“Kelajak soati” 2-mavzu

“Kelajak soati” darsining Oliy ta’lim muassasasi talabalari uchun mashg‘ulot ssenariysi:

2-mavzu: “Bilim nima uchun kerak?

Dars maqsadi:

OTM talabalarida “Bilim nima uchun kerak?” mavzusi doirasida bilimning shaxsiy kamolot, oilaviy va ijtimoiy mas’uliyat hamda Vatanga sadoqatni mustahkamlashdagi ahamiyatini, shuningdek, Prezident Sh. Mirziyoyev g‘oyalari va Yangi O‘zbekiston islohotlarining mazmunini bilim, ta’lim va ilmni rivojlantirishdagi inson personajlari va hayotiy misollar orqali anglatish, ularni kundalik hayotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish.


Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

·         Talabalar “bilim”ni “axborot” va “ko‘nikma”dan farqlab, uning shaxs, jamiyat va Vatan taraqqiyotidagi rolini izohlaydilar.

·         Bilim manbalarini sanaydilar (darslik, ustoz, kutubxona, ishonchli internet, tajriba) va Yangi O‘zbekiston islohotlari yaratgan ta’lim imkoniyatlarini bog‘laydilar.

·         Milliy meros va zamonaviy taraqqiyotdan faxrlanish, “men ham hissa qo‘sha olaman” degan ichki ishonch mustahkamlanadi.

·         Samarali o‘qish odatlarini ishga soladi: maqsad qo‘yish, qisqa reja, savol berish, konspekt qilish; shaxsiy portfolio yuritishni boshlaydi.

·         Bilimini boshqalar bilan baham ko‘radi (mini-taqdimot, “bir-biriga o‘rgatish”) va o‘qituvchi bilan muntazam fikr almashadi.

·         Prezidentimizning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda ta’lim hamda ilm-fanga qaratilgan islohotlari haqida maʼlumot va bilimlar oladi.


 

🎒 Dars hamkori: Chirchiq davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari. https://yangi.cspu.uz

🗣 Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

🧑🏫Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

🧩Materiallar to‘plami:

-     ssenariy;

-     uslubiy tavsiyalar;

-     videomateriallar;

-     interaktiv topshiriqlar;

-     taqdimot.

🧩 Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion

Darsning birinchi qismi maqsadi – talabalarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Talabalarning kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.

2-qism. Asosiy

Asosiy qismda talabalar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda talabalarga berilgan materialni tahlil qilish, hayotiy qahramonlar aks etgan videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.

3-qism. Yakuniy

Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.

 

Dars ssenariysi

Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).

🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar, hozir Prezidentimizning bilimli va doimo olg‘a intilib yashayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashiga qaratilgan bir videolavhani ko‘ramiz. E’tiboringizni monitorga qaratishingizni so‘rayman: 🎬 Videorolik namoyish etiladi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Pahlavon Gʻulomov va Asilbek Ashrapov Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasida g‘olib deb topilganligi haqida 1:30 daqiqalik video namoyish qilinadi. Ularning yomg‘ir suvini ichishga yaroqli darajagacha qayta ishlash loyihasi 5980 ta ariza loyihalar ichida g‘olib bo‘lgan. Abu-Dabida mukofotni o‘quvchilarga Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shaxsan topshirdi. Shuningdek, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirda ishtirok etgani o‘quvchilarda katta taassurot qoldirgan va faxrlantirgan.  

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, kelajagimizning yorqin yulduzlari!

Bugungi uchrashuvimizning asosiy maqsadi – bilimni chinakam imkoniyatlarga aylantirishdir. Har bir inson, qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, bilimdan foydalana olishi kerak. Bilim sizning kelajagingizning eng muhim kapitalidir. Ammo muhim savol shuki: siz bilimga xizmat qilayapsizmi yoki bilim sizga xizmat qilmoqdami?

Bugungi dunyo tezkor, innovatsion va doimiy ravishda rivojlanib bormoqda. Har qanday sohada muvaffaqiyatga erishish uchun bilimlarni modifikatsiyalash va ulardan samarali foydalanishni o‘rganish muhimdir. Biz shu uchrashuv davomida aynan shu jarayonlarni – bilimlarni modifikatsiyalash, kapitallashtirish va konvertatsiyalash usullarini o‘rganamiz.

