“Kelajak soati” 18-mavzu
MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI: “YAXSHILIK VA YOMONLIK”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarga yaxshilik, foydali odatlar, ezgu ishlar, kattalarga, tengdoshlariga yordam tushunchalarini singdirish;
– Bolalarga yomonlik nimaligini oddiy tushuncha bilan izohlash;
– Bolalarni hayotiy misollar orqali odobli, mehribon bo‘lishga o‘rgatish;
– Xalq maqollari va hikmatli so‘zlar orqali qadriyatlarini yetkazish.
Kutilayotgan natija:
– Bolalar yaxshilik va yomonlik haqida gapira oladi;
– Yaxshi ish insonni baxtli qiladi, yomon ish odamni ranjitadi degan so‘zlarni tushunadilar;
– O‘yin va suhbat orqali mehr va muhabbat, do‘stlariga yordam berish ko‘nikmalari shakllanadi;
– Xulq-atvoridagi yomon xislatlarini yaxshi tomonga o‘zgartiradi.
Kerakli jihozlar:
– Rasmli kartochkalar (yaxshi va yomon ishlarni tasvirlagan).
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa
KIRISH QISMI:
Tarbiyachi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bugun sizlar bilan ikki juda muhim narsani gaplashamiz. Yaxshilik va yomonlik haqida. Bolajonlar yaxshilik nima degani?
Bolalar javobi
Tarbiyachi: Juda to‘g‘ri! Yaxshilik boshqalarga yordam berish, hurmat ko‘rsatish, kattalarga va kichiklarga mehribon bo‘lishimizdir. Masalan, do‘stingizga o‘yinchoqlaringizni berib birga o‘ynashingiz, buyam yaxshilik. O‘rtog‘ngizga yordam berishingiz, buyam yaxshilik. Yolg‘on gapirmaslik ham yaxshilikdir.
Yaxshilik qilsangiz, boshqalar sizdan xursand bo‘lishadi shunda siz ham o‘zingni baxtiyor his qilasan. Yomonlikchi nima degani?
Bolalar javobi tinglanadi.
Tarbiyachi: Yomonlik – bu boshqalarga zarar yetkazish, yolg‘on gapirish, xafa qilish, o‘zidan kichiklarga qo‘pol kuch ishlatish kabi xatti-harakatlar. Agar biror bola do‘stining o‘yinchoqlarini tepib sindirib qo‘ygan bo‘lsa va yolg‘on gapirib qilgan ishini tan olmasa, bu ham yomonlikdir. Yomonlik qilsangiz hammani, ayniqsa, ota-onangizni xafa qilgan bo‘lasizlar. Yaqin do‘stlaringiz ham sizdan uzoqlashishadi. Endi bolajonlar mana bu rasmlarga qarab, nima yahshi-yu, nima yomonligini bilib olamiz
Tarbiyachi: Bolajonlar, rasmlarda yaxshi ishlar ham, yomon ishlar ham aks etgan.
Aytinglarchi, siz ko‘rib turgan rasmlardagi qaysi ishlar yahshiyu, qaysi biri yomon.
Bolalar javobi tinglanadi.
Tarbiyachi: Hozir esa sizlarga yaxshilik va yomonlik haqida Zuhra buvidan bir ertak qo‘yib beraman. Birga tomosha qilamiz..
Interfaol o‘yin:
“Yaxshi – yomonni ajrat!”
Tarbiyachi: Endi sizlar bilan o‘yin o‘ynaymiz.
Bolalar yarim doira shaklida davra bo‘lib o‘tiradilar. Tarbiyachi har bir bolaning oldiga bitta rasm qo‘yib uni ko‘rsatadi. Bola rasmga qarab, bu yaxshi ishmi yoki yomon ish ekanligini aytadi. Agar to‘g‘ri topsa, “yaxshilik yulduzi” degan nishoncha (yoki stiker) beriladi. Beshta yulduzcha to‘plagan bola “Yaxshilik qiluvchi bola” deb e’tirof etiladi.
Misol uchun:
– Bola onasiga yordam beryapti.
– Bola o‘rtoqlarini itarib yubordi.
– Bola gullarga suv sepmoqda;
– Bola axlatni yerga tashladi.
Yod olish uchun maqollar:
1. Yaxshilik – yurakdan chiqadi.
2. Yaxshi so‘z – jon ozig‘i.
3. Yaxshi bola – ota-onaning faxri.
4. Yaxshi niyat – yarim davlat.
5. Yomon so‘z yurakni og‘ritar.
6. Yomon ish egasiga qaytar.
7. Yomonlik – o‘ziga ziyon.
8. Yomon niyatdan, yaxshilik chiqmas.
XULOSA
Bu maktabgacha yoshdagi bolalarda yaxshilik, hurmat kabi ijobiy fazilatlarni shakllantirishga yordam beradi. Bolalar o‘zlari amalda yaxshilik qilishni xoxlashadi. Maqollar orqali qadriyatlarni anglaydi, suhbat va rolli-o‘yinlar bilan ijobiy muloqot va so‘z boyligi kuchaytiriladi.