“Kelajak soati” 18-mavzu

“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

18-mavzu: “Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi”

Umumiy maqsad: O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sarhadlarimizni qo‘riqlaydigan askarlarning sharafli kasbi bilan tanishtirish, Vatan himoyasiga har bir fuqaro mas’ul ekanini tushuntirish, yigit-qizlarda tug‘ilib o‘sgan yurtiga nisbatan hurmat, g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, Vatan himoyasi – Oliy burch ekanligi haqida tasavvur hosil qilish. Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi” shiorini o‘quvchilar qalbiga singdirish.

Aniq maqsadlar:

- “Mardlik”, “jasorat”, “fidoyilik”, “Vatan himoyasi” tushunchalarini to‘g‘ri izohlash.

- O‘zbekiston harbiylari, tarixiy qahramonlar, zamonaviy mard o‘g‘lonlar misolida vatanparvarlikni anglash.

- O‘quvchilarda o‘z yurtiga sharaf bilan xizmat qilish, fuqarolik mas’uliyatini his qilish, hamjihatlik va qat’iyat fazilatlarini kuchaytirish.

- Og‘ir vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish, xavfsizlik va jasorat ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Asosiy g‘oyalar:

Mardlik bu faqat jang maydonida qilgan ish emas, balki har kuni qilinadigan to‘g‘ri, halol, jasoratli qarorlar yig‘indisi. Vatan himoyasi faqat harbiylarga tegishli tushuncha emas; har bir fuqaro o‘z zimmasiga mas’uliyat olgan holda himoyachi bo‘ladi. O‘zbekistonning kechagi, bugungi va ertangi mard farzandlari yurt osoyishtaligi, farovonligi va mustahkamligining tayanchidir.

Kutiladigan natijalar:

1. Aqliy darajada:

O‘quvchi mardlikning mohiyati, Vatan himoyachilarining o‘rni va jasoratning turlari haqida asosli tushunchaga ega bo‘ladi.

Tarixiy va zamonaviy mard o‘g‘lonlar misolida vatanparvarlikni izohlab bera oladi.

2. Hissiy darajada:

O‘quvchida O‘zbekiston himoyachilariga nisbatan hurmat, faxr, e’tiqod kuchayadi.

Jamoa uchun mas’uliyat, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish, birdamlik tuyg‘usi rivojlanadi.

3. Amaliy ko‘nikmalarda:

Og‘ir vaziyatni baholash, to‘g‘ri harakat qilish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish.

Guruhda muloqot, fikr bildirish va fikrini himoya qilish.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

Vatanparvarlik ruhini sinf va maktab muhitida targ‘ib qila oladi.

Ziddiyatli vaziyatda hushyorlik va mas’uliyat ko‘rsatish ko‘nikmasi shakllanadi.

Metapredmet:

1. Tahliliy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmasi shakllanadi:

O‘quvchilar mardlik, jasorat, vatanparvarlik tushunchalarining mohiyatini anglaydi, tarixiy va zamonaviy misollar orqali ularni tahlil qiladi hamda insoniy munosabatlarda ushbu qadriyatlarning o‘rniga mustaqil baho bera oladi.

2. Fuqarolik qadriyatlariga asoslangan dunyoqarash shakllanadi:

O‘quvchilar mehr-oqibat, saxovat, insonparvarlik, jamiyatga foydalilik kabi fazilatlarni o‘z hayotida tatbiq etishga intiladi, Vatanga xizmat qilish, jamiyat uchun mas’uliyat tuyg‘usini rivojlantiradi.

3. Jamoada ishlash va ijtimoiy muloqot ko‘nikmalari shakllanadi:

Guruhli topshiriqlar va fikr almashish jarayonida o‘quvchilar hamkorlikda ishlash, boshqalarning fikrini tinglash, qo‘llab-quvvatlash va konstruktiv munozara madaniyatini o‘zlashtiradi.

4. Axborotni qidirish va uni baholash ko‘nikmasi rivojlanadi:

O‘quvchilar tarixiy voqealar, qahramonlar hayoti, maqollar va rivoyatlar orqali vatanparvarlik va mardlikka doir axborotni mustaqil izlab topadi, tahlil qiladi va hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri qo‘llashni o‘rganadi.

Dars shakli:

Interaktiv: aqliy hujum, muhokama, keys-tahlil, rolli o‘yin, savol-javob, video orqali idrokni kuchaytirish.

 

 

KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar. Barchangizni kirib kelgan yangi yil va boshlangan yangi o‘quv choragi bilan tabriklayman. Bugun asosiy mavzuga o‘tishdan avval o‘tgan 2025-yilning oxirida bo‘lgan muhim bir siyosiy voqea haqida biroz to‘xtalmoqchiman. Ya’ni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi haqida.

