“Kelajak soati” 19-mavzu

 “Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

19-mavzu: Maʼnaviyat, axloq va mehr-oqibat

Umumiy maqsad:

O‘quvchilarda ma’naviyat va mehr-oqibat tushunchalari haqida chuqur tasavvur hosil qilish, insoniy fazilatlarni qadrlash, mehr-shafqat, o‘zaro hurmat va yordamga tayyorlik kabi yuksak insoniy qadriyatlarni shakllantirish.

 

Annotatsiya:

Mazkur mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga “ijtimoiy axloq” va “mehr-oqibat” tushunchalarining hayotdagi ahamiyati, ularning shaxs kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida tushuncha beriladi.  Dars davomida suhbat, misollar, hikoyalar, videolavha va interaktiv o‘yinlar orqali o‘quvchilarda o‘zaro hurmat, yordam, saxovat, bag‘rikenglik fazilatlari tarbiyalanadi.

 

Aniq maqsadlar:

1.             O‘quvchilarga axloq va mehr-oqibat tushunchalarining mazmunini tushuntirish.

2.             O‘quvchilarda insoniy fazilatlarga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish.

3.             O‘zaro yordam, bag‘rikenglik, do‘stlik va shafqat tuyg‘ularini mustahkamlash.

4.             Mehr-oqibatli, ehtiromli, mehribon inson bo‘lishning hayotiy zarurligini anglatish.

 

Asosiy g‘oya:

Axloqinsonning ichki va tashqi dunyosini bezaydigan, uni yuksak fazilatlarga chorlaydigan kuchdir. Mehr-oqibat esa — insonlar o‘rtasida iliq munosabat, do‘stlik va hamjihatlikning manbaidir.

 

 Kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy darajada:

·                O‘quvchilar axloq va mehr-oqibat tushunchalarini tushunadi.

·                Insoniy qadriyatlarning hayotdagi o‘rnini anglaydi.

2. Hissiy va qadriy yondashuvda:

·                Mehr-shafqat, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik fazilatlariga nisbatan ijobiy munosabat shakllanadi.

·                Yaxshi so‘z, ezgu ishning inson hayotidagi ahamiyatini his qiladi.

3. Amaliy ko‘nikmalarda:

·                O‘quvchilar atrofidagilarga yordam berish, ehtirom ko‘rsatish odatini o‘zlashtiradilar.

·                Jamoada hamkorlikda ishlash, bir-birini qo‘llab-quvvatlashni o‘rganadilar.

4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

·                Jamiyatda mehr-oqibatli, ma’naviy yetuk yoshlar safi ortadi.

·                O‘quvchilarda insonparvarlik va g‘amxo‘rlik hissi mustahkamlanadi.

 

Metapredmet yondashuv:

·                Adabiyot: Ma’naviyat va mehr mavzusida hikmatli so‘zlar, she’rlar, maqollar tahlili.

·                Tarix: Buyuk ajdodlarimizning insonparvarlik haqidagi fikrlari bilan tanishish.

·                Tasviriy san’at: Mehr-oqibatni ifodalovchi rasm chizish yoki ramziy belgi yaratish.

·                Media savodxonlik: Mehr-oqibat mavzusidagi videorolikni tomosha qilish va tahlil qilish.

 

 Dars davomiyligi: 45 daqiqa

Tavsiya etilgan shakl: suhbat, videolavha, rolli o‘yin, guruhli muhokama

 

1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi:

Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar! Bugun sizlar bilan yurakdan chiqadigan, hayotimizni bezaydigan, insonni inson qiladigan bir mavzu — “Mehr-oqibat” va “axloq” haqida suhbatlashamiz.

Qani aziz o‘quvchilar ayting-chi, siz axloq, mehr-oqibat, mehribonlik, hurmat kabi so‘zlarni eshitganmisiz?

O‘quvchilar: ha-a-a-a.

O‘qituvchi: Juda yaxshi! Demak, siz bu so‘zlarni eshitgansiz va hatto ularning ma’nosini ham his qilgansiz. Endi kelinglar, shu so‘zlarning har biriga biroz chuqurroq nazar solaylik.

Axloq” – bu insonning ichki olami, qalb boyligi, ezgulik sari intilishidir. Axloqli inson har doim odobli, halol, mehribon va vatanparvar bo‘ladi.

Mehr-oqibat” esa insonlar o‘rtasidagi samimiyat, g‘amxo‘rlik va bir-birini tushunish tuyg‘usidir. Mehr-oqibatli inson boshqalarga yordam berishni o‘z burchi deb biladi, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatadi. Shunday insonlar tufayli hayot yanada go‘zal, jamiyat esa mustahkam bo‘ladi.

