“Kelajak soati” 18-mavzu

 OLIY TA’LIM MUASSASALARI TALABALARI UCHUN “KELAJAK SOATI” DARSINING SSENARIYSI

18-mavzu: Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni

 

Annotatsiya:

Ushbu mashg‘ulot talabalarda Vatan himoyasi – har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligi, bu boradagi mardlik, jasorat va fidoyilik tushunchalari, harbiylarimizga hurmat va ulardan o‘rnak olish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

 

Mashg‘ulot jarayonida quyidagi masalalar bayon etiladi va muhokama qilinadi:

“Vatan”, “Vatanni himoya qilish”, “Mardlik” atamalarining mazmun-mohiyati, yuksak ezgulik ramzi sifatidagi o‘rni va roli, ahamiyatini anglash, Vatanimizni ardoqlash hamda qadrlash;

Mazkur tushunchalarning tarixiy kelib chiqishi hamda har bir fuqaro uchun zarurligi, mamlakatimiz aholisi va ayniqsa, bugungi kunda kamolga yetayotgan yoshlarimiz uchun qadri;

Vatan himoyasi va uni qo‘riqlash shart-sharoitlari, uning nimalarni anglatishi, bu boradagi faoliyatning tartib-qoidalari hamda Vatanga hurmat- ehtirom ko‘rsatish tamoyillari;

Vatan himoyasi va unga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalari buzilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar hamda ularning oldini olish, bunday hollarga barham berish yoʻllari bilan bog‘liq masalalar.

 Dars davomida talabalar hayotiy misollar va dalillar, audio va video materiallar, keys-topshiriqlar va rolli o‘yinlar orqali umuman “Vatan”, “Vatanni himoya qilish” tushunchalari, ularning har bir inson uchun zarurligi va qadr-qimmati, o‘rni va roli, uni ardoqlash va qadrlash, yurtga ehtirom ko‘rsatish tartib-qoidalariga doir bilimlarni o‘zlashtiradilar va bu haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.

 Mashg‘ulot interaktiv usullarda tashkil etiladi, talabalarda mustaqil fikrlash, mantiqiy tahlil, empatiya va sog‘lom muloqot, ezgu g‘oyalarga sadoqat, davlatimiz ramzlari va ayniqsa Vatanni qadrlash va ardoqlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.

 

Umumiy maqsad:

 

Talabalarda Vatan himoyasi, Ona yurtning qadr-qimmati va ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish. O‘zlari va boshqalar uchun Vatanimizga nisbatan hurmat va ehtiromga asoslangan muhit yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish.

 

Aniq maqsadlar:

1.    Yoshlarga “Vatan” tushunchasining tarixi, har bir inson uchun qadrliligi, uning fuqarolar uchun qadr-qimmatini anglatish.

2.              Talabalarga O‘zbekistonning Vatan sifatidagi ahamiyatini tushuntirish.

3.              Yurtimizni ardoqlash va qadrlash tuyg‘usini shakllantirish.

4.             Vatanni himoyalash tartib-qoidalari va unga ehtirom ko‘rsatish tamoyillarini talabalarga o‘rgatish.

5.              Talabalarda Vatanni qo‘riqlash tartib-qoidalari buzilgan hollarga barham berish, unga to‘g‘ri va madaniyatli tarzda munosabat bildirish ko‘nikmalarini hosil qilish.

 

Asosiy g‘oyalar:

Vatan – kishilarning tug‘ilib o‘sgan joyi, mamlakati, tarixan muayyan xalqqa tegishli hudud hamda uning tabiati, aholisi, o‘ziga xos taraqqiyoti, tili, madaniyati, turmushi, va urf-odatlari saqlanib kelayotgan Ona yurti, Ota makonidir.

Inson uchun Vatan yagonadir. Vatanning katta-kichigi ham, boy-kambag‘ali ham bo‘lmaydi. Vatan tanlanmaydi. Vatan bizning molimiz emas. Shuning uchun ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi. Vatan in’om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Vatan har bir fuqaro uchun muqaddas va betakrordir.

Inson dunyoga kelgan joy uning uchun jondan aziz Vatani, ajdodlarning xoki to‘kilgan joy esa inson uchun bebaho ne’matlardan ham qimmatli hisoblanadi. Vatan – mehr muruvvat manbaidir.

