“Kelajak soati” 18-mavzu

“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

18-mavzu: “Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi”

 

ASOSIY DARS MASHGʻULOTI

 

Umumiy maqsad: O‘quvchilarda Vatanga muhabbat, tinchlikni qadrlash, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘ularini yoshiga mos, tushunarli va hayotiy misollar orqali shakllantirish. Vatan himoyasi sharafli burch ekanini anglatish hamda o‘quvchilarda “men ham foydali bo‘la olaman” degan ijobiy ichki ishonchni uyg‘otish.

Aniq maqsadlar:

  o‘quvchilarga Vatan, tinchlik, chegara, askar tushunchalarini sodda tilda tushuntirish;

  Vatan himoyasi faqat qurol bilan emas, balki bilim, intizom, mehnat va totuvlik bilan ham amalga oshirilishini anglatish;

  o‘g‘il-qizlarda Vatanga nisbatan faxr, g‘urur va mas’uliyat hissini kuchaytirish.

 

Asosiy gʻoyalar: dars mashg‘ulotlari davomida o‘quvchi Vatanni himoya qilish shu yurt fuqarosining sharafli burchi ekanligini tushunadi.

Darsdan keyin o‘quvchilarda kutiladigan natijalar:

Aqliy va tushunchaviy darajada:

-   Vatan sarhadi nega qo‘riqlanishi, chegarada kimlar turushini ayta oladi;

-   Askar so‘zining ma’no-mazmunini tushunadi;

Hissiy va qadriyatli yondashuvda:

-   Vatanni asrab, avaylash, qadrlash, faxrlanish tuyg‘usi kuchayadi;

-   Vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanadi;

 

Amaliy ko‘nikmalarda:

-   Chegara, Vatan, sadoqat, mardlik, qahramon so‘zlarining mazmunini anglaydi;

-   Vatan chegarasi nega qo‘riqlanishini biladi. Mazmunini anglagan holda, kelajakda yurt ravnaqi uchun hissasi qo‘shish zarur fuqarolik burch ekanligini yurakdan his qiladi.

 

Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

-   Hamkorlikda ishlash, o‘zaro yordam berish va mas’uliyatli bo‘lish ko‘nikmalari shakllanadi;

-   O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini anglaydi. Vatan nega va kimlardan qo‘riqlanishini anglaydi.

Metapredmet: O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarga nisbatan do‘stlik, tinchlik va hurmat ruhida munosabat shakllanadi. O‘quvchi yurt tinchligi oliy baxt ekanligi va vatanparvarlik tuyg‘usini anglab yetadi.

 

Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti. www.milliytarbiya.uz

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, oʻyin elementlari va qoʻshimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar toʻplami:

-   ssenariy;

-   uslubiy tavsiyalar;

-   videomateriallar;

-   interaktiv topshiriqlar;

-   taqdimot.

Kerakli jihozlar:

·      Davlat bayrog‘i tasviri;

·      Askarlar aks etgan rasmlar;

·      Multimedia qurilma (video uchun);

·      Rangli qog‘oz va qalamlar.

 

 

 

Dars ssenariysi

 I qism. Vatan himoyasi – sharafli burch (5 daqiqa)

 

I QISM. Kirish – Vatan nima?

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, bolajonlar. Keling, darsimizni bugun tongda nima qilganingizni eslashdan boshlaymiz.

Ertalab uyg‘ondingiz. Ko‘chada mashinalar yuribdi. Maktabga kelyapsiz. Odamlar kulib salomlashyapti. Hech kim qo‘rqmayapti. Osmon musaffo. Ayting-chi, shunda siz nimani his qildingiz?

(O‘quvchilar javoblari tinglanadi.)

O‘qituvchi: Bu hisning nomi bor. U tinchlik deyiladi. Tinchlik esa o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Bugun biz aynan shu haqida gaplashamiz.

Men hozir sizlarga bir nechta savollar beraman, tezgina javoblarini aytasiz.

– Bu maktab kimniki?

– Bu sinf kimniki?

