“Kelajak soati” 17-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
17-mavzu: “Men o‘zbekistonlikman”
Dars maqsadi: Umumiy maqsad:
9-11-sinflar uchun mazkur mashg‘ulot “Men o‘zbekistonlikman” g‘oyasini o‘quvchining real hayoti bilan bog‘lash, milliy identitlikni shaxsiy kamolot, oilaviy va ijtimoiy mas’uliyat hamda Vatanga sadoqat bilan uyg‘un ko‘rsatish. Darsda davlat ramzlari va tarixiy-madaniy meros mazmuni, shuningdek, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev g‘oyalari va “Yangi O‘zbekiston” islohotlarining maqsadini oddiy savollar, hayotiy misollar va kichik amaliy vazifalar orqali yoritish.
Aniq maqsadlar:
1. O‘quvchilarning milliy identitlik va Vatanga sadoqatga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini oshirish hamda “Men O‘zbekistonlikman” g‘oyasining hayotiy mazmunini tushuntirish.
2. O‘quvchilarga milliy qadriyatlar, davlat ramzlari va tarixiy-madaniy meros orqali shaxsiy kamolotga erishish mumkinligini anglatish va bu yo‘lda aniq maqsadlar qo‘yishlarini rag‘batlantirish.
3. O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston” doirasida ta’lim va yoshlar siyosati bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda imkoniyatlar haqida aniq tasavvur berish.
4. O‘quvchilarda milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyati asosida jamiyat va Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagini shakllantirish hamda bu yo‘lda faol harakat qilish motivatsiyasini kuchaytirish.
Asosiy g‘oyalar: “Men o‘zbekistonlikman” mavzusidagi mashg‘ulot o‘quvchini bilimga tayanib o‘zini rivojlantirishga, ona tili va qadriyatlarni ardoqlashga hamda uy-maktab-mahallada kichik, lekin izchil yaxshi amallar orqali jamoa va Vatan ravnaqiga amaliy hissa qo‘shishga undaydi. Bugungi intilish va ezgu ishlar ertangi kuchli O‘zbekistonni yaratadi.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
· O‘quvchilar O‘zbekistonning mustaqilligi, milliy g‘urur va qadriyatlar tushunchasini anglaydi.
· “Men o‘zbekistonlikman” degan iboraning ma’nosini chuqurroq tushunadi va uni hayotiy shior sifatida qabul qiladi.
· O‘quvchilar Vatan oldidagi sadoqat, faxr va g‘urur tuyg‘ularini his qiladi.
· Milliy an’ana, qadriyat va ramzlarga mehr-muhabbat va hurmat kuchayadi.
· O‘quvchilar milliy qadriyatlarni kundalik hayotda qo‘llashni o‘rganadi.
· O‘z fikrini erkin ifodalash, suhbat va munozaralarda faol ishtirok etish ko‘nikmasi shakllanadi.
· O‘quvchilar jamoadoshlik, mahalladoshlik va fuqarolik mas’uliyatini his etadi.
· Yurt sha’nini ulug‘lash uchun birgalikda harakat qilish g‘oyasiga ishonch hosil qiladi.
Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “Men o‘zbekistonlikman” darsida:
Adabiyot: O‘quvchilar Vatan, xalq va milliy g‘ururga oid maqol va she’r misralarini topib, 1-2 jumlada mazmunini sharhlaydilar.
Tarix: Mustaqillikdan keyingi yutuqlar yoki mashhur vatandoshlar haqida qisqa faktlarni aytib beradilar va “Men o‘zbekistonlikman” jumlasi bilan bog‘lashadi.
Geografiya: O‘zbekiston xaritasidan bir hududni tanlab, uning tabiiy boyligi yoki mashhur shahri haqida 2-3 gap aytadilar.
Muloqot va nutq: Juftliklarda 60 soniyalik qisqa nutq tayyorlaydilar: “Men o‘zbekistonlikman degan so‘z mening hayotimda qanday ma’no kasb etadi?”
