“Kelajak soati” 17-mavzu
“Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
17-mavzu: Men o‘zbekistonlikman
Dars maqsadi:
O‘quvchilarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, o‘zligini anglash va o‘z xalqidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish. O‘quvchilarning O‘zbekiston tarixiy merosi, buyuk ajdodlarimiz, zamonaviy taraqqiyot jarayonlari haqida bilimlarini boyitish orqali ularning fuqarolik mas’uliyati va g‘ururini oshirish.
Kutilayotgan natijalar:
O‘quvchilar “Men o‘zbekistonlikman” degan iboraning ma’nosini o‘z so‘zlari bilan ifodalay oladi.
O‘quvchilar O‘zbekistonning ramzlari va qadriyatlari haqida misollar keltira oladi.
O‘quvchilar milliy g‘urur, vatanparvarlik va bag‘rikenglik haqida shaxsiy fikrlarini erkin bayon qila oladi.
O‘quvchilar Vatan ravnaqi uchun bilim olish, mehnat qilish va halol yashashning ahamiyatini tushunib yetadi.
Mashg‘ulot davomiyligi: 45 daqiqa.
· Dastlabki 10 daqiqa mavzuning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati hamda Prezidentimiz nutqlaridan parchalar asosida og‘zaki hikoya va taqdimot
· 15 daqiqa videorolik yoki hujjatli lavha asosida ko‘rgazmali ta’sirchan material
· 15 daqiqa erkin muloqot, savol-javob va interfaol topshiriqlar
· 5 daqiqa she’r, qo‘shiq, maqol va sahna ko‘rinishi orqali darsni mustahkamlash
Mashg‘ulot shakli:
Erkin suhbat va interfaol mashg‘ulot.
Kerakli materiallar:
Ssenariy;
Videorolik va ko‘rgazmali materiallar;
Interfaol topshiriqlar;
Prezident nutqlari va tarixiy manbalar asosidagi taqdimot.
DARS SSENARIYSI
KIRISH (10 daqiqa)
“Bir xarita, 38 million odam va sen”
(Dars boshlanishida doskada yoki proyektorda O‘zbekiston xaritasi ochiq turadi)
O‘qituvchi:
– Assalomu alaykum, qadrli o‘quvchilar. Bu – O‘zbekiston xaritasi.
Bu xarita ustida hozir 38 milliondan ortiq odam yashayapti. Shuncha insonning har biri har kuni gapiradi, yuradi, tanlov qiladi, iz qoldiradi.
Endi savol. Sizningcha, shu 38 million odam ichida siz qayerdasiz?
Yo‘q, joylashuvingizni, yashash manzilingizni so‘ramayapman. Men boshqa narsani so‘rayapman. Siz shu o‘zbekistonliklarning biri sifatida 38 million inson bilan bir guruh, jamoa ekaningizni his qilasizmi?
(Doskaga yozadi)
1 O‘ZBEKISTONLIK = 38 000 000 O‘ZBEKISTONLIK
O‘qituvchi:
Dunyo xaritasida O‘zbekiston katta davlat emas. Lekin dunyo O‘zbekistonni o‘zbekistonliklar orqali taniydi.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, millionlab o‘zbekistonliklar xorijda o‘qish, ishlash, yashash yoki sayohat qilish maqsadida yuribdi. Har kuni minglab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston nomidan post yoki sharh yozadi, video joylaydi. Bitta video, bitta xatti-harakat, bitta gap – minglab odamlarning fikriga ta’sir qiladi.
Endi o‘ylab ko‘ring. Agar bitta o‘zbekistonlik noto‘g‘ri ish qilsa, dunyodagi odamlar nima deydi?
(O‘quvchilar javob beradi: “O‘zbeklar shunaqa ekan” va hokazo.)
O‘qituvchi:
– Mana, ko‘rdinglarmi, hech kim “falonchi bola shunaqa” demaydi. Hamma: “O‘zbekistonliklar shunaqa ekan” deydi. “Birniki – mingga, mingniki – tumanga” degan maqolni eshitganmisiz? Bu jamoaning bir a’zosi butun jamoa uchun mas’ul ekanini anglatadi. Ya’ni o‘zbekistonlik bo‘lish – bu bir tomondan faxr, boshqa tomondan esa mas’uliyatdir.
(Doskaga yozadi)
SEN – STATISTIKA EMASSAN.
SEN – VAKILSAN.
SEN – O‘ZBEKISTONLIKSAN!
O‘qituvchi:
Endi yana bir qiziq fakt. O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Biz bu haqida “bag‘rikenglik” mavzusidagi darsimizda gaplashgan edik. Lekin dunyoda shu 130 dan ortiq millat va elat vakillarining hammasini bitta so‘z bilan atashadi.