Tabiiyki, inson farzandi qayerda, qaysi mamlakatda dunyoga kelsa, ana shu yer uning ona Vataniga aylanib qoladi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hamma narsadan ham qimmatli dargohdir

Vatanni sevish, vatanparvar bo‘lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘udir.

 Ona Vatan tinchligini saqlash, uning tuprog‘ini ko‘zimizga surish, uni himoya qilish shu Vatanda yashab ulg‘ayayotgan har bir insonning muqaddas burchidir. Bu muqaddas tuyg‘uni ulg‘ayib borayotgan yosh avlodning qon-qoniga singdirish, ular ongida o‘chmas alanga etib shakllantirish hozirgi kundagi asosiy vazifalardan biridir.

 Maktab davridan buyon Vatanimiz haqida yaxshi ma’lumotga egamiz. Uning ranglari va maʼnolari haqida har yili televideniye va radio, internet tarmoqlarida eshitib, o‘qib boramiz. Bugungi darsda mamlakatimiz tarixi va uni himoyalash zarurligi haqida so‘z yuritamiz. 

 

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy darajada:

·               Talaba “Vatan” va “Vatanni himoyalash” tushunchalari mazmun-mohiyatini va o‘ziga xos belgilarini izohlab bera oladi.

·                Yangi O‘zbekiston xalqimizning orzu-intilishlari, mamlakatimizning o‘ziga xos timsoli va mustahkam siyosiy irodasidir.

·               Vatanni himoyalash tartib-qoidalari buzilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tushuntira oladi.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

·               Vatanni hurmat qilish hissi kuchayadi.

·               Vatanni qadrlash va uni ardoqlash borasida ijobiy munosabat shakllanadi.

·               Empatiya, yani boshqalarning bu boradagi his-tuyg‘ularini tushunish, inobatga olish va hurmat qilish ko‘nikmasi rivojlanadi.

3. Amaliy ko‘nikmalarda:

·               Turli vaziyatlarda Vatanni hurmat qilish va buni ifoda etish bo‘yicha muloqot olib boradi.

·               Vatanni himoyalash tartib-qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalarini namoyon qiladi.

·               Vatanni qo‘riqlash bilan bog‘liq turli salbiy holat va vaziyatlarni hal qilish usullarini qo‘llaydi.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

·               O‘z guruhi va yoshlar orasida Vatanga hurmat va qadrlash muhitini yaratishga hissa qo‘shadi.

·               O‘zining va boshqalarning Vatanni qo‘riqlash bilan bog‘liq tartib-qoidalarga rioya qilish tamoyillarini mustahkamlaydi.

·               Yetuk ma’naviy faoliyat, o‘zaro munosabatlar va muloqot madaniyatini rivojlantirishga faol harakat qiladi.

Metapredmet: Ushbu mashg‘ulot talabalarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:

·               Tarix va falsafiy fanlar: ushbu mavzuning tarixi va tadriji, unga doir voqea va hodisalar, xilma-xil vaziyatlar, turli matnlar, hikoyalar va hayotiy jarayonlarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.

·                Kasbiy pedagogika va psixologiya asoslari: talabaning shaxsiy ma’naviy qiyofasini aniqlash, o‘z pozitsiyasini himoya qilish va sog‘lom muloqot qoidalarini o‘rganish.

·               Huquqshunoslik va inson huquqlari: Vatan bilan bog‘liq tartib-qoidalarni to‘g‘ri tahlil va talqin qilish, shaxsiy burch va mas’uliyat haqidagi qonuniy me’yorlarni bilish va amalda qo‘llash.

·               Tanqidiy fikrlash: turli vaziyatlarda Vatanni qo‘riqlash, uni ardoqlash va hurmat qilish chegaralari buzilishi ehtimolini baholash, ularning oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish va oqilona yechim ishlab chiqish.

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Talabalarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va mantiqiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qo‘llaniladi. Mashg‘ulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhli muhokama, real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar, rolli o‘yinlar va savol-javob usullaridan foydalaniladi. Bu yondashuv talabalarga mavzuni chuqur o‘zlashtirish, o‘z fikrini asoslab berish va amaliy faoliyat ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini yaratadi.