Prezidentimiz Murojaatnomasida yoshlar haqida aniq rejalar va raqamlarni aytdi. Yoshlarimizning bugun erishayotgan yutuqlarini ko‘rib, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi, dedi. Ya’ni davlat rahbari sizlarni O‘zbekistonning eng katta bunyodkor kuchi deb biladi.

Prezidentimiz yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun maktab kutubxonalariga har yili 10 million dona badiiy kitob bepul tarqatilishini aytdi. Bu degani, har bir maktabda, har bir hududda yoshlar o‘qishi, fikrlashi va dunyoqarashini kengaytirishi uchun sharoit bo‘ladi. Ya’ni shunchaki “kitob o‘qi” degan quruq nasihat qilinmayapti, buning uchun aniq resurs ajratilmoqda.

Prezidentimizning yana bir muhim maqsadi bor: yoshlarimiz zamonaviy kasblarni egallab, dunyoda raqobatbardosh bo‘lsin, hatto boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin demoqdalar. Shu sababli 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanadi va zamonaviy kasblarga mos jihozlanadi. Bu oddiy ta’mir emas – bu yangi kasblar, yangi imkoniyatlar degani.

Bundan tashqari, Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreya kabi rivojlangan davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi. Ya’ni siz O‘zbekistonda o‘qib, dunyo talab qiladigan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz mumkin.

Bu raqamlar nimani anglatadi? Davlat sizlar uchun sharoit yaratmoqda, imkoniyat ochmoqda va: “Biz sizlarga ishonamiz”, demoqda. Endi bu ishonchni oqlash sizning qo‘lingizda – o‘qish, kasb egallash, kuchli bo‘lish va Vatanga foydali inson bo‘lish orqali.

Prezidentimiz bu yilni Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb nomladilar.

Kelinglar, hozir shu haqida bir video ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasi – 5 muhim masala

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/317

 

O‘qituvchi: Har bir imkoniyatning ikkinchi tomoni ham bor – mas’uliyat. Davlat sarhadlari, mustaqilligi va tinchligi saqlanmasa, hech qanday maktab, kitob yoki zamonaviy texnikum ham ish bermaydi. Shu yerda Vatan himoyasi degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Vatanni sevish – uning imkoniyatlaridan foydalanish bilan birga, uni asrashni ham anglashdir. Bugun biz sizlarga shuncha imkoniyatlar eshigini ochayotgan Vatanni asrash va himoya qilish haqida gaplashamiz.

 Sizlar hozir bitiruvchi yoshdasizlar. Oldingizda muhim savollar turibdi: qayerda o‘qiyman, qaysi kasbni tanlayman, qanday hayot kechiraman. Lekin bugun men sizlardan hayotingizda bir kuni qarshingizdan albatta chiqadigan savolni so‘rayman.

(Qisqa pauza)

O‘qituvchi: Agar Vatanni himoya qilish ehtiyoji tug‘ilsa, siz qayerda turasiz? Tomoshabin sifatida bir chetdami? Yoki mas’ul shaxs sifatida jarayonning ichida bo‘lasizmi?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi:

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni. Bu sana bizga shuni eslatadi: Vatan tinchligiga hammamiz daxldormiz.

Shu bilan birga, bu mas’uliyatni ongli ravishda kasbga aylantirgan insonlar ham bor. Ya’ni harbiylar. Ular hayotini, vaqtini, kuchini shu yo‘lga bag‘ishlagan.

Keling, asosiy mavzuga o‘tishdan avval bir bahs-debat qilib ko‘ramiz.

BAHSLI SAVOL / MINI-DEBAT

Bahs mavzusi: “Vatan himoyasi – barchaning burchimi yoki faqat harbiylarning vazifasimi?”

O‘qituvchi: Bu yerda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob yo‘q, faqat pozitsiya bor. Sinfni ikki guruhga bo‘lamiz.

1-guruh pozitsiyasi: “Vatan himoyasi – har bir fuqaroning burchi.”

Ular quyidagilarni himoya qiladi:

·                qonunga rioya qilish ham himoya;

·                axborotda mas’uliyat ham himoya;

·                tartib va intizom ham himoya;

·                befarq bo‘lmaslik ham himoya.

2-guruh pozitsiyasi: “Vatan himoyasi – professional harbiylarning vazifasi.”

