
“Kelajak soati” 3-mavzu
BIZNING XULQIMIZ
Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).
🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
1-bosqich. Xulq nima? (10 daqiqa).
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar, bugun biz “xulq” tushunchasi haqida gaplashamiz. Balki bu so‘z sizlarga ancha tanish, lekin uning aniq ma’nosini hammangiz ham tushunib yetmagan bo‘lishingiz mumkin.
Xulq nima?
Xulq — bu o‘quvchining o‘zini tutishi, gap-so‘zi, chiroyli yo xunuk qiliqlari va boshqalarga munosabatlardagi xatti-harakatlari.
Buyuk jadid bobomiz Abdulla Avloniy inson xulqlarini ikkiga – yaxshi va yomon xulqlarga bo‘lgan.
Keling atrofimizda tez-tez uchrab turadigan vaziyatlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Masalan:
- Navbatda turibsiz. Oldinda turgan amakining ko‘zoynagi yerga tushib ketdi. Siz tezda unga olib berdingiz. Bu yaxshi xulq.
- Darsda o‘qituvchi gapirayotganda jim tingladingiz. Bu ham yaxshi xulq.
- Bir sinfdoshingiz chopib ketayapti. U yiqildi. Shunda kulib yuborish. Bu yomon xulq.
- Sinfdoshlaringizdan biri darsda yaxshi javob bergani uchun ustoz uni maqtadi. Siz esa ichingizda hasad qilib, tanaffusda unga achchiq so‘zlar aytdingiz. Bu yomon xulq.
Aziz o‘quvchilar, biz har kuni yo‘lda, uyda, maktabda, mahallada, avtobusda yuzlab xulqni namoyon qilamiz. Bu xulqlar orqali biz o‘zimizning tarbiyamiz, oilaviy muhitimiz va shaxsiy qadriyatlarimizni aks ettiramiz. Har bir harakatimiz, gapimiz va munosabatimiz orqali atrofdagi odamlarda biz haqimizda taassurot uyg‘otamiz. Shuning uchun ham hurmatli o‘quvchilar, jamoat joylarida o‘zimizni madaniyatli, odobli, ibratli tutaylik.
Keling hozir birgalikda xulq haqidagi fikrlar jamlangan video materialni tomosha qilamiz.
Xalqimizda shunday maqollar borki uni o‘zimiz uchun shior qilib olsak arziydi.
O‘qituvchi:
To‘g‘ri. Xulq – bu insonning yurish-turishi, gap-so‘zlari va o‘zini qanday tutishi ekan. Endi sizga yaxshi va yomon xulqlarni farqlab olamiz:
ASOSIY QISM. Yaxshi va yomon xulq hamda mas’uliyat haqida tushuntirish. (25 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bilasizmi o‘quvchilar odobni, xulqni pulga sotib olib bo‘lmaydi. Boylik bilan erishib bo‘lmaydigan yutuqlarga ikki og‘iz shirin so‘z, yaxshi muomala, chiroyli xulq tufayli yetish mumkin. Shuning uchun dono xalqimiz bir zo‘r maqolni o‘ylab topgan: “Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, yomon gap bilan qilich qinidan chiqar”.
Aziz o‘quvchilar, keling, endi sizlar bilan 2 ta vaziyatni ko‘rib chiqamiz.
1-vaziyat. Do‘stlik
Sinfingizda o‘qituvchingiz sizlarga guruh bo‘lib loyiha tayyorlashni topshirdi. Guruhingizdagi har bir o‘quvchi o‘z vazifasini bajarishi kerak edi. Ammo guruhdoshingiz Murod loyihadagi ishini butunlay unutib yuborgan. Ish topshirilishi kerak bo‘lgan kuni u sizdan shunchaki o‘z vazifasini o‘zingiz qilganingizni aytib, “meni ko‘pchilik oldida uyaltirma, yordam ber” deya iltimos qiladi.
Siz esa tun bo‘yi o‘z ishingizni qilish bilan band bo‘lgansiz va Murodga yordam berishga vaqt ham, kuch ham qolmagan. Boshqa tomondan, u sizning do‘stingiz va ko‘p vaqt sizga yordam bergan.
Savollar:
Siz bu vaziyatda qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
Murodga yordam berish – do‘stlikmi yoki noto‘g‘ri xatti-harakatni yashirishmi?
Agar siz yordam bersangiz, bu guruhdagi boshqalar uchun qanday ta’sir qiladi?
Sizning xulqingiz bu yerda qanday qadriyatlarga asoslanadi?
O‘quvchilar:
(o‘quvchilar o‘z fikrlarini aytishadi)
O‘qituvchi:
Barakalla, hammangiz yaxshi fikr bildirdingiz. Bugungi muhokamamizdan bir muhim haqiqatga amin bo‘ldik: do‘stlik – bir-birimizni faqat qo‘llab-quvvatlash emas, balki to‘g‘ri yo‘lga boshlash va undan adashmaslikdir.
