“Kelajak soati” 3-mavzu

 

BIZNING XULQIMIZ (ODOB – TARBIYANING MEVASI)

Metodologiya

Dars ssenariysi


Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.

🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

 

Oʻqituvchi: Bugun sizlar bilan juda muhim va chiroyli bir so‘z haqida gaplashamiz.

Bir daraxtni tasavvur qiling. Uni parvarish qilib, suv quysak, tagini yumshatib borsak, vaqt o‘tib u shirindan-shakar mevalar beradi. Xuddi shunday, yaxshi xulq,  tarbiya ham inson qalbida ekilgan urug‘, odob – shu tarbiyaning mevasi. Agar ota-onaning, ustozning so‘zini tinglasangiz, ko‘p kitob o‘qisangiz, yomon odatlardan uzoq bo‘lsangiz – siz ham shirin mevali daraxt kabi yaxshi xulqli bolaga aylanasiz.

 

Har kuni “assalomu alaykum” deb kattalarga salom berish, sinfdoshlaringizga yordam berish, o‘qituvchini diqqat bilan tinglash – bularning hammasi yaxshi xulq  

hisoblanadi. Xulqi yaxshi bolani hamma odobli bola, deb hurmat qiladi.

 

Xalqimizda shunday maqollar borki uni o‘zimiz uchun shior qilib olsak arziydi.

Masalan men yoshligimda eshitgan ushbu maqol juda yoqqan: “Odobli bola elga manzur” Bu maqoldagi “el” degan soʻz ota-ona, ustozlar, do‘stlar, qarindosh-urugʻlarni bildiradi. Sizlar hammaga yoqadigan, maqtaladigan oʻgʻil-qizlar boʻlishingiz uchun yaxshi xulqli boʻlishingiz zarur. Dangasa emas, balki mehnatsevar  boʻlishingiz kerak.

 

Dangasalik – barcha yomon odatlarning onasi

Mehnatsevarlik – yaxshi odatlarning onasi deb hisoblayman.

Bu fikrimga siz nima deya olasiz?

 

O‘quvchilar javoblari tinglanadi.

 

  •        Odob-bozorda sotilmaydi.
  •        Bola aziz odobi undan aziz .

Ushbu maqollar o‘quvchilar bilan tahlil qilinadi.

 Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ham odob haqida quyidagi fikrlarni bildirganlar:

 

"Yoshlarimiz bilimli, ma’rifatli, tarbiyali bo‘lsa, kelajagimiz porloq bo‘ladi."

 Keling, shunday bola bo‘laylikki, hamma sizni ko‘rib ota-onasiga, ustoziga rahmat desin! 

Keling, hozir tengdoshlarimiz tomonidan tayyorlangan video orqali yaxshi va yomon odatlarimizni ko‘rib chiqamiz.

Oʻquvchilar: ha-a-a

 

Yaxshi va yomon xulq namunalari ko‘rsatilgan 3 daqiqalik videolavha namoyish etiladi. Videolavhada nimalar koʻrsatilgani va nimalar yoqqani haqida bolalardan soʻraladi.

ASOSIY QISM. Ertaklarda odob aksi (25 daqiqa)

Oʻqituvchi: Videoni ko‘rish orqali qanday yomon odatlarni  ko‘ra oldingiz?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Oʻqituvchi: Sizga bu ko‘rinishlar qaysi biri yoqdi?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Oʻqituvchi: Nima uchun yoqmadi?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Oʻqituvchi: Siz o‘zingizdagi qaysi yomon odatingizni yo‘qotishga ahd qildingiz?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Oʻqituvchi: Demak biz o‘zimizdagi yaxshi va yomon odatlarni ajratib, yomonini yaxshisiga o‘zgartirishimiz mumkin ekan.

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi:Keling hozir shu holatni bir topshiriq orqali tekshirib ko‘ramiz. Qani bolalar, o‘ylab ko‘raylikchi, bizning sinfda qanday xulq egalari o‘qiyapti?  Kim  o‘zidagi 2 ta yaxshi va 2 ta yomon sifatini ayta oladi? 

 

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

 

Oʻqituvchi: Qaranglar-a, bizning sinfda juda odobli va tarbiyali o‘quvchilar o‘qir ekan. Biz yaxshi xulqlarimizni oshirib, yomonlarini nima qilamiz?

Oʻquvchilar: YAXSHISIGA O‘ZGARTIRAMIZ!

Oʻqituvchi: Unda hozir hammamiz tarqatilgan qog‘oz bo‘lagiga o‘zimizning yomon xulqimizni yozamiz.

