular, ko‘p bora ta’kidlanganidek, butun najotni, yorug‘ kelajakni faqat va faqat ta’limda, ma’rifatda ko‘rgandilar.

Afsuski, jadidchilik harakatiga, uning eng ilg‘or vakillariga chor hukumati tomonidan boshlangan tazyiq, zo‘rlik, taqiq va jazolashlar 1917-yilning oktabrida kuch bilan hokimiyatni qo‘lga olgan sho‘rolar boshqaruvi davrida yanada kuchaydi, keng ko‘lam oldi. Ularni nimalarda ayblashmadi, qoralashmadi, deysiz. “Panturkizm”, “panislomizm”, “millatchilik”, “ayirmachilik”, “xalq dushmanlari”, “inqilob sotqinlari”, “marksizm-leninizm g‘oyalariga dushmanlar”... – bular ayni ayblovlarning asosiylari edi.

Faqat yurtimizning milliy istiqlolga erishishi, xalqimizning mustaqillikni qo‘lga olishigina jadid bobolarimiz nomi va zahmatli mehnatlarini qayta eslash, xotiralarini abadiylashtirish hamda o‘lmas meroslarini chuqur o‘rganib, keng targ‘ib etish imkonini berdi.

Bugungi – Yangi O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya sohasiga eng ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilayotgani, farzandlarimizni yorug‘ kelajakni barpo etuvchi asosiy kuch sifatida eng zamonaviy bilimlar bilan qurollantirishga harakat qilinayotgani, buning uchun esa barcha hududlarda Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar bunyod etilayotgani, mamlakatimizda dunyoning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlarining filiallari tashkil etilayotgani, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga o‘zbekistonlik talabalar jahonning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborilayotgani – bularning bari jadid bobolarimiz intilgan maqsadlarga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan tarixiy harakatlardir.   

Kelinglar endi jadid bobolarimizning o‘gitlarini o‘zlarining siymolaridan eshitamiz.

 

Vizual kontent

Jadid bobolarimiz tilidan...

 

Keyingi 10 daqiqada o‘qituvchi mashg‘ulot ishtirokchilariga mavzu yuzasidan quyidagi savollarni beradi va javoblarga o‘z munosabatini bildiradi:

 

1.    Jadid bobolarimiz hayoti va ijodiy faoliyati aks ettirilgan qanday badiiy asarlarni o‘qigansiz, qanday spektakl va badiiy filmlarni tomosha qilgansiz?

2.    Nima deb o‘ylaysiz: agar jadidizm harakati davom etib, ular o‘zlari ko‘zlagan maqsadlarga emin-erkin erishish imkoniga ega bo‘lishganida, bizning yurtimiz bugun qanday ko‘rinish olgan bo‘lar edi?

3.    Jadid bobolarimiz o‘ylagan manzillarga yetib keldik, deb hisoblaysizmi? Agar javobingiz salbiy bo‘lsa, bu borada xalqimiz, xususan, siz – yoshlar nimalar qilishi kerak, deb hisoblaysiz?

 

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, bugun biz yana bir ulug‘ jadid bobomiz – Abdulla Qodiriyning uy-muzeyiga “boramiz”. Ya’ni shu uy-muzeyga borgan Mahliyodan tafsilotlarni eshitamiz. Ekranga qaraymiz.

 

Vizual kontent

Abdulla Qodiriy uy-muzeyi

 

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, harqalay, ko‘pchiligingiz ulug‘ yozuvchi va shoir Cho‘lpon yaratgan “Kecha va kunduz” romanini mutolaa qilgan, hech bo‘lmasa, shu asar asosida suratga olingan ayni nomdagi videofilmni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.

Yodingizda bo‘lsa, asarda o‘zi majburlab turmushga berilgan eri – aroqxo‘r Akbarali mingboshini o‘ldirishda nohaq ayblanayotgan Zebini chor hukumatining sudyalari mahkamaga tortishadi. Butun sud jarayoni, albattaki, rus tilida olib boriladi. Mutlaqo savodsiz, rus tilini umuman tushunmaydigan Zebi o‘zini uzoq o‘lkalarga kamida o‘n yilga surgun qilish haqidagi hukmni chiqarishga chog‘langan bu sud jarayonining juda cho‘zilib ketgani, tashqarida qorong‘i tushib qolganidan xavotirga tushadi: “Endi uyimni qandoq qilib topib boraman?”, deb o‘ylaydi, xolos... O‘sha davrda Zebi singari bunday huquqsizlikka, jaholatga giriftor qilinganlar o‘lkamizda minglab, balki yuz minglab topilar edi. 