Agar biz do‘stimizning xatosini yashirsak, bu unga foyda emas, balki zarar keltiradi. Chunki bu holat yana takrorlanishi mumkin. Boshqa guruh a’zolari ham bu adolatsizlikdan ranjishi, jamoada ishonch va birlikka darz ketishi mumkin.
Shu bois har birimiz mas’uliyatli bo‘lish, o‘z vazifamizni vijdonan bajarish va eng muhimi – rostgo‘y, halol, chin do‘st va adolatli bo‘lishni unutmasligimiz kerak.
2-vaziyat. Halollik
Maktabda tadbir bo‘layapti. O‘quvchilar diqqat bilan tadbirni kuzatishayapti. Ammo yoningizda o‘tirgan ikki o‘quvchi bir-biri bilan baland ovozda gaplashib, boshqalarga xalaqit berishayapti.
Savollar:
Siz bu vaziyatda qanday harakat qilgan bo‘lardingiz?
Jamoat joylarida o‘zini tuta bilish nega muhim?
O‘quvchilar:
(o‘quvchilar o‘z fikrlarini aytishadi)
O‘qituvchi:
Bolalar, fikrlaringiz uchun rahmat. Jamoat joylarida, ayniqsa maktabda tadbir davomida o‘zini odobli tuta bilish har bir fuqaroning burchidir. Bu nafaqat atrofdagilarga hurmat belgisi, balki o‘zimizning tarbiyamizni ham ko‘rsatadi. Agar biror kimsa hurmatsizlik qilsa, biz ham xuddi shu tarzda javob qaytarmasdan, odob bilan tushuntirishimiz, kerak bo‘lsa, o‘qituvchiga murojaat qilishimiz kerak.
Har biringiz ushbu vaziyatlarga nisbatan o‘z fikrlaringizni bildirdingiz. Bu orqali sizning yaxshi va yomon xulqlar haqida chuqur bilimlaringizni eshitib, xursand bo‘ldim.
Endi yaxshi va yomon xulqlarni bir-biridan farqlash uchun quyidagi videolavhani tomosha qilamiz.
Videolavha namoyishi
O‘qituvchi:
O‘quvchilar! Mana, videolavhani tomosha qildik. Qayerda o‘zini qanday tutishni eslab qolinglar.
Endi sizlar bilan bir voqeani ko‘rib chiqamiz.
Jahlni nazorat qilish
Bir otaning jahldor bir o‘g‘li bor ekan. Uning jahli judayam tez ekan. Bir kuni ota o‘z o‘g‘liga bir qancha mix bilan mustaxkam bir yog‘och berib : “O‘g‘lim har bir jahling chiqqan vaqtda bitta mixni shu yog‘ochga qoqgin” –debdi.
O‘g‘il shunday qilibdi. Birinchi kun u yog‘ochga o‘ttizdan ziyod mixni qoqibdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib u o‘z jahlini nazorat qiladigan bo‘libdi. Kun sayin uning qoqadigan mixlari kamayib, o‘z jahlini nazorat qila boshlabdi. Jahlini nazorat qilish yog‘ochga mix qoqishdan osonligini tushunibdi. Shunday kun kelibdiki, u umuman boshqalarga jahl qilmay, oʻz jahlini nazorat qila boshlabdi.
Otasi undan judayam xursand bo‘libdi: “O‘g‘lim , endi shu o‘zing qoqgan mixlarni jahl qilmagan kuning bittadan taxtadan sug‘urib chiqgin”-debdi.
Oradan kunlar o‘tibdi va nihoyat oxirgi mixni sug‘urgan kun kelibdi. Bola otasiga hamma mixlarni sug‘urib bo‘lganini aytibdi. Shunda otasi unga taxtani ko‘rsatib: “O‘glim tabriklayman sen ajoyib ish qilding, lekin taxtaga bir nazar solgin, shu qoqilgan mixlarning izini, teshiklarni ko‘ryapsanmi, endi bu teshiklar hech qachon ketmaydi, shundayligicha qoladi. Demak, sening jahling chiqqanida bir yomon so‘z aytar ekansan bu huddi man shu mix izlaridek yuraklarda qoladi. Shuning uchun jahlingni, g‘azabingni nazorat qilishni o‘rgangin” - debdi.
O‘qituvchi:
Xo‘sh o‘quvchilar bu rivoyatdan qanday xulosa qildingiz?
O‘quvchilar:
(o‘quvchilar o‘z fikrlarini aytishadi)
O‘qituvchi: Barakalla o‘quvchilar. G‘azab hamma yomon xulqlarni o‘zida jamlagan. Bundan kelib chiqadiki, har birimiz o‘rinsiz g‘azab qilmasligimiz kerak ekan. Bu esa avvalo o‘zimiz uchun va qolaversa boshqalar uchun keladigan zarardan saqlaydi.
O‘qituvchi: O‘quvchilar endi sizlarga bir topshiriq bermoqchiman. Sizning vazifangiz – bir necha maqollarning maʻnosini tushuntirib berish. Qani, boshladik.
