“Kelajak soati” 18-mavzu

“Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

18-mavzu:   “Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi”

 

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: Ushbu darsning asosiy maqsadi – yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga bo‘lgan chuqur muhabbat va sadoqat tuyg‘usini shakllantirishdir. Dars davomida o‘quvchilar o‘z Vatanining tarixini, qadriyatlarini va himoya qilinishi zarurligini chuqurroq tushunadilar. Shu bilan birga, ular jamiyatdagi har bir insonning Vatan uchun qiladigan xizmati va o‘rnini anglab, o‘zlarini Vatan himoyachisi sifatida his qilishlariga imkon yaratadi.

Dars o‘quvchilarda Vatan oldidagi burchni anglash, mardlik va jasorat kabi fazilatlarni qadrlash, shuningdek, tinchlik va osoyishtalikning qadrini his qilishni rag‘batlantiradi. Shunday qilib, bu mashg‘ulotlar nafaqat bilim berish, balki shaxsiy va ijtimoiy fazilatlarni rivojlantirish, yosh avlodda fuqarolik mas’uliyati va milliy g‘ururni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Aniq maqsadlar:

1.    Har bir fuqaroning Vatan oldidagi burchini anglash va imkoniyatlarni kengaytirish:
Oquvchilar ozlarini Vatan himoyachisi sifatida his qilishlari, oz imkoniyatlari va kuchlarini Vatan farovonligi uchun qanday ishlatish mumkinligini bilib olishlari kerak. Shu orqali ular har bir insonning Vatan oldidagi masuliyati, rolini tushunib, kundalik hayotda, maktabda va jamiyatda oz burchlarini bajarishga organadilar.

2.    Vatanga bo‘lgan muhabbatni chuqur his etish va tinchlik qadrini anglash:
O‘quvchilar Vatan tushunchasini nafaqat so‘z bilan, balki his-tuyg‘ular bilan anglaydilar. Ular Vatan tinchligi va osoyishtaligini qadrlashni, har birimiz uchun bu tinchlikning qanchalik qimmatli ekanini tushunishni o‘rganadilar. Shu bilan birga, ular o‘z hissiy tajribasi orqali Vatanni sevish va unga sadoqat tuyg‘usini rivojlantirishga qodir bo‘ladilar.

3.    Shukronalik hissi bilan Vatanni sevishni targ‘ib etish:
O‘quvchilar ajdodlarimiz va hozirgi himoyachilarimizning fidoyiligini qadrlash, ularga nisbatan minnatdorlik hissini his qilishni o‘rganadilar. Shu orqali ular Vatan oldidagi mas’uliyatni nafaqat vazifa, balki faxr va mehr bilan bajarishni anglaydilar. Bu dars ularni Vatanni asrash va sevishga doimiy tayyor bo‘lish ruhida tarbiyalaydi.

 

Darsdan kutiladigan natijalar

1. Aqliy va tushunchaviy darajada:

·       O‘quvchilar Vatan tushunchasini nafaqat so‘z bilan, balki hissiyotlar orqali ham ifoda etishni o‘rganadilar.

·       Ular Vatan oldidagi har bir fuqaroning burchini, mas’uliyatini va rolini chuqurroq tushunadilar.

·       Tinchlik va farovonlikning hayotdagi eng muhim qiymat ekanini anglab, hayotning asl mohiyatini qadrlashga o‘rganadilar.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

·       O‘quvchilar Vatan – oliy dargoh ekanligini his qiladilar.

·       Ularning qalbida Ona Vatanga bo‘lgan mehr va muhabbat ortadi.

·       Vatanni asrash fuqarolik burchi ekanligi tushunarli bo‘ladi.

3. Amaliy ko‘nikmalarda:

·       O‘quvchilar Vatan tushunchasini o‘z so‘zlari bilan ifodalay oladi.

·       Ular ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning jasoratini o‘rganib, tarixiy voqealarni tahlil qiladilar.

·       Vatan oldidagi muqaddas burchni anglab, kundalik hayotda amalga oshirishga harakat qiladilar.

