“Kelajak soati” 16-mavzu
“Kelajak soati” darsining oliy ta’lim muassasalari uchun mashg‘ulot ssenariysi.
16-mavzu: “JADID BOBOLARIMIZ”.
Dars maqsadi. Umumiy maqsad:
Annotatsiya: Talabalarga Turkiston o‘lkasida “jadidchilik” harakatining vujudga kelish sabablari, uning vakillari tomonidan amalga oshirilgan tarixiy sa’y-harakatlar, bu millatparvar vatandoshlarimizning ta’qib va mahv etilishining tub sabab hamda oqibatlari xususida ta’sirli ma’lumotlar berish mashg‘ulotning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Aniq maqsadlar:
1. Talabalarga barcha sohalarda muntazam yangilanish, mavjud holatdan yaxshi ma’noda qoniqmaslik xislatlari qanchalar muhim hayotiy omillar ekani xususida ta’sirli tushunchalar berish.
2. Yoshlarga Turkiston o‘lkasining XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi real ahvoli, buning tub sabablari, ahvolni o‘zgartirishning eng to‘g‘ri yo‘lini izlab topish mashaqqatlari xususida aniq ma’lumotlar yetkazish.
3. Jadid bobolarimiz amalga oshirib ulgurgan ishlarning jafokash xalqimiz taqdiriga ko‘rsatgan ta’sirini aniq misollar, talabalar ijtimoiy fanlardan o‘zlashtirgan va hayotiy faktlar yordamida tushuntirish.
4. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadni amalga tatbiq etishda jadidona fikrlash, jadidona harakat qilish naqadar muhim faktor ekanini chuqur his qildirish.
Asosiy g‘oyalar: Jadid bobolarimiz – millatimiz kelajagi, uning ravnaqi yo‘lida jonini fido qilgan asl qahramonlar! Jadidlar merosi – o‘tmishni anglatuvchi, bugunga quvvat beruvchi, kelajakka ishonch uyg‘otuvchi qudrat manbai! Yangi O‘zbekiston yangi jadidlar tomonidan barpo etiladi.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar.
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
- Talabalar “jadidchilik”, “millatparvarlik”, “chinakam vatanparvarlik” singari tushunchalar bilan oshno tutinadilar, bu xislatlarning xalqimiz taqdiriga ko‘rsatadigan ta’sirini idrok etadilar.
- Kelajak sari tinimsiz harakat qilish, shaxsni, jamiyat va davlatni doimiy modernizatsiya qilish qanchalar muhim omil ekanini, o‘z shaxslarida shu xislatlarni rivojlantirish lozimligini anglaydilar.
- Talabalar Yangi O‘zbekistonda jadidlar xotirasiga, ular qoldirgan merosga ko‘rsatilayotgan e’tiborning chinakam maqsadi nima ekaniga shohid bo‘ladilar.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
- Talabalar xalq dardi bilan yashash, millat va mamlakat manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yish inson bolasi uchun qanchalar muhim talab ekani xususida chuqur o‘ylay boshlaydilar.
- Bugun ham har soatda yangi bilim va tajribani o‘zlashtirish, shu zaylda shiddatli zamonga mos inson bo‘lib yetishishni hayotiy qadriyat qilib olishga intiladilar.
- Yoshlarimizda jadidlarga armon bo‘lib qolgan buyuk orzularning bugun reallikka aylanishida o‘zining ham roli bo‘lishi, xalq ishiga o‘z hissasi qo‘shilishi xususida umidli istaklar vujudga keladi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
- Talabalar jadidizm vakillarining ilmiy-ijodiy va hayotiy namunalaridan o‘rnak olib, o‘zlari ham muntazam ravishda kerakli yangi bilim hamda tajribani o‘rganishga, axloqi va xulqini yana-da yaxshilaydigan odatlarni o‘zlashtirishga kirishadilar.
- Yoshlar mamlakatimiz siyosati, iqtisodi, madaniy va ma’naviy hayotiga sezilarli ulush qo‘shayotgan katta zamondoshlari izidan borishga, ular kabi Vatan, xalq farzandi bo‘lishga intiladilar.
- Ularda har tomonlama ma’rifatli inson bo‘lish, buning uchun esa tinimsiz o‘z ustida ishlash, shaxsini rivojlantirib borish qanchalar muhimligini idrok etish ko‘nikmasi mustahkamlanadi..