Maqol:
Odobni - odobsizdan o‘rgan
O‘quvchilar:
(o‘quvchilar o‘z fikrlarini aytishadi)
O‘qituvchi:
Fikrlaringiz to‘g‘ri. Odobsiz bolaning yomon xulqini ko‘rib, siz: “Men bunday bo‘lmasligim kerak”, deb o‘ylaysiz. Demak, bu orqali yaxshini yomondan farqlashni o‘rganasiz.
O‘qituvchi:
Kiyimiga qarab qarshi olishadi – odobiga qarab kuzatishadi.
O‘quvchilar:
(o‘quvchilar o‘z fikrlarini aytishadi)
O‘qituvchi:
Ha. Odamni dastlab tashqi ko‘rinishi, ya’ni kiyimiga qarab baholashadi, lekin uning asl qadr-qimmati odobi, xulq-atvorida bilinadi.
O‘qituvchi:
Tongda turib otangni ko‘r, undan keyin otingni ko‘r.
O‘quvchilar:
(o‘quvchilar o‘z fikrlarini aytishadi)
O‘qituvchi:
Ushbu maqolda xulqning eng go‘zal ko‘rinishi, ya’ni ota-onaga bo‘lgan hurmat o‘z aksini topgan. Bolalar erta tongda turib eng avval otasiga salom berishi, undan keyin esa boshqa ishlarini bajarishlari ko‘rsatilgan.
Barakalla, o‘quvchilar! Mana, bir necha o‘zbek xalq maqollarining ma’nosini ham bilib oldik. Bu maqollar xalqimiz to‘plagan hayotiy tajribasini, donoligini ko‘rsatadi. Eslab qolinglar, xo‘pmi?
O‘quvchilar: Ha-a-a.
3. YAKUNIY QISM
Yaxshi xulqlarga ega bo‘lishning eng samarali usullaridan biri bu badiiy adabiyotlar o‘qish, teatrlarga borish va albatta mehnat qilishdir.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sizlarni “Oltin avlod” deb atadilar.
Bu yuksak e’tibor va ishonchni oqlash uchun sizlarning xulqingiz ham “Oltin xulq” bo‘lishi lozim.
Buning uchun sizlar avvalo “Xulqning oltin qoidasi”ni yod olishingiz kerak. Diqqat qiling, hozir men oltin qoidani aytaman. Uni eslab qoling va har kuni amal qiling:
“Boshqalar senga qanday muomala qilishini istasang,
sen ham ularga shunday muomala qil.”
Bu qoidaning mazmuniga chuqur e’tibor bering:
Agar sizni aldashlarini istamasangiz – hech kimni aldamang.
Boshqalar sizga yordam berganida xursand bo‘lsangiz – siz ham boshqalarga yordam bering.
Boshqalar sizni hurmat qilishini xohlaysizmi? Unda siz ham boshqalarni hurmat qiling.
Ana shunda hamma xursand bo‘ladi.
Mana shu – axloqning oltin qoidasi. Shu oltin qoidani hafta hikmati, deb e’lon qilaman! Endi uni birgalikda takrorlaymiz va yodimizda saqlaymiz.
Hamma birgalikda:
“Boshqalar senga qanday muomala qilishini istasang, sen ham ularga shunday muomala qil.”
Balandroq aytamiz!
“Boshqalar senga qanday muomala qilishini istasang, sen ham ularga shunday muomala qil.”
Yanada balandroq va ishonch bilan aytamiz!
“Boshqalar senga qanday muomala qilishini istasang, sen ham ularga shunday muomala qil.”
Aziz o‘quvchilar!
Endi sizlar bilan Vatanparvarlikga oid qo‘shiq aytsak
(Qo‘shiq matni ekranda namoyish etiladi)
Yangi O‘zbekiston yoshlari
Xalqimning siz ko‘zu qoshlari,
Elimning eng oltin boshlari.
Aqlga, qudratga to‘lgansiz,
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Jaholat ko‘ksiga zarb etar,
Olamni o‘ziga jalb etar.
Ilm-la dunyoni zabt etar,
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Egilmas tik mag‘rur boshlari,
Tegmaydi malomat toshlari.
Elning qaddin osmon etgay,
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Ularning iqboli beqiyos,
Yurt osmon, yigit-qiz oy-quyosh.
Yurtboshiga doim yelkadosh,
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Vatan marvarid ham duri,
Ko‘zlarning quvonchi ham nuri.
Bugunning Navoiy Boburi,
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Ertaning Navoiy, Boburi
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Egilmas tik mag‘rur boshlari,
Tegmaydi malomat toshlari.
Elning qaddin osmon etgay,
Yangi O‘zbekiston yoshlari.
Mana, bugungi “Bizning xulqimiz”, deb nomalangan darsimiz ham oxiriga yetdi.
Har doim yaxshi xulqli bo‘linglar! Ana shunda hamma sizga ham yaxshi xulqlar bilan muomala qilishadi.
Xayr, salomat bo‘ling!