Materiallar to‘plami: Mashg‘ulotni samarali tashkil etish uchun uning ssenariysi, mavzuga oid rasm va slaydlar, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan videomateriallar, keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli o‘yinlar uchun vaziyat timsollari tayyorlanadi. Shuningdek, “aqliy hujum” uchun savollar ro‘yxati va talabalar ishtirokini faollashtiruvchi flomasterlar, markerlar, varaqlar, kompyuter, uyali telefon, kino ekranlari kabi vositalardan foydalaniladi.

 

Dars ssenariysi

Butun dars davomida O‘zbekiston xaritasi surati porlab turishi shart!

1. KIRISH. (10 daqiqa)

Pedagog: Assalomu alaykum, aziz talabalar!

Barchangizni kirib kelgan yangi yil va boshlangan yangi semestr bilan tabriklayman. Bugun asosiy mavzuga o‘tishdan avval o‘tgan 2025-yilning oxirida bo‘lgan muhim bir siyosiy voqea haqida biroz to‘xtalmoqchiman. Ya’ni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi haqida.

Prezidentimiz Murojaatnomasida yoshlar haqida aniq rejalar va raqamlarni aytdi. Yoshlarimizning bugun erishayotgan yutuqlarini ko‘rib, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi, dedi. Ya’ni davlat rahbari sizlarni O‘zbekistonning eng katta bunyodkor kuchi deb biladi.

Shuningdek, bilimli va tashabbuskor yoshlarning zamonaviy g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchayishini Davlat rahbari alohida ta’kidladi.

Murojaatnomadan iqtibos:

“Bu yil IT, fintex, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlardagi mahalliy startaplarga xorijdan 270 million dollar investitsiya jalb qildik. Keyingi yildan “Raqamli startaplar” dasturini kengaytirib, startap gʻoyasidan to eksportgacha koʻmaklashadigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyamiz. Bunda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamgʻarmasidan besh yil muddatga 5 milliard soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Oliygohlarning oʻzida qoladigan mablagʻlarning 10 foizi ham inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi”.

Demak, sizlar uchun yana yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Izlanishdan to‘xtamang. Zero muhtaram prezidentimiz sizlarga katta ishonch bildirishlarini ochiq aytdilar: “Oʻzbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azm-u shijoatiga ishonaman!” dedilar Murojaatnomada.

Keling, hozir ushbu Murojaatnoma haqida tayyorlangan videoni tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasi – 5 muhim masala

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/317

 

Har bir imkoniyatning ikkinchi tomoni ham bor – mas’uliyat. Davlat sarhadlari, mustaqilligi va tinchligi saqlanmasa, hech qanday maktab, kitob yoki zamonaviy texnikum ham ish bermaydi. Shu yerda Vatan himoyasi degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Vatanni sevish – uning imkoniyatlaridan foydalanish bilan birga, uni asrashni ham anglashdir. Bugun biz sizlarga shuncha imkoniyatlar eshigini ochayotgan Vatanni asrash va himoya qilish haqida gaplashamiz.

Har bir barkamol inson Vatan kamoloti va istiqboli, el-yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun hamma narsani, hatto shirin jonini ham ayamaydi. Bu haqida alloma bobomiz Behbudiyning: “Mening bitta hayotim bor, bordi-yu, mingta hayotga ega bo‘lgan taqdirimda ham hammasini Vatan uchun sarflagan bo‘lur edim”, degan so‘zlari har birimiz uchun bebaho o‘gitdir.

Vatanparvarlik – yolg‘iz o‘z Vataniga mehr qo‘yishdangina iborat emas. Bu juda katta his... Bu – Vatan bilan o‘zini bir butun deb bilish, uning yaxshi-yomon kunlarida asqatish demakdir.

Barchamizga ma’lumki, Yurtimizda Vatan himoyasi kabi ulug‘vor ishga o‘zini bag‘ishlagan harbiylarimiz katta hurmat va e’zoz bilan qadrlanib, har yili “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” keng nishonlanadi.

Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, uning ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish – har bir inson uchun burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, uning sarhadlarini qo‘riqlash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir.

Tinchlikning qadrini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Binobarin, osoyishtalik hukm surgan mamlakat taraqqiyotga erishadi, odamlar ezgu niyatlari ro‘yobini ko‘rib, baxtli umr kechiradi.

