“Kelajak soati” 17-mavzu

“Kelajak soati” darsining Oliy ta’lim muassasalari uchun mashg‘ulot ssenariysi:

17-mavzu: “Men o‘zbekistonlikman

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mazkur mashg‘ulot “Men o‘zbekistonlikman” g‘oyasini talabaning real hayoti, kasbiy va shaxsiy kamoloti bilan bog‘lash, milliy identitlikni ma’naviy barkamollik, ijtimoiy faollik va Vatanga sadoqat bilan uyg‘un holda yoritish. Dars jarayonida davlat ramzlari va tarixiy-madaniy meros mazmuni, shuningdek Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev ilgari surayotgan “Yangi O‘zbekiston” islohotlari maqsad va tamoyillari talabalarga hayotiy misollar, muhokamalar va amaliy topshiriqlar orqali yetkaziladi.

Aniq maqsadlar:

1.    Talabalarning milliy identitlik va Vatanga sadoqatga bo‘lgan qiziqish hamda intilishlarini kuchaytirish, “Men o‘zbekistonlikman” g‘oyasining shaxsiy, kasbiy va ijtimoiy hayotdagi mazmunini chuqurroq tushuntirish.

2.    Talabalarga milliy qadriyatlar, davlat ramzlari va tarixiy-madaniy meros orqali ma’naviy yetuklik va professional kamolotga erishish mumkinligini anglatish hamda bu yo‘lda aniq maqsadlar qo‘yishga rag‘batlantirish.

3.    O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida ta’lim tizimi, yoshlar siyosati va ilm-fan rivoji bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlar haqida to‘liq tasavvur berish.

4.    Talabalarda milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyati asosida jamiyat va Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagini shakllantirish, yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda bu yo‘lda faol fuqarolik pozitsiyasini egallash motivatsiyasini kuchaytirish.

Asosiy g‘oyalar: “Men o‘zbekistonlikman” mavzusidagi mashg‘ulot talabalarning bilim, mahorat va shaxsiy intilishlariga tayangan holda o‘zini har tomonlama rivojlantirishga, ona tili va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga, shuningdek universitet, oila va mahalla doirasida amalga oshiriladigan kichik, ammo izchil ezgu ishlar orqali jamiyat va Vatan taraqqiyotiga amaliy hissa qo‘shishga undaydi. Talabalarning bugungi izlanishlari, tashabbuslari va bunyodkorlik ishlari ertangi kuchli va taraqqiy etgan O‘zbekistonni yaratishda poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Darsdan kutiladigan natijalar:

·         Talabalar O‘zbekiston mustaqilligi, milliy g‘urur ва milliy qadriyatlarning mohiyatini chuqurroq anglaydi.

·         “Men o‘zbekistonlikman” degan g‘oyaning falsafiy ва ma’naviy mazmunini tushunib, uni shaxsiy hayotiy tamoyiliga aylantiradi.

·         Talabalarda Vatan oldidagi sadoqat, mas’uliyat va milliy g‘urur tuyg‘ulari kuchayadi.

·         Talabalar milliy qadriyatlarni kasbiy faoliyat ва kundalik hayotga tatbiq etishni o‘rganadi.

·         Talabalar ijtimoiy mas’uliyatni his qiladi, jamiyat taraqqiyoti uchun fuqarolik burchini ado etish g‘oyasiga ishonch hosil qiladi.

 

Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

Masalan, “Men o‘zbekistonlikman” darsida:

Adabiyot: O‘quvchilar Vatan, xalq va milliy g‘ururga oid maqol va she’r misralarini topib, 1-2 jumlada mazmunini sharhlaydilar.

Tarix: Mustaqillikdan keyingi yutuqlar yoki mashhur vatandoshlar haqida qisqa faktlarni aytib beradilar va “Men o‘zbekistonlikman” jumlasi bilan bog‘lashadi.

Geografiya: O‘zbekiston xaritasidan bir hududni tanlab, uning tabiiy boyligi yoki mashhur shahri haqida 2-3 gap aytadilar.

Muloqot va nutq: Juftliklarda 60 soniyalik qisqa nutq tayyorlaydilar: “Men o‘zbekistonlikman degan so‘z mening hayotimda qanday ma’no kasb etadi?”

Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti. www.milliytarbiya.uz

 Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

-    ssenariy;

-    uslubiy tavsiyalar;

-    videomateriallar;

-    interaktiv topshiriqlar;

-    taqdimot.

