“Kelajak soati” 17-mavzu

“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

17-mavzu: “Men o‘zbekistonlikman”

 

Dars maqsadi:

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida Blum taksonomiyasi asosida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, o‘zligini anglash va o‘z xalqidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish.

O‘quvchilarning O‘zbekiston tarixiy merosi, buyuk ajdodlarimiz, zamonaviy taraqqiyot jarayonlari haqida bilimlarini boyitish orqali ularning farzandlik tuyg‘ulari va iftixorini oshirish.

 

Kutilayotgan natijalar:

1-4-sinf  o‘quvchilarida  “Men - o‘zbekistonlikman” milliy o‘zlikni rivojlantirishga oid o‘quv maqsadlarini Blum taksonomiyasi bosqichlari asosida ta’minlash. Jumladan:

 

1. Bilish

1.  O‘zbekistonning davlat bayrog‘ini taniydi.

2.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ismi, sharifini aytadi.

3.  O‘zbekistonning poytaxti qayerligini aytadi.  

2. Tushunish

1. Maktabda bolalar bilan ahil bo‘lish Vatanni sevish belgisi ekanini aytadi.

2. Vatanparvar inson qanday bo‘lishi kerakligini aytadi.

3. “Vatanni qo‘riqlash” tushunchasini sodda izohlaydi.

3. Qo‘llash 

1. O‘zbekiston va boshqa davlatlar bayrog‘ini solishtiradi.

2. Tinch, ahil bo‘lishning ahamiyatini tushuntiradi.

3. O‘z yurtida bilan nega faxrlanishini aytadi.

4. Tahlil

1. Milliy va xorijiy kiyimlar orasidagi farqni izohlaydi.

2. O‘zbekiston qadriyatlarini biladi va ulardan xulosa chiqaradi.

3. O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar bolalarining farqini tushuntiradi.

5. Sintez

1. Vatan haqida o‘z fikrini o‘ylab topadi.

2. Vatanparvar bola nima qiladi?” savoliga  to‘g‘ri javoblar topadi.

3. Vatanga oid video rolikni sharhlaydi.

6. Baholash

1. Milliy bayramlarning yaxshiligini aytadi.

2. O‘qishda qiynalgan sinfdoshiga yordam berishni muhim deb biladi.

3. Davlat ramzlarini nega hurmat qilish kerakligini ta’kidlaydi.

 

Mashg‘ulot davomiyligi: 45 daqiqa.

  Dastlabki 10 daqiqa: motivatsiya. Og‘zaki hikoya va taqdimot.

  15 daqiqa: videorolik, foto asosida ko‘rgazmali ta’sirchan material.

  15 daqiqa: erkin muloqot, savol-javob va interaktiv topshiriqlar.

  5 daqiqa: she’r, qo‘shiq, maqollar orqali darsni mustahkamlash.

Mashg‘ulot shakli:

Erkin suhbat va interaktiv mashg‘ulot.

Kerakli materiallar:

  Ssenariy;

  Videorolik va ko‘rgazmali materiallar;

  Interaktiv topshiriqlar;

  Prezident nutqlari va tarixiy manbalar asosidagi taqdimot.

 

DARS SSENARIYSI

Kirish. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi sinfga milliy yoki zamonaviy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiq (masalan, “Ulug‘imsan, Vatanim”) sadolari ostida kiradi – qo‘shiqni karnaydan qo‘yish yoki telefonda eshittirish mumkin. Ohang past, sezilar-sezilmas yangraydi. Bir necha soniya jimlik saqlanadi. O‘qituvchi bolalarga qarab, salomlashadi va gap boshlaydi:

O‘qituvchi:

– Bolajonlar! Bugun darsimizni bir oddiy, ammo juda muhim savol bilan boshlamoqchiman.

Doskaga savolni yozadi:

“Men kimman?”

 

O‘qituvchi:

– Bu savol juda oddiydek tuyuladi. Lekin aslida hayotingizdagi eng asosiy savollardan biridir. Tasavvur qiling, bir kuni siz uzoq yurtga safarga bordingiz. Atrofingizda sizni tanimaydigan odamlar. Hech kim sizning ismingizni bilmaydi. Qaysi maktabda, nechanchi sinfda o‘qishingizni ham so‘ramaydi. Faqat bitta savol beradi: “Sen kimsan?” Nima deb javob bergan bo‘lar edingiz?

(Pauza. Sinfga nigoh tashlanadi.)

– Hozir javob bermang. Jim o‘ylang. O‘z javobingizni toping.