(Xaritaga ishora qiladi.)
O‘ZBEKISTONLIK.
Demak, bu so‘z:
· faqat millat emas
· faqat pasportdagi yozuv emas
· faqat tug‘ilgan joy emas
Bu so‘z – birlik, umumiylik, yaxlitlik va birdamlik degani.
Keling, avvaliga shu haqida bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Biz oʻzbekistonlikmiz!
O‘qituvchi:
Bugungi darsda biz quyidagilarni gaplashamiz:
doskaga yozadi
O‘zbekistonlik bo‘lish nimani anglatadi?
“O‘zbekistonlik” bo‘lishning qanday yaxshi tomonlari bor?
O‘zbekistonlik bo‘lishning mas’uliyati qanday?
Boshlaymiz.
ASOSIY QISM (30 daqiqa)
O‘qituvchi:
– Endi asosiy savolni ochamiz. Biz ko‘p aytamiz: “Men o‘zbekistonlikman” Lekin bu gapni chinakam anglash uchun uni biroz chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak.
O‘zbekistonliklar – bu tarixi umumiy, makoni – yashash mamlakati umumiy, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi va qonunlari, Prezidenti, davlat tili, davlatchiligi umumiy bo‘lgan yaxlit bir xalq. Bu xalqni xalq qilgan esa uning har bir a’zosi. Ya’ni siz, men, ota-onangiz, do‘stlaringiz.
Agar tarixga qarasak, o‘zbekistonliklarni birdam, yaxlit, savodli va sifatli xalq qilishga o‘z hayotini tikkan insonlar ko‘p. Masalan, o‘tgan darsimizda biz jadid bobolarimiz haqida gaplashdik. Aynan ular o‘z xatti-harakatlari bilan o‘zbekistonliklarni birlashtirish, kuchli, bilimli va ilg‘or millatga aylantirishga intilishgan.
Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot masalasidir” deganida shunchaki chiroyli gap aytmagan. U o‘sha davrda maktab ochdi, darslik yozdi, yoshlarni o‘qitdi. Chunki u shuni anglagan: agar jamiyat savodsiz bo‘lsa, millat ham, davlat ham kuchli bo‘la olmaydi. Avloniy uchun o‘zbekistonlik bo‘lish – jamiyat oldidagi mas’uliyat edi.
Yoki Mahmudxo‘ja Behbudiy. U teatr orqali, maqolalar orqali odamlarni uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Bilardiki, bir insonning fikri o‘zgarsa, jamiyat ham asta-sekin o‘zgaradi. U o‘z xavfsizligini emas, xalq kelajagini o‘yladi. Bu – fuqarolik mas’uliyatining eng og‘ir, lekin eng halol ko‘rinishi edi.
Zamonaviy misollarga qaraylik. Bugun dunyo O‘zbekistonni faqat rasmiy bayonotlar orqali emas, balki oddiy fuqarolarning xatti-harakati orqali taniyapti. Masalan, chet elda mehnat qilayotgan, qonun-qoidalarga rioya qilayotgan, halol ishlab, obro‘ orttirayotgan o‘zbekistonliklar ko‘p. Ular mikrofon oldida nutq so‘zlamaydi. Lekin ular orqali “o‘zbekistonlik” degan so‘zga ijobiy ma’no yuklanadi.
Yoki sportchilarimizni olaylik. Olimpiada yoki jahon chempionatida bayroq ko‘tarilganda, u yerda faqat sport natijasi emas, balki intizom, mehnat va mas’uliyat ham namoyon bo‘ladi. Sportchi yutganda “u yutdi” deyishmaydi – “O‘zbekiston yutdi” deyishadi. Chunki u o‘sha paytda butun xalqning vakiliga aylanadi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlar davrida bu mas’uliyat yanada oshdi. Bitta video, bitta izoh, bitta xatti-harakat butun mamlakat haqidagi tasavvurga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli o‘zbekistonlik bo‘lish – bu nafaqat huquqlarga ega bo‘lish, balki o‘zini tuta bilish, fikrini mas’uliyat bilan aytish, boshqalarning haqqiga hurmat bilan qarashdir.
Shuning uchun ham fuqarolik – bu pasportdagi yozuv emas. Bu kundalik hayotdagi tanlov. Navbatda qanday turishing, internetda qanday gapirishing, boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishing – bularning barchasi “men qaysi davlat fuqarosiman?” degan savolga amaliy javobdir.