Eng bebaho ne’matni asrab-avaylashda esa mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarning hissasi beqiyos. Shu bois o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan harbiylarimiz doimo e’tiborda, el ardog‘idadir.

Xalqimizning harbiy xizmatchilarga nisbatan minnatdorlik tuyg‘usi, hurmat-ehtiromi, ayniqsa, Vatan himoyachilari kunida yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.

Biz ham bugun 14-yanvar arafasida shu mavzuda suhbatlashamiz.

 

2. ASOSIY QISM. (30 daqiqa)

Aqliy hujum.

 Pedagog: Aziz talabalar!

Darsimiz boshlanishida Sizlarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman. Nima uchun yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” bayram qilinadi?

               Siz nima deya olasiz?

               Siz-chi, biror fikringiz bormi? (Talabalarning javoblari tinglanadi).

Pedagog: Javoblar uchun rahmat. Kelinglar shu mavzuda kengroq ma’lumotlar bilan tanishaylik.

Ma’lumki, 14-yanvarda mamlakatimizda “Vatan himoyachilari kuni” keng nishonlanadi.

Vatan himoyachilari kuni – mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, xalqimizning osoyishta hayoti uchun jonini tikkan insonlarni e’tirof etish imkoniyatidir. Bu nafaqat harbiylar uchun, balki yurt tinchligini saqlashga hissa qo‘shayotgan har bir vatandosh uchun ham qadrli bayramdir.

 

Butun O‘zbekiston aholisi uchun Vatan himoyachilari kuni katta ahamiyatga ega. Ushbu bayram davlat erkinligi va mustaqilligining ramzidir. Ushbu sana bejiz tanlanmagan. 1992-yil 14-yanvar kuni O‘zbekiston Qurolli kuchlari shakllantirilgan kun. Shu kuni Mustaqillik maydonida tantanali marosim o‘tkaziladi, unda Respublika madhiyasi yangraydi, harbiy orkestrning tantanali sadolari ostida harbiy bo‘linmalar marsh bilan o‘tadi. Monument poyiga gulchambarlar qo‘yiladi va Oliy Bosh qo‘mondonning Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan bayram nutqi yangraydi.

Ushbu sanada O‘zbekistonda Temuriylar imperiyasiga asos solgan buyuk sarkarda va jahongir Amir Temur (1336-yil 9-aprel – 1405-yil 18-fevral) xotirasi yod etiladi. Uni milliy qahramon sifatida qadrlashadi, chunki Amir Temur sadoqatli askarlarni tayyorlagan. Ushbu sarkarda nafaqat qo‘shni mamlakatlar bilan, balki Oltin O‘rda, Usmoniylar imperiyasi va Hindiston bilan ham janglar olib borgan. Temur uchun qo‘shni davlatlarning yerlarini talon-toroj qilish emas, balki Vatanni O‘rdadan himoya qilish muhim bo‘lgan. Shu bois Vatan himoyachisi kunida odamlar buyuk sarkardaning xotirasini yod qilishni o‘zlarining burchi deb biladi.

O‘zbekistonda ushbu bayram kunida aholi barcha erkaklarni tabriklaydi, sovg‘alar tayyorlab, mazali taomlarga to‘la dasturxon yozadi. Bayram kunida nafaqat harbiylar, balki turli yoshdagi barcha erkaklar tabrik nomalarini oladi. Har bir o‘g‘il bola yoki pensiyadagi qariya ham Vatan himoyachisi hisoblanadi. Chunki kelajakda o‘sib kelayotgan avlod mamlakat qahramonlariga aylanadi. Keksalar esa Vatan uchun o‘z xizmat burchlarini ado qilib bo‘lgan bo‘lsalar-da, zarur bo‘lganida uning himoyasida sobit turadilar, albatta.

Pedagog:

                Bu mavzuda qanday ma’lumotlarga egasiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

Xo‘sh, nega aynan 14-yanvar yurtimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida bayram qilinadi?

Sana tarixidan bunga javob topamiz. 1991-yil 6-sentabrdagi “Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni sohaning ilk poydevori sanaladi. 1992-yil 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga aylantirildi. 1992-yilning 14-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarori juda muhim tarixiy ahamiyatga egadir.