Siz bu yerda tasodifan emas, balki o‘z hayotingizni yaxshiroq qilish, yangi marralarni zabt etish uchun turibsiz. Biz siz bilan birgalikda sizning kasbiy yo‘nalishingizdan qat’i nazar, bilim va ko‘nikmalaringizni real imkoniyatlarga aylantirish bo‘yicha samarali strategiyalarni ko‘rib chiqamiz. Sizga atigi bitta imkoniyat berilgan bo‘lsa ham, uni o‘nlab imkoniyatlarga aylantirish yo‘llarini o‘rganishingiz kerak.

Bugun siz bilan birgalikda o‘z imkoniyatlaringizni kashf qilamiz, ularni rivojlantiramiz va kelajakda haqiqiy muvaffaqiyatlarga erishamiz! Keling, imkoniyatlaringizni qo‘lingizga oling va bu lahzalar siz uchun yangi boshlanish bo‘lsin!

ASOSIY QISM. Bilimsizlik va bilimli hayot – taqqoslash, anglash, fikrlash. (25 daqiqa)

Professor-o‘qituvchi: Bilim – bu jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni aniqlash, tartibga solish, insonlarning hayot va borliq haqidagi tasavvurlarini muvofiqlashtirish uchun jamlangan axborot va tushunchalar majmuasidir. Bilimning keng ma’nosi tasavvur, tushuncha, nazariyalar yig‘indisi bo‘lsa, tor ma’noda bu – biror narsa va hodisani tushunishga yordam beruvchi, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan axborotlar majmuasidir.

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarga quyidagi savol bilan murojaat qilmoqchiman: “Bugun olayotgan bilimlaringiz kelajakdagi kasbiy muvaffaqiyatingiz uchun qanchalik foydali bo‘lmoqda?”

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Sizlarnini kichik bir mulohazaga chaqirmoqchiman. Har kuni auditoriyalarda, kutubxonalarda, laboratoriyalarda bilim olish bilan shug‘ullanyapmiz. Lekin shuncha sarflangan vaqt, mehnat va kuch biz uchun qanday natijalar bermoqda? Bilimning asl mohiyati va uning haqiqiy qiymati nimada?

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: “Bilimingiz sizga xizmat qiladimi yoki siz bilimga xizmat qilyapsizmi?”

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Bugungi shiddatli rivojlanayotgan dunyoda bilim nafaqat nazariy jihatdan o‘zlashtirilishi, balki amaliyotda ham samarali qo‘llanilishi zarur bo‘lgan resursdir. Afsuski, ko‘pchilik talabalar bilim olishni faqatgina diplom yoki baho olish vositasi sifatida ko‘rishadi va o‘zlashtirgan bilimlarini kundalik hayotda yetarlicha qo‘llay olmaydilar. Bunday vaziyatda ular bilimga xizmat qiladigan, uni faqat yig‘uvchi sifatida qolib ketishadi.

Biroq haqiqiy muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilimlarini o‘z professional faoliyatlarida, kundalik hayotlarida va kelajakdagi kasbiy rivojlanishlarida samarali tarzda qo‘llaydilar. Bilim sizning shaxsiy va kasbiy rivojlanishingizda haqiqiy vosita sifatida xizmat qilishi kerak. Bilim yordamida yangi imkoniyatlar yaratish, faoliyatni rivojlantirish va yangi marralarni zabt etish mumkin.

Professor-o‘qituvchi: O‘zimizga savol beraylik. Hozirgi bilimlaringiz qanday natijalarga olib kelmoqda? Siz ularni kelajak uchun real imkoniyatlarga aylantira olyapsizmi yoki faqat nazariy jihat bilan cheklanib qolyapsizmi?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, bilimingizni kapitallashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi, davlat siyosati hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanishingiz nihoyatda muhimdir. Siz o‘z bilimlaringizni patentlash orqali himoyalashingiz, shaxsiy brend yaratish orqali taniqlilikni oshirishingiz, shuningdek, davlat tomonidan taqdim etilayotgan grantlar va imtiyozli kreditlardan foydalanishingiz mumkin.  Misol uchun, Zafar Hoshimov – “Korzinka.uz” asoschisi. U O‘zbekiston bozoridagi chakana savdo tarmog‘i Korzinka.uz asoschisi sifatida tanilgan. Xabaringiz boʻlsa kerak Zafar Hoshimov yaqinda Prezidentimiz Faromniga asosan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

  Hoshimov o‘z faoliyatini boshlashdan oldin, xorijiy kompaniyalarda tajriba orttirgan va bu uning kelgusidagi muvaffaqiyatining poydevori bo‘lgan. Bir suhbatda Hoshimov shunday eslaydi: “Men yoshligimdan bilim olishga juda katta qiziqish bilan qarardim. Doim yangi narsalarni o‘rganishga va tajribalarni orttirishga intilardim. Aynan mana shu bilimlarim va tajribalarim menga o‘z biznesimni boshlashda katta yordam berdi”. Bugungi kunda Korzinka.uz O‘zbekistonda keng tarqalgan va iste’molchilar tomonidan sevimli brendga aylangani barchamizga ma’lum.