Dars ssenariysi

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar! Bugun biz bilan muhokama qiladigan mavzu nafaqat akademik ahamiyatga ega, balki shaxsiy va milliy ongimiz bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu mavzu orqali biz o‘zimizning identifikatsiyamizni, tarixiy ildizlarimizni va shaxsiy orzu-umidlarimizni chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘lamiz. Har bir insonning hayotiy shiori bo‘lishi lozim bo‘lgan so‘z “Men o‘zbekistonlikman!”.

“Men o‘zbekistonlikman” degan ibora shunchaki so‘z emas; bu mas’uliyat, burch va milliy g‘ururdir. Agar bu so‘z qalbimizda chuqur his etilsa, biz Vatanimizga sodiq qolamiz, qadriyatlarimizni asraymiz va kelajakdagi hayotimizda jamiyatimiz va xalqimiz sha’nini yuksaltirishga intilamiz.

Bugungi dars davomida biz Vatan, milliy g‘urur, fuqarolik burchi va qadriyatlar masalalarini tahlil qilamiz. Shuningdek, mashhur vatandoshlarimizning hayotiy faoliyatidan o‘rnak olib, ularning qoldirgan merosini o‘rganamiz va o‘zimiz ham kelajakda Vatan sha’nini yuksaltirish yo‘llarini muhokama qilamiz.

Professor-o‘qituvchi: Demak, darsimizni boshlaymiz. Sizga savol: “Men o‘zbekistonlikman” degan ibora sizning shaxsiy va milliy ongingizda qanday ma’no kasb etadi?

Talabalar: Talabalar o‘z fikr va mulohazalarini bildiradilar.

Professor-o‘qituvchi: Har bir xalqning sha’ni va obroʻyi uning farzandlari orqali ifodalanadi. Bizning yurtimizda shunday sportchilar, iqtidorli yoshlar bor-ki, ular o‘zining mashaqqatli mehnati, qat’iyati va fidoyiligi bilan O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitmoqda. Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari va xalqaro fan olimpiadalarida bayrog‘imizni baland ko‘tarib, xalqimiz qalbiga faxr va g‘urur bag‘ishlayotgan bunday insonlar biz uchun nafaqat ibrat, balki ilhom manbaidir.

Endi esa sizlarni xalqaro va milliy miqyosda katta yutuqlarga erishgan o‘zbekistonlik yoshlardan biri haqida tayyorlangan videorolikni tomosha qilishga taklif qilaman.

 

Vizual kontent

1000 dan ortiq bolalarni operatsiya qilganman – Bobur Toʻrayev

 

Professor-o‘qituvchi: Ko‘rib turganingizdek, o‘zbekistonlik bo‘lishning imtiyozi mas’uliyatidan ko‘proq. Biz tinch-barqaror, iqtisodi rivojlanayotgan o‘lkada yashayapmiz. Prezidentimiz va davlatimiz uchun yoshlar masalasi hamisha eng oldingi o‘rinlarda turadi. El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali har yili yuzlab yoshlarga jahonning yetakchi universitetlarida ta’lim olishlari uchun mablag‘lar ajratilmoqda va ular shifokor Bobur To‘rayev kabi yetuk kadrlar misolida o‘zini oqlamoqda. Yashasang, o‘qisang, mehnat qilsang bo‘ldi, sharoitlar muhayyo – bunday imtiyoz hammada ham yo‘q. Dunyoda o‘z yoshlariga TOP universitetlarda o‘qishi uchun pul to‘lab berayotgan ko‘p davlatlarni bilamizmi? Undaylar ko‘p emas. Boshqa tomondan esa, o‘zbekistonliklar ham oʻzining mehnatkashligi, qay ishga qo‘l urmasin, uni a’lo darajada bajarishi, hunarmandligi, professionalizmi bilan tanilayotgani ham quvonarli.

Darhaqiqat, yurtimiz nomini va obroʻyini dunyoga yoyayotgan, o‘zbekistonliklarni ilmli, ziyoli, intiluvchan va muvaffaqiyatli insonlar sifatida tanitayotgan hamyurtlarimiz ko‘p. Sizlar ham ularning birisiz, bugun yo ertaga albatta porlaysiz va “o‘zbekistonlik” degan so‘zning muvaffaqiyat va zafarlar bilan birga tilga olinishiga sabab bo‘lasiz. O‘zbekistonlik degani bu xuddi “muzaffar”, “g‘olib”, “qahramon” kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lishi – bu yaxshi-ku, to‘g‘rimi? Demak, olg‘a, sizda imkon ko‘p!

 

ASOSIY QISM. (30 daqiqa)

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar! Bugungi darsimiz mavzusi “Men o‘zbekistonlikman”. Bu ibora faqat tug‘ilgan joyni ifodalab qolmaydi; balki shaxsiy identifikatsiya, milliy g‘urur va hayotiy mas’uliyatni anglatadi. O‘zbekistonlik bo‘lish bu qadimiy tarixga, boy madaniyatga va ulug‘ ajdodlar merosiga ega xalqning farzandi bo‘lishdir.