O‘qituvchi: Endi o‘ylab ko‘ringlar, agar odamlar bir-biriga nisbatan mehrli bo‘lsa, o‘zaro hurmat, tinchlik, do‘stlik qanday mustahkamlanadi?

(O‘quvchilar javob beradilar.)

O‘qituvchi: To‘g‘ri aytdingiz! Mehr va axloq – bu bizning hayotimizni nurafshon qiladigan ikki asosiy ustun. Agar har birimiz yuragimizda mehrni, shukronalikni, insofni va sadoqatni asrasak, biz nafaqat o‘zimizni, balki Vatanimizni ham yuksaltiramiz.

Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, bugungi suhbatimiz davomida birgalikda mehr-oqibatli, axloqli inson qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganamiz, hayotiy misollar orqali bu qadriyatlarning ahamiyatini his qilamiz.

Avvalo, sizlardan so‘ramoqchiman: “Ma’naviyat” so‘zini eshitganingizda nimalarni tasavvur qilasiz?

O‘quvchilar: (javoblari: yaxshilik, odob, mehr, insoniylik, ehtirom, yaxshi xulq…)

O‘qituvchi: Juda yaxshi. Demak, sizlar ma’naviyatli, mehrli, g‘amxo‘r farzandlar ekansiz.

Bugun darsimizda ana shular haqida gaplashamiz.

2. ASOSIY QISM. “Ma’naviyat — insonning ko‘zgusi” (25 daqiqa)

O‘qituvchi: Hurmatli Prezidentimiz shunday deya ta’kidlaganlar:

“Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak.”

Bu so‘zlar bejiz aytilmagan. Chunki ma’naviyat – bu xalqning ruhi, insonning yuragidagi ezgulikdir. Agar jamiyatda ma’naviyat kuchli bo‘lsa, o‘sha jamiyatning kelajagi porloq bo‘ladi.

Bundan tashqari, axloq degan tushuncha ham bor. Axloq bu ko‘p jihatdan ma’naviyatga yaqin ma’noli bo‘lsa ham, aynan bir xil emas. Hozir ularning farqi va o‘xshash tomonlarini ko‘rib chiqamiz.

Ma’naviyat nima?

Ma’naviyat — insonning ichki dunyosi.

Bu sening:

·                vijdoning,

·                or-nomusing,

·                halolliging,

·                yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olishing,

·                qalbingda qanday qadriyatlar borligi.

 Ma’naviyat — ichingdagi ovoz:

“Bu ish to‘g‘rimi?” deb so‘raydigan his.

Axloq nima?

Axloq — ma’naviyatning amaldagi ko‘rinishi.

Bu sening:

·                qanday gapirishing,

·                kattalarga munosabating,

·                do‘stlarga sodiqliging,

·                qoidaga amal qilishing,

·                boshqalarga zarar bermasliging.

Axloq xulqing, ya’ni boshqalar ko‘rib baho beradigan tomon.

Farqi nimada?

·                Ma’naviyat — ichkarida bo‘ladi.

·                Axloq — tashqarida, harakatda bilinadi.

Oddiy misol:

Yolg‘on gapirmaslikni ichingda noto‘g‘ri deb bilsang — bu ma’naviyat.

Rost gapirsang — bu axloq.

O‘xshash tomoni nimada?

·                Ikkalasi ham insonni inson qiladi

·                Ikkalasi ham jamiyatda tinch va adolatli hayot uchun kerak

·                Ma’naviyat kuchli bo‘lsa — axloq ham chiroyli bo‘ladi

Demak, ma’naviyat — yuragingdagi to‘g‘ri yo‘l. Axloq — shu yo‘lda yurib borish.

Interaktiv savol-javob

O‘qituvchi: Men hozir vaziyat aytaman. Siz aytasiz: bu ma’naviyatmi, axloqmi, yoki ikkalasi ham.

1️. Bola ichida: “Yolg‘on gapirish noto‘g‘ri” deb o‘ylaydi.

Ma’naviyat

2️. Bola imtihonda ko‘chirmay, o‘zi yozdi.

Axloq

3️.Bola boshqani masxara qilish noto‘g‘ri ekanini his qildi va buni qilmadi.

Ikkalasi ham

O‘qituvchi:

Demak, to‘g‘ri o‘ylash — ma’naviyat.

To‘g‘ri harakat qilish — axloq.