- Metapredmet: bu ta’limda talaba-yoshlarning faqat fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
- Xususan, “Jadid bobolarimiz” darsida talaba:
- Mavzuga oid tarixiy faktlar, hayotiy misollar bilan tanishadi (tarixiy idrok),
- Kontent, videorolik tomosha qiladi (san’at),
- So‘ng mavzu, ko‘rgani va eshitganlari xususida shaxsiy mulohazalarini bayon qiladi (muloqot) – bu esa metapredmet yondashuv sifatida o‘z samarasini beradi.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim va taassurot beruvchi suhbat, taqdimot, video materiallar, savol-javob va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
-
Dars ssenariysi
KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
Jadidchilik harakati vakillarining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy merosi, unga bugungi O‘zbekistonda ko‘rsatilayotgan e’tiborning tub sabablari.
O‘qituvchi:
– Assalomu alaykum, hurmatli talabalar!
Siz maktab davri va undan keyingi ta’lim bosqichlarida jadidchilik harakati va uning namoyandalari merosi xususida ancha-muncha bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lgansiz. Ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar – gazeta va jurnallar chiqarish, yangi usul maktablarini ochish, ular uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish, badiiy adabiyot va teatr san’ati kuchini o‘z g‘oyalari hamda maqsadlari targ‘ibiga safarbar etish, shaxsiy xavfsizligi, oilalari taqdirini jiddiy xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, millat va mamlakat ozodligi, mustaqilligi yo‘lida fidoyilarcha kurashishning o‘z davri uchungina emas, bugungi kun uchun ham qanchalar muhimligini, tushunasiz, his qilasiz.
“Tarix” darsliklaridan yaxshi bilasiz: bir paytlar nafaqat atrof o‘lkalar, balki Yevropa mamlakatlariga ham ko‘p sohalarda ustozlik, o‘rgatuvchilik mavqeida bo‘lgan Sharq, xususan, Turkiston xalqlari keyinchalik ancha uzoq muddat – XVII-XIX asrlar oralig‘ida zamonaviy taraqqiyotdan keskin ortda qoldilar, diniy fanatizm va uning hosilasi – jaholat batqog‘iga botishdi. Deyarli barcha sohalar – siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy jabhalarda hatto ilgari erishilgan marralarni ham qo‘ldan boy berish odatiy holga aylandi. Buning yaqqol dalili sifatida hammamiz ko‘rib turganimiz madaniy meros, xususan, tarixiy obidalar qurilishi, arxitekturasi, mahobati va imkoniyatlari o‘rtasidagi farqni keltirishimiz mumkin. Deylik, asosan temuriylar va ashtarxoniylar davrida bunyod etilgan Samarqanddagi Shohi Zinda, Registon maydoni, Bibixonim madrasasi yoxud Shahrisabzdagi Ko‘ksaroy ansambllari ko‘lami bilan uch xonlik payti qurilgan inshootlar, xususan, Qo‘qon xoni o‘rdasi yoki Andijon shahridagi Jome masjidi holati o‘rtasida qancha farq bor! Bu farq, bilib turibsizki, ilmning kuchi, tafakkurning quvvati, ma’rifatning ko‘lami o‘rtasidagi farqdir. Xuddi shunday solishtiruvlarni deyarli barcha sohalar, deylik, Navoiy dahosi bilan yaratilgan “Xamsa” yoki “Xazoyinul maoniy” darajasi bilan, masalan, “Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga” deya iltijo qilgan Gulxaniyning “Zarbulmasal”i o‘rtasidagi farqdek, hatto, yerga ishlov berish, qishloq xo‘jaligidagi unumdorlik, bog‘dorchilikdagi samaralar qiyosida ham shunday pastlashishni ko‘rsak bo‘ladi.
Iqtisodiyotda bo‘lsa, almisoqdan qolgan, hatto texnika va texnologiya deyishga ham til bormaydigan uskuna va uslublar darajasida qolib ketish, hamon qo‘lbola hunarmandchilikdan nariga o‘tmaslik o‘lkaning iqtisodiyoti, demakki, xalqning turmush va madaniy darajasini ham qoloqlikka giriftor qildi. Holbuki, xuddi shu paytda Yevropa, Amerika qit’alarida allaqachon ishga tushirilgan ulkan zavod va fabrikalar, elektr va boshqa energetik quvvatlarning o‘zlashtirilishi, temir yo‘l, metro, avtomobil sanoati, aeroplanlar nafaqat iqtisodiy taraqqiyotning lokomativi, balki omma turmush darajasi, madaniy salohiyatining ham biz bilan solishtirib bo‘lmas darajadagi yuksalishiga omil bo‘layotgandi.