O‘qituvchi qo‘lidagi kichik oynani ko‘taradi.

O‘qituvchi:

– Endi men oynani sizlarga tutaman. Har kim unda o‘zini ko‘radi. O‘ziga qarab bitta savolni beradi – “Men kimman?”. Bu savolga javobning to‘g‘ri yoki notoʻgʻrisi bo‘lmaydi. Faqat o‘zingizning javobingiz bo‘ladi.

Bir necha bolaga oyna tutiladi va ularning javoblari eshitiladi. O‘qituvchi bu javoblarni baholamaydi, faqat qo‘llab-quvvatlab va yo‘naltirib turadi. So‘ngra sokin, lekin qat’iy ohangda davom etadi.

O‘qituvchi:

– Siz aytgan hamma javoblar to‘g‘ri. Siz chindan ham bolasiz, o‘quvchisiz, qiz yoki o‘g‘il bolasiz. Lekin shunday bir javob borki, u siz tug‘ilmasdan oldin ham bor edi. Siz katta bo‘lsangiz ham siz bilan qoladi. Siz qayerga bormang, sizni tanitib turadi.

O‘qituvchi doskaga yaqinlashadi va yozadi:

“Men o‘zbekistonlikman!”

 

O‘qituvchi:

– Bu shunchaki gap emas. Bu – o‘zlik. Bu – “men qaysi yurtdanman”, “men qaysi xalqning farzandiman”, degan savollarning javobi. Bu so‘zda tarix ham bor, bugun ham bor, ertangi kun ham bor.

Endi tasavvur qiling: yoningizda boshqa mamlakat bolalari turibdi. Ular ham o‘zlarini tanishtiryapti. “Men germaniyalikman”, deydi biri. “Men yaponiyalikman”, deydi boshqasi. Navbat sizga keladi.

 Siz nima deysiz?

Bolalar bir ovozdan javob berishadi.

– Men o‘zbekistonlikman!

O‘qituvchi:

– Aytish oson. Lekin bu so‘z – juda mas’uliyatli. O‘zbekistonlik bola qanday bo‘ladi? U qanday o‘qiydi? Qanday gapiradi? Do‘stlariga qanday munosabatda bo‘ladi? Vataniga qanday qaraydi?

Bugun biz shu savollarga javob izlaymiz. 

 

Asosiy qism (30 daqiqa)

O‘qituvchi sinfga bir muddat tikilib turadi. Shoshilmay gap boshlaydi:

– Hozir sizlardan bittagina iltimosim bor. Kim qayerdan ekanini aytmasin, kim qaysi millatga mansub ekanini aytmasin, kim uyida qaysi tilda gaplashishini eslamasin – hozir hammangiz bir xil e’tibor bilan quloq soling.

Chunki hozir men sizlarga juda oddiy, lekin juda muhim haqiqatni aytaman.

Kimdir “men Samarqanddanman” deydi. Kimdir “men Andijondanman” deydi. Kimdir “men Qoraqalpog‘istondanman” deydi.

Kimdir o‘zini o‘zbek deb biladi. Kimdir rus, koreys, tatar yoki tojik deb biladi.

Kimdir uyida faqat o‘zbekcha gapiradi. Kimdir boshqa tilda gaplashadi.

Kimdir Navro‘zni nishonlaydi. Kimdir Yangi yilda Qorbobo sovg‘a keltiradi deb ishonadi va kutadi.

Bilinglarki, bularning birortasi noto‘g‘ri emas. Aksincha, mana shu rang-baranglik O‘zbekistonni chiroyli qiladi. Agar hamma bir xil bo‘lsa, yurt ham rangsiz bo‘lib qolardi.

Interaktiv daqiqa

O‘qituvchi O‘zbekiston xaritasini doskaga iladi, ko‘rsatkich tayoqcha bilan mos hududlarni ko‘rsatib so‘raydi.

O‘qituvchi:

Samarqand – O‘zbekistonmi?

Qoraqalpog‘iston – O‘zbekistonmi?

Farg‘ona – O‘zbekistonmi?

Bolalar javob beradi.

– Turli millatlar-chi? Ular ham O‘zbekistonda yashaydimi?

Bolalar: Ha!

– O‘zbekistonda Yangi yil nishonlanadimi? Hayit bayramlari-chi? Pasxa-chi? Navro‘z-chi?

Bolalar: Ha!

O‘qituvchi:

– Siz tug‘ilgan joy – bu sizning ildizingiz.

Siz mansub millat – bu sizning boyligingiz.