Ular quyidagilarni asoslaydi:

·                qurol bilan himoya maxsus tayyorgarlik talab qiladi;

·                bu xavfli va mas’ul kasb;

·                har kim bu ishni qila olmaydi;

·                harbiylar buning uchun tayyorlanadi va javob beradi.

Bahs qoidalari

O‘qituvchi:

Bahs madaniyat bilan olib boriladi.

– Bir-birining gapini bo‘lmaslik.

– Dalil bilan gapirish.

– Shaxsga emas, fikrga javob berish.

(Bahs 5 daqiqa davom etadi.)

O‘qituvchi: Sizlarning fikrlaringizdan bitta muhim xulosa chiqadi. Vatan himoyasi hammamizga tegishli tushuncha. Lekin uni qurol bilan, xizmat bilan, intizom bilan amalga oshiradigan insonlar bor. Ana shu insonlar Vatan himoyasini kasb qilib tanlagan. Bizning vazifamiz ularni tushunish, ularning mehnatini bilish va ularga hurmat bilan qarash.

Bugun darsimizda ular haqida gaplashamiz.

2. ASOSIY QISM. Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni (30 daqiqa)

O‘qituvchi: Demak, Vatan – bu shunchaki yer yoki hudud emas. Bu –  mustaqillik va tinchlik asosiga qurilgan mamlakatdir. Endi savol: bu tinchlik qanday saqlanadi?

Ko‘pincha Vatan himoyasi deganda faqat harbiylarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Lekin bu mavzuni kengroq tushunish kerak.

Vatanni kuchli qiladigan katta omil – bu yoshlar. Agar sen yaxshi o‘qisang, bilimli bo‘lsang, qonunlarga itoat qilsang, jamiyatga zarar yetkazmasang, sen ham Vatanni himoya qilyapsan. Chunki bilimli inson – kuchli davlatning asosi. Ilmda, sportda, kasbda katta natijalarga erishgan har bir yosh Vatan qudratiga qudrat qo‘shadi.

Katta davlatni katta mexanizmga qiyos qilish mumkin. Bu mexanizm ishlashi uchun har bir murvat, har bir detal joyida bo‘lishi kerak. Sen o‘sha katta mashinaning kichik emas, balki muhim murvatisan. Agar sen o‘z vazifangni yaxshi bajarsang – o‘qishda, mehnatda, sportda, kasbda – butun mexanizm ishlaydi. Agar beparvo bo‘lsang, butun tizim zaiflashadi. Shuning uchun Vatan himoyasi ba’zan chegarada emas, sinfxonada, sport zalda, laboratoriyada yoki ish joyida boshlanadi.

Lekin bu yerda juda muhim bir farq bor. Ayrim insonlar Vatan himoyasini shunchaki fuqarolik burchi sifatida emas, kasb sifatida, hayot yo‘li sifatida tanlaydi.

Ular – Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan insonlar. – 14 yanvar aynan shu kasb egalariga bag‘ishlangan kun.

Bu kun Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan kun (1992-yil 14-yanvar) sifatida nishonlanadi.

Bu yo‘nalishlarni eslab qoling:

Mudofaa

Milliy gvardiya

Milliy xavfsizlik xizmati

Ichki ishlar

Favqulodda vaziyatlar

Davlat bojxona qo‘mitasi

 

Bu yo‘nalishlar harbiy va harbiylashgan tizimlar hisoblanadi. 14-yanvar avvalo ularning kasb bayrami hisoblanadi.

Harbiylarimiz Vatan tinchligini qurol bilan, intizom bilan, fidoyilik bilan himoya qiladi. Biz uxlab yotgan paytda kimdir chegarada, kimdir shtabda, kimdir razvedkada, kimdir havoda yoki suvda xizmatda bo‘ladi.

Hozir shunday harbiylar ishlaydigan muassasalardan biri haqida tayyorlangan reportajni tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Desantchilar harbiy qismidamiz

Video muhokamasi (2 daqiqa)

 Mini-mashq

Sinfdan 4 nafar o‘quvchi chiqadi. Har biriga rol beriladi:

1.             Chegarachi

2.             Shtab ofitseri

3.             Razvedka xodimi

4.             Harbiy uchuvchi

Savol: “Sizning ishingiz bir kunga to‘xtab qolsa, nima bo‘ladi?

Qisqa javoblar olinadi.

Mana shu javoblar orqali bir narsa aniq bo‘ladi: tinchlik doimiy, fidokorona, professional va jonkuyar mehnat natijasi.

Mardlik deganda faqat jangni o‘ylash shart emas. Bugungi mardlik:

  Xavfli, ammo sharafli xizmatni ongli ravishda qabul qilish,

  mas’uliyatni bo‘yniga olish,

  oiladan, qulaylikdan voz kecha olish,

  buyruq va qonunga itoat qilish.