Bu holatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, Peterburg, Qozon, Ufa, Bog‘chasaroydan kelayotgan gazeta-jurnallar materiallaridan xabardor bo‘lganlari tufayli o‘z yurtlaridagi ahvolning qanchalar ayanchli ekanini ich-ichdan his qilgan ma’rifatparvar ziyolilar unga jim qarab, tomoshabin bo‘lib turishlari mumkin emas edi. Ular ilg‘or Gʻarbning bu tezlashuvi, ilg‘orligi, ildamligi negizida aynan ilm va ma’rifat, zamonaviy ta’lim turganini ham chuqur idrok etishgandi. Demak, “Najot – faqat ilmda, ma’rifatda!” degan to‘xtam ular ko‘nglidan, tafakkuridan mustahkam o‘rin olgandi.
Keling, shu o‘rinda bugungi kunda dunyoga mashhur tarixchi va antropolog olim, jadidchilikning atoqli tadqiqotchilaridan biri Adib Xolidning fikrlariga uloq tutamiz. U Turkiston jadidchiligi haqida o‘ziga xos kuzatishlari va “Turkistonda jadidchilik” nomli kitobining yozilish tarixi haqida so‘zlaydi.
Vizual kontent
Sevimli jadidim Abdurauf Fitrat – Adib Xolid bilan eksklyuziv intervyu
O‘qituvchi: Endi sizlarga savol: Jadid namoyandalarining bu to‘xtam – xulosalarida zararli, g‘arazli, xalqqa qarshi biror maqsad-muddao bormi? Agar bo‘lmasa, nima uchun avval chor hukumati, keyin esa sho‘ro davlati ularning bu niyatlari – ona xalqini ilmli, ma’rifatli, ko‘zi ochiq ko‘rish orzulariga bu darajada keskin qarshilik qilgan?
(Talabalarning bu savollar xususidagi fikr-mulohazalari diqqat bilan, qiziqish bilan eshitiladi va ularni qo‘llab-quvvatlagan holda ustoz davom etadi.)
O‘qituvchi: – Mavzuga befarq bo‘lmay, savolga javob bergan talabalarga rahmat aytgan holda, sizlarning fikrlaringizni quyidagicha davom ettirmoqchiman.
Ham chor, ham sho‘ro davlati siyosatdonlari, mafkurachilari mahalliy xalqlarni mudom johillik, savodsizlik, ko‘rqorilik darajasida saqlash va omi omma ustidan hukmronligini davom ettirish yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha aks choralarni ko‘rishga harakat qilganlar.
Shu nuqtai nazardan qaralganda ham, jadid bobolarimizning mardliklari, jasurliklari, millati va mamlakati manfaatlari yo‘lida o‘z jonlarini garovga qo‘yishlari yana-da aniqroq, bo‘rtibroq namoyon bo‘ladi.
Biz bu fidoyilikni unutmasligimiz kerak. Buning uchun maxsus muuassasalar ham tashkil qilingan. Masalan, “Shahidlar xotirasi” xiyoboni, Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni yoki Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyini tilga olishimiz mumkin. Hozir Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyiga video sayohatni tomosha qilamiz. Marhamat.
Vizual kontent
Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyiga sayohat qildik
Aziz talabalar, bugungi O‘zbekiston rahbari – Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan jadid ma’rifatparvarlarining siyosiy, ilmiy-ijodiy merosini chuqur idrok qilish, bugungi dolzarb muammolar yechimida ulardan foydalanish ishiga bunchalar jiddiy e’tibor berilayotganini endi anglagandirsiz? Darhaqiqat, millatimizning omon topishi – dunyoning eng ilg‘or xalqlaridan ortda qolmay, ularga har jihatdan tenglashishning asosiy sharti – yurtimizda ilm va fanning, ma’rifat va ma’naviyatning tinimsiz yuksalib borishi hisoblanadi.
Xalqning ma’rifati, jamiyatning ongli va ilmli bo‘lishi – bu siyosiy mustaqillik, milliy xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlik uchun zarur shartdir. Bugungi ilm-ma’rifatni rivojlantirish va ta’limga yuqori e’tibor berish shaklida namoyon bo‘layotgan davlat siyosatining oqilligi va to‘g‘riligini jadid bobolarimizning g‘oyalari va qoldirgan merosi ham isbotlab turibdi.