Shuning uchun siz yoshlar, o‘quvchilar – o‘z ma’naviyatingizni boyitishingiz kerak. Kitob o‘qish, milliy qadriyatlarimizni hurmat qilish, ota-onaga ehtirom ko‘rsatish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat bilan munosabatda bo‘lish – bularning barchasi ma’naviyatning belgilaridir.

Kelinglar, endi shu mavzuga oid video tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Nima yaxshi-yu, nima yaxshi emas?

 

O‘qituvchi: Endi sizlarga bir nechta savollar bilan murojaat qilmoqchiman.

1.             Siz hayotda kimdandir yordam olganmisiz? O‘sha paytda o‘zingizni qanday his qilgansiz?

2.             Agar sinfdoshingiz darsga kitobini olib kelmasa, siz unga qanday munosabat bildirasiz – yordam berasizmi yoki e’tibor bermaysizmi?

3.             Uyda yoki mahallada kimdadir muammo bo‘lsa, sizningcha, mehr-oqibatli inson nima qiladi?

4.             Agar siz biror keksaygan insonning yukini ko‘tarishiga yordam bersangiz, bu siz uchun nimani anglatadi?

O‘qituvchi: Barakalla azizlarim! Endi diqqat bilan quloq soling.

Mehr-oqibat nima?

Mehr-oqibat — bu odamlarning bir-biriga iliq munosabati.

Bu — boshqani tushunish, achinish emas, yonida bo‘la olish.

Mehr-oqibat bo‘lsa:

·                odamlar bir-birini eshitadi,

·                yordam qo‘lini cho‘zadi,

·                og‘ir paytda tashlab ketmaydi.

Mehr-oqibat — qalbning yumshoqligi, lekin kuchsizligi emas.

Soddaroq aytsak

Agar sen:

·                yiqilgan do‘stingni kulib ketmasdan, qo‘lidan tutsang,

·                xafa bo‘lgan odamni mensimasdan o‘tib ketmasang,

·                kimdandir kuchli bo‘lsang, uni ezmasang, bu — mehr-oqibat.

Kelinglar, endi siz bilan bir qiziqarli o‘yin o‘ynaymiz. Tayyormisiz?

Interaktiv o‘yinlar

1. “Ijobiy so‘zlar sandig‘i”

Maqsad: Bir-biriga yaxshi so‘z aytish odatini shakllantirish.

Kerakli jihozlar: Quti yoki konvert.

O‘yin qoidasi:

Har bir o‘quvchi bir varaqchaga sinfdoshiga yozma tarzda iliq so‘z yozadi:

(“Sen mehribon do‘stsan”, “Sening kulging hammaga yoqadi” va hokazo).

Qog‘ozlar “Mehr sandig‘i”ga tashlanadi.

O‘qituvchi ularni o‘qib beradi yoki har bir o‘quvchi bittasini tasodifiy olib o‘qiydi.

Natija: O‘quvchilar bir-biriga iliq so‘z aytishdan quvonch oladi.

2. “Mehrli so‘zlar zanjiri”

Maqsad: mehr, ezgulik, insoniylik tuyg‘ularini mustahkamlash.

Tartib: Bir o‘quvchi “mehr” so‘zidan boshlaydi. Navbatdagi o‘quvchi unga yaqin tarbiyaviy so‘z aytadi (masalan: “g‘amxo‘rlik”), keyingisi “yordam”, “do‘stlik”, “sadoqat” va hokazo. Agar kimdir so‘z topa olmasa, u so‘zning hayotdagi ahamiyatini misol bilan tushuntiradi.

O‘qituvchi: Bolalar, hammangiz esingizni taniganingizdan beri ertaklar eshitib va ertaklar asosidagi multfilmlarni ko‘rib katta bo‘lgansiz. Ertaklarning asosiy maqsadi aynan mehr-oqibatni tarbiyalash, ezgulikni ulug‘lash va yovuzlikka toqatsizlikni o‘rgatishdir. Shuning uchun mashhur ertaklarimizda qahramonlar ham yaxshi yoki yomon bo‘ladi va ular o‘rtasida doimiy bahs, jang bo‘ladi. Oxirida ezgulik g‘alaba qozonadi. Shunday ertaklarga yorqin misol – “Zumrad va Qimmat” ertagidir.

Hozir shu ikki qahramon sizlar uchun maxsus intervyu berishibdi. Qani, tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Zumrad va Qimmatdan intervyu oldik

O‘qituvchi: Azizlarim, Buyuk ajdodlarimizdan biri Alisher Navoiy shunday degan edilar: “Inson uchun eng go‘zal ziynat — odob va mehrdir.”

Demak, insonning go‘zalligi kiyimida emas, balki qalbidagi mehr va insoniylikdadir.