1993-yil 29-dekabr. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov imzosi bilan “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Nega aynan 14-yanvar kuni etib belgilangani sababi esa Qonunda quyidagicha ifodalangan:

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligini hamda hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilishdagi, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini, shuningdek O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992-yil 14-yanvardan respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazilganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi. 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni etib belgilansin”.

Mazkur qonun 1994-yilning 22-yanvaridan kuchga kirgan. 14-yanvar “Vatan himoyachilari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasida bir nechta davlatlarning har yilgi qurolli kuchlarining bayramini nishonlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rganib chiqilgan. Pokiston, Hindiston, Rossiya, Belorussiya, Tojikiston va boshqa davlatlar shular jumlasidan. Ushbu hujjatlar hozirda O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanyapti.

Hurmatli talabalar. Biroz mavzudan yengil chekinish qilamiz. Sizlar serjant, leytenant, mayor, kapitan, general kabi harbiy unvonlarni ko‘p eshitgansiz. Ularni pogonlariga qarab farqlay olasizmi?

Hozir shu haqida video tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Oʻzbekiston armiyasidagi harbiy unvonlarni bilasizmi?

 

Pedagog: Sizlarga yana bir savol bilan murojaat qilmoqchiman. Bizning armiyamiz haqida nimalarni bilasiz?

Qani siz javob bering-chi?

Siz nima deysiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

 

Pedagog: Keling, bu haqda yanada to‘liqroq ma’lumotlar bilan tanishaylik.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari – O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qo‘shilmalar va qismlarni o‘z ichiga oladi. Uning tarkibiga Quruqlikdagi Qo‘shinlar, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari, Maxsus Qo‘shinlar, Chegara va Ichki Qo‘shinlar, Milliy xavfsizlik, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa vazirliklar va muassasalarga qarashli harbiy bo‘limlar kiradi.

 

 

“Global Firepower”ning 2025-yilgi dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingida O‘zbekiston 145 ta davlat orasida 58-o‘rinni egalladi.

Reytingda kuchli uchlikni AQSH, Rossiya va Xitoy egalladi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixi bo‘yicha ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishni xohlasangiz, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyiga tashrif buyuring. 1965-yilda Markaziy ofitserlar uyi qoshida Turkiston harbiy okrugi jangovarlik shuhrati muzeyi sifatida tashkil etilgan ushbu manzilda turli davrlarga oid 10 mingdan ziyod eksponatlar o‘rin olgan. Muzey binosi Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida – Mudofaa vazirligi binosi yonida joylashgan. Bino oldida “Vatanga qasamyod” haykali ham mavjud.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda Mudofaa vazirligining Toshkent umumqo‘shin komandirlari, Samarqand avtomobilchi komandir-muhandislar, Chirchiq tankchi komandir-muhandislar, Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalar universitetining maxsus aloqa fakulteti, Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti, Yong‘in xavfsizligi oliy texnika maktabida Qurolli Kuchlar saflariga turli mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

1995-yil 2-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi ochildi. Harbiy kasbni tanlovchi yoshlar uchun Toshkent, Samarqand, Urganch va Farg‘ona shaharlarida harbiy mutaxassisliklarga yo‘naltirilgan litseylar faoliyat ko‘rsatmoqda. Harbiy litsey tinglovchilari 2 yil mobaynida harbiy ko‘nikma to‘plab, o‘zlari tanlagan qo‘shin turlari bo‘yicha oliy harbiy bilim yurtiga yo‘l oladilar.

Keling, hozir harbiy muassasalarning biridan reportajni tomosha qilamiz. Ekranga e’tibor qaratamiz.

Vizual kontent

Desantchilar harbiy qismidamiz

 

Pedagog: Aziz talabalar! Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabaringiz bormi?

Qani siz javob bering-chi?

Siz nima deysiz?

(Talabalarning javoblari tinglanadi).

Pedagog:

Keyingi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan harbiy islohotlar jarayonida qisqa muddat ichida O‘zbekistonda mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga har jihatdan qodir bo‘lgan zamonaviy, eng yangi qurol-yarogʻlar va harbiy texnika bilan ta’minlangan mutlaqo yangi milliy armiyamiz vujudga keldi.

