“Kelajak soati” 2-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9-11 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
2-mavzu: “Bilim nima uchun kerak?”
Dars maqsadi:
Annotatsiya: 9-11-sinflar o‘quvchilarida “Bilim nima uchun kerak?” mavzusi doirasida bilimning shaxsiy kamolot, oilaviy va ijtimoiy mas’uliyat hamda Vatanga sadoqatni mustahkamlashdagi ahamiyatini, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyalari va “Yangi O‘zbekiston” islohotlarining mazmunini hayotiy misollar orqali anglash hamda ularni kundalik hayotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish.
🎯 Aniq maqsadlar:
1. O‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini oshirish hamda bilimning inson hayotidagi ahamiyatini tushuntirish.
2. O‘quvchilarga bilim orqali shaxsiy kamolotga erishish mumkinligini anglatish va bu yo‘lda aniq maqsadlar qo‘yishlarini rag‘batlantirish.
3. O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va imkoniyatlar haqida aniq tasavvur berish.
O‘quvchilarda bilim orqali jamiyat va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagini shakllantirish hamda bu yo‘lda faol harakat qilish motivatsiyasini kuchaytirish.
4. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Yurtimiz kelajagi siz, aziz farzandlarimiz qo‘lida.”
👉 “Bugun yaxshi o‘qisam va ezgulik qilsam, ertaga O‘zbekiston yanada yorug‘ bo‘ladi.”
✅ Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
· O‘quvchilar “bilim”ni “axborot” va “ko‘nikma”dan farqlab, uning shaxs, jamiyat hamda Vatan taraqqiyotidagi rolini izohlaydilar.
· Bilim manbalarini sanaydilar (darslik, ustoz, kutubxona, ishonchli internet, tajriba) va Yangi O‘zbekiston islohotlari yaratgan ta’lim imkoniyatlarini bog‘laydilar.
· O‘qishga ijobiy munosabat va ichki motivatsiya shakllanadi (“har kuni bir yangi narsa o‘rganaman”).
· Samarali o‘qish odatlarini ishga soladi: maqsad qo‘yish, qisqa reja, savol berish, konspekt qilish; shaxsiy portfolio yuritishni boshlaydi.
· Bilimini boshqalar bilan baham ko‘radi (mini-taqdimot, “bir-biriga o‘rgatish”) va o‘qituvchi bilan muntazam feedback almashadi.
· Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga
🧠 Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “Bilim nima uchun kerak?” darsida:
• Adabiyot: o‘quvchilar “Bilim – boylik” mazmunidagi maqollarni topib, 1–2 jumlada sharhlaydilar.
• Matematika: kundalik xarid bo‘yicha oddiy byudjet masalasini yechib, bilimning amaliy foydasini ko‘rsatadilar.
• Muloqot: juftliklarda 60 soniyalik “Bilim menga va jamiyatga qayerda foyda beradi?” qisqa nutqini taqdim etadilar. Bu metapredmet yondashuvining qisqa namunasi.
🎒 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti xodimlari. www.milliytarbiya.uz
🗣️ Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
🧑🏫Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
🧩Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
🧩 Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismi maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. O‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda o‘quvchilar darsning muhim ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga tasviriy materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.
3-qism. Yakuniy
Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.
Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).
1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, hozir Prezidentimizning bilimli va doimo olg‘a intilib yashayotgan yoshlarga qaratilgan qisqa murojaatini ko‘ramiz. E’tiboringizni monitorga qaratishingizni so‘rayman: 🎬 Videorolik namoyish etiladi.
Videorolik namoyishidan so‘ng o‘quvchilar bilan qisqacha suhbat tashkil etiladi.
O‘qituvchi: Tasavvur qiling, ertalab uyg‘ondingiz, yoningizdagi smartfoningiz ishlamaydi, internet yo‘q, Google, YouTube, Instagram, TikTok — hech qaysisi mavjud emas! Elektr yo‘qolgan, transport to‘xtagan, supermarketlar yopiq. Sizni o‘rab turgan zamonaviy dunyo birdaniga yo‘q bo‘lib qoldi...