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti. www.milliytarbiya.uz
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
- Dastlabki 10 daqiqa mavzuning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati hamda Prezidentimiz nutqlaridan parchalar asosida og‘zaki hikoya va taqdimot
- 15 daqiqa videorolik yoki hujjatli lavha asosida ko‘rgazmali ta’sirchan material
- 15 daqiqa erkin muloqot, savol-javob va interfaol topshiriqlar
- 5 daqiqa she’r, qo‘shiq, maqol va sahna ko‘rinishi orqali darsni mustahkamlash
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
Dars ssenariysi
KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi sinfga kiradi. Doskaga yozadi:
FAXR
So‘ng o‘girilib, sinfga qaraydi.
O‘qituvchi:
– Ba’zi so‘zlar bor. Ularni tushuntirib yoki ta’riflab bo‘lmaydi. Ularning ma’nosini faqat his qilish mumkin. Masalan, “faxr” degan so‘zni.
Faxrni buyurib singdirib bo‘lmaydi. Faxr – yurakdan chiqadigan tuyg‘u.
Bugun biz aynan shu tuyg‘u haqida gaplashamiz.
Interaktiv daqiqa: “Siz qachon faxrlanasiz?”
O‘qituvchi:
– O‘ylab ko‘ring. So‘nggi bir yil ichida qachon ich-ichingizdan shunday degansiz: “Shu payt o‘zbekistonlik ekanimdan faxrlanib ketdim.”
O‘quvchilarning taxminiy javoblari:
– O‘zbekiston futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqqanida,
– Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha Jahon kubogini yutganida,
– Abduqodir Husanov “Manchester Siti” klubida o‘ynashni boshlaganida,
– oddiy odamning qahramonliklari bo‘lishi mumkin,
– biror yangilik bo‘lishi mumkin va hokazo.
O‘qituvchi:
– Bugun biz ana shu o‘zbekistonlik bo‘lish va undan faxrlanish tuyg‘usi haqida gaplashamiz.
“O‘zbekistonlik – bu kim?”
O‘zbekistonlik bo‘lishning yagona formulasi, retsepti yoki qolipi yo‘q. Bu – bitta millat, bitta xarakter, bitta fikr degani ham emas.
O‘zbekistonlik – bu
– turli qarashlarga ega bo‘lib ham bir jamiyatda yashash,
– turli tillarda gapirib ham, bir yurtni Vatan deb bilish,
– bir-birini tan olgan, hurmat qilgan, bag‘rikeng xalqning tarkibida bo‘lish degani.
Faqat shunday fuqarolari sabab O‘zbekiston kuchli mamlakat bo‘ladi. Shunday fikrlaydigan jamiyat tufayli bugun O‘zbekiston barqaror. Oʻzbekistonlik g‘oyasi – bu yagona fuqaroviy o‘zlik degani. Ya’ni hamma o‘zbekistonliklar o‘zini yagona xalq va birlashgan jamiyat deb bilishi – bu tinch va barqaror yashashimizni anglatadi.
– Endi bir o‘yin o‘ynaymiz. Men gapni boshlayman, siz uni davom ettirasiz.
“Men o‘zbekistonlikman, shuning uchun men faxrlanaman…”
— tinchlik bilan.
— bag‘rikenglik bilan.
— imkoniyatlar bilan.
— yutuqlar bilan.
Bu javoblarning hech biri noto‘g‘ri emas.
Endi katta yutuqlarga erishgan o‘zbekistonlik shifokor haqida bir video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
1000 dan ortiq bolalarni operatsiya qilganman – Bobur Toʻrayev
O‘qituvchi:
– Vatanparvarlik baland gaplardan boshlanmaydi. U amallardan boshlanadi.
O‘z Vataningni sevish – bu uni boshqa yurtlardan ustun qo‘yish emas. Bu – uni o‘zingniki deb bilishdir. O‘zbekistonlik bo‘lish – bu o‘z ustida ishlab, bilim olib, muvaffaqiyatli insonga aylanish orqali ota-onasini, yaqinlarini, vatandoshlarini faxrlantirish demakdir.