ASOSIY QISM. Talabalarga jadidlar amalga oshirgan asosiy o‘zgarishlarni, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jadidlardek fidoyi harakatchanlikni talab etishini tushuntirish. (30 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz talabalar, maktab, litsey va texnikumlarda o‘tganingiz “Adabiyot”, “Tarix” fanlaridan bilib olganingizdek, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Is’hoqxon Ibrat, Siddiqiy Ajziy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon singari yuzlab, minglab jadidlar xalqni uyg‘otish, uni ilm va ma’rifat bilan qurollantirish, shu qurol yordamida yurtni mustamlakaning har qanday shaklidan qutqarish, xalqning qonuniy huquqlarini qo‘lga olishga qaratilgan tarixiy harakat namoyandalari bo‘lganlar.
Har qanday g‘oya va maqsadlar, agar ular omma orasida keng tarqamasa ommani harakatlantiruvchi kuchga aylanmasa, bilasizki, quruq gap, qog‘ozdagi yozuv yoxud og‘izdan chiqqan tovush bo‘lib qolaveradi. Buni chuqur idrok etgan jadid bobolarimiz millatni uyg‘otish, uni ilm va ma’rifat bilan qurollantirish, shu asosda o‘lkani ozod qilish, xalqning qonuniy huquqlarini qo‘lga olishga qaratilgan g‘oyalarini ta’sirli targ‘ib etishning mumkin bo‘lgan barcha yo‘llarini qo‘llashga urindilar.
Ular bu ishni, avvalo, maktabni, ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilishdan boshladilar. Ishni yangi avlodga zamonaviy bilimlarni o‘rgatishdan boshladilar, chunki butun turmushni yangi bilimlar yordamidagina o‘zgartirish mumkin bo‘lar edi. Adabiyot va tarix darslaridan bilasizki, jadid bobolarimizning aksariyati o‘zi yashayotgan, hatto o‘zidan uzoqroq shahar va qishloqlarda ham yangi – usuli jadid maktablarini ochgan, ularda o‘qitiladigan yangi darsliklar, o‘qish kitoblarini yozishgan va o‘zlarining yonidan ularni chop etib tarqatishgan.
Jadidlar o‘z g‘oyalarini iloji boricha kengroq ommaga yetkazishning ikkinchi usuli, ya’ni minbar sifatida gazeta va jurnallar tashkil qildilar. Avval Chor hukumati, keyinchalik Sho‘ro ma’muriyatining keskin qarshiligiga qaramay, ularning soni va tiraji – adadini ko‘paytirib borishga urinishdi. 1906-yilning 27-iyunida “Taraqqiy” gazetasi tashkil etildi. Ayni sana hozirda mustaqil yurtimizda “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. “Taraqqiy”ning ortidan 1906-yilning sentyabrida Toshkentda Munavvarqori muharrirligida “Xurshid”, 1907-yil 1-dekabrida Abdulla Avloniy o‘z uyida “Shuhrat” gazetasini chiqarishgan bo‘lsa, Samarqandda Behbudiy “Samarqand” (1913-yil) gazetasi va “Oyna” (1913-yil) jurnallarini yo‘lga qo‘ydi.
Bulardan tashqari 1-Jahon urushi yillarida, so‘ng esa istiqlolchilik harakati avj olgan yillari Toshkentda “Najot”, “Sho‘roi islom”, “Turon”, “Kengash”, “Ulug‘ Turkiston”, “Turk so‘zi”, “Xalq dorilfununi”, Samarqandda “Hurriyat”, Qo‘qonda “El bayrog‘i”, Namanganda “Farg‘ona nidosi” kabi ko‘plab gazetalar, Qo‘qonda “Yurt”, “Hurriyat”, Toshkentda “Chayon”, “Ishchilar dunyosi” singari o‘nlab jurnallar chop etib tarqatildi.
Jadidlar ommani uyg‘otishning yana bir ta’sirli usuli sifatida teatr san’ati kuchi va imkoniyatlaridan oqilona foydalanishni boshladilar. XX asr 10-yillarida o‘zbek adabiyotida dramachilik jiddiy rivoj topdi. Birinchi dramatik asar bo‘lmish Behbudiyning “Padarkush” (1911-yil) asaridan keyin Abdulla Badriy “Juvonmarg”, “Ahmoq”, Hoji Muin “Eski maktab – yangi maktab”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotin”, “Juvonbozlik qurboni”, “Qozi ila muallim”, Abdulla Avloniy “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, Abdulla Qodiriy “Baxtsiz kuyov”, G‘ulom Zafariy “Baxtsiz shogird”, Hamza “Zaharli hayot”, “Ilm hidoyati”, Fitrat “Begijon”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim” kabi o‘nlab sahna asarlarini yaratdilar.