Har bir inson o‘z oldiga aniq reja qo‘ygan holda yashaydi. Xuddi shunday, har bir davlat ham o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab olish uchun uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aynan shunday harakat dasturi bo‘lib, mamlakatni barcha sohalarda yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qiladi. Ushbu strategiyaga muvofiq 2030-yilga kelib O‘zbekistonni qanday o‘zgarishlar kutmoqda. Keling, birgalikda ko‘rib chiqamiz:

Ta’lim sohasi bo‘yicha: — O‘zbekistonni umumiy ta’lim sifatini baholovchi xalqaro PISA reytingida TOP-30 talikka kiritish.

O‘zbekiston taraqqiyotida iqtisodiy barqarorlik bosh o‘rinda turadi. Shu sababli, strategiyada Yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Inson kapitali indeksi bo‘yicha O‘zbekiston hozirgi 116-o‘rindan TOP-50 talikka ko‘tarilishi rejalashtirilgan.

Eksport ko‘rsatkichlari esa yanada e’tiborga molik: 2023-yilda 19,4 milliard dollar bo‘lgan eksport hajmi 2030-yilda 100 milliard dollarga yetkaziladi. Bu degani – O‘zbekiston mahsulotlari jahon bozorida tan olinadi, iqtisodiyot esa raqobatbardosh bo‘ladi.

Bu raqamlar orqasida esa ilg‘or ta’lim, zamonaviy tibbiyot, ochiq iqtisodiyot va eng muhimi – baxtli inson hayoti turibdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga misli ko‘rilmagan darajada keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bilim hamda tarbiya – har qanday islohotning asosiy tayanchi va kafolatidir.”

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarga savol: Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasida qanday islohotlar amalga oshirilayotganini bilasizmi? Keling, shu haqda fikr almashamiz.

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Sizningcha, yoshlar uchun yaratilayotgan ta’lim imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun qanday sifat va odatlar muhim hisoblanadi? Misollar bilan tushuntiring.

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

XX asr “Ilm-fan va texnika inqiloblari asri”

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Ko‘zlaringizni yumib, bir lahza asr boshiga – yangi kashfiyotlar osmonga ko‘tarilgan, laboratoriyalar to‘lib-toshgan, butun dunyo yangi davrga qadam qo‘yayotgan zamonga sayohat qilaylik. Bu – XX asr, ya’ni Ilm-fan asri!

Mariya Kyuri haqidagi 2:40 daqiqalik SI orqali yaratilgan video namoyish qilinadi. Video namoyishidan so‘ng professor-o‘qituvchi so‘zini XX asrdagi boshqa olimlar hayoti bilan davom ettirib ketadi.

Shu paytlarda Germaniyada yosh fizik Albert Eynshteyn o‘z stolida qog‘ozlarga formulalar yozmoqda. U nisbiylik nazariyasini yaratib, butun olamga energiya va moddaning sirli bog‘liqligini ochib berdi: E = mc². Bu formula nafaqat ilmda, balki kelajakda kosmik parvozlar, yadro energiyasi va zamonaviy texnologiyalarning poydevoriga aylandi.

Kopengagenda esa Nils Bor atomning ichki tuzilishini tushuntiradigan yangi modelni chizmoqda. U atomlarni go‘yo Quyosh tizimidagi sayyoralarga o‘xshatib, ularning energiya darajalarini izohlab berdi. Bu kashfiyot tufayli kimyo fani ham yangi ufqlarni ochdi.

Va nihoyat, Londonda oddiy laboratoriya tokchasida qolib ketgan Petri idishida yashil mog‘or paydo bo‘ldi… Bu hodisani diqqat bilan kuzatgan Aleksandr Fleming antibiotiklar davrini boshlab berdi. Penitsillin kashf qilinishi millionlab insonlarning hayotini saqlab qoldi.

