“Kelajak soati” 2-mavzu

“Kelajak soati” darsining 5-8 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

2-mavzu: “Bilim nima uchun kerak?

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: 5–8-sinflar o‘quvchilarida “Bilim nima uchun kerak?” mavzusi doirasida bilimning shaxsiy kamolot, oilaviy va ijtimoiy mas’uliyat hamda Vatanga sadoqatni mustahkamlashdagi ahamiyatini, shuningdek Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyalari va “Yangi O‘zbekiston” islohotlarining mazmunini hayotiy misollar orqali anglatish hamda ularni kundalik hayotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish.


🎯 Aniq maqsadlar:

1.     O‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini oshirish hamda bilimning inson hayotidagi ahamiyatini tushuntirish.

2.     O‘quvchilarga bilim orqali shaxsiy kamolotga erishish mumkinligini anglatish va bu yo‘lda aniq maqsadlar qo‘yishlarini rag‘batlantirish.

3.     O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va imkoniyatlar haqida aniq tasavvur berish.

4.     O‘quvchilarda bilim orqali jamiyat va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagini shakllantirish hamda bu yo‘lda faol harakat qilish motivatsiyasini kuchaytirish.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

·            O‘quvchilar “bilim”ni “axborot” va “ko‘nikma”dan farqlab, uning shaxs,    jamiyat va Vatan taraqqiyotidagi rolini izohlaydilar.

·            Bilimi orqali yuqori natijalarga erishgan tengdoshlarini taniydi va Yangi O‘zbekiston islohotlari yaratgan ta’lim imkoniyatlarini bog‘laydilar.

·            Qattiq (hard) va yumshoq (soft) ko‘nikmalarning farqini tushuntiradilar.

·            O‘rganganini kundalik hayotda qo‘llaydi (masala yechish, matn tahlili, xavfsizlik, tejamkorlik, ekologik xulq).

·            Samarali o‘qish odatlarini ishga soladi: maqsad qo‘yish, qisqa reja, savol berish, konspekt qilish; shaxsiy portfolio yuritishni boshlaydi.

·            Bilimi va ilm-fan taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ajdodlar ixtirolaridan xabardor bo‘ladi.

·

🧠 Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

“Bilim nima uchun kerak?” darsida: tarix, fan, adabiyot, geografiya, muloqot fan va ko‘nikmalaridan foydalaniladi, misol uchun:

• Adabiyot: o‘quvchilar “Bilim – boylik” mazmunidagi maqollarni topib, 1–2 jumlada sharhlaydilar.

• Muloqot: juftliklarda 60 soniyalik “Bilim menga va jamiyatga qayerda foyda beradi?” qisqa nutqini taqdim etadilar. Bu metapredmet yondashuvining qisqa namunasi.

🎒 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti xodimlari. www.milliytarbiya.uz

🗣️ Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

🧑🏫Tavsiya etilgan mashgulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari, oyin elementlari va qoshimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

 

🧩Materiallar to‘plami:

-     ssenariy;

-     uslubiy tavsiyalar;

-     videomateriallar;

-     interaktiv topshiriqlar;

-     taqdimot.

🧩 Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion

Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. O‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.

2-qism. Asosiy

Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga tasviriy materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.

3-qism. Yakuniy

Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.

 

 

Dars ssenariysi

Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).

1.     KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, bugun biz siz bilan bilim haqida gaplashamiz. Tasavvur qiling, ertalab uyg‘ondingiz, yoningizdagi smartfoningiz ishlamaydi, internet yo‘q, Google, YouTube, Instagram, Telegram — hech qaysisi mavjud emas! Elektr yo‘qolgan, transport to‘xtagan, supermarketlar yopiq. Sizni o‘rab turgan zamonaviy dunyo birdaniga yo‘q bo‘lib qoldi...

Xo‘sh, nima bo‘ldi? Sababi oddiy: insonlar bilim olishdan voz kechdi. Siz foydalanayotgan har bir texnologiya, internet, ijtimoiy tarmoqlar, smartfoningizdagi har bir ilova — bularning barchasi inson bilimining natijasidir. Bilim bo‘lmasa, biz bularning hech biriga ega bo‘lmas edik.