Ilm-ma’rifat uchun homiylar kerak edi, mablag‘ kerak edi. Turkiston boylari esa topganini bir necha kunlab ziyofat qilish, to‘y qilish, uloq va boshqa ko‘ngilxushliklarga sarflashdan boshqa ishlari yo‘q edi. Behbudiyning “Padarkush” dramasi faqatgina o‘qimagan kambag‘al xalqqa emas, avvalo ana shu boylarga ta’sir ko‘rsatishni maqsad qilgan edi.
“Padarkush” dramasida o‘z o‘g‘li va uning johil sheriklari tomonidan o‘ldirilgan boy singari aholining mulkdor, puldor zodagonlarining katta qismi bu tomoshalardan ta’sirlandi, o‘zini qurshab olgan jaholat botqog‘iga boshqacharoq nazar sola boshladi. Avvalo o‘z farzandlarini, keyinchalik esa mahallasi, shahar va qishlog‘idagi bolalarning ta’lim olishiga mablag‘ ehson qila boshladi.
Qadrli oʻquvchilar! Kelinglar, shu oʻrinda mashhur jadid bobolarimiz Oʻzbekistonning qaysi hududlarida tavallud topgani va faoliyat yuritgani haqida video tomosha qilamiz.
Ekranga e’tibor qarating.
Vizual kontent
Jadidlar qaysi hududlarda faoliyat yuritgan?
Jadid namoyandalari, bundan tashqari, turkistonlik yoshlar dunyoning eng ilg‘or davlatlaridagi ilm-fanni puxta egallab kelishlari, ularni xalq xo‘jaligining barcha sohalarida qo‘llab, o‘lkani ilg‘or davlatlar qatoriga olib chiqishlarini o‘ylab talabalarni xorijga, xususan, Germaniya oliy o‘quv yurtlariga yo‘lladilar. Buning uchun aksariyat holda o‘zlarining mablag‘larini, xayriya tadbirlarida yig‘ilgan pullarni safarbar qildilar. Ular, ko‘p bora ta’kidlanganidek, butun najotni, yorug‘ kelajakni faqat va faqat ta’limda, ma’rifatda ko‘rgandilar.
Kelinglar, shu o‘rinda jadid bobolarimizning ayrim o‘gitlarini o‘zlarining siymolaridan eshitamiz. Ekranga e’tibor qaratamiz.
Vizual kontent
Jadid bobolarimiz tilidan...
1991-yilda mamlakatimizning istiqlolga erishishi, xalqimizning mustaqillikni qo‘lga olishigina jadid bobolarimiz nomi va zahmatli mehnatlarini qayta eslash, xotiralarini abadiylashtirish hamda o‘lmas meroslarini chuqur o‘rganib, keng targ‘ib etish imkonini berdi.
Bugungi – Yangi O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya sohasiga eng ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilayotgani, farzandlarimizni yorug‘ kelajakni barpo etuvchi asosiy kuch sifatida eng zamonaviy bilimlar bilan qurollantirishga harakat qilinayotgani, buning uchun esa barcha hududlarda Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar bunyod etilayotgani, mamlakatimizda dunyoning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlarining filiallari tashkil etilayotgani, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga o‘zbekistonlik talabalar dunyoning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborilayotgani – bularning bari jadid bobolarimiz intilgan maqsadlarga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan tarixiy harakatlardir.
Agar bugungi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat maqsad-mohiyatiga diqqat qaratsak, shu narsani ilg‘aymizki, uning tub negizida mamlakat va xalqning dunyo xalqlari orasida tenglar ichra teng maqomga erishish niyati mujassamdir. Bu nima degani?
