“Kelajak soati” 17-mavzu

MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR

UCHUN DAVRA SUHBATI:

“MEN ODOBLI BOLAMAN”

                       

Davra suhbatining maqsadi:

– Bolalarda odob, hurmat, to‘g‘ri xulq-atvor tuyg‘ularini uyg‘otish va shakllantirish.

– Ularni boshqalarga nisbatan chiroyli munosabatda bo‘lishga o‘rgatish.

– Ota-ona, tarbiyachi va tengdoshlar oldida yaxshi odobli bo‘lishning ahamiyatini tushuntirish.

 Kutilayotgan natija:

– Bolalar “Men odobli bo‘lsam – hammadan hurmat olaman” degan asosiy iborani bilib oladi.

Salom berish, minnatdorchilik aytish, “iltimos” va “rahmat” so‘zlarini qo‘llay oladi.

– Axloqning oltin qoidasi haqida ma’lumotga ega bo‘ladi va uni hayotda qo‘llay oladi.

– Katta rejalar va orzularga yaxshi xulq bilan erishish mumkinligini o‘rganadi.

 

Kerakli jihozlar:

– Rangli rasmlar yoki kartochkalar: salomlashish, yordam so‘rash, minnatdorchilik kabi tasvirlar.

– O‘yinchoqlar (masalan: qo‘g‘irchoq, hayvoncha) o‘yin  uchun.

– She’r yozilgan kitob.

– Odobli va odobsiz bolaning xatti-harakatini ko‘rsatadigan rasmlar

 

Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa.

 

KIRISH QISM   

Tarbiyachi: Bolalar, axloqning oltin qoidasi bor. Shuni bilasizmi?

Bolalar: Yo‘o‘o‘o‘o‘o‘q!

Tarbiyachi: Bilishni xohlaysizmi?

Bolalar: Haaaaaa!     

Tarbiyachi: Unda diqqat qiling, oltin qoidani yod olamiz. Boshqalar sizga qanday muomala qilishini istasangiz, siz ham ularga shunday muomala qiling.

Bu nima degani?

 Sizni aldashlarini istamasangiz – siz ham aldamang. Sizga boshqalar yordam berishsa, yoqadimi? Unda siz ham boshqalarga yordam bering.

Mana shu axloqning oltin qoidasi deb ataladi.

Hurmatli Prezidentimiz sizlarni “Oltin avlod” deb atadilar. Demak, sizning axloqingiz qanday axloq bo‘lishi kerak?

Bolalar: Oltiiin axloq!

Tarbiyachi: Barakalla bolajonlar! Oltin qoidani yod oling va unga amal qiling!

Bolajonlar, odob bu bizning uyda, bog‘chada, ko‘chada, o‘zimizni qanday tutishimizdir. Bog‘chada do‘stlarimiz bilan ahil bo‘lishimiz, urishmasdan, talashmasdan o‘yinchoqlarni birga o‘ynashimiz – odobdir.

Xunuk xulq chiroyli bolalarni ham xunuk ko‘rsatadi. Hozir sizlarga ko‘rsatmoqchi bo‘lgan rasmlardan odobli bolalar qanday bo‘lishi kerakligini bilib olasizlar.

              I.Turdimuhammadova, N.Jo‘raboyev rasmlaridan foydalanildi.

 

 

       

 

1-interaktiv o‘yin: “Odobli yoki odobsiz?”

(Kirish qismidan keyin, 2 daqiqa)

Maqsad: Bolalarda yaxshi va yomon xulqni farqlash ko‘nikmasini shakllantirish.

Kerakli jihoz: Odobli va odobsiz bola tasvirlangan rasmlar (yuqorida berilgan).

Qanday o‘ynaladi:

Tarbiyachi rasmni ko‘rsatadi va so‘raydi:

– Bolalar, bu bola odoblimi yoki odobsizmi?

Agar odobli bo‘lsa – bolalar qo‘llarini yuraklariga qo‘yishadi.

Agar odobsiz bo‘lsa – boshlarini sekin chayqashadi.

Tarbiyachi yakuni:

– Demak, odobli bola hammaga yoqadi, to‘g‘rimi?

 

Tarbiyachi: Bolajonlar, endi men sizlarga odobli bola haqida ertak qo‘yib beraman.

Vizual kontent

“Odobli bola” – ertak

 

Ertak yuzasidan savollar beriladi. Bolalarning javoblari tinglanadi.

XULOSA

Tarbiyachi:

Bolalar odobli bola bo‘lish nimaga kerakligini bilib oldingiz? Odob bizni hamma joyda hurmatli qiladi. “Salom”, “Kechirasiz”, “Rahmat” so‘zlari odamlarni chiroyli ko‘rsatadi.