Bugun siz bilan mana shu bilim haqida, u nima uchun kerakligi va qanday qilib hayotingizni, kelajagingizni, dunyoni yaxshiroq qilish uchun foydalanishingiz mumkinligi haqida suhbatlashamiz.

O‘qituvchi: Bilim bo‘lmasa, inson qanday holatlarga tushishi mumkin deb o‘ylaysizlar?

Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.

O‘qituvchi: Kelinglar, darsni qiziqarli tarzda o‘zgacha boshlaymiz – bugun sizlar bilan rasmlar orqali tasvirlangan milliy maqollarimizni rebus tarzida yechamiz. Tayyor bo‘lsangiz, boshladik!

Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.

 

 

Ekranda bilimga oid o‘zbek xalq maqollari rasmlar orqali birma-bir aks etadi. O‘quvchilar ularni dars davomida birgalikda topadilar. O‘qituvchi o‘quvchilarni 3 guruhga bo‘lib oladi, qaysi guruh ko‘p topganiga qarab o‘sha guruh rag‘batlantiriladi.

 

ASOSIY QISM. Bilimli avlod – yorqin kelajak. (25 daqiqa)

O‘qituvchi: Bilim – bu insonni yuksaltiruvchi, uni jamiyatda o‘z o‘rniga ega qiluvchi qudratli vositadir. Hozirgi yoshligingiz – bilim olish uchun eng qulay va eng muhim davrdir. Bilim orqali sizlar hayotingizda muvaffaqiyat qozonishingiz, jamiyatda e’tiborli shaxsga aylanishingiz mumkin.

Avvalo, bilimning kundalik hayotdagi amaliy ahamiyatini tushuntirib beraylik. Oddiy misollar keltirsak, masalan, matematikani yaxshi bilsangiz, xarid qilayotganda narxlarni to‘g‘ri hisoblay olasiz. Biologiya fanini o‘rganish orqali sog‘ligingizga foydali va zararli narsalarni farqlay olasiz. Kimyo fanini yaxshi o‘qisangiz: oziq-ovqatda: mahsulotlarning tarkibini o‘qib, qaysi qo‘shimchalar foydali yoki zararli ekanini tushunib olasiz. Masalan, ortiqcha shakar, konservant yoki kislotalarning ta’sirini bilasiz. Dori-darmonlarda: dori ichish vaqtida uning qanday ta’sir qilishi, bir-biri bilan aralashganda zararli oqibat bermasligi haqida tasavvurga ega bo‘lasiz.

O‘qituvchi: Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasida qanday islohotlar amalga oshirilayotganini bilasizmi? Keling, o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.

 

O‘qituvchi: Juda yaxshi! Yuqorida bildirgan fikrlaringizga qo‘shimcha qilgan holda bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim berish uchun keng ko‘lamli islohotlar olib borilyapti, misol uchun ushbu videolavhadagi yosh qahramonimizning gaplariga quloq tuting:

 

(Videorolikda xalqaro olimpiadalar g‘olibi, “Mard o‘g‘lon” ko‘krak nishoni sohibi Mirjahon Muhammadovning erishgan yutuqlari, o‘qishdagi mehnati va muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘li haqidagi lavha namoyish etiladi.)

 

O‘qituvchi: Mirjahon Muhammadov – “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi. Mirjahon Muhammadov – yosh va iqtidorli kimyogar, xalqaro va respublika fan olimpiadalarida ko‘plab yutuqlarga erishgan. U 58- va 59-xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadalarida, 56- va 57-xalqaro kimyo olimpiadalarida hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro olimpiadada oltin va bronza medallarni qo‘lga kiritgan. Bir suhbatda Muhammadov shunday eslaydi: “Kimyo aksariyat odamlarga zerikarli reaksiyalardan iborat fandek tuyulishi mumkin, ammo u uchun bu fan dunyo sirlarining kaliti hisoblanadi. “Kimyo dastlab qiyin va murakkabdek ko‘rinadi, lekin o‘rganishni boshlagach, bu fan haqida butunlay boshqa fikr paydo bo‘ladi va uni yanada chuqur o‘rganishga undaydi”. Ilm-fanga bo‘lgan sadoqati va yuksak natijalari uchun 2025-yilda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘qituvchi: Endi sizlarga savol bilan murojaat qilaman: O‘z bilimi va hayotiy tajribasi orqali mashhurlikka erishgan yana qanday shaxslarni bilasiz? Sizningcha, ularning muvaffaqiyat siri aynan nimada?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar

 

      Respublikamiz bo‘ylab zamonaviy kutubxonalar va axborot-resurs markazlari barpo etilmoqda, mavjudlari esa yangicha talablar asosida jihozlanmoqda.

      Yosh avlodni kitob o‘qishga jalb qilish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

      Ushbu kutubxonada nafaqat badiiy va ilmiy kitoblar, balki turli to‘garaklar, ijodiy uchrashuvlar, hikoya o‘qish marafonlari va madaniy tadbirlar ham muntazam o‘tkaziladi.

·       Toshkent shahrida ochilgan Respublika bolalar kutubxonasi yosh kitobxonlar uchun zamonaviy sharoitlar, elektron resurslar, audio va video materiallar, interaktiv o‘yinlar bilan boyitilgan o‘quv maydonlarini taqdim etmoqda.

·       Shu o‘rinda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish uchun “Kitobxonlik haftaligi”, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” kabi turli xil tanlovlar va tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bilimga bo‘lgan e’tibor – bu kelajakni barpo etish demakdir. Bugungi yoshlar ertangi kunning bunyodkorlaridir. Shuning uchun biz ularning bilim olishlariga barcha sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.”

O‘qituvchi: Siz yangi ochilgan Respublika bolalar kutubxonasida qanday kitoblar yoki tadbirlarda qatnashishni istardingiz va bu sizning kelajagingiz uchun qanday foyda keltiradi deb o‘ylaysiz?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.

 

O‘qituvchi: Endi esa e’tiboringizni yana bir bor monitorga qaratishingizni so‘rayman: 🎬 Videorolik namoyish etiladi.

 

(Videorolikda Toshkent shahrida ochilgan Respublika bolalar kutubxonasining imkoniyatlari, zamonaviy texnologiyalari va bolalarning bu yerda qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi haqidagi lavha namoyish etiladi.)

Bilim – nurli kelajak kaliti.

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Ko‘zlaringizni yumib, bir lahza qadim zamonlarga, buyuk ilm dargohlariga, jahonni o‘z zakovati bilan o‘zgartirgan ajdodlarimiz davriga sayohat qilaylik. Bugun siz bilan shu zamindan yetishib chiqqan buyuk daholarning ajoyib va shonli hayot yo‘llari, ularning kashfiyotlari va hayratga soluvchi meroslari haqida suhbat quramiz.

Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiyilm olamida misli ko‘rilmagan buyuk siymo bo‘lib, butun insoniyatga “algebra” degan yangi fan tuhfa etdi. Uning asarlari orqali ilk bor “algoritm” tushunchasi dunyoga keldi va bu – bugungi kundagi barcha raqamli texnologiyalar, smartfonlar, internet va sun’iy intellektning poydevoridir.

Abu Rayhon BeruniyYer kurrasining radiusini zamonaviy texnologiyalar bilan deyarli bir xil aniqlikda hisoblagan buyuk alloma. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Qonuni Mas’udiy” asarlari butun dunyoda katta shov-shuv ko‘targan. Beruniyning aytishicha: “Ilmni egallash uchun sarflangan vaqt – inson umrining eng oliy daqiqalaridir.” Bu shunday vaqtki, uni qanchalik ko‘p sarflasangiz, shunchalik olamni ko‘ra olasiz.

Mirzo Ulug‘bekastronomiya sohasida yaratgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” nomli yulduzlar jadvali bilan dunyo olimlarini lol qoldirgan buyuk davlat arbobi va olim. Uning Samarqandda qurdirgan rasadxonasi zamonasi uchun tengsiz ilmiy markaz edi. Ulug‘bek shunday degan edi: “Ilmning yo‘li og‘ir va mashaqqatlidir, ammo uning mevasi shirin va abadiydir”. Ha, ilm yo‘lida qilgan har bir mehnatingiz sizga abadiy sharaf keltiradi.

