“Kelajak soati” 5-mavzu

“O‘qituvchi va murabbiylar kuni”

Metodologiya

Dars ssenariysi

Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.

🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

       Dars avvalida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida oʻqituvchi va murabbiylar obroʻsini oshirish haqidagi fikrlari aks etgan rolik namoyish etiladi.

 

 

Oʻqituvchi: Deydilar, dunyoda asli kim aziz,

Aytdilar ustozdir, ustoz begumon,

Tag’in aytdilarki, aziz shubhasiz,

Ustozlar qadriga yeta olgan inson.

Aziz o‘quvchilar! Bugun xalqimiz uchun eng aziz, eng qadrli bayramlardan biri “ O‘qituvchi va murabbiylar kun”ini nishonlash arafasida turibmiz. Inson hayotida ota-onaning o‘rni qanchalik muhim bo‘lsa, ustoz-murabbiylarning o‘rni ham beqiyos.  O‘qituvchi zimmasiga hayot talablariga to‘la javob beradigan va o‘z zamoniga munosib kishilarni tarbiyalashdek mas`uliyatli vazifa yuklatilgan.

Rivoyat qilishlaricha, Imom Buxoriy Makkai Mukarramada ta'lim berayotgan vaqtlarida bir ziyoratchi Buxoroi sharifdagi ustozlardan salom va maktub keltiradi. Bu xabarni eshitgan Imom Buxoriy juda xursand bo‘libdilar.   Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomiga alik olganlaricha hurmat bajo keltiribdilar, so‘ngra maktubni ikki qo‘llab olib, tabarruk qilib, ehtirom bilan o‘qigan ekanlar.
        Qani ayting-chi, Imom Buxoriy  ustozining maktubiga bunchalik  ehtirom  ko’rsatishlarining sababi nima edi?

-Siz uchun ustoz kim?

-Ustozingiz o‘rgatgan eng esda qolarli saboq nima?

Qanday qilib ustozga hurmatni amalda ko‘rsatamiz?

(O‘quvchilar savollarga javob beradilar)

Ha, qadrli o‘quvchilarim, ustoz o‘zi yonib, atrofga nur-u ziyo sochadi. Boshqalar ana shu nurdan bahramand bo‘ladi. Shu sabab, har bir inson yoshidan, mavqeidan, darajasidan qat'i nazar, saboq bergan ustoz-murabbiyi oldida mudom ta'zimda.  Hayot go‘zalligi, turmush farovonligi, insonlar odobi, qolaversa, istiqbolimiz muallim mehnati bilan bevosita bog‘liq. Mamlakatimizda 1997- yildan buyon 1-oktabrning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida keng nishonlanayotgani millatimizning ustoz-murabbiylarga bo‘lgan hurmat-ehtiromining amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi.  Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ustoz-murabbiylarga “Jamiyatimizda bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etamiz”, - deya ta'rif berdilar. Yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylarning hurmat-e’tiborini oshirish, sharafli mehnatini qadrlash uchun bir qancha islohotlar amalga oshirilyapti.  Har yili bayram munosabati bilan Prezidentimizning o‘qituvchi-murabbiylarga yo‘llaydigan tabrik so‘zlari, bayram arafasida bir guruh o‘qituvchi va murabbiylarning yuksak unvonlar bilan mukofotlanishi, ustozlarga davlatimiz rahbari tomonidan ko'rsatilayotgan hurmat, e'tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi yorqin ifodasidir. Ta'lim tizimida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e'tirof etilayotgani barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Prezidentimiz Shavkat.Mirziyoyev tomonidan taqdirlangan ingliz tili ustozi Billura Ikramova haqida videolavha ko‘rsatiladi. Billura Ikromova Buyuk Britaniyada tahsil olgan va Romitandagi 38-maktabda o’qituvchilik qilmoqda. Olis cho’l hududidagi maktabga borish uchun Billura har hafta 250 km masofani bosib o’tadi va uning o’quvchilari yutuqlarga erishmoqda.

 

 

ASOSIY QISM. Ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ularni shaxs kamolotidagi beqiyos hissasini anglash (25 daqiqa)

Oʻqituvchi: O‘tmishda yashab o‘tgan buyuk bobolarimiz ustozning inson hayotidagi o‘rni nihoyatda muhim ekanligini ta`kidlaydilar. Ustoz bor mehr-u muhabbatini shogirdlarga berib, ilm o‘rgatadi. Uning kelajakdagi hayoti ustozlar o‘gitini qanchalik uqib, o’rganganligiga bog’liq. Dono xalqimizning bir naqlida: «Sen odamlarga bir yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek; o‘n yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, tok ekib, bog‘ qil; umr bo‘yi yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, muallimlik qil», deyilgan. Demak, o‘qituvchilik eng oliyjanob kasbdir.