·       O‘quvchilar Vatan tinchligi va osoyishtalikni oliy qadriyat sifatida ifoda etadigan jumlalarni tuza oladi.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

·       Sinfda ijobiy muhit shakllanadi: o‘zaro hurmat, mas’uliyat va mehr-muhabbat kuchayadi.

·       Bolalarning xatti-harakatlarini tushunish va anglash ko‘nikmalari rivojlanadi.

·       O‘qituvchi bilan o‘quvchilar o‘rtasida qadriyatlarga asoslangan muloqot o‘rnatiladi, bu esa o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi.

 

Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

Masalan, “Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi” darsida:

  • Bola Vatan haqida qo‘shiq va maqol, rivoyat, doston aytadi (adabiy fan).
  • Hujjatli film tomosha qilib, taassurotini aytadi (san’at).
  • So‘ngra bu harakatlar haqida fikr bildiradi (muloqot).
    Bu esa metapredmet yondashuvining namunasidir.

Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti.  www.milliytarbiya.uz

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, nazariy tushunchalar va hissiyotlarni ifodalashdan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

-    videomateriallar;

-    tarixiy hikoyalar;

-    taqdimot.

 

 

 

DARS SSENARIYSI

1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

Oʻqituvchi: Assalomu alaykum, aziz va mehribon o‘quvchilarim! Barchangizni kirib kelgan yangi 2026-yil bilan chin dildan tabriklayman. Ishonamanki, har biringiz bu yil uchun o‘z oldingizga yangi orzu-intilishlar, yangi marralar va katta maqsadlar qo‘ygansiz. Bugun biz yangi yil, yangi chorak va yangi haftani katta kuch-g‘ayrat bilan boshlaymiz!

O‘qituvchi:
Bolajonlar, muhtaram Prezidentimiz ko‘p chiqishlarida kattalar yoki rahbarlar haqida emas, aynan sizlar o‘quvchilar haqida gapiradilar. Chunki bugun O‘zbekistonni oldinga olib chiqayotgan kuch bu bilimli, harakatdagi yoshlar.

Mana, o‘tgan yil oxirida Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida ham bilimli o‘quvchilarning yutuqlarini alohida eʼtirof etdilar. Jumladan, shunday dedilar:

Hech shubhasiz, iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘quvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi.

El-yurtimizning faxri bo‘lgan bunday farzandlarimizga, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylariga yana bir bor chin dildan tahsin aytamiz.

 

Prezidentimiz bu yutuqlar bilan nafaqat o‘sha bolalar, balki ularning ota-onasi va ustozlari ham faxrlanishga haqli ekanini aytadi. Chunki katta natija mehnat, o‘qish va ishonch natijasidir.

Prezidentimiz aytadilarki, bugun o‘zbekistonlik o‘quvchilar nafaqat maktabda, balki butun dunyoda bilimini ko‘rsatyapti. Sizlar ham yaxshi o‘qisangiz, shunday medalli, bilimli yoshlarga aylanasiz.

Kim aytadi, Prezidentimiz 2026-yilni qanday nomladilar?

Prezidentimiz bu yilni Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb nomladilar.

Kelinglar, hozir shu haqida bir video ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasi – 5 muhim masala

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/317

 

O‘qituvchi:

Yaqinda muhim sana – 14-yanvar, Vatan himoyachilari kuni nishonlanadi. Bugun biz Vatan himoyachisini faqat bitta qiyofada emas, kengroq ma’noda ko‘ramiz. Bugungi darsimizning mavzusi shuning uchun “Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi” deb nomlanadi.

Tasavvur qiling: ko‘chada tartib yo‘q, odamlar bir-biriga ishonmaydi, qo‘rquv bor. Shu holatda nima bo‘ladi? Sizlar ta’tilda mazza qilib dam olish yoki hozir sinfda darsda bilim o‘rganish o‘rniga xavotirda o‘tirgan bo‘lar edinglar, shunday emasmi? Demak, tinchlik va xotirjamlik bo‘lsagina, boshqa ishlar bilan bemalol shug‘ullanish va rivojlanish mumkin. Insonning rivojlanishi, kelajagi uchun birinchi shart – xavfsizlik va tinchlik.

