“Kelajak soati” 20-mavzu
MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI:
“MEN HAM ASKAR BO‘LAMAN”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarda Vatanga muhabbat, sadoqat shakllantirish.
– Harbiy xizmat, askarlik haqida dastlabki tushunchalarni berish.
– Harbiylar mehnatini qadrlash, ularga hurmat bilan qarashga o‘rgatish.
Kutilayotgan natija:
– Bolalar askarlik, Vatan himoyasi haqida dastlabki tushunchaga ega bo‘ladilar.
– Bolalarda askarlarga nisbatan hurmat tuyg‘ulari shakllanadi.
– Harbiy intizom, jismoniy chiniqishning ahamiyatini tushunadi.
– “Men ham askar bo‘laman”– degan g‘oya ularning qalbida shakllanadi.
Kerakli jihozlar:
– Harbiy kiyimdagi askar rasmi.
– Bayroq, harbiy texnika suratlari.
– Harbiy mashinalar maketi.
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa
KIRISH QISMI:
Tarbiyachi: Assalomu alaykum bolajonlar! Aytinglar-chi, bolajonlar, sizlar katta bo‘lganingizda kim bo‘lishni xohlaysiz?
Bolalar: Shifokor! Uchuvchi! O‘qituvchi!
Tarbiyachi: Kim askar bo‘lishni xohlaydi?
Bolalar qo‘l ko‘taradi.
Tarbiyachi: Barakalla! Askar bo‘lish juda sharafli. Ular kimni himoya qilishadi?
Bolalar: Vatanni! Chegarani! Bizni! (Javoblar turlicha bo‘lishi mumkin. Tarbiyachi ularni to‘ldirib, yo‘naltirib turadi).
Tarbiyachi: To‘g‘ri, askarlar tinchligimiz, osuda hayotimiz posbonlari. Ular harbiy mashqlarni bajarishadi, jismonan sog‘lom va jasur bo‘lishadi. Mana bu rasmlarga qarang.
I.Turdimuhammadova rasmlaridan foydalanildi.

Tarbiyachi: Bu rasmlardagi akalarimizning barchalari harbiy. Ammo yaxshilab kuzatadigan bo‘lsangiz, ularning liboslari turlicha. Sababi, ular bajaradigan vazifa bir-biridan farq qiladi. Sizlarga harbiy qo‘shin turlari haqida gapirib beraman. Qani menga aytinglar-chi, qanday harbiylarni bilasiz?
Bolalar: oddiy askar, tankchi, desantchi, uchuvchi………
Tarbiyachi: Juda to‘g‘ri! Bundan tashqari ofitserlar, dengizchi, o‘qchi, chegarachi, sapyorlar. Ko‘rdingizmi bolajonlar, shuncha harbiy kasblar bor ekan. Harbiylarning vazifasiga qarab liboslari turlicha bo‘ladi.
Interfaol o‘yin:
“Askarlar kabi harakat qilamiz”
Bolalarga turli harbiy libosdagi fotokartochkalar tarqatiladi va qanday harbiy ekanligi aytiladi va harbiylar qatori safga turishga, safda yurishga, belgilangan harakatlarni bajarishga o‘rgatadi.
Masalan: Diqqat! Saflan! Rostlan! Chapga buril! Oldinga yur! To‘xta! O‘yin orqali bolalarda tartib, intizom va jismoniy faollik shakllantiriladi. Shuningdek, harbiycha kasb bilan ham tanishadilar.
Tarbiyachi: Endi men sizlarga jasur askar haqida ertak o‘qib beraman.
Ertak
“Jasur askar”
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Jasur ismli bola bor ekan. U har doim askar bo‘lishni orzu qilarkan. U doimo sport bilan shug‘ullanar, tartibli, chaqqon bola ekan. Har kuni ertalab yugurish, sakrash, mashqlar bilan shug‘ullanar ekan. U bog‘chadagi bayramda askar kiyimini kiyib chiqdi va barchani hayratda qoldirdi. Uning orzusi – askar bo‘lib, Vatanni himoya qilish edi. Tarbiyachisi unga doimo: “Sen jasursan, sen Vatan posbonisan!” deb ilhom berardi. Jasur katta bo‘lib haqiqiy askar bo‘ldi va ota-onasi, yurtini faxrlantirdi.
Tarbiyachi she’rni quyidagi o‘qib beradi. Bu jarayonda bir qo‘lida askar-o‘yinchoq ushlab tursa va uni she’rga mos harakat qildirsa, maqsadga muvofiq.
Dilfuza Kamoljonova
Akam jasur, mard askar
Harbiy kiyim yarashgan,
Akam – Vatan posboni.
Katta bo‘lsam ulardek
Bo‘lay el mard o‘g‘loni.
Chegarada turadi –
Hamisha sergak, hushyor.
Vatanning xizmatiga
Kecha-yu kunduz tayyor.
Qo‘riqlaydi askarlar
Ona yurt tuprog‘ini.
Jondek asrar cho‘llarin,
Daryo, cho‘l, irmog‘ini.
Cho‘chimas, tank boshqarar,
Merganlikda tengi yo‘q.
Akam kabi o‘g‘li bor,
Onalarning ko‘ngli to‘q.
Biz ham bir kun ulg‘ayib,
To‘lishadi kuchimiz.
Ona yurt xizmatiga
Shay turmoqlik burchimiz.
Vatanni jondek asrar,
Dovyurak, qo‘rqmas, mardlar.
Katta bo‘lsam akamdek
Bo‘laman jasur askar.
Tarbiyachi: Endi esa sizlarga bir video qo‘yib beraman. Unda siz tengi bolalar dadalariga bayramga sovg‘a yasashadi. Videoni tomosha qilib bo‘lgach, biz ham ushbu sovg‘alardan birini dadamiz uchun yasaymiz, xo‘pmi?
Vizual kontent
Otalar uchun sovgʻa
Videoni tomosha qilib bo‘lgach, tarbiyachi bolalarga ushbu sovg‘alardan birini (masalan, pogonni) qo‘lda yasashni o‘rgatadi va bolalar birgalikda sovg‘ani o‘zlari yasaydilar.
XULOSA
Vatanimizni sevish va himoya qilish har bir fuqaroning burchi, askarlar bizning tinchligimiz posbonlari ekanligini bilib oldilar. Katta bo‘lgach, ular ham Vatan uchun xizmat qiladigan jasur askarlar bo‘lamiz, deb ahd qildilar.