Uning zamirida xalqimizning ming yillar davomida shakllangan qadimiy an’ana va qadriyatlari, buyuk ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurning vatanga bo‘lgan muhabbati va yurtga bo‘lgan sadoqatida mujassamdir. Albatta, biz o‘z milliy armiyamiz bilan har qancha faxrlansak va uni rag‘batlantirsak arziydi.

Davlatimiz tomonidan muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan askarlarga ko‘pgina imtiyozlar berilgan. Jumladan, namunali xulqi, intellektual salohiyati, astoydil xizmati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgan askarlarga oliy o‘quv yurtlariga kirishlari uchun tavsiyanomalar beriladi. Bunda ular oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun yig‘ilgan maksimal ballning yig‘ilgan 27 % iga imtiyozli ravishda ega bo‘ladilar. Bu esa yurtboshimiz tomonidan askarlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar samarasidir.

Keyingi yillarda olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda. Barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.

Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin bo‘lib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda. Bugungi kunda navqiron avlodimiz o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday o‘tyurak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘ramiz.

Pedagog: Sizlarga bir muhim savol: Vatanni faqat erkaklar himoya qiladimi?

Talabalarning  javoblari tinglanadi.

Pedagog: Bugun Qurolli Kuchlar safida ayol shifokorlar, ayol ofitserlar, ayol aloqa va shtab xodimlari va hokazo ko‘plab ayollar xizmat qilyapti. Chunki Vatan himoyasi ayol yoki erkaklik bilan bilan emas, mas’uliyat bilan o‘lchanadi.

Sizningcha, ayollar harbiy sohada qaysi jihatlari bilan kuchli bo‘lishi mumkin?

Fikrlar tinglanadi.

Pedagog: Hozir sizlarga harbiylikni kasb qilib tanlagan qizlar haqidagi videolavhani ko‘rsataman. Ekranga qaraymiz.

 

Vizual kontent

Qizlar ham Vatan himoyachisi boʻla oladi!

 

Pedagog: Ayni vaqtda barchamiz yaxshi anglaymizki, hozirgi vaqtda, dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib borayotgan o‘ta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma’naviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida bu borada boshlagan ishlarni mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarish shart.

Ayni paytda, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlang‘ich harbiy ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqdi. Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham diqqat markazida bo‘ladi.

Ana shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish albatta qudratli ijobiy kuchga ega bo‘ladi.

Umuman, bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz zarur. Bu talabni davrning o‘zi oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘ymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda.

Bularning barchasi yoshlarni Ona Vatanimizni asrab-avaylashga, uning shuhratini yanada yuksaltirish yo‘lida o‘qib, izlanishga va hayotda o‘z munosib o‘rnimizni topishga undaydi. Biz bundan faxrlanamiz.

 

3. YAKUNIY QISM. (5 daqiqa)

Pedagog: Hurmatli talabalar.

Albatta, Vatanni himoya qilish barcha uchun muqaddas burch hisoblanadi. Bu burchni ado etishda yurtimizning himoyachilari bo‘lgan milliy armiyamiz va barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda olib borayotgan xizmatini munosib baholash hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari ham davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Bu kabi e’tibor va e’tirof mas’uliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlarini yuqori baholanishini namoyon etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ham kuch-quvvat, shijoat va albatta sadoqat bag‘ishlaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Armiya va xalq – bir tan-u bir jon!” degan oliyjanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi” deb aytgan gaplarida ham Qurolli Kuchlarimizning xalq bilan har qachongidan ham yaqinligini anglashi mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, tinchlik bor joyga bayramlar yarashadi, shuning uchun jannatmakon diyorimizda ushbu tinchlikni ta’minlab kelayotgan harbiy xizmatchilarni yana bir bor ushbu bayram bilan muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va albatta mas’uliyatli xizmatlarida kuch-quvvat tilab qolamiz.

Bugun biz Sizlar bilan Vatanni himoyalash haqida gaplashdik. Albatta, Ona yurtni qadrlash va hurmat qilish, uni ardoqlash – bu o‘z ustida ishlash natijasida shakllanadigan ko‘nikma. Lekin har doim maqsadga erishish birinchi qadamdan boshlanadi. O‘ylaymanki, bugungi darsimiz Ota makonimiz shon-shuhratini baland ko‘tarishingiz va va unga ehtirom ko‘rsatishingiz, uni munosib himoyalashingiz yo‘lida yana bir qadam bo‘ladi.