Hozir sizlarda bu imkoniyat bor. Intilinglar, yutinglar va faxrlaninglar – ya’ni haqiqiy o‘zbekistonlik bo‘lib dunyoga dovruq taratinglar.
Bugun darsimiz davomida biz Vatan, milliy g‘urur, fuqarolik burchi va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz. Biz mashhur vatandoshlarimizni eslaymiz, ular qoldirgan izdan saboq olamiz va o‘zimiz ham qanday qilib kelajakda Vatan sha’nini yuksaltirishimiz mumkinligini mulohaza qilamiz.
ASOSIY QISM. (30 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Bugun biz “Men oʻzbekistonlikman” deb faxr bilan tilga oladigan tushunchamizni ochib beruvchi to‘rtta ustun haqida gaplashamiz.
Birinchi ustun – bu bizning yagona Vatanimiz, O‘zbekiston degan diyordir. Mana, uning sarhadlarini siz juda yaxshi bilasiz.
O‘qituvchi doskaga O‘zbekiston xaritasini qo‘yadi.

O‘qituvchi:
Xaritada ko‘rib turganingiz 14 ta hududiy birlik O‘zbekistonimizni tashkil qiladi. Surxondaryolik, qoraqalpog‘istonlik, samarqandlik, buxorolik, farg‘onalik, toshkentlik – qayerlik bo‘lmasin, hammamiz bitta Vatan – O‘zbekiston farzandlarimiz. Demak, biz yagona xalqmiz. Qayerda tug‘ilganimiz, qaysi urug‘, hudud yoki shevaga mansubligimizdan qat’i nazar, bizlar o‘zbekistonliklarmiz. Shuni anglasangiz siz “oʻzbekistonlik” degan sifatning birinchi ustunini tushungan bo‘lasiz.
O‘zbekiston – bizning yagona Vatanimiz. Bu diyorda ajdodlarimiz asrlar davomida o‘z davlatini barpo etgan, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida buyuk kashfiyotlar qilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimiz jahon tamaddunining durdonalari sifatida tan olingan. Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarimiz ilm-fan rivojiga bebaho hissa qo‘shgan. Ularning merosi bugun ham bizga kuch-quvvat, g‘urur va ilhom bag‘ishlaydi.
Buyuk alloma ajdodlarimiz hech biri sen buxoroliksan, sen xorazmliksan yo samarqandlikman deb bir-birlarini ajratishmagan. Biz ham shunday qilishimiz kerak. Aks holda bo‘linib parchalanib, boshqa kuchli mamlakatlarga qaram bo‘lishimiz mumkin. Demak, yagona o‘zbekistonlik bo‘lish bizni kuchli qiladi.
Mustaqillik – xalqimizning eng katta boyligi. Mustaqillik tufayli biz o‘z tilimiz, dinimiz, an’analarimizni erkin rivojlantirish huquqiga ega bo‘ldik. Bugun erkin bilim olamiz, orzu qilgan kasbimizni tanlaymiz va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan yaratamiz. Shuning uchun ham yurtimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini asrash – har bir o‘zbekistonlikning eng muqaddas burchidir.
Keling, shu yerda mavzuga mos bir ijtimoiy rolik tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Biz oʻzbekistonlikmiz!
O‘qituvchi: Ikkinchi ustun – bizning tariximiz.
Aziz o‘quvchilar! Milliy g‘urur insonning o‘z xalqiga, uning tarixiga, madaniyatiga, yutuqlari va qadriyatlariga bo‘lgan chuqur hurmatidan kelib chiqadi. O‘z millatidan faxrlangan inson hech qachon o‘zligini unutmaydi, balki uni kelajak avlodga iftixor bilan yetkazadi.
Xalqlar bor, tarixi juda katta emas. Bizning esa uch ming yillik davlatchilik tariximiz bor.
Bizning xalqimiz jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan. Qadimiy Sharq madaniyati, Buyuk Ipak yo‘li orqali butun dunyoga tarqalgan ilm-fan, adabiyot va san’at namunalari buni isbotlab turibdi. O‘zbekiston yerida yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar – Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa allomalar ilm-fan va madaniyatning rivojlanishiga beqiyos xizmat qilgan. Ularning merosidan faxrlanish, ularni chuqur o‘rganish bizning milliy g‘ururimizning asosiy manbaidir.