Xo‘sh, nima bo‘ldi? Sababi oddiy: insonlar bilim olishdan voz kechdi. Siz foydalanayotgan har bir texnologiya, internet, ijtimoiy tarmoqlar, smartfoningizdagi har bir ilova — bularning barchasi inson bilimining natijasidir. Bilim bo‘lmasa, biz bularning hech biriga ega bo‘lmas edik.
Bugun siz bilan mana shu bilim haqida, u nima uchun kerakligi va qanday qilib hayotingizni, kelajagingizni, dunyoni yaxshiroq qilish uchun foydalanishingiz mumkinligi haqida suhbatlashamiz. Tayyor bo‘ling, bugun sizning qarashlaringiz o‘zgaradi! Bu bilimlar sizga dunyoni zabt etish uchun kerakligini anglab yetasiz!
ASOSIY QISM. Bilimsizlik va bilimli hayot – taqqoslash, anglash, fikrlash. (25 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Har bir ustozga qayta-qayta beriladigan savollar mavjud: “Nega men o‘qishim kerak?”, “Bilim menga nima beradi?”. Ushbu savollarga javob berish uchun avvalo bilim nima ekanligini anglab olishimiz lozim.
Bilim – bu jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni aniqlash, tartibga solish, insonlarning hayot va borliq haqidagi tasavvurlarini muvofiqlashtirish uchun jamlangan axborot va tushunchalar majmuasidir. Bilimning keng ma’nosi tasavvur, tushuncha, nazariyalar yig‘indisi bo‘lsa, tor ma’noda bu – biror narsa va hodisani tushunishga yordam beruvchi, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan axborotlar majmuasidir. Bilim sizga erkin fikrlash, atrofingizga ochiq va teran nazar bilan qarash, yaxshilikni yomonlikdan ajratish qobiliyatini beradi.
Har bir inson o‘z oldiga aniq reja qo‘ygan holda yashaydi. Xuddi shunday, har bir davlat ham o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab olish uchun uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aynan shunday harakat dasturi bo‘lib, mamlakatni barcha sohalarda yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qiladi. Ushbu strategiyaga muvofiq 2030-yilga kelib O‘zbekistonni qanday o‘zgarishlar kutmoqda. Keling birgalikda ko‘rib chiqamiz:
Ta’lim sohasi bo‘yicha: — O‘zbekistonni umumiy ta’lim sifatini baholovchi xalqaro PISA reytingida TOP-30 talikka kiritish.
O‘zbekiston taraqqiyotida iqtisodiy barqarorlik bosh o‘rinda turadi. Shu sababli, strategiyada Yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Inson kapitali indeksi bo‘yicha O‘zbekiston hozirgi 116-o‘rindan TOP-50 talikka ko‘tarilishi rejalashtirilgan.
Eksport ko‘rsatkichlari esa yanada e’tiborga molik: 2023-yilda 19,4 milliard dollar bo‘lgan eksport hajmi 2030-yilda 100 milliard dollarga yetkaziladi. Bu degani – O‘zbekiston mahsulotlari jahon bozorida tan olinadi, iqtisodiyot esa raqobatbardosh bo‘ladi.
Bu raqamlar orqasida esa zamonaviy tibbiyot, ilg‘or ta’lim, ochiq iqtisodiyot va eng muhimi — baxtli inson hayoti turibdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga misli ko‘rilmagan darajada keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bilim hamda tarbiya – har qanday islohotning asosiy tayanchi va kafolatidir.”
O‘qituvchi: Endi sizlarga savol: Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasida qanday islohotlar amalga oshirilayotganini bilasizmi? Keling, shu haqda fikr almashamiz.
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Sizningcha, yoshlar uchun yaratilayotgan ta’lim imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun qanday sifat va odatlar muhim hisoblanadi? Misollar bilan tushuntiring.
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
Izoh: Agarda o‘quvchilar tomonidan aytiladigan islohotlar haqidagi fikrlarga o‘qituvchi qo‘shimcha qilmoqchi bo‘lsa, foydalanish uchun ma’lumotlar quyida keltirib o‘tilgan:
ü So‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari soni 200 dan oshdi va ularda ta’lim sifati ham tubdan yaxshilandi.
ü “Yoshlar daftari” orqali yoshlarning ta’lim olishlari uchun foizsiz ta’lim kreditlari taqdim etilib, bu dasturdan minglab yoshlar foydalanmoqda.