O‘zbekiston bizning yagona Vatanimizdir. Shu yurtning ajdodlari asrlar davomida o‘z davlatini barpo etgan, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida bebaho kashfiyotlar yaratgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimiz jahon tamaddunining durdonalari sifatida tan olingan. Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarimiz esa ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shgan. Ularning merosi bugun ham bizga kuch-quvvat, g‘urur va ilhom bag‘ishlaydi.

“Men o‘zbekistonlikman” degan iboralar bizdan nafaqat milliy faxrni, balki mas’uliyatni ham talab qiladi. Vatan oldidagi burchimiz halol mehnat qilish, bilim egallash, yurtimiz obroʻyini yuksaltirish va qadriyatlarimizni asrab-avaylashdir. O‘zbekistonning kelajagi bevosita bizning harakatlarimiz va qarorlarimizga bog‘liq.

Hurmatli talabalar! Sizlar ertangi kunning egalarisiz. Sizning orzu-intilishlaringiz, ilm olishdagi sa’y-harakatlaringiz va Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz O‘zbekistonning yorqin kelajagini belgilab beradi. Shu sababli, “Men o‘zbekistonlikman” degan g‘oya har birimizning qalbimizda kuchli ishonch, cheksiz g‘urur va sadoqat tuyg‘usi sifatida mujassam bo‘lishi kerak.

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarga savol: Agar “Men o‘zbekistonlikman” degan ibora sizning tasavvuringizda bir ramz yoki nur sifatida gavdalansa, u qanday fazilatlarni ifodalar edi jasoratmi, halollikmi, mehrmi yoki kelajak uchun mas’uliyatmi? Keling, shu haqida fikr almashamiz.

Talabalar: Talabalar o‘z mulohazalari va javoblarini bildiradilar.

“Milliy g‘urur yoshlarni yurt ravnaqi sari yetaklovchi kuch”

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar! Milliy g‘urur bu insonning o‘z xalqiga, uning tarixiga, madaniyatiga, yutuqlari va qadriyatlariga bo‘lgan chuqur hurmatidan kelib chiqadigan hissiyotdir. O‘z vatanidan faxrlangan shaxs hech qachon o‘zligini unutmaydi; aksincha, bu faxrni kelajak avlodga iftixor bilan yetkazadi.

Biz “Men – o‘zbekistonlikman” iborasini faxr bilan tilga olar ekamiz,buning o‘ziga yarasha mas’uliyati va burchlari borligini ham yoddan chiqarmasligimiz lozim. Bu burchlar og‘ir emas, ularni ko‘tarib yurish va amalga oshirish, istak bo‘lsa, har bir o‘zbekistonlikning qo‘lidan keladi. Faqat ularni unutmaslik va ahamiyatini to‘g‘ri tushunish lozim. Demak, har bir o‘zbekistonlik xorijga chiqqanida o‘z xalqining norasmiy elchisi ekanini unutmasligi lozim va hozir namoyish etiladigan videodagi tavsiyalarga amal qilishi kerak. Chunki har birimizning xulqimiz, xatti-harakatlarimizga qarab butun o‘zbekistonliklar haqida olam ahlida xulosa paydo bo‘ladi.

Hozir shu haqida bir videokontent ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

Xorijga chiqayotgan oʻzbekistonlik fuqarolar uchun 10 tavsiya

Professor-o‘qituvchi:

Hurmatli talabalar!

Endi bir tahlil qiling:  sizni Vataningiz o‘qitdi, tarbiya qildi, komil inson qilib yetishtirdi, dunyoning istalgan joyida erkin ta’lim olish imkoniyatlarini yaratib berdi.  Endi siz O‘zbekiston uchun nima bera oldingiz?

Talabalar: Talabalar chuqur tahlildan so‘ng o‘z fikrlarini bildiradilar.

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar, sizningcha, yoshlar jamiyatda Vatanga bo‘lgan sodiqliklarini qanday amaliy ishlar orqali namoyon qilishi mumkin? Milliy g‘urur va Vatan sevgisi kundalik hayotimizda qanday aks etadi?

Talabalar: Talabalar o‘z fikrlarini bildiradilar.

Professor-o‘qituvchi: Nima deb o‘ylaysizlar, chet elda yashayotgan vatandoshlarni Vatanimiz taraqqiyotiga jalb qilish imkoniyatlari bormi?

Talabalar: Talabalar o‘z fikrlarini bildiradilar.