Demak, “o‘zbekistonlik” bo‘lish bu qadim tarixi va ajdodlari merosidan faxrlanish demakdir.
O‘zbekistonliklarni birlashtiruvchi uchinchi ustun – bu davlat ramzlaridir. Bayroq, gerb va madhiyamiz bizning mustaqillik va erkinligimizning timsoli hisoblanadi. Har bir o‘quvchi bu ramzlarga hurmat bilan qarashi, ularni ulug‘lab, qalbida saqlashi lozim. Chunki ular nafaqat huquqiy belgi, balki xalqimizning orzu-intilishlari, tarixiy xotirasi va kelajakka bo‘lgan ishonchining ifodasidir.
Kelinglar, shu o‘rinda bizning milliy o‘ziga xosligimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimiz aks etgan filmlar tavsiya etilgan bir rolikni tomosha qilamiz. Ushbu filmlarning nomlarini eslab qoling yoki daftaringizga qayd etib qo‘ying va uyda albatta oilaviy tomosha qiling.
Vizual kontent
Siz bu filmlarni tomosha qilganmisiz? (2-qism)
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/276
O‘qituvchi: Sizningcha, milliy g‘ururimiz faqat o‘tmishdan faxrlanish bilangina cheklanishi kerakmi yoki kelajak uchun qilinadigan ishlarimiz ham uni belgilaydimi?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! “O‘zbekistonlik” tushunchasining to‘rtinchi ustuni – bu burch va mas’uliyatlarimizdir. Ya’ni har birimiz shu o‘lkaning farzandi sifatida uning nomini, o‘zbekistonliklar sha’nini himoya qilishga burchlimiz. Xorijiy mamlakatlarga chiqqanda, dunyo ayvonida bizni boshqa xalqlar ismimiz, yoshimiz yo kasbimiz emas, avvalo, qaysi mamlakatdan kelganimizga qarab belgilashadi. “Bu – o‘zbekistonlik” deyishadi. Ismimiz yoniga bir umrga “o‘zbekistonlik” degan sifat tirkaladi. Bu esa bizni o‘z mamlakatimizning norasmiy elchisiga aylantiradi. Demak, biz shuni his qilgan xolda axloqimiz, xatti-harakatlarimiz va amallarimizni tahrirlashimiz kerak.
Navbatga turish, yo‘l qoidalari va boshqa qonunlarga rioya qilish, baqir-chaqir qilmaslik, jamoat joylarida o‘zni tutish, halol bo‘lish kabi xislatlarimiz bilan biz butun o‘zbekistonliklar haqida yaxshi taassurot qoldirishimiz mumkinligini unutmasligimiz lozim.
Shu yerda mavzuga oid bir videokontent tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Xorijga chiqayotgan oʻzbekistonlik fuqarolar uchun 10 tavsiya
O‘qituvchi: Ko‘rib turganingizdek, bu tavsiyalarga amal qilish qiyin emas, oddiy odob-axloq qoidalari. Lekin jamoat joylarida, ayniqsa, xorijda, sizni birinchi marta ko‘rib turgan va siz orqali butun xalqingiz haqida xulosa chiqariladigan joylarda ularga amal qilish juda ahamiyatli, shuni unutmasangiz bo‘ldi.