Bugun biz tinchlik qanday saqlanadi va bu jarayonda kimning hissasi katta degan savollarga javob izlaymiz.

 

Interaktiv mashg‘ulot: “Xavfsiz – Xavfli”

O‘qituvchi: Men hozir turli holatlarni aytaman. Agar bu holat xavfsiz bo‘lsa, qo‘lingizni ko‘taring. Agar xavfli bo‘lsa, qo‘lni ko‘tarmaysiz.

– Kechasi yorug‘ va tinch ko‘chada bemalol yurish.

– Telefonda begona odam yuborgan havolani ochish.

– Maktabga tinch kelib, o‘qib, uyga qaytish.

– Ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabar tarqatish.

– Sport maydonida mashg‘ulot qilish.

O‘qituvchi (xulosa qiladi): Ko‘ryapsizmi, xavfsizlik va tinchlik naqadar muhim?

Shuning uchun ham yaqinlashib kelayotgan 14-yanvar O‘zbekiston Respublikasida juda muhim va faxrli sana hisoblanadi. Bu kun Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan kun sifatida nishonlanadi.

Ushbu bayram nafaqat harbiylar uchun, balki barchamiz uchun muhim va tegishlidir.

O‘qituvchi: Marhamat qilib ayting-chi, Vatan deganda xayolingizga birinchi bo‘lib keladigan narsa nima?

O‘quvchilar: (o‘quvchilar javoblari tinglanadi)

O‘qituvchi: Barakalla, davom etamiz. Siz va bizni kimlar himoya qiladi?

O‘quvchilar: (o‘quvchilar javoblari tinglanadi)

O‘qituvchi: Ajoyib! Endi ayting-chi, biz ham Vatanimizni, oilamizni himoya qilishimiz mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, qanday himoya qila olamiz?

O‘quvchilar javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Juda yaxshi! Sizlarning fikrlaringizni umumlashtirsak, shunday xulosa chiqadi: har birimiz Vatan himoyachisi bo‘la olamiz. Shu bois, hozir maktabda olgan bilimlaringiz va tajribangiz sizni kelajakda yetuk, barkamol shaxs qilib tarbiyalaydi. Sizlar o‘z mahoratingiz va bilimlaringiz orqali nafaqat o‘zingizning kelajagingizni, balki yurtimiz nomini dunyoga tanitib, mamlakatimizni himoya qilish imkoniga ega bo‘lasiz.

Endi kelinglar, Vatanni qanday yo‘llar bilan himoya qilish mumkinligi haqida fikr yuritamiz.

 

2. ASOSIY QISM. Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni (30 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, 14-yanvar haqida gap ketganda, eng avvalo shuni tushunib olish kerak: Vatan tinchligi uchun hammamiz mas’ulmiz.

Har birimiz Vatanimizni sevamiz, uning tinch va xavfsiz bo‘lishi uchun oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajaramiz: sizlar o‘qiysizlar, men dars beraman, haydovchi mashinasini haydaydi, shifokor davolaydi, ichki ishlar xodimi tartibni saqlaydi va hokazo. Ya’ni har birimiz o‘z vazifamizni sidqidildan bajarish orqali Vatan himoyasiga hissa qo‘shamiz.

Bu jarayonda biz ertalab xotirjam uyg‘onamiz. Maktabga va ishga bemalol kelamiz. Reja qilamiz, orzu qilamiz, kelajak haqida o‘ylaymiz. Bu bizga oddiy holatdek tuyulsa-da, o‘z-o‘zidan bo‘layotgan narsa emas.

Bu tinchlik uchun kimdir doimo oilasidan, issiq o‘rnidan, qulayliklaridan kechib navbatchilikda, xizmatda yuribdi, yana kimdir mas’ul qarorlar qabul qilyapti, yana birov esa umuman vatanidan yiroqda ishlayapti.

Ya’ni ayrim insonlar uchun Vatan himoyasi shunchaki burch emas, o‘z kasbi, xizmati va hayot yo‘liga aylangan. Bu insonlar professional harbiylar.