Keling, qadrli o’quvchilarim, sizlar bilan o‘tmishda ustoz-shogird bo‘lgan ajdodlarimiz haqida bilib olamiz. Buyuk va taniqli ustoz shogirdlar tasviri – jumboq. Birinchi javobsiz variant beriladi, keyin jumboqning javoblari aks etgan lavha beriladi.

 

 

(O‘quvchilar  javob beradilar)

 “Gapni davom ettir”-ijodiy fikrlash o‘yini

O‘qituvchi jumlani boshlaydi, o‘quvchi davom ettiradi:

ustoz mening hayotimda….

eng yaxshi ustoz bu….

men ustozimdan o‘rgangan eng yaxshi saboq…..

agar ustoz bo‘lsam…..

(O‘quvchilar  javob beradilar)

O‘qituvchi: Bilasizmi, kasbga o‘rgatadigan insonlar ham aslida ustoz maqomida bo'lib, ularni biz o‘z ishining ustasi degan ta’rif bilan eslaymiz. Kasbga o‘rgatadigan ustozlarni ustalar deb ataymiz. Hozir biz Sirojiddinning qaysi kasbga qiziqib, kimga shogird bo‘lib tushganini videolavha orqali bilib olamiz.

“Kulolga shogird tushdim” – Eksperiment. 9 yoshli Sirojiddin rishtonlik kulolga shogird tushib kulolchilikni o’rganishga qaror qildi. Shogirdlikning birinchi kuni qanday oʻtdi, deb oʻylaysiz?

 

 

O‘qituvchi: Qadrli o‘quvchilarim, Sizlarga o‘qituvchi va murabbiylar haqida qiziqarli ma`lumotlar aytib beraman.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 100 dan ortiq davlati “Ustozlar kun”ini nishonlaydi. Yurtimizda yuzlab kasb bayramlari mavjud. Masalan, shifokorlar, quruvchilar kuni. Ammo faqat o‘qituvchi va murabbiylar kuni rasman davlat bayrami va dam olish kuni deb e`tirof etilgan

O‘qituvchi: O‘quvchilar, rasmdagi haykal qayerda o‘rnatilgan deb o‘ylaysiz?

(O‘quvchilar  javob beradilar)

 

Yaqinda Xorazm viloyatida “Mening birinchi o‘qituvchim” haykali o‘rnatildi. Ustoz dunyodagi eng qadimiy kasblardan biri. Birinchi maktablar Sharq mamlakatlarida - Ossuriya, Bobil va Xitoyda miloddan avvalgi IV ming yillikda paydo bolgan.        

"Maktab" so‘zi juda ko‘p tillarda bir-biriga o‘xshash so‘zlar bilan keladi, bu so‘z lotin tilidagi "schola" so‘zidan paydo bo‘lgan. Ammo uning ma'nosi zamonaviy maktab tushunchasidan farq qilar edi, bu "dam olish" yoki hatto "bo‘sh vaqt"degan ma'nolarni anglatgan.

 

O‘quvchilar rasmda nimani ko‘ryapsiz? Kalkulyator so‘zining ustoz atamasi bilan bog‘liq ekanligini bilasizmi? 

(O‘quvchilar javob beradilar)

Qadimgi Yunonistonda arifmetika o‘qituvchilarini kalkulyatorlar (calculus - toshcha) deb atashgan. Chunki, o‘sha davrlarda hisob-kitoblar uchun toshlar ishlatilgan.

Pedagog so‘zi yunoncha “bola yetaklovchi” degan ma`noni bildiradi.

Sohibqiron bobomiz Amir Temur uch holatda zudlik bilan otdan tushar ekan: ustozini uchratib qolganida, non bo'laklarini yerda ko'rganida va qabriston yonidan o'tayotganida. Demak, Sohibqiron muallimlarga nisbatan juda hurmatda bo'lgan. Bu ulug' zotdagi ezgulik va insoniylik xislatlarini ota-onasi va ustozlari tarbiyalagani barchamizga tarixiy manbalardan ma'lum.