ü IT, chet tillari, biznes va kasb-hunar sohalarini rivojlantirish uchun davlat tomonidan 50 mingdan ortiq bepul kurslar tashkil etilib, minglab yoshlar ushbu kurslardan muvaffaqiyatli foydalanmoqda.
ü Talabalar uchun ajratiladigan davlat grantlari soni oxirgi ikki yilda sezilarli darajada ko‘payib, har yili minglab yoshlar imtiyozli ravishda oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
ü Kitobxon yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Kitobxon yoshlar” tanlovida g‘olib chiqqan yoshlar uchun har yili 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda.
ü Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz uchun davlat tomonidan har yili jami 2 milliard so‘mdan ziyod pul mukofotlari ajratilmoqda.
O‘qituvchi: Endi o‘quvchilаr, ekrandagi rasmlarga diqqat bilan qaraymiz, ushbu rasmlarda bilim va unga bog‘liq bo‘lgan mavzulardagi maqollarning tasviri aks ettirilgan.
O‘qituvchi: Ana, o‘quvchilar, xotiramizda bilim haqida bir qancha maqollar joy olgan ekan, hammamiz turli xil javoblar berdik. Keling, endi to‘g‘ri javoblarni tekshirib olamiz.
Buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi – Uchinchi Renessans poydevori!
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Ko‘zlaringizni yumib, bir lahza qadim zamonlarga, buyuk ilm dargohlariga, jahonni o‘z zakovati bilan o‘zgartirgan ajdodlarimiz davriga sayohat qilaylik. Bugun siz bilan shu zamindan yetishib chiqqan buyuk daholarning ajoyib va shonli hayot yo‘llari, ularning kashfiyotlari va hayratga soluvchi meroslari haqida suhbat quramiz.
Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy – ilm olamida misli ko‘rilmagan buyuk siymo bo‘lib, butun insoniyatga “algebra” degan yangi fan tuhfa etdi. Uning asarlari orqali ilk bor “algoritm” tushunchasi dunyoga keldi va bu – bugungi kundagi barcha raqamli texnologiyalar, smartfonlar, internet va sun’iy intellektning poydevoridir.
Abu Rayhon Beruniy – Yer kurrasining radiusini zamonaviy texnologiyalar bilan deyarli bir xil aniqlikda hisoblagan buyuk alloma. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Qonuni Mas’udiy” asarlari butun dunyoda katta shov-shuv ko‘targan. Beruniyning aytishicha: “Ilmni egallash uchun sarflangan vaqt – inson umrining eng oliy daqiqalaridir.” Bu shunday vaqtki, uni qanchalik ko‘p sarflasangiz, shunchalik olamni ko‘ra olasiz.
Mirzo Ulug‘bek – astronomiya sohasida yaratgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” nomli yulduzlar jadvali bilan dunyo olimlarini lol qoldirgan buyuk davlat arbobi va olim. Uning Samarqandda qurdirgan rasadxonasi zamonasi uchun tengsiz ilmiy markaz edi. Ulug‘bek shunday degan edi: “Ilmning yo‘li og‘ir va mashaqqatlidir, ammo uning mevasi shirin va abadiydir”. Ha, ilm yo‘lida qilgan har bir mehnatingiz sizga abadiy sharaf keltiradi.
Alisher Navoiy – buyuk shoir, mutafakkir va so‘z mulkining sultoni. U nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki butun jahon madaniyatini bebaho meros bilan boyitgan ulug‘ zotdir. Uning “Xamsa” asari jahon adabiyotida tengsiz hisoblanib, G‘arb va Sharq olimlarini hanuz hayratga solmoqda. UNESCO 1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligini xalqaro miqyosda nishonlab, uning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.
Aziz o‘quvchilar! Mana shu ajdodlarimiz yashagan diyorda ikki buyuk Renessans davrini dunyoga taqdim etdik – birinchisi IX-XII asrlarda Sharq uyg‘onishi, ikkinchisi XIV-XV asrlarda Temuriylar Renessansi. Bugun esa tarix bizga yangi bir buyuk imkoniyatni – Uchinchi Renessansni yaratish imkoniyatini bergan.