Bolajonlar, endi shu yomon xulqimiz yozilgan qog‘ozni g‘ijimlab, mana bu maxsus qutiga solamiz.  

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi: Tashlagan yomon xulqimizni yaxshisiga almashtiramiz. Keling, mana bu sehrli sandiqcha sizga qanday yaxshi xulqli bo‘lganliginngizni aniqlab beradi.

 

Sirli sandiqcha ichida quyidagi sifatlar yozilgan bo‘ladi:

Bilimdon, chaqqon, mas’uliyatli, odobli, saxiy, tartibli, to‘g‘riso‘z, tejamkor, mehribon, intizomli, ijodkor, faol,  vatanparvar, saranjom, xushmuomala, jasur, qo‘rqmas,  shirinso‘z, tashabbuskor...

 Oʻqituvchi: Aziz o‘quvchilar! Yaxshi va yomon odatlarga ega  qaysi ertak qahramonlarini bilasiz?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

1 va 2-sinf oʻquvchilari uchun quyidagi ertak aytib beriladi.

Oʻqituvchi: Keling, hozir sizlarga “Sadoqatli quyoncha” ertagini aytib beraman.

Qadim zamonda, Yashilsoy oʻrmonida Quvonchi ismli quyoncha yashar edi. U juda chaqqon, shirinso‘z va odobli edi. U katta-kichikka salom berar, doimo muloyim gapirar va boshqalarga yordam berardi.

Bir kuni o‘rmonga yangi mehmon — mag‘rur tulki ko‘chib keldi. Tulki hech kimga salom bermas, gaplashayotganlarning so‘zini bo‘lib, o‘zini katta deb bilar edi. Buni ko‘rgan jonivorlar tulkidan norozi bo‘la boshladilar.

 

Oradan kunlar o‘tdi. Tulki daraxt ostida uxlab yotsa, uning ustiga katta shox qulab tushdi. Tulki yordam so‘rab baqirardi, lekin hech kim yoniga bormadi. Faqatgina quyoncha yugurib keldi, shoxni tortib, tulkini qutqardi.

Tulki hayron bo‘lib so‘radi: — Men senga hech qachon yaxshi muomala qilmagan bo‘lsam-da, nega menga yordam berding?

Quyoncha jilmayib dedi: — Odobli bo‘lish — hammani hurmat qilishdir. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, yaxshilik qilishdan tortinmaslik kerak.

Shu kundan boshlab tulki ham boshqalarga salom berib, yaxshilik qilishni va odobli bo‘lishni o‘rgandi. O‘rmondagi barcha jonivorlar tinch-totuv yashashdi.

 

  1. Bolajonlar ertak sizlarga yoqdimi?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

  1. Ertakdagi Quyon Tulki obrazi  orqali qanday insonlar tasvirlangan?

 Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

  1. O‘zingizga qanday hulosa chiqardingiz?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

  1. Bolajonlar eslab ko‘ring-chi sizni hayotingizda ham shunday viqealar bo‘ganmi?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

 

3. YAKUNIY QISM

 

Oʻqituvchi: Keling sizlar bilan hammamiz biladigan “Zumrad va Qimmat” ertagini eslasak. Aytingchi, nima uchun sehrgar kampir Zumradga oltin to‘la sandiqni, Qimmatga esa ajdar  solingan sandiq sovg‘a qildi?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Oʻqituvchi:Zumrad sehrgar kampirga o‘zining qaysi odatlari bilan yoqdi?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Berilgan jadvalga Zumrad va Qimmatni yaxshi va yomon tomonlari yozib berish (o‘g‘zaki aytib berish)  topshirig‘i beriladi.

 

 

 

mehnatsevar

saxiy

dangasa

tartibsiz

xushmuomala

kamtar

qo‘pol

odobsiz

sabrli

odobli

sabrsiz

xasadgo‘y

mehribon

halol

jahldor

o‘jar

rostgo‘y

tarbiyali

yolg‘onchi

urushqoq

 

Oʻqituvchi: Agar siz ertakdagi sehrgar bo‘lsangiz, Qimmatni ajdarhoga yem qilib emas, balki Zumradday qiz bo‘lishi uchun nima qilgan bo‘lardingiz?

Oʻquvchilarning javoblari eshitiladi.

Oʻqituvchi: Demak, odob sizni boshqalarga yaxshi ko‘rsatadigan, hayotda amal qilish kerak bo‘lgan qoidalardir. Odob — tarbiyaning eng go‘zal, eng mazali mevasidir.

 

Converted to HTML with WordToHTML.net