“Kelajak soati” 2-mavzu

MAKTABGACHA TAʻLIM TASHKILOTLARI  TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI:

“BILIMLAR OLAMIGA SAYOHAT”

Davra suhbatining maqsadi:

- Bolalarda bilim haqida tushuncha berish;

- Bilimlar orqali katta kuchga ega boʻlishini tushuntirish.

Kutilayotgan natija:

- Bolalar bilim olishga ijobiy munosabat bildiradi;

- Fanlar va atrof-muhitga qiziqishi ortadi;

- Bilish, taqqoslash, ajratish, ifoda qilish koʻnikmalari rivojlanadi;

- Nutqiy faollik, eslab qolish va savol-javob madaniyati shakllanadi.

Kerakli jihozlar:

Vizual materiallar: rangli kitoblar, rasmlar (matematika, harflar, tabiat, texnika, kasblar haqidagi).

Oʻyinchoqlar va oʻquv vositalari: raqamlar va shakllar, alfavit kartochkalari bilan oʻyinchoqlar.

I.Kirish qism

Tarbiyachi: Assalom alaykum, aziz bolajonlar! Bolajonlar, bugun men sizlar bilan juda qiziqarli mavzuda suhbatlashaman. Tayyormisizlar?

Bolalar: Ha…!

Tarbiyachi: Aytingchi, bilim - bu nima? Bugun men sizlarga bilim nima ekanligini tushuntiraman.

 

                                   

 

Tarbiyachi: Bolajonlar, rasmlarda nimalarni koʻrdingiz?

Bolalar:(kitob ushlagan bolalar, kitoblar)

Tarbiyachi: Kitob oʻqish, uni rasmlarini tomosha qilish, ertak va hikoyalar tinglash sizlarga yoqadimi?

Bolalar: Ha!

Tarbiyachi: Bolajonlar, bularni hammasi bilimlar olami deyiladi. Bilimlar olamiga sayr qilgan Jasur degan bola haqida eshitganmisiz? Eshitmagan boʻlsangiz,  men sizlarga hozir shu ertakni aytib beraman.

Jasurning sayohati

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, kichkina bir bola bor ekan. Uning ismi Jasur ekan. Jasur har kuni yangi narsalarni oʻrganishni juda yaxshi koʻrardi. Bir kuni Jasur bogʻda sayr qilayotganida, kichik sehrgarga duch kelibdi. Sehrgar unga dedi:

— Jasur, sen bilimlar olamiga sayohat qilishni xohlaysanmi? Agar sen koʻp bilim olsang, haqiqiy sehrgar boʻlasan! Bilim — bu sening sehring, bilim yordamida

sen har qanday muammoni hal qilishing mumkin.

Jasur hayratda qoldi:

— Qanday qilib bilim sehr boʻla oladi?

Sehrgar javob berdi:

— Bilim — bu kitoblarda yashiringan sehr, yangi soʻzlarni oʻrganish, sonlarni sanash, tabiatni kuzatish va oʻzingni yaxshilashdir. Bilim bilan sen aqlli, kuchli va baxtli bola boʻlasan. Bilimni qanchalik koʻp egallasang, shunchalik bilimlar olamiga kirib boraverasan.

Shundan soʻng, Jasur har kuni yangi narsalarni oʻrganishni boshladi: raqamlarni sanadi, harflarni tanidi, tabiat haqida koʻproq maʻlumot oldi. Vaqt oʻtdi, Jasur juda bilimli va aqlli bola boʻlib ulgʻaydi. U haqiqiy sehrgardek koʻrinar edi, chunki uning bilim sehridan foydalanganlari uchun hamma undan yordam soʻrardi. Shunday qilib, Jasur bilimlar olamining kuchini anglab yetdi va boshqalarni ham oʻrganishga ilhomlantirdi.

 

Savollar:

1.     Haqiqiy sehr bu nima?

2.     Bilimlar olamiga sayohat qilish uchun nimaga ega boʻlish kerak?

3.     Sehrgar nima uchun Jasurni tanladi?

4.     Sen bilim olsang, qanday inson boʻlasan?

                                            Yod olish uchun she’r

(barcha bolalar baravar qaytaradi)

 

Oʻqib oʻrgan bilim ol,
Boʻlsin bu odatiy hol.

Kitob bilim bulogʻi,
Bolalarning oʻrtogʻi.

Xulosa                                                                                                                         

Bilim — har birimizda yashirin sehrdir. Uni oʻrganib, hayotimizni chiroyli va baxtli qilamiz! "Bilimlar olamiga sayohat" mashgʻuloti orqali bolalar bilim olishning zavqli, foydali va hayotga kerakli jarayon ekanligini anglab yetadi. Har bir faoliyat ularda bilimga muhabbat uygʻotadi, tafakkurini rivojlantiradi, mustaqil fikrlashga undaydi.