Shuning uchun 14-yanvar bir tomondan – har birimizga daxldor kun, ikkinchi tomondan – Vatan himoyasini kasb qilgan insonlarning kasb bayrami.

Ayting-chi, agar chegarada askar bo‘lmasa, agar havoda nazorat bo‘lmasa, agar razvedka va harbiy shtablar ishlamasa, tinchlik saqlanib qoladimi?

O‘quvchilar javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Demak, tinchlik – bu bir paytning o‘zida ko‘plab insonlarning fidoyilik bilan qilayotgan katta mehnati mahsulidir.

Ko‘pchilik harbiy deganda faqat qurol ushlab turgan askarni tasavvur qiladi. Aslida esa Qurolli Kuchlar – bu turli kasblardan iborat katta tizim. Kimdir yerda, kimdir havoda, kimdir suvda, yana kimdir aql va diqqat bilan Vatanni himoya qiladi.

Hozir sizlar bilan harbiy kasblar haqida jumboqli o‘yin o‘ynaymiz.

 

Men savol beraman. Sizlar javobiga harbiy kasblar nomlarini aytasiz.

1️. U yerda ko‘rinmaydigan xavfni topadi. (Sapyor)

2️. Uning eng yaqin sherigi – it. (Kinolog)

3️. U osmon orqali Vatan xavfsizligini ta’minlaydi. (Uchuvchi)

4. U muhim axborotlarni izlash, topish va keltirish orqali Vatanni himoya qiladi (razvedkachi).

Demak, harbiylik – faqat kuch emas, katta aql va sadoqatni ham talab qiladigan soha.

O‘qituvchi: Bizlar tarixda Vatanni himoya qilgan buyuk qahramonlar o‘tganini bilamiz-a? Ulardan qaysilarining ismlarini ayta olasizlar?

Bolalarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Barakalla, sizlar ularning nomlarini bilar ekansiz. Tarixda To‘maris, Shiroq, Spitamen, Sarbadorlar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bahodir Yalangto‘sh kabi ko‘plab qahramon insonlar Vatanimizni yovlardan himoya qilish uchun jasorat ko‘rsatganlar. Ularning jasorati tufayli tarix yaralgan, Vatanimiz bugungi hududlarini saqlab qolgan, bosqinchilarga oson qaram bo‘lmagan.

Bizning bugungi mustaqil bo‘lishimiz uchun ham tarixda ko‘plab insonlar, xususan, jadid bobolarimiz jonlarini qurbon qilishgan. Ular ham Vatan himoyachilaridir. Bu qahramonlar nima uchun jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham dushman bilan kurashganlar? Axir, ularning hammasi ham harbiy bo‘lishmagan-ku? Chunki ular vatanini qattiq sevishgan, hatto o‘z tinchlik-xotirjamliklari va jonlaridan ortiq.

Ularning qahramonligini unutmasligimiz va vatanni sevishni ulardan o‘rganishimiz kerak.

 

(Qisqa jimlik)

 

O‘qituvchi: Vatan himoyachisi deganda faqat erkaklarni, o‘g‘il bolalarni tushunish to‘g‘ri emas. Bugungi kunda Qurolli kuchlarimiz tarkibida ayollar ham ko‘p. Ular shifokor, aloqa va shtab xodimlari, hatto qo‘riqlash va xavfsizlik xizmati kabi yoʻnalishlarda ham ishlaydilar. Chunki Vatan himoyasi faqat jismoniy kuch bilan emas, bilim, mas’uliyat va sadoqat bilan o‘lchanadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deganlar:

“Bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz zarur. Bu talabni davrning o‘zi oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘ymoqda”

 

Demak, har birimiz shu vatanga daxldormiz, uning tinchligi va xavfsizligi uchun mas’ulmiz.

Hozir namoyish etiladigan videoda turli harbiy formalarni ko‘rasiz. Diqqat bilan qarang: bu – qaysi sohadagi harbiylarning kiyimlari. Keyin javoblarni tekshiramiz.