O‘qituvchi: Xalqimizda “Ustoz – otangdan ulug‘”, degan hikmat bor. Ha, otadan ulug‘ deb nisbat beriluvchi inson, bu – ustozdir. Zero, ota-ona farzandni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o‘sishi, kamolotga erishishi, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishiga ko‘maklashadi. O‘z umri, qalb -qo‘ri, aql-idroki, tajribasi va bilimini sarf etadi.

O‘qituvchi zimmasiga hayot talablariga to‘la javob beradigan va o‘z zamoniga munosib kishilarni tarbiyalashdek ma’suliyatli vazifa yuklatilgan.  Hayot go‘zalligi, turmush farovonligi, qolaversa, istiqbolimiz muallim mehnati bilan bevosita bog‘liq.

Ustoz jamiyatni olgʻa boshlovchi va uning ertangi kunini ta'minlovchi, ta'bir joiz boʻlsa, bir yoʻlchi yulduzdir. Ustozsiz hech bir jamiyat kamolga yetmagan, aksincha, inqirozga yuz tutgan. Shuning uchun ham xalqimizda “Ustoz otangdan ulugʻ”, Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar” degan chiroyli iboralar bor. Shundoq ekan, ustozning ham ota-onadek haqlari bor.

Qani, sevimli  o’quvchilarim, “Maqolni to‘ldir” o‘yini.

(Bu o‘yinda o‘quvchilar ikki jamoaga bo‘linadilar. Birinchi jamoa a’zosi maqolning birinchi qismini aytadi. Ikkinchi jamoa a’zosi maqolni davom ettiradi. O‘yin aytilgan maqol davom ettirilmay qolguncha davom etadi. Oxiri qolgan jamoa g‘olib bo‘ladi va rag‘batlantiriladi)

Ustoz ko‘rgan xat (tanir.)

Ustozsiz shogird — jonsiz (kesak.)

Shogirdning befarosati ustozni (muttaham qilar.)

Har ishning bir ustasi bor,

Har ustaning (bir ustozi bor.)

Ustoz bilimli — shogird( ilmli.)

Usta bo‘lsang, ustozingni (unutma.)

Ustozingga tik qarasang, to‘zasan,
Hurmat qilsang,( asta-asta o’zasan.)

(Tez va to‘g’ ri javob bergan guruh  o‘qituvchi tomonidan rag‘batlantiriladi  )

III.  YAKUNIY QISM

O‘qituvchi: 

Inson yashar ekan, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan,  uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan

yashaydi. 

Ahli ziyo ichinda bebahosi muallim,

Ham zukko, ham donishu, ham dahosi muallim.

Ilm izlamoq hikmat, beshikdan qabrgacha,

Bu olamning avvalu, intihosi muallim.

O‘lgunimcha ustozlar etagidan tutarman,

Borligingiz bahriga borim sadqa etarman,

Balki umrim bitguncha mingta ash’or bitarman,

Mening hamma she’rlarim sarlavhasi muallim.

Bilasizmi, ayrim vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ustoz va murabbiylarga nisbatan hurmatsizlik holatlar uchrab turibdi. Bu, albatta, achinarli hol. Lekin eng quvonchli lahzalaringizda sizdan ham ko‘proq quvonadigan inson bu albatta ustozingiz.

Ustoz va shogird. Quvonchli va tarixiy lahzalar. Ustoz yutuqlarimizdan quvonadi, ustoz biz bilan baravar hayajonlanadi, ustoz bizning suyanchimizga aylanadi. Jonli lavhalar sizlarni ta’sirlantirishiga ishonamiz. O‘quvchilar videonamoyishga o‘z munosabatlarini bildiradilar. O‘qituvchi video namoyish yuzasidan o‘quvchilar bilan muhokama o‘tkazadi.

 

 

- Siz bu videolavhaga qanday munosabat bildirasiz?

- Videodan sizni ta`sirlantirgan  sahna qaysi edi va nimani angladingiz?

(O‘quvchilar savollarga javob beradilar)

Darsimizni kun hikmati bilan yakunlaymiz.

Hafta hikmati: Ustoz yonib turgan sham bo‘lsa go‘yo,

Sabog‘i taratgay ko‘ngilga ziyo!

Uyga vazifa: Sevimli ustozingizga maktub yozing, ustoz va murabbiylar haqidagi maqollar va she‘rlardan yod oling.