– Bu ko‘cha-chi?

O‘quvchilar: “Bizniki!”

O‘qituvchi: To‘g‘ri. Bizniki. Hammasi bizniki.

Mana shu uylar, maktablar, ko‘chalar, bog‘lar, tog‘lar, dalalar birlashib nima bo‘ladi?

O‘quvchilar: “O‘zbekiston”, “Vatan”

O‘qituvchi:  Juda to‘g‘ri. Vatan – bu bizning katta uyimiz.

Siz uyingizni yaxshi ko‘rasizmi?

O‘quvchilar: “Ha!”

O‘qituvchi: Agar kimdir uyingizga ruxsatsiz kirsa, sizga yoqadimi?

O‘quvchilar: “Yo‘q!”

O‘qituvchi: Demak, uyni asrash kerak. Vatan ham xuddi shunday. Uni ham asrash kerak.

Ayting-chi, Vatanni kim asraydi?

O‘quvchilar javoblari.

O‘qituvchi: To‘g‘ri, Vatanni asosan askarlar asraydi. Ular Vatan posbonlari. Lekin faqat ulargina emas. Bugun siz ko‘rib turgan shu tinchlik ortida ko‘plab insonlar: harbiylar, diplomatlar, turli soha mutaxassislari va ularning oilalari ham turibdi. Bu haqiqiy katta mas’uliyatli vazifadir. Endi kelinglar, Vatanni qanday himoya qilish mumkinligi haqida gaplashamiz.

 

 

II QISM. Asosiy qism – Vatanni kim va qanday himoya qiladi? (30 daqiqa)

O‘qituvchi: Bolajonlar, biz hozirgina Vatanni sevish haqida gaplashdik. Endi juda muhim savol: Vatanni qanday himoya qilish mumkin?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi:  To‘g‘ri, Vatanni turli yo‘llar bilan himoya qilish mumkin. Bugun biz ularning eng muhim uchtasi haqida tanishamiz.

1. Vatanni qurol bilan himoya qilish

O‘qituvchi: Eng avvalo, Vatanni askarlar himoya qiladi. Ular chegaralarda xizmat qiladi, osmonni, yer va suv hududlarini qo‘riqlaydi.

Askarlar jasur, intizomli va kuchli bo‘lishadi. Ular doimo tayyorgarlikda bo‘lishadi. Lekin askarlar ham turli kasblarga ega bo‘ladi.

Hozir sizlar bilan shu haqida qisqa videoni tomosha qilamiz. Unda turli harbiy kasb egalari bilan tanishamiz. Videoni ko‘rayotganda o‘zingizga savol bering: “Qaysi kasb menga qiziq tuyuldi?”

 

Vizual kontent

Kinolog, sapyor, harbiy uchuvchi – ularning vazifasi haqida bilasizmi?

 

Muhokama

O‘qituvchi: Qaysi kasb sizga yoqdi? Nima uchun?

 

2. Vatanni so‘z va do‘stlik bilan himoya qilish (diplomatiya)

O‘qituvchi: Bolajonlar, hamma muammolar ham qurol bilan hal qilinmaydi. Ba’zan Vatanni so‘z bilan, aql bilan, do‘stlik bilan himoya qilish kerak bo‘ladi.

Bunday paytda diplomatlar ish olib boradi. Ular boshqa davlatlar bilan gaplashadi, kelishadi, do‘stona munosabat o‘rnatadi.

Diplomatiya – bu urishmasdan, tinchlikni saqlab qolish san’ati. Bu kasb bilan shug‘ullanadiganlar esa diplomatlar deyiladi.

Siz sinfda tortishib qolganingizda urishib ketmasdan gaplashib kelishsangiz, bu ham kichik diplomatiya bo‘ladi. Yoki orangizda kimdir boshqa ikki o‘rtog‘ining urishib ketmasligi uchun qo‘shilib ularni yarashtirib qo‘ysa, shu ham diplomatiya. Ikki urishgan odamni yarashtirish yoki hamma o‘rtoqlarini bir-biriga yaqinlashtirib bir jamoaga aylantirishni ham diplomatiya deyish mumkin.

Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ham Markaziy Osiyoda tinchlikni ta’minlovchi, Markaziy Osiyo va turkiy xalqlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlikni mustahkamlovchi diplomatik davlatga aylandi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deganlar:

“Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan. Chindan ham, o‘zaro ahillik va hamjihatlik bo‘lgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot bo‘ladi”.

O‘qituvchi: Tasavvur qiling, ikki bola bitta o‘yinchoqni xohlayapti. Nima qilish kerak?

O‘quvchilarning javoblari.

O‘qituvchi:  To‘g‘ri, gaplashish, kelishish, navbat bilan o‘ynash kerak. Demak, do‘stlik va kelishuv ham Vatanni himoya qilishga xizmat qiladi.

 

3. Vatanning axborot maydonini himoya qilish

O‘qituvchi: Bugungi kunda Vatan faqat yerda emas, internetda ham himoya qilinadi.

Kompyuter va telefonlar orqali ham yomon ishlar qilinishi, Vatanimizga kiberhujum yoki axborot xurujlari qilinishi mumkin. Shuning uchun Vatanni ko‘plab sohalardagi aqlli mutaxassislar himoya qiladi. Ular kiberxavfsizlik mutaxassislari, razvedkachilar, axborotni himoya qiladigan bilimli insonlardir.

Bunday bo‘lish uchun ko‘p o‘qish, matematika, informatika va mantiqni yaxshi bilish kerak.

Interaktiv o‘yin: “Kiberqal’a himoyasi”

Maqsad: O‘quvchilar internetda axborot xavfsizligi nima ekanini, kimlar Vatanini himoya qilayotganini va ularning o‘rnida o‘zlarini tasavvur qilishni o‘rganadi.

Vaqt: 3-5 daqiqa

O‘qituvchi: Tasavvur qiling, Internet olamida O‘zbekiston degan katta qal’a bor. Bu qal’aning devorlari – login, parol degan materiallardan qurilgan. Hozir qal’aga hujum bo‘lyapti.

(doskaga 3 ta so‘z yoziladi yoki quyidagi surat chiqariladi)

·             Soxta xabar

·             Parolni o‘g‘irlash

·             Yolg‘on chaqiriq


O‘qituvchi: Endi sinf 3 guruhga bo‘linadi. Har bir guruh – Vatan himoyachilari.

Guruhlar va vazifalar

1-guruh: “Kiberqalqon”

Savol:

– Parolingni himoyalash uchun nima qilish kerak?

(O‘quvchilar javob beradi: murakkab parol, hech kimga bermaslik, ikki bosqichli himoya va hokazo)

2-guruh: “Axborot razvedkasi”

Savol:

– Internetda kelgan har bir xabarga ishonib bo‘ladimi? Qanday tekshiramiz?

(Javoblar: manbasini ko‘rish, rasmiy saytlar, tekshirish, shoshilmaslik)

3-guruh: “Mantiq posbonlari”

Savol:

– Kimdir sizni internetda g‘azablantirmoqchi bo‘lsa yoki urushga chaqirsa, nima qilasiz?

(Javoblar: ulashmaslik, xabar bermaslik, kattalarga aytish, rasmiy idoralarga murojaat)

O‘qituvchi (yakunlaydi): Mana ko‘rdingizmi, Vatanni himoya qilish uchun aql, bilim, mantiq va hushyorlik juda muhim. Balki bu sinfda bo‘lajak kiberxavfsizlik mutaxassisi, dasturchi, axborot himoyachisi o‘tirgandir?

Savol:

– Bugun internetda Vatanni himoya qilish uchun siz nima qila olasiz?

(2-3 bola javob beradi)

 

O‘qituvchi: Endi yana bir videoni ko‘ramiz. Bu videoda Vatan himoyachilarining turli formalarini ko‘rasiz. Diqqat qiling: qaysi forma qaysi kasbga tegishli? Ular nimasi bilan farq qiladi?