Kelinglar, endi O‘zbekiston fuqarosi ekaningizni tasdiqlovchi hujjatlar qayerda berilishi haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Men Oʻzbekiston fuqarosiman
O‘qituvchi:
– Haqiqiy O‘zbekistonlik – bu tarixdan kuch olib, bugun to‘g‘ri yashaydigan va ertangi kun oldida mas’uliyatni his qiladigan insondir.
Shu joyda kichik interaktiv daqiqa qilamiz.
Interaktiv daqiqa: “Bu kimning ishi?”
O‘qituvchi:
– Men hozir bir nechta holatlarni aytaman. Agar bu faqat shaxsiy ish deb o‘ylasangiz – kaftingizni ochib ko‘rsating. Agar bu butun mamlakat obroʻyiga ta’sir qiladi deb hisoblaysiz – kaftingizni musht qiling.
- Aeroportda navbatda turganlarni mensimay benavbat o‘tmoqchisiz.
- Ko‘chada axlatni yerga tashladingiz.
- Begona odamga chemodanlarini ko‘tarishga yordam beryapsiz.
- Internetda haqoratli izoh yozdingiz
O‘qituvchi:
– Ko‘rdingizmi, ba’zi ishlar “shaxsiy ish” bo‘lib qolmaydi. Ular avtomatik ravishda “bizniki”ga aylanadi. Ana shu joydan o‘zbekistonlik bo‘lish boshlanadi.
Endi ikkinchi savolga o‘tamiz: O‘zbekistonlik bo‘lishning qanday yaxshi tomonlari bor?
Birinchidan, O‘zbekistonlik bo‘lish – bu katta tarix va madaniyatga tayangan holda yashash degani. Inson o‘zini yolg‘iz his qilmaydi. U biladiki, uning ortida asrlar davomida shakllangan qadriyatlar, ilm, san’at va an’analar bor. Ya’ni, “men kimman o‘zi” deb qiynalmaydi, o‘ziga ishonadi, o‘zidan g‘ururlanadi. Bu – insonlarga intilish, motivatsiya olish va qaror qabul qilishida juda zarur tuyg‘u. Bu o‘ziga ishonch beradi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonlik bo‘lish – bu turli millat va qarashlar orasida yashash madaniyati. Dunyoning ko‘plab joylarida aynan shu narsa yetishmaydi. Bizda esa bir yurtda turli madaniyat vakillari tinch yashaydi. Bu insonni keng fikrlashga, boshqasini tushunishga o‘rgatadi.
Uchinchi muhim jihat – bu imkoniyat. Bugun yoshlarning o‘qishi, rivojlanishi, dunyoni ko‘rishi uchun yo‘llar ochilgan.
Kuni kecha Xalqaro fan olimpiadalarida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan yoshlar hamda ularning ustozlariga katta pul mukofotlari berilganini ko‘rdingizmi, bolalar? O‘tayotgan 2025-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 29 ta xalqaro olimpiadada 210 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Shundan 40 tasi oltin! Masalan, kimyo bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadada g‘olib bo‘lgan ikki o‘quvchiga 1 milliard so‘mdan mukofot berildi!
Sizlar ham harakat qilsangiz ana shunday yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyadigan o‘zbekistonlik yoshlar bo‘lasiz. Buning uchun sizga Prezidentimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan, shunday katta pul mukofotlari ham berilmoqda.
Demak, o‘zbekistonlik bo‘lish – bu cheklov emas, to‘g‘ri foydalansangiz, tayanch.
Shu yerda bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
1000 dan ortiq bolalarni operatsiya qilganman – Bobur Toʻrayev
O‘qituvchi:
– O‘zbekiston nomini ko‘klarga ko‘tarish faqat katta sahnalarda bo‘lmaydi. Eng ko‘p hollarda bu oddiy kundalik xulq bilan bo‘ladi.
O‘qituvchi real hayotiy misolga o‘tadi, doskaga quyidagi skrinshotni chiqardi:

Mana bu bir hamyurtimiz haqida Koreya sayti yozgan maqola. 2023-yil Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida o‘zbekistonlik erkak yong‘in ichida qolgan 69 yoshli koreyalik ayolni qutqardi, deb yozmoqda ushbu sayt. Ushbu qahramonlik butun Koreyada o‘zbekistonliklar haqida ijobiy fikr uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.
O‘sha paytda hech kim uning ismini so‘ramadi. Hech kim qaysi viloyatdan ekanini bilib o‘tirmadi. Odamlar faqat shunday dedi: “O‘zbekistonliklar jasur ekan”.