Misollar orqali tushuntirish:

·                Agar sinfdoshimiz yiqilib tushsa, uni ko‘tarish — mehrdir.

·                Yoshi ulug‘ kishiga joy berish — odobdir.

·                Do‘stni og‘ir paytda qo‘llash — insoniylikdir.

O‘qituvchi:

Mehr va oqibat bor joyda tinchlik, ahillik va baraka bo‘ladi. Shuning uchun Prezidentimiz ham ko‘p bora ta’kidlaydilar: “Yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat hukm surgan joyda yovuzlikka o‘rin bo‘lmaydi.”

Har birimiz o‘z yuragimizda mehrni, shafqatni, insoniylikni asrab, boshqalarga nisbatan mehrli bo‘lsak – Vatanimiz yanada obod, xalqimiz yanada baxtli bo‘ladi.

O‘qituvchi: Zerikib qolmadingizmi?

O‘quvchilar: yo‘-o‘-o‘-q!

O‘qituvchi: Kelinglar yana bir o‘yin o‘ynaymiz va olgan bilimlarimizni mustahkamlaymiz. Tayyormisiz?

O‘quvchilar: ha-a-a-a.

Interaktiv o‘yinlar:

 “Ezgu ishni top”

O‘qituvchi turli holatlarni aytadi, o‘quvchilar “mehrli ish” yoki “mehrsiz ish” deb javob beradilar.

·                Keksaga joy berish —

·                Do‘stini masxara qilish —

·                Qo‘shnisiga yordam berish —

·                Yolg‘on gapirish —

·                Kitobini ulashish

O‘qituvchi: Endi esa shunday yaxshi qadriyatlar targ‘ib qilinadigan bir maskandan reportaj ko‘ramiz. Sizlar qo‘g‘irchoq teatriga biror marta bo‘lsa ham borganmisiz? Yoki televizor orqali qo‘g‘irchoq teatrini ko‘rganmisiz? Biz doim sahnaning bu tomoni, ya’ni bizga ko‘ringan tomoninigina tomosha qilganmiz. Hozir sizlarga qo‘yib beradigan videoda esa biz sahnaning narigi, bizga ko‘rinmas tomoniga o‘tamiz. Juda qiziq-a? Ketdik.

Vizual kontent

Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatridamiz

 

O‘qituvchi: Qo‘g‘irchoq teatri – bu san’atning bir turi. San’at esa insonni ezgulikka yetaklaydi, rivojlantiradi, yanada mehribonroq va aqlliroq qiladi. Demak, bu maskanga tez-tez borib turishni odat qilish kerak.

Kelinglar endi sizlar bilan jumboq yechamiz. Hozir sizlarga videojumboq qo‘yib beraman. Unda o‘zbek xalq maqollari jonlantirilgan. Sizlar o‘sha maqolni topishingiz kerak. Video oxirida to‘g‘ri javoblarni tekshiramiz.

Vizual kontent

Oʻzbek xalq maqollari jonlanganda

 

O‘qituvchi: Endi o‘ylab ko‘ring:

·      Maqollar bizga nima uchun kerak?

·      Qanday maqollarni bilasiz?

·      Maqollarni tushunmasangiz, nima qilish kerak?

Bolalar bilan muhokama (2 daqiqa)

3. YAKUNIY QISM. Xulosa va ruhlantirish (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Bugun biz juda muhim tushunchalar haqida gaplashdik. Bu tushunchalar baho bilan o‘lchanmaydi, lekin insonni inson qiladigan eng katta boylikdir.

Ma’naviyat — ichimizdagi to‘g‘ri ovoz.

Axloq — shu ovozga quloq solib qilgan ishimiz.

Mehr-oqibat — bularning barchasini yurak bilan bajarish.

Har biringiz bugundan boshlab shuni yodda tuting: kichik yaxshilik ham katta kuch. Rost gapirish, yordam berish, yolg‘onga qo‘shilmaslik — bularning bari Vatanni kuchli qiladi.

Balki bugun kimdir do‘stiga yordam beradi. Balki kimdir internetda yomon gapni ulashmaydi. Balki kimdir ko‘proq o‘qishga qaror qiladi. Ana shu kichik qarorlar bilan Yangi O‘zbekiston quriladi.

Yakuniy savol: Bugun darsdan chiqib, siz qaysi kichik yaxshilikni qilishni tanlaysiz?

(1-2 bola javob beradi)

O‘qituvchi: Rahmat. Dars tugadi. Lekin yaxshi ishlar hech qachon tugamasin.

Xayr, sog‘ bo‘ling, azizlarim!