 

Vizual kontent

Vatan himoyachilarining harbiy liboslari

 

Savol-javob:

O‘qituvchi: Qaysi formani eslab qoldingiz?

U kimlarga tegishli ekan?

O‘quvchilarning javoblari.

 

Harbiy bo‘lish uchun nima qilish kerak?

O‘qituvchi: Endi eng muhim savolga javob beramiz: harbiy bo‘lish uchun hozirdan nima qilish kerak?

Harbiy bo‘lish uchun, avvalo, sog‘lom bo‘lish, sport bilan shug‘ullanish, yaxshi o‘qish, intizomli va mas’uliyatli bo‘lish, Vatanni chin dildan sevish kerak. Bularning barchasi bugundan boshlanadi.

Yurtimizda harbiy bo‘lishni orzu qilgan yoshlar uchun maxsus maktablar bor. Ulardan biri – “Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi  oddiy harbiylarni emas, musiqachi harbiylarni tarbiyalaydi. Chunki Vatan faqat tank yo qo‘ldagi qurol bilan emas, balki so‘z, qo‘shiq, skripka, violonchel kabi musiqa asboblari bilan ham himoya qilinadi. Sababi, askarlarga o‘z mashaqqatli va sharafli ishlarini bajarishda jangovar ruh, birdamlik, g‘ayrat-shijoatni aynan harbiy musiqiy orkestr beradi.

Hozir shu maktab haqida qisqa videoni tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi bilan tanishamiz

 

Muhokama:

O‘qituvchi:  Sizga bu maktab nimasi bilan qiziq tuyuldi? U yerda o‘qish uchun qanday bo‘lish kerak?

O‘quvchilarning javoblari.

O‘qituvchi:  Demak, Vatanni himoya qilishning yo‘llari ko‘p. Kimdir qurol bilan, kimdir so‘z bilan, kimdir musiqa asbobi bilan, yana kimdir aql bilan himoya qiladi. Eng muhimi – har birimiz Vatan uchun foydali bo‘lishimiz kerak.

 

III QISM. Interaktiv mashg‘ulot – “Men qanday foydali bo‘la olaman?” (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Bolajonlar, har biringiz askar bo‘lib ham, boshqa sohalarda ham Vatanimiz uchun xizmat qila olasiz.

Sinfda tartibni saqlash – bu Vatanga foydami?

Yaxshi o‘qish-chi?

Do‘stlar bilan totuv bo‘lish-chi?

O‘quvchilar javob beradi

O‘qituvchi: Demak, siz bugundan boshlab kichik Vatan posbonlarisiz.

Bugun biz Vatan nima ekanini, uni kimlar va qanday himoya qilishini o‘rgandik.

Vatan – bu bizning uyimiz. Uni sevish yaxshi o‘qishdan boshlanadi. Uni asrash – tartibli, intizomli va mehribon bo‘lishdan boshlanadi.

Hozir esa sizlar bilan birgalikda qalbimizdagi faxrni qo‘shiq orqali his qilamiz.

Sizlar ko‘p marta eshitgan taniqli qo‘shiq bor. Bu O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijrosidagi “Mendirman” qo‘shig‘i. Ushbu qo‘shiq tarixda Vatanimizni moʻgʻul bosqinchilaridan qattiq himoya qilgan qahramon Jaloliddin Manguberdi jasoratiga bag‘ishlangan.

Bu qo‘shiqda jasorat, g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘usi bor. Hozir qo‘shiqni karaoke shaklida birga kuylaymiz. So‘zlariga diqqat qiling, undagi ma’no haqida o‘ylang.

 

Vizual kontent

“Mendirman” – karaoke

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/316

 

(Qo‘shiq karaoke tarzida bolalar bilan birgalikda kuylanadi)

 

O‘qituvchi: Esda tuting, bolajonlar: kelajakni mardlar yaratadi, mardlik esa bugundan boshlanadi.

Sizlar bilan faxrlanaman!

Shu bilan darsimiz tugadi. Xayr, salomat bo‘linglar.