Keling, ana shu yuqorida eslangan allomalarimiz haqidagi videolavhani birgalikda tomosha qilamiz!
Sun’iy intellekt orqali yaratilgan 1 daqiqalik “Ajdodlarimiz ixtirolari” nomli videorolik namoyish etiladi.
O‘qituvchi: Endi, e’tibor qiling, sizlarga savol bilan murojaat qilmoqchiman: Sizningcha, Uchinchi Renessansni kimlar bilan va qanday quramiz? Bu ulug‘vor marraga yetishda aynan sizning va bizning vazifamiz nimalardan iborat?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
Bilim va siz: Hayotingizni o‘zgartiradigan beshta savol.
O‘qituvchi: Endi sizlarni bilim haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashishga, o‘zaro fikr almashishga chorlayman.
O‘qituvchi: Agar bir kun uyg‘onib, barcha bilimlaringizni unutgan bo‘lsangiz, qaysi bilimni yo‘qotganingiz sizni eng ko‘p tashvishga solar edi? Nega aynan shu bilimni qadrlaysiz?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Bilim bo‘lmasa, insonni inson qiluvchi narsa nima bo‘lib qoladi? Sizning fikringizcha, inson uchun bilimning eng muhim jihati nimada?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Bilimlarni faqat shaxsiy manfaat uchun qo‘llash kifoyami yoki uni jamiyat va insoniyat manfaati uchun ham ishlatish kerakmi? Siz nima deb o‘ylaysiz va nega?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Hayot yo‘lingizni tanlashda siz nimaga ko‘proq ishonasiz: bilimlaringizgami yoki ichki sezgiga (intuisiya)mi? Tanlovingiz sababini izohlab bera olasizmi?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Agar sizning kelajakka, 100 yil keyingi avlodga atigi bitta maslahat qoldirish imkoningiz bo‘lsa, qanday maslahat qoldirardingiz va nima sababdan aynan shu maslahatni tanlagan bo‘lardingiz?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
Bilim orqali mashhurlikka erishgan yurtdoshlarimizning hayot yo‘llari va fikrlari
O‘qituvchi: Ana endi o‘z bilimi orqali Vatanimizning rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizning so‘zlariga quloq solaylik. E’tiboringizni monitorga qaratishingizni so‘rayman:
Videorolikda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi, Xalqaro olimpiadalar g‘olibi Mirjahon Muhammadov haqida qariyb 3 daqiqalik lavha uzatiladi.
O‘qituvchi: Endi sizlarga savol bilan murojaat qilaman: O‘z bilimi va hayotiy tajribasi orqali mashhurlikka erishgan yana qanday shaxslarni bilasiz? Sizningcha, ularning muvaffaqiyat siri aynan nimada?
O‘quvchilar: Oʻquvchilar oʻz javoblarini aytadilar.
O‘qituvchi: Keling yana boshqa qahramonlar bilan ham videolavha orqali tanishib olsak. Ular nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyo hamjamiyati oldida ham e’tirof etildi. Ular kim bo‘lishi mumkin?
Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Pahlavon Gʻulomov va Asilbek Ashrapov Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasida g‘olib deb topilganligi haqida 1:30 daqiqalik video namoyish qilinadi. Ularning yomg‘ir suvini ichishga yaroqli darajagacha qayta ishlash loyihasi 5980 ta ariza loyihalar ichida g‘olib bo‘lgan. Abu-Dabida mukofotni o‘quvchilarga Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shaxsan topshirdi. Shuningdek, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirda ihtirok etgani o‘quvchilarda katta taassurot qoldirgan va faxrlantirgan.
Qattiq va yumshoq ko‘nikmalar – zamonaviy hayot kaliti
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Biz bilimlarning amaliy ahamiyati haqida gaplashdik. Endi sizlarni texnika va innovatsiyalar tarixiga qisqa sayohatga taklif qilamiz. Bu sayohatimiz Toshkent shahrida joylashgan Politexnika muzeyiga olib boradi.
O‘qituvchi: Zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatga erishish nafaqat bilimga, balki bu bilimni qanday qo‘llay olishga ham chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, hard skill (qattiq ko‘nikmalar) hamda soft skill (yumshoq ko‘nikmalar) sizning kelajakdagi kasbiy va shaxsiy hayotingizda muhim rol o‘ynaydi. Avvalo, bu ikki tushuncha nima ekanini aniqlashtirib olamiz.