Alisher Navoiybuyuk shoir, mutafakkir va so‘z mulkining sultoni. U nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki butun jahon madaniyatini bebaho meros bilan boyitgan ulug‘ zotdir. Uning “Xamsa” asari jahon adabiyotida tengsiz hisoblanib, G‘arb va Sharq olimlarini hanuz hayratga solmoqda. UNESCO 1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligini xalqaro miqyosda nishonlab, uning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.

Aziz o‘quvchilar! Mana shu ajdodlarimiz yashagan diyorda ikki buyuk Renessans davrini dunyoga taqdim etdik – birinchisi IX-XII asrlarda Sharq uyg‘onishi, ikkinchisi XIV-XV asrlarda Temuriylar Renessansi. Bugun esa tarix bizga yangi bir buyuk imkoniyatni – Uchinchi Renessansni yaratish imkoniyatini bergan.

O‘qituvchi: Endi, e’tibor qiling, sizlarga savol bilan murojaat qilmoqchiman: Sizningcha, Uchinchi Renessansni kimlar bilan va qanday quramiz? Bu ulug‘vor marraga yetishda aynan sizning va bizning vazifamiz nimalardan iborat?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar

Bilimli avlod – buyuk kelajak bunyodkorlari!

O‘qituvchi: O‘zbek xalqining boy ilmiy merosiga hissa qo‘shgan qaysi buyuk ajdodlarimizni bilasiz va ularning fanga qo‘shgan hissalari haqida nimalar ayta olasiz?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar

O‘qituvchi: Endi esa e’tiboringizni yana bir bor monitorga qaratishingizni so‘rayman: 🎬 Videorolik namoyish etiladi

 

 (Videorolikda milliy ajdodlarimiz nomi bilan bog‘liq ixtirolar va ilmiy yutuqlar, ularning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqida lavhalar namoyish etiladi.)

O‘qituvchi: Bugungi kunda qaysi omillar yoshlarning o‘qishdan uzoqlashishiga yoki bilimga qiziqmasligiga sabab bo‘lmoqda?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar

O‘qituvchi: Agar bir kun uyg‘onib, barcha bilimlaringizni unutgan bo‘lsangiz, qaysi bilimni yo‘qotganingiz sizni eng ko‘p tashvishga solar edi?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Bilim orqali har biringiz o‘z hayotingizni o‘zgartirishingiz, oilangiz, jamiyatimiz va mamlakatimiz hayotiga ulkan hissa qo‘shishingiz mumkinligini bugun yana bir bor angladik.

Qattiq va yumshoq ko‘nikmalar – zamonaviy hayot kaliti

O‘qituvchi: Zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatga erishish nafaqat bilimga, balki bu bilimni qanday qo‘llay olishga ham chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, hard skill (qattiq ko‘nikmalar) hamda soft skill (yumshoq ko‘nikmalar) sizning kelajakdagi kasbiy va shaxsiy hayotingizda muhim rol o‘ynaydi. Avvalo, bu ikki tushuncha nima ekanini aniqlashtirib olamiz.

Qattiq ko‘nikmalar deganda inson tomonidan o‘zlashtiriladigan aniq, o‘lchanadigan, texnik yoki nazariy bilim va malakalar tushuniladi. Bu bilimlarni odatda maktabda, kollejda, universitetda yoki maxsus o‘quv kurslarida o‘rganamiz. Bu ko‘nikmalar hayotingizda qanday foyda keltiradi? Avvalo, kasb tanlashingizda, oliy o‘quv yurtiga kirishingizda va yaxshi ish topishingizda asosiy rol o‘ynaydi.

Ammo bu yetarlimi? Albatta yo‘q. Endi siz bilan yumshoq ko‘nikmalar haqida gaplashamiz. Yumshoq ko‘nikmalar – bu insonning shaxsiy fazilatlari, ijtimoiy, muloqot va muomala madaniyatiga oid qobiliyatlaridir.

Keling, hayotiy holatlarda bu ko‘nikmalarning qanday ishlashiga nazar tashlaymiz.