Siz e’tiqod qiladigan din yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik – bu sizning tanlovingiz va u hurmat qilinadi.

Demak, bitta yurt ichida turlicha millat, elat, din vakillari bo‘lishi mumkin. Lekin shunday bir so‘z borki, u hammamizni birlashtiradi. U – sizning fuqaroligingiz.

Siz O‘zbekiston fuqarosisiz! Kelinglar, shu o‘rinda “O‘zbekiston fuqarosi” degan atamaga oydinlik kiritish uchun bir video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Men Oʻzbekiston fuqarosiman

 

O‘qituvchi:

Tasavvur qiling. Siz boshqa mamlakatdasiz. Hech kim sizdan “sen qaysi viloyatdansan?” deb so‘ramaydi. Hech kim “qaysi millatdansan?” deb so‘ramaydi. Ular faqat bitta narsani so‘rashi mumkin – qaysi mamlakatdan ekanligingizni. Va siz faxr bilan aytasiz: “Men O‘zbekistondanman”.

O‘qituvchi ovozini qat’iylashtiradi:

– Ana shu paytda hammamiz bir xil – o‘zbekistonlik deb atalamiz. Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar. Qayerda tug‘ilgansiz – farqi yo‘q. Hammamiz bir so‘zga sig‘amiz.

Bu so‘z – o‘zbekistonlik.

 Mana shu so‘z bilan biz bir-birimizni topamiz, dunyoga o‘zimizni va Vatanimizni tanitamiz, bir yurtning farzandi ekanimizni his qilamiz.

Demak, bugun sinfimizda turli viloyatlardan kelgan, har xil millat yot dinga mansub bolalar emas, bugun bu yerda bitta yaxlit xalqning kelajagi o‘tiribdi!

O‘qituvchi:

Tasavvur qiling, siz oilangiz bilan boshqa davlatga bordingiz. Aeroportdasiz, pasport nazoratidan o‘tishga navbat kutyapsiz. Atrofingizda notanish odamlar. Hech kim sizning ismingizni bilmaydi. Qaysi sinfda o‘qishingizni ham so‘ramaydi. Shu payt siz bir ish qilasiz. Navbat kutishni tartibga solish uchun o‘rnatilgan arqon to‘siqning ustidan sakrab o‘tib navbatning boshiga o‘tib olasiz. Shunda nima bo‘ladi?

Bolalarning javoblari: Hamma yomon qaraydi, e’tiroz bildiradi

O‘qituvchi:

To‘g‘ri. Hamma sizning qaysi reys bilan qayerdan uchib kelganingizni biladi. “Bu o‘zbekistonliklar” deydi. “Ular navbatda turishni bilmaydi” deydi. Vaholanki, boshqa o‘zbekistonliklar navbatda turgan bo‘lishi mumkin. Ammo bitta sizning nojo‘ya harakatingiz hamma o‘zbekistonliklar haqida yomon fikr tug‘ilishiga olib kelishi mumkin.

O‘qituvchi:

– Yoki aksincha holatni tasavvur qiling. Siz navbatda turganlarga kulib salom berasiz. Chemodanlari ko‘p bo‘lsa, yetaklashib yuborasiz. Navbatda tartib bilan turasiz… Shu paytda odamlar siz haqingizda nima deydi?

Bolalar javob berishga harakat qiladi:  “Qarang, bu o‘zbekistonlik ekan” deydi. “O‘zbekistonliklar juda tarbiyali va madaniyatli xalq ekan” deb xulosa qilishadi.

O‘qituvchi:

 Endi aytinglar-chi, o‘sha paytda siz oddiy bola bo‘lasizmi?

Bolalar: Yo‘q.

O‘qituvchi:

– To‘g‘ri. Siz o‘sha paytda butun O‘zbekistonning kichkina vakiliga aylanasiz. Norasmiy elchisiga.

Elchi degani nimani anglatadi, bilasizlarmi? Elchi – bir davlatni boshqalarga tanitadigan odam.

Demak, sizning har bir harakatingiz O‘zbekistonni olamga yoki yaxshi, yoki yomon tomondan tanitadi.

Interaktiv o‘yin

O‘qituvchi:

– Endi men vaziyatlarni aytaman, sizlar esa tezda qaror qilasiz. Agar bu ish O‘zbekiston nomini ko‘taradigan bo‘lsa – qo‘lingizni ko‘tarasiz. Agar yerga uradigan bo‘lsa – qo‘lingizni tushirasiz.