Professor-o‘qituvchi: Sizningcha, milliy g‘ururimiz faqat o‘tmishdagi yutuqlarimizdan faxrlanish bilan cheklanishi kerakmi, yoki kelajak uchun qilinadigan ishlarimiz ham uni belgilaydimi? Shunday ishlarni qilgan insonlarni ham bilasizmi?

 Talabalar: Talabalar oʻz javoblarini aytadilar.

“Sadoqat va burch yurt taraqqiyotining tayanchi”

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar!

Mustaqil davlatimizning kelajagi, rivoji va qudrati har bir fuqaroning bilimga, mehnatga va halollikka bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Yoshlar ilm olish orqali yurtimizni yangi cho‘qqilarga olib chiqishi, o‘z salohiyatini xalq manfaatiga yo‘naltirishi lozim.

Bugun O‘zbekiston yoshlariga katta ishonch bildirilmoqda. Bu ishonchni oqlash uchun bilimli, tashabbuskor, halol va vatanparvar bo‘lish talab etiladi. Sizning qo‘lingizda ertangi kun, sizning yelkangizda Vatan kelajagi. Bu katta sharaf bilan birga, ulkan mas’uliyatni ham anglatadi.

Fuqarolik burchining yana bir muhim jihati Vatan xavfsizligi va mustahkamligini ta’minlashdir. Vatanparvar shaxs har doim yurt tinchligi uchun mas’uliyatni his qiladi va uni himoya qilishga tayyor turadi. Bu sadoqat nafaqat harbiy xizmatda, balki kundalik hayotda ham namoyon bo‘lishi lozim. Oddiy qilib aytganda, Vatanni sevish uni asrab-avaylash, obod qilish va rivojlantirishdir.

O‘zbekiston yoshlariga milliy g‘urur va Vatanga sadoqat eng ulug‘ qadriyatlardan biridir. Shu sababli, 2017-yilda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan farmonga binoan, barcha harbiy litseylarga buyuk sarkarda Amir Temur nomi berildi va ular “Temurbeklar maktabi” deb ataldi. Ushbu qaror yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, Amir Temur bobomizning jasorat va adolatga asoslangan hayotiy tamoyillaridan ibrat olish imkoniyatini yaratdi.

Shu orqali yoshlarimizga “Men o‘zbekistonlikman!” degan faxrli so‘zlarni amalda oqlash, Vataniga fidoyi farzand bo‘lib ulg‘ayish imkoniyati yaratildi. Milliy g‘urur yoshlarni yurt ravnaqi sari yetaklovchi eng katta kuchdir.

Aziz talabalar! Fuqarolik burchi va Vatanga sadoqat bu bizning chinakam o‘zbekistonlik ekanimizni ko‘rsatuvchi asosiy fazilatdir. Lekin shu bilan birga insoniy burch ham bor. Xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz orasida shunday insonlar borki. Ular o‘z insoniy burchini bajarib qahramonlik ko‘rsatishmoqda va shu orqali “o‘zbekistonlik” nomini ulug‘lashmoqda. Keling, ular haqidagi videolavhani tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Xorijda qahramonlik koʻrsatgan oʻzbekistonliklar

Professor-o‘qituvchi: Bu videodagi odamlar diplomat emas, harbiy emas, maxsus topshiriq bilan yuborilgan shaxslar ham emas. Ular oddiy o‘zbekistonliklar. Lekin ular hal qiluvchi lahzada tomoshabin bo‘lib turmadi.

Ba’zan dunyo ahli u yoki bu mamlakat haqida “Vikipediya” yoki ChatGPT emas, u yurt fuqarolarining xulqi va amallari orqali eshitadi, taniydi va baholaydi.

Shuning uchun “men o‘zbekistonlikman” degan ibora majburiyat emas, baland shior emas. Bu ichki tanlov. Qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, qanday qaror qabul qilishingiz sizni va yurtingizni u yoki bu jihatdan tanitadi, taqdim etadi. Shuni doim yodda tuting.

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar! Keling endi O‘zbekiston nomini tom ma’noda olamga keng yoyib, oʻzbekistonliklarning ijobiy imijini shakllantirishga o‘z mehnati bilan hissa qo‘shib kelayotgan oddiy va mashhur vatandoshlarimiz haqida suhbatlashamiz. Ularning qalblarida doimo Vatan muhabbati yashaydi. Ularning yutuqlari nafaqat faxr manbai, balki biz uchun ibrat va motivatsiyadir.