Guvohi bo‘layotganingizdek, jadid adiblarimiz to umrlarining oxiriga qadar (Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani 1937-yilda kitob holida bosib chiqarilgan edi!) o‘z g‘oya va qarashlarini ilgari surish, millatni uyg‘otish niyatidan ortga qaytmaganlar.

2-interaktiv: “Zebi sudda” emotsional mashqi

O‘qituvchi:

30 soniyaga ko‘zlaringizni yuming. Zebi o‘rnida ekaningizni tasavvur qiling. Sizni sud qilishyapti. Sud siz tushunmaydigan tilda. Hech kim sizni tinglamayapti. Nima his qilardingiz?

O‘quvchilar 1-2 jumla bilan hislarini aytadi.

O‘qituvchi:

Mana shuning o‘zi adolatsizlik va jaholatning oqibati. Jadidlar esa aynan shuni yo‘qotmoqchi bo‘lgan.

 

O‘qituvchi-ustozlarimiz xuddi shu tarzda boshqa jadid namoyandalari, masalan, Fitratning she’rlari yoki publitsistik asarlarini ham (jumladan, “Hindistonda bir farangi ila buxoroli(k) mudarrisning jadid maktablari xususinda qilgan munozarasi”, “Hind sayyohi bayonoti” asarlarini) o‘quvchilariga qisqa sharhlab berishlari mumkin.

 

YAKUNIY QISM (5 daqiqa). Mashg‘ulot davomida o‘zlashtirilgan bilim va taassurotlarni umumlashtirish asnosida hafta hikmatini keltirib chiqarish va uni ezgu istaklar qatoriga qo‘shish.

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar. Guvohi bo‘layotganingizdek, jadid bobolarimiz butun umrlari, mehnatlari, ijodlarini o‘zining ona xalqiga bag‘ishlashdi. Ular nima qilmasinlar, neni gapirmasinlar va yozmasinlar, hammasining dard-u dunyosi faqat xalq, millat tashvishi bo‘ldi. Chunki, benazir shoir Cho‘lpon “Xalq” deb nomlagan she’rida yonib aytganidek:

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,

Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir...

Xalq istagi ozod bo‘lsun bu o‘lka,

Ketsun uning boshindagi ko‘lanka...

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

Bugun ozod va mustaqil yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ezgu sa’y-harakatlar aynan shu xalqning og‘irini yengil qilish, uni farovonlikka erishtirish, xalq farzandlarini ilmli va ma’rifatli insonlar etib voyaga yetkazishga qaratilayotgani ham jadid bobolarimiz orzu-istaklariga to‘la mos keladi.

 

3-interaktiv: “Agar men jadid bo‘lsam...”

O‘qituvchi savol beradi:

— Agar siz o‘sha davrda yashagan bo‘lsangiz, qaysi sohada jadid bo‘lardingiz? Nima o‘zgartirgan bo‘lardingiz?

Variantlar:

1.    Maktab ochish

2.    Gazeta nashr etish

3.    Adabiyot orqali fikr aytish

4.    Teatrga asos solish

5.    Yoshlarni chet elda o‘qitish

O‘quvchilar qo‘l ko‘taradi, fikrlarini aytadi.

 

O‘qituvchi:

Nima deb o‘ylaysizlar, bugungi muloqotimizdan kelib chiqib, qanday hikmatni, ibratli misrani mantiqiy xulosa, hafta hikmati sifatida tanlasak, to‘g‘ri bo‘ladi?

Sizlarning ham takliflaringizni inobatga olgan holda, menimcha, fidoyi jadid bobomiz Cho‘lponning ushbu misralari bunga munosibdir:

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

E’tiboringiz, faol ishtirokingiz uchun katta rahmat sizlarga!