O‘qituvchi vaziyatlarni aytadi:

– Aeroportda keksa odamga joy berish.

– Navbatni buzib o‘tish.

– Yo‘lda adashgan bolaga yordam berish.

– Axlatni yerga tashlash.

– Restoranda shvedcha stoldan birdaniga juda ko‘p ovqatni olish va uvol qilish.

– Samolyot to‘xtar-to‘xtamas o‘rindiqdan turib olish.

– Ko‘chada yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik.

O‘qituvchi:

– Ko‘rdingizmi? Har bir kichkina ish katta narsaga – o‘zbekistonlik degan nomga ta’sir qiladi.

 O‘qituvchi real hayotiy misolga o‘tadi, doskaga quyidagi skrinshotni chiqardi:

 

Mana bu bir hamyurtimiz haqida Koreya sayti yozgan maqola. 2023-yil Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida o‘zbekistonlik erkak yong‘in ichida qolgan 69 yoshli koreyalik ayolni qutqardi, deb yozmoqda ushbu sayt. Ushbu qahramonlik butun Koreyada o‘zbekistonliklar haqida ijobiy fikr uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.

O‘sha paytda hech kim uning ismini so‘ramadi. Hech kim qaysi viloyatdan ekanini bilib o‘tirmadi. Odamlar faqat shunday dedi: “o‘zbekistonliklar jasur ekan”.

Yana bir misol:

 

 2022-yil Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik Oybek Eshtemirov ko‘pqavatli uylarning birida yuz bergan yong‘indan ikki nafar ayolni qutqarib qolgan. Shu ishi bilan Oybek Rossiyada o‘zbekistonliklar jasur ekan degan fikrning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Albatta, oʻzbekistonlik nomini ulug‘lash uchun  o‘z jonini xatarga qo‘yish shart emas. Shunchaki, axloqli, tarbiyali va halol bo‘lishning o‘zi bilan “o‘zbekistonlik” so‘zini ijobiy jihatdan tanitish mumkin.

Bolalar, sizlar ham yaxshi o‘qisanglar, tarbiyali bo‘lsanglar, qonunlar va tartiblarga rioya qilsanglar, bir kun kelib albatta o‘zbekistonliklarning nomini ulug‘lashga sababchi bo‘ladigan muvaffaqiyatli insonlarga aylanasizlar.

Xulosa shuki, dunyoning qayerida bo‘lmang, “o‘zbekistonlik” nomini yaxshi xulq bilan tarqating.

O‘qituvchi:

– Aziz bolajonlar, endi esa e’tiboringizni ekranga qarating. Sizga o‘zbekistonliklar uchun dunyoning istalgan chekkasida taniqli va sevimli bo‘lgan narsalar haqida video qo‘yib beraman.

 

Vizual kontent

Oʻzbekistonni ularsiz tasavvur eta olmaymiz

 

O‘qituvchi:

– Dunyoning qayeriga bormang, bir-biringizni nimadan taniysiz?

Bolalar javob beradi. O‘qituvchi davom etadi:

– Ba’zida bitta naqshdan.

Ba’zida bitta kuy ohangidan.

Ba’zida bitta taom hididan.

Ba’zida esa bitta so‘zdan.

Milliy liboslar, naqshlar, kuylar, taomlar, til, urf-odatlar – bular bizni dunyoda yo‘qolib, boshqa xalqlarga aralashib, singib yo‘q bo‘lib ketishimizga yo‘l qo‘ymaydigan belgilar. Ya’ni qayerda bo‘lmang, “Men kimman?” degan savolga javob berib turadigan belgilar.

Kichik o‘yin

O‘qituvchi:

– Men aytaman, siz topasiz:

“Do‘ppi” – bu nima?

“Sumalak” – bu nima?

“Karnay-surnay” – bu nima?

 Bular shunchaki buyum yoki ovoz emas. Bu – o‘zlik belgisi.

O‘zbekistonlik bo‘lish – bu zamonaviy bo‘lishga xalaqit bermaydi. Aksincha, o‘zligini bilgan odamgina dunyoda ishonch bilan yuradi.

O‘qituvchi umumlashtiradi:

Demak, bugun biz uchta muhim narsani bildik.

Birinchisi: qaysi viloyatdan, qaysi millatdan bo‘lishidan qat’i nazar, hammamiz o‘zbekistonlikmiz.

Ikkinchisi: qayerda bo‘lsak ham, har birimiz O‘zbekiston nomi uchun mas’ulmiz.