Siz o‘z ishingizning ustasi bo‘lsangiz, unga butun mehringiz, umringizni bag‘ishlasangiz va tinmay mehnat qilsangiz, albatta natijalar keladi. U natijalar katta va chiroyli bo‘ladi. Shunda u nafaqat o‘zingizga farovonlik va mashhurlik keltiradi, balki umuman o‘zbekistonlik degan nom uchun ham foyda bo‘ladi. O‘zbekiston xalqi – bu professional, muvaffaqiyatli insonlardir degan xulosaga xizmat qiladi.

Endi sizlarni ushbu vatandoshlar haqidagi videorolikni tomosha qilishga taklif qilaman. Diqqat bilan kuzating va o‘zingiz uchun amaliy saboq oling ular qanday mehnat qilgan, qanday qiyinchiliklarni yenggan va o‘z salohiyatini Vatan ravnaqi yo‘lida qanday ishlatganini tahlil qiling.

 

Vizual kontent

Biz oʻzbekistonlikmiz!

 

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar, keling xorijda yashab, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitayotgan vatandoshlarimiz haqida fikr yuritamiz. Sizlar qaysi mashhur o‘zbekistonliklarni bilasiz va ular qanday yutuqlari bilan Vatanimiz sha’nini yuksaltirmoqda, deb o‘ylaysiz? Shu masalani tahlil qilaylik va o‘z fikrlaringizni bildiring.

Talabalar: Talabalar o‘z mulohazalarini bildiradilar.

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, siz o‘zbekistonliksiz, biz o‘zbekistonlikmiz, hammamiz o‘zbekistonlikmiz. Vatanimizni sevamiz. Ammo vatanimiz – bu faqat xaritada aks etgan hudud degani emas. Vatan degani bu unda yashaydigan insonlar, ularning salohiyati, ilmi, kuchi, qobiliyati va o‘ziga xos fazilatlari deganidir. Bugun o‘zbekistonliklar 38 milliondan oshdi va yiliga qariyb 1 milliondan ko‘payib bormoqda degan statistikani ko‘p eshitgansizlar. Ayting-chi, vatanimiz, uning aholisi, boyliklari va boshqa omillar haqidagi statistik raqamlar qayerdan olinadi? O‘zbekistonliklarga oid qanday muhim statistik raqamlarni bilishmiz kerak?

Keling, shu haqida video tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Aholini roʻyxatga olish jarayoniga qanday tayyorgarlik koʻrilmoqda?

 

Professor-o‘qituvchi: Demak, statistika, xususan, aholini ro‘yxatga olish o‘zbekistonliklar, vatandoshlarimiz haqida to‘liq ma’lumot olish uchun muhim jarayon hisoblanadi. Bu jarayonda davlat fuqarolarning o‘zi ham ishtirok etishi uchun sharoit yaratmoqda. Demak, biz o‘zimizni bilishimiz uchun statistika kerak. Davlatga esa barcha o‘zbekistonliklarni qamrab oluvchi xalqparvar qarorlar chiqarishi uchun aholini ro‘yxatga olish juda muhim. Biz bu jarayonning ahamiyatini to‘liq his qilib, unda faol bo‘lishimiz lozim.

 

YAKUNIY QISM (5 daqiqa)

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar!

Bugun biz “Men o‘zbekistonlikman” mavzusida fikr almashdik, Vatanimizning mustaqilligi, milliy g‘ururimiz, fuqarolik burchimiz va qadriyatlarimizni tahlil qildik. Shu suhbatlardan aniq haqiqat ayon bo‘ldi: O‘zbekistonlik bo‘lish — bu faxr, sharaf va mas’uliyatdir.

O‘zbekiston bizning yagona Vatanimiz, bizni tarbiyalagan ona maskanimizdir. Uning bayrog‘i baland hilpiraganda, madhiyasi yangraganda va xalqimiz yutuqlarga erishganda har birimizning qalbimizda milliy g‘urur uyg‘onadi. Bu g‘urur bizni bilim olishga, halol yashashga va Vatan sha’nini yuksaltirishga undaydi.

Shunday ekan, har biringiz “Men o‘zbekistonlikman” degan iborani nafaqat og‘iz bilan, balki qalb va amallar bilan tasdiqlashingiz lozim. Sizning o‘qishingiz, ilmga bo‘lgan chanqoqligingiz, halol mehnatingiz va insoniy fazilatlaringiz bularning bari Vatanga bo‘lgan sadoqatingizning eng yorqin namunasidir.

Endi esa darsimiz so‘ngida hammaga yoqadigan musiqiy daqiqalar – milliy ohanglarimizdan tuzilgan jonli ijrodagi popurini maroq bilan tinglaymiz

 

Vizual kontent

Milliy ohanglar popurisi

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/271