 

Vizual kontent

Vatan himoyachilarining harbiy liboslari

 

O‘qituvchi: Orangizda kelajakda harbiy bo‘lishni istaganlar ham bor, albatta.

Harbiylik – shunchaki orzu qilib o‘tirish bilan erishiladigan kasb emas, avvalo, jiddiy tayyorgarlik kerak. Buning uchun hozirdan sog‘lom bo‘lish, sport bilan shug‘ullanish, yaxshi o‘qish, intizomli bo‘lish kerak.

Keyinchalik bunday yoshlar harbiy litseylar, jumladan Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyida o‘qib, professional harbiy bo‘lish yo‘lini tanlaydi. Bu maktab oddiy harbiylarni emas, musiqachi harbiylarni tarbiyalaydi. Chunki Vatan faqat tank yo qo‘ldagi qurol bilan emas, balki so‘z, qo‘shiq, skripka, violonchel kabi musiqa asboblari bilan ham himoya qilinadi. Sababi, askarlarga o‘z mashaqqatli va sharafli ishlarini bajarishda jangovar ruh, birdamlik, g‘ayrat-shijoatni aynan harbiy musiqiy orkestr beradi.

Hozir shu maktab haqida qisqa videoni tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi bilan tanishamiz

 

O‘qituvchi: Demak, Vatanni himoya qilishning yo‘llari ko‘p. Kimdir qurol bilan, kimdir so‘z bilan, kimdir musiqa asbobi bilan, yana kimdir aql bilan himoya qiladi. Eng muhimi – har birimiz Vatan uchun foydali bo‘lishimiz kerak.

Bu yo‘nalishlarni eslab qoling:

Mudofaa

Milliy gvardiya

Milliy xavfsizlik xizmati

Ichki ishlar

Favqulodda vaziyatlar

Davlar bojxona qo‘mitasi

 

Ular biz tinch uxlab yotganimizda, chegarada, shtabda, razvedkada, havoda yoki suvda Vatan sarhadlarini qo‘riqlamoqda. Shuning uchun 14-yanvar – ularga nisbatan hurmat, qadrlash va minnatdorlik kuni.

Ko‘pchilik Vatanni faqat erkaklar, o‘g‘il bolalar himoya qiladi deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. To‘g‘ri, harbiylar qatorida erkaklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin ular orasida qizlar ham ko‘p. Hozir shunday qizlar haqidagi videolavhani birgalikda tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qizlar ham Vatan himoyachisi boʻla oladi!

 

Video muhokamasi (2 daqiqa)

 

3. YAKUNIY QISM (5 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, bugun biz 14-yanvar shunchaki sana emas, o‘ziga xos mazmun va mas’uliyatga ega muhim kun ekanligini gaplashdik. Shuni anglab yetdikki, Vatan himoyasi – bu uzoq va mavhum tushuncha emas. Bu bugungi xotirjamlik va erta uchun orzu qilish, reja tuzish imkoniyati ekan. Va bu imkoniyat kimlarning hisobiga ekanini ham bildik.

Endi darsimizni ko‘tarinki ruhda davom ettiramiz. Harbiylar faqatgina qurol bilan emas, soz, musiqa asbobi va kuy-qo‘shiq bilan ham Vatanni himoya qiladilar dedik. Kelinglar, shunday muhim va sharafli vazifani bajarayotgan harbiylarimizdan “O‘zbekiston” harbiy marshini tinglaymiz. Marhamat!

 

Vizual kontent

“Oʻzbekiston” harbiy marshi

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, sizlar buyuk tarixga ega, tinchlikni qadrlaydigan yurt farzandlarisiz. Kimdir kelajakda harbiy bo‘lar, kimdir shifokor, muhandis, o‘qituvchi yoki dasturchi bo‘lar. Lekin qaysi yo‘lni tanlamang, Vatanga daxldorlik hissi siz bilan birga bo‘lishi kerak.

14-yanvar bizga shuni eslatadi: Vatan himoyasi – sharaf, uni qadrlash esa – burchdir.

Aziz o‘quvchilar. Vatan sizga ishonadi. Kelajak sizniki.