Uchinchisi: o‘zligimizni saqlab, milliy o‘ziga xosligimizni yaxshi ishlar bilan dunyoga ko‘rsatamiz.

Endi oxirgi savolga samimiy va  haqqoniy javob bering.

O‘zbekistonlik bo‘lish siz uchun faxrmi?

Bolalar javob beradi.

O‘qituvchi:

– Demak, bu faxrni har kuni xulqingiz bilan mustahkamlaysiz.

 

Yakuniy qism (5 daqiqa)

 

O‘qituvchi:

Bolajonlar, bugun biz ko‘p gaplashdik. Lekin hozir eng muhim daqiqa keldi. Chunki hozir siz o‘zingiz bilan bu darsdan nimani olib ketishingizni hal qilamiz.

Biz bugun o‘zbekistonlik bo‘lish nimani anglatishini gaplashdik. O‘zbekistonliklarning butun dunyoda hurmat bilan tilga olinishi uchun bugun Prezidentimiz va hukumatimiz katta ishlar qilyapti.

O‘zbekistonni ochiq, tinch, ishonchli va madaniyatli davlat sifatida tanitish uchun ko‘plab xalqaro siyosiy va madaniy tadbirlar tashkil qilinyapti, butun dunyo bilan, xususan, yaqin qo‘shnilar bilan ham aloqalarimiz yaxshilandi, yangi yo‘llar ochilyapti, aeroportlar, vokzallar, maktablar, stadionlar qurilyapti. Yoshlar o‘qisin, dunyoni ko‘rsin, bilimli bo‘lsin, deb imkoniyatlar yaratilyapti.

Sportchilarimiz chempion bo‘lib bayroq ko‘taryapti. Olimlarimiz, shifokorlarimiz, muhandislarimiz boshqa davlatlarda tan olinyapti. Tinchlik, do‘stlik va inson qadri davlat siyosatining markaziga qo‘yilgan.

Bularning bari sizlarning kelajakda xalqaro maydonda erkin, baland ko‘tarilgan bosh bilan yurishingiz, farovon va tinch yashashingiz uchun qilinmoqda.

Aziz o‘quvchilar!

Bugun darsimizda kimdir yangi so‘z eshitdi. Kimdir yangi narsa o‘rgandi. Kimdir esa o‘zini boshqacha his qila boshladi. Lekin bitta savol hammamiz uchun birdek muhim: bugun darsdan chiqib, siz o‘zingizni kim deb hisoblay boshlaysiz?

Keling, shu savolga javob topish uchun bir kichik o‘yin o‘ynaymiz.

Interaktiv o‘yin: “Men – o‘zbekistonlikman, chunki…”

O‘qituvchi:

– Men to‘pni (yoki bayroqchani) bir o‘quvchiga uzataman. Kimga uzatsam, u qo‘liga oladi va jumlani davom ettiradi:

– “Men o‘zbekistonlikman, chunki…

O‘yin tezkor ritmda o‘tadi. Javoblar baholanmaydi, faqat qabul qilinadi:

– “…chunki men odamlarni hurmat qilaman.”
– “…chunki men yurtimni yaxshi ko‘raman.”
– “…chunki men yordam berishni bilaman.”
– “…chunki men o‘qib, foydali bo‘laman.”

O‘qituvchi umumlashtiradi:

– Qaranglar, bu javoblarning hech biri bir xil emas. Lekin barchasi bitta ma’noga olib keladi.

O‘zbekistonlik bo‘lish – bu hujjatdagi yozuv emas. Bu – har kuni qilinadigan tanlov.

Bolajonlar, siz qayerda bo‘lmang, kim bilan gaplashmang, shuni unutmang: siz faqat o‘zingiz uchun emas, butun O‘zbekiston nomidan yuribsiz.

Bugun sizlar bilan bitta kelishuv qilmoqchiman.

Agar bir kun kelib kimdir: “Men bir o‘zbekistonlikni uchratdim”, desa, u odam siz haqingizda iliq so‘z aytishini xohlaysizmi?

Bolalar: Ha!

O‘qituvchi:

– Demak, shunday bo‘lingki, O‘zbekiston siz bilan faxrlansin.

O‘qituvchi va bolalar birgalikda, qo‘l yurak ustida:

– Biz o‘zbekistonlikmiz. Va bu nomga munosib bo‘lamiz.

O‘qituvchi:

Barakalla, bolajonlar. Darsimizni esa milliy musiqiy kompozitsiya bilan yakunlaymiz.

 

Vizual kontent

Milliy ohanglar popurisi

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/271