O‘qituvchi: Sizlar serjant, leytenant, mayor, kapitan, general kabi harbiy unvonlarni ko‘p eshitgansiz. Ularni pogonlariga qarab farqlay olasizmi?

Hozir shu haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Oʻzbekiston armiyasidagi harbiy unvonlarni bilasizmi?

 

O‘qituvchi: Sizlarga bir muhim savol: Vatanni faqat erkaklar himoya qiladimi?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Bugun Qurolli Kuchlar safida ayol shifokorlar, ayol ofitserlar, ayol aloqa va shtab xodimlari va hokazo ko‘plab ayollar xizmat qilyapti. Chunki Vatan himoyasi ayol yoki erkaklik bilan bilan emas, mas’uliyat bilan o‘lchanadi.

Sizningcha, ayollar harbiy sohada qaysi jihatlari bilan kuchli bo‘lishi mumkin?

Fikrlar tinglanadi.

O‘qituvchi: Hozir sizlarga harbiylikni kasb qilib tanlagan qizlar haqidagi videolavhani ko‘rsataman. Ekranga qaraymiz.

 

Vizual kontent

Qizlar ham Vatan himoyachisi boʻla oladi!

 

O‘qituvchi:  Orangizda kelajakda harbiy bo‘lishni o‘ylayotganlar ham bor. Bu yo‘l tayyorgarlik, intizom, sabrni talab qiladi. Bunday kasbni tanlamoqchi bo‘lgan yoshlar jismoniy tayyorgarligi bo‘lishi, bilimli bo‘lishi, mas’uliyatni his qilishi kerak.

Keyin esa harbiy ta’lim muassasalari, jumladan Temurbeklar maktabi kabi ta’lim dargohlarida o‘qib professional harbiy bo‘lish mumkin.

 

3. YAKUNIY QISM (5 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Bugungi darsimizdan angladikki, harbiy bo‘lish – qahramonlikni namoyish qilish emas, javobgarlikni ko‘tara olishdir.

Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekistonning harbiy salohiyatini muntazam oshirib borish, aqlli va mobil armiyani shakllantirish uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqdalar. Chunki bugun dunyoda tahdidlar ko‘p, o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz. Shu bilan birga Prezidentimiz Vatan himoyasida yoshlarga katta umid bog‘lab shunday deydilar:

“Bugungi kunda navqiron avlodimiz o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday o‘tyurak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘ramiz”.

Demak, u kishi har birimizda Vatan himoyachisini ko‘radilar. Biz ham o‘zimizda shuni ko‘ra olishimiz kerak.

(Qisqa pauza)

O‘qituvchi: Bizlar tarixda Vatanni himoya qilgan buyuk qahramonlar o‘tganini bilamiz-a? Ulardan qaysilarining ismlarini ayta olasizlar?

O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.

O‘qituvchi: Barakalla, sizlar ularning nomlarini bilar ekansiz. Tarixda To‘maris, Shiroq, Spitamen, Sarbadorlar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bahodir Yalangto‘sh kabi ko‘plab qahramon insonlar Vatanimizni yovlardan himoya qilish uchun jasorat ko‘rsatganlar. Ularning jasorati tufayli tarix yaralgan, Vatanimiz bugungi hududlarini saqlab qolgan, bosqinchilarga oson qaram bo‘lmagan.

Bizning bugungi mustaqil bo‘lishimiz uchun ham tarixda ko‘plab insonlar, xususan, jadid bobolarimiz jonlarini qurbon qilishgan. Ular ham Vatan himoyachilaridir. Bu qahramonlar nima uchun jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham dushman bilan kurashganlar? Axir, ularning hammasi ham harbiy bo‘lishmagan-ku? Chunki ular Vatanini qattiq sevishgan, hatto o‘z tinchlik-xotirjamliklari, hattoki jonlaridan ortiq.

Ularning qahramonligini unutmasligimiz va Vatanni sevishni ulardan o‘rganishimiz kerak.

Aziz o‘quvchilar. Umid qilamanki, bugungi darsimiz sizlarga Vatanni sevish va uning himoyachilari mehnatini qadrlash haqida yetarli tushuncha berdi. Men ishonaman, barchangiz jasur va mard Vatan himoyachilari bo‘lasiz. Kelajakda sizlarning o‘zingiz tanlagan sohada erishgan katta yutuqlaringiz Vatanimiz himoyachi uchun quvvat bo‘ladi.

Barchangizga bu yo‘lda omad tilayman.

Shu bilan darsimiz tugadi. Xayr.