Aziz talabalar! XX asr – bu ilm-fanning oltin davri bo‘lib, insoniyatni yerdan osmonga, laboratoriyadan kosmosga olib chiqqan buyuk davrdir. Endi esa sizning avlodingiz – XXI asr yoshlari – yangi “kashfiyot asrini” yaratish imkoniyatiga ega.

Bugungi kunda jahonga mashhur bo‘lgan va dunyo avtomobilsozligiga sezilarli hissa qo‘shgan “Ford” avtomobil brendi ham XX asrning mahsulotidir. Umuman olganda, hayotimizning bir qismiga aylangan mashinalar XIX asr oxirida yaratilgan bo‘lsa-da, ommaviy foydalanish 1900-yillardan keyin avj oldi. Keling, poytaxtimizda joylashgan Toshkent politexnika muzeyi haqidagi videolavhani tomosha qilamiz. U yerda jahon va yurtimiz avtomobilsozlik tarixi mujassam bo‘lgan.

Toshkent politexnika muzeyi haqidagi qariyb 5 daqiqalik video qo‘yib beriladi.

Professor-o‘qituvchi: Endi, e’tibor qiling, sizlarga savol bilan murojaat qilmoqchiman: Sizningcha, Uchinchi Renessansni kimlar bilan va qanday quramiz? Bu ulug‘vor marraga yetishda aynan sizning va bizning vazifamiz nimalardan iborat?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Bilim va siz: Hayotingizni o‘zgartiradigan beshta savol.

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarni bilim haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashishga, o‘zaro fikr almashishga chorlayman.

Professor-o‘qituvchi: Agar bir kun uyg‘onib, barcha bilimlaringizni unutgan bo‘lsangiz, qaysi bilimni yo‘qotganingiz sizni eng ko‘p tashvishga solar edi? Nega aynan shu bilimni qadrlaysiz?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Bilim bo‘lmasa, insonni inson qiluvchi narsa nima bo‘lib qoladi? Sizning fikringizcha, inson uchun bilimning eng muhim jihati nimada?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Bilimlarni faqat shaxsiy manfaat uchun qo‘llash kifoyami yoki uni jamiyat va insoniyat manfaati uchun ham ishlatish kerakmi? Siz nima deb o‘ylaysiz va nega?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Hayot yo‘lingizni tanlashda siz nimaga ko‘proq ishonasiz: bilimlaringizgami yoki ichki sezgiga (intuitsiya)mi? Tanlovingiz sababini izohlab bera olasizmi?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Agar sizning kelajakka, 100 yil keyingi avlodga atigi bitta maslahat qoldirish imkoningiz bo‘lsa, qanday maslahat qoldirardingiz va nima sababdan aynan shu maslahatni tanlagan bo‘lardingiz?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Bilim orqali mashhurlikka erishgan yurtdoshlarimizning hayot yo‘llari va fikrlari

Professor-o‘qituvchi: Ana endi o‘z bilimi orqali Vatanimizning rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizning so‘zlariga quloq solaylik. E’tiboringizni monitorga qaratishingizni so‘rayman:

 

Videorolikda – dunyoga mashhur o‘zbekistonlik biolog olim, genetik, davlat arbobi Ibrohim Abdurahmonov haqida so‘z boradi. Qariyb 3 daqiqalik lavhada olimning bolalik xotiralari, orzulari, erishgan yutuqlari haqida hikoya qilinadi.

 

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarga savol bilan murojaat qilaman: O‘z bilimi va hayotiy tajribasi orqali mashhurlikka erishgan yana qanday shaxslarni bilasiz? Sizningcha, ularning muvaffaqiyat siri aynan nimada?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Keling, endi o‘zbek xalqi bilim va ilm haqidagi maqollariga murojaat qilsak:

Ekranda maqollar sun’iy intellekt orqali chizmalari namoyish qilinadi va talabalarga ularni topish vazifasi beriladi.

 

Qattiq va yumshoq ko‘nikmalar — zamonaviy hayot kaliti

Professor-o‘qituvchi: Zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatga erishish nafaqat bilimga, balki bu bilimni qanday qo‘llay olishga ham chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, hard skill (qattiq ko‘nikmalar) hamda soft skill (yumshoq ko‘nikmalar) sizning kelajakdagi kasbiy va shaxsiy hayotingizda muhim rol o‘ynaydi. Avvalo, bu ikki tushuncha nima ekanini aniqlashtirib olamiz.