Yana bir misol:

2022-yil Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik Oybek Eshtemirov ko‘pqavatli uylarning birida yuz bergan yong‘indan ikki nafar ayolni qutqarib qolgan. Shu ishi bilan Oybek Rossiyada o‘zbekistonliklar jasur ekan degan fikrning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Albatta, o‘zbekistonlik degan nomni ulug‘lash uchun o‘z jonini xatarga qo‘yish shart emas. Shunchaki, axloqli, tarbiyali va halol bo‘lishning o‘zi bilan “o‘zbekistonlik” so‘zini ijobiy jihatdan tanitish mumkin.
Endi esa dunyoning qaysi chekkasida bo‘lmaylik, bizni birlashtiruvchi va har bir o‘zbekistonlik uchun qadrli bo‘lgan ramzlar haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Oʻzbekistonni ularsiz tasavvur eta olmaymiz
O‘qituvchi:
Endi eng muhim savolga kelamiz: o‘zbekistonlik bo‘lishning mas’uliyati nimada?
Mas’uliyat shundaki, sen qayerda bo‘lma – maktabda, ko‘chada, internetda yoki chet elda – yolg‘iz emassan. Seni ko‘rishadi va sen orqali mamlakatni baholashadi. Ba’zan hatto sen xohlamagan holda ham bir davlatning “kichik vakili”ga aylanasan.
Bu – erkinlik bilan birga mas’uliyat ham keladi degani. Bu – “hech kim ko‘rmayapti” degan fikr o‘rniga “men kimni ifodalayapman?” degan savolni berish degani.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbekistonlik bo‘lish – bu hujjatdagi yozuv emas. Bu balandparvoz gaplar ham emas. Bu har kuni, har joyda, hatto hech kim ko‘rmayotganda ham to‘g‘ri yo‘lni tanlashdir.
YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
O‘qituvchi jilmayadi, ovozini yumshatadi.
– Bugun biz jiddiy mavzularni ham tilga oldik. Lekin darsni og‘ir hissiyot bilan emas, faxr bilan tugatamiz. Chunki o‘zbekistonlik bo‘lish – bu yuk emas. Bu – imtiyoz.
Har bir inson dunyoga keladi. Lekin har kim ham tinch yurtda, bayrog‘i bor, madhiyasi bor, kelajagi haqida orzu qila oladigan mamlakatda tug‘ilavermaydi. Siz esa ana shunday yurtda tug‘ilgansiz.
Siz o‘zbekistonlik bo‘lganingiz uchun:
- o‘z tilingizda bemalol gapira olasiz;
- o‘z bayrog‘ingizni ko‘tarib sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlaysiz;
- tarixingiz, madaniyatingiz, buyuk ajdodlaringiz bilan faxrlana olasiz;
- dunyoning qayeriga bormang, “mening Vatanim bor” deb ayta olasiz.
Bu – katta baxt.
Bugun dunyoda ko‘plab bolalar urush ko‘rayotgan joylarda yashayapti. Ko‘plab bolalar maktabga borish imkoniga ega emas. Siz esa ertalab uyg‘onib maktabga kelasiz, do‘stlaringiz bilan kulasiz, kelajak rejalari qilasiz. Bu oddiydek tuyuladi, lekin bu – katta imtiyoz.
O‘zbekistonlik bo‘lish – bu shunchaki hujjat emas. Bu – o‘z uyiga ega bo‘lish, o‘z joying borligini bilish, o‘z kelajagingni shu yerda tasavvur qila olish demakdir.
Shuning uchun sizlar bugun bu sinfdan chiqib ketayotib, o‘zingizni “kimman?” deb emas, “qanday baxtliman?” deb his qilishingiz kerak.
Keling, shu o‘rinda har bir o‘zbekistonlik ko‘rishi kerak bo‘lgan filmlar ro‘yxatini sizga qo‘yib beraman. Albatta, daftarlaringizga bu filmlar nomlarini yozib olinglar va uyda bu filmlarni oilaviy ko‘ringlar. Ular sizga albatta yoqadi.
Vizual kontent
Siz bu filmlarni tomosha qilganmisiz? (1-qism)
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/274
O‘qituvchi:
– Yurtimizni sevish uchun katta ish qilish shart emas. Uni sevib yashashning o‘zi kifoya.
Barcha birga, tabassum bilan:
– Biz o‘zbekistonlikmiz. Va bundan faxrlanamiz!
– Darsimiz so‘ngida hammaga yoqadigan musiqiy daqiqalar – milliy ohanglarimizdan tuzilgan jonli ijrodagi popurini maroq bilan tinglaymiz
Vizual kontent
Milliy ohanglar popurisi
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/271
O‘qituvchi:
– Mana shu tuyg‘u siz bilan qolsin. Dars tugadi.