·            Oliy o‘quv yurtiga kirish: Siz fanlarni yaxshi bilishingiz kerak (qattiq ko‘nikma), lekin imtihonlardagi hayajonni yengish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash (yumshoq ko‘nikma) ham muhim.

·            Do‘stlar bilan munosabatda qattiq ko‘nikmalarning o‘rni yo‘q. Bu – to‘liq yumshoq ko‘nikmalarning maydoni. Hurmat, tinglash, sabr va tushunishsiz do‘stlik barqaror bo‘lmaydi.

·            Ishga kirish jarayonida kasb bo‘yicha bilim kerak (qattiq ko‘nikma), lekin dastlabki suhbat jarayonida o‘zini erkin tutish, jamoada ishlay olish esa (yumshoq ko‘nikma) sizni ajratib turadi.

Aziz o‘quvchilar, esda tuting: qattiq ko‘nikmalar sizga ish topib beradi, ammo yumshoq ko‘nikmalar esa sizni ishda ushlab turadi.

O‘qituvchi: Endi sizlarga savol bilan murojaat qilaman: Sizda qanday qattiq ko‘nikmalar bor? Qanday yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish kerak deb o‘ylaysiz?

O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar

 

O‘qituvchi: Bu ikki ko‘nikma toifasini uyg‘un va tizimli rivojlantirishda shaxsiy portfolio yuritish o‘ta samarali vositadir. Portfolio nima o‘zi? Oddiy qilib aytganda, portfolio – bu sizning erishgan yutuqlaringiz, ishlaringiz, ko‘nikmalaringiz, ijodiy ishlaringiz to‘plami. Bu sizning shaxsiy “ko‘rgazmangiz” yoki “pasportingiz” deyish mumkin. E’tiboringizni monitorga qaratishingizni so‘rayman:

 

Portfolio yurgizish bo‘yicha kichik qo‘llanma aks etadi

Videorolikda aks etishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar:

1. Portfolioda quyidagilar aks etishi mumkin:

·            Darsda qilgan eng yaxshi ishlaringiz (loyihalar, prezentatsiyalar, insho, grafikalar);

·            Olimpiada, tanlov va sportdagi yutuqlaringiz;

·            O‘zingiz mustaqil o‘rgangan ko‘nikmalar (masalan, dasturlash, rasm chizish, tarjima qilish);

·            Rivojlanayotgan yumshoq ko‘nikmalaringiz haqida kuzatuvlar (masalan, do‘stlaringiz haqida fikrlaringiz, muammolarni qanday hal qilganingiz).

2. Portfolio yuritish nima uchun muhim hisoblanadi?

1.        O‘zingizni tahlil qilishga yordam beradi — “Nimalarga qiziqaman? Nimalarda kuchliman?”

2.        Qattiq ko‘nikmalarni hujjatlashtiradi — sizda qanday aniq bilim va malaka borligini ko‘rsatadi.

3.        Yumshoq ko‘nikmalarning o‘sishini ko‘rsatadi — jamoada ishlash, muomala, muammolarni qanday hal qilganingiz haqida yozing.

4.        Motivatsiya beradi – o‘z o‘sishingizni ko‘rgan sayin yanada ko‘proq intilasiz.

 

O‘qituvchi: Sizlarga quyidagi tavsiyalarni yakuniy xulosa o‘rnida aytib o‘tmoqchiman:

Ø  Har oy oxirida 15 daqiqa ajrating va “Bu oy nimaga erishdim?”, “Qanday muammo bo‘ldi va uni qanday hal qildim?” degan savollarga javob yozing.

Ø  Har bir kichik yutug‘ingizni e’tibordan chetda qoldirmang – ular katta yutuqlarga yo‘l ochadi!

Har biringizga ilm yo‘lida katta zafarlar tilayman! Aziz o‘quvchilar, sizning har biringiz mamlakatimizning kelajagi va umidisiz. Bilim bilan qurollanib, buyuk yutuqlarga erishing, sizlar bilan xalqimiz, Vatanimiz faxrlansin! Siz bunga tayyormisiz?!