Qattiq ko‘nikmalar deganda inson tomonidan o‘zlashtiriladigan aniq, o‘lchanadigan, texnik yoki nazariy bilim va malakalar tushuniladi. Bu bilimlarni odatda maktabda, kollejda, universitetda yoki maxsus o‘quv kurslarida o‘rganamiz. Bu ko‘nikmalar hayotingizda qanday foyda keltiradi? Avvalo, kasb tanlashingizda, oliy o‘quv yurtiga kirishingizda va yaxshi ish topishingizda asosiy rol o‘ynaydi.

Ammo bu yetarlimi? Albatta yo‘q. Endi siz bilan yumshoq ko‘nikmalar haqida gaplashamiz. Yumshoq ko‘nikmalar ― bu insonning shaxsiy fazilatlari, ijtimoiy, muloqot va muomala madaniyatiga oid qobiliyatlaridir.

Keling, hayotiy misolda bu ko‘nikmalarning qanday ishlashiga nazar tashlaymiz.

·            Ishga kirish jarayonida kasb bo‘yicha bilim kerak (qattiq ko‘nikma), lekin dastlabki suhbat jarayonida o‘zini erkin tutish, jamoada ishlay olish esa (yumshoq ko‘nikma) sizni ajratib turadi.

Dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari – Garvard, Stenford va Karnegi Mellon universitetlari olib borgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki: kasbiy muvaffaqiyatning 85 foizi aynan yumshoq ko‘nikmalarga, atigi 15 foizi qattiq ko‘nikmalarga bog‘liq ekan.

Mashhur tadbirkor Ilon Mask shunday degan: “Odamlar qattiq ko‘nikmalarni yaxshi o‘rganishadi, ammo yumshoq ko‘nikmalar ularni yetakchiga aylantiradi.”

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, esda tuting: Qattiq ko‘nikmalar sizga ish topib beradi, ammo yumshoq ko‘nikmalar esa sizni ishda ushlab turadi.

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarga savol bilan murojaat qilaman: Sizda qanday qattiq ko‘nikmalar bor? Qanday yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish kerak deb o‘ylaysiz?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Bu ikki ko‘nikma toifasini uyg‘un va tizimli rivojlantirishda shaxsiy portfolio yuritish o‘ta samarali vositadir. Portfolio nima o‘zi? Oddiy qilib aytganda, portfolio — bu sizning erishgan yutuqlaringiz, ishlaringiz, ko‘nikmalaringiz, ijodiy ishlaringiz to‘plami. Bu sizning shaxsiy “ko‘rgazmangiz” yoki “pasportingiz” deyish mumkin.

Portfolioda quyidagilar aks etishi mumkin:

·            Darsda qilgan eng yaxshi ishlaringiz (loyihalar, prezentatsiyalar, insho, grafikalar);

·            Olimpiada, tanlov va sportdagi yutuqlaringiz;

·            O‘zingiz mustaqil o‘rgangan ko‘nikmalar (masalan, dasturlash, rasm chizish, tarjima qilish);

·            Rivojlanayotgan yumshoq ko‘nikmalaringiz haqida kuzatuvlar (masalan, do‘stlaringiz haqida fikrlaringiz, muammolarni qanday hal qilganingiz).

Portfolio yuritish nima uchun muhim hisoblanadi?

1.        O‘zingizni tahlil qilishga yordam beradi — “Nimalarga qiziqaman? Nimalarda kuchliman?”

2.        Qattiq ko‘nikmalarni hujjatlashtiradi — sizda qanday aniq bilim va malaka borligini ko‘rsatadi.

3.        Yumshoq ko‘nikmalarning o‘sishini ko‘rsatadi — jamoada ishlash, muomala, muammolarni qanday hal qilganingiz haqida yozing.

4.        Motivatsiya beradi — o‘z o‘sishingizni ko‘rgan sayin yanada ko‘proq intilasiz.

Talabalarning bilimlarini O‘zbekistonda kapitallashtirish usullarining ilmiy-hayotiy tahlili.

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, Bugun sizlar bilan muhim bir mavzuda suhbatlashamiz: siz egallayotgan bilimlaringizni O‘zbekiston sharoitida qanday qilib samarali tarzda kapitallashtirishingiz mumkin? Biz hozir sizga amaliy hayotiy misollar va ilmiy asoslangan usullar orqali har bir yo‘nalishda bilimlarni real foydaga aylantirish imkoniyatlarini ko‘rsatamiz. Keling, ushbu imkoniyatlarni birgalikda ko‘rib chiqamiz!