Bu shu deganiki,
siyosiy sohada: mustaqil O‘zbekiston boshqa biror mamlakat yoxud xalqaro tuzilmalar ta’siriga berilmay, dunyoning barcha do‘st mamlakatlari va hukumatlari bilan o‘zaro manfaatli, teng, ko‘p vektorli tashqi siyosat olib bormoqda. Uning bu prinsiplari O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat konsepsiyasida o‘zining qonuniy, huquqiy aksini topgan.
iqtisodiy sohada: mamlakatimiz o‘zining boy yer osti va yer usti manbalaridan faqat xom ashyo sifatida foydalanish, bir yoqlama (paxta yakkahokimligi singari!) iqtisodiyotdan voz kechib, ham sanoat, ham qishloq xo‘jaligi, ham qayta ishlash sanoatida maksimal darajada tayyor, dunyo bozorlarida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqish yo‘liga o‘tib bormoqda;
ijtimoiy sohada: ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va ma’rifat singari, davlat byudjetiga real mablag‘, tezkor foyda keltirmasa-da, kelajakka qo‘yilgan investitsiya sifatida juda katta effekt berishi kutiladigan ijtimoiy yo‘nalishlar rivoji, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasiga ustuvor e’tibor qaratildi;
ma’naviyat va mafkura sohasida: o‘tmishdagi yakkamafkurachilik tizimiga barham berilib, davlat va jamiyat boshqaruvida ko‘ppartiyaviylik, gender tengligi, fikr va qarashlar erkinligi tamoyillari yo‘lga qo‘yilmoqda, boshqaruvga xotin-qizlar va yoshlarni keng jalb etish tendensiyasi joriy etilyapti. Milliy o‘zlikni asrash, mamlakat va millat sha’ni va shavkatini dunyoga namoyon qilish, buning uchun barcha sohalar – san’at va adabiyot, hunarmandchilik va xalq og‘zaki ijodi, sport, turizm yo‘nalishlariga yirik mablag‘lar yo‘naltirilishi o‘zining real samaralarini bermoqda.
Guvohi bo‘layotganingizdek, bu sa’y-harakatlarning barchasi jadid bobolarimiz orzulari, g‘oya va niyatlariga benihoya hamohang, ular uchun armon bo‘lib qolgan ezguliklar edi. Shuning uchun ham bugun to‘la ishonch bilan Yangi O‘zbekistonni zamona jadidlari, xususan, siz singari ilmga tashna, mustaqil va erkin, ijodiy fikrlaydigan yoshlar bunyod etadi, deya ayta olamiz.
Keyingi 10 daqiqada o‘qituvchi talabalarga mavzu yuzasidan quyidagi savollarni beradi va javoblarga o‘z munosabatini bildiradi:
1. Qanday badiiy asarlar – she’r va dostonlar, qissa hamda romanlar, spektakl va badiiy filmlarda jadid bobolarimiz hayoti, ijodiy faoliyati aks ettirilgan?
2. Jadid bobolarimiz o‘ylagan maqsadlarni to‘la amalga oshirish uchun xalqimiz, xususan, siz – yoshlar nimalar qilishi kerak, deb hisoblaysiz?
Talabalar javobini eshitgan professor-o‘qituvchilar jadid namoyandalari, xususan, Is’hoqxon Ibratning “Lug‘ati sittai alsina” (“Olti tilli lug‘at”), Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Ikki til emas, to‘rt til lozim”, “Yoshlarga murojaat”, “Bizni kemirguvchi illatlar”, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar” maqolalari, Fitratning she’rlari yoki publitsistik asarlari, Abdulla Avloniyning she’r va maqolalarining ayrimlarini talabalarga qisqa sharhlab berishlari mumkin.
YAKUNIY QISM (5 daqiqa). Mashg‘ulot davomida o‘zlashtirilgan bilim va taassurotlarni umumlashtirish asnosida hafta hikmatini keltirib chiqarish va uni ezgu istaklar qatoriga qo‘shish.
O‘qituvchi: - Hurmatli talabalar, nima deb o‘ylaysizlar, bugungi muloqotimizdan kelib chiqadigan xulosa, hafta hikmati sifatida qanday hikmatni, sitatani, ibratli misrani tanlasak bo‘ladi?
Talabalar tomonidan taklif etiladigan har bir hikmatli so‘z, yorqin g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan, ular izohiga qo‘shimcha qilgan holda, o‘qituvchi, pirovardida o‘z taklifini o‘rtaga tashlaydi.
Sizlarning hozir aytgan takliflaringizni inkor etmagan olgan holda, menga qolsa, ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Sa’y va g‘ayrat” maqolasidagi mana bu fikr-da’vatni bugungi kunimiz uchun ham dolzarb xitob sifatida tanlasak, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Jadid bobomiz shunday deganlar:
“Sihatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, qanoatimiz, sabrimiz, fazilatimiz, alhosil, butun hayotimiz harakatimizga bog‘liqdir!”
E’tiboringiz, faol ishtirokingiz, xalqparvarligingiz, fidoyiligingiz uchun katta rahmat, salomat bo‘linglar!