– Tasavvur qiling, bugun sizning hayotingiz “Men o‘zbekistonlikman” degan bitta jumlaga sig‘dirildi. Ertaga kelajak avlod shu jumla orqali sizni eslaydi. Siz qanday ishlar qilib, bu jumlani faxrga aylantirishingiz mumkin?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Dunyoda neft, oltin va boylik ko‘p mamlakatlarda bor, lekin O‘zbekistonning o‘ziga xos boyligi nimada deb o‘ylaysiz – yer osti xazinalaridami yoki xalqining yuragidagi mehr va sadoqatidami?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Sizningcha, haqiqiy o‘zbekistonlik kim – yurtini faqat so‘zda sevuvchi insonmi yoki uni amalda obod qilish uchun mehnat qiluvchi, halol va sodiq insonmi? Siz qaysi yo‘lni tanlaysiz?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, bugun xorijda yashab, yurtimiz nomini butun dunyoga tanitayotgan yana qaysi vatandoshlarimizni bilasiz va ular qanday yutuqlari bilan Vatanimiz sha’nini yuksaltirishmoqda deb o‘ylaysiz?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Siz o‘zbekistonliksiz, biz o‘zbekistonlikmiz, hammamiz o‘zbekistonlikmiz. Vatanimizni sevamiz. Ammo vatanimiz – bu faqat xaritada aks etgan hudud degani emas. Vatan degani bu unda yashaydigan insonlar, ularning salohiyati, ilmi, kuchi, qobiliyati va o‘ziga xos fazilatlari deganidir.
Bugun o‘zbekistonliklar 38 milliondan oshdi va yiliga qariyb 1 milliondan ko‘payib bormoqda degan statistikani ko‘p eshitgansizlar. Yaqinda esa mamlakatimizda “Aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” tadbirlari boshlanadi.
Ro‘yxatga olish nima uchun kerak? O‘zi umuman, vatanimiz aholisi, boyliklari va boshqa omillar haqidagi statistik raqamlar qayerdan olinadi?
Keling, shu haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Aholini roʻyxatga olish jarayoniga qanday tayyorgarlik koʻrilmoqda?
O‘qituvchi: Demak, statistika, xususan, aholini ro‘yxatga olish o‘zbekistonliklar, vatandoshlarimiz haqida to‘liq ma’lumot olish uchun muhim jarayon hisoblanadi. Bu jarayonda davlat fuqarolarning o‘zi ham ishtirok etishi uchun sharoit yaratmoqda. Demak, biz o‘zimizni bilishimiz uchun statistika kerak. Davlatga esa barcha o‘zbekistonliklarni qamrab oluvchi xalqparvar qarorlar chiqarishi uchun aholini ro‘yxatga olish juda muhim. Biz bu jarayonning ahamiyatini to‘liq his qilib, unda faol bo‘lishimiz lozim.
YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar!
Bugun biz “Men o‘zbekistonlikman” mavzusida suhbatlashib, Vatanimizning mustaqilligi, milliy g‘ururimiz, fuqarolik burchimiz va qadriyatlarimiz haqida fikr almashdik. Shu suhbatlardan bir haqiqat ayon bo‘ldi: O‘zbekistonlik bo‘lish – bu faxr, sharaf va mas’uliyatdir.
O‘zbekiston bizning yagona Vatanimiz, bizni tarbiyalagan ona maskanimizdir. Uning bayrog‘i baland hilpiraganda, madhiyasi yangraganda, xalqimiz yutuqlarga erishganda – har birimizning yuragimizda g‘urur uyg‘onadi. Bu g‘urur bizni bilim olishga, halol yashashga, Vatan sha’nini yuksaltirishga undaydi.
Shunday ekan, har biringiz “Men o‘zbekistonlikman” degan so‘zni nafaqat tilda, balki qalb va amallar bilan tasdiqlashingiz kerak. Sizning o‘qishingiz, bilimga chanqoqligingiz, halol mehnatingiz, yaxshi inson bo‘lishingiz – bularning bari Vatanga bo‘lgan sadoqatingizning eng yorqin isbotidir.
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar!
Keling, shu so‘zlarni hammamiz birgalikda aytamiz:
“Men o‘zbekistonlikman – bu mening faxrim, bu mening burchim, bu mening kelajagim!”
– Endi esa darsimiz so‘ngida hammaga yoqadigan musiqiy daqiqalar – milliy ohanglarimizdan tuzilgan jonli ijrodagi popurini maroq bilan tinglaymiz
Vizual kontent
Milliy ohanglar popurisi
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/271
O‘qituvchi:
Barchangizga e’tibor uchun rahmat. O‘zbekistonlik bo‘lishdan hamisha faxrlanib yashang va bu so‘zga munosib bo‘ling.
Xayr, salomat bo‘ling!