1. Axborot texnologiyalari yo‘nalishi. Axborot texnologiyalari sohasi bugungi kundagi eng tez rivojlanayotgan va daromad keltiruvchi sohalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va IT Park faoliyati orqali yoshlarga keng imkoniyatlar yaratildi. Talabalar freelancing platformalari orqali (masalan, Upwork, Fiverr) xalqaro va mahalliy loyihalarda ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari, startap loyihalarida ishtirok etish, mobil ilovalar ishlab chiqish, dasturiy ta’minot mahsulotlarini patentlash orqali ham bilimlarini kapitallashtirishlari mumkin. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, global raqamli bozorda yuqori daromadga erishish imkoniyati mavjud.

2. Iqtisodiyot va moliya yo‘nalishi. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish dasturlari va moliya bozori tahlillariga ko‘ra, iqtisodiyot hamda moliya sohasidagi talabalar uchun keng imkoniyatlar mavjud. Ular investitsion tahlil, moliyaviy konsalting xizmatlari, venchur kapitalni jalb qilish orqali bilimlarini amaliyotda qo‘llay oladilar. Markaziy Osiyo bozorining o‘ziga xos xususiyatlari va mahalliy moliya institutlarining rivojlanayotgan salohiyatidan foydalangan holda, talabalarning amaliy bilimlari yuqori qiymatli xizmatlarga aylanishi mumkin.

3. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi. O‘zbekistonning agro-sanoat salohiyati va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dasturlari talabalarning ilmiy va amaliy bilimlarini kapitallashtirish uchun qulay zamin yaratmoqda. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish, innovatsion agro-texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha konsultatsion xizmatlar yaratish orqali talabalar yuqori iqtisodiy natijalarga erishishlari mumkin.

4. Pedagogika va psixologiya yo‘nalishi. Pedagogika va psixologiya sohasidagi talabalar ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha davlat siyosatidan foydalanib, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish, onlayn ta’lim platformalari va psixologik konsultatsiya xizmatlarini tashkil qilish orqali kapitallashtirish imkoniyatlariga ega. Ta’limdagi innovatsion metodikalarni ishlab chiqish va ulardan foydalanishga mamlakatda talab oshib bormoqda.

5. Tibbiyot va sog‘liqni saqlash yo‘nalishi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar talabalarga telemeditsina va raqamli sog‘liqni saqlash xizmatlarini yaratish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha treninglar, innovatsion diagnostik vositalar ishlab chiqish orqali talabalar sog‘liqni saqlash sohasida bilimlarini yuqori darajada kapitallashtirishlari mumkin.

6. Gumanitar va ijtimoiy fanlar yo‘nalishi. Gumanitar va ijtimoiy fanlar talabalari O‘zbekistonning madaniy va ijtimoiy rivojlanish dasturlaridan foydalanib, media faoliyatini tashkil qilish, ijtimoiy tadqiqotlar va konsultatsiya xizmatlarini taqdim etish orqali kapitallashtirish imkoniyatiga ega. Xalqaro grantlar va davlat dasturlarida ishtirok etish orqali talabalar o‘z bilimlarini kengaytirib, amaliy va moliyaviy manfaatlarga aylantira oladilar.

YAKUNIY QISM

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, bilimingizni kapitallashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi, davlat siyosati hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanishingiz nihoyatda muhimdir. Siz o‘z bilimlaringizni patentlash orqali himoyalashingiz, shaxsiy brend yaratish orqali taniqlilikni oshirishingiz, shuningdek, davlat tomonidan taqdim etilayotgan grantlar va imtiyozli kreditlardan foydalanishingiz mumkin. Har biringiz o‘z tanlagan yo‘nalishingizda chuqur tahlil olib borib, mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlarni amaliyotga tatbiq qilishingiz kerak. Bu bilan siz nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shasiz, balki shaxsiy kasbiy va iqtisodiy muvaffaqiyatlarga ham erishasiz. Kelajagingiz sizning qo‘lingizda, bilimlaringiz esa bu yo‘lda sizga asosiy yordamchi bo‘ladi!

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Endi navbat sizda! Bugun, hozir va shu joyda harakat qilishni boshlang. O‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘ying. Bilimingizni boyiting, uni modifikatsiya qiling, amaliy hayotga tatbiq qiling va yuksak marralarni zabt eting. Siz o‘z orzularingizga, siz o‘zingiz xohlagan hayotga munosibsiz. Bugun siz yaratadigan kelajak butun dunyoni o‘zgartirishga qodir.