Qattiq ko‘nikmalar deganda inson tomonidan o‘zlashtiriladigan aniq, o‘lchanadigan, texnik yoki nazariy bilim va malakalar tushuniladi. Bu bilimlarni odatda maktabda, kollejda, universitetda yoki maxsus o‘quv kurslarida o‘rganamiz. Bu ko‘nikmalar hayotingizda qanday foyda keltiradi? Avvalo, kasb tanlashingizda, oliy o‘quv yurtiga kirishingizda va yaxshi ish topishingizda asosiy rol o‘ynaydi.
Ammo bu yetarlimi? Albatta yo‘q. Endi siz bilan yumshoq ko‘nikmalar haqida gaplashamiz. Yumshoq ko‘nikmalar – bu insonning shaxsiy fazilatlari, ijtimoiy, muloqot va muomala madaniyatiga oid qobiliyatlaridir.
Bilimning amaliy qiymatini Toshkent Politexnika muzeyida yaqqol ko‘rish mumkin. Bu muzey nafaqat mashinalar tarixi, balki inson tafakkurining qudratini namoyon qiladi.
— Bir paytlar odamlar oddiy arava yasagan, keyin dvigatelli mashina ixtiro qilingan, hozir esa elektroavtomobillar, hatto uchuvchi avtomobillar ustida ishlanmoqda. Buning barchasi – bilimning mevasidir.
— Agar kimdir fizika qonunlarini tushunmaganida, mexanika asoslarini bilmaganida yoki texnologiyani chuqur o‘rganmaganida, bugungi avtomobillar bo‘lmagan bo‘lardi.
O‘qituvchi:
— Demak, bilim biz uchun faqat dars bahosini olish vositasi emas. U – hayotimizni yengillashtiradigan, jamiyatimizni rivojlantiradigan va kelajagimizni belgilaydigan eng katta kuchdir.
— Siz ertangi kunda qanday kasb egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, bilim sizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bilim – insonni erkin, mustaqil va ijodkor qiladi.
(So‘ngra savol bilan murojaat.)
— Endi o‘ylab ko‘ring: Siz olgan bilimlaringizni ertangi hayotingizda qayerda va qanday ishlatmoqchisiz?
Misol uchun, muzeylarga borish – bu nafaqat bilim olish, balki ijodkorlik, madaniy savodxonlik va tafakkurni rivojlantiruvchi yumshoq ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘lidir. Bunday tashriflar sizning shaxsiy portfoliongizni boyitib, kelajakdagi o‘qish va ish imkoniyatlaringizda sizni boshqalardan ajratib turadi.
Keling, hammmiz birgalikda poytaxtimizda joylashgan Toshkent politexnika muzeyiga onlayn sayohat qilamiz!
So‘ngra dars yakunida Toshkent politexnika muzeyi haqidagi 5 daqiqalik lavha ko‘riladi.
YAKUNIY QISM
O‘qituvchi: Sizlarga quyidagi tavsiyalarni yakuniy xulosa o‘rnida aytib o‘tmoqchiman:
Ø Har oy oxirida 15 daqiqa ajrating va “Bu oy nimaga erishdim?”, “Qanday muammo bo‘ldi va uni qanday hal qildim?” degan savollarga javob yozing.
Ø Har bir kichik yutug‘ingizni e’tibordan chetda qoldirmang – ular katta yutuqlarga yo‘l ochadi!
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Bugun biz siz bilan birgalikda bilimning hayotimizdagi ahamiyati, ajdodlarimizning bebaho ilmiy merosi, hozirgi kun qahramonlarining muvaffaqiyatli hayot yo‘llari, yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish haqida fikr yuritdik.
Har bir buyuk inson ham bir vaqtlar siz kabi o‘quvchi bo‘lgan, ular ham qiyinchiliklarga duch kelgan, ammo ular doim intilgan, o‘rgangan va tinimsiz harakat qilgan. Bugundan boshlab siz ham o‘z hayotingiz kitobining yangi sahifasini oching va unga o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizni, kelajakka bo‘lgan ishonchingizni, intilishlaringizni yozing.